Qishning so‘nggi kunlaridan biri bo‘lishiga qaramay, atrof oppoq qor, etni junjiktiruvchi ayoz sovug‘i izillaydi. Shunday kezda ko‘klam kelib, kunlar isib ketishini yanayam ko‘proq qo‘msaydi odam. Balki inson qoni qaynoqligidan, mehri issiqligidan sovuqqa chidamsizdir. Qorni g‘arch-g‘urch bosib borayotgan Azamat ham azbaroyi sovqotganidan qarshisidan kulimsirab kelayotgan kishini payqamadi.
– Assalomu alaykum, Azamat aka! Tanimadingiz-a?
Azamat to‘xtab, peshonasini tirishtirgancha unga tikildi. Yuzi tanish-u, eslay olmadi.
– Men Sobir akaning o‘g‘li Ziyodman. Qishloqdagi og‘ayningiz bor-ku.
– Ie, Ziyodjon. Qanday, yaxshi yuribsanmi? Buni qara-ya, kap-katta yigit bo‘lib qolibsan, shunga tanimabman. O‘qishingni bitirdingmi?
– Yo‘g‘-e, to‘rtinchi bosqichman. Qishki sessiyalarni tugatsam, diplom ishini yozishni boshlayman.
– Tugatyapman de. Buni qara-ya, vaqtning yugurikligini. Yaqindagina otang bilan o‘qishga kirdim deb uyimga keluvding. Ko‘z ochib yumguncha to‘rt yil o‘tibdi. Og‘aynim yaxshi yuribdimi? – so‘nggi savolini biroz xijolatomuz tarzda berdi u.
– Yaxshi, hozir kasalxonada davolanyapti, – dedi Ziyod xomush.
– Tinchlikmi, otangga nima bo‘ldi? Yo bir charchog‘ini chiqaray dedimi?
– Insultga chalinib, yotib qoluvdi. Biroz o‘nglangach, buyoqqa olib keldik. Hozircha ahvollari yaxshi.
– Buni qara-ya, eshitmabman. Ishqilib, shifosini bersin. Tibbiyot akademiyasi kasalxonasida yotibdi dedingmi? Mayli bo‘lmasa, men tezroq borib, ishlarimni tugatay. Keyin og‘aynimning yoniga boraman.
Ishxonasiga kelgan Azamat xodimlardan kechqurun chiroq o‘chib qolganini va yordamchi yigitlar topshiriqni tugatmaganini eshitib, fig‘oni falakka chiqdi. Tezroq ishni yakunlab, hisob-kitoblarni boshqaruv raisiga topshirmasa, naq baloga qolishini o‘ylab, ish bitguncha yigitlarning boshida turdi. Mana, yigirma yildirki, u mana shu tashkilotda bosh hisobchi. Shu paytgacha biron marta bunday noqulay holatga tushmagandi. Yil boshi bo‘lgani uchun ishlar qalashib yotibdi. Hali tashkilotlar bilan yangi shartnomalar tuzish, ularning hisob-kitoblari bilan shug‘ullanishi kerak. Bir kungina vaqtli ketsa, bu tashkilotda go‘yoki hayot to‘xtaydi. Shundan direktor doim “yaxshiyam, sizdek tajribali xodimlarimiz bor” deb uni maqtab qo‘yadi. Negayam tunov kuni vaqtli ketdi-ya. Hech qursa, hisob-kitobni tugatib ketmagani uchun afsuslandi. Aksiga olib, xotini “opam qizini uzatyapti, bir mebel olib berish bizning zimmamizda” deb bozorga yetakladi. Bugun peshinga yaqin xotirjam ishga keldi-yu, bu g‘avg‘oning ustidan chiqdi. Hisob-kitobni ishonib ketgan yordamchisining esa hali qorasi ko‘rinmaydi. Alamdan bo‘g‘riqib, o‘zini ming yoqqa urgani bilan foydasi yo‘qligini bilib, o‘zi hisob-kitobni tugatdi. Tushlikka chiqishga ham ulgurmadi. Hujjatlarni tayyorlab borsa, boshliq qayoqqadir majlisga ketibdi. Hafsalasi pir bo‘lgan Azamat kechki soat sakkizgacha uni kutdi. Nihoyat, hujjatlarni imzolatib, ko‘nglini xotirjam qilganida devordagi soat millari kechki to‘qqizdan o‘tganini ko‘rsatardi. Ziyodga bergan va’dasi esiga tushib, ichidan zil ketdi.
“Hozir borsammikin? Vaqt allamahal bo‘lib qoldi-da, bu paytda bemorni bezovta qilish yaramaydi. Buning ustiga uni ko‘rgani quruq borolmaydi. Ertaga avval kasalxonaga o‘taman” deb o‘ziga taskin berib, uyiga otlandi. Ayozda qolgan musichadek qunishib kirib kelganida ayoli allaqachon uxlab qolgan, kichik qizi dars tayyorlab o‘tirardi.
