OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Go‘zaloy Matyoqubova. G‘oliba (hikoya)

— Yo, madad!
Zarifaning ovozi davradan eshitilayotgan "Ha, ha barakalla, bo‘shashma", kabi hayqiriqlardan farqli o‘laroq, guldurakdek yangradi. Odatda, u keskin harakat qilmasidan oldin shunday derdi. Bu safar ham shunday dedi-yu, raqibasini yelkasi osha ko‘tarib, chirpirak qilib, yerga urdi. Uning gursillashiga hamohang belining qaeridir g‘irchillagandek bo‘ldi. Muvozanatini yo‘qotib, mulgib ketdi-yu, ammo o‘zini o‘nglab oldi. Davra to‘fon turgandek qalqidi. Referining “Halol”, degan ovozini davradagi hushtagu hayqiriqlar bosib ketdi. Zarifa polvonlarga xos bo‘lgan qirg‘iy qarash bilan junbushga kelgan davraga razm soldi, uning oftobda biroz qoraygan yuzida anglab bo‘lmas ma’no zohir edi. U belining zirqirashiga qaramay, alp yigitlarday qaddini g‘oz tutdi. Chalqanchasiga yotib, yulduz sanayotgan raqibasini qo‘lidan tutib turg‘izarkan, ko‘zi quvonchdan sakrayotgan ustoziga tushib, miyig‘ida kulib qo‘ydi.
So‘nggi paytlarda g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelayotgan Zarifani ustozi uning har bir muvaffaqiyatidan irg‘ishlaydi. Xuddi g‘olib Zarifa emasu, uning o‘zi. Endigina kurash havasini olib, gilamga tushgan paytlari raqiblarini yulduz sanatib g‘ururlanar, ustozidek bu muvaffaqiyatdan quvonardi. Ammo endi-chi, endi u nimagadir bundan xursand bo‘lmaydi. Xuddi g‘olib bo‘lishga mahkum va majburdek. Shunday bo‘lsayam, u muxlislarining ruhini tushirmaslik uchun qo‘lini ko‘tarib qo‘ydi. Endi tina boshlagan davra yana dovuldek qalqdi.
Zarifa raqibasiga ta’zim qilib gilamdan tushganida ham davra guvranishdan to‘xtamagandi. U salobatli qadamlar bilan davradan yerga qarab chiqayotgan bo‘lsa ham unga zavq-u shavq, havas bilan tikilayotgan minglab nigohlarni his qildi. Uni davradan chiqaverishda ustozi va guruhdoshlaridan tashqari yana bir guruh — po‘rim kiyingan hukumat a’zolari kutib olishdi. Aftidan, ular orasida kattasi bo‘lsa kerak, baland bo‘yli, tepakal kishi birinchi bo‘lib, yelkasini qoqdi.
— Barakalla, o‘zbegimning alp qizi, — dedi u Zarifani qo‘lini siqib. Zarifa rahmat aytib ulgurmay ikkinchisi gap qo‘shdi.
— Bopladingiz, qizim!
— O‘zbegimning qizi-da! — ilib ketdi uchinchisi.
Ular biri olib, biri qo‘yib Zarifani tabriklashar, u esa hissiz tabassum bilan bosh irg‘ardi. Zarifa sirg‘alib uni olqishlayotgan odamlar orasidan chiqib borarkan, chekkaroqda turgan, soqoli ko‘ksini berkitgan chol baland ovozda: — Zarifa qizim, — dedi muhim bir gap aytmoqchiday. Uning momaqaldiroqdek ovozidan hamma bir zumga tin oldi.
— Boya, keskin harakat kilganingda hech qaering lat yemadimi, do‘xtir-po‘xtirga ko‘rinib qo‘ysang yaxshi bo‘lardi, qizim!
— Nimalar deyapsiz, otaxon, — qariyaga keskin burildi tepakal kishi, — qanaqa do‘xtir, uyat bo‘ladi-ya! Axir, bu o‘zbegimning alp qizi, Barchinoy avlodi-ku! Hali bu qizimiz bizning dovrug‘imizni jahonga ko‘p taratadi. Ishongan tog‘imiz bu, hali qizimizdan umidlarimiz katta. Siz unaqa gaplaringizni qo‘ying, otaxon!
Tepakal katta shunday degancha Zarifaga yo‘l ko‘rsatdi. Qariya “katta”ning gapidan keyin terlagan peshonasini artib, "Ha endi", degancha qolaverdi.
