1.
– O‘lmas bobo uylanarmish! O‘g‘illari boboyga mos birorta xotin axtarishayotganmish!
Rayhon akasining nima demoqchi bo‘layotganini fahmlashga urinib, unga bir muddat tikilib qoldi.
– Qari takaga xotinni kim qo‘yibdi? Bir oyog‘i go‘rda bo‘lsa. Xudo deb, Oblo deb o‘tirsin endi!
– Ha, yasha! Aniq bir oyog‘i go‘rda! – qo‘llarini ishqaladi Kabir. – Ammo O‘lmas bobongning qancha puli borligini bilasanmi? Bir umr savdo bazasini kemirgan. Topganini tillaga aylantirib, sandiqqa bosgan, deyishadi. Har zamonda, pul kerak bo‘lganda, Mushel juhutdan bir-ikkita tangasini pulga aylantirib kelarmish.
– Nima qilay shunga? Tillasi ko‘p bo‘lsa, menga nima?
– Tushunmadingmi, Rayhon? – ajablandi Kabir. – Axir bittasi tegib olsa, besh yilga bormay O‘lmas bobong ketadi, qulog‘ini ushlab. Shuncha mol-dunyo, bir sandiq tilla birovga qolib ketadi-ku? O‘g‘il-qizlarining barini chiqarib yuborgan, har birining uy-joyini qasr qilib bergan bo‘lsa, o‘g‘illari tugul qizlariga ham “shakalat” mashinalarni olib bergan bo‘lsa. O‘lmas bobong o‘lsa, birovi ham meros talab qilib kelmaydi.
Rayhon akasi nima demoqchi bo‘layotganini endi tushundi.
– Aka bo‘lmay o‘ling! – Rayhon Kabir suyanib o‘tirgan yostiqni olib, akasining boshiga urdi. – Otam qatori boboyga teng ko‘rdingizmi meni?
– Shoshma, shoshma! – Kabir boshini qo‘llari bilan to‘sib, kuldi. – Avval eshit!
– Eshitib bo‘ldim! Men uyingizda yurganim sizga malol kelibdi, – yostiqni akasiga uloqtirgan Rayhon ovozini baralla qo‘yib, yig‘lab yubordi.
– E-e, Rayhon, uyimda yuz yil yurmaysanmi? – Kabir singlisini quchoqlab olib, boshini silab, ovutgan bo‘ldi. – O‘lay agar, malol kelsa, Rayhon.
Rayhon yelkalari silkinib-silkinib, ancha vaqt piqqillab o‘tirdi.
– Meni erga bergach, o‘lib ketishsa nima qilardi ota-onamiz? Yetim deb, birov so‘rab kelmadi, – dedi yig‘idan to‘xtagan Rayhon. – Ashirmatga bersangiz ham bu kun yo‘q edi.
– Gapirma-e! – uning gapini bo‘ldi Kabir. – Ashirmatga tegib, itning keyingi oyog‘i bo‘lib yurganingdan ko‘ra ersiz o‘tganing yaxshi. Haliyam kelsa, bermas edim.
– O‘lmas boboning nimasi yaxshi?
– O‘lmas boboning tillasi yaxshi, Rayhon, – ko‘zlari o‘ynadi Kabirning. – Menga qara, Rayhon, bu yog‘i o‘ttizga kirib qo‘yding, baribir birorta xotin qo‘ygan yo xotini o‘lgan oladi. O‘gay bolalarni katta qilguningcha, esing ketadi. O‘lmas boboga tegsang, bunaqa problemang bo‘lmaydi. Bolalaridan tinchigan O‘lmas bobo. Ikkinchidan, sen O‘lmas bobo bilan abadiy yashamaysan-ku? O‘zing aytganingdek, boboyning bir oyog‘i go‘rda. Uch yilmi to‘rt yilmi, chidasang bo‘ldi. Boboy o‘lgandan keyin Jalasoyda sendan boyvachcha xotin bo‘lmaydi. Boboyning cho‘g‘dek “Jiguli”sini o‘zing minib yurasan. Ana shunda Ashirmat tugul hali uylanmagan yigitlar ham kelib, senga uylanaman, deydi.
Rayhon astoydil xafa bo‘lib, o‘rnidan turdi va o‘z xonasiga keta boshladi.
– Odamning har narsa bo‘lgani yaxshi.
2.
Rayhon kechki ovqatga akasi va yangasining oldiga chiqmadi. Yangasi Xolida bir kosa ovqat bilan bitta nonni ko‘tarib kirdi. Ko‘zguga boqib, parishon o‘tirgan Rayhonga qarab, kulib yubordi.
– O‘lmas boboga munosibmanmi, yo‘qmi, deb o‘zingizni oynaga solib ko‘rayapsizmi? – hazil qildi Xolida.
Dugonasidek bo‘lib ketgan Xolidaning hazili malol kelmadi Rayhonga. O‘zi ham unga qo‘shilib kuldi.
– Rost aytasiz, Xolida, men-ku akamning gapidan xafa bo‘lib o‘tiribman, hali O‘lmas bobo meni olishga ko‘narmikan?
Xolida kosa va nonni ko‘zgu oldiga qo‘yib, hazilini davom ettirdi:
– O‘lmas bobo hali oladimi, yo‘qmi, ungacha ochdan o‘lmang, naqdini ko‘ring!
Hazil-huzil bilan Rayhon ovqatlandi.
– Bo‘ling, o‘zingizga yuklatilgan missiyangizni bajaring, vaqt ketmasin, – dedi kulib Rayhon.
– Qanaqa missiya? – hayron bo‘ldi Xolida.
– Meni O‘lmas boboga tegishga ko‘ndirmaysizmi, boshlang!
– E, menga nima? O‘lmas boboga tegaman, deb o‘rtaga odam qo‘yib yotgan bevalar son mingta. Shaharda o‘qib kelgan, hali yigirmaga kirgan Anorxol tegmoqchi bo‘lganiga nima deysiz?
– Do‘m boboning qizimi? O‘lmas bobo ko‘nmaptimi?
– “Shaharda o‘qigan ekan, olmayman”, debdi. “Yoshiyam to‘g‘ri kelmaydi, kattaroq bo‘lsin”, deganmish, – dedi Xolida va yana qah-qah urib kuldi: – Mening yoshim to‘g‘ri keladi-yu, akangiz bor-da.
