OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. Birinchi muhabbatim (hikoya)

Afg‘on urushi qatnashchilariga bag‘ishlayman


Urgutga hofiz kelarmish.
Muhammadning badanida chumolilar yurib o‘tdi. «Mish–mishdir? Katta–katta shaharlar turib, hatto Samarqand qolib, bizning Urgutda hofiz kontsert berarmidi? Ha, mish–mishdir? Odamlaram qiziq–da. «Bolasi yo‘q emish», deyishardi, o‘g‘illari, qizlari bor ekan. «Makkada onasi o‘libdi», deyishdi, to‘qsonga boribdi, soppa–sog‘ ekan. Hofizning o‘zini ham necha bor o‘ldi deb, qamaldi deb gap tarqatishdi, bari yolg‘on chiqdi.
Yo‘q. Urgutga kelmaydi. Bari mish–mish».
Ertalab turib Urgutga jo‘nadi.
«Yo, qudratingdan! Rost ekan! Nahotki?! Nahotki, hofizning o‘zini ko‘rsam? O‘z og‘zidan qo‘shiqlarini eshitsam? Balki o‘ng kelib qolsa qo‘llarini siqib ko‘risharman ham?!»
Ikkita chipta oldi.
«Xotindiyam opkelaman. Bir ko‘rib qo‘ysin artisti erkagini».
Xotini rosa sannadi.
«Ikkita biletti puliga bir qop un beraymish. Tavba. Bu hali bilmaydi–da bir qop unni puliga kimni ko‘rishini».
Yonboshlab olib choy ho‘plar ekan hofizni qanday tanigani kinoday yodiga keldi.

***

O‘shandayam shom tushayotgan edi. Lekin tasavvurida botayotgan quyosh ham qonli, osmon ham, tevarak atrof ham qip–qizil qonga bo‘yalgan edi. Uning o‘zi ham qonga belangan, chap oyog‘ining tizzasidan pastda yarim qarichcha suyak osilib qolgan, undan shovullab qon oqardi. O‘zini goh bilib, goh bilmayotgan Muhammad mashinasi minadan portlab, yigirma metrcha nariga uchib ketganini, dushmanlar chapdagi butazor ichidan o‘q yog‘dirganlarini, hamrohlari BTRga chopib o‘tishganini, kimdir «Muhammad qoldi, uni olish kerak», deganda leytenantning ruschalab so‘kingani va «Uni deb hammamiz qirilib ketamiz, ketdik» deganini, BTR uzoqlab ketganini zo‘rg‘a esladi. Ko‘ylagini yirtib yarador oyog‘ini tizzasining yuqorisidan siqib bog‘ladi–yu, yana hushini yo‘qotdi.
Hushiga kelganda tun cho‘kkan, atrof sokin, osmonda yulduzlar paydo bo‘la boshlagan edi. Qaerdandir qo‘shiq eshitilardi. «Birinchi muhabbatim». 
Hofiz avj pardalarda nola qilardi:

Yo‘lin yo‘qotsa odam muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam muhabbatga suyangay,
Fussaga botsa odam muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yig‘layman, birinchi muhabbatim.


«Farruxlarning uyidan kelayotgan bo‘lsa kerak. Dadasi Hofizni yaxshi ko‘radi. Doim baland qilib qo‘yib qo‘yadi magnitofonlarini».
Muhammad Farruxlarning uyidan minglab chaqirim olisda ekanini bilmay, begona yurt, begona yerlarda ekanini anglamay, qo‘shiq eshitilayotgan tomonga qarab tinmay sudralaverdi. Qo‘shiqqa yetish esa qiyin edi. Mashaqqat edi.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko‘ribman , bor dunyoni unutdim.


Sudrala–sudrala qo‘shiqqa yetganda uni tinglab o‘tirganlar «Farruxjon» deb chaqirib, hushidan ketgan Muhammadni ko‘rib shoshib qolishdi. Nuqul «Sho‘raviy, sho‘raviy», deb chug‘urlashardi. Muhamamad hushiga kelganda uni o‘ttiz–qirqqa yaqin bolalaru qariyalar, yuzini berkitgan ayollar tomosha qilishardi. 
Bu afg‘onlarning o‘zbeklar yashaydigan Sarbozor degan qishlog‘i, hovli esa qishloq oqsoqoli Abdulrauf ismli oltmishga borgan bir kishining hovlisi edi.
Saharga yaqin Muhammadni ko‘rgani uch kishi keldi. Muhammad ularni kiyimlaridanoq darrov kimligini bildi. Otishmalarda ko‘p ko‘rgan ularni. 
«Dushmanlar». 
Ularning kattasi bo‘lsa kerak, salla o‘ragan sersoqol kishi qolganlari bilan anchagina munozara qilgach, Muhammadni yana bir bor boshdan oyoq kuzatib chiqdi va dedi:
— Majruh budaast. Ki mebardorad?
— Darkor nest. Daf shavad, — ijirg‘andi yoshrog‘i. 
Kattasi o‘girilib, qirq yoshlardagi sherigining qulog‘iga nimadir dedi–yu, chiqib keta boshladi. Bunisi yuziga fotiha tortdi va belidagi qo‘sh tig‘li pichog‘ini sug‘urib, Muhammadning tepasiga keldi.
«Qo‘yday so‘yilib ketar ekanman–da. Ey, Xudo, o‘zing saqla».
Muhammad dir–dir titray boshladi:
— Lo iloha illolloh!
— Tu az kujo, ey sho‘raviy? — so‘radi jallod.
— Az Samarqand.
— Nomat chist?
— Muhammad.
Uning ismini eshitgan, darvozaga yaqinlashib qolgan dushmanlarning kattasi «Biist!» deb baqirdi. Jallodning qo‘li havoda to‘xtadi. Katta sheriklariga nimalardir dedi. Muhammadning boshiga kelib, uning ismini qo‘shib baland–baland gapirdi–yu, oqsoqolni chaqirib, unga topshiriqlar berdi va hammalari chiqib ketishdi.
— Oting Muhammad bo‘ganga Alloga shukri qil! — dedi Abdulrauf oqsoqol, — Boz shukri qilki, bu kelgan Hojixon eshon, Muhammad alayhissalomning avlodi, qoriy. San bachaga ismingni hurmatidan rahme qilde.
— Xudoga shukr, — ingradi Muhammad.
— Boz aytdike, tabib yuboradilar, u sani oyog‘ingni davolaydi.
— Keyin–chi? — so‘radi Muhammad.
— Sani bizdi bachalarga almash qiladilar.
Tabib deganlari tushda keldi. U Muhammadning oyog‘ini tizzasidan kesib tashladi va mahkam bog‘lab qo‘ydi. Tabib bir oydan ziyod Muhammaddan xabar olib turdi. U o‘z ishini puxta qilar, asbob–uskunalari ham juda zamonaviy, bari chet elniki edi. Muhammad bir martalik shpritslarni ham ilk bor shu yerda ko‘rdi. Tabib hech ham gapirmas edi. Oxirgi kelishida Muhammadga qo‘ltiqtayoqlar olib keldi. Uni yurishga imo qildi. Besh–olti qadam qo‘ygan Muhammadning yelkasiga qoqib yot tilda bir nimalar dedi–yu, «O’key» deb chiqib ketdi.

