OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. G‘aroyib to‘y (hikoya)

1
— Kelin yo‘q! Eshitayapsizlarmi, kelin hech qaerda yo‘q!
— Adolatning qizi qochib ketibdi!

2
Onalarining qirqi chiqqan kun edi.
To‘rt-besh chinni lagani, kosalari, o‘ntacha choynagi, yigirmatacha piyolasini bir tugunga tugib ko‘tardi.
— Enam “Men o‘lsam chinnilarim senga qoladi”, deb vasiyat qilgan edi, — dedi Adolat uning harakatiga hayron qarab turgan ukasiga.
— «Enam vasiyat qilgan», deb enam tuproqqa qo‘yilmay turib hamma kiyimlarini olib ketdingiz. Uchi o‘tib taxmondagi gilamlarni ham tashib oldingiz. Endi esa, chinnilarga yopishdingiz, uyalmaysizmi, opa? Shu bilan vasiyat qilgan narsalari tugaydimi ishqilib? Enam “Ukangning oilasiga ham uch-to‘rtta choynak-piyola qoldir, uning ham bola-chaqasi bor, ular nimada choy ichishadi, nimada ovqat yeyishadi? Ukangning bolalariga ham insof qilgin, qizim”, deb vasiyat qilganlari yo‘qmidi, opa? — dedi uning qilig‘idan ranjigan Diyorbek. — “Aqalli cheti uchgan piyolalarni ham qoldirmay olib ket”, deganmidi enamiz, opa?
— Degan, xuddi ana shunday degan, bo‘ldimi? — dedi Adolat labi titrab. — Ana, tunuka tovoqlar bilan alyumin krujkalar qolayapti, shunisiga ham shukur qil. Lekin bir kelsam enamdan qolgan po‘lat qozonni ham olib ketaman, esingda tursin! Enam vasiyat qilgan...
Adolat keta-ketguncha nola qilib ketdi. Qarg‘ab ketdi. Yer mushtlab ketdi. Achchig‘ining zo‘ridan ko‘prikdan aylanib kelishga ham sabri chidamay, suvi kamayib qolgan Tentaksoydan kechib o‘tib ketdi.

3
Jalasoyliklar Adolatning bu nolayu fig‘onlariga ko‘p e’tibor berib ham o‘tirmadilar.
— O‘zi shu Adolat qizligida ham juda shatta edi, — dedi bir necha xotinlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Xosiyat momo. — Haliyam shattaligi qolmapti.
Adolatning shu xulqi sabab bo‘lib, uni kelin qilishga Jalasoyda birovning yuragi betlamagan. Tentaksoyning narigi betidagi Soygo‘zar qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgan edi.

4
— U yoq-bu yoqni qaranglar, butun boshli kelin yo‘qolib qolmas? Peshinda uyida ekan. Bir yoqqa chiqib ketmagani aniq. Dugonalarining uylarini ko‘ringlar!
Butun qishloq oyoqqa turdi. Kelin bo‘lmishning barcha dugonalarinikini ko‘rib chiqishdi, dugona emaslarning uylarini ham ko‘rib chiqishdi. Kelin yo‘q!

5
Yigirma yil deganda o‘rtaga odam qo‘ya-odam qo‘ya Diyorbek opasi bilan yarashdi. O‘sha kuni Diyorbeknikida bayram bo‘lib ketdi. Qo‘y so‘yildi. Qavmu qarindoshlar chaqirildi. Bobolarning duosi olindi, momolarning duosi olindi. Ko‘p yaxshi gaplar aytildi, chiroyli tilaklar bildirildi.
— Mana shu jiyanim Noilaoyni o‘g‘lim O‘ktamjonga kelin qilsak, nima deysizlar? — dedi Diyorbek qarindoshlarga.
— Juda yaxshi bo‘ladi, — dedi Berdimurod oqsoqol. — Adolat Soygo‘zarga tushuvdi, uning o‘rniga qizi qaytadi.
— Opa, nima deysiz? O‘ktamim ham uncha-buncha polvon yigit emas, ikki marta chempion bo‘lgan. Navro‘zdagi kurashda “toboq”qa qo‘yilgan “Neksiya” mashinasini yutib olgan, — dedi Diyorbek. — Qiz bersangiz polvonga bering-da, opa?
— Qizimni O‘ktamingga berganim bo‘lsin! — deb yubordi Adolat ham. — Shanba kuni to‘yni olib bor, fotiha qilamiz. Ammo to‘yni zo‘r qilib olib bor, opangning ham Soygo‘zarda o‘ziga yarasha do‘st-dushmani bor. Ko‘rolmaydiganlarim hasaddan o‘lsin, deyman-da, Diyorbekjon!
— Bu yog‘idan g‘am yemang, opa!

