OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lobarxon Rustamova. Do‘st (hikoya)

— Akmalvoy, hoy, Akmalvoy. Do‘stim, bormisan?
Hali javob qilib ulgurmay, darvozaxonadan hatlab ulgurgan Mashrabjonni ko‘rib, Karimaxonning ensasi qotdi. Ichida: "Tavba, kutib tursa bo‘lmasmikan?"— deya ranjidi.
— Kelin, yaxshimisizlar? Sog‘-salomat yuribsizlarmi? Bolalar qalay? Qachondan beri ko‘z tutaman, do‘stim eshigimdan kirib kelar deb. Yo‘q, nihoyat sabrim chidamay, kelaverdim... Mana bularni olib qo‘ying.
Karimaxonning yuzlari burishdi va paketlarni olar ekan:
— Yaxshi qilibsiz. Qani, so‘riga o‘ting. O‘tiring, — dedi.
— O‘zi qaerda? —so‘radi yana duodan so‘ng.
— Ha... bir yumush bilan chiqib ketgandilar...
— Azonlab-a?
— Zarur shekilli-da. Hozir... choy olib kelay...
— Yo‘q, kelin. Ovora bo‘lmang. Do‘stimni juda sog‘indim. To‘g‘ri gap ko‘p emas, ikki og‘iz gaplashib, diydorlashib, ketmoqchi edim. Afsus...
Mayli, qani omin, shu xonadondan fayz-baraka, davlat arimasin. Qo‘sha qaringlar. Bolalarning orzu-havasini ko‘rib yuringlar.
Men boray. Ayting unga, loaqal qo‘ng‘iroq qilsin.
— Aytaman, albatta aytaman.
— Yana ayting. Qo‘rqmay boraversin, mashinasiga benzin olib qo‘yganman. Qo‘shnim sotuvdi...
— Yaxshi...
"Obbo, rosa ko‘rgum keluvdi-ya, do‘stim. Seni sog‘ingandim. Afsus, yo‘q ekansan. Attang. Bir miriqib o‘tiramiz degandim, yoshlikni eslab",— deya ma’yus tortib qaytar ekan, Karimaxon darvozani yopib: 
— Uff, kutaman, deb o‘tirib oladimi, deb qo‘rqqandim, hayriyat, ko‘cha qoldi, — dedi.
Ichkaridan erining:
— Kim ekan? — degan ovozini eshitib: 
— Yaxshi hamki, chiqib qolmadingiz, sharmanda qilar edingiz odamni, — dedi. —Haligi, boru qishloqdagi do‘stingiz — Mashrab aka. O‘sha keluvdi. Sizni rosa sog‘inganmish. Hatto borishingizga benzin ham olib qo‘yibdi.
— Rostdanmi?! Shunaqa dedimi?
— Ha-da!
— Bechora do‘stim, meni yo‘qlab, shuncha yo‘l bosib kelsa-yu sen qaytarib yuborsang. Obbo... Ja... g‘alati bo‘ldi-da. 
— Nimasi g‘alati. Bugun qaergadir boraman, degandingiz. Gapga tushib ketsangiz, o‘sha ish ham taxini yeydi.
— To‘g‘ri aytasan. Xudo xohlasa, biror kuni qishloqqa o‘tib ko‘rib kelarman. Lekin do‘stlarimning ichida bitta shu meni yo‘qlab turadi. Buni unutma. 
— Xo‘p.
Akmaljon nonushta qilgach, mashinani yurgizdi. U bugun bino qurilishi uchun ajratilgan yerni borib ko‘rmoqchi edi. Yo‘l-yo‘lakay Mashrabjon, u bilan bog‘liq voqealar yodiga tushaverdi.
Ajabo, vaqtning o‘tishini. Uni o‘tgan yili yozda ko‘rgandim. Do‘stim qishloqqa kelibdi, deb uyga chopib kelgan ekan. Qo‘yarda-qo‘ymay uyiga olib ketdi. Kelsang deb atab qo‘ygandim, deya oyog‘imning tagiga qo‘y so‘ydi. Oshnalarimizni chaqirdi. Lekin rosa yayragandik. O‘shanga ham bir yil bo‘libdi-ya. Onasi, yaqinlari tez-tez kelib turishganigami, qishloqqa borish ham xayolidan ko‘tarilibdi.
