OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Mansub-1984 (hikoya)

Bu manzaralarni men bilan birga unib-o‘sgan tengdoshlarimu bizdan bir necha yosh katta-kichiklar, o‘qituvchilar, ota-onalar juda yaxshi bilishadi. Oradan o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tdi. Shuncha yil ichida ham o‘sha yashab o‘tilgan kunlar esdan chiqmabdi. Kecha kechqurun bola-chaqa bilan birga ovqatlandik, televizor ko‘rdik, u yoq-bu yoqdan gaplashganday bo‘lib, so‘ng birgalashib o‘g‘limning tayyorlagan darslarini yana bir bor ko‘zdan kechirib chiqdik. O‘g‘lim litseyning ilk sinfida, fanlarga juda qiziqadigan yigitcha, boz ustiga, o‘rganishi kerak bo‘lgan ilmlar anchagina, shukrki, maktabida ham, uyda ham hamma sharoit uning bemalol va yengil bilim olishiga yo‘naltirilgan... nihoyat, uyquga yotdik.
 
Uyqu oldidan... to‘satdan esga keldi u voqealar.
 
Ajabki, esga kelishiga arziydigan bir sabab yo‘q edi!
 
Tuyqusdan, xotiramning tub-tublaridan o‘sha dala shiyponining ohaklari ko‘chgan devorlari, yer bag‘irlab o‘sgan pastak behilaru quruqshagan zaif uzumlar chirmashgan yog‘och ishkom... tuprog‘i o‘ydim-chuqur yo‘llar, bandigacha changga botgan kalta yantoqlaru qamishlar o‘sgan yo‘l chetlari, tubida ozgina zangor tusli suvi ilonday egilib-buralib oqqan chuqur zovur bir soniyaga qalqib chiqdi.
Uyqu kochib ketdi. Bir o‘zim hovliga tushdim. Ichkarida bolalar uxlashyapti. Bitta men bedor...
Oy havolab ketdi.
 
Makon kimsasiz edi. Zog‘ ko‘rinmaydigan u kengliklarda qolib ketgan ingichka, uzun gavdali o‘n to‘rt yashar o‘spirin menga hayiqibroq qarab turardi.
 
U yer qishlog‘imizdan ellik chaqirimcha uzoqdagi cho‘l hududi edi. Hayotimda cho‘lni ilk bora shunda ko‘rganman. Tuprog‘i g‘alati edi. Yo‘llarning chetida chang qalin oqish qatlam hosil qilgan, har tarafda yantoqlar o‘sgan, shiyponning qarshisida, yo‘lning u tomonida chuqur zovur ham bor bo‘lib, ichidagi qamishlari tippa-tik, oppoq popiltiriqlari katta-katta, uzoq-uzoqlargacha cho‘zilib ketgan edi. Narirog‘ida haddan tashqari bepoyon dala, unda o‘sgan pastak g‘o‘zalar, qatqaloq bo‘lib ketgan tuprog‘i uzra katta-katta g‘o‘dirish kesaklar ko‘zga tashlanar, xullas, qarovsiz bir joy edi u.
El-yurt u yerlarni “Mansub” deb atar edi. Nimaga bunday nom berilganini bilmayman. Shiyponning qachonlardir oqlangan devorlariga ham kimdir ko‘mir bilan katta-katta qilib “Mansub-1984” deb yozib qo‘ygan edi.
B
izlarni – yettinchi “A” sinf bolalarini, yondosh “B” va “V” sinflar bilan birga olib kelgan taxtalari siniq eski yuk mashinasi gurillay-gurillay to‘xtagach, birin-ketin sakrab tushib, tevarakka qiziqish bilan alanglagancha onamiz dumaloqlab bergan, orasiga non, turshak, mayiz solingan ko‘rpa-to‘shagimizni ko‘tarib chang bosib yotgan ayvonga tashidik. Non, qog‘oz qoplarda makaron, bidonda yog‘, qozon-kapgirlarni tushirganimizdan keyin, yuk mashinasi qaytib ketaqoldi.
 
Hammayoqni chang qoplagan edi. Yon-verimizda tollar o‘sgan, ular ham changga botgan, atrofda mevali daraxt ko‘rinmasdi. Faqat, shiypon yonida egri-bugri bitta behi bor ekan, mevalari kichkina-kichkina, toshday qattiq. Nariroqda benihoya ulkan dalalar yastanib yotibdi, chetlarida bahaybat tollar shovullaydi. Shiypon ikkita katta-katta xonadan iborat ekan, o‘rin-ko‘rpamizni ko‘tarib kirib, joylasha boshladik. Shiypon tegrasi aylana ayvon, atrofi sassiq hidli sarg‘ish qanor qop matosi bilan o‘rab chiqilibdi, xonalarga sig‘maganlar o‘sha ayvonga joylashishdi.
 
Keyin shundoqqina yerga tushirib ketilgan nonlarni va qog‘oz qoplardagi narsalarni ichkariga tashidik, shiypon atrofini tozaladik. Bu orada asr vaqti o‘tib, shom kira boshladi. Qip-qizil quyosh bepoyon dalalarning adog‘iga o‘tib, ohista ufqqa yaqinlashdi. Chumolilarga o‘xshab, tevarakni bir aylanib chiqdik. Shiypon ortidagi kaftday ekinzorga kimdir pomidor, bodring ekibdi, bodringlarning palaklari jonsizlanib-sarg‘ayib, ilviray boshlabdi. Pomidorlar hali qurimagan, bu ekinga suv bo‘lsa bas, kech kuzgacha hosilini beraveradi, ammo yerning kuchi yetmagan shekilli, hosili mayda-mayda, ko‘m-ko‘k. Narirog‘ida ikkita-uchta uzum meva solibdiyu solgan joyida chiribdi, naridan-beri tiklangan yog‘och ishkomga o‘ralib-chirmashgan holida qotib qolibdi.
 