6
— O‘lib qolsam tegmayman o‘sha ayiqpolvonga!
Zebo dugonasining bu gapidan hayron bo‘ldi.
— Noila, bu nima deganing? Axir, ayang tog‘ang bilan endigina yarashgan bo‘lsa, endi quda-anda bo‘lamiz deb turishganda sen bunday qilsang, ular yana yuz ko‘rishmas bo‘lib ketadilar-ku?
— Ayam ham o‘sha kuni qiziq ustida xo‘p deb yuborgan ekan, keyin bir necha marta “Bekor qilibman, anavi tog‘angning erkatoy xotinchasi senga kun bermaydi”, dedi.
— Nega fotihagacha aytmading unda? Axir, fotiha to‘ylaring bo‘ldi. Haliyam odamlarning og‘zidan tushmaydi kuyov taraf bergan to‘y, sarpolarning ta’rifi.
— Sarpolari boshini yesin, nima, boshqaga tegsam sarpo bermaydimi?
— Berishga berar-u, boshqa deganing O‘ktam polvonday bo‘larmikan, Noila? Kechagina “Tog‘amning o‘g‘li zo‘r polvon, tumanda tengi yo‘q”, deb og‘zingdan bol tomib maqtayotuvding-ku?
— Shu polvonligi uchun ham tegmayman. Ayiqqa o‘xshaydi.
— Polvon yigitlar shunaqa, ... baquvvat bo‘ladi-da, — dedi Zebo ajablanib. — Jon demaysanmi shunday yigitga tegayotganingga. Birorta pachaq bolaga tegsang nima qilarding?
— O‘zing tegib ola qol, shuncha yaxshi bo‘lsa o‘sha ayiqpolvon.
— Menga sovchi qo‘yganida jon-jon deb tegib olgan bo‘lardim, — dedi Zebo dilidagini yashirmasdan. — Polvonlarni yaxshi ko‘rishimni bilasan. O‘zim ham otam ta’qiqlab qo‘ymagunicha maktabdagi kurash to‘garagiga qatnaganim esingdadir? Qani edi, menga ham birorta zo‘r polvon yigit uylansa-yu, polvon bolalarning onasi bo‘lsam. Bitta sirimni aytaymi, polvonga tegsam yettita o‘g‘il tug‘ardim. Yettoviniyam polvon qilardim. Yetti polvon o‘g‘lim bilan faxrlanib, dunyodan bearmon o‘tardim. Bolalarimning bolalari ham polvon bo‘lardi. Essiz, shunday polvonning qadriga yetmay aytib o‘tirgan gapingni qara.
— Kechqurun men bilan uchrashgani keladi, birga chiq. Shu gaplaringni o‘zing unga aytasan!
— Chiqaman ham, aytaman ham!