– Akamga aytaman, javobingizni beradi, O‘lmas boboga ishqingiz bo‘lsa.
– O‘lmas boboga-ku ishqim yo‘g‘-a, ammo puli ko‘pligini hamma biladi boboyning. Tillasi borligiyam rost. Belbog‘ida doim besh-oltita tanga bo‘larmish. “Tilla belni baquvvat qiladi”, dermish.
− Tilla o‘lsin-a, tilla o‘lsin, hammangizning dardingiz tilla. Hali men tegdim-u, O‘lmas bobo hamma tillasini menga qoldirib, o‘lib ketdi-yu, sizlar xomtama bo‘lyapsizlar.
− O‘zingiz bilasiz, − kosani olib, tashqariga yo‘naldi Xolida. − Uch-to‘rt yil chidab, keyin boyvachcha xotin bo‘lish yoqmasa, o‘tiravering! Shuni bilib qo‘yingki, birorta yoshrog‘iga tegib, O‘lmas bobodagichalik mol-mulkni yiqquncha bitta emas, ikkita umringiz ham kamlik qiladi. Mana, oylardek akangizga tegib, nima ko‘rdim? Hali o‘ziga bitta velosiped ololmagan akangiz menga “Volga” olib berarmidi? Toshni oladi.
3.
− Men roziman!
Nonushtaga chiqqan Rayhonning bu gapidan kechasi bilan shu masalani muhokama qilib chiqqan, “Boylik deb xato qilyapmiz, shekilli, yosh qizga javr qilmaylik, chiqsa, uzr so‘raymiz-u, bu masalaga nuqta qo‘yamiz”, deb kelishib olishgan Kabir va Xolida bir-biriga qarab qolishdi.
− Nimaga rozisan, Rayhon? − talmovsiradi Kabir.
− O‘zingiz yaxshi bilasiz, aka, − dedi Rayhon. − Borib ayting, “Singlimni ko‘ndirdim”, deng! “Bitta sharti bor ekan, singlim oq ko‘ylak kiyib chiqar ekan, “Volga” olib kelar ekansiz, restoranda to‘y qilib berar ekansiz”, deng!
− E, yasha, singlim! − o‘rnidan turib ketdi Kabir. − Bu yog‘ini menga qo‘yib beraver! Hammasi aytganingdek bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, O‘lmas bobong soqolini oldirib, qora kostyum kiyib, “Chayka” olib keladi.
− Turing, tezlashtiring! Anorxolga o‘xshagan bitta-yarimtasi ilib ketmasin yana! − Rayhon yana qaytib, xonasiga kirib ketdi.
− Xafa bo‘lganidan achchiq bilan aytmadimikan? − so‘radi Xolida.
− Achchiq bilan aytdimi, chuchuk bilan aytdimi, aytdi, − dedi Kabir. − U yog‘i bilan ishing bo‘lmasin!
− O‘lmas boboga borib, qaysi yuz bilan “Singlimni oling!” deysiz?
− E-e, jinnimisan? Bu ishning o‘z ustasi bor. Halima opaga aytaman, shunday boplaydiki, taklif bizdan chiqqanini birov sezmaydi.
Kabirning kayfiyati chog‘ bo‘lib, shoshgancha hovlidan chiqib ketdi.
4.
O‘lmas bobo soqolini butunlay oldirib tashlagani to to‘ygacha odamlarning og‘zidan tushmadi.
− O‘lmas bobo o‘ttiz yashar yigitday bo‘lganmish!
− O‘lmas bobo sallani tashlab, bosh yalang bo‘lganmish, sochini orqaga qaratib tarab olganmish, − dedi boshqasi.
− Qora kostyum kiyib, mahsining o‘rniga qora tufli kiyganmish, − dedi yana kimdir.
− O‘lmas bobo dindan chiqibdi, − dedi mulla Safar bobo.
O‘lmas bobo dindan chiqmadi. Nima qilsin, kelinning sharti shu bo‘lsa?
Soqolni tagidan oldirgani nima bo‘pti? Qora kostyum bilan qora tufli kiygani nima bo‘pti? Eng og‘iri to‘y kuni bo‘ldi. Oppoq “Volga”ning o‘zini yuborgan edi, kelin qaytarib yuboribdi. “Kuyovsiz mashinaga chiqmayman!” debdi. O‘g‘illarini, nevaralarini kuyovnavkar qilib, “Volgas”da to‘yxonaga bordi O‘lmas bobo. Oppoq kiyingan Rayhonni yetaklab, “Volga”ga olib chiqdi O‘lmas bobo.
Hammasi mayli edi, hammasi go‘rlarga edi, oppoq kiyingan kelinning yonida, o‘sha “Volga”da “Baxt” restoraniga bordi O‘lmas bobo. Kelin bilan yonma-yon o‘tirdi O‘lmas bobo. Birov so‘zga chiqsa, kelin bilan baravar joyidan turdi O‘lmas bobo.
− Bir kunlik to‘y o‘tadi-ketadi, − dedi O‘lmas bobo. − Xotin yonga qoladi. Sizlar kulmanglar!
O‘lmas boboning jo‘ralari baribir kulishdi. Avvaliga “Sening yoningda o‘tiramiz kuyov jo‘ra bo‘lib”, deb kulishdi. Keyin “Yor-yor aytib, mash’la yoqib boramiz”, deb kulishdi. To‘ydan keyin esa “Kelinni ko‘tarib, olovdan aylantirasan”, deb majbur qilishdi. O‘lmas bobo ham “Mana bo‘lmasa”, deb Rayhonni shart ko‘tarib, olovdan aylantirdi.
− O‘lmas bobo jinni bo‘libdi, − dedi mulla Safar bobo. Hoji boboni Xudo uribdi!
O‘lmas boboni Xudo urmagan edi, nima qilsin, kelinning sharti shu bo‘lsa?
O‘lmas bobo kampir olgani yo‘q-ku?
Salkam yetmishga kirgan O‘lmas bobo qiz oldi!
O‘lmas bobo o‘ttizga kirgan bo‘lsayam, qiz oldi, Rayhongulni oldi!
Qiz bolani noziga chidagan oladi!
Mulla Safar bobo buni qaerdan bilsin?
5.
