OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo'ra Fozil. Ko'zimning oqu qorasi

Paxsa devorlar, teraklar ortidan kattakon gulobi qovunga monand Oy ko‘tarilmoqda. Uning mayin nurlari tun sukunatiga g‘arq bo‘lgan bog‘larga alla aytar, qishloq esa uxlashni istamagan bolakayga o‘xshab xarxasha qilar, hamon uyg‘oq edi.
Ulkan qari tut ostidagi so‘rida tun sukunatiga quloq tutib o‘tirgan Shahodat buvi dimog‘ida xirgoyi qiladi: 
 
Shamol eshik ochadi, yorim bodom sochadi,
Sochma desam sochadi, kuladi-yu, qochadi...
 
Chorbog‘dan ertapishar o‘rik hidi keladi, daraxt uchlari javzo tunining issiq epkinidan tebranib, mevalar “to‘p-to‘p” etib yerga tushadi. Chopbog‘ adog‘idagi bostirma tomondan itning g‘ingshigani eshitiladi.
Shahodat buvi hushyor tortib o‘rnidan turdi. “Eh, esim qursin, bechora Bo‘ynoqqa hech nima bermabman-ku!”
Kampir oshxona chirog‘ini yoqib, kechki ovqat qoldiqlari va yana allanimalarni oldi-da, bostirma tomon ketdi. Bo‘ynoq uning qadam tovushlarini tanib, bo‘ynidagi zanjirni shildirlatganicha, irg‘ishlay boshladi.
– Bo‘ynoqjon, och qoldingmi? Axir, men ham borman, deb qo‘ymaysanmi, bundoq? Mayli, zarari yo‘q, sen ham menga o‘xshab qartayding-da. Vovullashga ham madoring yo‘qqa o‘xshaydi.
Shahodat buvi olib kelgan yemishni beminnat va sodiq qo‘riqchisining oldiga tashlab, uning boshini silab, erkaladi. It ham minnatdorchilik bildirganday, darhol egasining oyoqlarini yaladi. Ko‘ngli iyib ketgan kampirning ko‘zlari yoshlandi. “Eh, shu jonivor ham mehrni sezadi-ya...”
Bo‘ynoq ishtaha bilan suyak g‘ajishga tushgan, uni so‘zsiz kuzatib turgan egasining itga rahmi kelardi. “Men bu hovlining bir umrlik tutquni edim, endi sening ham bo‘yningga zanjir osildi. Nachora, bu dunyoi dundagi jamiyki jonzot tug‘iladi, ulg‘ayadi, qartayadi va nihoyat, o‘lim sharobini sipqoradi...
 
* * *

Shahodat buvi Yodgor ismli yolg‘iz o‘g‘lidan yodgori bo‘lgan nevarasi Saodat bilan qishloq chekkasidagi hayhotdek hovlida yashar, Bo‘ynoq ularning “xos soqchisi” edi.
Xos soqchi bir vaqtlar juda durkun va o‘ktam bo‘lib, daydi itlarni hovliga yaqinlashtirmasdi. Endi esa qartayib qoldi. Yosh itlar boyaqishni bir necha marta qonga belaguncha talagach, Shahodat buvi uni begona ko‘zlardan pana qildi.
Bir umr emin-erkin yurgan Bo‘ynoqning tutqunlikka ko‘nikishi juda qiyin bo‘ldi. Lekin jonivor ochiqda yuraversa, oqibati nima bo‘lishini tushundimi, harqalay, taqdirga tan berdi. Biroq baribir, egasini ko‘rdi deguncha mungli ko‘zlaridan yosh tirqirar, unga qarab kampir ham yig‘lab olardi. “Chida, Bo‘ynoqjon, chida! Mana, meni ko‘r, bir umr shu xonadonga bog‘langanman. Ipsiz, zanjirsiz. Hech qayoqqa ketolmayman. Hatto omonatini topshirishga ham jur’at yo‘q. Axir, mensiz nima qilasizlar? Ko‘zimning oqu qorasi Saodatginam qanday yashaydi? Bu yetimchaning g‘amini kim yeydi?!”