7
Zebo rostdan ham Noila bilan birga chiqdi.
O‘ktam ham bir o‘rtog‘i bilan kelgan ekan. U yigit bilan Zeboning gapi qovushmadi. Nariroqda Noilaga gapirayotgan O‘ktamga bir-ikki zimdan ko‘z soldi. “Adashding, polvon, adashding, bu sening tenging emas. Noila polvonning qadrini bilarmidi?” deb o‘yladi ichida. Noila unga yolg‘ondan noz-firoq qilayotganini ko‘rib g‘ashi keldi.
— Noila, o‘zing borarsan, men ketdim!
Zebo boshqa bir so‘z ham demadi, unga gapirganlarga ham quloq solmadi, ketdi-bordi.
Yarim kechasi Noila uning derazasini chertdi.
— Tegmasang ochig‘ini aytib qo‘ya qolmaysanmi, tegmayman deb. Nima qilasan tegmaydigan odamingga nozlanib? — dedi achchiq bilan Zebo Noila ichkariga kirgach. — Yana sovg‘alarini ham qaytarmasdan olding?
— Jo‘rttaga qildim, ajab qildim, — dedi Noila qoshlarini chimirib. — Sening unga havas bilan termulib turganingni ko‘rganim uchun shunday qildim. Seni kuysin deb shunday qildim, Zebo.
— Sen o‘zi do‘stmisan, dushmanmisan, Noila? — hayratga tushdi Zebo.
— Sen-chi, birovning kuyoviga suqlanib qarashga uyalmagan sen do‘stmisan, dushmanmisan?
— Senga tushunmadim, — dedi Zebo. — Goh u ... ayiqpolvonga tegmayman deb uni haqorat qilasan, goh uni qizg‘onib rashk qilasan. O‘zing nimani istashingni oldin aniqlab olsang bo‘lardi, dugonajon?
— Bu endi mening ishim, sen aralashma. Ammo nimani xohlashimni bilging kelayotgan bo‘lsa bilib ol, gapim gap, o‘sha ayiqqa tegmayman. To‘y kunigacha buni unga aytmayman ham. Ayamga qilgan yomonliklari uchun ular katta xarajatga tushishlarini istayman. To‘y kuni hammasini biladi. To‘y kuni meni topib bo‘libdi.
— Jinni ekansan, Noila, — afsuslandi Zebo. — Unutma, “Kim qilmag‘ay, kim topmag‘ay”, debdilar.

8
— Kelin qochib ketibdi!
— Noila qochib ketibdi!
Kuyovnavkarlari bilan kelib, chimildiqqa kirgan kuyov tashqaridan eshitilayotgan gap-so‘zlarni eshitib o‘tirdi. O‘rtoqlariga imo qiluvdi ular ham birin-ketin chiqib ketishib, Noilani axtarishdi. O‘ktamning yonida bitta Ziyodulla polvon qoldi, xolos.
Ikki soatcha vaqt o‘tdi.
— O‘ktam, kelin qochib ketgani rostga o‘xshaydi, bunday o‘tiraverish o‘lim. Tur, ketdik!
— Kelinsiz to‘yxonaga qanday kirib boraman, Ziyodulla? Kelinsiz nima deb kirib boramiz?
— Kelin bo‘lmasa nima qilasan? Tur, ketdik, do‘stim! Qiz deganining tuxumi tillodan emas, polvon! Bu qiz qadringni bilmagan bo‘lsa bundan ming marta chiroyli qizlar polvonga jon-jon deb tegadi, ketdik!
O‘ktam choponining etagini silkib o‘rnidan turdi.
Eshik oldida ammasiga duch keldi.
— Amma, shunaqa niyatlaringiz bor ekan, ertaroq aytmaysizlarmi? — dedi O‘ktam ammasiga. — Meni yer bilan bitta qildingiz-ku? Yigit bo‘lib biror davradan bosh egib chiqmagan edim. Ammo bu gal boshim yomon egildi, amma, yomon egildi!
— Men ham uning niyatidan bexabarman, O‘ktamjon, bilmadim u yergina yutgur qay go‘rda pusib o‘tiribdi ekan? Biroz shoshma, kelib qolar, qishloqdan chiqqan emas.

