OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jamila Ergasheva. Jazo (hikoya)

To‘shakda yotib qolgan odamning kunlari sira o‘tmaydi, uzun bo‘ladi. Tunlari undan-da uzun bo‘ladi. Oysha xola oftobro‘yada yotib, endi ko‘zi ilingan ekan. Ko‘cha tomondan kelayotgan shovqin-surondan cho‘chib uyg‘ondi. Bir nafas butun vujudini quloqqa aylantirib, darvoza tomon tikildi. So‘kinayotgan erkak, qarg‘ab yig‘layotgan ayol ovozi baravar eshitilar, undan biron narsani anglab olish qiyin edi:
— Yana Robiya sho‘r tayoq yeyayotgan bo‘lsa kerak-da, — o‘zicha taxmin qildi. 
Shovqin-suron bir odim pasaygach, bolasini ko‘tarib kelini kirib keldi. 
— Voy momo-ey, eshitdingizmi, ko‘chada qiyomat-qoyim bo‘ldi.
— Ha, nima gap? — Oysha xola o‘rnidan turib o‘tirdi, — kim janjal qilayapti?
— Robiya xolaning ukasi uydan magnitofonini o‘g‘irlab chiqayotgan ekan, Robiya xola ham ishdan qaytib kelib, o‘g‘irlikning ustidan chiqib qolibdi. Magnitofonni joyiga qo‘y desa, yo‘ldan qoch deb itarib yuboribdi. Bechora yiqilib qolgan joyidan turib, magnitofonga yopishibdi. Ukasi ko‘zi qonga to‘lib, urib-tepib yotibdi, magnitofonni qo‘yib yubormaydi. Bechoraning sog‘ joyi qolmadi. Oxiri qo‘lidan tortib olib ketdi.
— Bechora!... Hech kim Robiyaga yordam bermadimi?
— Kim ham aralashardi? Anavi ukaning ko‘zi qizarib, opani bilmay yotibdi-ku. Aralashgan odamni ayarmidi?
— Esiz!..
Robiya uning qiz dugonasi. O‘zi yaxshi qiz edi, qaddi-basti kelishgan. Ammo bechoraning baxti chopmadi. Ikki farzandli bo‘lganda eri oshqozon saratonidan vafot etdi. O‘ziyam boshqacha yigit edi. Farzand dog‘ida kuygan qaynona-qaynotasi uning uyidan chiqolmay qoldi. Yig‘lab-yig‘lab, yana o‘zlari-o‘zlariga tasalli berishardi:
— Ey, noshukur banda! Bir o‘g‘lingni olgan bo‘lsa, mana senga ikki o‘g‘il tashlab ketdi-ku!
Robiya shu cholu kampirdan «foyda»ga qolgan ikki o‘g‘ilni olib, boshqa erning etagidan tutib ketolmadi. Bola boqdi, qo‘lidan kelgancha qaynona-qaynotasining, qayin-bo‘yinlarining xizmatini qildi.
Bu orada onasi o‘lib, otasi boshqa ro‘zg‘or qildi. Bir nashavand ukasi bor edi. Yangi beka shart qo‘ydi: yo shu nashavand o‘g‘lingizni haydaysiz yo men ketaman!
Xotini o‘lib, uch-to‘rt yil yolg‘izlikning azobini tortgan ota o‘g‘ilni haydadi.
O‘g‘il hech ikkilanmay Robiyaning uyiga keldi. Onasini esladi. Otasidan arz-dod qildi. Yig‘ladi:
— Mengayam shunday yurish yoqmaydi. Ishsizman. Xotin ketib qolgan. O‘g‘limni sog‘inaman. Uyda o‘tirsam, otam ezadi. So‘ng majbur ko‘chaga chiqib ketaman. Bir davolatib, ish topib, xotinim bilan yarashtirib qo‘yadigan odam bo‘lsa, shu zang‘arni butunlay tashlab ketardim. Xudo ursin, opa, tashlayman.
Robiya tabiatan ko‘ngilchan sho‘rlik. Yo‘q, deyin desa, ukasi. Qayoqqayam borsin, akalarinikiga borsa, yangalar ajdahodan battar. Opalarnikiga borsa, pochchalar bor.