O‘lmas boboning qo‘lida olovni uch marta aylangan vaqtdayoq Rayhonning ko‘nglidan bir gap o‘tdi: “Bu boboy to‘rt-besh yilda o‘lmaydi!”
− Boboy chatoq-ku? − mag‘lub tomonning taslim bo‘lganini bildiruvchi bayroqni chimildiqqa osgan Xolida hayratga tushdi.
Bir hafta o‘tib, akasi va yangasining gapiga kirib, Rayhon katta xato qilganini anglab yetdi: O‘lmas boboning hamma ishi yetmish yoshli cholga emas, kiygan qora kostyumiga, qora tuflisiga mos edi!
Yalta-yu, Sochilarda dam olishning hadisini olgan O‘lmas bobo yosh kelin bilan bog‘liq urf-odatlar tugashi bilan Rayhonni Antaliyaga olib ketdi. Bir oy Qora dengiz bo‘ylarida dam olishdi. Dengiz suvida cho‘milish Rayhonga yoqdi, shekilli, to‘y sayohatidan to‘lishib, ochilib qaytdi.
O‘lmas bobo Antaliyadan oq shim, oq ko‘ylak, oq tuflida keldi. Kamiga ko‘ziga ham qora ko‘zoynak taqqanini ko‘rgan mulla Safar bobo u bilan ko‘rishishning o‘rniga teskari burilib ketdi:
− O‘lmas bobo shaytonga qo‘l beribdi!
O‘lmas bobo shaytonga emas, Rayhonga qo‘l berganini, ko‘ngli ham Rayhonga qo‘shilib, yosharib ketganini qaerdan tushinsin kampirining quchog‘i sovuganiga o‘ttiz yil bo‘lgan mulla Safar bobo?
6.
Antaliyada asal oyini o‘tkazgan Rayhonning to‘lishib qaytganiga sabab dengiz suvi emas ekan. Aslo dengiz suvi emas ekan. Sabab havo almashtirishganida ham emas ekan.
− Ochilib ketibsizmi, ayajon? − kuldi o‘zidan yigirma yosh katta qizi.
− Sal to‘lishibsiz hammi, aya? − dedi “ayasi”dan yigirma besh yosh katta o‘g‘li.
− Yuzingizga ham ozgina dog‘ tushibdimi, ayajon? − so‘radi nevaralik kichik qizi.
− Yo‘g‘-e? − Rayhon yugurib borib, oynaga qaradi. Yuzida uch-to‘rtta dog‘ bilinib-bilinmay turardi. Rayhon yuzlarini qo‘llari bilan berkitdi.
− Ana endi mening ham ukam bo‘ladi! − tantali ohangda e’lon qildi Rayhondan o‘n besh yosh katta bo‘lgan kichik o‘g‘li. − Bir umr ukam bo‘lishini orzu qilganman!
Rayhon “bolalari”dan uyalib, xonasiga kirib ketdi.
O‘lmas boboning bolalari esa bu yangilikni qizg‘in muhokama qilishni boshlab yubordilar.
− Endi nima qilamiz? − so‘radi katta o‘g‘il.
− Nima qilish sizning ishingiz emas, − dedi kichkina o‘g‘il. − Ayamizning ishi. Ayamiz esa tug‘adi.
− Bola tug‘ilmasligi kerak, − dedi qat’iy qilib katta qiz. − Bola tug‘ilsa, dadamizning bor-yo‘g‘i shu bolaga qoladi.
− Hovliyam, − dedi kichik qiz katta akasiga qarab.
− Hovlini olib bo‘pti, men “Hovlini katta o‘g‘limga berasiz”, deb aytganman dadamga, dadam xo‘p, degan.
− Unda vaziyat boshqacha bo‘lgan, endi vaziyat o‘zgardi, − dedi kichik o‘g‘il. − Meros masalasi boshqatdan kun tartibiga qo‘yiladigan bo‘ldi.
− Rayhonni haydaymiz! − gapni cho‘rt kesdi katta opa.
− U bilan birga ukamiz ham ketadi, − dedi kichik o‘g‘il. − Baribir u merosxo‘r bo‘lib qolaveradi.
Ana shunda hovliga kirib kelgan O‘lmas bobo bolalari nima masalada bunchalar qizg‘in bahslashishayotganini so‘radi.
Bolalar bir-biriga qarashdi. Bilganlarini aytishga jur’atlari yetmadi. Nihoyat, katta qiz “yorildi”:
− Dadajon, muborak bo‘lsin, yetmishingizda bolalik bo‘ladigan bo‘libsiz!
− E-e, shunaqa bo‘libdimi, − bir qizarib oldi O‘lmas bobo. − Rayhon menga hech narsa demagandi-ku?
− Endi aytadi-da, − dedi kichik qiz. Ammo shatrmikan, dada? Ayajonimning ruhi qaqshamasmikan?
− To‘rtta tuqqan ayangning ruhi Rayhon bitta tug‘sa chirqirar ekanmi? − ajablandi O‘lmas bobo.
− Endi, yetmishga kirib, “Alla” aytib, yo‘rgak almashtirib o‘tirsangiz, yarashmas, deymiz-da, − dedi katta o‘g‘il.
− Sen “Alla” aytib, yo‘rgak almashtirgandirsan, ammo men sizlar go‘dakligingizdayam bunaqa ishlarni qilmaganman, endiyam qilmoqchi emasman.
− Unda nimaga kerak sizga bola? − so‘radi kichik o‘g‘il.
− E, sizlar nima uchun kerak bo‘lgansizlar? − hayron bo‘ldi O‘lmas bobo.
Bolalar O‘lmas boboga gap topib bera olmasliklarini bilib, jim qoldilar.
− Hammasini bilaman, tushunaman, − dedi O‘lmas bobo. − Sizlarni qiynaydigan narsani ham bilaman. Hammasini o‘ylab qo‘yganman. Mendan qoladigan narsani teng to‘rtga emas, beshga bo‘lasizlar, tamom, vassalom. Har biring to‘rtdan bir ulushmas, beshdan bir ulush olasizlar, kammi?
− Hovli-chi? − so‘radi katta o‘g‘il. − Hovli kimga qoladi?
− Hovli hovlida o‘tirganga qoladi-da.
− Mening o‘g‘limga bermoqchi edingiz-ku?
