OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hojiakbar Shayxov. Mutamax (hikoya)

Miriqib xurrak otayotgan general Najot Olloyor o‘ng tomonidagi yaltiroq javonchaga qo‘yilgan qirmizi telefonning asabiy jiringidan uyg‘onib ketdi. Derazadan oppoq tong mo‘ralay boshlagan, xonaga subhidamning kumush yog‘dulari bamisoli shaffof shaloladay oqib kirayotgan edi. General aftini tirishtirib, o‘lganining kunidan dastakni qulog‘iga tutdi-da, sovuqqina ohangda:
— Labbay, eshitaman,— dedi.
— Janob general,— degan tashvishli ovoz eshitildi dastakdan,— yetmish sakkizinchi katakda noma’lum uchoq paydo bo‘ldi. U Kumushtog‘ning janubi-sharqiy etagiga qarab pastlayapti.
— Harbiy uchoqmi?
— Radar bergan ma’lumotlarga qaraganda, u Qo‘shma Shtatlar yoki Sho‘ro Ittifoqining g‘ayrioddiy tuzilishga ega harbiy uchog‘i.
— Sirtida biror davlat belgisi bormi?
— Yo‘q... Ko‘pincha xufiya uchoqlarga hech qanday belgi qo‘yilmaydi-ku?!
— Tushunarli. Darhol harbiy holat e’lon qiling. Uchoq qo‘nishni mo‘ljallayotgan joy zudlik bilan qurshovga olinsin. Uchuvchilarni tiriklay ushlashga urininglar. Men yarim soatda yetib boraman.
— Ma’qul, janob general.
Najot Olloyor apil-tapil kiyinarkan, o‘ylardi: «Qiziq, bu fitnani kim uyushtirdi ekan? Qo‘shma Shtatlarmi yoki Sho‘ro Ittifoqimi? Har ikkala holda ham xufiya uchoq qo‘limizda hisob. Nima bo‘lsayam urib tushirishimiz aniq...»

* * *


Zuhal yulduz burjida istiqomat qiluvchi fazogirlar har ehtimolga qarshi uni doimo o‘z kemalarida olib yurishardi. Kema ostki qismidan unga katta bo‘lma ajratilgan, ana shu bo‘lmaning temir to‘shamasida xuddi poxol tiqilgan qopday cho‘zilib yotarkan, u haftalar va oylar mobaynida na ovqat, na suv talab qilar, ahyon-ahyonda keksa qayrag‘och daraxti po‘stlog‘iday burishib ketgan shilimshiq tanasidan allaqanday ko‘kimtir suyuqlik chiqarib, keyin yana o‘ziga singdirib olar edi. Hayot faoliyatini mo‘‘tadil saqlab turish uchunmi, u yotgan bo‘lmaga katta quvvatli havo sovutgichlar yordamida turli kimyoviy unsurlar bilan boyitilgan toza havo uzluksiz yuborib turilsa ham, bo‘lmadan ko‘ngilni ozdiradigan darajadagi qo‘lansa hid sira arimasdi. Bu g‘aroyib maxluq, agar zarurat tug‘ilsa, shunaqangi dahshatli hunarlar ko‘rsatishi mumkin ediki, ularni kuzatgan har qanday ongli mavjudot xushi boshidan uchib, aqldan ozardi.
Kunlarning birida zuhallik fazogirlar Koinot sarhadlarining chekkasida joylashgan ulkan sariq yoritgich burjining oliy hayot mavjud sayyoralaridan biriga qo‘nishdi. Zuhal allomalarining Galaktikani har tomonlama tadqiq etish rejalariga binoan, fazogirlar bu kichik sayyoraning jo‘g‘rofiyasi, ob-havo sharoiti va unda istiqomat qiluvchi tafakkur egalarining taraqqiyot saviyasini o‘rganishlari, bundan tashqari, kema ostki bo‘lmasidagi badbo‘y mutant uchun to‘yintirilgan havo zahirasini ham jamg‘arib olishlari zarur edi.
Xullas, sayyoraning kimsasiz tog‘li tumaniga qo‘ngan fazogirlar ko‘p o‘tmay favqulodda voqeaning guvohi bo‘lishdi. Kemaning «O» harfiga o‘xshash eshiklari ochilib, kelgindilar o‘ziyurar zinalar orqali endi pastga tusha boshlagan ham edilarki, kutilmaganda yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, ularning to‘rt tomonida allaqanday nayzasimon qurollar ko‘targan mahalliy yerlilar to‘dasi paydo bo‘ldi.
Kema darg‘asi — bo‘yi ikki gazdan ziyod, qora tusdagi fazoviy jomakor kiygan, keng peshonasida birgina katta ko‘zi charaqlab turgan miqti fazogir — ularni ko‘rgan zahoti radioelektron aloqa tarmog‘ini ishga solib, kemada qolgan yordamchisiga buyurdi:
— Darhol kemani fantom holatiga keltir!
Boshqaruv bo‘lmasida o‘tirgan darg‘a yordamchisi pultdagi rang-barang va g‘uj-g‘uj tugmalarning birini bosdi-da, yuragi orqasiga tortib ketdi. Uning ro‘parasidagi to‘rtburchak ko‘zguchada bosh kompyuterning kemaning qutblovchi tarmog‘i ishdan chiqqanini bildiruvchi qizil xoch belgisi aks etardi. Bu nohush xabarni u darhol kema darg‘asiga yetkazdi. Darg‘a unga javoban:
— Zudlik bilan himoya qobig‘ini ishga tushir!— deya buyurdi-da, shu asnoda pastga tushib ulgurgan hamkasblariga fikran murojaat qilib, atrofiga to‘pladi. Yaqin masofadan ular o‘zaro g‘oyibona usulda fikr almashishardi.
— Vaziyat qaltis. Nima qilamiz, azizlar?— so‘radi u sayyoradoshlariga birma-bir sinchkov nigoh tashlab.
— Tezda uchib ketishimiz kerak. Yo‘qsa, kemaga zarar yetkazishlari hech gapmas,— dedi darg‘adan sal pastroq bo‘yli, dubulg‘asi ostidagi jigarrang sochlari birgina kamalak qoshini chala-yarim berkitgan ayol fazogir.
— Oddiy nayza bilan qurollangan yerlilar biz uchun qanday xavf tug‘dira olishlari mumkin?— e’tiroz bildirdi ozg‘inligi tufaylimi, hammadan darozroq ko‘rinayotgan uchinchi fazogir. U o‘ng qo‘lidagi to‘pponchasimon allanimaga bot-bot nigoh tashlardi.
— Menimcha, ular oddiy nayza ko‘tarib olishgan, deb o‘ylasak, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz,— dedi darg‘a, xavotirga tushib.
— To‘g‘ri,— ma’qulladi uning fikrini ayol fazogir, yarim chaqirimcha naridagi tepalikdan shoshilinch tushib kelayotgan yuz choqli askarlar to‘dasiga sarosima aralash tikilarkan,— chamamda, ular nayzali avtomat miltiqlar bilan qurollanishgan.
— Mutantdan foydalanishimizga to‘g‘ri kelmasa, deb qo‘rqaman,— dedi ozg‘in fazogir negadir iztirobli ohangda.
— Yo‘q, mumkin emas!— dedi kema darg‘asi qat’iy ohangda.— Umumkoinot mintaqalari uyushmasining nizomiga qarshi ish tutolmaymiz!
— Nega axir?— e’tiroz bildirdi ozg‘in fazogir.— Hayotimizga tahdid solayotgan tajovuzkor kuchlarga qarshi uni ishlatishimiz mumkin-ku?!
— Himoya qobig‘i ichida ekanmiz, bizga hech kim va hech narsa xavf sololmaydi,— dedi darg‘a e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda.
— Voy, qaranglar!— kutilmaganda xitob qildi fazogir ayol uzun kamalak qoshini chimirib. — Harbiy uchoqlar!..
Chindanam, ular ozg‘in fazogir ushlab turgan narsa ustida paydo bo‘lgan katta ko‘zgu orqali yonma-yon saf bo‘lib uchib kelayotgan to‘rtta harbiy uchoqni ko‘rishdi. Ularning har biri to‘rttadan raketa osib olganini shu yerdan turib ham bemalol ilg‘ash mumkin edi.