Zarifa joyiga o‘tirganiga fursat o‘tar-o‘tmas, qarshisida gul ko‘targan o‘n-o‘n bir yoshlardagi qizcha paydo bo‘ldi. U qo‘lidagi gulni Zarifaga uzatarkan, nimalardir dedi-da, qo‘li bilan yon tomoniga ishora qildi. Zarifa qizaloqning nima deganiga tushunmasa ham, u ko‘rsatgan tomonga beixtiyor yuzini burdi. Qizcha ko‘rsatgan tarafda unga nozikkina juvon qo‘l silkir, nimalardir deb qichqirardi. Oldiniga Zarifa juvonni u bilan tanishishni istagan muxlislaridan bittasidir-da, degan xayolga bordi. Chunki bunday musobaqalarda u bilan suhbatlashmoqchi bo‘lgan biron bir qiz yoki juvon topilib qolar, gohida yetmishni qoralagan kampirlar ham uni o‘z holiga qo‘yishmasdi. Shu xayolda Zarifa juvonga bir pas tikilib turarkan, ichida nimadir jizillaganday bo‘ldi. “Zuhra!” Uning lablari beixtiyor shivirladi. Axir bu Zuhra-ku! Uning loqaydlik egallab olgan vujudini endi shodlik to‘ldirdi. U shunday hayajonlanib ketgan ediki, hech kimga qaramasdan o‘tirganlarni turtib o‘tib, juvonning yoniga shoshdi.
— Zuhra, — dedi juvonni mahkam quchoqlab olarkan, — bormisan, nahotki, o‘zing! 
U dugonasini sog‘inch bilan qucharkan, ularga qarab, jilmayib turgan yigitni endi payqadi. Zarifani unga razm solayotganini ko‘rgan dugonasi:
— Tanish, xo‘jayinim, Sharof aka, — dedi jilmayib. Zarifa dugonasining turmush o‘rtog‘i bilan bosh irg‘ab ko‘rishdi. Bular esa jo‘jalarim, — dedi sharaqlab kularkan Zuhra. 
Zarifa haliyam uni shaddodligi qolmaganini payqab unga qo‘shildi.
— Jo‘jalaring nechta?
— Hozircha uchta, bu katta qizim, yaqinda to‘rtinchi sinfga boradi, — dedi u o‘ziga o‘xshagan qoracha, haligina Zarifaga gul bergan nozikkina qizaloqqa ishora qilib.
— Bular dadasini erkatoylari, Hasan-Husan, yaqinda maktabga chiqishadi. Tez ora yana bitta jo‘ja ko‘z ochadi. Zuhra shunday deb yonida turgan turmush o‘rtog‘ining yoqasini tuzatgan bo‘lib, unga erkalanib qo‘ydi.
Sharof ikki dugonani yolg‘iz qoldirish uchun bolalarini olib, ularga unchalik uzoq bo‘lmagan o‘rindiqlar tomon ketdi. Zarifa ularning orqasidan havas bilan qarab qolarkan, — bolalaring darrov katta bo‘p qolishibdi-a, — dedi o‘zi bilmagan holda.
— Ha, — dedi Zuhra ham jilmayib, — katta bo‘p qolishdi.
Zuhra shunday deb undan ko‘zini olmay o‘tirgan turmush o‘rtog‘iga qo‘l silkib qo‘ydi. Ularga qarab o‘tirarkan, Zarifaning yuragida nimadir chirt-chirt uzildi. Ammo dugonasiga sir boy bermadi. Keng qulochlarini yoyib dugonasini yelkasidan quchdi.
— Namuncha ozg‘insan, haliyam semirmabsan-a! — hazillashdi u.
— Sendaqa semiz bo‘lgandan, ozg‘in bo‘lgan yaxshi, — qolishmadi Zuhra ham. Ularning suhbatlari ancha davom etdi. G‘oliblarni taqdirlash vaqti yetib kelgani uchun noiloj Zuhra bilan xayrlashib joyiga qaytdi. Ammo ko‘z oldidan Zuhrani mamnun chehrasi ketmasdi. U taqdirlash marosimida hammadan balandda turib, uni olqishlayotgan odamlarga loqayd boqib turar, har gal bayroqni yelkasiga solib, madhiya yangraganida bosh ko‘taradigan g‘urur bu safar qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Zarifa shohsupaning eng yuqorisida turgan bo‘lsa ham, maqtovlar ko‘paygan sari o‘zining yer tubiga kirib ketayotganday his qilar, ko‘zlari shu tobda hech nimani ilg‘ay olmas, faqatgina uzoqdan qo‘l silkiyotgan Zuhra va uning turmush o‘rtog‘ini, ularning xuddi bir tomchi suvdek o‘xshash egizaklarini-yu, bo‘ychan qizini ko‘rib turardi.