− O‘g‘ling hovlingga sig‘mayaptimi? − so‘radi O‘lmas bobo. − Xohlasang, kelib hammang bu hovlida o‘tir! Biz, Rayhon bilan sening hovlingga ko‘chib o‘tamiz, ma’qulmi?
− E, yo‘q, − o‘rnidan turib ketdi katta o‘g‘il. − U hovlini o‘n yil qurdim. Birovga bermayman!
− Men bu hovlini ellik yil qurdim, − dedi O‘lmas bobo. − Men ham birovga bermoqchi emasman!
Katta o‘g‘ilning ortidan katta qiz ham turdi.
− Men baribir tushunmadim dadamizni, − dedi u.
Kichik qiz ham qo‘zg‘aldi:
− Ikki oyga bormay dadamizni sehrlab, o‘ziga maftun qilibdi bu Rayhon o‘lgur!
− Menga farqi yo‘q, − dedi kichik o‘g‘il ham turishga chog‘lanib. − Boya aytgan gapim gap: men bir umr ukam bo‘lishini orzu qilganman!
− Sizlarga farqi yo‘qligi rost, − bir og‘iz so‘z bilan bolalarini turgan yeriga “mixladi” O‘lmas bobo. − Nolimayman, hammang bolalaringdan, nevaralaringdan ovqat-povqat chiqarib turasan. Har zamon olib ketib, kiyim-kechagimni ham yuvib berasizlar. Ammo birortang ko‘nglimni so‘radingmi? Uzun kechalari bir o‘zim qolib ketganimda birortang kelib, suhbatlashib o‘tirdingmi? Hammangning o‘z xotining, ering bor. Shom bo‘lganidan hammang o‘shalarning qo‘yniga kirib ketasan, “Dadam nima qilayapti ekan, zerikib qolmadimikan”, demaysan. “Dadamizning ko‘nglida nima gapi bor ekan”, demaysan. Endi bu yog‘iga ham bir nima demanglar! Shu Rayhon menga hamdard bo‘ldi. Ertaga tug‘sa, bolasi ovunchog‘im bo‘ladi. Endi jo‘nanglar uy-uylaringga!
7.
− Bolamni oldirib tashlayman, tug‘mayman!
− E, kallang bormi, nimalar deyapsan? − dedi Kabir. − Unday qilsang, O‘lmas bobo “dumingni tugadi”, Rayhon. Qaytanga bitta tug‘sang o‘zingga ham yaxshi. Rejalarimiz ham osonroq amalga oshadi, Rayhon. Bitta tug‘sang, tiling uzun bo‘ladi. O‘lmas bobo bor-yo‘g‘ini ana shu bolangga xatlab beradi.
− Sizning dardingiz O‘lmas boboning davlati. Odamlar nima deydi? Yetmishga kirgan choldan tug‘di, deyishmaydimi? − jig‘ibiyroni chiqdi Rayhonning.
− Gapiradigan odamlar gapirib bo‘ldi, Rayhon, − dedi Kabir. − Yetmish yoshli cholga tekkan payting gapirib bo‘lgan edi, odamlar, endi nimasini gapiradi?
− Men tug‘mayman, tamom-vassalom! Oldiraman!
− O‘ttiz yoshda birinchi homilani oldirish xavfli, − gapga aralashdi Xolida. − Duxturlar bu ishni qilmaydiyam. Ammo birinchi homilasini oldirganlar keyin umuman homilador bo‘la olishmas ekan. Sizga-ku, butunlay xavfli. Bu yoshingizda abort qildirsangiz, o‘zingiz ham sog‘ qolishingiz gumon.
− Ana, eshitdingmi? Unaqa bo‘lmag‘ur narsalarni o‘ylama ham. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Hali bu bolang tug‘ilib, unga beshik olib kelgunimizcha, O‘lmas bobongga tobut olib kelishsa ham ajab emas.
− Tushingizni suvga aytasiz, shekilli, aka, O‘lmas bobo hali hammamizdan ham uzoq yashaydiganga o‘xshaydi.
− E, O‘lmas boboning sharti ketib, parti qolgan, ozgina sabr qil, Rayhon!
− Siz nimani bilasiz, aka, − dedi Rayhon do‘mpaygan qorni silab. − Parti shumi?
8.
− O‘lmas boboning yosh xotini qo‘chqorday o‘g‘il tug‘ibdi!
− Go‘dak naqd olti kilo emish!
− O‘lmas bobo “Rustami dostonday polvon bo‘lsin”, deb o‘g‘liga Rustam deb ot qo‘yibdi!
− O‘lmas bobo oppoq “GAZ 24”da xotini va bolasini tug‘ruqxonadan olib kelibdi.
− O‘lmas boboda uyat qolmabdi, − dedi mulla Safar bobo. − O‘lmas boboda hayo qolmabdi.
O‘lmas boboning umumiy hisobda beshinchi bolasi tug‘ilganini, mulla Safar boboning yettita bolasi borligini hisobga olsak, hali O‘lmas boboda uyat ham, hayo ham bor edi. Yetmish yoshida farzandli bo‘lganiga kelsak, Xudo bersa saksonda ham, to‘qsonda ham farzandli bo‘laveradi-da, buning nimasi uyat?
O‘lmas bobo o‘g‘li tug‘ilganini nishonlab, katta to‘y berdi. Yetti kun O‘lmas boboning katta hovlisidan odam uzilmadi. Toshkentdan san’atkorlar keldi. Toshkentdan muxbirlar keldi. O‘lmas boboning qo‘liga Rustamjonni berib, suratga olishdi. Surat gazetaga chiqdi. O‘lmas bobo bilan Rayhonni televizordan ko‘rsatishdi. O‘lmas bobo majlislarda aytadigan gapini aytdi:
− Hammasi uchun kommunistik partiyamizga, dohiymiz Leonid Ilichga katta rahmat!
Rayhon muxbir qizning o‘rgatgan gapini aytdi:
− Baxtli oilalardan birimiz!
9.
Kabir jiyaniga beshik olib keldi hamki, jiyani maktabga boradigan bo‘ldi hamki, O‘lmas bobo o‘lmadi. Singlisinikiga borishga yuragi ham qolmadi Kabirning. “Uzog‘i besh yil chidaysan”, degandingiz yetti yil o‘tib ketdi, qani “O‘lmas Kashshey”ingizning o‘lgani?” deyaverib, Rayhon ham bezor qilib yubordi. Oxiri Kabir qaltis ishga qo‘l urdi.