— Mayli, uka, sen oilamizdagi eng a’lochi, eng tirishqoq bola eding, agar o‘zing istasang, o‘zing harakat qilsang, shu og‘u o‘lgurni tashlab ketasan. Men senga yordam beraman.
Shu kecha rahmatlik onasi tushiga kirdi. Boshiga qop-qora guldor ro‘mol yopdi. Ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, boshimdagi shuncha qora kunlar kammidi, deb siqildi. Ammo ta’birlar kitobini ko‘rsa, qora libos obro‘ ekan. 
Ukasini maxsus shifoxonaga joyladi. O‘zicha xursand. Kunora dugonasining oldiga o‘tib, quvonchini bo‘lishadi:
— Dugona, men tamom bo‘lgan bir insonni hayotga qaytarayapman...
Oysha, garchi oilasida bangi bo‘lmasa ham bangilar haqida ko‘p eshitgan. O‘zicha hovliqib yurgan dugonasiga qarab, achinib ketardi:
— Uning odam bo‘lmaydi. Buni qora ajal deydilar, uning sirtmog‘idan omon chiqqan odamni eshitmaganman.
— Unday dema, — xafa bo‘lib ketardi Robiya. — Hali ko‘rasan.
Ko‘rishdi.
Opa sho‘rlik ukamni davolatdim, endi bir ish topsam, kelinni keltirib bersam, deb yelib-yugurib yurgan kunlar bir to‘yga bormoqchi bo‘lib, taxmonning tagidan o‘zi qo‘ygan tugunchani axtarsa, yo‘q! Bir umr o‘zimga, kelinlarimga deb yiqqan tillo taqinchoqlari edi. Shifonerning qishki kiyimlar turadigan bo‘lmasini ham qish kelguncha hech ochmasdi, qarasa, paltosi, telpagi, issiq jemperi ham yo‘q. Mehmonxonasining bir chetida bolalariga atab qo‘ygan bir quti katta-kichik laganlar turardi. Quti ham bo‘m-bo‘sh.
Robiya “dod” deb yubordi:
— Men seni davolatdim, yaxshi bo‘lib keldi, deb yursam, sen nimalar qilib qo‘yding? Men bir umr yig‘ib tergan dunyomni ikki oyda sovurib yo‘q qildingmi, insofsiz?! Chiq, yo‘qol uyimdan! 
Oyshaning yoniga kelib ko‘z yosh to‘kdi:
— Dugona, men bu narsalarni bir so‘mlab pul yig‘ib, bittalab olgan edim. Bilasan-a? Nima olsam, sen bilan birga tanlab olganman. Bu nonko‘r ikki oyda yo‘q qilibdi.
— O‘zini yo‘q qil. U ukang bo‘lsa ham, tamom bo‘lgan odam. Odam emas, ofat. Ana, otang qarasin, opalar qarasin. Beva boshing bilan senga nima? Ammo u “yo‘q” bo‘lmasdi. Robiyaning eshigida yig‘lab o‘tiraverdi. 
Robiya bir oqshom oilasidagilarni maslahatga chaqirdi.
— Haydab yubor!.. — maslahat berdi ota.
— Milisaga topshirib qutil, qamoqda o‘lib ketsin, — deyishdi bir ovozdan akalar.
— Hovlingning bir chetida tursa turibdi-da. Bir kosa yovg‘onni itga ham berasan, bu ukang-ku, — ta’na qildi katta opa.
— Bu bechora kasal-da. O‘zi-ku tashlayman deydi, tashlayolmaydi. U kuni pul so‘rab borgan ekan, shunday yig‘ladi bechora, “Qani, qo‘limdan kelsa, tashlab keta olsam”, deydi, “Opamga ham ko‘p ziyon-zahmat yetkazdim, xumori tutganda, butun joni jahonim qaqshab og‘riydi. Qanday qilib o‘g‘irlikka qo‘l urganimni bilmay qolaman”, deydi. Davolataman, deb yotqizgan kasalxonalaringda ham xizmatchilar qora dori yetkazib berib turar ekan. Oldida birov taklif qilib turgan-da, bu bechora qanday qilib tashlasin. Mening erim yomon, bo‘lmasa, o‘zim qarar edim savob uchun, — ikkinchi opaning bergan maslahati shu bo‘ldi.
Shundan buyon bangi uka Robiyanikida. Robiya hovlining bir chetidagi mayda-chuyda saqlanayotgan uyni unga berdi.