Do‘sti esa uni izlab kelibdi. U esa...
Aslida shu Mashrab do‘sti ajoyib inson. Ko‘nglida kin saqlamaydi. Qo‘ng‘iroq qilmasa ham, yo‘qlamasa ham, u qo‘ng‘iroq qiladi, yo‘qlayveradi. Ba’zan qanday vaqt toparkin, deya o‘ylaydi. Axir turmush ikir-chikirlari, ish, yo‘riq-yo‘sinlar deganday... tuzukkina dam olgani imkon topmaydi-yu u bo‘lsa.
Lekin nima bo‘lganda ham do‘sti o‘z oyog‘i bilan eshigidan kirib kelganida kutib olishi kerak edi. Yaxshi ish qilmadi aslida.
Shu tobda bolalik xotiralari yodga tushib ketdi. Qishloq yon bag‘ridagi tog‘larda bolalar bilan chiqib qo‘y boqqanlari... ajoyib damlar edi-da o‘ziyam. Qo‘y-qo‘zilarni yaylovga qo‘yib, g‘ir-g‘ir esgan shabadaga bag‘irni berib, maysalar ustida o‘y-xayol surib yotishlar... Oqshom tushgach, podani haydab katta soyda mazza qilib cho‘milishlari... Bunday katta tashvishlar xayolga ham kelmasdi. Hamma quvonchu shodlik tog‘u toshlar, yaylovlaru soylar, shu go‘zal qishloq tabiati bag‘riga joylanganday...
Esida, bir gal boshqalardan ajralib orqada qolgan qo‘yini haydab kelayotib katta toshga qoqilib, yumalab ketgan. O‘zini tutib qololmagan. Yuz-ko‘zlari shilingan, boshi yorilgan do‘stini Mashrabjon yelkasida jiqqa terga botib, shifoxonaga yetkazgan...
Endi esa xoh kunduz, xoh tun demay xizmatga shay shunday do‘stiga peshvoz chiqmadi.
Akmaljon chuqur uh tortdi. Katta yo‘l boshiga yetib qolibdi. Mashinani chapga burdi.
Hozir borib ko‘radigan joyi asli unga tegishli katta bog‘. Uning niyati bog‘ yonida bo‘sh yotgan, unumsiz yana uch gektarli joyni olish va uning o‘rnida meva sharbatlari ishlab chiqaradigan tsex qurish. Agar ko‘zlagan rejasi amalga oshib qolgandami, zo‘r ish bo‘lardi-da! Axir behudaga texnologiya sohasiga o‘qidimi?
Hamma qo‘lidan kelgan soha bo‘yicha tadbirkorlik qilyapti. Akmalning ham bunga aqli yetadi. To‘g‘ri, boshlab olguncha qiyin. Lekin buni albatta uddalaydi. Asosiysi, binoning bitishi, dastgohlarning o‘rnatilishi, keyin malakali mutaxassislarni topish. Bog‘idan chiqqan mevalarning o‘zi ham ishlab chiqariladigan mahsulotning anchagina qismini qoplaydi.
U shu kuni bog‘i atrofidagi yer maydonini ko‘rib qaytgach, qurilishni boshlash harakatiga tushdi. Jamg‘arib qo‘ygan pullari bino poydevorigagina yetgach, kredit olishga kirishdi. Hali jihozlar ham kerak.
Tuni bilan o‘ylanib chiqqan Akmaljonning dardiga xotini malham qo‘yganday bo‘ldi.
— Darvoqe, — dedi u, — do‘stingizning bir emas, ikki katta hovlisi, qo‘rasida mollari bor. Ayting, hovlisidan birini garovga bersin. Hech kim yashamaganidan keyin. Mashinangizni qo‘ying desam, o‘zingizga kerak.
— To‘g‘ri aytasan. Afsus, tunov kuni kelganida yaxshiroq kutib olsam bo‘lar ekan. Ahmoq xotin, seni so‘zingga kirib, do‘stimga yolg‘on to‘qidik, endi qaysi yuz bilan boraman uning oldiga, nima deyman?