9
Noilaning qaerga berkinganini “Qani, nima tomosha ko‘rsatar ekan?”, deb ertalabdan uni zimdan kuzatgan Zebo bilardi. U hamma to‘y tashvishi bilan ovora bo‘lib qolganda kechga tomon hech kimga sezdirmay qishloq pastidagi odamlar tandir uchun qizil tuproq kavlab olaverib, g‘orga aylangan ungurga kirib ketganini ko‘rgan edi. Tabiiyki, uni g‘ordan izlash hech kimning esiga ham kelmas edi. Zebo bir xayoli aytay ham dedi, ammo “Qaytanga topilmagani yaxshi, baribir Noila bu polvonga munosib xotin bo‘lolmaydi, uni baxtli qilolmaydi, battar bo‘lsin”, deb aytmadi. Lekin baribir odamlar uni topolmay asabiylashayotganini ko‘rib, polvon yigit kelinsiz chiqib ketsa yuzi shuvit bo‘lishini o‘ylab, Noilaning qaerdaligini aytishga qaror qildi va chimildiq ilingan uyga qarab yo‘l oldi. Ammo ana shunda kutilmagan voqea sodir bo‘ldi.
Alamdan yuzlari bo‘g‘riqqan kuyov ichkaridan otilib chiqdi va “Endi nima bo‘lar ekan?” deb to‘planib turgan yuzlab odamlarga baland ovozda gapira boshladi:
— O‘v, birodarlar! Polvonning mulzam bo‘lgani — o‘lgani! Men bugun Soygo‘zarga kuyov bo‘laman deb kelganman. Uyimda to‘y bo‘lib yotibdi. To‘yxona to‘la odam. Bo‘lar ish bo‘ldi, ammamizning qizi xohlamasa tegmasin. Endi bitta gapni aytaman, jon qulog‘ingiz bilan eshiting. Polvonning gapi bitta bo‘ladi, men kelinsiz bormayman to‘yxonaga. Soygo‘zarda menga qizini beradigan bitta mard bormi? Kim menga qizini bersa, polvonlik so‘zim shu qizini bir umr boshimga ko‘taraman. Uni baxtli qilaman!
Ana tomosha!
O‘ktamning bu otashin nutqidan soygo‘zarlik degani bir qalqib tushdi-ku.
— E, otangga rahmat! — dedi kimdir.
— Mard yigit ekan! — dedi boshqa birov.
— Haqiqiy polvonning gapi bo‘ldi! — deydi yana kimdir.
Ammo bu gaplarni aytgan odamlarning bo‘y yetgan qizlari yo‘q edi. Bo‘y qizlari bor erkaklar esa “Bir kunda qizimizni bir yigitning qo‘liga tutqizib yuborsak qanday bo‘lar ekan?”, degan andishada mum tishlashdi. Yana birovlari “Birovning o‘rniga tushib, qizim baxtli bo‘larmikan?” deb jim turishni afzal bildi.
O‘ktam davrada, devorlar ortida bu tomoshadan lol bo‘lib, lab tishlab turgan qizlarga murojaat qildi.
— Hey, qizlar! Oralaringda Noilaning dugonalari ham bordir? Men sizlarga ko‘nglimdagini aytmoqchiman. Kim uning o‘rniga kelin bo‘lsa, men uni baxtli qilaman! Bu chin yigitlik so‘zim!
To‘yxona suv qo‘ygandek jim bo‘ldi. U yer-bu yerdan qizlarning piqillab yig‘laganlari eshitildi. Noilani qarg‘aganlari eshitildi.
— Bor!
Ohistagina aytilgan birgina so‘zdan, qiz bolaning mayingina bu ovozidan go‘yo momaqaldiroq gumburlagandek bo‘ldi.
Hamma shu qiz tomonga o‘girildi.
— Bor, — dedi sekingina O‘ktam tomonga bir-ikki qadam bosgan Zebo. — Noilaning o‘rniga kelin bo‘lishga men roziman! Ammo ota-onamni chaqiring, ularning roziligini ham so‘rang. Ota-onam oq fotiha bersalar, shu bugunoq siz bilan taqdirimni bir umrlik qilib bog‘lashga, hoziroq siz bilan ketishga roziman!
Ana tomosha!
Hayrat aralash ovozlar tutdi to‘yxonani.
— E, yasha, Zebo!
— Yuragingga balli-e!
— Endigi qizlarda uyat ham qolmadi, — dedi bir kishi, ammo u yuzlab yovqarashlar tig‘i ostida qoldi.
Zeboning onasi hammasini ko‘rib turgan edi. Oyog‘ini qo‘liga olib uyiga yugurdi. Erini aytib keldi. Kela-kelguncha hammasini aytib keldi. Tushuntirib keldi. Ichida “Qizimni bir nima qilib qo‘ymasin, dadasining fe’li chatoq”, deb keldi-da onaizor.
Ota onaizor xavotir tortgan biror ishni qilmadi. Odamlar xalqasini yorib o‘tib, qiziga bir olam mehr bilan termulib turgan alpkelbat yigitni ko‘rdi. Uning qoshida yer chizib turgan qizi Zeboni ko‘rdi. Sekin uning yoniga keldi. Bir yoniga onaizor kelib, mung‘ayib turdi.
— Hammasini eshitdim, — dedi Zeboning otasi. — Qizim, keyin pushaymon bo‘lmaysanmi?
Zebo “yo‘q” ma’nosida bosh irg‘adi.
— Polvon, ertaga qizimizning bu qarorini yuziga solib, ta’na qilmaysizmi?
— Shu qizning mardligiga tan berdim. Men hammaning oldida qasam ichdim, men uni baxtli qilaman!
— Polvon, menam polvon bo‘lganman, polvonning ichidagini bilaman. Bitta qizim sizdan aylansin. Qizimni sizday yigitga berganim bo‘lsin! — Zeboning otasi keyin to‘planganlarga o‘girildi: — O‘v, birodarlar, duo qilinglar, Haydar polvonning qizi baxtli-taxtli bo‘lsin! Qo‘shgani bilan qo‘sha qarisin! Uvali-juvali bo‘lsin!
— Omi-in!
— Omi-in!