Endi hovlida turgan narsalar birin-ketin yo‘qolib bitdi: qozon, o‘choq, narvon...
Robiya yo‘qotishdan ham, davolatishdan ham tinmadi. Nimalargadir erishdi ham. Uka orada to‘rt yil chekmadi, namoz o‘qib, ishlab, maoshlarini opasiga berib yuribdi.
Robiya sobiq kelininikiga ko‘p bordi, u kelmadi. Oxiri yoshi o‘tibroq qolgan bir qizga uylantirib qo‘ydi. Qizning bir oyog‘i oqsoq ekan. Nima bo‘lsa ham erining usti-boshini yuvib, qozonini qaynatib o‘tiradigan bo‘ldi. 
Ammo nima jin urdi-yu, opaning ko‘ngli tinchigan joyda, uka yana eski hunarini boshlab yuboribdi. Xotinini urib-so‘kib haydadi, bir bechoraning ne bir orzu niyatlar bilan qilgan seplarini sotib, dori oldi.
— Birga chekib yurgan oshnalari ko‘rolmaslikdan qilgan. Bu tashladi, uylandi, ishli bo‘ldi, biz haliyam ovora bo‘lib yuribmiz, deyishgan-da. Ukam aytadi, o‘zlari bir tiyinga zor, har kuni menga bepul olib kelishadi. Yo‘q desam ham qo‘yishmaydi, deydi. O‘rgatgandan keyin hammasi yo‘q bo‘libdi. 

yshaning unga rahmi kelib ketdi:
— Esiz shuncha xarajatlaring. Shu noinsof o‘lsaydi, qutularding.
Robiya nadomat bilan bosh chayqadi:
— U emas, narkotik sotuvchilar o‘lsaydi. Biz bilmaymiz, shaharda qancha xonadonlarda ochiqdan ochiq sotishar ekan. Bir ayol bor deydi, semiz, hamma tomoni tillo, saqich chaynab o‘tirar ekan. Borsa, ishdan qaytgan o‘g‘lini qarshi olganday “Ha, keldingmi, bolam, kel” deb kutib olarkan. Bir so‘m kam bo‘lsa ham “Yo‘q, bu kam, yana topib kel” deb qaytarib yuborarkan. Eh, dugona, ayol kishiyam shunday iflos bo‘ladimi? Shu bolalarning o‘rniga o‘z farzandlarini qo‘yib ko‘rmasmikin?!
— Voy, vijdonsiz-ey!
— Ukam qanday bola edi, eslaysanmi? Hammadan ko‘p besh olardi. Matematikadan uning oldiga tushadigan bola yo‘q edi. Otam maktab uchun bergan tangalarini yig‘ib, onamga ro‘mol sovg‘a qilgan edi. Hammamiz qoyil qolgan edik, o‘sha pulni olti oy yiqqan ekan... — u ko‘ziga yosh oldi.
— Bilaman, dugona, hammasini bilaman. Lekin mening ko‘proq senga rahmim keladi. Bu dunyoga kelib, bolalaringu, bangi ukangning tashvishidan boshqa narsa ko‘rmading. Bolalar-ku o‘zingniki, boqsang, bir kun huzurini ko‘rasan. Ammo ukang... Shuncha mehnating, zahmatingga yarasha yaxshi bo‘lsa ekan.
— Qanday ham yaxshi bo‘lsin?! Men senga aytsam, yangi ko‘chib kelgan qo‘shning ham shu savdo bilan shug‘ullanar ekan.
— Yo‘g‘-e, — Oyshaning ko‘zlari kata-katta bo‘lib, o‘rnidan turib o‘tirdi. — Senga kim aytdi buni?
— Hamma aytayapti. Har doimgiday hammadan oxiri men eshitdim. Bechora Zilol opa shu hovlida yayrab yurardi. Bu kelib qaytadan qurdi. Hovli to‘yiga chaqirganda bu qurilishni ko‘rib hamma yoqa ushladi. Menga o‘xshaganlarning ko‘z yoshlari evaziga quturib, tayyor uy-joyni buzib, qaytadan qurib yotibdi.
— Aniqmi shu?
