OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Asronova. Dardisar (hikoya)

Shom pardasi quyuqlashgani sari cholning ko‘ngli qorong‘ilashadi. Hayhotdek uyda bir o‘zi, hatto mushukning ham qorasi ko‘rinmasdi. Tashqarida qorong‘ilik g‘ira-shira, ichkari esa zimiston. O‘tirgan joyida shom namozini o‘qib olgach, chiroqni yoqishga urinib ko‘rsammi dedi-yu, fikridan qaytdi. Nima keragi bor? Baribir, dili yorishmaydi. “O‘zlari-ku, yarim tunda kelishadi. Nahot birov-yarimga tayinlab ham ketishmagan bo‘lsa? – xayolidan o‘tdi qariyaning. – Axir, odam deganlari uydan chiqib ketayotib itiga ham suyak tashlab qo‘yadi-ku!”
Kelinning opasi qiz chiqaryapti. To‘y haqida xabar kelganidan beri oqsoqol bilan kim qolishi ustida mojaro qilishadi. Yaxshiyam qulog‘i og‘irlashib qolgan, o‘yin-kulgiga o‘ch nabiralarning og‘ir-achchiq gaplarini chala-chulpa eshitadi:
– Baribir, orqalaringdan boraman!
– Ovqatini oldiga qo‘yib ketsak-chi...
– Dadam qolsin!..
Ayniqsa, kelinining og‘zidan o‘qday otilib chiqqan o‘sha so‘z... Kelin, eri chiqib ketgan payt, men qolmayman deb xarxasha qilayotgan kenjatoyini tinchlantira turib aytdi o‘sha mash’um so‘zni. “Uff, dardisar!” – dedi, aniq eshitdi. Aniq u haqda gapirdi. Hozir bu uyda bu ta’rifga undan loyiq odam yo‘q...
Otaxon dardini ichiga yutdi. Oq yo‘l tilab duo qila-qila uyda yolg‘iz qoldi. Mana, endi qalbini qayoqdagi sovuq o‘ylar g‘ijimlab o‘tiribdi: “Qabrning ichi ham shunaqa zim-ziyo bo‘lsa kerak. Lekin unda hech kimga dardisar bo‘lmaysan...”
Kimdir chaqirgandek, darvoza taraqlagandek bo‘ldi. Chol tusmollab, qop-qorong‘i bo‘shliqqa qarab tovush berdi:
– O‘-o‘v!
Ochiq eshikdan birovning sharpasi ko‘rindi. Chiroq yonib, ko‘zni qamashtirdi. Qarshisida bir qo‘lida non to‘nkarilgan kosa, ikkinchisida choynak ko‘targan qo‘shni yigit Abduqodir turardi.
– Assalom aleykum, bobo. Muncha, qorong‘ida o‘tiribsiz? – deya baralla gapirib kirdi u.
– Ha... ko‘zim ketib qopti, bolam, – deb qo‘ydi chol.
“Harqalay, chora ko‘rib ketishibdi-da”, – o‘yladi shu dam. Yigit kosani tokchaga qo‘yib, dasturxon yozishga unnadi.
– Mana bu ovqatni issig‘ida ichvolarkansiz, bobo.
Cholning qulog‘i nimagadir shang‘illab ketdi. “Turib-turib ochilib ketyaptimi, nima balo. Baqirmasayam bo‘lardi”.
– Rahmat, bolam, – dedi, hamma narsa tayyor bo‘lgach. – Ke, bir pas o‘tir.
Abduqodir juda boodob yigit. Hurmat yuzasidan etakroqqa o‘tirib, non sindirdi. Choydan quya turib, yana baland ovozda so‘radi:
– O‘zi sog‘lig‘ingiz ancha yaxshimi?
– Durust, – bosh irg‘adi chol. Keyin nimagadir hasrat tugunining bir chetini ochgisi keldi. – E-e, bolam, odam juda-a qarib ketsayam bo‘lmas ekan. Axir, to‘qsondan o‘tib ketibman. Shukur, lekin oson emasakan. Ayniqsa, kampirdan keyin... Ortimda qol, derdim doim Suydi xolangga, ko‘rmaysanmi endi. Bular davolatamiz deb dam u yoqqa sudrashadi, dam bu yoqqa. Bilishmaydiki, meni qiynashyapti, xolos.
– Unaqa demang, bobo, – dedi xijolatomuz bir ohangda Abduqodir. – Hali tuzalib ketasiz.
Chol ma’yus jilmaydi. G‘o‘r bola, nimaniyam tushunardi.
U ketgach, yana yolg‘iz qoldi. Qani tomog‘idan ovqat o‘tsa. E voh, yosh bola bo‘ldi-qoldi-ya! Shu o‘g‘li G‘anijon ham bolaligida juda chimxo‘r edi. Unga ovqat yedirguncha ming ko‘yga tushardi onasi ikkisi. Tizzasiga o‘tqazib olib, cho‘pchaklar aytib berar, kezi kelsa, qo‘shiq aytib yedirardi: “Mana buni yesa, ayajonisi xursand bo‘ladi! Yashang o‘g‘lim, endi meni xursand qiling!” Orada alqab ham turardi: “Hali o‘g‘lim ka-atta yigit bo‘ladi, meni moshinasida olib yuradi, hajlarga olib boradi...” Bir gal G‘anijon “Katta bo‘sam, sizgayam ovqat yedirib qo‘yaman”, deganida toza kulishgan edi.