***

Oradan olti oy o‘tdi. Muhammad qishloqning pastu–balandini ham o‘rganib oldi. Kunduzlari uni tashqariga chiqarishmasa–da, shomdan keyin Abdulrauf akaning o‘n yoshli o‘g‘li Abdulqodir bilan qishloqni aylanib kelishga ruxsat berishardi. Abdulrauf aka Muhammadga namoz o‘qishni ham to‘liq o‘rgatgan, hatto, juma kunlari o‘zi bilan birga masjidga ham olib chiqardi. Ammo qishloqqa sovet soldatlari kelgan vaqtlarda uni juda ehtiyot qilib berkitishardi.
Ko‘pincha o‘ris zobitlar kelib qurollar, o‘q–dorilar, oziq–ovqatlarni Abdulraufga sotib ketishar, qurol–aslahalar darhol toqqa jo‘natilar, o‘rniga nasha, Amerika pullari olib kelinardi.
Oqsoqol sovet zobitlari uchun ham, ularning tarafdorlari bo‘lgan «Afg‘on kommunistlari» deb atalmish Afg‘on armiyasi komandirlari uchun ham, ularning dushmanlari bo‘lmish jangarilar, ularning boshliqlari — «dala komandirlari» uchun ham hurmatli kishi edi.
 Bir qozondan ovqat yeydigan Abdulraufning o‘ttizdan ortiq yaqinlari esa qashshoq mamlakatda xorlik bilmay umrguzaronlik qilishardi. Oilaning to‘ng‘ich o‘g‘illari muayyan kechalari yig‘ilishardi. Qizig‘i shundaki, ularning orasida har uchala tarafda turib jang olib borayotganlari ham bor edi. Abdulrauf aka birortasiga mutloq tarafkash emasdi. «Bari bir go‘r, bari davlattalash, amaltalash. Manga kim bo‘lsa bo‘lsin, tinchlik bo‘lsin. Mardum don eksin, ishlasin, savdo qilsin. Bu ne ko‘rgulikki, bir bacham sizlarga ishlaydi, biri Do‘stumga, biri toqqa («jangari» demoqchi), boz bitta kichigi Pokiston o‘tib ketdi. Hamma sarson», derdi oqsoqol.
Abdulrauf aka qiziq tabiatli kishi edi. Bir tarafdan o‘ta dindor, qattiqqo‘l, shariat qoidalariga qat’iy amal qilishlarini talab qiladigan kishi bo‘lsa, bir tarafdan Vatanni, millatini juda sevuvchi kishi edi. Uning she’riyatga, san’atga oshuftaligi zamonning shuncha taloto‘plarida yo‘qolmagan, Hazrat Navoiyning, Mirzo Boburning, Shoh Mashrabning ko‘plab g‘azallarini yod bilar, chiroyli qiroat bilan o‘qir, o‘zi ham g‘azallar yozar, o‘zbekcha–yu, forscha aralashtirib, o‘ziga xos xasta ovozda o‘qir edi. Magnitofon esa kechasiyu–kunduzi deyarli tinmay ishlar, Abdulrauf aka nuqul Hofizni tinglar edi. 
Muhammad harbiy xizmatgacha Hofizning uch–to‘rt ashulasini eshitgan, lekin u ham ko‘plab tengdoshlari qatori endi chiqqan yoshlarni ko‘proq eshitar edi. O‘tgan yarim yil davomida u Hofizning mingdan ortiq ashulasini takror–takror eshitdi. Shuncha qo‘shig‘i borliginiyam shunda bildi. Ko‘plari yod bo‘lib ketdi Muhammadga. Abdulrauf aka bomdod namozidan keyin Hofizning mumtoz ashulalarini qo‘yar, qishloq ahli «Qaro ko‘zum», «Munojot», «Kuygay», «O‘landan so‘r» kabi ashulalari bilan uyg‘onar edi. Abdulrauf akada Hofizning ellikdan ortiq audiokassetalari bo‘lib, ularda hofizning ilk aytgan qo‘shiqlaridan tortib eng yangi ashulalarigacha bor edi.
— Bularni qanday yiqqansiz, Mulla tog‘a? — so‘raydi Muhammad. (U Abdulrauf akani shunday atardi.)
— E, Rasuljon, bacham (u Muhammadni ismi bilan chaqirmas, «Ismingiz ulug‘ ism, alohida aytib bo‘lmaydi» derdi), bu bir havas. Ishqimiz shu Hofizga tushgan. Kassetlarini Vatandan olaman. (Uning bobolari farg‘onalik bo‘lib, hali–hanuz O‘zbekistonni Vatan deb atardi.) Urushdan oldin Vatanga borganlarga aytib oldirardim. Hozir sizdi zobitlarga aytaman, topib kelishadi. Elektr bo‘ganga ko‘rsataydim. Ko‘p–ko‘p videokassetlariyam bor manga. Bundaqa Hofiz dunyoga boshqa kelmaydi. Bizga biri bor edi, umri qisqa bo‘ldi. Ahmadi Zohir edi. Hofizdan uni bo‘yi kelade. Quloq soling!
Magnitafondan Hofizning dardga to‘la ovozi yangradi:

Hijron hokim bu dunyo asli bir kam yaralgan,
Nahot bir muhabbatga ming bir hakam yaralgan. 
Baxt yarim, qayg‘u yarim, ayt, ne bekam yaralgan, 
Nahotki ezgulikning ko‘zlari nam yaralgan?