— Qiziqsiz-a, dadasi. Do‘stingiz sizni ko‘rishi bilan hammasini unutadi. Axir, uyda yo‘q edingiz-ku...
— Ha-ya. Zarur yumush bilan yurgandim. Mayli bo‘lmasa, men yo‘lga chiqaman. Borayin-chi, nima der ekan?
— Yaxshi.
Mashrabjon tomorqasida ekan. Kenjatoyining:
— Dada, Akmal amakim keldilar, — degan gapini eshitiboq, etiklari loy, qo‘liga bir bog‘ o‘tni ko‘tarib olganicha, shoshib chiqib keldi.
— Ie, ie, qaysi shamollar uchirdi. Seni ham ko‘radigan kun bor ekan-a, do‘stim. Izlab borib topolmasam. Qaerlarda yuribsan? —dedi Mashrabjon qo‘llarini yuvib kelib, do‘sti bilan so‘rashar ekan. — Qani, qani ichkariga kiraylik. Samadtoy, ho, o‘g‘lim, onangga ayt. Dasturxon yozsin, darrov ovqatga unnasin.
— Do‘stim, namuncha, hammani shoshirmasang. Avval o‘tiraylik. Hozirgina choydan turdim. Ovqatga hali erta.
— Kelib yuribmiding. Tunov kuni televizor ko‘rib yotib, birdan yodimga tushib qolding. Tavba dedim. Biror marta qo‘ng‘iroq ham qilmaysan. Yo qishloqqa kelmaysan. Onangni ham ko‘rging kelmaydi. Shaharda yashaydi degani tamoman shaharlik, degani emas-ku. Kindik qoning tomgan tuproqni unutib yuborasanmi?
— Gapiraver, ichingda alaming qolmasin.
Shu payt dasturxon, choy-non ko‘tarib, Saidaxon kirib keldi.
— Xush kelibsiz, yaxshi yuribsizmi? Karimaxon, jiyanlarim sog‘-salomatmi? Hech bo‘lmasa, yoz paytlari birrov chiqaylik, demaysizlar-a...
— Kelin, uzr endi. Do‘stim boyadan beri rosa ta’zirimni berdi. Xudo xohlasa, bolalarni olib bir chiqaman. Zerikib, ketinglar endi, demagunlaringcha yuraveramiz.
— Do‘stim, bu uy sening ham uying. Men odamdan zerikmayman. Odam g‘animat. Bugun bor ertaga yo‘q. O‘lim qosh bilan qovoq orasida.
— Nima gap? Tinchlikmi? — so‘radi Akmaljon. — Birortasi...
— Topding...
— Sinfimizdagi Ikromjonni eslaysanmi? Vazmin, kamgap yigit. E, yodingdan ham chiqib ketgan.
— Gapiraver-chi.
— Nimasini gapiraman. Kecha ma’rakasi o‘tdi.
— Nima?!
— Shunga aytaman-da, odam g‘animat. Voqea yuz berishidan oldin bozorda uchrashib qolgandik. Rahimjon bor-ku baqaloq, oxirgi partada o‘tiradigan. Shu oyning oxirida o‘g‘liga to‘y qilyapti. Sinfdoshlar yuz-yuzdan yig‘amiz.
Ikromjon bilan shu haqda gaplashib, yakshanba kuni barcha sinfdoshlar Absalomlarnikida uchrashishga kelishgandik. Ko‘rganlarga xabar beradigan bo‘lgandik.
Kechda ta’ziyaga chaqirib qolishdi. Qotib qoldim, nima xayolda bo‘lgan, yo‘l o‘rtasiga chiqib qolibdi. Traktorga urilibdi. Ikromjonni rul qisib qolibdi-da.
Zarb yuragiga bo‘lgan ekan. Odamlar to ajratib olgunlaricha joni uzilibdi.
— Essiz, hali qirqqa ham yetmadik axir.
— Shuni aytaman-da. Ta’ziya bildirib kelishing kerak, do‘stim. Sinfdoshlardan faqat sen qatnashmading, xolos.
