OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘ra Fozil. Ma’suma qiz qarg‘ishi (hikoya)

Qishloqning old yigiti hisobangan Muzaffar hayotda baxt topolmadi. Buni har kim o‘zicha izohlar, biroq aksariyat hamqishloqlar uni Sayyoraning qarg‘ishi tutgan deyishardi. Lekin bu gaplarga sira ishonmasdim. Sababi men ular bilan bir ko‘chada o‘sgan, ikkalasining tabiatini yaxshi bilardim.
O‘rtabo‘y, qoramag‘iz Sayyora tasavvurimizdagi hurliqolarga unchalik o‘xshamasa-da, istarasi issiqqina, mehnatsevar qiz edi. Butun qishloq unga havas qilardi. O‘shanda Sayyora sakkizinchi, men va Muzaffar to‘qqizinchi sinfda o‘qirdik. Tabiatan kamsuqumgina bu qiz devor-darmiyon qo‘shnisi bo‘lmish Muzaffarga doimo nimanidir ilinardi. Goh to‘rt donagina ertapishar o‘rikmi, goh tandirdan yangigina uzilgan jizzali patirmi ko‘tarib o‘shaning yo‘lini poylardi. Oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan Muzaffar qurg‘ur xiyla tintiq edi. Qiz bolaning cheksiz mehri aralash bu ne’matlarni pok-pokiza tushirsa-da, ba’zan Sayyorani ochiqdan-ochiq mazax qilardi. G‘alati mehribonchiligi uchun dugonalari ham qizning ustidan kulishardi. Ammo Sayyora tahqirli odatini hech kanda qilmasdi. O‘shanda men ham Muzaffarning surbetliklariga qaramay, qiz uni siylashda davom etishiga hayron bo‘lardim. Keyinchalik o‘ylab qarasam...
Saratonning issiq kunlaridan biri edi. Muzaffar ikkimiz daladan terib kelgan o‘tlarimizni saranjomlagach, ko‘cha boshidagi tosh quduq bo‘yiga keldik. Bu yer tengqurlarimiz yig‘iladigan joy bo‘lib, biz cho‘milgani qaysi anhorga boramiz, so‘ngra qaysi bog‘ yoki chorbog‘ni oralaymiz — shu yerda reja tuzardik.
Hali sal erta edi chamasi, quduq bo‘yida hech kim ko‘rinmasdi. Muzaffar ikkimiz ariq yoqalab o‘sgan yong‘oqlar soyasida u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik.
Oradan ko‘p o‘tmay muyulishda chelak ko‘targan Sayyora ko‘rindi. Unga ko‘zi tushishi bilan do‘stimning turqi o‘zgardi. Ko‘zlari suzilib, yuzlarida qandaydir kalondimog‘ zaharxanda paydo bo‘ldi.
— Qara, — dedi u burnini jiyirib, — bu oyimcha menga yana nimadir olib kelayapti... Ko‘zim uchib turgani yo‘q.
Haqiqatan ham biz tomon odimlab kelayotgan qizning bir qo‘lida chelak, bir qo‘lida yaltiroq qog‘ozli nimadir bor edi.
Sayyora chelakni quduq yoniga qo‘yib, biz bilan salomlashdi va qo‘lidagi narsani Muzaffarga uzatdi. Uning kulcha yuzlari qizargan, yonoqlarida ter tomchilari yaltirardi.
— Nima bu? — dedi Muzaffar nopisandlik bilan.
— Nima bo‘lardi? Shu... muzqaymoq...
Muzaffarning mazaxo‘rak mushuknikiga o‘xshash ko‘zlari yiltiradi. 
O‘sha yillarda shahar ne’mati hisoblangan muzqaymoq qishloq uchun juda kamyob, tansiq edi. Tantiq yigitcha uni bir yamlab yutishga tayyor, men ham yutinib qo‘ygandim. Lekin sinfdoshim onda-sonda xurmacha qiliq qilmasa, ko‘ngli joyiga tushmasdi. U qizning bilinar-bilinmas titrab turgan qo‘lidan jimjimador qog‘ozli muzqaymoqni tortib oldiyu mening hay-haylashimga qaramay, uni loyqa suv to‘lib oqayotgan ariiqqa otib yubordi.
— Ha, ahmoq, bu nima qiliq? — qichqirdim men do‘stimning yelkasiga turtib.