Saodatning ota-onasi dalada paxta terayotganlarida, samolyot ustlaridan dori sepib o‘tgach, bir kechada vafot etishgan. Eri urushda halok bo‘lgan Shahodat buvi taqdirning bu zarbasidan hamon o‘nglanolmasdi. Bo‘yi yetib, qishloq yigitlarining ko‘zini kuydirib yurgan qiz ham buvisini o‘ylab, erga tegolmasdi. Eshik turumini buzayotgan sovchilarning hammasi quruq qaytar va bu “qiz bolaning nozi”ga yo‘yilardi. Shahodat buvi nevarasining ko‘ngliga qarab sovchilarni quruq qaytarsa-da, ichidan zil ketar, chunki o‘zi rahmatli erini bir yil zor qaqshatgani, so‘ngra to‘ydan hafta o‘tib, u urushga ketgach, tunlari yostiq quchoqlab, qon yig‘laganini hamon unutolmasdi.
Zanjirband esa-da, bechora Bo‘ynoq o‘zining azaliy vazifasini sidqidil ado etar, hovlidagi ikki mushtiparni ko‘zining oqu qorasidek asrardi. Lekin jonivorning bir qusuri bor edi. O’sha, Saodat noz bilan kuydirib yurgan traktorchi yigit devor osha bog‘ adog‘iga kelganida sira akillamas, yuvosh tortib, chala kesilgan to‘mtoq dumini huda-behuda likillataverardi. Jonivor egasiga xiyonat qilayotganidan uyalar, biroq Saodatni fosh qilishni istamasdi.
Hozir ham Shahodat buviga yaltoqlik qilib, suyak g‘ajiyotgan Bo‘ynoq ikki yosh bog‘ adog‘idagi o‘rik tagida suhbatlashayotganini yaxshi bilar, ammo egasi ham bu sirdan voqif ekanidan xabarsiz edi.
Balandlayotgan Oyning harir nurlari chorbog‘ni munavvar etgan, u yer-bu yerda hurayotgan itlar tovushi tunning sukunat pardasini yirtgandek bo‘lar, endi qornini sal to‘yg‘azib olgan Bo‘ynoq ham erinibgina, xo‘jako‘rsinga akillab qo‘yardi. Uning vovullashida hamjinslarini quvvatlash, kechki ovqat uchun egasiga minnatdorlik va shuning barobarida, Sobirjonni cho‘chitib yuborishdan andak xavotir ham bor edi.
– Hay, mayli, Bo‘ynoqjon, endi men uxlayman. Kun bo‘yi ivirsib, charchadim.
Kampir haqiqatan ham juda charchagan, suyaklari qaqshab og‘rir, yotib orom olgisi kelardi. Lekin nevarasi yoniga kelib yotmaguncha ko‘ngli joyiga tusharmidi?..
Shahodat buvi uyi tomonga emas, bog‘ adog‘iga qarab ketdi. Bo‘ynoq uning ortidan norozi g‘ingshib, yer tirnab qoldi.
Kampir biroz yurgach, paxsa devor yoqalab o‘sgan yovvoyi atirgul panasida to‘xtadi. Devor oshgan atirgul qiyg‘os ochilib yotardi. Uning muattar ifori yetilib pishgan o‘rik hidiga qo‘shilib, dimoqni qitiqlar, Shahodat buvi buni sezmas, uning butun diqqat e’tibori o‘n-o‘n ikki qadam naridagi kattakon qari o‘rik soyasidagi ikki sharpada edi. G’o‘ng‘ip-g‘o‘ng‘ir suhbat quloqqa bemalol chalinardi. Boyaqishlar suhbatlariga birov quloq tutishi mumkinligini xayollariga ham keltirishmasdi. Axir, saksonni qoralagan kampir bu paytda charchab, uxlab qolgan bo‘lishi kerak edi-da.
Xullas, suhbat avjida, kampir esa og‘irlashib qolgan quloqlariga zo‘r berar, o‘zining o‘n sakkiz yoshini, urush arafasida bo‘lib o‘tgan kamtaringina to‘yini, chimildiqda kuyovning oyog‘ini qanday bosganini eslardi. Eslardi-yu, ko‘z yoshlari o‘z-o‘zidan quyilib kelar, nevarasini kelinlik libosida ko‘rishni istardi...