− Mana, buni olib qo‘y, − dedi Kabir Rayhonga qog‘ozga o‘ralgan narsani uzatib. − Margimush. Har kuni “O‘lmas Kashshey”ning ovqatiga kam-kamdan solib beraverasan. Xudo xohlasa, bir yilga bormaydi.
Rayhonnning ko‘zlari katta-katta bo‘ldi:
− Gunohidan qo‘rqaman, aka!
− Unda ber bu yoqqa, − qo‘lini cho‘zdi Kabir. − Chidab yuraver, o‘z ajali bilan o‘lguncha!
Rayhon qog‘ozga o‘ralgan narsani uzatmoqchi bo‘ldi, ammo biroz o‘ylanib turgach, nimchasining cho‘ntagiga solib qo‘ydi:
− O‘z ajali bilan o‘lishiga mening sabrim yetmaydi!
10.
O‘lmas boboning tishlari og‘rib turar, har oy Samarqanddagi eski tanishi, Rushel degan yahudiy tish do‘xtiriga qatnar, tishlari va milklarini davolatar edi.
− Tishlaringiz bu gal har doimgidan ham yaxshi, − dedi Rushel O‘lmas boboning og‘zini ochib, tishlarini obdon tekshirgach. − Milklaringiz ham tuzalay deb qolibdi. Biror boshqa doridan foydalanayapsizmi?
− Yo‘q, o‘zingiz bergan surtmalarni surtib, tishlarimni yuvaman, boshqa dori olganim yo‘q.
− Qiziq, juda qiziq, − dedi Rushel. − Pastki jag‘ingizga qo‘ygan tishlarimizning ostida doimo yallig‘lanish bo‘lardi. Hozir ular yo‘q. Mayli, keyingi oy kelingchi!
Bir oy keyin Rushel battar ajablandi. O‘lmas boboning milklaridagi yallig‘lanishlar batamom yo‘qolgan edi. Har zamon zirqirab qoladigan jag‘ tishlari ham soppa-sog‘ edi.
Rushel birga ishlaydigan xotini Sarani chaqirdi.
− Sara, hech narsaga tushunmayapman, o‘n yildan beri O‘lmas boboning tishlari va milklarini davolar edim, bir-ikki oyda tishlari ham, milklari ham yoshlarnikidek bo‘lib ketdi. Ammo men bergan dorilardan boshqa narsa istemol qilmagan.
− Hozir aniqlaymiz, − dedi Sara. − Buning yo‘li juda oson.
Sara bitta shpritsga O‘lmas boboning milkidan ozgina qon oldi va laboratoriyaga chiqib ketdi.
Yarim soatdan keyin kelib, eshikdan erini imladi. Rushel xotini bilan koridorda bir nimalarni gaplashgach, ichkariga kirdi.
− O‘lmas bobo, bitta gapni aytaman, faqat xafa bo‘lmaysiz. Aslida xursand bo‘lsangiz ham bo‘ladi, chunki, bundan siz foyda qildingiz.
− Rushel, gapni cho‘zma, shap-shap demay shaftoli de!
− Shaftolisi shuki, dushmaningiz bor ekan.
− A? − joyidan turib ketdi O‘lmas bobo.
− Shoshilmang, kimdir sizga margimush bergan. Ikki-uch oydan beri beryapti, shekilli. Ammo o‘zi bilmay, sizga yaxshilik qilibdi. Mana, margimush foyda qilib, tishlaringiz, milkingiz yaxshi bo‘ldi, − dedi Rushel va biroz o‘ylanib turgach, davom etdi: − Ammo bu ish davom etaversa, margimush odamni o‘ldiradi.
− Kim beradi? − g‘azablandi O‘lmas bobo. − Qanday qilib?
− Kim berganini aytolmayman, ammo qanday qilib berganini aytsa bo‘ladi. Ovqatingizga kam-kamdan qo‘shib bergan. Ovqatni siz ko‘proq chaynaysiz, chaynash davomida margimush tishlar va milkka ham so‘rilgan va ularga ijobiy ta’sir qilgan. Lekin oshqozonga ham borgani ziyon qiladi. Endi ehtiyot bo‘lishingiz kerak.
− Ha, ehtiyot bo‘lishim kerak, − eshikka yo‘naldi O‘lmas bobo. − Menimcha, kimlar qilganini ham bilganga o‘xshayman.
11.
− Rayhon, meni zaharlashibdi, − dedi uyga kelib, bir piyola choy ichganidan so‘ng O‘lmas bobo. − Menga margimush berishibdi!
Rayhonning ko‘zlari kosasidan chiqib ketayozdi:
− K-kim, q-qachon?
− Kimligini bilsam, qo‘lini sindiraman!
Rayhon qo‘llarini orqasiga yashirdi. Tili tutilib, so‘radi:
− Q-qanday qilib?
− Qarsillatib-qarsillatib, burab-burab, − dedi g‘azab bilan O‘lmas bobo.
− M-margimushni so‘rayapman, − dedi Rayhon titrab-qaqshab.
− Margimushnimi? − yana bir piyola choy ichdi O‘lmas bobo. − Ovqatimga qo‘shib berishibdi. Ammo kim qilganini taxmin qilayapman, Rayhon.
− K-kim, kim bo‘lishi mumkin? Mendan gumon qilmayapsizmi, ishqilib?
− Sen o‘z bolangni yetim qilishni istamaysan-ku, shundaymi?
− Ha, ha, shunday, − eri topib bergan vaj tufayli yengil tortdi Rayhon. − Albatta shunday.
− Kim bolangning yetim qolishini istaydi?
− Bilmasam? − yelka qisdi Rayhon.
− Men bilaman, − dedi O‘lmas bobo. − Bolang katta bo‘lmasdan meni bir yoqli qilishni, keyin uy-joyga, boyligimga ega bo‘lishni kim istashini men bilanman. Bundan keyin kelinlar kiritayotgan ovqatlarni olma. Umuman, tashqaridan keladigan biror yegulikni olma.
− Olmasak, xafa bo‘lishadi-da.