...Otasi uning poyqadamiga hovliga kirmasdanoq katta qo‘chqor yumalatdi. Qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y yig‘ildi. Hamma uni g‘olibligi bilan tabriklardi. Zarifa esa hammasiga hissiz boqar, uning uchun hammasi bema’nilik bo‘lib tuyular, hamma uy-uyiga tarqalib, tezroq yolg‘iz qolishni xohlardi. Nihoyat, hamma dabdabalar tugab, faqat yaqinlari qoldi.
Butun oila dasturxon atrofida yig‘ildi. Oilasidagilar unga qanchalik hurmat ko‘rgizishsa, u o‘zini shuncha yolg‘iz, notavon sezar, yaqinlari unga xuddi chetdan kelgan odamga qarashayotgandek tuyulardi. Uning butun vujudini anglab bo‘lmas bir tundlik qamrab olgandi. Ovqatdan keyin otasi “taom haqi”, deb fotiha o‘qidi. Fotiha o‘qirkan, Zarifani “martabang bundanam ulug‘ bo‘lsin”, deya duo qildi. Zarifaning ichida nimadir g‘imirladi. Uning "Undan ko‘ra baxtli bo‘l, desangiz bo‘lmaydimi, ota", degisi keldi-yu, ammo buni tiliga chiqarolmadi. Dasturxon yig‘ishtirib olingandan keyin ham o‘tirgan joyida o‘tirib qoldi. Uning ichini qamrab olgan tundlik endi tashqarisiga ham ko‘chgandi. Buni ko‘rib bezovtalangan onasining savoliga ming‘irlab javob bergan bo‘ldi-yu, xonasiga yo‘naldi. To‘shagini yozib, o‘zini o‘ringa tashladi. O‘zini chidab bo‘lmas darajada lanj sezdi, ich-ichidan qandaydir g‘ashlik qaynab chiqardi. Charchaganiga qaramasdan kechasi bilan uxlayolmay, tongga yaqin ko‘zi ilindi. Ko‘zini ochganida boshi lo‘qillab og‘rir, qimirlashga holi yo‘q edi. O‘tib ketar, degan ilinjda ko‘zini yumib qancha yotdi, bilmadi. Bir mahal onasining "qizim", degan ovozidan ko‘zini ochdi.
— Turdingmi, qizim?
— Ha,— dedi bilinar-bilinmas Zarifa.
— Turaqol, soat o‘n birga yaqinlashdi, choyingni ichib ol. To‘yga chiqmaysanmi?
— Qanaqa to‘y?
— Ochil qo‘shni qizini uzatayapti-ku!
— Nilufarnimi?
Onasi "ha" ishorasini qilib boshini qimirlatdi.
— Kimga?
— Safar qassobning sen bilan o‘qigan o‘g‘li bor edi-ku, o‘shanga.
— Sobirgami?
Zarifani o‘zi bilmagan holda ovozi titrab ketdi. Ko‘z oldiga uning mushtidan oppoq ko‘ylagi qonga bo‘yalgan sinfdoshi keldi. Esida, bolaligida har doim Sobir bilan o‘ynardi. Sobir novchagina, muloyim, qizlarnikiday katta-katta ko‘zlari pirpirab turadigan bola edi. U har doim Zarifa qaerga borsa unga ergashib yurar, o‘zicha bezori bolalardan himoya qilardi. Uning bu harakatlari Zarifaning kulgusini qistatar, uni "shlanka" deb mazax qilardi. Shu taxlit yillar o‘tdi. O‘shanda maktabning bitiruv kechasi edi. Davrada qizlar bilan raqs tushayotgan Zarifani Sobir chetda turib kiprik qoqmay kuzatardi. Qiz sho‘xlik qilib, unga ko‘z qisib qo‘yar, im qoqib, bu yoqqa kelsang-chi, ishorasini qilardi. Ammo Sobir qilt etmasdan unga tikilib turaverdi. Nihoyat musiqa ham tindi. Qizlar asta-sekin davradan chiqa boshlashdi. Shu payt oxirda kelayotgan Zarifaning qo‘lidan Sobir sekin ushladi.