Qishloqda turganiga sakkiz oy bo‘ldi. Haligacha o‘sha sakkiz oyni Muhammad asirlikda yo tutqunlikda deb tilga olmas, qishloqda yo odddiygina qilib, Sarbozorda deb qo‘ya qolardi. U yerda o‘tkazgan umrigayam unchalik achinmasdi. Hatto, ba’zan minnatdor bo‘lib eslardi. «Shukrki, o‘n sakkiz yilda tanimagan Xoliqimni shu sakkiz oyda taniganman. Hidoyat yo‘liga kirib, o‘shandan beri ibodatdaman. O‘sha qishloqda san’atni tushundim. Hofizni tanib, qo‘shiqlariga oshno bo‘ldim. Abulrauf akadek yaxshilarga yo‘liqdim. Sarbozorda ikkinchi marta tug‘ilganman!»
Muhammad qishloqqa ancha el bo‘lib qolgandi. Uni deyarli nazorat qilishmas, Muhammadning ham biror yoqqa qarab qochishga rag‘bati yo‘q edi.
«Qo‘ltiqtayoqlarim bilan qaergacha borardim?»
Qishloq ahli ham unga hamdardlik bilan qarar, ko‘rganlarida iliq salomlashishar, hazil–huzul ham qilishardi. Abdulrauf akaning va oila a’zolarining samimiy munosabatlari vajidan qishloqdagilar ham Muhammadga Abdulrauf aka xonadonining a’zosi sifatida muomala qilishardi. Abdulrauf aka esa o‘n besh yoshli jiyani go‘zal Oyshani Muhammadga nikohlab berish payida edi.
«Bir–birlaringizga munosibsizlar. Payg‘ambarimizning jufti–halollari Oysha onamiz edilar, siznikiyam Oysha bo‘lsin. Vatanga borsangiz unda xudosizlar sizni yo otadi yo qamaydi. Urush tugasin, keyin ota–onalaringiz bilan ham topishib ketarsizlar», deb Muhammadni ko‘ndirmoqchi bo‘lar, Muhammad esa Vatanga qaytib borishdan umidini uzmas, turli bahonalarni ro‘kach qilib, uylanishga unamas edi. 
— Ota–onam rizoligisiz uylanmayman!
Muhammadning oxirgi bahonasi shu bo‘ldi. Buni eshitgan Abdulrauf aka ko‘zlariga yosh oldi. Og‘ir tin olib dedi:
— E, Rasuljon bacham, ota–ona sizga aza ochgan, janoza o‘qib, isu–chiroq qilgan. Ular taqdirga tan berishgan. Sizni kutishmaydiyam.
— Bo‘lmagan gap! — baqirib yubordi Muhammad. — Mulla tog‘a, meni ko‘ndiraman deb yolg‘on to‘qimang!
— Ikki oydan beri aytishga manga zabon yo‘q, bacham. Erta kech Abdul’aziz keladi, gaplashasiz, — o‘rnidan turdi Abdulrauf aka.
Qobulda Sovet qo‘shinlari qo‘mondonligida tarjimon bo‘lib ishlaydigan Abdul’aziz otasining iltimosi bilan Muhammadning taqdiri bilan qiziqqan, qo‘mondonlik Muhammadning ota–onasiga ta’ziya izhor qilib, o‘g‘illari jangda qahramonlarcha halok bo‘lganini, uni o‘limidan so‘ng ordenga tavsiya qilishganini yozishganini aniqlagan, shu xatdan tasdiqlangan nusxa ham olib qo‘ygan edi. Soldatlar ichidan Muhammadning qishloqdoshlarini izlagan, yaqinda Qunduzga bularning qishlog‘idan bir yigit xizmatga kelganini bilgach, borib u yigitni topib Muhammadni so‘ragan, u esa «Muhammad aka Afg‘onda halok bo‘lgan, qishlog‘imizdagi markaziy ko‘cha u kishining nomi bilan ataladi», debdi. Uyidagilar haqida so‘ragan ekan «Otasi, ukalari sog‘–salomat, ammo, onasi Muhammad akaning qirqini bergan kuni o‘ldi», debdi.
Bu gaplarni eshitgan Muhammad Abdul’aziz olib kelgan xatni o‘qib ko‘rdi. Qunduzdagi qishloqdoshining ismi–sharifini so‘radi. «Rahimov Xursandmurod». «Ha, rost ekan. Eshpo‘lat akaning o‘g‘li, bizdan bir sinf pastda o‘qirdi». Hammasiga ishondi.
U uzoq yig‘ladi. Urushni, uni shu urushga yuborganlarni so‘kdi. Onasining o‘limiga sababchi bo‘lgani uchun o‘zini la’natladi.
Abdulrauf aka uzundan–uzoq Qur’on tilovat qildi. Savobini Muhammadning onasining ruhiga bag‘ishladi. Chiqib ketar chog‘i Muhammadning yelkasidan quchib dedi:
— Bacham, bardam bo‘ling! O‘ylab bir qarorga kelarsiz.
Ular chiqib ketishdi. Muhammad o‘z dardu–iztiroblari bilan yolg‘iz qoldi.
Bir payt tashqaridan qo‘shiq eshitildi:

 Meni kutgil va men qaytarman,
 Faqat kutgil juda intizor... 
 Mayli ukam, singlim, volidam 
 Aza ochsin men yo‘q tufayli.
 Kutaverib sabri tugagan
 Yoru–do‘stlar, oshnalar mayli. 
 Meni kutgil va men qaytarman 
O‘limlarni qoldirib dog‘da,
 Ishi o‘ngdan kepti desinlar
 Kutmaganlar bizni u chog‘da. 
 Meni kutgil!