Kech kira boshladi. Bu yerda elektr toki yo‘q ekan, o‘qituvchilardan kimdir borib, traktor moyi bilan ishlaydigan dvijokni yurg‘izib keldi. Hammayoqni salarka hidi tutdi, har yer-har yerda xira chiroqlar yondi. O‘qituvchilarimiz tomga chiqib, simdan antenna yasashdi, eski radio bor ekan, bir amallab gapiradigan qilishdi.
 
So‘ng hammamiz safga tizildik. Ibrohim domla yotoqning tartib-qoidalarini tushuntirdi. Choychi, nonchi, farrosh tayinlandi. Shiypon biqinidagi kichkina xonaga o‘qituvchilar joylashishdi. Kechga ovqat pishirilmadi, hammaga yarimtadan non va bir qoshiqdan shakar tarqatildi, bakka bir siqim quruq choy tashlab qaynatib, shu bilan qanoatlandik. Qorong‘i tushganidan so‘ng shiypon atrofida yurish mumkin emas, dedi Ibrohim domla. Hammamiz ichkariga kirib, har kim o‘z joyiga borib joylashdi.
 
Shu tariqa, men tug‘ilib o‘sgan qishloqning yettinchi sinf bolalarining barakdagi ilk kuni boshlandi.
 
* * *
 
Ertasiga ertalab soat oltida Ibrohim domla xonama-xona yurib, bizlarni uyg‘otdi. Kuz tongi salqin, qalin tuproq shudringdan nam edi. Qishloqdagilar qattiqligi bois “tosh etik” deb nom bergan etiklarimizni kiyib, tashqariga chiqdik. O‘tlar shudringdan egilib qolgan, dalalar adog‘idan katta qizil quyosh bosh ko‘tarib chiqayotgan edi. Bolalar birin-ketin yuz-qo‘llarini yuva boshladilar. Ariqdagi suv zax, sho‘r, unda yuz yuvib bo‘lmas, terini yorib yuborardi. Artezian qudug‘i bor ekan, bir bola dastasidan bosib suv chiqarib tursa, ikkinchisi yuvinadi. Bu orada choy ham qaynadi. Qator tizilishib turamiz, har birimizga bittadan non, piyolamizga shakar solib berildi. Etaklarimizni yerga solib, boshqa bir etakni dasturxon qilib nonushta qildik. Choydan ham salarka ta’mi kelar edi.
Sal o‘tmay “Hamma saflansin!” degan buyruq bo‘ldi. Uzun-qisqa bo‘lib saf tortdik. Domla normaning qirq kilo ekanini, bu yerda yegan-ichganimizni oqlashimiz kerakligini, normani bajarmaganlar kechqurun “shtab”ga chaqirilishini, terolmaganlar hammaning oldida sharmanda qilinishini aytib ogohlantirdi, keyin oldinga o‘tib yo‘l boshladi. Dalaga yo‘l oldik. Yo‘lning cheti chuqur zovur, keta-ketguncha katta-katta kesaklar qalashib yotibdi. Oralaridan yantoq, qiyoq, qanaqadir o‘tlar o‘sib chiqqan, ba’zilari gul ham ochgan, gullari xira qizg‘ish-ko‘kimtir, tikanlar esa baland o‘sgan, ular ham och safsar tusda gullabdi.
 
“Zovur juda chuqur ekan-a? Bunaqa chuqur zovurni zanjirli moshina kovlagan,” deydi Zokir. Gapi rost, bahaybat kesaklar o‘sha moshinaning ishi.
 
G‘o‘zalar yer bag‘irlab o‘sibdiyu bitta-ikkita ko‘sagi ochilganicha qotib qolibdi. Bo‘yi bir qarich, xolos.
Birin-ketin qatorlarga tushdik. Men paxta terib o‘rganib ketganman. Ammo bu yerning paxtasi tosh bosmas ekan. Kattakon quyosh ilg‘ar-ilg‘anmas tepaga ko‘tariladi. Havo isib ketdi. Dala adog‘ida ham kamishzorlar yastanib yotibdi. Tavba, muncha ko‘p bu yerda qamishlar? Egatlar orasidan yantoqlar bosh ko‘taribdi. Yantoq suvsiz joyda ham o‘saverarkan-da? Yo‘q, ildizi nam qidirib juda chuqurga ketadi. Bu yerning yantoqlari ham pastak-pastak. Ensiz, kambar barglari qalin chang bilan qoplangan.
 
Bir-ikki soatdan keyin yonimdagi Zokir atrofga alanglab, “Qorin ochqab ketdi-ku, non yeysanmi?” deydi. Ortimga qaradim, Ibrohim domla tol tagida o‘tiribdi. “E, ko‘rmaydi, ora uzoq-ku” deb, Zokir etagining ichidan bir burda non olib uzatdi.
 
Saldan keyin tushlik vaqti bo‘ldi. Mening tergan paxtam o‘n yetti kilo chiqdi. Shiyponga qaytdik. Onam piyola, kosa, qoshiq berib yuborgan, uni yotar joyimning bosh tomoniga, yostig‘imning tagiga ro‘molga o‘rab joylab qo‘yganman. Tushlikka makaron sho‘rva tarqatildi. Ovqatlanishga bir soat vaqt berildi. Ibrohim domla shiypon orqasida yotgan eski temir g‘ildirakni olib kelib, tol shoxiga sim bilan ostirdi. Shu tariqa zang yasaldi, pichadan so‘ng bolalardan birining qo‘liga temir berib, “Chal!” dedi. Bola iljayib, temir bilan g‘ildirakni bir urgan edi, qattiq daranglagan ovoz chiqdi. Zang chalindi, yana dalaga jo‘nadik.
 
Kechgacha o‘n besh kilo terdim, jami o‘ttiz ikki bo‘ldi. “Shtab bo‘ladi, domla paxtasini terolmaganlarni uradi” deyishardi. Shiyponga yetib borib, yuz-qo‘limizni yuvgach, domla qo‘lida qog‘oz bilan chiqib keldi, “Madvaliev, Akbarov, Tojaliev, Mahmudov, Muhammadjonov... tolning tagiga o‘t hammang! Senlarga ovqat yo‘q! Qolganlar qozon boshiga marsh!”
 
