OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ozi Rahmon. Gulguna (hikoya)

Aqal bir mushukka bo‘lsang mehribon,
Demak salomatdir sendagi imon.
Xisrav Dehlaviy. 


Oysha kampir bolaligini yaxshi eslaydi. Hov anovi Shovuz tog‘ etagidagi barloslarning Yona yurti – Sarkentida yashardi. Toshdan orasiga loy qo‘yib, panjakash qilib suvalgan pastmakkina, archa balorli uylar, shundoqqina uylar yonida ulardan-da pastmak qilib yasalgan qo‘y qo‘tonlaridan shiptir hidi anqib yotardi. Kigiz o‘tov esa har xonadonda bor. Barlos, degani toshni emib kun ko‘radigan do‘lana daraxti kabi tog‘chil, qo‘y-echkining izidan tog‘ma-tog‘ yurib, «birini ikki» qilib avvaliga ikkitagina urg‘ochi uloq olib, uni karra-karraga ko‘paytirib, yigirmata qilgani hamono, besh-oltita sovliq olib, elliktaga yetkazmasa tinib-tinchimaydigan qavm. Manovi naql ham barlos bobolardan qolgan: «Qo‘y aytarmish, meni elliktaga yetkazsang, elingni boqaman». Bu eski qo‘shiq ham o‘sha qavmdan qolgan: 

Echki olib o‘n beshga,
To‘y qilaylik, har kechga...


Qizig‘i, barlosning nikoh to‘ylari ham imi-jimida, shovqin-suronsiz o‘tganini tushunib bo‘lmaydi. Biroq ortiqcha dabdabaga o‘rin bo‘lmasa ham rasm-rusumlari bir boshqacha edi-da. Kelin bola chaqaloqligida «Karavush» degan tog‘ o‘tining iforli suviga kamida yetti marta cho‘miltirilgan. Kelinning sepiga qiz onasi sumbulgiyohning jo‘xori popugiday tolim-tolim sochidan solishi qiz bola qo‘y-echkini o‘xshatib, qo‘shiq aytib, sog‘a bilishi, qatiq ivitishi, do‘g‘ ayron pishirishni, sho‘rtakkina qorin moyi tayyorlashni, jun yigirib, gilam, chakmon to‘qishni, gul qo‘yib, kigiz bosishni bilishi kerak. 
Oysha Buxoroi sharifda madrasa tuprog‘ini yalagan mulla Beknazar xonadonida eng keyin tug‘ilib voyaga yetgan. Otasi boshqa qarindoshlari kabi tog‘u toshning o‘r-chuqurida yurmagan, to‘rt-beshta ushoq jonlig‘ini ham ukalari asrab-ko‘paytirib yurgan bo‘lsa ham, ota-ona xohishi bilan kuyovga uzatilganda barlos kelinga xos sepu sifati bisyor bo‘lgan. 
Oysha o‘n to‘rtga kirganida chinni rayhon kabi bo‘y ko‘rsatib, qoraqosh kaklikday xiromon yurish qilib, yangi tuqqan qo‘yning og‘iz sutidan, qaqanoq ko‘p yalagani uchun tanasi qaymoqqa botirib olingan kabi sutrang, uzun kipriklari, qosh-ko‘zlari hurkak ohunikiday, idish-tovoq ko‘tarib suvga enayotganda toshdan-toshga sakrab tushayotganini ko‘rgan ko‘z, agar yigitniki bo‘lsa, intilib kosasidan chiqib ketishi hech gap emasdi. Oysha qo‘shni ovuldan Safarqul surnayga (uzun, oriq bo‘lgani uchun) uzatilganda «Haftiyak»dan chiqqan, besh vaqt namozini kanda qilmaydigan mo‘mina kelinchak bo‘ldi. To‘g‘ri, onda-sonda echki quvib yurganida ammasining o‘zidan ikki yosh katta Eshmirza degan surmako‘z o‘g‘li tog‘ cho‘qqisida o‘sadigan to‘g‘nog‘ichday ikki dona umrzoqgul sovg‘a qilib, evaziga muchchilab o‘pib olgani bor. Nima qipti? O‘pgan-quchgan, havoga uchgan. Tavba degulik. Safarqul barlosning kaltatoyi urug‘idan bo‘lsa ham, up-uzun, buning ustiga o‘ris yoki tatar kabi sap-sariq ko‘zlari ham ko‘kish, biroq jussasiga yarasha badjahl emas, muloyim tabiatli yigit edi. 