«Men ham qaytaman. Har qanday chegaralarni buzib bo‘lsayam uyga qaytaman. Mayli, qamasinlar, mayli, otsinlar, avval uyga boraman. Ertagayoq jo‘nayman. Ertaga xuftondan keyin jo‘nayman. Allohga tavakkal».

***

Muhammad jo‘nay olmadi. Hojixon eshon shomda keldi. Muhammadni olib ketgani kelishganini, katta ayirboshlash bo‘lishini aytishdi.
Abdulrauf aka Hojixon eshon bilan juda ko‘p tortishdi. Qo‘llari bog‘langan Muhammad ularning bahsidan deyarli hech narsa tushunmas, ammo Abdulrauf akaning og‘zidan o‘z ismini, Oyshaning ismini eshitgach, gap o‘zi haqidaligini, Abdulrauf aka o‘z niyatlari xususida gapirayotganligini fahmladi. Eshon faqat bosh chayqardi. Bir mahal Abdulrauf aka o‘rnidan shart turib, ichkari xonadan bir qancha avtomatlar, ikkita pulemyot, bir belbog‘ o‘q ko‘tarib chiqdi. Boshini sarak–sarak qilib kulimsirab turgan Hojixon eshonga tikilib turdi–yu, yana kirib ketib ichkaridan bir xalta pul ko‘tarib chiqdi. Hammasini o‘rtaga uyib, Muhammadni ko‘rsatib, baland–baland gapirdi. Hojixon eshon uning yelkasini silay–silay bir narsalar dedi.
— Sizni Alloh panohiga olsin, bacham. Hojixon hech ko‘nmadi. «Boshim ketadi buni obormasam», deydi. Kattalari sizga qiziqib qolgan emish, — dedi Abdulrauf aka va Muhammad bilan uni quchoqlab vidolashdi. — Bizlar sizga yamonlik qilmadik, bizlarni unutmang. Alvido, bacham! Alloh hofiz!
Muhammadning ko‘zlarini ham bog‘lab, otga mindirishdi. O‘n–o‘n ikki yoshlardagi bola uni mingashtirib, otni haydab ketdi. Qo‘llari, ko‘zlari bog‘liq Muhammad shu tariqa bu qishloq bilan, uning taqdirida ko‘p o‘zgarishlar qilgan, unga qadrdon bo‘lib qolgan bu mo‘‘jazgina qishloq bilan vidolashib borar edi. Orqadan, Abdulrauf–Mulla tog‘aning hovlisidan qo‘shiq eshitilardi. Hofiz fig‘on chekardi:

 Sayding qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan mendek,
Kuygan jigar–bag‘ri sadpora ekan mendek...