– Endi uradi! – dedi qo‘rqa-pisa bir bola.
– Menga kaltak o‘tmaydi, – deb maqtandi boshqa biri. – Otamdan kaltak yeyaverib pishib ketganman.
Sinfdoshlar ovqatlanib bo‘lishguncha tol tagida tippa-tik turaverdik. Hamma ovqatlanib bo‘lgach, Ibrohim domla bizlarni qatorlashtirib tizdi. Ko‘zlarini o‘ynatib, saf boshida turgan bolaning oldiga keldi.
 
– Nimaga kam terding?
 
Bu savolga qanday javob berish mumkin? Rostini aytsam, hozir o‘nta javobni qatorlashtirib qo‘ya olaman. O‘shanda-chi? “Tergim kelmadi, belim og‘ridi, paxta tosh bosmas ekan...” Lekin, o‘shanda domlaning haybatidan javob berishga holimiz yo‘q edi. Zug‘umi shiddatli edi.
 
– Nega kam terding?
 
(Ya’ni, istamadingmi? Dangasalik qildingmi?)
 
Bolalar jim.
 
Ibrohim domla to‘satdan bolaning kuloq-chakkasiga qarsillarib shapaloq tushirdi.
 
– Nimaga?
 
– Bo‘ldi, domla, urmang! Teraman-teraman, - dedi bola, qo‘rqib, yuzini ushlab. Ko‘zidan duv yosh oqib ketdi.
 
– Terasanmi? A, terasanmi?
 
– Teraman, domla, teraman!
 
Domla ikkinchi bolaga o‘tdi:
 
– Nega kam terding?
 
– Qornim og‘ridi, domla.
 
– Qorning og‘risa, nega aytmading? Bahona qilayotgandirsan?
 
– Yo‘q, domla, rostdan og‘ridi.
 
– Bekor aytibsan!
 
Qars! Uchinchisiga navbat keldi.
 
– Nimaga kam terding?
 
– Sen-chi, nimaga kam terding? Yegan noningni oqlashgayam yetmapti-ku tergan paxtang? Qars!
 
Navbat menga keldi.
 
– Nimaga kam terding?
 
Domla tug‘yonda edi, javobni ham kutmasdan tarsaki tortdi. Ko‘zimning oldidan o‘t sochilib ketdi, labim yorildi, qulog‘im shang‘illab ketdi.
 
– Bilib qo‘y, ertagayam kam tersang, abjag‘ingni chiqaraman, tushundingmi? Endi hamma uxlashga! O‘n besh minutdan keyin chiroq o‘chadi!
 
Hamma do‘pir-do‘pir o‘z joyiga chopdi. Shiyponning yon tomonidagi domlalar xonasida sham yondi. “Hozir aroq ichishadi”, deb shivirladi bolalardan biri. Saldan keyin rostdan ham chiroqlar o‘chdi. Domlalar xonasidagi sham kuchliroq yog‘du tarata boshladi, qoshiqlarning taraqlashi, kulgi ovozlari eshitildi.
 
Bolalar u yoq-bu yoqdan gaplashib yotishipti. To‘satdan eshik ochildi, Ibrohim domlaning ovozi keldi:
 
– Hamma uxlasin! Nimani gaplashyapsan?
 
Kimdir yolg‘ondakam xurrak otdi. Domla uning kimligini bilolmaydi, chunki qop-qorong‘i. Kimdir piq etib kuldi. Hamma charchagan ekan, tez orada bir xildagi sokin nafaslar eshitila boshladi, bolalar birin-ketin uyquga ketishdi. Anchadan keyin yonimdagi Rahim shivirladi:
 
– O‘rtoq, uxlaganing yo‘qmi?
– Yo‘q, – dedim.
– Shiyponning orqasida ajina bormish!
– Yo‘g‘-e!
– Rostdan! Ini zovurning naryog‘ida ekan.
 
Ajinaning ini bo‘lishi aqlga sig‘maydi.
– Yur, o‘rtoq, choptirib kelaylik, – deb yalinadi u saldan keyin.
 
Mana, nimaga ajinadan gap ochibdi? Bir o‘zi chiqqani qo‘rqar ekan-da?
 
Rosa yalintirgach, birgalashib tashqariga chiqamiz.
 
Chang kengliklar oy nurida oqarib ko‘rinadi. Kimsasiz, yutaman deydi bu makon. Tol tagiga boramiz. “Qibla tarafga qarab choptirma, gunoh bo‘ladi”, deyman. Rahim menga orqa o‘girib, choptira boshlaydi, shunda yantoqlar orasidan bir nima lip etib o‘tadi, apil-tapil, jonimiz boricha orqaga qarab kochamiz. Balki tulkidir? Lekin jimjit, oydin bu kengliklar bizni qo‘rqitadi, hayiqtiradi, vahimaga soladi.
 
Rahimning qo‘rqoqligi ertasiga hammaga oshkor bo‘ladi, lekin hech kim unga “qo‘rqoq” degan tamg‘ani osmaydi. Chunki, ajinadan hamma qo‘rqadi.
 
Tong uyqusi juda qattiq va totli. Sahar salqinida ko‘rpaga mahkam burkanib, shirin tushlar ko‘rib yotganingda zang ovozi keladi.
 
Turamiz. Saharlab hammayoqda yana salarka isi anqiydi. Choy qaynabdi, bak biqir-biqir qilyapti. Yana qatorlashib non-shakar olgani boramiz. Yana guruh-guruh bo‘lib o‘tiramiz, bittamiz borib temir choynakda choy olib kelamiz. Nonushta qilib ulgurmasimizdan domlaning ovozi keladi:
 
– Saflan!
Tasir-tusir etaklarimizni olamiz, saflanamiz.
 
– Bugun ham norma qirq kilo! Hayda!
 
– Hayda!
 