– Saodat, senda insof bormi, o‘zi? Axir, qachongacha meni qiynaysan? – yigitning tovushi juda nadomatli edi.
– Ho-o-o, bu kishini qaranglar... Kim sizni qiynabdi? O’zingiz gapga ko‘nmasangiz, men nima qilay?..
– Gapga ko‘nmaysiz emish. Sening gaping ko‘nadigan gap emas-da. O’zing o‘ylab ko‘r, qaysi yolg‘iz o‘g‘il ichkuyov bo‘lishga ko‘nadi? Ota-onamning yuziga qanday qarayman? Mahalla-ko‘y, qishloq nima deydi? Niyating meni sharmanda qilishmi?
– Ajab bo‘pti! Alam qilsin! Siz yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsangiz, men ham yolg‘iz qizman, bildingizmi? Keksa buvimni kimga tashlab ketaman, buni o‘yladingizmi? Axir, u kishi qo‘ndoqdaligimdan tishlarida tishlab katta qildilar-ku!
Nevarasining so‘zlarini aniq-tiniq eshitayotgan Shahodat buvining ko‘z yoshlari shashqator edi. Bolaginasi uni shunchalar ayar, shunchalar yaxshi ko‘rar ekan.
Kampir yuragida tug‘yon urayotgan qarama-qarshi hislarni jilovlash uchun chappar urib ochilgan atirgulga nigohlarini qadadi. Ha, qizginaning yuragida ilk muhabbat ana shu yovvoyi guldek ochilgan, hozir xato qilib qo‘yishi ham mumkin. Keyin bir umr pushaymon qilib yuradi...
Shahodat buvi bekingan joyidan chiqib, “Hoy, bolam, men bilan ishing bo‘lmasin, amallab kunimni ko‘rarman, o‘z baxtingni o‘yla”, degisi keldi. Lekin o‘zini zo‘rg‘a tiydi. “Ayb bo‘ladi. Kuyov bola bu miyasi aynigan kampir gap o‘g‘irlar ekan-da, deb o‘ylamaydimi? Qaytaga bolajonimni uyatga qo‘yaman-ku”, o‘yladi u va yana suhbatga quloq tutdi. Sobirjon hamon zo‘r berib qaysar qizga gap uqtirmoqchi bo‘lardi.
– Tushunsang-chi, sen qiz bolasan, qiz bola esa birovning xasmi. Baribir bir kunmas, bir kun buvingni tashlab ketasan-ku!
– Yo‘q, hech qachon! Hech qachon buvijonimni tashlab ketmayman! Men u kishini shunchalar yaxshi ko‘ramanki, siz tasavvur ham etolmaysiz.
Shaddod qiz “hatto, sizdan ham ortiqroq yaxshi ko‘raman”, demoqchi edi-yu, aytolmadi, tilini tishladi. U Sobirjonni bokira muhabbati bilan sevardi. Sevardi-yu, ikki o‘t orasida qolgandi. Va o‘zining shubha-gumonlari, ikkilanishlarini noz pardasi bilan bekitar, yigitga rad javobini bermoqchi bo‘lib, yuragi qonlarga to‘lardi.
Uning so‘zlarini gul panasida tinglab o‘tirgan buvijoni hamon ko‘z yoshlarini tiyolmas, lablari “Rozi bo‘laqol, qizim, sen uchun taqdirning barcha sitamlariga chidayman”, deya pichirlardi,
Xo‘rozlar qichqira boshladi. Bo‘ynoq ham bostirma tomondan norozi uvillab qo‘yardi. U har tun buvi-nevara uyquga yotmagunlaricha shitir etgan tovushga quloq tutib, bezovta bo‘lardi. Har ikki mushtipar uyquga ketgach, u ham boshini oyoqlariga qo‘yib, mudrab o‘tirardi. Uyqu qayoqda deysiz? Bir-yarim zanjirni uzmoqchi bo‘lib to‘lg‘anar, egalari tinchini o‘ylab unchalik baland hurmasa-da, amallab tinchlik buzuvchini fikridan qaytarardi. Shu bois yaqin atrofdagi jonivorlar bu hovlini chetlab o‘tishga majbur bo‘lishardi.