***

Ikki kecha yo‘l yurishdi. 
Muhammadning ko‘zlarini yechishganda avvaliga hech narsani ko‘rolmadi. Asta–sekin ko‘zlari yorug‘likka o‘rgandi. Quyosh bir terak bo‘yi ko‘tarilgan, chor–atrof tog‘u–tosh edi. Havo toza, turli tog‘ giyohlarining hidi dimoqqa urilardi. Nariroqda soyning shovullab oqishi eshitilar, soy bo‘yidagi daraxtlarda har turlik qushlar sayrab yotardi. Tinimsiz sayrayotgan bulbullarning ovozini eshitgan odam bu yerlarda urush bo‘layotganiga sira ishonmasdi.
«Nima balo, ikki kechada o‘zimizning Omonqo‘ton tog‘lariga opkeb qo‘yishdimi, deyman?»
Yo‘q, bu Omonqo‘ton tog‘lari emasdi. Muhammad hov nariroqda, yong‘oqlar ostida ikkitadan qilib bog‘lab tashlangan, toshlar ustida qo‘l–oyoqlari bog‘liq yuztuban yotgan «o‘zimiznikilar»ni ko‘rgach, qaerdaligini anglab yetdi. qo‘ltiqtayoqsiz yurolmagani uchun uning qo‘llarini ham yechib qo‘yishdi. Muhammad bandilarni aylanib chiqdi. Ellikka yaqin edilar. Hech kimni tanimadi. Turli millatga mansub bu yigitlar ichida mo‘ylabi endi sabza urganlariyam, ko‘kragini to‘ldirib soqol quyib yuborganlariyam bor edi. Ko‘plarining tayoq zarbidan boshlari yorilgan, qon izlari qotib qolgan yuzlari momataloq bo‘lgan edi. Ba’zilari ko‘kargan, shishib ketgan ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib turar edilar. Ko‘plarining kiyim boshlari yirtilib, uvadasi chiqib ketgan edi. Ba’zilari faqat shimda turar, ko‘ylaklari yo‘q edi. Dushmanlar kiyimini kiyib olgan, soqol qo‘yib, salla o‘ragan, aftidan kavkazlik bo‘lgan ikki yigit ham bor edi ular orasida.
Qirlarda turgan soqchilar «Omadand–omadand», deb chuvillab qolishdi. O‘zimizning zobitlar minadigan yap–yangi harbiy mashinada, dala komandirlari kiyimida bir kishi keldi. Darrov saf tortdilar. Ular o‘z tillarida qo‘mondonlarini rosa olqishladilar. U ham bularga nimalardir deb hayqirdi. Uning hayqirig‘ini «Allohu–akbar, Allohu–akbar», deb bo‘lib–bo‘lib turishdi.
Asirlarning qo‘l–oyoqlarini yechib, yuvinib saf tortishlarini buyurishdi. Qo‘mondon yonidagi to‘rt yigitdan bittasi saf tortganlarga murojaat qildi: 
— Eto nash velikiy polevoy komandir, general Nuriddin Amanyar. On xochet s vami pobesedovat. 
Keyin Nuriddin Omonyor deganlari mashinada tik turib ancha gapirdi. Haligi yigit ruschaga o‘girib turdi. Bu kishimga sho‘rolarning eng katta muftiysi Pokistonda uchrashib, shaxsan murojaat qilganlari, bularda tutqunlikda bo‘lgan musulmon farzandlarini sho‘rolarda asir bo‘lgan «vatanparvar»larga almashtirishga rizolik so‘raganini aytdi. Omonyor Muftiyning olimligini, musulmon olamida hurmati balandligini hisobga olib, qolaversa Qur’oni Karimga zamonaviy go‘zal tafsir yozganlarining hurmatiga bunga rozi bo‘lganligini aytdi. Tarjimon esa o‘zidan qo‘shib shunday dediki, almashtirib olishganlari bilan bularni uzoq–uzoq muddatga qamashlari aniq ekan, «Balki otib ham yuborishar», dedi. Shuning uchun kim Nuriddinning armiyasida xizmat qilishga rozi bo‘lsa, ularning hayotiga kafolat berilishini, maosh olishlarini, uylanib, ro‘zg‘or qilishlari mumkinligini aytib, rozi bo‘lganlarning oldinga chiqishini so‘radi. Ikki kavkazlik deganimiz haligi yigitlar va yana ikki rus yigit hech o‘ylanmay oldinga chiqishdi. Ularni ajratib olib, alohida kiyim–bosh berishdi. 
— Teper musulmane, vperyod! — buyurdi tilmoch.
Yetti–sakkiz yigit qoldi, qolganlari ikki qadam oldinga chiqishdi. Haligi yetti–sakkiz yigitni tilmoch yana bir bor o‘zlariga qo‘shilishga undadi, bo‘lmasa o‘lib ketishlarini aytdi. Ular rozi bo‘lishmadi. Ularni soy tomonga olib ketishdi. Avtomatlarning tarrillashidan hurkkan bir to‘p qush osmonga ko‘tarildi. Mashinadan uch–to‘rt qopdagi yap–yangi gimnastyorkalar, etiklar, bosh kiyimlarni tushirishdi va loyiqlarini olib keyishlarini buyurishdi. 
Birpasda yigitlar asirlikda bo‘lmagan soldatlardek po‘rim bo‘li?di–qolishdi.
Nuriddin Omonyor mashinadan tushib safni aylanib chiqa boshladi. Uning har bir asir bilan qilgan savol–javobini videotasvirga olishardi. U har bir asirning ismi–sharifini, qaerdanligini, musulmonmi, musulmon emasligini so‘rar, ba’zilaridan birgina kalima so‘rasa, ba’zilaridan biror sura yo biror oyat o‘qishlarini ham talab qilardi. Bir qozoq yigiti kalimayi–shahodatni bilmay qoldi. Nuriddin Omonyor shu zahoti to‘pponchasini chiqarib, haligi yigitni peshonasidan otib tashladi. Bu shunday tez ro‘y berdi–ki, asir yigit biror so‘z aytishga ham ulgurmadi. 
 — Al kazobbi lo ummati! — hayqirdi Omonyor («Yolg‘onchilar bizdan emas», hadis).
 — Allohu–akbar, Allohu–akbar! — hayqirishdi qolganlari. 
Omonyor saf aylanishda davom etdi. Muhammadning ro‘parasiga kelganda sal narida turgan Hojixon eshonga qarab:
— Hamin ast? — deb so‘radi.
— Ore, — dedi Hojixon eshon.
Nuriddin Omonyor Muhammadga tikilib turdi–da, nimalardir dedi. Tarjimon ruschaga ag‘dardi:
— Eto vsyo nachal tvoy otets. On v Uzbekistane bunt podnyal.
Tarjimonlik qilayotgan rus yigiti Muhammadning otasi o‘g‘lining tirikligini, Nuriddin Omonyorning qo‘lida ekanini bilib, harbiy qo‘mondonlar ularni aldashganini aytib, Moskvagacha borganini, oxirida yordam so‘rab Muftiy hazratga uchrashganini aytib berdi. (Hamma haqiqatni aniqlagan zahoti Abdul’aziz haqiqiy ahvolni bayon qilib, Muhammadning otasiga xat yozib, Vataniga qaytayotgan bir urgutlik yigitdan maxfiy jo‘natgani to‘g‘risida kamtarlik yuzasidan indamagan edi.) Bu katta shov–shuvga sabab bo‘lganini, shuning uchun Nuriddin Omonyor ham Muhammadning o‘rniga sovetlarda asirda bo‘lgan bir dala komandirlarini talab qilganini, sho‘rolarning kattalari ko‘p talashib–tortishganlaridan so‘ng rozi bo‘lganliklarini aytib, rus yigiti Muhammadning yelkasiga qoqib qo‘ydi:
— Molodets tvoy paxan!