— Demak, safimiz bittaga kamayibdi-da, — dedi Akmaljon g‘amgin ohangda. —Nasima, Soiplar ham endi bu dunyoda yo‘q.
— Yo‘g‘-e...
— Ha, Nasima tuzalmas kasaldan o‘ldi. Soip ko‘p ichardi, jigari tserroz bo‘lgan ekan. 
— Xudo rahmat qilsin! —Akmaljon yuziga fotiha tortdi. 
— Qani tur, osh pishguncha, o‘tib kelamiz... Ota-onasining qaddi bukilib qoldi. Oila ro‘zg‘orini tebratayotgan Ikrom edi-da.
Akmaljon shoshilinch kelganini aytmoqchi bo‘ldi-yu, ta’ziya uchun vaj-karson ko‘rsatish yaxshi emasligini, do‘stining ko‘ngli og‘rib qolishi mumkinligini o‘ylab tilini tiydi.
Azador hovlidan qaytishganda Saidaxon dasturxon tuzab qo‘ygandi.
— O‘lim yomon narsa-da, — dedi Akmaljon piyoladagi choydan xo‘plar ekan. —Bir kuni bu dunyodan ketishimni o‘ylasam, shu yugur-yugur, shu tashvishlar behuda ekanini anglayman-da, hamma ishdan ko‘nglim sovub ketadi.
— Lekin tirik jon, qimirlamasak bo‘lmaydi, oila, bola-chaqa deganday.
Saidaxon chinni tovoqda osh ko‘tarib kirdi.
— Qani, olinglar.
— Yana bir oz o‘tirsam, xamir soldirasan. Kelin bugun kechgacha o‘choq boshidan ketmaydi.
— Sen mehmonsan, har kuni kelib yuribmiding. Bir gaplashib yozilib kelaman desam, o‘sha kuni yo‘q ekansan. Kutib o‘tiray desam, hayron bo‘ldim. Kelaverdim. Bir qadam uzog‘i — uzoq ekan.
— Lekin sendan minnatdorman, do‘stim. Doimo ahvolimdan xabar olasan, yo‘qlaysan. Men bo‘lsam loaqal qo‘ng‘iroq qilgani ham fursatni bahona qilaman. Aslida, odamgarchiligim yo‘q meni. Har qancha urishsang, so‘ksang, hatto musht tushirsang ham haqlisan.
— Yo‘g‘-e, unchalik emas. Qani, ol. Firmaning ishini yurgizish osonmas. Endi biznikiga kelsak, dala. Bolalar qarashadi. Men bir-bir nazorat qilib turaman xolos. Bo‘sh vaqtim ko‘p. Xijolat bo‘lma. Seni do‘stim deganman. Qachon vaqt topsang, eshigim sen uchun ochiq. Imkon topmasang, o‘zim seni yo‘qlab turaman.
— Rahmat, do‘stim. Bag‘rikengliging, qalbing musaffo ekanligini bilaman.
— Qani, oshdan ol. Keyin senga dalalarimni ko‘rsataman. Ungacha Saida kulchatoy qilib turadi. Sen yaxshi ko‘radigan ovqat. Shundaymi?
Akmaljon bir muddat taraddudlandi va:
— Do‘stim, yana atay shu ish uchun kelibdi, deb o‘ylama. Lekin... 
— Ayt, aytaver. Menga aytmasang, kimga aytasan. Biror muammoing bormi?
— Bilasanmi? Hozircha ishlarim yomon emas. Lekin firmamni kengaytirmoqchi edim. Ya’ni kichikroq bo‘lsa ham tsex qurmoqchiman, mevalarni qayta ishlaydigan...
— Mendan qanday yordam kerak bo‘lsa, tortinma.
— Kredit olmoqchiman. O‘zing bilasan. Kredit uchun garov kerak. Do‘konni qurishda uyimni garovga qo‘ygandim. Endi u paytlar o‘tib ketdi. Shuning uchun. Yana bir hovling borligini bilaman. Menga yordaming kerak. Mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib olsam, qarzlar uziladi. Seni hech qachon og‘ir ahvolga solib qo‘ymayman.
