OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘ra Fozil. Yaxshilar (hikoya)

U ulug‘ daryo sohilidagi mangu bahor mamlakatida qishni, qorni sog‘inib, odamlarga yaxshilik qilish orzusida yashardi. Yuragida yaxshilikka tashnalik hissi juda kuchli edi, shu bois Yangi yil arafasida orzularini haqiqatga aylantirmoqchi bo‘ldi.
Qorni och, boshi aylanardi. Bandargohdagi bir qahvaxonaga kirdi, taomnomaga uzoq termulib o‘tirdi, lekin buyurtma berishga jur’at etmadi. Aytishganidek, ochlik katta xolang emas, u baribir quymoq, qahva olib kelishni iltimos qilishga majbur bo‘ldi.
Xodima unga sinchkov nazar tashladi. Co‘ngra aytganlarini olib kelib, yoqimli ishtaha tiladi. Yigit nonushta qilib bo‘lgach esa xodima: mayli, agar pulingiz bo‘lmasa, keyin berib ketarsiz, dedi.
Yigit qizarib ketdi. “Yo‘q, yo‘q! Men gazeta o‘qimoqchiman, xolos. Keyin to‘layman”, dedi.
Yonidagi stolda o‘zi tengi yigit bir qiz bilan nonushta qilardi. U jilmayganicha so‘z qotdi:
— Do‘stim, oyog‘ingiz ostiga qarang, pulingiz tushib qolibdi.
Yigit nigohini gazetadan uzib, oyoqlari ostiga qaradi. Bir bog‘lam yap-yangi 1000 so‘mliklar...
— Yo‘q, bu mening pulim emas!
— Cizniki, dedi yigit, axir, sizning oyog‘ingiz ostiga mening pulim tushmaydi-ku! Mana, mening hamyonim joyida turibdi, — u qo‘liga hamyonini olib, ming so‘mliklarni ko‘rsatdi.
— Yo‘q, — dedi keskin tarzda nochor yigit. — Men yaqin orada qo‘limda buncha pul ushlamaganman.
Xayrixoh yigit bir zum o‘ylandi-yu, shunday dedi:
— Qaytanga yaxshi-ku! Bu sizga Yangi yil sovg‘asi bo‘lsa, ne ajab?
“Eh, dedi — ich-ichidan ezilib, ezgulik orzusida yurgan yigit. Birovning pulini o‘zimniki qilishim kerakmi?...”
Notanish yigit esa so‘zidan qaytadiganlardan emas ekan, sekin o‘rnidan qo‘zg‘olib, uning yoniga keldi.
— Ishoning, oyog‘ingiz ostidagi pul — sizniki. Meni qasam ichishga majbur etmang! — u shunchalar samimiyat, ishonch bilan gapirardiki, boyaqish pulni olishni ham, olmaslikni ham bilmay, arosatda qoldi.
Shunda yigitning sherigi — suluvgina qiz ularning yoniga keldi.
— Ha, ha, pul sizniki! Cho‘ntagingizdan dastro‘mol olganingizda tushib ketganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
“Nahot, shunday beg‘ubor boqayotgan ko‘zlar ham yolg‘on gapirsa? Umrim bino bo‘lib, shuncha pulni qo‘limda ushlaganim yo‘q-ku! Yana, dastro‘mol deydi.”
U o‘y-xayollari bilan band ekan, haligi yigit egilib, oyoq ostidagi pulni oldi va qo‘lida salmoqlab ko‘rdi-da, stolga “shap” etkazib qo‘ydi.
— Mana, oling, bu sizga!
— Xo‘p, mayli, — dedi yigit tili zo‘rg‘a aylanib, — u boshqalar e’tibor qila boshlaganidan o‘ng‘aysizlandi. — Men pulni olaman. Faqat bir shart bilan. Kimligingizni, manzilingizni aytasiz?
— Jonim bilan.
Yigit cho‘ntagidan zar hoshiyali tashrifnoma olib, pul yoniga qo‘ydi.
— Agar mehmonimiz bo‘lsangiz, boshimiz osmonga yetardi!
U o‘z o‘rniga borib o‘tirdi. Xodimani chaqirib, hisob-kitob qildi-da, hamrohini qo‘ltiqlab, tashqariga chiqdi.
Odamlarga yaxshilik istovchi qo‘llari kuygudek bo‘lib, pulni oldi-da, cho‘ntagiga soldi. Co‘ngra qo‘rqa-pisa tashrifnomaga ko‘z yugurtirdi, hayronligi yanada ortdi.