* * *

 Pokistonga yaqin bir joyda asirlarini almashtirdilar. Ikki asirni bular qo‘yib yubordilar, ikki afg‘onni ko‘prikning u tarafidagilar qo‘yib yubordilar. Shu taxlit almashtirish Muhammadning xayolida bir asr davom etdi go‘yo. Uni oxirida qo‘yib yuborishdi. Uni yurishga undab, yelkasiga yengilgina turtgan Hojixon eshon «Olloh hofiz», deb qo‘ydi. Ko‘zlaridan yosh quyilayotgan Muhammad unga bosh irg‘ab qo‘ydi. Qo‘ltiqtayoqlarini do‘qqillatib, ko‘prikning narigi tarafiga yo‘l oldi.
Ko‘prikning o‘rtasida yelkalari naqd bir metr keladigan, qo‘llarini jun qoplagan, yuz–ko‘zidan vajohat yog‘ilib turgan, ulkan, devsifat bir odamga ro‘baro‘ keldi. 
«Shu ekan–da menga ayirboshlashgan dala komandirlari. Bu King–kong kim–u, men cho‘loq kimman?», o‘yladi Muhammad.
Devsifat Muhammadga hech nima demadi. O‘ng qo‘lining ikki panjasini bosh kiyimiga sal tekkizib qo‘ydi. Uning salomi ham, rahmati ham, xayru–xo‘shi ham ana shu bo‘ldi. Aslida bu odam Nuriddin Omonyorga ham bunday ehtirom ko‘rsatmagan edi. Ko‘prik oxiriga bordi–yu, shu yerda turgan «Jip»ga o‘tirib yovvoyi ovozda qichqirib, qum ichida chang–to‘zon ko‘tarib, g‘oyib bo‘ldi. 
Muhammadni Muftiy hazratlari va bir qancha harbiy boshliqlar kutib olishdi. Muftiy hazratlarini ko‘rib Muhammad xuddi otasini ko‘rgandek bo‘ldi. Yuzlaridan nur tomib turgan bu farishtasifat allomani quchoqlab, ovozini baralla qo‘yib, yig‘lab yubordi. Hazrat uni quchoqlab, peshonasidan o‘pdi.
— Yig‘lamang, inim! Hammasi ortda qoldi. Endi hammasi yaxshi bo‘ladi, inshoollloh. Yaratganga shukr, niyatimizga yetkazdi.
Qobulda Muhammadni bir hafta tekshirishdi. Xizmat qilgan qismidan uni bilgan askarlar, zobitlarni chaqirishdi. O‘sha mash’um voqealar tafsilotlarini tiklashdi. 
Qovun olib kelamiz deb ketgan ikki rus yigiti kechasi qaytmadi. Ertalab ularni ichak–chavoqlari olib tashlanib, ichiga bittadan qovun tiqib qoziqqa o‘tqazib qo‘yilgan holatda topishdi. Leytenantning buyrug‘iga ko‘ra u yigitlarning alamini qovunlardan olib polizni payhon qilib yurganlarida Muhammad boshqarayotgan «Ural» minaga duchor bo‘lgan edi. Qolganlar BTR ga o‘tib qochib ketishganini, yarador Muhammadni olishga leytenantning ruxsat bermaganini, uni tashlab ketishganini ko‘rgan askarlar aytib berishgach, Muhammadga javob berishdi. Lekin bu gaplarni hech kimga aytmaslikka so‘z olishdi. O‘zlari to‘qigan yolg‘on–yashiqlarni uqtirishib, samolyotga chiqarishdi.
Samolyot Toshkentga qarab parvoz qilayapti hamki, Muhammad ishonib–ishonmay borardi. Bir mahal samolyot bortidagi karnaylardan ashula yangrab qoldi:

Oltinqanot qushlar uchsin, qushlar uchsin,
Bizni mudom baxtlar quchsin, baxtlar quchsin.


— Nahotki?! Nahotki, hademay Vatanga yetsam?! — hayqirdi Muhammad. — Nahotki shular o‘ngimda bo‘layapti?
— Hademay Toshkentda bo‘lamiz, inim, — javob berdi uning yonida uchayotgan Muftiy hazrat. — U yerda sizni otangiz kutib turibdilar.
Ko‘zlari yoshga to‘lgan Muhammad illyuminator oynasiga peshonasini bosib beixtiyor qo‘shiqqa quloq soldi:

Bu hayot o‘rmon ekan,
Jon borki qasdi jon ekan, 
Bunda qatl oson ekan,
Jayron o‘zing, sirtlon o‘zing.