* * *

 

Mutlaqo maxfiy!
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentiga
Sho‘ro Ittifoqi Prezidentiga
HUKUMAT NOMASI

Janob Prezidentlar! Irot hukumati bizning janubi-sharqiy hududimizdagi Kumushtog‘ tizmalari etagiga g‘ayrioddiy tuzilishdagi harbiy uchoq davlat chegaramizni ko‘pol ravishda buzib o‘tganini ma’lum qilish bilan birga, uning Sho‘ro Ittifoqi yoki AQShga tegishli-tegishli emasligi haqida zudtar xabar berishingizni iltimos qiladi. Agar u xufiya maqsadlar bilan tashrif buyurgan va bu ish davlatimizning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligiga rahna solishga qaratilgan bo‘lsa, biz yuqorida zikr etilgan kemani asir olishga yoki bunga erisholmaganimiz taqdirda — uni butkul yo‘q qilib tashlashga majbur ekanligimizni afsus bilan ma’lum etamiz.

Kamoli ehtirom ila, 
Irot hukumati Prezidenti


...General o‘tirgan parrakli uchoq Kumushtog‘ etagiga o‘ttiz daqiqadayoq yetib keldi. To‘rt tarafdan oq to‘shli mag‘rur cho‘qqilar silsilasi qad rostlagan, o‘rtada turfa yovvoyi mevali daraxtlar g‘uj-g‘uj o‘sgan yam-yashil vodiy yastanib yotibdi. «Josus» kema ana shu vodyyga, tog‘ etagiga tutashgan yalanglikka qo‘ngan edi.
Kemani to‘rt tarafdan bir necha yuz qurolli desantchi qurshab olgan, o‘ng tarafdagi tepalikdan Sho‘ro Ittifoqidan sotib olingan o‘nta tank xuddi dengiz trshbaqalariday birin-ketin o‘rmalab kelar edi. Ikki tog‘ oralig‘idan esa, raketa osgan to‘rtta qiruvchi tayyora, taxminan uch yuz-to‘rt yuz gaz balandlikdan uchib o‘tardi. General Najot Olloyor parrakli uchoqni noma’lum kema yonidagi maysazorga qo‘ndirishni buyurdi-da, radiomikrofon orqali tankchilar va piyoda askarlar qo‘mondonlariga buyruq berdi:
— «Dengiz toshbaqasi» kemani to‘rt tarafdan qurshovga olsin! «Piyoda» hujumga tayyorlansin! «Qirg‘iylar» juft-juft bo‘lib, kemani shimoldan va janubdan nishonga olsin! Hamma. bo‘linmalarga alohida jangovarlik e’lon qilaman!
Ajabo, shu payt noma’lum kema atrofida unga qurol o‘qtalib turgan askarlar hayajondan qichqirib yuborayozishdi. Sira kutilmaganda kema sirtining kumush rangi o‘zgarib, asta-sekin xuddi shishaday shaffof tus ola boshladi. U hammaning ko‘z o‘ngida ko‘zdan g‘oyib bo‘layotgan edi.
Piyoda lashkarlar qo‘shini qo‘mondony shu mahal maysazorga qo‘ngan parrakli uchoq qoshiga yugurarkan, eshikdan tushib kelayotgan generalga qarata jon holatda qichqirdi:
— Najot janoblari! Kema ko‘zdan yo‘qolyapti! Hozir u butkul g‘oyib bo‘ladi! O’qqa tutishga ruxsat eting!..
Keyingi voqealar yashin tezligida kechdi.