Biroq u epchil, ha, desa qo‘y qaychi bilan ikki salqinda 40 ta qo‘y-echkining yungini shipirib oladigan, buning ustiga qo‘y-qo‘ziga yopishgan gangni duo qilib, suv purkab tushiradigan «Gangchi» ham edi. Safarqul armiyaga chaqirilganda Oysha kelinning qornida olti oylik gumonasi bo‘lib, eri armiyaga roppa-rosa uch yil ketib qaytganda, harbiy libosini ustidan olti oy yechmay, har ikki gapining birida o‘rischa gapirib yurganida Ibrohim tug‘ilib, oyoq chiqarib, otasiga taqlib qilib, nu, da, tak, kak, deb erkalab hammani kuldirar edi. 
Safarqul harbiydan yomon yo‘tal – ko‘ksovni orttirib qaytgan ekan. Bir oy saratonni demasa, qolgan o‘n bir oyni uh-uhlab o‘tkazadi. Haliyam qashqaldog‘u to‘ng‘izning ichki yog‘i bilan kun ko‘radi. Yegan ovqati quyruq va sholg‘om. Bir amallab qirqdan oshib qolsa-ku, keyin o‘pkasi qotib, ilashib ketadi. Afsuski, Safarqul o‘g‘lining yigit bo‘lib ulg‘ayganini ko‘rishga ulgurmadi. 
Ilik uzildi paytiga kelib, qon tuflay, tuflay, joni uzildi. Bu ayni barloslar katta kolxozga birlashib, Yona yurtdan Katta qishloqqa ko‘chirilgan paytda ro‘y berdi. Oysha boshqa turmush qilmadi. Uning o‘g‘li bo‘yi yetgan, to‘rttagina qizalog‘i ham izma-iz kattarayapti. Ibrohim o‘n to‘qqiz yoshida kolxozga cho‘pon bo‘lib kirdi. Bir marta qo‘ylardan to‘l olib, uylandi. Oysha terma gilamning «qilichi»day o‘tkir xotin, kelinning sarasini tanlab oldi. Savrda tosh ustidan tikrayib kattargan sumbulgiyohday birin-ketin kattargan qizlarining bozori bir paslik Qalqama bozoriday gavjum bo‘ldi. Faqat kenjatoyi Gulguna onasining bo‘y qizligidagi kabi xushro‘y bo‘lsa ham, tug‘ma oqsoq bo‘lganidan balog‘at yoshidan keyin ham turib qoldi. Ammo Gulguna hamma opalaridan o‘zib ketib, tibbiyot bilim yurtida o‘qib kelgan. Shu holida ham uyma-uy yurib, kasal bemorni eplab emlashdan charchamaydi...
Qachondir urug‘-aymog‘ida birorta mashhur polvon o‘tgan bo‘lsa, uning yetti pushti g‘urur tuygani kabi, yuz marta kattartiradigan lupa orqali qaraganda aynan yo‘lbars bolasiga o‘xshaydigan mushuklar avlodi o‘zlarining katta bobolarini pesh qilib, biror marta maqtanganini hech kim eshitmagan bo‘lsa ham, sichqonlar bilan munosabatda ham, odamlar bilan munosabatda ham cheki chegarani biladigan odobli mushuklarni e’zozlangani bor gap. Oysha kampir hozir uyida yashayotgan olg‘ir-talg‘ir pishakning katta momosini ham yaxshi biladi. Mushuk zoti nari borsa 15-16 yildan ziyod umr kechirmaydi. Ayniqsa, qarib, tishlari tushib qolganidan keyin tez kasallanadi. Tishsiz pishak na sichqon-kalamush tuta oladi, na yolchitib o‘ljasiga tashlanadi. Yoshligida changakday chayir tirnog‘i, o‘tkir tishlari bilan pishaklar bundayroq ilonga tashlansa ham bo‘ynini g‘archcha uzmasdan qo‘ymasdi. Kampirning pishagi qarilik ostonasiga kelib qolgan bo‘lsa ham, hali tishlari butun. Homilador bo‘lganda nafsi o‘pqon bo‘lib ketishini hisobga olmaganda boshqasi joyida. Buni g‘iybatga ham, sifatga ham yo‘yish mumkin. Uy egalaridan birorta erkak hovlida aylanib yursa, sariq-talg‘ir uning oyoqlari orasidan suykalib, u yoqdan bu yoqqa o‘tgani o‘tgan. Chordona qurib o‘tirgan ayolni emas, naq erkak kishining butlari orasiga kirib, indamay bosh qo‘yib yotishini har kim har xil tushunadi. Eng yomoni Talg‘ir qornida bolasi bor payti (bu yil uchinchi bor bolalashi), ayniqsa, suqqi, badnafs bo‘lib qoladi. Shunday paytda Oysha kampir pishagiga mehmondan oldin ovqat berib, qornini to‘qlab qo‘yadi. Rahmatli otasi Mulla Beknazar qari pishakka non chaynab berganini ko‘rgani bor. Pishaklarning yelkasini payg‘ambarlar silagan, derdi ul zot. Ularni to‘rt qavatli tom ustidan tashlab yuborsang ham oyog‘i bilan o‘nglanib tushadi. 