* * *

 Toshkent aeroporti yig‘i–sig‘iga to‘lib ketdi. Muhammadning qulog‘iga hech narsa kirmas, u yerdagi mitingni ham, so‘zlovchilarning, hatto Muftiy hazratning ham so‘zlarini anglamas, xuddi ovozsiz kino ko‘rayotgandek edi. U faqat yig‘lar, quchoqlab olgan otasini hech quyib yubormas, uning yuz–ko‘zlaridan o‘payotgan otasining «Sog‘ ketib, bir oyoqda kelgan bolam–a», deya o‘rtanishlariga ham javob qilmas, uning yelkalaridan quchib, bir og‘iz so‘ziga mahtal turgan tog‘alarini esa hali payqamagan ham edi.
Muftiy hazratning ko‘magida Vatanga qaytgan o‘ttiz olti nafar yigitlarning ota–onalari hazratdan aylanib–o‘rgilishar, yelkasiga to‘nlar yopishib unga, davlat kattalariga rahmatlar aytishardi. Ularning orasida o‘z jigarbandini yetti–sakkiz yillab kutgan, axtargan mushfiqu–zorlar ham bor edi.
Muhammadni to‘g‘ri Otchopar bozoriga olib kelishdi. 
— Bolam, ko‘ngling nimani tusasa ayt, barini olib beraman, — Muhammadning sochlarini siladi Abdulla aka.
— Menga hech narsa kerak emas, otajon.
— Unday dema, bolam, o‘ldi degan bolamni Tangrim qaytarib berdi. Bor davlatim seniki, o‘g‘lim! 
Muhammadni qo‘yarda–qo‘ymay bozorga olib kirishdi. Unga hozir urf bo‘lgan chiroyli kostyum, bir nechtadan ko‘ylaklar, shimlar, ich kiyimu ro‘molchalargacha olishdi. Uning nomidan ukalari va singlisiga sovg‘alar ham olishdi. 
Eng qiyini tufli savdosi bo‘ldi. Eng oxirida qilingan bu savdo mahali otasining ham tog‘alarining ham ko‘zlaridan duv–duv ko‘z yoshlari to‘kildi.
— Hech narsa kerak emas devdim–ku sizlarga, — o‘kindi Muhammad.
Bozordan chiqishlarida bir nima yodiga tushgandek, Muhammad bir necha daqiqa to‘xtab qoldi. Uning nimanidir aytishga istihola qilayotganini fahmlagan otasi so‘radi:
— Bolam, nimadir olmoqchimiding? Tortinmay aytaver.
— Shu, oxirgi paytlari ko‘p vaqtimni magnitofon eshitib o‘tkazardim. Faqat qo‘shiq eshitib ovunardim, — tortina–tortina so‘zladi Muhammad. — Iloji bo‘lsa bitta magnitofon va Hofizning kassetalaridan uch–to‘rtta olib bersangizlar!
— E, shumi, bor–yo‘g‘i? Magnitofonning zo‘rini sizga mana, biz olib beramiz–da, jiyan, — Muhammadning yelkasiga qoqib quydi Tolib tog‘asi va bozor oralab ketdi.
— Men ham bir narsa sovg‘a qilay bo‘lmasam, — deb Folib tog‘asi ham ichkariga yo‘l oldi.
Ota–bola otlar haykali yaqinda turgan Folib akaning mashinasi yoniga kelib turishgan ham ediki, bir qo‘lida kattakon quti, bir qo‘lida yetti–sakkizta kasseta ko‘tarib Tolib aka yetib keldi.
— Zo‘ridan oldim, jiyan, «Panasonik». Yotgan joyingizdan pult bilan boshqaraverasiz.
U Muhammadni tezroq xursand qilgisi kelib, qutini apil–tapil ochib, kattagina magnitofonni Muhammadning tizzalari ustiga qo‘ydi.
— Batareyalarini ham qo‘ydirib oldim, jiyan, maza qilib eshitib ketamiz. Qani, bir qo‘yib ko‘ring–chi?
Muhammad kasseta tanlab ulgurmay, Folib tog‘asiyam yetib keldi:
— Manavi videomagnitafon bizdi sovg‘a, Muhammadjon, — o‘z sovg‘asidan o‘zi xursand edi Folib aka. — Ikkita kassetayam oldim. Biri hofizni Amerikada bergan kontserti ekan. Boshqasi hofizni o‘zi olib, bosh rolniyam o‘zi o‘ynagan kinosi ekan, ma’qulmi?
— Rahmat tog‘a! — minnatdorchilik bildirdi videokassetalarni olarkan Muhammad. — Uzr, sizlarni xarajatdor qildim.
— E, omon qolgan boshingizdan sadag‘a, jiyan, — dedi Folib tog‘asi.
— Bular hali holva, — dedi Tolib tog‘asi. — Xarajatning kattasi endi bo‘ladi. Qo‘sha–qo‘sha to‘ylar qilamiz, jiyan! To‘y bo‘ladi, to‘y!
— Mendan qaytmasa Xudodan qaytsin! — dedi Muhammad.
Folib aka mashinani yurgizdi. 
Audio va videokassetalardagi har bir suratni ardoqlab, o‘pib, ko‘zlariga surtayotgan Muhammad audiokassetalardan birini olib magnitofonga qo‘ydi va kerakli tugmani bosdi.
Dil–dilingni mavjlantirib yuboradigan, butun borlig‘ingni cho‘lg‘ab oladigan, o‘zingni bunda qo‘yib, ruhingni ko‘klarga olib ketadigan kuy taraldi. Ham u kuyga monand «murda jismingni zindalar qilg‘uvchi» nafas sohibining tirikning badaniga larzalar solguvchi, eshitib turganingda seni Haqqa yaqin tutguvchi sehrli ovoz yangradi:

Tarixingdur ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim,
Senga tengdosh Pomiru oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim....
Yig‘ladi furqatda Furqat ham muqimlikda Muqim,
Hasratingdan Hindu Afg‘on qildi afg‘on, o‘zbegim.


Qo‘shiq shu yerga yetganda:
— Hofiz hofizlarning sultoni–da, jiyan, — dedi oldingi o‘rindiqda ketayotgan Tolib aka va orqaga o‘girilarkan, qo‘shimcha qildi: — Payg‘ambarsifat shu odamga Ollohning nazari tushgani rost, nima dedingiz?
Abdulla aka «jim? degandek shahodat bormog‘ini labiga bosib, boshini sarak–sarak qildi. Muhammadning ko‘z yoshlari yuzlarini yuvib tushayotgan edi.
U hofizni tinglardi. 
Sel bo‘lib tinglardi. Yuragi bilan tinglardi:

Qayga bormay boshda do‘ppim, g‘oz yurarman gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan O‘zbekiston, o‘zbegim.
Bu qasidam senga, xalqim, oq sutu tuz hurmati,
Erkin o‘g‘lingman, qabul et, o‘zbegim jon o‘zbegim.


***

E–he, qancha suvlar oqib o‘tdi undan beri. Ne–ne voqea hodisalar bo‘lib o‘tdi. Muhmmad Moskvaga borib yasama oyoq qo‘ydirib keldi. Oqsamay yuradigan ham bo‘ldi. Qo‘shnining qizi Manzuraga uylandi. O‘g‘illik, qizlik bo‘ldi. O‘g‘liga Hofizning ismini qo‘ydi. Qizini Oysha dedi. Xotini ko‘p durust ayol. Uquvli, sabrli. Ba’zida Muhammadning Afg‘onda orttirgan kasali qo‘zib, asabiylashib qolsa ham chidaydi, xonasiga qamalib olib ikki–uch kunlab tashqariga chiqmay qo‘ysa ham chidaydi. Muhammad xotinidan rozi. Bitta aybi shu–ki, qo‘shiqni yaxshi tushunmaydi. Yaqinda chiqqan pastiga shim kiyib yuqorisini bekitmay chiqadigan bir–ikkita zaifa ashulachini eshitadi. «Men borimda shularni qo‘ysang, televizordiyam, magnitafondiyam majaqlab tashlayman», deb po‘pisa qilib qo‘ygan. Muhammad borida boshqa xonandani eshitmaydi. 
«Ikkita chiptani puliga bir qop un berarmish. He, ...»

