Halima opa eri bilan kelishib olganlaridek, to‘y haqidagi gapni, tushlikdan keyin ochmoqchi edi. Qarasa o‘g‘li ovqatni hash-pash deguncha tushirib bo‘lib, juftakni rostlayapti. Shuning uchun birdan o‘g‘lining qo‘lidan tutdida: - “O‘tir senga gap bor”, - dedi, kulimsirab. Endi ko‘chaga otlangan Salim bir otasiga, bir onasiga hayratomuz qarash qildi-da, gap nimadaligini anglaay olmadi shekilli, yana boyagina ovqatlangan joyiga cho‘kdi.
Ona baribir onada, issiqqina hovur ko‘tarilib, dimoqni qitiqlayotgan ovqatini bir chetga surib, turmush o‘rtog‘iga bir ko‘z qirini tashlab qo‘ydida, gap boshladi: “O‘g‘lim mana bu yil Universitetni ham bitirding. Shu desang, biz otang bilan kelishib, boshingni ikkita qilib qo‘ymoqchi edik”, nima deysan. Shu payt bir chekkada qimtinibgina ovqatlanayotgan singlisi “piq” etib kulib yubordi. Salimning yuragi tez-tez urib ketdi. Yuzi qizardi: - “E, qo‘ysanglarchi, hali yoshman-ku, uylanish qochib ketmas”, dedi uyalib.
- Qanaqasiga yoshsan, - javray ketdi onasi - yigirma beshga kirding. Sen tengilarning hozir uchta-to‘rttadan bolasi bor. Qachongacha ammamning buzog‘idek so‘ppayib yurasan.
Oraga bir muddat sukunat cho‘mdi. Ota-ona nigohlarini farzandlariga qadadi. O‘g‘ilning ko‘zlari esa yer chizish bilan ovora edi. Shu payt gapirish navbati o‘ziniki ekanligini xotinining imo-ishorasidan anglagan Xolmat aka ham gapga aralashdi: - O‘g‘lim, nega yo‘q deysan, amakingga ham hali uylanmayman depsan, ha bunday, biz ham oyoqni cho‘zib yotsak, kelinimiz xizmatimizni qilsa, deymiz. Nabiralarimizni o‘ynatsak yursak. Bizni ham bog‘lab bermagan axir.
Salim ich-ichidan zil ketib, quvonchini ichiga yutayotgan bo‘lsa ham o‘zini paysalga solardi. Vaziyatdan chiqish uchun, o‘rnidan turib, ketmoqchi bo‘ldi. Ammo Xolmat akaning “o‘tir joyingga” degan amirona buyrug‘i yangradiyu, Salim unga so‘zsiz bo‘ysunib, yana ko‘rpachaning bir chetiga qisilibgina o‘tirib oldi.
- Tanlaganing bo‘lsa ayt, tortinma, bu har yigitning boshida bor savdo, - dedi onasi gapini davom ettirib. Salim endi kalovlanib turish ortiqcha ekanini his qildi. Qizarib-bo‘zarib “hozircha yo‘q”, - dedi. Ota-ona bir-biriga ma’nodor qarab qo‘yishdi. Salim ularning qarashlaridan “yigitmisan o‘zi” degan ma’noni uqdi.
- Sharif akangning qiziga nima deysan, - Xolmat aka vaziyatdan chiqib ketish uchun o‘g‘lini o‘ziga qaratdi.
- “Qaysi Sharif aka?”, - Salim bir entikib tushdida, o‘zini bilmaganga oldi.
- Huv muyulishda turadi-ku, qizining ismi Dilfuza, bu yil maktabni tugatdi, nima balo tanimay qoldingmi?
Salim endi o‘zini haqiqiy qopqonga tushgandek his qildi. Sekingina orqaga tisarilib, xiyol boshini ko‘tardi. So‘ng hammasini sotibsanda degandek singlisiga yovqarash qildi.