— Zarifa, — dedi u. — Men senga bugun bir gap aytmoqchiman.
— Bo‘pti, ikki gap eshitaman, — hazil qildi Zarifa qo‘lini tortib olarkan.
— Men senga jiddiy gapiryapman, — Sobirning ovozi qaltirab ketdi. Uni bunday holatda ko‘rmagan Zarifa angrayib qoldi. Hammaning nigohi ularga qadalgandi.
— Bu gapni senga hammaning oldida aytmoqchiman.
Zarifa beixtiyor atrofiga alangladi. Atrofdagilar ularni miq etmay kuzatishardi. Sukutni Sobirning ovozi buzdi.
— Zarifa, seni yaxshi ko‘raman. Senga sovchi qo‘ymoqchiman.
Sobirning bu gapi Zarifaga erish tuyuldi. Birdaniga qah-qah otib kulib yubordi. Sobir u tomonga bir qadam tashlab, qizning bilagidan ushlash uchun yana qo‘lini cho‘zdi. Zarifa bunday bo‘lishini kutmagani uchun Sobirni yuziga musht tushirganini o‘zi sezmay qoldi. U burnini ushlayotgan sinfdoshiga ham e’tibor bermay, uyiga jo‘nab qoldi. Shundan keyin umuman Sobirning yuziga qaramadi. Sobir esa hadeb uning yo‘lini poylar, Zarifaga ilinjga o‘xshash ma’yuslik bilan tikilar, Zarifa esa bunga e’tibor qilmas, uning butun fikru xayoli ketma-ket bo‘layotgan musobaqalar-u, qanday bo‘lmasin g‘oliblikni qo‘lga kiritish bilan band edi.
— Turmaysanmi, nima bo‘ldi senga?
Zarifa xayol bilan bo‘lib tepasida turgan onasini unutib qo‘ygandi.
— Turgim kelmayapti, yana biroz yotay.
— Mayli, bo‘lmasa men to‘yga chiqib kelaman.
Onasi shunday dedi-da, chiqib ketdi. Zarifa onasi chiqib ketgandan keyin ham biroz ko‘zini yumib, xayolga cho‘mib yotdi. Ko‘cha tarafda qattiq angillagan itning ovozidan o‘ziga kelib, o‘rnidan turdi. Ko‘rpa-to‘shagini yig‘ishtirib hovliga chiqdi. Toza havodan o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi, o‘zida biroz yengillik sezdi. Muzday suvda yuz-qo‘lini yuvib, onasi damlab ketgan, sovub ulgurgan choydan bir piyola ichgan bo‘ldi. Hovli aylanib, ariq bo‘yiga ekilgan rayhonlarni tebratdi. Havoga taralgan muattar bo‘ylardan bahri-dili ochilganday bo‘ldi, ruhida biroz yengillik sezdi. Xonasiga qaytib o‘zini ko‘zguga solib, kalta qilib qirqilgan sochlarini tarab, o‘ziga oro berdi. Xonasini naridan-beri yig‘ishtirib, mehmonxonaga o‘tdi. Mehmonxona did bilan bezatilgan. Bu yerda chinni idishlardan tortib, noyob haykalchalargacha topiladi. Zarifa bu buyumlar har doim ko‘zining oldida tursa ham, yana bir tomosha qilgisi kelib, mehmonxona to‘rida yasatilgan shifoner tomon yurdi. Bu yerda uning turli musobaqalarda olgan sovrinlari, oltin-kumush medallari joy olgandi. Sovrinlar tartib bilan taxlangan, yonlarida diplomlari ham qo‘yilgandi. Zarifa ularni bir-bir tomosha qilarkan, ko‘cha tarafdan yangalarning yor-yor aytgan ovozlari eshitildi. Zarifaning vujudiga uni tark etganiga ko‘p bo‘lmagan o‘sha dard qaytib kirdi. Yuragining qaeridir simillab og‘ridi. Ko‘z oldida chek-chegarasi yo‘q bo‘shliq paydo bo‘ldi. Beixtiyor uning qo‘llari musht bo‘lib tugildi va o‘zi bilmagan holda shifonerga qarsillab urildi. Qator qilib terilgan narsalar esa gilamga sochilib ketdi. Zarifa shifoner oldida taxtaday qotib turar, sochilib yotgan sovrinlarga loqayd boqar, unga o‘sha o‘y-xayollar yaqinlashar, yor-yor sadolari esa tobora uzoqlashardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.