* * *

«Bir qop unning pulidan kechib» kontsertga kelgan ming–minglab urgutliklarni, nafaqat urgutlik, kontsert daragini eshitib kelgan boshqa tumanlardan, hatto Qashqadar–yu, Surxondaryodan kelgan hofizning ixlosmandlarini ko‘rgan Manzura erining qulog‘iga shivirladi:
— Sizga o‘xshagan Mashrablar oz emas ekan!
Nihoyat, hofizni sahnaga chorlashganda minglab tomoshabin birdan oyoqqa turdi. Xalqiga ta’zimlar qilayotgan sevimli hofizini xalq qarsaklar bilan tik turib uzoq olqishladi. Hofiz oldingi safda turgan oppoq soqolli otaxonlar qoshiga tushib, ular bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Ularning fotihasini olib, sahnaga ko‘tarildi. Sog‘ingan dillarga malham bo‘lguvchi, jonga orom berguvchi tiniq va dardli ovoz yangradi:

 Onaginam!
Dorul–omon kunlar keldi, nurlari yal–yal,
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor...


Hofizning o‘zini ilk bor ko‘rib turgan Muhammad, Hofizning barcha qo‘shig‘ini yoddan bilgan Muhammad, Hofizni tinglab ko‘p balolarni yengib o‘tgan Muhammad, Hofiz qo‘shiqlari qanotida ruhi haqqa yetgan Muhammad, Hofizni ko‘rayotgan ko‘zlariga ishonmayotgan Muhammad, Hofizdan ko‘zlarini sira uza olmayotgan Muhammad dir–dir titray boshladi. U yana hech narsani eshitmay qoldi.
Hofiz uzoq–uzoqlarga, bulutlar orasiga kirib g‘oyib bo‘ldi.
— Sizga nima bo‘ldi, dadasi, hoy xo‘jayin? — uning bilaklaridan ushlab tortqilayotgan Manzuraga qarab o‘ziga keldi.
Hofiz endi sahnadamas, uni jonidan ortiq ko‘rguvchi muxlislari orasida kuylardi:

Kuylarim yetgaymikan senga borib,
Tinglasa ketgaymikan toshlar erib?
Suhbatingdan bahra olsam o‘ltirib,
Na bo‘lar, kelsang quchog‘imga kirib, Gulbadan?!


Hofizga gullar tutishar, onalar, otalar duo qilishar, qo‘llari Hofiz tomonidan siqib quyilgan muxlislar esa bu o‘zlari uchun cheksiz faxrlanishga arzigulik murruvat ekanligini yashirib o‘tirmasdan qiyqirardilar. Yoshlar esa baland pardalarda Hofizga jo‘r bo‘lardilar:

Qaro ko‘zli sanamjon, o‘zing yaxshi bilasan,
Ko‘ksimdagi dardimni so‘rab nima qilasan?


Hofizni tinmay suratga olishar, o‘nlab kamera ko‘targan yigitlar hofizni videotasvirga olishar, Hofiz esa ularga tanbeh berardi:
— Suratkashlar! Biznimas, ko‘proq otaxonlarni, onaxonlarni, maza qilib qo‘shiq eshitayotganlarni olinglar!
Hofiz navbatdagi qo‘shiqni boshladi:

Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda,
Zuhro yulduz miltirab xira xanda otganda, 
Ruhimda bir ma’yuslik, sokinlik uyg‘otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim...


Yana Hofiz uzoqlashib ketdi. 
U endi ufq ortida xonish qilardi. Ufq esa qip–qizil, qonli edi. Atrof qonga bo‘yalgan edi. Muhammadning chap tizzasi qaqshab og‘riy boshladi. Kimdir «Muhammad qoldi, uni olish kerak», deb baqirdi. Muhammad o‘sha tomonga qaradi. Leytenantni ko‘rdi. 
— Chyort s nim, ostavte yego. Poexali! 
Leytenant BTR ga chiqib ketdi. Og‘riqdan Muhammadning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.
— Maza qilib qo‘shiq tinglayotganlarni olinglar. Yig‘lab tinglayotganlarni olinglar! — Hofiz tasvirchilarga Muhammadni ko‘rsatib, uni tasvirga olishni imo qilib, o‘zi ham Muhammadga tomon yura boshladi: 

Faqat eslab yig‘layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag‘rim tig‘layman, birinchi muhabbatim...


Muhammad sudrala–sudrala qo‘shiqqa qarab keta boshladi. Unga esa yetish qiyin edi. Juda qiyin:

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko‘ribman, bor dunyoni unutdim...


 Qo‘shiq kelayotgan tarafdan unga qarab Abdulrauf aka yonida o‘g‘illari Abdul’aziz, Abdulqodir, Hojixon eshon, orqaroqda Oyshabonu bilan peshvoz kela boshladilar. Madori qurigan Muhammad bor ovozi bilan «Mulla tog‘a», deb chaqirdi. Unga yaqin kelib qolgan Abdulrauf aka afsus bilan bosh chayqab dedi:
— Rasuljon bacham. Biz endi sizlarning orangizda yo‘qmiz. Hojixon eshon tog‘da o‘qqa uchdi. Siz ketgandan keyin kelgan kofir o‘ruslar Oyshani oldin zo‘rlab, keyin otib tashlashdi. Nasha topib bermaganim uchun ko‘z oldimga Abdulqodirni ham o‘ldirishdi. Pokistondan tolibon safida kelgan o‘g‘lim Abdulqahhor Abdul’aziz akangizni vatanfurush deb e’lon qilib, osib o‘ldirdi. Tinch bir bexavotir kunga, Bomdod namozini ado etib turgan joyimga masjidga kelib tushgan amriqoliklarning raketasi meni ham shahid farzandlarimning qoshiga yetkazdi. 
Muhammad yaqin kelib qolgan Abdulrauf–Mulla tog‘asiga qo‘llarini uzatdi. Abdulrauf Muhammadni bag‘riga bosdi. Muhammad uning qaynoq bag‘rida o‘ziga keldi. 
U qo‘shiqqa yetgan edi. Qo‘shiq ijrochisi bir qo‘li bilan ko‘z yoshlarini yashirmayotgan, ovozini baralla qo‘yib, «dod» deb yig‘layotgan Muhammadni bag‘riga bosib, ikkinchi qo‘li bilan mikrofonni tutib, o‘nlab tasvirchi–yu, suratkashlar qurshovida avj pardada kuylardi:

Faqat eslab yig‘layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag‘rim tig‘layman, birinchi muhabbatim...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.