Bir rivoyatda Payg‘ambarimiz Rasululloh choponi o‘ngirida uxlab qolgan pishakni uyg‘otib yubormaslik uchun o‘ngirlarini shartta kesib, o‘rnidan turib ketgani aytiladi. O‘sha rivoyatni Oysha kampir otasidan eshitib qolgan. Oysha kampir uyida asragan pishaklarining hammasi keksarganda yoki kasallik, og‘ir jarohat tufayli jon taslim qilayotganda, albatta, bir amallab kampirning eshigiga yetib kelgan. Ko‘zlarida yosh jimillab turganida kampir uni darrov tushunib, rozi-rizolik berganidan so‘nggina osongina jon bergan. Kampir bu pishaklarning o‘ligini sira ko‘chaga uloqtirmagan. Qilgan xizmatingga rozi bo‘l! Tongda qiyomatda yuz ko‘rishaylik, deb pichirlab asta ko‘tarib, hovli chetidagi handaqqa olib borib, ko‘mib kelgan. Aytishlaricha, Mulla Beknazar ham o‘lar vaqtini oldindan sezib, yoshlik chog‘larida o‘ynab-o‘sgan joylaridan, tosh supalardan, mevasini yegan tut va yong‘oq daraxtlaridan, zilol suvini to‘yib ichgan chashmalardan, oldiga dasturxon yozgan qo‘ni-qo‘shnilardan, yaqinlaru begonalardan rozi-rizolik so‘rab chiqishga ulgurgan ekan...
Meva beradigan ba’zi dov-daraxtlarning qiziq fe’li bor. Olaylik yong‘oq daraxtining mevalari pishgan davrda po‘sti ajralib turadi. Aynan o‘sha paytda qoqib terib olmasangiz, ustida turaversa, pishib o‘tib ketadi va shirin mag‘zi qorayib, puchayib ketadi. Tokdagi uzumlar ham g‘arq pishgan mahali uzib olinmasa, kunba-kun po‘sti qotayib, shirin ta’mi yo‘qolib, bujmayib, puchayib boradi. Yong‘oq ham, tok ham vaqti o‘tgandan keyin o‘z «bolasi» ta’mini qaytarib, so‘rib olar ekan. Xayriyatki, odam bolasida unday emas. 
Gulguna ham 28 yoshga kirib, bo‘yqizlik vaqti o‘tib borayotganidan ich-ichidan kuyunib, rang-ro‘yi ham so‘lib borardi. Ayniqsa, teng-to‘sh dugonalari birin-ketin kuyovga chiqib, bola-chaqali bo‘lib ketgandan keyin ularni ko‘rib kuyinmay bo‘ladimi? Endi to‘y-tomoshaga ham kam boradi. Ko‘zguga qaramay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Fe’lida injiqlikmi, torlikmi, beparvolikmi, shunga o‘xshash allanarsa hukmini o‘tkazib bormoqda. Ishiga ham avvalgiday qiziqmay qo‘ygan. Ba’zida onajoniga ham jerkib gapiradigan bo‘lgan. Pardoz qutichasi ham bir burchakda og‘zi ochilib, angrayib yotardi. O‘qishni bitirib kelgan yili gulzor chetiga bir ko‘rpacha bo‘yi o‘sma, xino ekkandi. Asli qalin qoshlariga bostirib o‘sma qo‘ysa, naq ertakdagi Qimmatning o‘zi bo‘lib ketardi. Hozir esa o‘sha o‘sma ekiladigan joyni o‘t bosib yotibdi. Xotini o‘lgan yoki qo‘yvorgan yigitlardan ikki-uchtasi odam qo‘ydi. Ularga onasidan oldin o‘zi rad javobini berib yubordi. 
– Menga turmush qurish mumkin emas, duxtirlar aytgan. 