Kechagi o‘n gektarlik dalaning terilmagan qismidan egatga tushamiz. Ibrohim domla bugun shiyponda qolgan, biz bilan To‘xtasin domla kelgan. U, qo‘lida tolxivich, etigining qo‘njiga tars-turs urgancha u yoqdan-bu yoqqa yuradi.
 
Paxtalar nam. Ko‘proq terib qolish kerak, tosh bosadi. Kun isiganida qurib, yengil bo‘lib qoladi. Ibrohim domlaning qo‘li qattiq ekan, qulog‘imning osti haliyam og‘riyapti. Zokir paxtasiga ko‘sak aralashtiradi, kesak ham qo‘shadi.
 
– Bilib qolsa, o‘ldiradi! – deyman.
– Kecha narigi sinfdan bitta bola qo‘shgan edi, hech kim payqamadi, – deydi u. – Sen ham qo‘shaqol.
 
Rostdan ham, birov bilib o‘tiribdimi? Katta kesakni maydalab, paxta orasiga qo‘shib yuboraman.
 
Tarozibon sezmaydi. Telejka ustidagi sinfdoshimiz esa, ko‘rsa ham indamaydi. Yigirma ikki! Kechgacha yana o‘n sakkiz kilo tersam bas. Etik oyog‘imni shilib yuboribdi, yursam achishadi.
Shiyponga qaytamiz. Yana qator tizilishib, ovqatga navbat kutamiz. Makaron sho‘rva ekan, makaronlari oppoq emas, qoramtir, katta-katta.
 
– Madvaliev, Abdullaev, Akbarov, Mamasoliev, Dehqonov, G‘oyipov, tol tagiga!
 
Nomi tilga olinganlar bir chetda xomush turishibdi. Tilga olinganlardan biri, Odil – ko‘zlari qop-qora, juda ko‘ngli toza, ammo gavdasi kichkinagina bola, hammadan ko‘ra ko‘proq javdiraydi. Domla u yoqdan-bu yoqqa o‘tganida ortidan hayiqib-qo‘rqib qarayveradi.
 
Qorong‘i tushadi. Jazolash marosimi boshlanadi. Butun sinf bir tomonga, aybdorlar boshqa tomonga tizilishamiz.
 
Odil, domla yaqinlashganida qo‘rqqanidan yig‘lab yuboradi.
 
– Domla, qaerimga ursangiz uravering, ammo boshimga urmang! – deydi yig‘lamsirab, boshini qo‘llari bilan to‘sib. – Men bultur olmadan yiqilib tushganman, boshimga ursangiz miyamning ichi og‘rib qoladi.
 
– Bekor aytibsan! – deydi domla, qars etib shapaloq tushiradi. Urishni muncha yaxshi ko‘rmasa? Odil voy-voylab, boshini ushlab qoladi. Boshi rostdan ham og‘riydi, sinfda darsda ham ba’zan og‘rib qolishini bilaman.
 
– Nimaga kam terding? Nimaga?
 
– Ni-ma-ga?
 
Hamma jazosini olib bo‘ldi.
 
Bugun palov ekan. Lekin bemaza, go‘sht o‘rniga kartoshka solingan. Ochqaganimiz bois tez-tez yeb olamiz. Laganning ostida biroz qoldiramiz. Yerga o‘tirib olganmiz, etaklarimizni dasturxon o‘rniga solganmiz. Domla aylanib-aylanib yuradi, keyin xonasiga kirib ketadi. Ichkariga laganni bildirmasdan ko‘tarib kiramiz, jazolanganlar sovib qolgan oshni tez-tez yeb olishadi. Shiypon qorovuli bir lagan osh ko‘tarib, domlalar xonasiga yo‘naladi.
 
– Go‘shtlarini ko‘rdingmi? – deydi Zokir, pichirlab. – Hamma go‘shtni o‘zlariga solishibdi.
 
Odil xafa, indamay yotib olgan.
 
– Qalaysan, Odil?
– Boshim... – deydi u. – Miyamning ichi og‘riyapti, o‘rtoq.
– Menga qara, – deyman. – Hozir kichkinamiz-ku, a? Lekin, o‘ninchi sinflarni ko‘rdingmi? Tog‘amlar maktabni bitirishganidan keyin To‘xtasin domlani urishibdi. Shoshmay tur, biz ham katta bo‘laylik, Ibrohimni uramiz.
 
Odil to‘satdan jonlanadi.
– Boshiga uraman, – deydi, ko‘zlari chaqnab. – Men ham boshiga, tosh bilan uraman, o‘rtoq!
– Hozir chiroq o‘chadi, – deydi kimdir.
 
Chiroq o‘chadi.
– Behi yeysanmi? – deyman Odilga.
– Yo‘q, o‘rtoq, mazam bo‘lmayapti, – deydi u.
– Behi yesang, og‘rig‘i qoladi, – deyman.
 
Odil indamaydi. Narida, qorong‘ilik ichida pichir-pichir eshitiladi. Bolalar hali-veri uxlagisi kelmaydi. Kimdir uyquga ketdi, kimdir gaplashib yotipti. Darchadan oy ko‘zga tashlanadi, u bepoyon kengliklarda jim kezinadi.
 
* * *
 
Yana tong otadi. Yana junjiktiruvchi salqin shamol.
 
Zang chalinadi. Etiklar kiyiladi.
– Sinf, saflan!
 
Saflanamiz. Odil eng oxirida chiqadi. Ko‘zlari qizarib ketipti.
– Haliyam tuzalmadimi? Ayt, boshqa domlaga, – deyman.
– Yo‘g‘-e, – deydi Odil. U Ibrohim domladan juda qo‘rqadi. – Anavi baribir eshitib qoladi, keyin yana uradi.
 
Odilning qo‘ngli ayniydi, boshi aylanadi. Yegan narsasini qayt qiladi.
 
– Yettinchi sinf! Marsh dalaga!
 
Oyoq ostidagi nam tuproq etiklar poshnasi ostida og‘ir-og‘ir sochiladi.
 