— Albatta aniqda, odamlar bir narsani bilmasdan gapirmaydi. Hech qaerda ishlamasa, qo‘sh-qo‘sh mashina, shohning saroyidek uy-joy. Turishlaridagi kibr-havoni ko‘rsang...
— Yo‘g‘-e?
— Ha. Shuni eshitgandan buyon oromim yo‘q. Yotsam-tursam shu yaramasni fosh qilish yo‘lini o‘ylayman. Nima deysan, Oysha, prokuraturaga yozib beraymi?
— Oyshaning yuragi g‘amga to‘lib ketdi. Bilardi, bu baloi ofatni o‘zi yashab turgan shaharning qaysidir burchaklarida sotishlarini, ko‘rinishidan odamga o‘xshagan, ammo o‘zi vahshiy hayvondan ham battar kimlardir shu savdoning orqasidan kun kechirishini... lekin, shundaygina o‘zi yashab turgan hovli devorining ortida kimdir ana shu kir ish bilan shug‘ullanishini tasavvur qilib ko‘rmagan edi. E-e, Xudo, nahot endi shu ipirisqi, vijdonsiz bilan bir havodan nafas olsa, o‘g‘li, nevaralari shu odam bilan bir ko‘chada yursa?!
— Samarqandda birov-yarim ko‘char bo‘lsa, hovli-joyini kimga sotishni mahalla-ko‘y hal qilar ekan. Qo‘ni-qo‘shni mahallamizga har xil odam aralashib qolmasin deb shunday qiladi. Bizda-chi? Hech kim bilan hech kimning ishi yo‘q. Kim ko‘chayapti, hovlisini kimga sotayapti? Ko‘chib ketayotgan kishiga nima? U bu yerda yashamasa nima, kim ko‘proq pul bersa, shunga sotib ketaveradi-da. Baloga izidagilar qoladi.
Robiya yana savolni takrorladi:
— Yozaymi, dugona?
Oysha o‘ylanib qoldi. Yolg‘iz o‘g‘il o‘stirgan ayol emasmi, bir umr yurak hovuchlab o‘tgan. Endi avvalgiday o‘g‘lining izidan yugurib yurolmaydi, qo‘lidan bir yumush kelsa kelmasa, ko‘nglini ming xil xavotir kemirib, Allohga nola qilib yotaveradi.
— Dugona, yozish qiyin emas. Ammo bu xil nokaslar ishiga puxta bo‘lishadi. Hamma tomonni pul bilan bog‘lab qo‘yadi. Yozsangu, uyidan hech narsa chiqmasa, senga o‘chakishib qolsa-chi?
— E-e, meni nima qila olardi? Oddiy o‘qtiuvchi bo‘lsam, qo‘limdan sinf jurnalini tortib oladimi?
— O‘g‘illaring-chi? O‘g‘illaringni yo‘ldan ursa-chi? Avraganga ko‘nmasa, uch kun qorong‘u uyga qamab, tomiriga yuqori dozada dori yuborarkan. Ana senga tayyor narkoman. Kimga dodingni aytishni bilmay qolasan.
Robiyaning rangi o‘chib ketdi:
— Xudo saqlasin. Bu dunyoda neki savob ish qilgan bo‘lsam, shu bolalarimga deb qildim. Ammo lekin bu odam bilan bir ko‘chada yashay olmayman. U ko‘chmasa, o‘zim ko‘chib ketaman. Ukamni qara, shunday ochofatlarning qurboni-ku. U kasal, lekin unga hech kimning rahmi kelmaydi, aksincha undan nafratlanadi, hazar qiladi.
— Xudo bir narsa deb qo‘ygandir, dugona, — uni yupatgan kishi bo‘ldi Oysha. 
— Bundaylarga ham Allohning boqqan balosi bordir. Shoshmay tur-chi!
Robiya javranib-javranib, guvranib-guvranib ketdi. O‘zi bilan bechora Oyshaning oromini ham olib ketdi.
Oysha kun bo‘yi o‘zi bir marta ham ko‘rmagan yangi qo‘shnini shu yerdan ko‘chirib yuborish rejasini tuzdi. Har safar o‘zi tuzib, yana o‘zi buzdi. Sababi ayon, haromdan kelgan bo‘lsa-da, dunyosi dunyolarga sig‘may yotgan odam to‘shakda yotgan bir nogiron ayolning rejasi bilan, yangi sotib olib, yillab qayta qurgan uyini tashlab ketarmidi?