Shu beorom tunda Bo‘ynoq sho‘rlik juda jonsarak bo‘ldi. Egalari hamon uxlagani yotishmadi, ustiga-ustak kampir gul panasida bekinib o‘tiribdi, Sobirjon bilan Saodat bo‘lsa, hech nimadan xabarsiz baralla bahslashishyapti. “Eh, odam shunchalik ehtiyotsiz bo‘ladimi?!” afsus chekardi Bo‘ynoq. U chorbog‘dagi sharpalarning hidini, har bir gap-so‘zini tuyib turardi.
Yoshlar hamon bahslashishar, lekin Saodatning ovozi endi xiyla muloyimlashgan, buni Shahodat buvi ham, Bo‘ynoq ham sezib turishardi.
– Mayli, ko‘pam obidiyda qilavermang. Buvim bilan bir gaplashib ko‘ray-chi, nima derkinlar...
Shahodat buvi ko‘z yoshlarini yengining uchi bilan arta-arta, sezdirmay gul panasini tark etdi. Uning so‘ri tomon o‘tganini ko‘rgan Bo‘ynoq biroz xotirjamlangan bo‘lsa-da, Saodat yigit bilan xayrlashmaguncha quloqlarini dikkaytirib turaverdi.
O’ringa cho‘zilgan Shahodat buvi nevarasining qaytishini kutib, osmonga
tikilganicha xayol surib yotardi. “Qodir Xudoyim! Bolaginamning ko‘ngliga ozgina shafqat solganing uchun behisob shukr! U Sobirjonga rad javobi berganida, nima qilardim? Xayriyat, qaysarginam yigitni ayadi...” – pichirladi buvining lablari.
Oradan ko‘p o‘tmay Saodat sekin yurib kelib, buvisining yonidagi o‘ringa kirdi. Bir muddat u yoq-bu yoqqa ag‘anagach, chidayolmadi, izillab yig‘laganicha o‘zini buvisining bag‘riga otdi.
– Buvijon, meni kechiring! Unga rozilik berganimni o‘zim ham bilmay qolibman!
Shahodat buvi xun bo‘lib yig‘layotgan nevarasining mayda o‘rilgan sochlarini, yosh yuvgan yuzlarini siladi, peshonasidan sekingina o‘pib, titroq tovush bilan uni yupatdi.
– Tentakkinam, nega yig‘laysan? Axir, bu baxt-ku! Men roziman, bolam...
Kampir bo‘g‘ziga tiqilib kelgan yoshlarini yutolmay, jimib qoldi. Javzoning shu qisqa tunida buvi-nevara allamahalgacha uxlayolmadilar...
Ertasiga sovchilar kelishdi. Darvozadan ichkariga qadam qo‘ygan har bir odamni ko‘rsa, jon-jahdi bilan akillaydigan Bo‘ynoq bu gal “miq” etmadi, cho‘ltoq dumini likillatib turaverdi.
Sovchilar uch marta kelib-ketishgach, oradan ko‘p o‘tmay to‘y bo‘ldi. Iroqi do‘ppi, oq shohi ko‘ylak kiygan Saodat biram go‘zal kelin bo‘ldiki, asti qo‘yaverasiz... Go‘shangada unga ro‘baro‘ bo‘lgan Sobirjonning esi og‘ib qolayozdi. Qiz qurmag‘ur buvisining o‘gitiga amal qilib, bir oyog‘ini sal ko‘tarib turgan ekan, go‘shangaga qadam qo‘yib, qizga mahliyo bo‘lib qolgan kuyovto‘raning oyog‘ini “g‘arch” etkazib bosdi. Bo‘ldi qiy-chuv, bo‘ldi kulgi. Sobirjon maqsadiga yetgan edi, shu bois kelindan unchalik xafa bo‘lmadi-yu, lekin nimanidir ko‘ngliga tugib, miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Uning ko‘ngliga tukkani keyinroq ma’lum bo‘ldi. Sobirjon darvozalari oldida yoqilgan gulxan atrofidan kelinni dast ko‘tarib aylanar ekan, hech kimga bildirmay, uni chimchilab oldi.