– O‘rtoq, bir gap aytaymi? – deydi Odil. – Men Zamiraga xat yozuvdim.
– Yo‘g‘e? Nima deb yozding?
– She’r yozdim, – deydi Odil. – Ko‘rsataymi?
– Nimani ko‘rsatasan?
– Xatni-da.
– E jinni! Bermadingmi?
– Yozdim xolos, berganim yo‘q. O‘qib ustimdan kulvorsa-chi?
 
Odil etigining qo‘njidan buklangan qog‘oz chiqaradi. Katak daftar varag‘iga yozilgan to‘rt misra she’rni o‘qiyman.
 
– Qishloq mazzaydi-ya, – deydi Odil. – Bodring-pomidorlar pishib yotardi, uzib shakarob qilib yer edim. Otam ish buyurib ketardi, darrov bajarib qo‘yardim-da, keyin mazza qilib yotardim.
 
– Qaerda yotarding? – deyman. Odilning onasi kuyinchak, ozg‘in ayol, Odilga ish buyurmay turolmasligini yaxshi bilaman.
 
– Qurigan supurgilarni dastalab, bostirmaning ustiga bosib qo‘yganmiz, – deydi Odil. – Non bilan behi olib, kitobim bilan ustiga chiqib ketardim, orasida o‘zimga joy qilib olgan edim. O‘sha yerda nonni yeb, maza qilib kitob o‘qib yotardim.
 
– Paxtangni ter, domla qarayapti.
 
– Engashsam boshim aylanyapti-da, – deydi Odil, keyin cho‘nqayib olib tera boshlaydi. Anchadan keyin qarasam, o‘tirgan bo‘ladi.
 
– Men bo‘lmay ketyapman, o‘rtoq, – deydi u.
 
Domla etigiga xivichni tars-tars urib, yaqinimizga keladi.
 
– Domla, Odilning mazasi bo‘lmayapti.
 
– Bekor aytibsan, – deydi u. – Nima qildi?
 
– Boshimning ichi og‘riyapti, – deydi Odil.
 
– Ibrohim domla urdi-ku kecha? Odil olmadan yiqilib tushgan, boshiga ursa miyasi og‘riydi.
To‘xtasin domla o‘ylanib qoladi, keyin Odilga “Paxtangni yig‘ishtirib, yur men bilan,” deydi. Odilning rangi oqarib ketgan, ammo shodlanib, menga ko‘z qisadi.
 
– Bor shiyponga, tushlikda gaplashamiz, – deydi domla.
 
Tushlikkacha yigirma bir kilo teraman. Borsak, non-makaron olib keladigan yuk mashinasi Odilni olib ketgan bo‘ladi. O‘rtog‘imning ketgani dilimni ezadi, yolg‘izlanib qolaman.
 
* * *
Bir necha kundan keyin sovuq tushadi. Zovur tubidagi suv zangor tus oladi. Umuman, kuzda suvlarning to‘q zangor tus olishini o‘sha yerda ko‘rganman. Yakshanba kuni yuvinish kuni deb e’lon qiladi domla. Yakshanba kuni tushgacha terasanlar, tushdan keyin tozalik kuni. Qanaqa tozalik bo‘lishi mumkin bu yerda? Tushgacha bolalar baribir kam terishadi, domla normaning yarmini belgilagan bo‘lsa-da, bugun shtab bo‘lmasligini hamma biladi. Tushdan so‘ng kim ariq bo‘yida, kim chelakka suv olib yuvinamiz. Keyin choy ichamiz. Kechki ovqatgacha ancha vaqt bor, qorin ochqaydi, yashirib qo‘ygan nonlarimizni olib yeymiz. Shu mahal Zokir “zovurga baliq ushlagani tushmaymizmi?” deb qoladi.
 
Zovur juda chuqur, tubida baqato‘nlari biltanglab, ozgina suv oqadi. Qamishlarni ushlab-ushlab, eng pastigacha enib boramiz. Suv ichida qoramtir ilonbaliqlar suzadi. Tushishdan cho‘chiymiz, ammo balig‘ini tutib olgimiz keladi. Zohid tikandan qarmoq yasaydi. Nam yerni kavlab chuvalchang topamiz, tikanqarmoqqa ilib, suvga tashlab kuta boshlaymiz. Baliq ilinmaydi. Ammo ko‘rib turamiz: shoshmay, bamaylixotir suzadi. Qora, ingichka, uzun baliq u.
 
Saldan keyin shamol esa boshlaydi. Pastak daraxtlarning shoxlarini yulqilaydi, xira jigarrang yaproqlarini uzib chirpirak qilib changu to‘zonga qo‘shib ko‘tarilib ketadi. Hammayoq changga to‘ladi, daraxtlarning nega past o‘sganini shunda tushunib qolaman – shamol tufayli ekan. Dalalarning bepoyon paxtazorlaridan ko‘tarilgan oppoq, yoqimsiz changu to‘zon hamma yoqni enlab ketadi. Zovur ichida bo‘lganimiz uchun uncha sezilmayotgan ekan, tepaga ko‘tarilganimizda manzarani ko‘rib hayron qolamiz. Bir tomon osmon bo‘yi chang, shiypon tomonga hali yetib bormagan, ammo shamol shiddati zo‘raymoqda.
 
Havo yanada sovib ketadi. Qat-qat qora bulutlar to‘planib keladi, shamol susayadi-da, birdaniga yomg‘ir quyib yuboradi. U bahorning yomg‘irlariga o‘xshamaydi, muzday, tishlarimiz takirlab, shiyponga qaytamiz. Bizga o‘xshab yomg‘irda qolgan besh-oltita bola ho‘l mushukka o‘xshab mung‘ayib o‘tirishipti. Yomg‘ir oqarib ko‘rinayotgan shiyponni, “Mansub-1984” degan yozuvni, ulkan kesak xarsanglarini, kalta o‘sgan baquvvat qiyoqlarni, daraxtlarning barglarini yiltiratib-tozalab, bir xilda yog‘adi. Yo‘llar, kesaklar, oqish to‘zon qoplagan dov-daraxt qorayib qoladi. Tomchilar yonimizdagi ariqning zangor suvida kichik halqalar hosil qiladi. Shamol tinib, shabadaga aylangan, bu – yomg‘irning shabadasi... osmonga qarasam bulutlar yanada pasayibdi, oralarida oqish dog‘lar ko‘zga tashlanadi, ammo xo‘mraygan, ezuvchi samo.
 