Kechqurun o‘g‘liga hasrat qildi: 
— Odiljon, yangi kelgan qo‘shnilar qoradori savdosi bilan shug‘ullanar emish.
Chamasi qo‘shnilar o‘rtasidagi g‘ivir-shivirlardan Odilbekning ham xabari bor shekilli, indamay qo‘ya qoldi:
— Qo‘ysangiz-chi, ona, qaerdagi yolg‘on vahima gaplarni topib yurasiz?
— Yolg‘on emas, bolam, hamma shunday deyotgan emish.
— E-e, aytaverishadi-da, ona. U kishi bo‘lajak hoji, — miyig‘ida kuldi Odilbek. — Uning ismi-sharifini Hajga ketguvchilar ro‘yxatida ko‘rdim.
Oysha o‘g‘lining yuzidagi ijirg‘annamo ifodani ko‘zdan qochirmadi. «Ha, o‘g‘limning hamma narsadan xabari bor, faqat onasining vahimachiligini bilgani uchun uning ko‘nglidan nimalar o‘tganini anglab turganini, endi yolg‘onlash shart emasligini tushunib yetdi:
— E-e, onajon, oq qo‘yni ham, qora qo‘yni ham o‘z oyog‘idan osadilar. Har kim oxir-oqibat o‘z qilmishlari uchun bu dunyoda ham, u dunyoda ham javob beradi. Bizdan ham katta xatolik o‘tgan, devor darmiyon hovli kimga sotilayotgani bilan qiziqmaganmiz, hovlini olayotgan odamni o‘rganmaganmiz.
— Mayli, shunday ham deylik, ammo ko‘rib-bilib turib shunday kimsaning Hajga borishiga yo‘l qo‘yib, tomoshabin bo‘lib turaverasizlarmi?
— Onajon, o‘zingiz o‘qimishli, aqlli ayolsiz. Oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi. Shoshmay turing-chi. Yana bunday gaplarni har joyda gapirib yurmang. Ular juda xavfli odamlar...
Shu kecha Oysha uxlamadi, uxlayolmadi. O‘kirib yubormaslik uchun lablarini qattiq tishlab, ko‘zlarini shipga qadagancha yotaverdi. Ko‘zlariga to‘lgan yoshlar yuzining ikki chekkasidan oqib ketaverdi, ketaverdi. 
Haj!.. Bu ziyoratni u bir umr orzu qildi. Birovlarga aytishdan-da uyalib orzulagan paytlari bo‘ldi. Baytullohday muborak joyni ziyorat qilishga haqqim bormikin deb andisha qilgan paytlari ko‘p bo‘ldi. Ilgari «Bibilarning oshi» deb sumalakni ham har kim pishirishga jur’at qilavermasdi. Ularning ko‘chasida faqat uning onasi yiliga uch martalab sumalak pishirardi. Biram shirin bo‘lardi bu sumalak. Erta sahar payti sumalak bo‘linayotganda hovlilari kosa-tovoq ko‘targan odamlarga to‘lib ketardi. Qozon qanchalik katta bo‘lmasin, hech kimga tovoqchadan ziyod sumalak tegmasdi. Kimdir bemor qarindoshiga, kimdir talaba farzandiga qo‘shimcha ulush olmasa, onasi hammaning oilasiga teng bo‘lardi. Bir yili qo‘shni xola o‘ziga tekkan ulushga qanoat qilmaganmi, o‘zi bug‘doy o‘stirib, sumalak pishirgan. Sumalakni tong otguncha qaynatib, kovlashibdi, ammo sumalak ko‘m-ko‘k, tarxo‘sh bo‘lib turaveribdi. Kedinining aytishicha, qo‘shni xola kun yorishmasdan, hamma sumalakni chelaklarga suzib olib, anhor suviga oqizib yuboribdi. Haj ziyorati haqida o‘ylayotib, ba’zan Oyshaning yodiga qo‘shni xola pishirgan sumalak voqeasi tushadi-yu, yuragi «zirq» etadi: «Baytullohga borishga haqqim bormikin-a?»