Bugungi voqea esa hammasidan bir boshqacha fojea bilan yakun topdi. Gulguna qiz xuddi rahmatli otasiga o‘xshab, avvaldan pishak zotini yomon ko‘radi. Onasi ham doim pishakni silab-siypab yurganini ko‘rib, g‘ijinib yuradi. Baxtga qarshi bugun tushlik qilgani uyga kelsa, Talg‘ir aynan Gulgunaning yotog‘iga kirib, qamalib qolgan, dasturxonga o‘ralgan nonning bittasini rosa to‘zitib yegan, tashqariga chiqolmay, gilamning chetiga bo‘shanib qo‘ygandi. Bu holni ko‘rgan Gulgun qizning fig‘oni falakka o‘rladi. Qon bosimi ko‘tarildi shekilli, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoldi. Indamay og‘ilxona tarafga o‘tdi-yu, qoziqqa ilingan ichak ipni olib orqasiga yashirib turib Talg‘irni yalinganday aldab chaqirib olib, bo‘yniga sirtmoq soldi-da, bog‘ to‘ridagi olma shoxiga osib tashladi. Ochig‘i, Gulguna g‘azabning zo‘ridan Talg‘irning bo‘g‘ozligini ham unutib qo‘ygandi. Pishak miyovlashga nafasi yetmay jon talvasasida shunday to‘lg‘ondiki, beixtiyor tug‘ib yubordi. Bitta, ikkita, uchta. Uchdan nari puch-da. Sichqondan sal kattaroq jish bolalar uyasidan uloqtirilgan temirqanot polaponlari kabi yerga tushib, og‘zini ochguncha sulayib qolardi. Bunday holni sira ko‘rmagan duxtir qiz qichqirmoqchi bo‘ldi, ovozi chiqmadi. Keyin o‘ziga keldi-da, tezgina Talg‘ir osilgan ipni uzib yubordi. Xayriyat, Talg‘irning joni uzilmagan ekan. Yer bilan bitta chilparchin bo‘lib yotgan bolalariga ham qaramay ixrab-ixrab, o‘ksib-o‘ksib, adoqdagi chashma bo‘yiga yugurdi. Ko‘zi yorigan qizinikiga ketgan Oysha kampir nevarasining chillasini chiqarib qaytdi. Talg‘irni so‘rab-surishtirdi. U yeru osmonda yo‘q edi. Nima bo‘lsayam Talg‘ir bu xonadonga qaytib qorasini ko‘rsatmadi. Pishaksiz turolmaydigan kampir katta qizining zotdor pishagi naslidan pishakvachcha asradi. 
Teshik munchoq yerda qolmagani kabi Gulgunaning ham baxti ochilib, tenggi topilib, qo‘shni qishloqlik cho‘loqqina, ammo bo‘ydoq muallimga tegib ketdi. Ikki yorti bir butun bo‘lgani rost. Gulguna kelin bo‘lgach rosa ochilib, to‘lishib ketdi. Qoshiga o‘sma qo‘yganida endi Qimmatga emas, Zumradga o‘xshab ketardi. Oradan yil o‘tmay bo‘yida bo‘ldi. Duxtir emasmi, oyu kuni yaqinlashganini aniq bilib, hafta burun onasiga odam jo‘natdi. Oysha kampirning hamma qizlari do‘xtirga bormay, doya kampirsiz osongina tug‘ib olardi. Xudoyim osonidan bersa, hech gapmas. Biroq Gulgunaga oson bo‘lmadi. To‘lg‘oq dardi shunday qattiq va achchiq bo‘ldiki, bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi. Tog‘ orasidagi qishloqdan tuman markazidagi tug‘ruqxonaga yetib borguncha Gulguna ming bor o‘lib-tirildi. Yonida borayotgan onajoni ham, bechora kuyov ham jonini jabborga bermoqqa tayyor bo‘ldi. Tug‘ruqxona eshigiga yetar-etmas Gulguna yana o‘zidan ketdi. Uni maxsus zambilda olib kirishdi. Zo‘r-bazo‘r o‘ziga keltirishib, bolasini qornidan yorib olishdi. Yashasin tibbiyot ahli, ona ham, bola ham omon qoldi. Gulguna qayta farzand ko‘rolmaydi. Shuniyam berganiga ming bor shukur. O‘g‘ilchasining chillasi chiqmaguncha yonidan jilmagan onajoniga bir sirni, tavba-tazarruni aytmaslikning iloji yo‘q. 
– Onajon, o‘shanda men Talg‘irni o‘g‘rilik qilgani uchun bo‘g‘ozligini bilmasdan osib qo‘ygan edim. Uni zo‘riqib tug‘ib yuborganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘shanda Talg‘ir meni qattiq qarg‘agan ekan. Tug‘ish azobi qanday bo‘lishini ko‘zimga ko‘rsatib qo‘ydi. Xayriyatki, sizga bildirmagan edim. Agar siz ham qo‘shilib qarg‘aganingizda edi, o‘sha kuni o‘zimdan ketib, qayta dunyoni ko‘rmagan bo‘lar edim. Onajon, meni kechiring-da, duo qiling...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.