– Oyimning boshi og‘rib, boyagina uxladi. Hozir ovqatingizni isitaman, termosda choy tayyor, – dedi qizi dik etib o‘rnidan turib.
Issiq xonaga kirgach, Azamatni uyqu elitib, qizi ovqatini keltirguncha ko‘zi ilindi.
Sahar chog‘i xotinining ovozidan uyg‘ondi.
– Qozonga ozroq sho‘rva solib qo‘y, kasalxonaga o‘tishim kerak, – dedi xotiniga bugungi rejalarini xomcho‘tlab.
– Voy, yana kim kasal bo‘ldi? Qishloqdoshlaringiz sira tinch o‘tirishmaydi-ey. Mening uyda sho‘rva pishirishga sira vaqtim yo‘q. Bugun opamnikiga qudalari kelishadi. Vaqtliroq borib, oshga unnashim kerak. – Ayolining chimirilishi Azamatga og‘ir botgan bo‘lsa-da, indamadi. Hozir unga gapirish behudaligini biladi. Opasining to‘yi boshlangani- dan beri ro‘zg‘oriniyam unutayozgan.
– Bo‘lmasa, kechagi puldan tashlab ket. Yo‘ldan biron ovqat olaman, – dedi qovog‘ini uyub.
– Dadasi, og‘ayningizni borib ko‘rishingiz shartmi? Hech qursa, opamning to‘yini o‘tkazaylik. Bilasiz, to‘yga tog‘ora qilib borishim, o‘zimga yangi ko‘ylak olishim kerak. Shuncha tashvish turganda kasalxonaga xarajat qilasizmi? Shoshilmang-chi, keyinroq bir gap bo‘lar.
– Opangning to‘yiga pul topiladi. Lekin og‘aynim Sobirni ko‘rishga kelganda...
– Hay-hay, – odatdagiday erini gapirtirgani qo‘ymay, javrashga tushdi ayoli, – o‘sha do‘stingizni umuman og‘zingizga olmang-e. Bizga qilganlari esingizdan chiqdimi?
– Sobir senga nima yomonlik qildi? – erkak jahldan o‘zini tiyolmay o‘shqirdi.
– O‘g‘li bir yil uyimda yashadi, lekin bir og‘iz rahmatini eshitganim yo‘q. Tag‘in o‘g‘lining tarbiyasizligi uchun kechirim so‘rash o‘rniga, sendan buni kutmovdim, deb ta’na qilgani allaqachon esingizdan chiqdimi?
Xotiniga yana gapirsa, farzandlarining yonida izza bo‘lishini o‘ylab, shartta kiyindi-yu, ishga otlandi. Ortidan qizi “choy iching” deganicha qoldi.
Ko‘chada havo kechagidan-da sovuqroq edi. Og‘zidan bo‘ylagan izg‘irindan oshqozonida zirqiragan og‘riq turdi. Yo‘ldagi oshxonadan taralayotgan jizning isi ishtahasini qitiqladi. Ishxonaga kelgach, hamkasblari kelguncha biroz mizg‘ib olmoqchi bo‘ldi. Lekin xotinining boyagi qilig‘ini o‘ylab, ko‘ziga uyqu kelmadi. Tunov kuni Ziyoddan otasining qo‘l telefoni raqamini olmagani uchun afsuslandi. Hech qursa, telefonda bo‘lsayam ahvolini so‘rardi. Erta-indin maoshini olishi bilan og‘aynisini ko‘rgani boradi. Shu bahonada undan kechirim so‘raydi. Ko‘zlarini yumib, xayolga cho‘mdi: Sobir bilan bir partada o‘tirishgan. Oralaridan qil o‘tmas og‘ayni edilar. Talabalikda ham ijarada birga yashashdi. Azamat poytaxtdan uylanib, shu yerda qoldi. Sobir qishloqdagi maktabda o‘qituvchilik qildi. Avvaliga bordi-keldi qilishdi. Keyin Azamatning ishlari ko‘payib, qishloqqa onda-sonda boradigan bo‘ldi. Oradan o‘n sakkiz yil o‘tib, Sobirning o‘zi og‘aynisining eshigidan kirib keldi. Qo‘lida uch sumka yegulik. Qishloqning qurtidan tortib, guruchi-yu, jizzali patirigacha keltiribdi.
– O‘g‘limni viloyatimiz markazidagi universitetda o‘qitsam bo‘lardi. Lekin poytaxtda o‘qib, og‘aynimning ko‘z oldida bo‘lsin, dedim. Nasib etsa, sendek kattakon odam bo‘lsin deb niyat qilganman. Uying kenggina ekan, o‘g‘limni qoldirsam nima deysan? Ko‘z-quloq bo‘lib turarding-da, – dedi Sobir.