Ism-sharif dunyoga mashhur boyvachchaga taalluqli edi.
U ko‘chaga yugurib chiqmoqchi edi, xodima o‘zi tomonga kelayotganini ko‘rib, o‘rnidan qo‘zg‘alolmadi.
— Yana biror nima istaysizmi? — so‘radi ayol jilmayib.
— Ha, bir finjon qahva keltirsangiz...
Co‘ngra u deraza ortidagi qor uchqunlari, yo‘lning narigi betida o‘rnatilgan archa o‘yinchoqlarini tomosha qilganicha nonushtani davom ettirdi. Issiq qahvani huzurlanib simirar ekan, boyvachcha qilgan yaxshilikka qanday javob qaytarish to‘g‘risida xayol sura boshladi.
Ko‘chaga chiqqanida, qor o‘ynab-uchib yog‘ar, bu — mangu bahor o‘lkaga tabiatning haddan tashqari saxiy in’omi edi.
U cho‘ntagidagi pullarni g‘ijimlagancha qor bosgan ko‘chalarda uzoq kezdi va bu o‘ziga Yangi yil sovg‘asi ekaniga uzil-kesil ishondi.
Oradan bir necha kun o‘tdi. Yangi yil arafasidagi voqea uni larzaga solgan edi.
“Odamlarga yaxshilik sog‘ingan kishining cho‘ntagida kam deganda o‘n ming so‘m ortiqcha puli bo‘lishi kerak ekan”, deya o‘ylardi u.

* * *

...Shundan so‘ng yigit hayotini tubdan o‘zgartirib, tijorat bilan shug‘ullandi. Tez orada boyib ketdi.
U Navro‘z va Yangi yil arafasida yetim-esir, beva-bechoralarning manzillarini aniqlab, pochta orqali yuz-ikki yuz minglab pul jo‘natar, ismini sira oshkor etmas, “Qorbobo sovg‘asi”, deb yozib qo‘yardi, xolos. Bundan o‘zi sira qanoatlanmas, yuragida insonlarga tinmay yaxshilik qilish ishtiyoqi yangi kuch bilan alangalanaverardi. U hamon yolg‘iz edi, boyligini nima qilishni bilmasdi.
Muqaddas kitoblarning birida aytilganidek, bu dunyoi dunda ochilmaydigan sir yo‘q. Oradan yana ko‘p yillar o‘tgach, Qorbobo nomidan pul ulashib yurgan saxiy insonning nomi ham oshkor bo‘ldi. Aftidan, pochta xodimasi ehtiyotsizlik qilib kimgadir “gullab” qo‘ygan.
Qarabsizki, bu sirdan butun dunyo voqif bo‘ldi. Hamma uni olqishlar, minnatdorchilik bildirar, xat-xabar, telefon qo‘ng‘irog‘i-yu, internet xabarlarining son-sanog‘i yo‘q edi.
Zamonaviy Hotami Toy biroz gangib qoldi. Bu vaqtga kelib, u sakson yoshdan oshgan edi.
U yuragida shuncha yil saqlab yurgan orzuini hol etmoqchi bo‘ldi. O‘zining ish qog‘ozlarini titkilar ekan, nufuzli bir gazeta muxbiri bilan uchrashish vaqti bo‘lganini eslab, ko‘cha eshigi tomon yurdi. Xuddi shu asnoda qo‘ng‘iroq jiringladi. Muxbir o‘z vaqtida yetib kelgandi.
Ular birinchi qavatdagi anvoyi gullar bilan bezatilgan, yam-yashil archa chirog‘lari yonib turgan keng-mo‘l xonada suhbatlashga boshladilar.
— Ayting-chi, — dedi muxbir yigit diktofon tugmasini bosar ekan, — qirq yil mobaynida muhtojlarga juda ko‘p miqdorda pul ulashar ekansiz, bundan qanday maqsadni ko‘zlagansiz? Nega shuncha yil ismingizni oshkor etmadingiz?
Chol archaning yaltir-yultur o‘yinchoqlariga bir muddat tikilib turdi-da, so‘ngra jilmaydi, yuzidagi ajinlar tag‘in ham chuqurlashib ketdi. Keyin yana biroz jim turgach, savol beruvchiga yuzlandi:
— Nahot, tushunmagan bo‘lsangiz? Ciz, shunday yirik gazetaning muxbirisiz-a? Axir, dunyoda jurnalistlar bilmaydigan biror sir, voqea, hodisa yo‘q-ku!