* * *


Noma’lum kema ichidagilar generalning avval ingliz, so‘ngra rus tilida radiomikrofonni turli uzunlikdagi to‘lqinlarga ulab allanimalar deyayotganini maxsus qabul qurilmalari orqali aniq eshitishdi. Uning kelgindilardan taslim bo‘lishni talab qilayotgani kunday ravshan edi.
— Yerlik mavjudotlarga sira tushunib bo‘lmaydi,— dedi kema darg‘asi fig‘oni chiqib.— Ularda tajovuzkorlik mayli shunaqangi rivojlanganki, har qanday yovuzlik o‘shanga yarasha yovuzlikni yuzaga keltirishi haqida o‘ylab ham o‘tirishmaydi.
— Juda to‘g‘ri,— qo‘llab-quvvatladi uni fazogir ayol.— Yerliklarning odam bo‘lishi ancha murakkab jarayon chog‘i. Oradan asrlar o‘tsa ham ularning fe’l-atvori o‘sha-o‘sha. Asr boshidagi safarimiz yodlaringda bo‘lsa kerak. O’shandayam bizni qiruvchi tayyoralarda rosa ta’qib qilishgandi.
— Fojia shundaki,— dedi ozg‘in fazogir o‘kinib,— ular o‘z qilmishlarining oqibatlarini idrok etishga ham ojizlar. Bu olamda hen narsa izsiz qolmasligini nahotki tushunishmasa?..
— Bu bema’ni sayyorani tezroq tark etish kerak. Ulardan hamma narsani kutish mumkin,— dedi fazogir ayol afsus-nadomat bylan.
— Afsuski, hozir hech qayoqqa jilolmaymiz,— dedi darg‘a, boshini saraklatib, — Ta’mirchi temirtan bilan yordamchim kema qusurini to‘la tiklashlariga hali yana o‘n daqiqa bor.
— Hammadan dahshatlisi shundaki,— dedi ozg‘in fazogir beshbattar xafa bo‘lib,— biz ular bilan muloqot ham o‘rnatolmaymiz: tanalarimizdagi aksilmodda ular uchun o‘ta halokatli. Hatto ovozimiz, fikrimiz, nigohimiz ham ularga katta xavf tug‘dirishi mumkin.
— Ta’mir ishlari tugamay turib, ular kema qobig‘ini ishdan chiqarishsa nima bo‘ladi?
— Nima bo‘lardi? Siz bilan biz kema va jasadlarimizdan judo bo‘lib, ruhlarimizni kapsulada Zuhalga jo‘natishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin bu — so‘nggi chora. Dahshatlisi shundaki, bu holda mutant jilovsiz qoladi va u ozodlikda bamisoli yerliklarning afsonalaridagi dahshatli ajdarhoga aylanadi.
Shu choq fazogirlar sarosima ichida qichqirib yuborishdi.
— YO falak! Ular kemamizni o‘qqa tuta boshlashdi!—xitob qildi fazogir ayol, kamalak qoshi ostidagi qo‘rquv to‘la tanho ko‘zining kipriklarini pirpiratib.
— Askarlarning o‘qlari kemaga zarar yetkazolmaydi.
— Tanklar ham...
— Lekin anavi qiruvchi uchoqlar...
— Har ehtimolga qarshi kapsulalar tayyorlansin!
— Xo‘p bo‘ladi,— ozg‘in fazogir kema omborxonasiga qarab yugurdi.
— Axir, hozir kemamiz ko‘rinmas qobiq ostida-ku? Ular tavakkaliga o‘qqa tutishyaptimi?
— Ha-da. Yerliklar azaldan shunaqa: urush-janjalni pulga sotib olishadi. Koinotda bunaqa sayyoralar hamon mavjud ekan, har xil mutantlarni olib yurishga majburmiz-da...
— Bari bir yerliklarga rahmim kelyapti,— dedi fazogir ayol ma’yuslanib.— Mutant ularning boshiga ne kulfatlarni solmasa go‘rga edi.
— Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Ularni Koinot Oliy Tafakkuri o‘z panohida asrasqn.
— Aytganingiz kelsin.
Ular xuddi fotiha qilayotganday, kaftlarini yuzlariga tortishdi.

* * *


General Najot Olloyor kemani o‘qqa tutishga ruxsat berdi-yu, lekin ichidan zil ketdi. Vujudini negadir g‘ulg‘ula va xavotir hislari chulg‘agan, o‘zini qo‘yarga joy topolmay, xuddi qafasdagi sirtlonday tipirchilab, u yoqdan-bu yoqqa odim tashlardi. Yo‘q, la’nati kema ko‘zdan yo‘qolgan bo‘lsayam, joyida turgan bo‘lishi kerak. Uning nimasidir ishdan chiqqan-u, ucholmay qolgan, xolos. Hozir ta’mir qilishayotgan bo‘lsa ham ajab emas.
Yo tavba, askarlar to‘rt tarafdan otayotgan o‘qlar xuddi ko‘rinmas po‘lat devorga borib urilayotganday uchqunlanib, har yon sachrayaptimi? Demak, kemaning ucholmagani, hamon joyida turgani aniq. Askarlarning bir ish chiqarishi amri maholga o‘xshaydi. Tanklarni ishga solish kerak!
Kemani chor-atrofdan qurshab olgan «dengiz toshbaqa»larining hamma yoqni larzaga keltirib otgan o‘qlari ham zoe ketdi.
«Obbo, la’natilar-ey! Bu qanaqa qotishmadan tayyorlangan kema ekan? Raketa otishga to‘g‘ri keladimi deyman?»— xayolidan o‘tkazdi general, hamon ko‘nglidan allanechuk xavotir hissi arimay.
Shu payt qarama-qarshi yo‘nalishda uchayotgan qiruvchi uchoqlarning ikki nafari pastga, noma’lum kema turgan tarafga sho‘ng‘idi-yu, generalning buyrug‘i bilan avval bir juft, keyin yana bir juft raketani qo‘yib yubordi.
Ayni shu mahal kemani o‘ragan askarlar hayratdan qichqirib yuborishdi. Kema yana shaffoflashib, asta-sekin o‘zining kumushrang tusini ola boshlagandi. Lekin ketma-ket kelib urilgan raketalar tufayli hamma yoqni gumburlagan ovozlaru ko‘m-ko‘k tutun qoplab, hech narsa ko‘rinmay qoldi.
Dilidagi g‘ulg‘ula tobora ortib borayotgan general Najot Olloyor, chamasi, parcha-lanib, ketgan kemaning tepasidan bir necha nozik nur oqimi yuqoriga— koinot qa’riga otilganini payqadi. Lekin buning nimaligi haqida o‘ylab ko‘rishga ham ulgurmadi. Chunki tutun birmuncha tarqab, ko‘z o‘ngida dahshatli manzara namoyon bo‘ldi. Hozirgina noma’lum kema turg‘an joy o‘rnida keksa qayrag‘och po‘stlog‘iday burishiq va shilimshiq tanali bahaybat bir mahluq cho‘zilib yotar, uning tanasidan ko‘ngilni ozdiruvchi ko‘m-ko‘k suyuqlik chiqa boshlagan edi. Mahluqning haybati ertaklardagi ajdaholarday ulkan bo‘lib, ko‘rinishi juda g‘alati: o‘nlab «boshnlari va panjasimon «qo‘l»lari uzluksiz ko‘tarilib-tushib, buralib-eshilib turar edi. Hademay uning tanasi qurib qoldi-da, o‘zi dum-dumaloq sharsimon shaklga kirdi va joyidan ko‘tarilgancha, o‘zini o‘rab turgan askarlar sari shiddat bilan uchib ketdi.