- Nima deysan, gapir, mum tishlab olganmisan, onasi o‘g‘lini niqtadi, turmush o‘rtog‘iga choy uzatarkan. Salim yuragi gupurib, ichki xursandligi yuziga tepib qolishidan qo‘rqdida, “O‘zingiz bilasizlar”, deb shiddat bilan ko‘chaga otildi. Ko‘chaga chiqdi-yu, to‘yib-to‘yib havo simirdi. Shodligidan baqirib-chaqirib osmonga sakragisi kelib-ketdi. O‘ziyam o‘rtog‘lari qachon uylanasan deb xoli joniga qo‘ymayotgandi. Ba’zilar: “Bu qiz bola, uyiga sovchi kelishini kutayapti, shu yurishi bo‘lsa yaqin orada erga tegolmaydi-yov”,- deb askiya qilsa, nafsoniyatiga tegib ketardi. Mana endi hammani to‘yga taklif qiladi.
Salim yoshligidan ancha nimjon hamda sodda bo‘lib o‘sdi. Tinimsiz kasal bo‘laverishi uni shu ko‘yga solgandi. Mana o‘sha bo‘sh-bayov yigitcha erta-indin uylanaman deb turibdi. Quvonchdan yuragi hapqirib ketaman deydi-ya.
Salim kechqurun o‘rtog‘larinikidan qaytib, uyiga kirarkan, hayratdan lol qoldi. Xuddi to‘y ertaga bo‘ladigandek, amma-xolalaridan tortib, tog‘a-amakilarigacha ularnikida to‘planib turishgan ekan.
- E, e, ana kuyov to‘raning ham o‘zlari ham kelib qoldi-ku, deb Salimni ham davraga tortishdi.
Hol-ahvol so‘rashib bo‘lishgach, birinchi bo‘lib Xadicha momo nevarasiga yuzlanib gap boshladi.
- O‘g‘lim, sen mening bosh nabiramsan. Mana ko‘rib turibsan, mening ham bir oyog‘im shu yerda bo‘lsa, bittasi go‘rda bo‘layapti. Qarichilikda endi, nima qilay? Endi, ... bitta tilagim – sening to‘yingni ham ko‘rib qolsam, degandim.
- Yo‘g‘-e, hali ko‘p yashaysiz, - Salim g‘o‘dranib qo‘ydi.
- Unaqa dema, Dilfuzaga kelsak, gapida davom etdi onaxon, - u senga munosib emas. Bilasan. Uni bitta xolasining aqli sal zaifroq.
- Qanaqasiga aqli zaifroq bo‘lsin, tuppa-tuzuk jinniku, - luqma tashlab qo‘ydi, shartakiroq ammasi. Buvisi “nojo‘ya gap aytib yubording”, - degandek qiziga bir o‘qrayib qaradida, so‘zini ulab ketdi.
- Shuning uchun boshqa biror qizni ko‘z ostingga olgan bo‘lsang ayt, biz shunga qarab ish tutamiz. Bugun bu yerga to‘planishimizdan maqsad ham shu aslida. Atrofdagilar ham, “ha-ha” deb onaxonning gapini ma’qullashdi. Salim esa o‘zini tamoman yo‘qotib qo‘ydi. Oyoq-qo‘li bo‘shashib ketdi. Tanasidagi bor kuchini to‘pladi-da, bazo‘r g‘udrandi:
- Nima men xolasiga uylanaman deyapmanmi?
Shunda amakilari, ammalari. Hatto buvisi ham Xolmat akaga bir nazar tashlab qo‘yishdi. Ota boshini quyi solgancha, qattiq o‘yga cho‘mgandi.
Jiyanining qizishib ketganini ko‘rgan amakisi ham gapga aralashdi.
- Qizishma jiyan, ana otangga qara, - hamma yalt etib, yana Xolmat akaga qaradi, - chap yuzlarida no‘xatday xol bor. Bu xol bobongda ham bor edi, menda ham bor, faqat ko‘rinmaydigan joyimda. Sendayam bo‘lsa kerak. Bunaqa narsalar avloddan avlodga o‘tadi. Bizni to‘g‘ri tushun, bo‘lajak kelinning yetti pushti toza bo‘lishi kerak. Biz faqat sening baxt-saodatingni o‘ylayapmiz.