Azamat rozi bo‘ldi-yu, kechasi xotinidan rosa gap eshitdi. Biroq bo‘sh kelmadi. Yaqin og‘aynisining birgina istagini bajarolmasa, katta shaharda nima qilib yuribdi? Sobir talabalikda unga qanchadan qancha yaxshiliklar qilgan. Bugun uning o‘g‘liga muruvvat ko‘rsatishi kerak emasmi? Erining qat’iyligini ko‘rib, xotini yon berdi. Lekin kunda-kunora Ziyodning tarbiyasizligini, kamchiliklarini aytib, uni uydan chiqarishini eridan talab qilardi. Ziyod bir yil yashaganidan keyin Azamat ayolining arzimagan gapi bilan uni yotoqxonaga chiqarib yubordi. Bu qilmishi Sobirning ko‘ngliga og‘ir botibdi. “Sendan buni kutmovdim, og‘aynichilik shunday bo‘ptimi?” dedi kelganida og‘rinib. Mana uch yildirki, ikki og‘ayni yuzko‘rmas. Biroq Sobirning kasalxonada yotganini eshitib, Azamatning halovati yo‘qoldi. Og‘aynisining yoniga borib, oralaridagi dilxiralik uchun kechirim so‘rashni o‘ylayverdi. Biroq bunga hozir na imkon, na fursat bor. Ertalab ishxonaga kelishi bilan tezroq tugatay, deb ishga sho‘ng‘ib ketadi. Kechqurun bormaganiga pushaymon bo‘lib, keyingi kun kelishini kutadi.
Yo‘l bo‘yi Azamatning yuragidagi g‘ashlik arimadi. Qorlar erib, bahorning tafti sezilganidan odamlarning kayfiyati yaxshi. Havo biroz izg‘irinli bo‘lsa-da, bugun quyoshning nur taratayotgani ko‘ngilga taskin beradi. Azamat kasalxonaning nevrologiya bo‘limiga tomon yurdi. Xonaga kirib, Sobirni ko‘rgunicha uning yuragidagi vahm kattalashib, tog‘dek bo‘lib ketdi.
– E, ertalabdan ko‘zim uchib turibdi desam, oshnam kelarkan-da! – o‘rnidan qo‘zg‘alib so‘rashishga chog‘landi Sobir.
Og‘aynisining dilkashligidan Azamatning xavotiri tumandek tarqadi. O‘kinch to‘la nigohlarini minnatdorchilik egalladi:
– Kelib-kelib mendek oqibatsiz oshnaga ko‘zing uchdimi? Seni qara-yu, bu yerda nima qilib yotibsan?
– Qishloqning tashvishini bir chekkaga surib, og‘aynimning yoniga kelsam undan darak yo‘q. Ha mayli, ishqilib kelding-ku. Tunov kuni do‘xtir ketishimga ruxsat beruvdi. Azamat bir kelib ko‘rmasa, qandoq ketarkinman, deb yuragim xijil bo‘lib turuvdi. Buni qara, sezgandek yetib kelding, baraka top, – dedi Sobir oshnasining qo‘lini qo‘yib yubormay.
– Qayoqqa ketasan? Bir-ikki kun menikida mehmon bo‘l. Ikkovimiz bir oshlashib, hangomalashmaguncha seni qo‘yib yubormayman. O‘tgan ko‘ngilsizliklar uchun meni kechir, oshna.
– E, qo‘ysangchi, bu gaplarni, – qo‘lini siltadi Sobir, – og‘aynilar ginalashmaydi. O‘g‘lim bugun qishlog‘imizgacha boradigan mashinani olib keladi. Qishloqni, uydagilarni sog‘indim. Senikiga keyingi safar boraman. Mana buyog‘i ko‘klam keldi. O‘zing ta’til olib, bir haftaga qishloqqa bor. Ikkovimiz qo‘zi o‘tlatadigan o‘sha yaylovga chiqib, bir ko‘ngil chigilini yozamiz, kelishdikmi? Sen osmonga tikilib yotasan, men kitobimni o‘qiyman. Har zamonda bo‘lsayam bolalikka qaytib turish kerak, ko‘ngil g‘uborlanmaydi-a, nima deding, og‘ayni?
– Sen haliyam o‘sha Sobirsan, sira o‘zgarmabsan. Qishloqqa borib, sen bilan bolalikka qaytganim bo‘lsin! – deb ko‘zidagi yoshni ko‘rsatmaslik uchun oshnasini bag‘riga bosdi.
Sobir ham uni mahkamroq quchoqladi.
Tashqarida qorlarni eritib, chiroyi yanada ochilayotgan erta bahorning quyoshi ikki oshnaning mehridan bahramand bo‘lmoqchidek derazadan mo‘ralardi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 6-son