Muzaffar pinagini buzmadi. Qizning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan, nima qilishini bilmasdi. Unga juda rahmim kelganidan chelagini suvga to‘ldirib berdim. U yoshli ko‘zlari bilan menga minnatdor nigoh tashlab, sekingina "rahmat" dedi-da, boshini quyi solganicha uyi tomon ketdi.
Keyin biz ulg‘ayib, hammamiz uyli-joyli bo‘lib ketgach, Muzaffarning baxtsizligi haqida har gal eshitganimda Sayyoraning o‘sha aftoda holati ko‘z o‘ngimda bot-bot takrorlanaverardi. Lekin u kunlar hali juda olisda, qiz e’tiboridan behad taltayib ketgan do‘stim o‘zini hayotda nimalar kutayotganini bilmasdi.
Sayyora ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, undan so‘radim:
— Nega uni xafa qilding?
— Ishing bo‘lmasin! Men har safar u bergan narsani olaversam, oyimcha taltayib ketadi...
— Shu issiqda olisdan muzqaymoq olib kelish osonmi? U, axir, o‘zi yemay senga olib kelgan-ku!
— Bo‘pti, — dedi Muzaffar masxaraomuz, — u yana muzqaymoq olib kelsa, senga beraman.
Bahsni davom ettirsak, janjal chiqishi tayin edi, shu bois men indamadim. Tez orada tengqurlarimiz to‘planishdi va biz soyning eng chuqur joyini ko‘zlab cho‘milgani jo‘nadik.

* * *
Shu taxlit maktabni bitirganimizcha Sayyora har qancha dakki yesa-da, do‘stimga nimanidir ilinishni kanda qilmadi va u ovsar ham qizni xo‘rlashdan sira tinmadi. Bunday adolatsiz munosabatni butun qishloq bilar, ko‘pchilik Sayyorani ayab, Muzaffarni o‘zicha koyigan bo‘lardi. Bu vaqtga kelib barvasta, chiroyli yigitga aylangan Muzaffarning tumshug‘iga xoda yetmay qolgandi. Onda-sonda xotin-xalajning bir-yarim gaplari qulog‘imga chalinib qolardi.
"Bu yigitcha shunday qizning uvoliga qolmasaydi... Sayyoraday xokisor qiz har bir xonadonga gulday kelin bo‘ladi. Bokira qizning qarg‘ishi yomon..." 
Men bu gaplarga e’tibor qilmasdim. Chunki Sayyora do‘stimni behad yaxshi ko‘rishini, uni sira qarg‘ay olmasligini bilardim.
Sinfdoshim otasining yordami bilan bir amallab institutga o‘qishga kirdi. Men tuman markazida ishlay boshladim.
Muzaffarning o‘qishga kirishi Sayyoraning bir tashvishini o‘n qildi. U dalada ketmon chopishar, tomorqa, mol-holga qarashar va ukalarining xizmatini qilar va yana vaqt topib hafta sayin shaharga qatnar, tobora surbetlashib borayotgan yigitni hali sariyog‘, hali qaymoq, sarxil mevalar bilan siylardi. Ko‘ngil qo‘ygani esa unga iltifot ko‘rsatayotganini xayoliga ham keltirmas, sovg‘alarini esa ko‘zlarini lo‘q qilib qabul qilar, ba’zi-ba’zida ta’biga o‘tirmagan narsalarni yotoqxona derazasidan uloqtirib yuborardi. Shunday paytlarda qizginaning ko‘ziga dunyo tor ko‘rinar va yum-yum yig‘lab qishloqqa qaytardi. Men uni necha martalab shu ko‘yda bekatlarda uchratdim. U o‘z azaliy odaticha bosh egib, sekingina salomlashar, qizning chiroyli ko‘zlaridagi cheksiz mung yurak-bag‘rimni ezardi.
Kech kuz kunlarining birida kechga yaqin qattiq yomg‘ir yog‘di. Ishdan keyin bekatga yetib olguncha rosa shalabbo bo‘ldim. Qosh qoraya boshlagan, yomg‘ir tomchilariga qo‘shilgan achchiq izg‘irin badanni junjitardi. Panaga o‘tib, o‘zimni sal o‘nglagach, bir chekkada qunishib o‘tirgan qiz diqqatimni tortdi. Bu juda yupun kiyingan, eski kalishlari yomg‘irda bo‘kkan Sayyora edi...
— Ha, Sayyoraxon, yo‘l bo‘lsin? — dedim uning qaerdan kelayotganini yaxshi bilsam-da.