Salimning qulog‘iga gap kirmadi. Bir necha daqiqa oldin yonginasida turgan sevgani, endi undan tobora uzoqlashib borardi. Alami kelib, “Bo‘lmasa men uylanmayman”, - dedi-yu, shart o‘rnidan turib, ko‘chaga otildi. Hech qanday kuch uni bu yerda ushlab qololmasdi. Ko‘chaga chiqib, to‘g‘ri kelgan tarafga yurdi. Ichidan iztirobli o‘kiriq otilib chiqdi. Halima opa “O‘g‘lingizga qarasangizchi”, - deya Xolmat akani turtgancha qolaverdi.
Xolmat aka bu chog‘da o‘zining beqaror va kurakda turmaydigan yoshligi, gunohga botgan, faqat o‘zigagina ayon bo‘lgan mudhish tunni xotirlardi. Dilfuzaning aqli zaif xolasi aslida uning sinfdoshi bo‘lib, yoshligida tuppa-tuzuk edi. Bir kuni maktabdan paxtaga olib chiqishdi. Xolmat va uning ikkita o‘rtog‘i paxta termay, tarozi payti dalada yashrinib, o‘tirishgandi. Shu payt ulardan biri, asta kallasini ko‘tarib, o‘zlari tomonga kelayotgan qizil kuylakli qizni ko‘rib qoldi. Bu shubhasiz Malika edi. Uning nimasidir paxta tergan agatida qolib ketgan shekilli, paxtasini torttirib bo‘lib uni olib ketgani kelardi. Boyadan beri behayo suratlarni tomosha qilayotgan yigitchalarning hirsi uyg‘onib ketdi. Kuylaklarini niqob qilib boshlariga o‘rashdi-da, o‘ljani kuta boshlashdi. Malika yolg‘iz o‘zi, allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilib kelardi. Yigitchalar Malikaga och bo‘ridek tashlanishdi. Ular qizning nomusiga tegishmadi, biroq qattiq qo‘rqqan qiz shu-shu kechalari yig‘lab chiqadigan, kunduzlari tentirab allaqaylargadir ketib qoladigan bo‘ldi. U butunlay aqlu-hushidan mosuvo bo‘lgandi. Qizni jinlar chalib ketgan deb gap tarqaldi. Aytishlaricha avval ham bir ayol bilan bir erkak shunaqa bo‘lib qolgan ekan. Malikani ko‘rmagan do‘xtir, tabib qolmadi. Barcha urinishlar befoyda ketdi. Jinoyatchilarni esa xudoning o‘zi jazoladi. Xolmat va bitta o‘rtog‘i avtohalokatga uchrashdi. O‘rtog‘i vafot etdi, Xolmatning oyog‘i sindi, haliyam oqsoqlanib yuribdi. Yana birlari esa qilmishi ajrini beoqibat bolasidan topdi.
Xolmat uylanadigan payti kelganda ko‘p yillar jinni bo‘lsayam uylansam faqat Malikaga uylanaman, deb yurdi. Lekin biror kishi uni qo‘llamadi. Kimdir uni qizning chiroyiga uchayapdi dedi, kimdir esa Xolmatning o‘ziniyam jin chalganga chiqardi. Oxiri taqdiriga ko‘nishga majbur bo‘ldi. Xolmat bir umr vijdon azobida qovrildi. Bugun esa o‘g‘li o‘zi tomonidan aqliy nogiron qilib qo‘yilgan qizning jiyaniga uylanmoqchi.
- Uylanasan o‘g‘lim, uylanasan! – deb pichirladi ota, - men uchun ham, o‘zing uchun ham uylanasan. Uni albatta baxtli qilishing shart. Ota shunday deb, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Burchakda turgan hassasini qo‘liga oldida, o‘g‘lini qidirib tashqariga chiqdi.