– Obbo! Endi ertalabgacha tinmaydi, – deydi Zokir.
 
Kuz sovuqlari ana shunday boshlanadi. Bolalar ayvondagi o‘rinlarini yoyib, o‘zlariga joy solib, ko‘rpaning tagiga kirib ketishgan. Qarasangiz kulgingiz qistaydi: qator ko‘rpalar ostidan boshlar chiqib turibdi, ko‘zlar chaqnaydi. Qanor qopning bir chetini ko‘tarib qo‘yganmiz, bu yerdan yomg‘ir ostidagi dalalar, yo‘llar, tollarning qari tanalariyu shoxlari, zovur bo‘yidagi yomg‘ir ostida silkinayotgan qiyoqlar ko‘rinib turadi.
 
Uzumzor yonida ovqat pishyapti. Domlalar g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashishmoqda. Bugun chiroq bo‘lmasmish, chunki yomg‘irda simlarda qisqa tutashuv ro‘y berib, yong‘in chiqishi mumkin ekan.
 
– Mazza! – deydi Zokir, ko‘rpasini iyagigacha tortib. – Men yomg‘irdayu shamolda, ochiq ayvonda ko‘rpaga o‘ranib yotishni yaxshi ko‘raman, o‘rtoq.
 
Havo bulut bo‘lgani uchun shom erta qo‘nadi. Atrofni qorong‘ilik bosmasidan ovqatlanib olamiz. Borib, kosa-tovoqlarimizni yuvib kelamiz.
 
– Hamma yotsin! – degan do‘rillagan ovozi keladi Ibrohim domlaning.
 
Hamma yotib olgan, ammo uyqu qayda? Kun bo‘yi paxta terganimizda, charchaganimizdan darrov ko‘z ilinardi. Hozir uyqu yo‘q. Domlalar yana o‘z xonalariga tiqilib olishgan, u yerda sham yog‘dusi lipillaydi. Shomdan oldin qishloqdan kimdir mototsiklida toyg‘ona-toyg‘ona kelgan, u ham domlalarning oldida. Har zamonda kimdir tomoq qirib qo‘yadi, bu siyosat uchun – domlalar uyg‘oq, hushyor, nafasingni bilib ol demoqchi. Kimdir nimanidir gapiradi, kimdir qiqir-qiqir kuladi, kulgisi shu qadar zo‘rki, hech o‘zini to‘xtatolmaydi.
 
– Qachon qaytar ekanmiz qishloqqa?
 
– Qaytib nima qilasan, u yerda ham hamma dalada, – deydi boshqasi. – Nima qilasan uyga borib? Ertalab maktabda boshingni qotirasan, uyda mingta ish.
 
Rost aytadi. Sovuqlar tushib qorlar yoqqanidan so‘ng dalada paxta qolmaydi. Ammo ilk qorda ham tersa bo‘ladi, qor sovug‘i qolgan-qutgan ko‘saklarni yorib yuboradi. Xalq ana o‘shalarni ham teradi. Keyin g‘o‘zapoya mavsumi boshlanadi. Traktorlar g‘o‘zalarni bir xilda qirqib-yotqizib ketaveradi, goho g‘o‘zapoyalar orasida ham paxta tergan kunlarimiz bo‘lgan. Ularni kishilar dasta-dasta boylab uylariga olib ketishadi, g‘o‘zapoya – tandirga, o‘choqqa yaxshi o‘tin bo‘ladi. Kech kuz, g‘o‘zapoya mavsumiga ham oz qoldi. Hozir onam singillarim bilan ko‘sak chuviyotgan bo‘lishi ham mumkin.
 
Bolalar bir nimalarni shivirlab gaplashishmoqda, domla eshitib qolsa yana baqirishi mumkin.
To‘satdan qorong‘ilik ichidan bir shivir tarqaladi, qatorlashib yotgan bolalar orqali to‘lqinlanib, mengacha yetib keladi, ulkan yotoq jim bo‘lib qoladi, bahaybat bir nima qorong‘ilik ichida osilib-harakatlanayotganga o‘xshaydi.
 
– Bolalar, Odil o‘lib qopti!
– Odil... o‘lib... qopti?
 
Qaydan keldi bu xabar? Mototsiklli kishi olib keldimi uni?
 
Qop-qorong‘i. Jimlik. Yomg‘ir ham, shamol ham tingan. Derazada domlalarning xonasidagi sham yog‘dusi lipillaydi.
 
Odil?
 
Hech kim bir narsa demaydi. Bolalar sarosimada.
 
Odilning menga aytgan so‘zlari esimga keladi.
 
Ana u... qo‘llarini boshini to‘sib yalinyapti: “Domla, jon domla, boshimga urmang.. men olmadan yiqilib tushganman... ursangiz miyam og‘rib qoladi!”
 
Ana u... egatlar orasida, rangi oppoq, To‘xtasinga ergashib, menga ko‘z qisyapti.
 
Ana u... “O‘rtoq, men Zamiraga xat yozdim...”
 
Ichimdagi juda ulkan, haybatli bir narsa bo‘shliqqa aylana boshlaydi. Yuragimning tub-tubidan bir yig‘i keladi. Qorong‘ida hech kim ko‘rmaydi deb, shunday bo‘lsa-da ko‘rpaga boshimni burkab, o‘z-o‘zimdan yig‘lab yuboraman.
 
* * *
 
Ertasiga turganimizda tevarakni qor qoplab olgan bo‘ladi.
 
Ibrohim domla xomush, ulkan gavdasi egilgan, qoshlarining o‘rtasida tuguncha, u yoqdan-bu yoqqa yuradi.
Ibrohim domla qamalarmish!
 