10
Ay, birodarlar, Jalasoyda bir to‘y bo‘ldi, bir to‘y bo‘ldi, dovrug‘i yetti dovondan oshdi.

11
Zebo “Polvonga tegsam yettita o‘g‘il tug‘ardim. Yettoviniyam polvon qilardim, deganida farishtalar omin degan ekan.
Zebo O‘ktam polvondan yetti o‘g‘il ko‘rdi. Yettoviyam polvon bo‘ldi. Har to‘yda bittadan sovrin olib kelishsa, yetti sovrin bo‘ldi, ikkitadan olib kelishsa, o‘n to‘rt sovrin bo‘ldi. Ayrimlari bir to‘yda to‘rttagacha sovrin oldi. Hammasi olgan sovrinini otasiga taqlid qilib, “Topganimiz shu bo‘ldi”, deb Zeboning oyog‘iga qo‘yar bo‘ldi.
 “Allohimdan yettita o‘g‘il so‘rabman-u, o‘zimga sirdosh bo‘ladi, bittagina qiz ham ber”, demabman, deb bir-ikki so‘lish olgan Zeboga Alloh taolo bir qiz ham berdi. Ammo u Zebo orzulaganday onasiga sirdosh bo‘lmadi. O‘g‘illarning ichida o‘g‘il bo‘lib o‘sgan u qiz, akalari bilan kurash tushib ulg‘aygan u qiz, qiz bolaning qo‘g‘irchoqlarini qo‘liga bir marta ham ushlamagan u qiz, o‘g‘il bola kiyinib kurashlarga chiqadigan, o‘g‘il bolalarning dodini beradigan u qiz sakkizinchi o‘g‘il bo‘ldi. Unga boshqacha ta’rif berib bo‘lmadi.
O‘ktam polvon ham va’dasiga vafo qildi. To‘g‘ri, u Zeboni bir umr boshida ko‘tarib yurmadi. Zebo yerda yurgan kunlari ham ko‘p bo‘ldi, ammo Jalasoy Jalasoy bo‘lib Zebodan ham ortiqroq qadrlangan ayolni na avval ko‘rdi, na keyin ko‘rdi.

12
Ay, birodarim-ay! U yog‘ini so‘rab nima qilardingiz?
Hikoyamni doim shu joyigacha aytib bergim keladi. Ammo doim “Keyin-chi?” deydiganlar chiqadi-da. Mana, siz ham “Noila nima bo‘ldi?” deb o‘tiribsiz.
Nima bo‘lardi, yigit-qizlar bor ovozi bilan “Yor-yor” aytib o‘tayotganini eshitgan Noila “Men bu yerda bo‘lsam, kimga “Yor-yor” aytishayapti ekan”, deya ajablana-ajablana yashiringan g‘oridan chiqib kelganida uning uyida to‘ydan nom-nishon qolmagan, dugonalariga rosa ko‘z-ko‘z qilgan seplarini mashinalarga ortib olib ketishgan, uylari o‘g‘ri urgan egasiz hovlidek huvillab qolgan edi.
 “Oq qilaman, ko‘k qilaman” degan otasi Adolatning bir o‘qrayishi bilan Noilani oq ham qilolmadi, ko‘k ham qilolmadi.
Noila shundan so‘ng qatorasiga o‘n yil sovchi kutdi.
O‘n yil deganda uch qishloq naridagi xotin qo‘ygan Sattor piyondan odam keldi...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2013 yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.