* * *

 

Mutlaqo maxfiy!
HUKUMAT NOMASI
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sarkotibiga

Muhtaram Sarkotib!
Irot hukumati g‘ayrioddiy tuzilishdagi harbiy uchoq davlat chegaramizni qo‘pol ravishda buzib, mamlakat janubi-sharqiy hududidagi Kumushtog‘ tizmalari etagiga qo‘nganini Siz janobi oliylariga ma’lum qiladi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, kema na AQSh va na Sho‘ro Ittifoqiga tegishli. U bilan aloqa bog‘lash borasidagi barcha urinishlarimiz bexuda ketdi. Kema uchuvchilari biz bilan tinch muloqotga kirishishdan mutlaqo bosh tortishdi. Oradan ko‘p o‘tmay bizga noma’lum yo‘sinda, turgan joyida ko‘zdan g‘oyib bo‘la boshladi. Uning davlatimizga qarashli strategik nuqtalar ustidan uchib o‘tganini hisobga olib va ko‘pgina davlat sirlarimizni qo‘lga kiritib, g‘oyibona tarzda jo‘nab ketishining oldini olish maqsadida kemani portlatishga maj-bur bo‘ldik. Ammo Sizga shuni alohida ta’kidlab xabar qilamizki, kemada biz uchun mavhum yo‘sinda ishlovchi biologik qurol mavjud ekan. Bu shunday ajabtovur qurolki, uni na o‘q oladi, na biror raketa. U o‘z-o‘zini boshqarish, o‘z to‘qimalarini osongina qayta tiklash va yo‘lida uchragan jamiki biologik tuzilishga ega jonzot, hayvonot va nabotot borki, yemirib, quritib-qovjiratib tashlash qurbiga ega. Kema portlashi bilan erkinlikka chiqqan bu shafqat bilmas mutant yuzga yaqin askarlarimizni bir necha daqiqa ichidayoq gumdon qildi. Lazer bilan qurollangan general Najot Olloyor boshliq harbiy bo‘linmamiz sharsimon mutantni parrakli uchoqlarda ta’qib qilib bormoqda. Lekin bundan biror natijaga erishish amrimahol, degan fikrdamiz.
Hozirgi vaqtda bu dahshatli biologik qurol tobora kattalashib, Kumushtog‘ tiz-malari osha Sho‘ro Ittifoqi sarhadlari sari yo‘l olgan.
Muhtaram Sarkotib janobi oliylari!
Sizga shuni oshig‘ich ma’lum qilamizki, zudlik bilan Xavfsizlik Kengashi majlisini chaqirib, ushbu noma’lum mutantga qarshi jiddiy chora-tadbirlar ko‘rilmasa, u mamlakatimiz, shuningdek, Sho‘ro Ittifoqining janubiy hududlaridagi tinch aholi yashaydigan ko‘p joylarni tamoman xonavayron qilishi mumkin.

Kamoli ehtirom bilan, 
Irot hukumati Prezidenti

 

Mutlaqo maxfiy!
HUKUMAT NOMASI
Sho‘ro Ittifoqi Prezidentiga

Muhtaram Prezident!..
(Noma yuqorida keltirilgan tafsilot bayonidan so‘ng mana bunday davom etgan): Noma’lum biologik qurolning tobora kattalashib borayotganligi va uning Sho‘ro Ittifoqi janubiy xududlariga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini e’tiborga olib, BMT bilan yaqin hamkorlikda choralar ko‘rishingiz va mutantni ta’qib qilib borayotgan harbiy parrakli uchoqlarimiz mamlakatingiz sarhadlarida betahdid harakat qilishlari uchun ijozat berishingizni Sizdan o‘tinib so‘raymiz.

Samimiy salomlar ila, 
Irot hukumati Prezidenti

 

* * *


Sharsimon mutant tirik qolgan va endi butalar oralab shataloq otib qochayotgan so‘nggi askarlardan bir nechtasini quvib yetgach, bir qancha ilonsimon uzun «qo‘l»larini xuddi o‘qday otib, ularni ham o‘rab-chirmab o‘z «bag‘ri»ga oldi. Lahza o‘tmay, «shar»ning ostidan sho‘rlik askarlarning qorayib ketgan suyaklari va majaqlangan qurollarning temir parchalari ketma-ket to‘kilib tushdi. So‘ngra bu g‘aroyib mavjudot sharq tarafdagi kumushrang toqqa qarab jildi. Ajabo, u general Najot Olloyor borayotgan parrak uchoqqa e’tibor ham bermasdi. Chamasi, uni faqat o‘simlik va jonli mavjudotlargina qiziqtirardi.
Ufqda yana uchta parrakli uchoq ko‘rindi. Bular yaqinda general chaqirtirgan qo‘shimcha kuchlar edi.
Dahshat va sarosimadan rangi dokaday oqargan Najot Olloyor o‘ta asabiy ko‘rinar, shuning uchunmi, parrakli uchoqdagi kapitan bilan serjantga berayotgan buyruqlari ham uzuq-yuluq edi.
— Lazer!..— xitob qildi u birdan, pastda tog‘ bag‘ri bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilayotgan muntantga hayajon bilan tikilarkan.— Darhol lazerni ishga solinglar!
Baqaloq yuzli barzangi kapitan serjantga imo qilgan edi, u orqadan avtomatsimon kvant generatorini olib, eshik yoniga o‘tdi.
— Ot! — qichqirdi general pastdagi sharsimon mahluqning duch kelgan archaga o‘zini urganini hayrat bilan kuzatarkan. Mana, u archani o‘pqonday ichiga tortdi. Lahza o‘tmay hamon olg‘a jilayotgan mutantni ortida qurib-qovjirab qolgan yalang‘och daraxt tanasi ko‘rindi. «Shar» shu ondayoq sezilarli darajada «semirib» ulgurgan edi.
Serjant kvant generatorining nilini sharsimon mutantga to‘g‘rilab, tugmani bosdi. Parrakli uchoqning shovqiniga lazerning bo‘g‘iq guvillagani qo‘shilib, quloqni qomatga keltirdi. Ajabo, maxluq xuddi ari chaqqan odamday seskanib, irg‘ib tushdi. Yumaloq tanasining jahannamiy nur tekkan qismi xuddi pichoq bilan qirqilganday palaxsa-palaxsa bo‘lib bo‘lina boshladi. Lekin nur tufayli ajralgan to‘qimalar shu zahoti bir-birlariga tutashib, o‘zaro yana chippa yopishib qolaverdi.
— Yo‘q, bu haddan ziyod xavfli maxluq! — qichqirdi general, beshbattar asabiylashib.— Ajdahoning o‘zginasi! Agar tezda jilovi qo‘lga olinmasa, sayyoramizni chinakamiga xonavayron qilishi hech gapmas!
Generalning lazer qurilmasiga qarata hafsalasiz qo‘l siltaganini ko‘rgan barzangi kapitan serjantga:
— Bas qil, foydasi yo‘q,— dedi ovozini pasaytirib.
Sharsimon maxluq yo‘l-yo‘lakay archalarni «yamlab», hamon yuqorilab borarkan, atrofida girdikapalak bo‘layotgan parrakli uchoqlarga sira e’tibor qilmas, uni Yerning qishin-yozin ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnab turuvchi daraxtlari ko‘proq qiziqtirar edi.