Ochig‘ini aytganda esa, yaxshilik agar chin yurakdan qilingan bo‘lsa, bu haqda gapirish joiz emas. Minnatdek tuyulishi mumkin. Boz ustiga, “O‘ng qo‘ling qilgan xayr-ehsonni chap qo‘ling bilmasin”, deyishadi-ku!.
— Ha, ha, siz haqsiz, — dedi muxbir xiyol qizarinqirab. — Men savolni biroz noto‘g‘ri qo‘ydim. Uzr...
U xiyla yosh bo‘lsa-da, o‘z kasbining hadisini puxta egallagandi, oradagi noqulaylikka barham berish uchun anvoyi gullarni maroq bilan tomosha qila boshladi.
Chol ham yigitga biroz fursat bergach, suhbatni davom ettirdi.
— Tijorat qonun-qoidalari nihoyatda shafqatsiz. Lekin inson har qanday sharoitda ham o‘zligini saqlab qolishi kerak. Aks holda, yashashning, hayotning qizig‘i qolmaydi. Ko‘pchilik meni faqat o‘z mehnati bilangina boyib ketgan deb o‘ylashadi. Yo‘q, aslo bunday emas! Meni har doim yaxshi odamlar qo‘llab quvvatlashdi.
Hali juda yoshligimda, odamlarga faqat yaxshilik qilish haqida o‘ylardim. O‘ylardim-u, bu xom xayolni qanday amalga oshirishni bilmasdim. Hatto, qorin to‘ydirishga ham pulim yo‘q edi.
Shunday och-nahor kunlarimda tentirab yurib, bir qahvaxonaga kirib, nonushta buyurdim..., — davlatmand chol boshidan o‘tgan voqeani har baloga qiziquvchi muxbir yigitga ro‘y-rost aytib berdi. Bir pasdan so‘ng yana davom etdi — Ha, bir og‘iz shirin so‘z ham ezgulik bo‘lishi mumkin-ku, deya e’tiroz qilarsiz? To‘ppa-to‘g‘ri! Yaxshilik qilish niyati nomoddiydir. Niyat avvalo yurakda, shuurda paydo bo‘ladi. U shirin kalom, lutf ila izhor etiladi. Ha, hayot tasodif, ikir-chikir, murakkabliklarga to‘la. Faqat, nomoddiy ezgulik istagi moddiyga aylanmog‘i uchun qattiq mehnat qilish kerak. Ana o‘shanda buyuk Xayollar — buyuk Ezgulikka aylanadi. Qabohat uchun esa hech qanday mehnat kerakmas, u o‘z-o‘zidan sodir bo‘laveradi, shu bois qadrsizdir va oxir-oqibat, ezgulik qo‘lida barham topadi!
Chol gap tamom deganday o‘rnidan turdi. Zero, boshqa savol-javobga o‘rin qolmagandi.
Xonadon sohibi mehmonni ko‘cha eshigigacha kuzatib qaytgach, yana ish qog‘ozlarini titkilashda davom etdi va o‘sha, o‘ziga ko‘p yillar oldin taqdim etilgan tashrifnomani topib oldi.
Co‘ngra u bir hafta mobaynida yordamchi, hisobchi-iqtisodchilar bilan birgalikda pullari, qimmatbaho qog‘ozlari, mol-mulkini uch qismga bo‘ldi. Bir qismini mehribonlik uyi, ikkinchisini saratonga qarshi shifoxona hisobiga o‘tkazdi.
Uchinchi qismini esa, aziz o‘quvchim, tushunib turganiday, och-nahor paytida o‘zini qo‘llagan o‘sha juftlik — er-xotinmi, yoinki, oshiq-ma’shuqmi, bunisini bilmaydi va endi ushbu holatning ahamiyati yo‘q, — manziliga jo‘natib yubordi.
Qahramonimizni o‘ziga tengqur bo‘lgan erkak va ayolning hozir hayot yoki hayot emasligi ham tashvishlantirmadi. Chunki ezgulik o‘z manziliga yo‘llandi, vassalom!
...Bir umr yolg‘iz yashagan qahramonimiz ... yilni ham yasatiqlik archa qoshida bir o‘zi kutib oldi. “Kim biladi, pichirlardi uning lablari, kelayotgan yil men uchun Koinot tegirmoni sarhisobining eng oxirgi varag‘idir?.. Nima bo‘lganda ham, men baxtiyorman...”.
Qariya sekin yurib xona o‘rtasiga bordi, qo‘lidagi may to‘la billur qadahni baland ko‘tardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.