− Mayli, olib qolaver, ammo hammasini axlatga tashla! Bundan keyin juda ehtiyot bo‘l, Rayhon! Ular menigina emas, seni ham, bolamizni ham zaharlashga harakat qilishlari mumkin.
O‘lmas bobo shu gaplarni aytib, masjidga chiqib ketdi. Rayhon esa, “Rostdan ham endi juda ehtiyot bo‘lishim kerak ekan”, deb qolgan margimushni hojatxonaga tashlab yubordi.
12.
− Mana bunisini hech kim bilmaydi, bu simob, – dedi Rayhonga bitta shishachani uzatgan Kabir. – O‘lmas bobo peshinda bog‘da yotib dam oladigan karavotning tagiga sepib yuborsang bo‘ldi, bug‘lanib ketadi, iziyam qolmaydi.
– Qachon sepaman, qanchasini sepaman? – qo‘rqa-pisa so‘radi, shishachani qo‘yniga yashirgan Rayhon.
– O‘lmas bobo borib yotishidan oldin sep, – dedi Kabir. – Hammasini sepaver! Ikki kundan keyin yana olib kelaman.
O‘lmas bobo dam oladigan soatlarini yaxshi bilgan Rayhon simoblarni bo‘lib-bo‘lib, karavotning ostiga sepib qo‘yadigan bo‘ldi.
O‘lmas boboda salbiy o‘zgarish sezilguncha Urgutning biror dorixonasida termometr degan haroratni o‘lchaydigan asbob qolmadi. Hammasini Kabir sotib olib, sindirdi. Asbobning ichidan chiqadigan simoblarni yig‘ib, shisha idishlarga solib, Rayhonga olib kelib berdi.
O‘lmas bobo esa har safar peshindagi uyqusidan lohas bo‘lib uyg‘onadigan, o‘zida holsizlik sezadigan bo‘ldi. Bora-bora ishtahasi yo‘qolayotganidan noliy boshlagan O‘lmas boboni bosh og‘rig‘i, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi bezovta qiladigan bo‘ldi. A’zoyi badani titraydigan bo‘ldi.
Navbatdagi “doza”ni olgan O‘lmas bobo “ichketti”ga chalindi. To‘rtinchi yo beshinchi marta borib kelayotganida yo‘lakka yiqilganini ko‘rgan Rayhon qo‘rquv ichida pichirladi:
– Tamom bo‘ldi, shekilli?
Rustam katta akasini chaqirib keldi. Katta o‘g‘il zudlik bilan O‘lmas boboni tuman kasalxonasiga olib bordi.
Uch kun harorati qirq darajadan tushmay yotgan O‘lmas boboni kichik o‘g‘li Samarqandga olib ketdi.
O‘lmas boboni Samarqandning eng zo‘r professorlari tekshirdi.
– Otaxon simobdan zaharlanibdilar, – dedi professorlarning kattasi.
– Kim zaharlaydi, qanday qilib?
Ikki o‘g‘il, ikki qizning birdek bergan savoliga javob berish uchun professorlarning kattasi shoshilmadi.
– Birov ataylab zaharlashi shart emas, – dedi salmoqlab. – Uyda termometr sinib qolsa ham undan to‘kilgan simob birpasda bug‘lanib ketadi. O‘sha yerda nafas olgan odam albatta zaharlanadi. Simobli lampalaringiz bo‘lishi mumkin, o‘shalar sinsa ham shunday bo‘ladi.
– Ha, bog‘imizda shunaqa lampali chiroqlar o‘rnatilgan, – dedi kichik o‘g‘il. – Ammo ular singani yo‘q.
– Sinishi shart emas, ko‘p vaqt davomida ishlatilib, eskirgan lampalardan ham simob simob bug‘lanib chiqadi.
– Ha, ularning o‘rnatilganiga ko‘p yil bo‘ldi, – dedi katta o‘g‘il.
– Kimdir ovqatgami, choygami qo‘shib berishi ham mumkinmi? – dedi katta qiz, Rayhonga ma’noli qarab.
– Yo‘q, simob metall, u dunyodagi eng og‘ir metall, – dedi professorlarning kattasi. – Ovqatga yo suvga solib berishsa, u idishning tubiga cho‘kib qolgan, uni otaxon ko‘rgan bo‘lardi.
Rayhondan gumon qilishmadi.
O‘lmas bobo shifoxonada ikki oy qolib ketdi. Simob O‘lmas boboning buyraklariga shikast yetkazgan ekan, jarrohlar bitta buyragini olib tashlashdi. Ikki oydan keyin ham O‘lmas bobo butunlay sog‘ayib ketmadi. Ikki yilcha behol bo‘lib, sal ko‘proq yursa hansirab qolib, simobning asoratidan azoblanib yurdi.
Ikki yildan keyin esa...
13.
Ikki yildan keyin esa mustaqillik bo‘ldi.
Mustaqillik bo‘lganda O‘lmas bobo saksonga kirdi.
O‘lmas bobo saksonga kirganda Rayhon yana bitta o‘g‘il tug‘di. Rosa “tug‘mayman”lab tug‘di, lekin tug‘di.
− Otini Ozodbek qo‘yamiz, − dedi O‘lmas bobo. − Yurtimiz ozod bo‘ldi.
− To‘xtasin qo‘yamiz, − dedi Rayhon. − To‘xtamasa sharmanda bo‘lamiz!
− Saksonboy qo‘ysin! − dedi mulla Safar bobo. − Keyingilari To‘qsonboy, Yuzboy bo‘ladi.
Mulla Safar boboning biror gapini ma’qullamaydigan O‘lmas bobo shu safar uning taklifini xursandchilik bilan qabul qildi. “O‘g‘limizning otini mulla Safar bobosi qo‘yib bergan”, deb yurdi keyinchalik ham.
− Mulla bobo, sizning gapingiz biz uchun qonun, − dedi mulla Safar boboni ko‘rganda. − Keyingilariga albatta To‘qsonboy va Yuzboy deb ot qo‘yaman.
− Shu chavandozligingiz bo‘lsa, hali Biryuzellikboy, Ikkiyuzboy qo‘yasiz siz, − yuzini burdi mulla Safar bobo. − Qarib quyilmagan noinsof.