* * *

 

Mutlaqo maxfiy!
HUKUMAT NOMASI
Irot hukumati Prezidentiga

Janob Prezident!
Bizni mamlakatimizning janubiy hududlaridagi jiddiy xavfdan ogoh qilganingiz uchun Sizga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidagi muxtor vakilimizga bu favqulodda masala bilan darhol shug‘ullana boshlashga ko‘rsatma berildi. Noma’lum xavfga qarshi hamkorlikda kurashish maqsadida harbiy uchoqlaringiz ittifoqimizning janubiy hududlarida betahdid harakat qilishlari uchun ijozat etildi. Bu haqda chegara qo‘shinlari qo‘mondonligiga tegishli farmon berildi.

Do‘stona salom bilan, 
Sho‘ro Ittifoqi Prezidenti


Sho‘ro hukumati rahbarining bu nomasi bilan ratsiya orqali tanishgan general Najot Olloyor aytarli xushnud bo‘lmadi. U parrakli uchoqning ochiq oynasi orqali hamon ilgarilab borayotgan sharsimon maxluqqa g‘amgin tikilarkan, o‘yga tolgan edi. «Nafsilamrini ayganda, ularning qo‘lidan nimayam kelishi mumkin? Xo‘sh, ta’qib qilib chegaraga ham yetib bordik, deylik. U yog‘ida O’zbekistonning qadimiy shaharlari boshlanadi. Sharsimon mutant odam ovlashga kirisharkan, borgan sari «semiraveradi». To‘rt qavatli binoday yiriklashgach, ovi yanada yurishadi. Ko‘chalarda odam zoti qolmagach, daraxtlarni yamlashga tushadi. Turfa mevali daraxtlaru xiyobonlarga chiroylik qilib ekilgan archa daraxtlarini... Darvoqe, archa... Archalar yordamida ish tutilsa-chi?.. Aytaylik, sharsimon maxluqning oldiga har yarim chaqirim masofada archa shoxi tashlab borilsa, u «emish» ortidan bamisoli itday ergashib kelaveradi. Shu tariqa uni sayyoramizning istagan nuqtasiga boshlab borish mumkin. Lekin qaerga?»
Najot Olloyor bir vaqtlar harbiy akademiyada yangi kimyoviy qurollar yaratish ustida tadqiqot ishlari olib borgan, bu sohada hatto sho‘ro olimlari bilan ham hamkorlik qilgan edi. General inglizlarga qarshi, so‘ngra Sho‘rolar tashabbusi bilan boshlangan katta urushlarda qatnashgan, ko‘p yangi qurollarni bilar, lekin bunaqangi biologik qurolni yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan edi.
...Uni qaerga boshlab borsa bo‘larkin?.. Kuchli radiatsiya mavjud joygami? Masalan, Chernobil qahrabo stantsiyasiga... Menimcha, foydasi yo‘q. Lazer ta’sir qilmadi-ku, axir...
Sharsimon maxluq va uning izidan ta’qib qilib borayotgan parrakli uchoqlar bitta tog‘ cho‘qqisidan oshib o‘tishdi. O’rtadagi torgina vodiy bo‘ylab katta ilonizi soylik o‘tardi. Soyda ko‘m-ko‘k zilol suv ilonizi o‘zani bo‘ylab shiddat bilan oqar, toshlar va xarsanglarga urilib, atrofga injuday oppoq ko‘piklar sochar edi. Mutant yo‘l-yo‘lakay archalarni «yamlash»da davom etib, pastga intilarkan, yo‘lni to‘ppa-to‘g‘ri keyingi eng yaqin archa tomonga solardi. Demak, u o‘ziga kerakli narsa yoki mavjudotlarni olisdan sezish qobiliyatiga ega!..
Soy bo‘yiga yaqinlashganda, generalning miyasiga yana bir fikr keldi.
— Nol to‘qqiz bilan aloqa bog‘la,— buyurdi Najot Olloyor orqasidagi kapitanga, yana radiomikrofonni qo‘liga olarkan...
Oradan bir necha fursat o‘tgach, yoniga qizg‘ish rangda katta-katta qilib 09 raqami yozilgan parrakli uchoq soy sohiliga qarab uchib ketdi. U soy bo‘yiga qo‘ngach, ichidan bir askar otilib chiqib qo‘lidagi suvdonga suv to‘ldirdi, keyin qaytib o‘tirishi bilan parrakli uchoq sharsimon maxluqning tepasiga uchib bordi-da, bir zum muallaq qotdi. Xuddi shu daqiqada haligi askar derazadan suvdon chiqarib, «shar»ning ustiga suv quyib yubordi. Mahluqni sinchkovlik bilan kuzatayotgan general alam bilan tizzasiga bir urdi. Suv mutantning «elka»siga tegishi hamon vijillab qaynab, bug‘lanib ketgan edi.
— Ie, harorati juda baland-ku?! — xitob qildi baqaloq kapitan, hayrat ichida maxluqdan ko‘z uzmay.
— Ming la’nat!.. — dedi general beshbattar fig‘oni oshib, keyin picha o‘zini bosib olgach, buyurdi: — Endi meni davlat departamenti bilan bog‘la!
Uning o‘ychan ko‘zlaridan qat’iy bir fikrga kelgani ko‘rinib turardi.

* * *

 

Mutlaqo maxfiy
XUKUMAT NOMASI
Sho‘ro Ittifoqi Prezidentiga

Janob Prezident!
Noma’lum maxluq-mutantning O’zbekiston shaharlariga bostirib kirishining oldini olish maqsadida, shuningdek, uning uzluksiz archa iste’mol qilishga moyilligini e’tiborga olib, qishloq mehnatkashlarimizni tog‘lik tumanlarda archa shoxlari kesishga safarbar etdik. Bu shoxlarni hoziroq yuk mashinalarida O’zbekiston chegarasiga yetkazib berishga tayyormiz. Chegarada yuklarni qabul qilib olishni uyushtirishingiz va bizga yondosh jumhuriyatda ham archa kesish va general Najot Olloyorning tavsiyasiga binoan ularni tegishli joyga yetkazib berishni tashkil eti-shingizni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Kamoli ehtirom ila, 
Irot hukumati Prezidenti