Bu xushxabar har yoqqa taraladi. Yurakliroq kimdir u o‘tgan joyga borib, iziga tupuradi.
 
Ortidan boshqa xushxabar tarqaladi: bugun qishloqqa qaytar ekanmiz.
 
Shiypon to‘s-to‘polon bo‘lib ketadi. Hammayoq iflos, loy. O‘rin-ko‘rpalar yig‘ilgan. Bolalar g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashishadi. Hamma yuk mashinasining kelishini kutmoqda.
 
– G‘alati bo‘lyapti-ku, a? – deydi G‘ani.
 
Shu o‘n-besh yigirma kunda juda qalin do‘st bo‘lib qolganimizni tushunganday bo‘lamiz. Bir-birimizdan ayrilgimiz kelmaydi. Lekin, baribiram qishloqqa qaytamiz.
 
“Mansub-1984” ortda qolib ketadi. Qor qoplagan dalalari, g‘oyat chuqur zovuridagi ingichka baliqlari bilan, uzoqlasha-uzoqlasha ko‘zdan yo‘qoladi. Yuk mashinasi toyg‘ona-toyg‘ona gurillab, g‘ildiraklari ostidan loy ota-ota bizni qishloqqa, ota-onamiz bag‘riga surgalaydi. Ortimizda chuqur-chuqur izlar qolmoqda, ularga ko‘lmak suvlari to‘planmoqda.
 
Yettinchi sinfning o‘sha yilgi terim mavsumi ana shunday nihoyasiga yetadi.
 
* * *
 
Keyingi yil sakkizinchi sinf bo‘lib yana o‘sha tomonlarga yotoqqa olib ketildik. Bu gal u yerlar ilk safardagi kabi notanish taassurotlarni uyg‘otmadi. Bu safar o‘qituvchilar ham boshqa edi, lekin o‘sha yer, o‘sha shiypon, o‘sha choy qaynatiladigan bak... Ayvon atrofi bu safar qora mumqog‘oz bilan o‘rab chiqilgan edi, kunduzi kirsangiz ham qop-qorong‘i bo‘lardi, qoqilgan taxtalarining zirapchalari ko‘lga kirardi. Yorug‘ tushishi uchun har yer-har yerini yirtib tuynukchalar ochilgan, kun o‘tgani sayin bolalarning sho‘xligi oqibatida yirtiqlar soni ko‘paya-ko‘paya, axiyri hilvirab-osilib yotgan holga keldi.
 
Hozir o‘sha joydan uch-to‘rtta maktab bolasining qochib ketganini ham eslayman. Ularning ismlari xotirimda yo‘q, ammo hali tong yorishmasdan yarimta nonni beliga tugib, tuprog‘i o‘ynab ketgan kimsasiz yo‘llardan, domlalar mabodo quvib qolishsa ko‘rmasin deya tollaru zovurlarning qamishlari orasida yashirina-yashirina, kun bo‘yi ellik chaqirim yo‘l bosib, horib-charchab qishloqqa kirib borishgani, ertasiga esa o‘sha taxtalari siniq yuk mashinasi qochqinlarni yana shiyponga olib kelib tashlagani ham esimda. Shumshayib turgan sinfdoshlarimizga qarab, qochgan yering shu bo‘ldimi deb kulganlarimizni ham eslayman.
 
Yillar o‘tdi. Hayotning dolg‘alari hammamizni shiddat bilan turli tomonlarga qarab oqizib ketdi. “Mansub-1984” ham unutildi, dala adog‘idagi shovullagan tollar, yer bag‘irlab o‘sgan behilar, tuproq yo‘llar, chuqurdan-chuqur zovurlar... hamma-hammasi, eslanganida tutun ko‘zni achishtirgani kabi dilni bir achishtirib yo‘qoldi-ketdi.
 
Men ham qirqni hatlab, ellikka qarab ketmoqdaman.
 
Ibrohim domla hali hayot, qarib-munkillab, besh vaqt namozini kanda qilmaydigan qaddi bukik xudojo‘y cholga aylangan, qoshlari o‘sib, ko‘zlarini to‘sib qo‘ygan, barmoqlari qaltiraydigan bo‘lib qolgan. Uning zug‘umlari, o‘shqirishlari va urishlari ham o‘smirlik shiddatlariga qo‘shilib juda olislarda qolib ketdi. “Mansub-1984”ga qo‘shilib, hech qachon eslanmas bo‘lib, uzoq bolalikning dolg‘alari ichra g‘oyib bo‘ldi.
 
Hech qachon eslanmas dedimmi? Yo‘q, qirq to‘rt yoshimda, to‘satdan esga keldi u.
 
Ajabki, esga kelishiga arzigulik bir sabab ham yo‘q edi!
Axir, oradan o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tdi-ku?
 
Tafakkurim oy nuri kabi yoritgan xotiralarim orasidan o‘sha so‘qmoq, o‘sha shiypon, chuqur zovurlar, yer bag‘irlab o‘sgan behi, tegrasiga qanor qop matosi qoplangan ayvon, yerga qapishganday g‘o‘zalar, zovur ichida biltanglagan baqato‘nlaru ingichka uzun ilonbaliqlari bilan ko‘z oldimda tuyqusdan qalqib chiqdi u! O‘sha yerda, shiypon qoshida ingichka gavdali, maysaday zaif bir bolakay menga qarab turar edi!
 
Sochlari menikiday qop-qora, ko‘z-qoshlari xuddi mening o‘zim... oyog‘ida qo‘nji qayirilgan “tosh” etik, ustida paxtalik, ozg‘in yelkalari turtib chiqib turibdi. Ortida esa o‘sha chuqur zovur, chetlaridanu tublaridan o‘sib chiqqan qamishlar shovullab chayqalmoqda. Osmonni xira bulutlar tamomila enlab-qoplab olgan, bitta-ikkita yomg‘ir tomchisi tuproq yo‘llariga kulrang nuqtachalar hosil qilib tomchilaydi.
 