O‘lmas bobo mulla Safar boboning ortidan qo‘llarini yoyib qolaverdi:
− Men nima qildim, mulla bobo? Nima noinsoflik qildim?
14.
O‘lmas bobo ming oy yashagani sharafiga to‘y qildi.
O‘lmas bobo sakson uch yoshida o‘g‘il to‘y qildi.
O‘lmas bobo sakson uch yoshida ko‘pkari berdi.
Kelgan polvon duo qildi:
− O‘lmas bobo yuzga kirsin!
− O‘lmas boboga Xudo yana o‘g‘il bersin-u, yana ko‘pkari qilib beraversin!
− O‘lmas boboning davlati ziyoda bo‘lsin!
Birgina mulla Safar bobo bu duolarga qo‘shilmadi.
− O‘lmas bobo o‘ziga kafan bichsin endi!
O‘lmas bobo o‘ziga kafan bichmadi. Mulla Safar boboga kafan bichdi. Mulla Safar boboning safari qaridi. O‘lmas bobo o‘zidan to‘rt yosh katta mulla Safar boboni o‘zi yuvib, o‘zi kafanlab, qabrga ham o‘zi qo‘ydi.
− Mendan rozi bo‘ling, mulla bobo, − dedi O‘lmas bobo qabrdan chiqayotib. − To‘qsonboyimni, Yuzboylarimni ko‘rolmay ketayapsiz!
Mozordan chiqayotib, beli bir zirqiradi. Ana shundan keyin O‘lmas bobo bir hushyor tortdi. “Mulla Safar bobo o‘ldimi, endi navbat bizga ham kelib qolibdi-da”, dedi. “Gitlerga taslim bo‘lmagan, arzimagan dardga taslim bo‘lamanmi?” dedi.
O‘lmas bobo hovlini aylanasiga o‘ragan devor ostidan eni bir metrlik yo‘lka yasattirdi. Har kuni tongda turib, ana shu yo‘lka bo‘ylab, bitta oq ishton, bitta maykada bir soat lo‘kkillaydigan, keyinchalik sekinroq bo‘lsa-da, chopadigan bo‘ldi. Yana yarim soat askarligida o‘rgangan mashqlarini bajaradigan bo‘ldi. Ana shundan keyin sovuq suvda cho‘milishni odat qildi.
− Har tong necha marta aylanayapsiz shu yo‘lka bo‘ylab? − so‘radi bir kuni tongda kelib qolgan katta o‘g‘il.
− Ikki marta aylanardim boshlaganimda, − dedi O‘lmas bobo. − Hozir har kuni o‘n marta aylanayapman.
− O‘-ho‘! − deb yubordi katta o‘g‘il. − Bu olti kilometr degani-ku?
− Nima bo‘libdi? Hali asta-sekin o‘n kilometrga yetkazaman. Vaqtida kuniga o‘ttiz kilometr ham chopganmiz, o‘g‘lim. Sengayam maslahatim, ertalab yugur!
− Dada, men oltmishdan oshdim, chopish tugul, ko‘proq yursam, charchab qolaman.
− Bo‘lmasa, ko‘rpachani qalin tashlattirib yot! Foydasini ko‘rasan, − dedi O‘lmas bobo va borib o‘zini basseyndagi muzday suvga otdi.
− Ha, biz boboyday bo‘lolmaymiz, − dedi ortiga burilib keta boshlagan katta o‘g‘il. − Boboy hammamizdan uzoq yashaydi.
“Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin deydi”, deydilar yoshi ulug‘lar. Katta o‘g‘ilning gapiga farishtalar omin degan ekan, besh yil o‘tib, otadan oldin oxirat safariga otlandi.
− Sen o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasmidi? − deb yig‘ladi O‘lmas bobo.
Bo‘lmas ekan-da. O‘lmas boboning peshonasida uzoq yashash yozilgan ekan.
15.
− Bu “O‘lmas Kashshey”ingiz o‘lmaydi, − dedi akasinikiga kelgan Rayhon yig‘lamsirab. − O‘lish haqida o‘ylamaydi ham.
− Ha, haqiqatdan ham O‘lmas boboning “O‘lmas Kashshey”ligi rostga o‘xshaydi, − o‘ylanib qoldi Kabir. − Shuncha vositani sinab ko‘rdik-a? Margimush kor qilmadi, simob kor qilmadi, qo‘rg‘oshin kor qilmadi, shuncha eskirgan dorilarni berding, kor qilmadi, endi bilmay ham qoldim, nima qilishni.
− Odin bitta ginekolog toping! − dedi Rayhon.
− Genekolog nima qiladi O‘lmas boboni? − tushunmadi Kabir.
− Manavisini olib tashlasin bu “O‘lmas Kashshey”ning! − Rayhon qorniga shappatiladi.
− E-e, muborak bo‘lsin! − dedi Xolida kulib. − O‘zingiz ham imoga mahtal turar ekansiz-da. O‘lmas bobo yoningizdan o‘tib ketsa, bo‘ldi, qorningizni do‘mpaytirib kelaverar ekansiz-da?
− Ha, yonimda o‘tadi, xolos, − g‘amgin kuldi Rayhon. − Hali ustimga yoshroq xotin olmasa, deb qo‘rqaman.
Rayhon Xolida bilan borib, Xolidaning tanishi bo‘lgan vrach bilan gaplashib, homilasini oldirib keldi.
− Essizgina, qiz ekan, − dedi Xolida achinib, − Bitta qizingiz ham bo‘lsa, qanday yaxshi bo‘lardi.
− Hali ulguraman, − dedi Rayhon siniq tabassum bilan. − Saksonboy maktabni bitirib olaversin-chi.
O‘lmas bobo Rayhon bilan roppa-rosa bir oy gaplashmadi.
− Haydayman senday noshukur xotinni, − dedi bir oydan keyin. − Mulla Safar boboga bergan va’dam nima bo‘ladi endi?
− Baribir otini To‘qsonboy qo‘ya olmas edingiz, qiz ekan, , − dedi Rayhon.
− To‘qsonoy qo‘yardim, − qovog‘i osildi O‘lmas boboning. − Endi unday qilma!
− Nima? − ko‘zlari katta-katta bo‘ldi Rayhonning. − Endi javobimni bering! Endi siz haydamasangiz ham o‘zim ketaman! Uyatingiz qolmabdi o‘zi. To‘qsonga kirdingiz, “O‘lmas Kashshey”!