— He, shu, Buxoro bozoriga boruvdim, — dedi qiz qisqacha salom-alikdan so‘ng yig‘idan qizargan ko‘zlarini mendan yashirishga harakat qilib.
Hammasi ravshan. Tantiq do‘stim yana bir qiliq qilgan. Yuragimda qizga nisbatan achinish, Muzaffarga nisbatan g‘azab hislari o‘zaro qattiq olishar, lekin Sayyoraga nima deyishimni bilmasdim. 
"Hoy, qizgina, u to‘nka sening bu fidoyiligingga, mehringga arzimaydi-ku!" degan xitob shundoqqina tilimning uchida titrab turar, lekin qizning yuragi qa’ridagi umid uchqunlarini so‘ndirishni istamasdim.
Shu yomg‘irli oqshomdan so‘ng Sayyora qattiq shamollab, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoldi. Bu orada qishloqqa bir necha marta kelib-ketgan Muzaffar undan hatto hol-ahvol so‘rashga yaramadi. Bu mening sabr kosamdagi so‘nggi tomchi edi. Uni xoli uchratganim-da rosa iskanjaga oldim.
— Hoy, noinsof! Bir bechora seni deya ne ko‘yga tushganini ko‘rmayapsanmi? Yo ko‘r bo‘lib qolganmisan?! Nega uni bekordan-bekorga umidvor qilasan?
Do‘stim mendan bunchalik xuruj kutmagan ekan, avvaliga dovdirab, biroz chaynaldi. So‘ngra o‘zini o‘nglab, qarshi hujumga o‘tdi.
— O‘pkangni bos! Men uni hech qachon umidvor qilmaganimni o‘zing ham yaxshi bilasan, sovg‘alarini yuziga otganimni ham ko‘rgansan. Kim-kimni umidvor qilayotganini nahot tushunmaysan? Bilmasang, bilib qo‘y, ikki dunyoda ham unga uylanmayman! Institutda ortimda soyadek ergashib yurgan qizlar — ming-ming. Judayam rahming kelayotgan bo‘lsa, o‘zing uylanib ol!
Fig‘onim falakka chiqdi. Lekin bu gal ham o‘zimni bosishga majbur bo‘ldim. Axir, birovni sevishga, uylanishga majbur etib bo‘lmaydi-ku?!
Shu voqeadan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay Muzaffar o‘ziga o‘xshash tantiq bir qiz bilan tanishib qoldi-yu, bir haftada to‘y bo‘ldi.
U yolg‘iz o‘g‘il emasmi, bechora ota-ona topgan-tutganini to‘yga sarfladi. Arzanda kuyov xotini bilan Buxoro shahrida ijarada yashay boshladi. Axir shaharlik tantiq kelin qishloqqa kelarmidi?
Yangi kelin-kuyov avvaliga ota-onalarini rosa kuydirishdi, so‘ng o‘zlari el oldida sharmandai sharmisor bo‘lishdi.
Darvoqe, sevgan kishisidan ajragan bechora Sayyora savdoyi bo‘layozdi. Keyinchalik ota-onasining pand-nasihatlariga quloq solib, o‘ziday kamsuqumgina bir yigitga tegib ketdi. Aytishlaricha, u hozir eri bilan tinch-totuv yashayotgan emish. Men bunga juda ishongim keladi. Chunki Sayyora qanchalik xokisor, fidoyi ekanini bilardim.

* * *
Yaqinda Buxoroda Muzaffarni uchratib qoldim. Qomati bukchaygan, soqollari o‘siq, qo‘lida yelimxalta ushlagan bu aftodahol kishi o‘sha ekanligiga sira ishongim kelmasdi.
— Muzaffar, senmisan, do‘stim!
U olazarak nigohlarini menga qadadi, tanigach, mahzun chehrasi biroz yorishgandek bo‘ldi.
Biroz suhbatlashdik.
Xayrlashar ekanmiz, u ko‘zlarini mendan olib qochib shunday dedi.
— Kechir, do‘stim, seni uyga taklif etolmayman.. Hozir tirikchiligim o‘ziga yarasha...
Men bekat tomon bukchayib qadam tashlayotgan do‘stimning ortidan tikilar ekanman, unga qiz bolaning qarg‘ishi tekkaniga hamon ishongim kelmasdi. Yo‘q, Sayyora uni qarg‘amagan, qarg‘ayolmaydi...
Achchiq izg‘irin yakkam-dukkam qor uchqunlarini chirpirak qilib uchirar, ko‘nglim huvillagan, zimiston edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.