Shunda uning... k i m d a n d i r q o‘ r q a yo t g a n i n i payqayman. Qop-qora o‘ychan ko‘zlari hadiksirab, hayiqib boqadi men tarafga.
 
Bu hayiqishning nimaligini juda yaxshi bilaman-ku? Axir, ro‘y-rost sezyapman-ku nimadan hadiksirayotganini!
 
“Kel, kelaqol, bolam, nega qo‘rqasan?” deyman ichimda. Ovozimni u eshitadi. Bosh chayqaydi, yana hayiqib nigoh tashlaydi. Shunda m ye n d a n q o‘ r q a yo t g a n i n i sezaman. Nima uchun? Katta yoshli, kuch-quvvatga to‘lgan, zug‘um o‘tkazishga qodir kishi bo‘lganim uchunmi?
 
Uning barmoqlari yorilib-yorilib ketgan, uzun-uzun barmoqlari. Ufqlar esa bo‘m-bo‘sh.
Yurak-yuragimdan sezaman – u bugungi vazifasini bajarishi kerak. Bepoyon dalaga borib, yerga qapishganday g‘o‘zalardan tosh bosmaydigan, parday yengil chang bosgan paxtalarni terishi kerak.
Mana, hozir etagini oladi-da, indamay dalaga yo‘naladi. Kimsasiz dala bag‘rida bir o‘zi ketib boradi. Shunda ham goh-goho o‘girilib, men tomonga hadiksirab qarab qo‘yadi.
 
To‘xta, bolajon, qo‘rqma! Sen qo‘rqqan odam emasman men. U odam olis bolalikning dalalarida qolib ketgan. U endi hech qachon senga zug‘um qilmaydi, kilolmaydi.
 
Y o‘ q, e n d i a y t m a s a m b o‘ l m a s !
A y t m a s a m, s i r a b o‘ l m a y d i !
Ey, kimsasiz shiypon bag‘irlarida bir o‘zi qolib ketgan bolakay! Ko‘zingdagi ko‘rquvning menga naqadar tanish ekanini, kap-katta kishi bo‘lsam ham, dilimda hali-hanuz o‘sha qo‘rquv yashayotganini bilsayding? Haligacha bo‘ynim bukik, aytar so‘zim tilimga ro‘y-rost chiqmasligini-chi? Yoshligimning so‘qmoqlaridan haligacha o‘sha kishilar zug‘um bilan o‘qrayib turishganini-chi? Sen kabi, men kabi sonsiz-sanoqsiz bolakaylarning ayni o‘sha mahallarda shahdi sindirilib, qanoti qayirilganini, qo‘rquv bilan shuurlariga bosim o‘tkazilganini, bo‘ysunish darslari berilganini-chi?
 
Tegramizdagi sonsiz-sanoqsiz qishloqlarning o‘sha mahaldagi minglab bolakaylarining, hozir voyaga yetib, men kabi bir ro‘zg‘orning boshiga kelib, bolali-chaqali bo‘lgan kap-katta kishilarning - bizdan avvalgi hamda bizdan keyingi sinflarning – zug‘umchi kishilar qarshisida noziknihol, samimiyatga to‘la zaif va himoyasiz titragan o‘sha bolalarining hammasi butun boshli bir avlodga mansub ekanini, onglarning tub-tubigacha singib ketgan mana shu mansublik qo‘rquvi hali-hanuz shuurlar orasidan qalqib-qalqib chiqayotganini ham aytaymi? Barchamiz ana shu mazlumlar avlodiga mansub ekanimizni, ongu shaxsiyatlarimizni bosib-ezib turgan mana shu og‘ir m a n s u b i ya t toshi ostida yillardir yashab kelayotganimizni-chi?
 
Ey bolakay, qo‘rqma mendan! Axir, ikkimiz ham ana shu taqdirga mansubmiz-ku? Seni o‘zingdan ham yaxshiroq tushunaman-ku? O‘shanda – bundan o‘ttiz yil ilgari, men ham xuddi senday edim. U qahri qattiq odam senu menga o‘xshash o‘nlab bolalarning qanotini qayirdi, shahdini sindirdi, mute’likka, qo‘rquvga o‘rgatdi. Haligacha goh hayot, goh turmush tashvishlari oldimga bajarishim shart bo‘lgan kundalik vazifalarni ko‘ndalang qilmoqda, uni bajarmasam, shom mahali kimdir tik turg‘izib, hammaning ko‘zi oldida ayovsiz do‘pposlashidan haligacha qo‘rqaman, bolam.
 
Shoshma, ketmay tur dalangga! Mana... yoningga boryapman.
 
Hozir yetib boramanu o‘zimga o‘xshab ketadigan qosh-ko‘zlaringni silayman, niholday ingichka, himoyasiz gavdangni bag‘rimga bosaman, sochlaringning isini dimog‘imda his qilaman! Balki shunda sen ham chinakam otaning mehribon bag‘rini his etarsan, ko‘zingdagi qo‘rquv g‘oyib bo‘lib, o‘rnida ajoyib bir yolqin – kelajagiga mutlaqo ishongan musaffo bolalikning samimiy ifodalari nihoyat, uyg‘onar?
 
Birpas shoshmay tur, iltimos. Mana, hozir... qalbimda sim-sim og‘riyotgan og‘riqlarim bilan... yuragimdagi izillab yog‘ayotgan yomg‘irlaru loy tuproqlar, yashil suvlar, izlarda to‘planayotgan ko‘lmaklar, tubida ingichka zangor g‘ussa oqqan zovurlarning manzaralari bilan... devorlariga o‘yib yozilgan yozuvlariyu hatto tilga olishga-da hayiqadiganim turli-tuman boshqa xotiralarim bilan... yoningga yetib boraman, ingichka qo‘llaringdan tutaman.
 
So‘ng, o‘sha ilonizi, tegrasida yantoqlar o‘sgan tuproq yo‘llardan birgalashib ketamiz... qayoqlargadir... o‘g‘lim!
 
2011

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.