O‘lmas bobo xotini uning orqasidan shunday deyishini eshitgan edi-yu, o‘zidan eshitmagan edi. Ammo hozir jahli chiqmadi. Huzur qilib kuldi.
− “O‘lmas Kashshey” emasman, xotin, − dedi kula-kula jiddiy tortgan O‘lmas bobo. − Hammamiz ham bir kuni o‘lamiz. Ammo Xudo bergan umrni munosib yashash kerak. Kerak bo‘lganda O‘zi oladi, bir kun ham qo‘yib qo‘ymaydi.
O‘lmas bobo shundan so‘ng uzoq jim qoldi. Indamay o‘rnidan turdi. Yaktagini kiyib, ko‘chaga qarab yo‘l oldi. Ketar ekan eshitilar-eshitilmas qilib gapirdi:
− Qaniydi, kampirimdan oldin ketgan bo‘lsam. Qaniydi, o‘g‘limdan oldin ketgan bo‘lsam.
16.
O‘lmas bobo to‘qson yoshga kirganini nishonlab, elga to‘y berdi.
To‘ydan keyin Kabir yelimxaltaga solingan, qavat-qavat tsellofan qog‘ozlarga o‘ralgan bir nima ko‘tarib keldi.
– Buning hammasi tsellofanmi yo ichida boshqa narsa ham bormi? – so‘radi Rayhon.
– Bor, Rayhon, bor, ichida zo‘r narsa bor, – dedi Kabir u yoq-bu yoqqa alanglab olib. – Shu uchun maxsus Nurobodga borib keldim. Uranli tosh. “O‘lmas Kashshey”ning karavoti ostiga uch kun qo‘yib qo‘ysang, bas. Radiatsiya oladi.
– Radiatsiyasi nima, aka? – so‘radi Rayhon.
– “O‘lmas Kashshey”ing nurlanadi, Rayhon. Bir haftaga bormay qutulasan!
Rayhon ancha vaqt xomush bo‘lib qoldi. Nihoyat, boshini ko‘tarib, so‘z boshladi:
– Aka, “Uzog‘i bilan besh yil birga yashaysan”, degan edingiz. Yigirma yil yashadim. Men ham endi o‘ttiz yoshli singlingiz emasman. Yoshim ellikdan oshdi. Endi O‘lmas bobo bor tillasini boshimga o‘rab, ko‘chaga chiqarib qo‘ysa ham meni birov olmaydi. Rustam jiyaningiz yigirmaga kirdi. Saksonboy o‘nga kirdi. O‘lmas bobo Rustamjonni uylantiraman, deb turibdi. O‘lmas bobo o‘lib qolsa, bolalarimni kim uylantiradi? Qo‘ying, endi, taqdirimga tan berdim. Peshonamda shu boboy bilan o‘tish yozilgan ekan. Endi, ochig‘i, o‘zim ham o‘rganib qoldim. Bir kun bir joyga ketsa, halovatim bo‘lmaydi.
– E-e, Rayhon, to‘g‘risini ayt, “O‘lmas Kashshey”ni sevib qolganing yo‘qmi, mabodo? – kuldi Kabir.
– Kim biladi? Men bu dunyoda birovni sevib ko‘rgan bo‘lmasam? Agar sal ko‘rmasang sog‘inish sevgi bo‘lsa, men shu O‘lmas boboni sevar ekanman-da, aka. Yoningda bo‘lishi ko‘nglingni tog‘dek ko‘tarishi sevgi bo‘lsa, men shu O‘lmas boboni sevar ekanman-da. Suyanadigan odaming kim, deyilganda ko‘zimning oldiga sizdan ham oldin O‘lmas bobo kelishi sevgi bo‘lsa, men shu O‘lmas boboni sevar ekanman-da, aka.
– E-e-e, Rayhon, sen shu aytganlaringni bitta qog‘ozga yozib, gazetaga yubor! – dedi Kabir. – Sen tuppa-tuzuk shoir ekansan-ku? O‘lmas bobong seni shoir qilibdi, Rayhon!
Rayhon yelim xaltadagi o‘ralgan toshni akasi tomonga surib qo‘ydi.
– Buningizni olib keting, aka! Endi bunaqa narsalarni olib kelmang!
Kabir o‘rnidan turdi.
– Rost aytasan, singlim, – dedi Kabir Rayhonni bag‘riga bosib. – Sen baxtlisan. Hech kimdan kaming yo‘q. Buning endi keragi yo‘q. Endi senga O‘lmas boboga kuch-quvvat beradigan narsalarni olib kelaman.
– Hech narsa olib kelib o‘tirmang, – kuldi Rayhon. – Shusiz ham O‘lmas bobo “Mulla Safar boboga bergan va’damni bajarishim kerak”, deb yuribdi.
– Mulla Safar boboga nima deb va’da bergan ekan? – so‘radi Kabir.
– “Keyingilarining otini To‘qsonboy va Yuzboy qo‘yaman”, deb va’da bergan ekan.
17.
O‘lmas bobo Rustamni ham uylantirdi, Saksonboyni ham uylantirdi.
O‘lmas bobo nevara to‘ylarini ham o‘tkazdi.
O‘lmas bobo Rayhonni olib, Hajga ham borib keldi.
O‘lmas bobo mulla Safar boboga bergan va’dasini bajara olmadi, ammo yuzga kirdi.
O‘lmas bobo yuzga kirganida yana bir marta elga to‘y qilib berdi.
O‘lmas boboning avvalgi-yu, keyingi xotinidan bo‘lgan bolalari, nevaralari, evaralari hovliga sig‘may ketdi.
– O‘lmas bobo haliyam ertalablari hovlini aylanib chopadimi? – so‘radi to‘yga kelgan Xolida.
Rayhon yangasiga yalt etib o‘girilib qaradi. Yangasining ovozida biror kinoya sezmadi.
– Bobongiz chopishdan to‘xtagan emas. Umuman, Hoji bobo biror ishdan to‘xtagan emas!– dedi Rayhon momo, keyin bir tabassum qilib, qo‘shib qo‘ydi: – Qachon qarsangiz qo‘lida ketmonmi, belkurakmi, tok qaychimi, biror ish bilan band bo‘lib yuradilar-da!