O’zbekiston jumhuriyati prezidenti nimadandir fig‘oni chiqqan, allakim bilan telefonda asabiy gaplashar edi.
— Bu yozuvchilari tinib-tinchishadimi yo‘qmi o‘zi? Qachon qaramang guruhboz-lik, lo‘ttibozlik. Bizlar o‘lib-tirilib xalqning g‘amini chekyapmiz-ku, bular nuqul bir-birining tagiga suv quyish bilan ovora. Tunov kuni dordan qochgan bir yozuvchingiz — o‘zi shapaloqday ikkita kitobcha yozganmi-yo‘qmi, xudo biladi,— huzurimga kirib, menga ham amal bersangiz, deydi. Bu qanday gap, axir? Kap-katta odam, uyat emasmi?! Yozuvchilarga ham beryapmiz amalni. Barcha hamyurtlarimiz qatori zo‘rlariga beryapmiz. Hamma sharoitlarni yaratyapmiz...
Shu payt eshik ochilib, ostonada qirq besh yoshlardagi o‘rta bo‘yli, chuvakkina yordamchisi paydo bo‘ldi.
— Ma’zur tutasiz,— dedi u past ovozda Prezidentning tepasida engashgancha,—sizni hukumat telefonida katta Prezident yo‘qlayaptilar.
— Xo‘p, mayli,— dedi Prezident gapga yakun yasab,— siz bilan bu mavzuda yana batafsil gaplashamiz. Menga markazdan qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Sog‘ bo‘ling!..
Prezident bir telefon dastagini qo‘yib, ikkinchisini oldi. Yordamchisi uning imosi bilan eshikka yo‘naldi.
— Allo, eshitaman, salomalaykum!
— Salom, vaqtimiz o‘ta ziqligini e’tiborga olib, asosiy gapga o‘taman. Chegaradan juda tashvishli xabar oldik. Qandaydir noma’lum maxluq — mutantmi-ey, ajdarhomi-ey, qo‘shni mamlakatdan o‘tib, Termiz shahriga yaqinlasha boshlabdi. U yo‘lida duch kelgan jonzotni halok qilarmish. Xullas, oldimizda aql bovar qilmaydigan yana bir jiddiy muammo ko‘ndalang turibdi. Uni zudlik bilan hal qilishimiz kerak. Turkiston harbiy okrugi qo‘mondonini yoningizga olib, hoziroq Termizga uchishingiz shart. Ilojini topsangiz, biolog olimlardan ham bitta-yarimtasini xamroh qilib oling. Bu ishga Davlat Xavfsizligi Qo‘mitasi ham jalb etilgan. Chegarada Irot armiyasining generali janob Najot Olloyor bilan uchrashasiz. Darhol birgalikda chora ko‘rib, natijasini kechiktirmasdan aytarsiz. Tushunarlimi?
— Tushunarli, lekin...
— Hech qanday lekin-pekini yo‘q. Vaqtimiz juda ziq, deb aytdim-ku... Oq yo‘l!.. Jumhuriyat prezidenti hech qachon Sho‘ro Ittifoqi prezidenti bilan bu vaqtda va bu tarzda gaplashmagan edi. To‘g‘ri, uning bot-bot asabiylashgani, qizishganining guvohi bo‘lgan, lekin uning bu darajada sarosimali va xavotirli ovozini birinchi eshitishi edi. U parishonxotirlik bilan dastakni joyiga qo‘yar ekan, stoliga mahkamlangan qora tugmani bosib, yordamchisini chaqirdi. U yigit kirib kelishi bilan buyurdi:
— Armiya generali o‘rtoq Fujenkoni chaqiring. Hoziroq yetib kelsin. Prezi-dentning zarur topshirig‘i xususida, deng.
— Ivan Vasilevich hozirgina qo‘ng‘iroq qilib, huzuringizga kelayotganini aytuvdi.
— Demak, unga bizlardan burun xabar yetibdi-da. Qiziq... U holda... Fanlar akademiyasida Askar Xolmurodov degan yosh bir akademik bor, tanisangiz kerak. Biotexnolog. Prezident bilan birga Termizga uchib ketishingiz kerak ekan, deng. Tezda yetib kelsin. Keyin qo‘nalg‘aga sim qoqsangiz, uchoq hozirlashsin.
— Xo‘p bo‘ladi,— yordamchi bosh irg‘ab eshikka otlandi.
O’zbekiston Prezidenti o‘ychan nig‘ohini to‘g‘risidagi bir nuqtaga qadadi. «Ey xudo, bu yana ne savdo bo‘ldi?,,»

* * *


General Najot Olloyor hamrohlari bilan parrakli uchoqda sharsimon mahluq izidan Amudaryo uzra uchib o‘tib, Sho‘ro hududiga kirib borganida, ro‘paralaridagi ufqda biqiniga qizil yulduz shakli tushirilgan parrakli uchoq ko‘rindi. Bu — O’zbekiston jumhuriyati prezidenti boshliq Sho‘ro hokimiyati vakillari tushgan uchoq edi.
Mutant ayni mahalda daryo yoqalab yastanib yotgan dashti-biyobon osmoni uzra shoshilmay olg‘a intilardi. General xaritaga qarab, uning Termiz tomonga yo‘l olganini payqadi. Daryo yonidan dasht yo‘li o‘tgan, yo‘l yoqalab esa, chegara emasmi, har joy-har joyda soqchilar turadigan minoralar qatori ko‘zga tashlanardi. Yo‘lning narigi chekkasidan ustiga brezent yopilgan «Gazik» mashina uchib kelardi.
— Yo‘l yoqasiga qo‘ndir,— buyurdi general uchuvchiga. Yerga qo‘nishganida, Najot Olloyor bir zum ko‘zini yumdi. Charchoq va uzluksiz asabiylashish o‘z ishini qilayotgandi. Voajab, shu payt generalning — garchand ko‘zlari yumuq bo‘lsa ham! — ko‘z oldi yorishib, shundoq burnining ustida qizil, yashil, binafsha, qora ranglar jilvalana boshladi. So‘ngra kutilmaganda bu ranglar xuddi tumanday chekinib, ularning o‘rnini chor-atrofi qum sahrosidan iborat mitti dengiz egalladi. Dengiz suvi negadir qop-qora edi. Dengiz atrofini qurshagan dashtda esa, qumloqqa yarim botgan, qiyshaygan, machtalari singan eski kemalar, katta-kichik qayiqlar ko‘zga tashlanardi. Shu payt dengiz ustida nuqtaday shaklda haligi sharsimon mahluq paydo bo‘ldi.
— Axir, bu — Orol-ku! — Shartta ko‘zlarini ochgan generalning ko‘ksidan nido otilib chiqdi. Hech narsaga tushunolmagan hamrohlari unga hayron bo‘lib tikilishdi. U eshikni ochib, sakrab pastga tushdi-da, asabiylashib u yoqdan-bu yoqqa odimlay boshladi. Najot Olloyor asl musulmon, xudojo‘y odam edi. «Bu nima? Tushimmi, o‘ngimmi? Tush bo‘lsa, ta’biri qanday? Xudo nimalarni ko‘nglimga soldi o‘zi?..»
Ortiq xayol surishga vaqt qolmagan, chunki bir tomondan haligi «Gazik» mashina kelib to‘xtagan, bular — Davlat xavfsizligi qo‘mitasi xodimlari va chegarachi ofitserlar edi, ikkinchi tomondan esa, biqiniga qizil yulduz shakli tushirilgan havorang, parrakli uchoqda Prezident va uning hamrohlari qo‘nishgan edi.

