1.
Momoxolning to‘yi bo‘ladigan bo‘lib qoldi.
Ay, Momoxolning ko‘ngli Eshimqulda edi-da.
2.
Qosh qorayganda ammasinikiga bordi Momoxol.
Ammaning bog‘i Eshimqullarning bog‘i bilan tutash bo‘ldi.
Ammasini uxlatib boqqa chiqdi Momoxol.
Allaqachon bog‘da bo‘ldi Eshimqul.
3.
– Endi nima qilamiz, Momoxol?
– Bilmayman, Eshimqul, bilmayman.
– Enangga aytmadingmi, Momoxol?
– Qaysi til bilan aytaman, Eshimqul? O‘zing-chi?
– “Shu paytgacha qaysi go‘rda eding?”, dedi enam. “Endi borganimiz o‘lganimiz”, dedi. “Ikki qishloqdi qonga botirganing qoladi, Jo‘ra qassob qizini senga baribir bermaydi”, dedi enam. “Otangga aytmay qo‘ya qolay, sen ham endi Momoxoldi unut, ichingdagi ichingda qolsin, birovga og‘zingdan chiqarma”, dedi.
– Ha, otam meni senga bermaydi. Mendan kechar, enamdan kechar, ammo otam Tilov jo‘rasidan kechmas.
4.
Jim-jim so‘zlashdilar ikkisi. Bir so‘z demay so‘zlashdilar.
– Nahotki bu kecha eng so‘nggi kecha bo‘lsa? – so‘radi Eshimqulning ko‘zlari.
– Qarab qoling, menga to‘yib qoling, – dedi Momoxolning ko‘zlari. – Meni eslab qoling. Ha, bu so‘nggi kecha.
– Muhabbatimiz tugaydimi shu bilan? – so‘radi Eshimqulning ko‘zlari.
– Muhabbatimiz o‘lsak tugaydi, – dedi Momoxolning ko‘zlari.
– Unda qachon birga bo‘lamiz? – so‘radi Eshimqulning ko‘zlari.
– Qiyomatda birga bo‘lamiz! – dedi Momoxolning ko‘zlari.
– Qo‘yib yubormayman seni, – dedi Eshimqulning qo‘llari.
– Alvido! Endi sizning taftingizda isinish bizga yot, – dedi Momoxolning qo‘llari.
– Qo‘yib yubormayman seni, – dedi Eshimqulning qo‘llari.
– Endi biz begona bo‘ldik, – dedi Momoxolning sochlari. – Bu dunyoda armon endi sizning silab-siypashlaringiz.
5.
Quyosh deganlari buncha shoshqaloq.
Birpasda dunyoni bir aylanib keldi-qo‘ydi.
Ketar bo‘ldi Momoxol.
Ikki tomchi yosh bo‘ldi Momoxolning ko‘zida.
– Men nima qilay Momoxol?
– To‘yga borma, Eshimqul!
– Yana nima qilay, Momoxol?
– Meni yaxshi ko‘rganingni birovga aytma, Eshimqul!
– Yana nima qilay, Momoxol?
– Meni unutma, Eshimqul!
– Seni unutmayman, Momoxol!
– Men ham seni unutmayman, Eshimqul!
– Seni yaxshi ko‘rganimni birovga aytmayman, Momoxol!
– Seni yaxshi ko‘rganimni men ham birovga aytmayman, Eshimqul!
6.
Momoxolning to‘yiga bormadi Eshimqul.
Momoxolni yaxshi ko‘rganini birovga aytmadi Eshimqul.
Eshimqulning Momoxolni yaxshi ko‘rganini birovga aytmay dunyodan o‘tib ketdi Eshimqulning enasi.
Eshimqulni yaxshi ko‘rganini birovga aytmadi Momoxol.
Momoxol bilan Eshimqulning sirini bilgan odam qolmadi bu dunyoda.
7.
Eshimqulni yaxshi ko‘rganini birovga aytmay beshta tug‘di Momoxol.
Eshimqulni yaxshi ko‘rganini birovga aytmay besh bolasini uyli-joyli qildi Momoxol.
Momoxolni yaxshi ko‘rganini birovga aytmay uch o‘g‘il uylantirdi Eshimqul.
Momoxolni yaxshi ko‘rganini birovga aytmay uch qiz chiqardi Eshimqul.
Momoxol bo‘lar joylarga bormadi Eshimqul.
Eshimqul bo‘lar joylarga bormadi Momoxol.
Tasodif uchrashtirgan kezlari Momoxolga bir so‘z demadi Eshimqul.
Tasodif uchrashtirgan kezlari Eshimqulning yuziga boqmadi Momoxol.
Jim-jim so‘zlashdilar ushmunday chog‘larda.
Nigohlar pinhona-pinhona so‘zlashdilar ushmunday chog‘larda.
– Yaxshi yuribsanmi, Momoxol? – bo‘ldi so‘rovi nigohlarning.