O‘g‘li katta bo‘ldi, u esa bola bo‘lib qoldi... Lekin unga ovqat yedirib qo‘yish shart emas. Endi uning ozig‘i – mehr. Buni ular qayoqdanam bilishsin. Tushunishmaydi. Boya aytdi o‘g‘liga, joyimni bog‘dagi karavotga ko‘chirib berib ketinglar, uy ichi dim, nafasim qisyapti deb. “Xo‘p” deb qutuldi. Hozir shuncha qiynalmasdi. Keyin yulduzlarga termili-ib yotardi. Yulduzlarga qarasa, nimagadir yengil tortadi. Xuddi kampiriga o‘xshaydi ular, indamaygina taftini oladi.
Kosadagi moshxo‘rdani bir-ikki kavladi, dimog‘iga urilgan hiddan andak ishtahasi qo‘zg‘algandek bo‘ldi. Tatib ko‘rdi – mazaligina. Lekin kampirining pishirganlari boshqacha edi-da. Bular Suydi ishlatgan masalliqning to‘rt baravarini solsayam, ko‘nglidagidek chiqmaydi. Ehtimol, hammasi yaxshi-yu, o‘zi injiq bo‘lib qolgandir? Umuman, erkakning juftsiz qolishi juda og‘ir ekan...
Ovqatning qolgan yarmini yopib qo‘ydi. Odatiga ko‘ra yostig‘i ostidagi dorilarni paypasladi. Bunisidan yarimta ichishi kerak. Manavini qaynoq suvda eritishi kerak edi... Choynakni ushladi, sovib qolibdi. O‘zi... shartmi ichish? Baribir, foydasi yo‘q. Tezroq hammasi tugagani yaxshi. Bu ko‘hna jismni endi tuproqdan boshqasi suymaydi...
Shu asno jimjitlikka quloq tutgancha uzoq o‘tirdi. Kelishmadi... Mayli, bir amallab tashqariga chiqib kelsa, yotib oladi. Tokchaga suyanib, qaddini rostlaguncha qora terga botib ketdi. Bunisiyam mayli, odam bo‘yi zinadan tushishni o‘ylab, yuragi orqaga tortdi.
Poygakda to‘nkarilib yotgan kalishini hassasi bilan to‘g‘rilab kiydi. Sement zinadan pastga qarab, o‘zini xuddi osmonu falakdagidek his qildi. Muncha baland qurishmasa-ya, bu uy deganni! Yerda yurgilari yo‘q bularning.
Dahlizdagi chiroq zinaga qiya tushardi. Chol asta qadam tashladi. Nimagadir oyog‘i yerni his qilmayotgandek. Tavba, har kuni tuppa-tuzuk chiqib-tushardi, nima bo‘lyapti unga?
Boshi og‘irlashdi. Oyog‘i ostidagi zinalar son-sanoqsiz bo‘lib ko‘rina boshladi. Qay biriga oyoq qo‘ysa ekan? Yo Rab, endi ko‘zi ham hunar ko‘rsatmasa go‘rgaydi! Bir zumga muvozanatini yo‘qotdi-yu, navbatdagi pillapoyaga oyog‘i tegib-tegmay bir tomonga og‘ib ketdi.
– Vo-oyy!
Cholning ayanchli ovozi bu safar zim-ziyo bo‘shliqni titratib yubordi. U yerda chalqancha yotgancha, osmonga hayrat bilan boqar edi. Ajab, hech qaeri og‘rimayapti. Bu yaxshilik alomati emasdir-ov. Hushdan ketgandir. Unda nega yulduzlarni ko‘ryapti?
 Fursat g‘animat. O‘zini bilib turganida o‘nglanib olishi kerak, ertaga uni deb bolalariga gap tegib turmasin tag‘in. “Bir o‘zini tashlab ketishgan ekan, yiqilib o‘libdi”, deyishsa... Juda xunuk gap bu.
Chol ming urinmasin, qimirlay olmadi. Nahot qariyb bir asrlik hayoti shu qadar ojizlik bilan tugasa? Nahotki, so‘nggi damda tirgaguvchisi yo‘q uning?
Qariyaning o‘ng chakkasi bo‘ylab issiq tomchilar oqib o‘tdi. Nahotki, bu... Mayli, hamma narsaning oxiri bor, dunyo bebaqo.
“Tavba, yulduzlar ilgari ham shunchalar ko‘pmidi? Yo hammasi boshimga to‘plandimikan? G‘uj-g‘uj-a. Nurlari biram qip-qizil... Ie?”
 Cholning nursiz ko‘zlari katta-katta ochildi.
“Suydi? Kampirim tushmagur-ey, muncha balandga chiqib olmasa! Qulab tushsa bormi? Yo‘q, uning yonida bo‘lishim kerak. Hozir boraman, hozir. Hozir...”
 Asta-sekin xira torta boshlagan falak chiroqchalari qoraya-qoraya, g‘oyib bo‘lishdi...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.