* * *


Salom-alikdan so‘ng sharsimon maxluqni kuzatib, darrov muhokamaga o‘tishdi. Mutant bilan bog‘liq tafsilotlarni eshitgan Prezident avval hayajonga tushdi, keyin qattiq xafa bo‘ldi. «Sho‘rlik xalqimizning boshida shu tashvish ham bor ekan-da endi...»
— Xo‘sh, endi nima qilishni maslahat berasiz? — so‘radi u birdan o‘zini qo‘lga olib.
— Uni shahardan chekkaga, dashtga boshlash kerak,— dedi Najot Olloyor qat’iy ohangda.
— Archa shoxlari yordamida uni istagan tarafga yo‘naltirish mumkin, deng?
— Xuddi shunday.
— Chamamda, archalarni tashiy boshlashdi, shundaymi, o‘rtoq Fujenko? — Deya yonidagi hamrohlaridan biriga o‘girildi prezident.
— Xuddi shunday,— javob berdi Turkiston harbiy okrugi qo‘mondoni, ellik besh-oltmish yoshlar atrofidagi tikqomat general.— Harbiylarimiz archa shoxlari ortgan ellikta vezdexodda chorak soat avval chegaradan yo‘lga chiqishdi. Yana yarim soatda yetib kelishadi. Xuddi shunday yana ellikta vezdexod Kitob shahridan kelyapti.
— Xo‘p, yaxshi. Lekin uni qaysi dashtga boshlaymiz?
Najot Olloyor bu safar javob berishga shoshilmadi. U ikkilanayotgan edi.
— Bilaman, sizlar xudoga ishonmaysizlar,— dedi u negadir kalovlanib.
— Nega endi? — ayanchli bir tarzda kulumsiradi O’zbekiston Prezidenti (hozir sira kulgining mavrida emas edi-da).— Kommunistlar haqida unchalik yomon o‘yga bormang...
— Lekin xudo ko‘nglimga soldi: uni Orolga boshlash kerak! Prezidentning endi chinakamiga g‘azabi oshdi.
— Nimalar deyapsiz o‘zi?!—dedi u qichqirguday ohangda.— Orol xalqi shundoq ham kasalmand, qirilib ketyapti! «O’lganning ustiga tepgan» qabilida.ish tutgan bo‘lamiz-ku!
— Meni to‘g‘ri tushuning, axir,— dedi Najot Olloyor bosiqlik bilan,— Sababini o‘zim ham bilmayman, lekin maxluqning Orolda gumdon bo‘lishiga shaxsan mening ishonchim komil.
— Bo‘lmagan gap! — xitob qildi prezident tobora qizishib.— Afsona bu! Bizlar bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz!..
— Unda o‘zlaringiz bilasizlar,— dedi general ma’yus ohangda, yelkasini qisib.— Men insoniylik burchim tufayli yordamga kelganman, xolos.
— Uni kimsasiz sahroda yo‘q qilishining biror iloji yo‘qmi axir? — so‘radi jumhuriyat rahbari, endi bir oz hovuridan tushib.— O’rtoq Fujenko, siz nima deysiz?
Harbiy okrug qo‘mondoni ham barcha Sho‘ro generallari singari fikr yuritishga unchalik o‘rganmagan, u ham yuqoridan berilgan buyruqnigina bajarishga ustasi farang edi. Shuning uchunmi, tusmollanib:
— Menimcha, bu sharoitda markazdan odam chaqirish kerak, mutaxassislarni...— dedi.— Keyin buyruq bersanglar, biror ilojini qilsa bo‘lar...
Prezident endi boyadan beri sukut saqlab turgan barvastaqomat, do‘ngpeshona akademikka murojaat qildi:
— Bu masalada sizning fikringizni bilishni istardim, o‘rtoq Xolmurodov? Yuzidan suqrotony donishmandlik balqib turgan Asqar G’anievich shoshilmay gap boshladi.
— O’ylashimcha, bu — fanga hali mutlaqo noma’lum bo‘lgan mavjudot. Balki u chindanam sun’iy yo‘l bilan tasodifan yaratilgan mutamax, ya’ni mutantlashgan maxluqdir? Ehtimol, u irotlik janob general aytayotgan kemada koinotdan tushgandir? Uning biologik qurol ekani haqidagi taxminga ham qo‘shilish mumkin...
— Tushunarli. Lekin uni qayda va qay tariqa yo‘q qilsvk bo‘ladi? Bizlarni shu masala qiziqtiradi.
— O’ylashimcha, biz bu yerda dunyo tarixida ko‘z ko‘rib-quloq eshytmagan g‘aroyib hodisaga duch kelib turibmiz. Mana, siz uni biror kimsasiz sahroda gumdon qilishning biror iloji bormi, deb so‘rayapsiz. Ma’lumki, har qanday sahroda ham o‘eiga xos biologik hayot bo‘ladi. Hayot bor, joy esa, anavi maxluq uchun — ozuqa manbai shunday sahro topish kerakki, u yerda hech qanday hayot asari bo‘lmasin, nafas olish ham qiyinchilik tug‘dirsin. Ana shunday omol joy — quriyotgan, tuz va har xil tuzsimon zaharli moddalarga to‘lib-toshgan Orol sohillari. Axir, xalqimiz «zaharny zahar kesadi», deb bejiz aytmagan. Shularni e’tiborga olib, men irotlik janob generalning fikrida jon bor, deb hisoblayman.
— Buning aynan sizlar o‘ylagandek bo‘lishiga kim kafolat bera oladi? Mabodo u Orolda o‘lmasa nima bo‘ladi?
— U holda,— gap qo‘shdi general Najot Olloyor,— maxluqni yo‘qotishning biror o‘zta chorasini topgunimizcha uni istagan boshqa sahroga boshlab boraverishimiz mumkin... Faqat... ko‘proq archa shoxlari jamg‘arishimizga to‘g‘ri keladi, xolos.
Prezident har qanday masalani shartta-shartta hal qilishni yaxshi ko‘radigan, cho‘rtkesar odam edi. Hozir ham shunday bo‘ldi. U sahro uzra tobora uzoqlashib borayotgan sharsimon maxluqqa tikilarkan: 
— Bo‘pti, kelishdik!—dedi qat’iy ohangda.— Bo‘lmasa, olislab ketmasidan uni orolga buringlar! Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham butun mas’uliyatnixiz bilan bizning zimmamizga yuklabdi. Vaziyat o‘ta jiddiy. Illo, endi bizga dunyo ko‘z tikib turibdi...
Xuddi shu choq yo‘lning narigi boshida daryo yoqalab kelayotgan vezdexodlar safi ko‘rindi. Ularning ustiga archa shoxlari ortilgan edi.