– Shukur, bir navi, – bo‘ldi javobi nigohlarning. – O‘zing eson-omonmisan, Eshimqul?
– Yuribman, tuproqni bosib. Tuproq meni bosib qolmaguncha seni o‘ylayman, Momoxol.
– Ayb bo‘ladi, Eshimqul, ayb bo‘ladi. Endi munday dema-da.
– O‘zing meni o‘ylamay qo‘ydingmi, Momoxol?
– Ko‘radigan tushlarimdan o‘zim uyalaman, Eshimqul. Nuqul tushimga ammamning bog‘i kiradi, Eshimqul.
– Ammangning bog‘iga bor-da, bo‘lmasa, Momoxol?
– Gapirma, Eshimqul, aynibsan. Endi bora qol, anavi Gulsarang kutib ko‘zi to‘rt bo‘lgandir?
– Rashk qilma-da, endi, Momoxol.
– Nimasiga rashk qilaman, Eshimqul? Sen uni yaxshi ko‘rmaysan-ku?
– Seni men rashk qilaman, Momoxol.
– Uyat bo‘ldi-ey, Eshimqul.
– Mayli-da, Momoxol.
Shuncha gapni aytgan Eshimqulning nigohlari Momoxol tomonga boqmaydi.
Shuncha gapni aytgan Momoxolning nigohlari yerdan uzilmaydi.
Nomahram-da, endi Momoxol.
Nomahram-da, endi Eshimqul.
8.
Eshimqulni yaxshi ko‘rganini birovga aytmay cholini yerga topshirdi Momoxol.
Momoxolni yaxshi ko‘rganini birovga aytmay kampirini yerga qo‘ydi Eshimqul.
– Keksayganda yolg‘iz qoldi, sho‘rlik, – dedi o‘ziga o‘zi Eshimqul.
– Yoshi bir joyga borganda tan mahramsiz qoldi, bechora, – dedi o‘ziga o‘zi Momoxol.
Momoxoldan hol so‘rashga til bo‘lmadi Eshimqulda.
Eshimquldan hol so‘rashga bet bo‘lmadi Momoxolda.
Nomahram edi-da, endi Momoxol.
Nomahram edi-da, endi Eshimqul.
9.
Davlat keksalarning nafaqasini oshirdi.
Ikki baravar oshib ketdi Momoxol momoning nafaqasi.
– Bizlarniki yarim baravar oshdi, – dedi Roziya oshpaz. – Momoxol momoniki ikki baravar oshibdi.
– Bunday bo‘lishi mumkin emas, – dedi Halima attor. – Buni bir tekshirib ko‘rish kerak.
– Sizlarga o‘xshab bir umr yengil ish qilmadim, – dedi Momoxol momo. – Erkaklar bilan bab-baravar dehqonchilik qildim. Beshta bola tug‘dim. Hammasini hisobga oladi-da davlat.
Yetti yil oshirilgan nafaqani olib yurdi Momoxol momo.
Yetti yil Halima attor bilan Roziya oshpazga o‘xshagan momolarni “kuydirib yurdi” Momoxol momo.
Tekshirib ham keldi Halima attor.
– Bizlarniki bilan bir xil ekan, sal ko‘p-u, ikki baravar emas ekan, – dedi Halima attor.
– Bo‘lmasa Dilmurod po‘shta nimaga Momoxol momoga buncha ko‘p pul beradi? – so‘radi Roziya oshpaz.
– Endi buni Dilmuroddan so‘ra!
– So‘raymanam!
So‘radi.
– Birov bilan nima ishlaringiz bor. Boriga shukur qilib, davlat berganini olib yeyavermaysizlarmi? – dedi Dilmurod. – Sizlar olgan nafaqani oliy ma’lumotli muallimlar maktabda ertadan kechgacha ishlab ham ololmayapti-ku?
Shukur qilishdi. Jim bo‘lishdi.
Momoxol momo ham bir so‘ragan edi Dilmurod tersroq javob berdi:
– Uzumini yeng-u, bog‘ini so‘ramang-da, momo!
Qaytib so‘ramadi Momoxol momo.
10.
– Eshimqul boboning mazasi qochib qolibdi!
Bu gapni eshitguncha tom bossa bo‘lmasmidi Momoxol momoning quloqlarini?!
Halovat qoldimi Momoxol momoda? Orom qoldimi Momoxol momoda?
Qani, bir borib hol so‘rashga jur’ati yetsa, Momoxol momoning.
Qani, birrovgina kirib, “Mendan rozi bo‘l, Eshimqul!” deyishga o‘zida kuch topolsa Momoxol momo.
Halima attor bilan Roziya oshpazga o‘xshagan momolar borib rozi-rizochilik so‘rab kelishdi Eshimqul bobodan, ammo birgina Momoxol momo borolmadi u yerga.
Momoxol momoda bet bo‘lmadi Eshimqul boboning uyiga birgina kirishga.
Tinchi yo‘qoldi Momoxol momoning.