Nima bo‘lganda ham Oysha el Hajga jo‘nayotganda bir yonadi, el Hajdan qaytayotganda bir yonadi. Barmoq bukib, oldida turgan vazifalarni bir-bir sanaydi: eng avval o‘n yil oldin qurib boshlagan imoratini bitkazishi kerak, axir kelinni ko‘pqavatli uyga tushirmaydi-ku, keyin o‘g‘lini diplomli qilishi kerak, keyin uylantirib, uyini ham, o‘g‘lini ham egalik qilsa, bo‘ldi! Keyin topgani o‘ziniki, jamg‘arib Hajga borib keladi. Buyog‘i o‘g‘liyam qarab turmas...
Baxtga qarshi o‘g‘li o‘qishga kirgan yili qattiq og‘rib qoldi. kasali yildan-yilga zo‘rayib, kelin tushirar yili yotib qoldi. Dori-darmonning kuchi bilan zo‘rg‘a keldi-kettini kuzatdi. Yurar yo‘llari kundan kunga qisqarib borardi. Oldin oyoqlari og‘risa ham ishga borib kelardi. Keyin kuniga bir marta hovlini bir aylanadigan bo‘ldi. Endi... Bod chalgan bu oyoqlar bilan Baytullohga  borib bo‘larmidi?
O‘tgan yili ammasi Hajga borib keldi. Unga ham bir tasbeh, bir necha ho‘plam obi zam-zam keltiribdi.
Oysha obi zam-zam suvini ho‘plar ekan, yig‘lab yubordi:
— Amma, nima yozig‘im bor ekan, menga Haj ziyorati nasib etmadi?
Ammaning yuragi ezilib ketdi. Yoshgina jiyani bemor, bemador, birovning yordamiga muhtoj bo‘lib yotganidan siqilib ketdi. Hajga yo borar, yo bormas, lekin yer bosib, sog‘-salomat yurganida katta davlat edi.
— Noshukur bo‘lma, jonim. Xudo suygan bandasiga dard berarkan. Hajga bormasang ham, beva boshing bilan farzand boqding, o‘qitding, uylantirding. Boshiga shunday imorat solib berding. Ishxonangda, mahallada doim seni alqab gapirishadi. Doim odamlarga yaxshilik qilding. Bir miskinning ko‘nglini olish ham Haj ziyoratiday gap ekan. Sening qilganlaring necha ziyoratga teng ekanligini Allohning o‘zi biladi. Xudo xohlasa, hali hech narsa ko‘rmaganday tuzalib ketasan. Hajgayam borasan, Alloh qudratining oldida sening darding nima gap?
Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, qo‘shni tomondagi devor ortidan g‘ala-g‘ovur, qattiq kulgilar eshitila boshladi. Qozonni ham devor ortiga osganmi, havodan shirin taomlarning xushbo‘y hidlari kelib turardi.
Har doimgiday kelini ko‘chadan gap topib keldi:
— Momo, yangi qo‘shni Hajga ketayotgan emish. Hammani chaqirib, osh berib duo olayotgan emish.
Oysha indamay devor tomonga o‘girilib yotib oldi.
Devor ortidagi g‘ala-g‘ovur uch kun davom etdi.
To‘rtinchi kun yana kelin gap topib keldi:
— Momo, kecha yangi qo‘shnining miyasiga qon quyilib, oyoq-qo‘li ishlamay, tilsiz-zabonsiz bo‘lib qolibdi.
Uch kundan buyon tobi qochib qimirlayolmay yotgan qaynona o‘rnidan turib o‘tirdi:
— A?! Nimalar deyapsan?
— Bugun yangi qo‘shni xotini bilan Hajga jo‘nab ketishi kerak ekan. Kecha oxirgi mehmonlar bilan o‘tirib, birdan g‘uldirab, gapirolmay qolibdi. Keyin o‘tirgan joyidan qulab tushibdi. Do‘xtirlar kelib, miyasiga qon quyilgan, debdi. Kechaning o‘zida kasalxonaga olib ketishibdi. Ahvoli juda og‘irmish.
— O‘zi seni Bi-bi-siga ishga olish kerak. Sen bo‘lmasang dunyo axborotlaridan butkul bexabar qolardim.
Kelin xijolat tortdi.
— Suvga chiqqan edim. Qo‘shnilardan eshitdim.
Momo negadir yaqin kunlar ichida birinchi marta o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi:
— Biror narsa olib kel, qornim juda ochib ketdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.