– Voy, voy, nega bunday qilasiz, qurib ketgur! – tahdidli shivirladi qiz uning qulog‘iga.
– Senga bu ham kam! – dedi yigit, – o‘zing oyog‘imni boplab bosding-ku!
 
* * *

Shahodat buvining huvillab qolgan hovliga ko‘nikib ketishi xiyla qiyin bo‘ldi. Lekin hovli huvillab qolgan bo‘lsa-da, kampirning shuncha yillardan buyon o‘ksik ko‘ngli to‘lgan, tog‘ bo‘lgan edi.
U uzzu-kun hovlida kuymanib, o‘sha, o‘zi yaxshi ko‘radigan “Shamol eshik ochadi, yorim bodom sochadi...” qo‘shig‘ini xirgoyi qilar, Saodatning qayoqqa g‘oyib bo‘lganini hamon bilolmay bezovtalanayotgan Bo‘ynoqni qo‘lidan kelgancha yupatardi. “Mana, men binoyidek chidayapman-ku. Sen ham ko‘nikib ketasan, Bo‘ynoqjon...”
Jonivor egasining gaplarini tushunganday, boshini xam qilib, sukut saqlar, samoni to‘ldirgan xilma-xil hidlar orasida unga keragi, unga qadrdoni yo‘q edi...
...Kelin charlar kuni qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar kelishdi. Shahodat buvi necha yillardan beri sandig‘ida asrab yurgan eng kamyob, eng tansiq narsalarni o‘rtaga qo‘ydi.
Nihoyat, kelin bo‘lib gul-gul ochilgan Saodat ostonada ko‘rindi.
“Oh-oh, sening shu nurli yuzlaringga, shu qopa sochlaringga jonim sadaqa!” – buvi nevarasini bag‘riga bosib, yig‘lab yubordi.
– Yig‘lamang, buvijon! Mana, men keldim-ku! – derdi o‘z baxtidan sarxush nevara ham ko‘z yoshlarini tiyolmay.
Ular bir-birlarini quchoqlaganlaricha obidiyda qilishar ekan, Bo‘ynoqning bo‘ladigani bo‘lgandi. Boyaqish Saodatning o‘zini ko‘rmayotgan bo‘lsa-da, uning kelganini darhol sezgandi. Jonivor o‘zini to‘rt tomonga urar, lekin egalarining xursandchiligiga raxna solmaslik uchun vovullashni ep ko‘rmasdi. Uzoq vaqt unga hech kim e’tibor bermadi.
Tun yarimlayozganda, Bo‘ynoq Saodatning nozik qadam tovushlarini tanib, shodlikdan dumini likillata boshladi. Kelinchak itning yoniga u-bu tashlab, o‘z odaticha shirin til bilan erkaladi:
– Ha, Bo‘ynoqjon, meni sog‘inib qoldingmi? Senga hech kim qaramadimi? Parvo qilma, mana, men borman-ku! – Saodat itning boshini silar, u esa yonidagi yegulikka qiyo ham boqmas, sariq atlas ko‘ylak kiygan, sochlarini mayda o‘rgan bekasiga mahliyo bo‘lib, ko‘zlaridan tirqirab yosh oqardi...
Kelin charlar allamahalda tugadi. Hovli sokinlari yana o‘zlari bilan o‘zlari qoldilar. Buvi yulduzli samoga tikilganicha duoga qo‘l ochdi: “Yo, Olloh! Ilohim Saodatginam baxtli-taxtli, uvali-juvali bo‘lsin, uning qatorida barcha mo‘min-musulmonlarga baxt ato qilgaysan! Ming shukrkim, endi Yodgorimning ruhi shod bo‘ladi...”
Tun Oysiz, xiyla qopong‘y edi. Lekin Shahodat buvining yuzlari allaqanday nurdan munavvar, shuncha yillardan beri baxt nimaligini bilmagan hovli masrur, shodumon ohanglarga g‘arq bo‘lib borardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.