Borganlardan so‘raydi Eshimqul boboning holini.
– Ahvoli tuzukmikan?
– Ovqat yeb turibdimikan?
– Bolalari xabardor bo‘lib turishibdimikan?
11.
Bir hafta tuz totmadi Eshimqul bobo.
Bir hafta ko‘zi eshikda bo‘ldi Eshimqul boboning.
Bir hafta kelgan-ketganning ichidan birovni qidirdi Eshimqul boboning ko‘zlari.
– Birovga ichikkan ko‘rinadi, – dedi mulla Safar bobo. – Kelolmagan birorta qarindoshlaringiz bo‘lsa chaqiringlar!
Hamma qarindosh keldi hamki, ko‘zlari joyiga tushmadi Eshimqul boboning.
“Kampirini axtardi”, deyishdi momolar.
Eshikka termulib joni uzildi Eshimqul boboning.
Ko‘zida ikki tomchi yosh bilan ketdi Eshimqul bobo.
Kimni axtarganini birovga aytmay dunyodan o‘tdi Eshimqul bobo.
Kelinlari ko‘k kiydi Eshimqul boboning.
Qizlari ko‘k kiydi Eshimqul boboning.
12.
Hech kimga bildirmay qora kiydi Momoxol momo.
Hech kimga bildirmay aza tutdi Momoxol momo.
Eshimqul boboning uyi tarafga qarab-qarab yig‘ladi, Momoxol momo.
Ammasining bog‘iga qarab-qarab yig‘ladi, Momoxol momo.
Kimga yig‘laganini birovga aytmadi, Momoxol momo.
Kimga qora kiyganini birovga aytmadi, Momoxol momo.
13.
– Momoxol momoning nafaqasini kamaytirishibdi, – dedi Halima attor.
– Nimaga unday qilishibdi, bizdan ortiqcha olsa ham mayli edi, kim kamaytiribdi? – dedi Roziya oshpaz.
– Bunisini endi Dilmurod po‘shtadan so‘raysan.
So‘rashdi.
– Birov bilan nima ishlaringiz bor-a? – dedi Dilmurod. – Shu momoylarni tushunmadim-da, birovga ko‘p bersang ham ko‘nmaydi, kam bersang ham ko‘nmaydi.
So‘ramas edi-yu, shu Roziya oshpazning qistovi bilan so‘radi Momoxol momo ham.
– Endi oshirilgan nafaqaning manbasi uzildi, – dedi Dilmurod. – Siz ham boriga shukur qilib, el qatori olaverasiz endi, momoy.
– Sal tushuntirib gapir-da, bolam? Manbasi deganing qaer?
– Manbasi deganim sizga oshirilgan nafaqani berib turadigan odam edi. Ana shu odam ketdi, momoy.
– Yana topishmoq qilib gapirasan-a, bolam. Kim edi u, ayt-da, munday!
– Bu davlat siri, aytib bo‘lmaydi, Momoxol momo.
– Meniyam safarim qarigan, bolam, – ko‘zi yoshlandi Momoxol momoning. – Ayt, bilib ketay, menga kim shuncha yil mehribonlik qilgan ekan.
O‘yda qoldi Dilmurod.
Oxiri yorildi Dilmurod.
– Birovga aytmaysan, degan edi-yu, ammo anavi gapingiz boshqacha bo‘ldi, momoy, aytsam aytay. Yetti yil davomida bir kishi o‘zining nafaqasini olmay, sizning nafaqangizga qo‘shib berishimni tayinlar edi. Yetti yil ikki kishining nafaqasini olib yurdingiz. O‘zingiz o‘ylab toping-chi, kim bo‘lishi mumkin shu odam? Ammo men hali bunday mard odamni ko‘rmaganman. Birovga bildirmadi. Mening ham “Og‘zimdan chiqarmayman”, degan va’damni olgan edi.
Izillab yig‘layverdi Momoxol momo.
– Bildingiz-a, momo, kimligini?
– Ilohi, joyi jannatda bo‘lsin! – duo qildi Momoxol momo. – Joyginasi jannatda bo‘lsin!
– Joylari jannatda bo‘lsin, Eshimqul boboning, – dedi Dilmurod.
14.
Ay, muhabbat yoshlarda bo‘ladi, demang-da, oshna.
Muhabbat kinoda bo‘ladi, demang-da.
Muhabbat kitobda bo‘ladi, demang-da, endi.
Boboylarda muhabbat nima qiladi, demang.
Momoylarda muhabbat nima qiladi, demang-da.
Unday demang-da, oshnajon, hech unday demang!
Unday desangiz Eshimqul boboning ruhi chirqillaydi-da.
Unday desangiz hech kimga bildirmay Jalasoyning qabristonidagi Eshimqul boboning mozoriga yetti yildan beri gul qo‘yib keladigan Momoxol momomiz ikkimizdan ham xafa bo‘ladi-da, oshna.
Yo‘q, unday demang!