* * *


Oradan chamasi ikki soat ham o‘tmay, bashariyat tarixida misli ko‘rilmagan g‘alati karvon yo‘lga tushdi. Oldinda prezident, uning hamrohlari va yo‘l ko‘rsatuvchi mutaxassislar o‘tirgan parrakli uchoq uchib borar, ketma-ket pastda archa ortgan vezdexodlar safi yelar, ular har ikki yuz-uch yuz gaz masofada bittadan archa shoxi qoldirishar, ularning orqasidan eea, sharsimon mahluq xuddi qarmoqqa ilingan baliqday sudralib, sahro uzra soatiga taxminan o‘ttiz-qirq chaqirim tezlikda uchib borar edi. Najot Olloyor boshliq Irot harbiylari tushgan parrakli uchoq karvonning oxirida ketardi. Prezidentning «vatanlaringga qaytaveringlar» degan takliflariga qaramay, general ishni nihoyasiga yetkazishni lozim topgandi.
Sahrolar, paxtazorlar, soyliklar, qir-adirlar va tepaliklar osha yo‘l bosisharkan, vaqti-vaqti bilan yuki sob bo‘lgan vezdexodlar o‘rnini boshqalari egallardi. Shu tariqa, g‘aroyib karvon kechani kecha, kunduzni kunduz demay olg‘a intilardi.
Nukusga o‘n chaqirimcha qolganda, mutamahning avzoida o‘zgarish yuz berdi. U kutilmaganda istiqbolidagi «ozuqa»lardan voz kechib, shahar tarafga yo‘l soldi.
Jon-poni chiqib ketgan odamlar sarosimaga tushib qolishdi. Agar maxluq shaharga kirib borsa, voqealar qanday tus olishini yaxshi tasavvur qilgan Najot Olloyor ratsiya orqali archalarni endi har ellik gaz masofada qoldirishni tavsiya etdi. Shu yo‘l bilan maxluqni o‘zlariga yana ergashtirishga arang muvaffaq bo‘lishdi.
Nihoyat, bir vaqtlar limmo-lim dengiz tubi bo‘lgan, endi esa qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan o‘lik sahroga aylangan zahilrang Orol sohillari boshlandi. Olisda qumloqqa yarim botgan turfa-tuman kemalar, katta-kichik qayiqlar ko‘rindi. Dengizgacha yana yuz chaqirimdan ziyod yo‘l bosish kerak edi.
Endi sharsimon maxluq «semirib», to‘rt qavatli binoday kattalashib, ko‘rinishining o‘ziyoq uni kuzatib borayotganlar qalbini dahshatga sola boshladi. Uni tamomila yo‘qotishga shubhasi tobora oshib borayotgan Prezident asabiylashib, parrakli uchoqda o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. U yonidagi yosh akademikni bot-bot savolga tutar, javoblaridan unchalik qoniqish hosil qilmas, boz ustiga uning hamma akademiklarga xos o‘ta xotirjamligi jig‘iga tega boshlagan edi.
— Endi u tezligini kamaytira boshlashi kerak,— dedi Xolmurodov, deraza orqali sharsimon maxluqni kuzatishda davom etib.
— Nima uchun? — so‘radi prezident xavotirga tushib.
— Chunki bu yerning havosi buzuq, nafas olishi qiyinlashadi.
— Hali u nafas ham oladimi?
— Albatta-da. Har holda biologik mavjudot-ku.
Picha sukutda qolgan prezident yana olimni savolga tutdi:
— Darvoqe, mahluq nega endi archaga buncha ishqiboz?
— Chunki archa o‘zidan boshqa o‘simliklarga nisbatan ko‘proq kislorod chiqaradi. Boz ustiga uning tarkibida mutamax uchun o‘ta to‘yimli har xil yog‘simon, mutagen ta’sirga ega moddalar ham mo‘l-ko‘l-da.
Chindanam, ko‘p o‘tmay mutamax tezligini kamaytirdi. Shunda ratsiya qurilmasi orqali Najot Olloyorning hayajonli ovozi eshitildi:
— Janob Prezident, mahluq o‘zidan qandaydir ko‘kimtir suyuqlik chiqara boshladi!
Akademik Xolmurodovning ko‘zlari birdan chaqnab ketdi.
— Juda soz! — dedi u hayajonini arang bosib.— Yemirilish boshlandi. Prezident unga tomon keskin burildi:
— Yemirilish?
— Ha, tanasi yemirila boshladi. Fanda buni avtoliz deyiladi. Endi orqaga kaytishga intilmasa go‘rga edi.
Orada yarim soat o‘tmay, sahroda tuz bo‘roni boshlanib, olisda asosi osmonga qaragan ulkan quyun paydo bo‘ldi. U shiddatli tezlikda g‘aroyib karvon jilayotgan joyga yaqinlashib kelar edi.
— Archalarni quyun yo‘nalishiga tashlanglar! — qichqirdi Xolmurodov bor ovozi bilan. Azbaroyi zo‘riqqanidan keng peshonasidan ter tomchilari sizib chiqqan edi. General Fujenko uning buyrug‘ini zumda vezdexodlarga yetkazdi.
Yana bir necha fursatdan so‘ng tarkibida gerbitsid, pestitsid singari zaharli moddalar to‘lib-toshgan bu mudhish quyun sharsimon maxluq yoniga yetib keldi-da, guvlab uni «yalab» o‘tdi. Ular to‘qnashgan joyda bamisoli yashin chaqnab, yer-ko‘k junbushga keldi. Olamning borliq zahar-zaqqumlari jamlangan bu jahannamiy nuqtadan otilgan unsiz oh-faryod go‘yo butun Koinotga taralayotganday edi. Mutamaxning uyurma tegib o‘tgan qum barxaniday katta bo‘lagi shu zahoti yemirilib, erib tushdi.
Shundan keyin u favqulodda shahdidan tushib, toshbaqa yurish qila boshladi. Tana-si ham sezilarli darajada kichrayib borayotgani yaqqol ko‘rinib turardi.
— Yo‘q, u endi orqaga qaytolmaydi! — dedi akademik hayajon ichida xuddi yosh boladay suyunib.— Quvvati yetmaydi. O’ziyam ayni kushandasiga yo‘liqdi. U endi bir necha daqiqadayoq adoyi tamom bo‘ladi!..
Azbaroyi xursand bo‘lib ketganidan Prezidentning ko‘zlari yoshlandi. U bir necha yilga tatigudek o‘tgan so‘nggi kunlar mobaynida ilk marta yengil nafas oldi.
— Kislotaga tushgan ishqorday erib ketadi!..— dedi akademik hamon mamnunligini yashirolmay.
— E, xudo! — xitob qildi prezident ovozi titrab.— Xalqimizga ming bor bukilib ta’zim qilsak arziydi! Bu joylarga koinotdan tushgan shunday dahshatli maxluq ham bardosh berolmadi, u esa haliyam chidab yashayapti!..
U chuqur iztirob bilan hamrohining zabardast yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.