— Bilaman... — Mashrabjon o‘ylanib qoldi. Bundan Akmaljonning xayoliga: "Rozi bo‘lgisi kelmayapti". "Mana, sen uchun hamma narsaga tayyorman, degan do‘stimning oqibati",— degan o‘y keldi.
— To‘g‘ri, katta o‘g‘lim uchun yaxshi niyatda hovli qilib qo‘yganman. Lekin opamning bir o‘g‘li hozircha o‘sha yerda yashayapti. Agar u hovlini sotsam opamning ko‘ngliga keladi. "Bir oz vaqt o‘tirib turishsin, desam, shuniyam ko‘p ko‘rdi", — degan xayolga boradi. Mayli do‘stim, hechqisi yo‘q. Mana shu hovlimni garovga qo‘yib, bir puldordan qarz olib beraman. Shundoq qilsak, bo‘ladimi? Lekin gap uni ko‘ndirishda qoldi. Sirasiga ko‘chada qoldirmassan.
— Qiziq gapirasan-a. Xudo xohlasa, bu yaxshiligingni o‘n barovar qilib qaytaraman.
— Unday dema, menga ishlaring baroridan kelsa, bas, yetadi. Ko‘nglim xotirjam tortadi.
Choy olib kirayotgan Saidaxonning qulog‘iga "uy, garov" degan so‘zlar chalindi-yu Akmaljonning nima maqsadda kelganini anglagach, peshonasi tirishdi: "Axir, bu hovli kattalar o‘tgan joy bo‘lsa. Xudo ko‘rsatmasin, ishi yurishmay qolsa-chi, biz qaerga boramiz? Boshimizga qanday kunlar tushadi?".
Hovlining hujjatlarini olgan Mashrabjonni xotini ichkariga imladi.
— Hoy, esingizni yeganmisiz? O‘rtada turib, qarzni-ku olib berarsiz, lekin muddati kelganda, do‘stingiz u pulni to‘lolmasa, uyni berishga to‘g‘ri kelsa nima qilasiz? Qaerga borasiz, o‘ylab ish qilsangiz-chi. Buning ustiga ota-onangizning arvohi chirqiraydi.
— Axir, tushun, do‘stim shunga muhtoj. Ish boshlab olsa, hammasi o‘rniga tushadi.
— Shundayku-ya... Lekin yuragim negadir g‘ash. Sarson-sargardon bo‘ladiganday.
— Og‘zingdan shamol uchirsin. Yaxshi niyat qil.
— Baribir noto‘g‘ri qilyapsiz. Tagida mashinasi turibdi, nega uni garovga qo‘ymaydi. Uy-joyi bor... Sotsin.
— Qo‘y endi...
— Ota-onasiniki-chi? Nega sizga osiladi?
— Men ketdim. Shu ham muammo bo‘libdimi? Umrida bir marta yordam so‘rab kelibdi. Yo‘q deyinmi? U holda do‘stligim qaerda qoladi?
— Bilganingizni qiling. Lekin men rozi emasman. Hech qachon!
Do‘stining hayallaganidan:
"Fikridan qaytib qoldimikan?" — degan havotirga tushgan Akmaljon do‘stini qo‘lida qog‘oz bilan chiqib kelayotganini ko‘rib, xotirjam tortdi.
— Tinchlikmi? Saidaxon xafa bo‘lgan ko‘rinadi, — dedi.
— Xotinlarni bilasan-ku! Doimo shubha-gumonlar bilan yashashadi. 
— Do‘stim, seni uyaltirib qo‘ymayman.
— Ishonaman, qani ketdik.
 
* * *
 
Oradan ikki yil o‘tdi. Mashrabjon bu muddat ichida do‘stini tez-tez yo‘qlab turdi. Sex qurilishi yakunlanib, dastgohlar o‘rnatilganini ham, "Akmal—K" xususiy firmasi yorlig‘i bilan chiroyli qutilar va idishlarda turli meva sharbatlari ishlab chiqarilganini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Har gal borganida do‘stining yutuqlaridan quvonib qaytdi. 
— Saida, qara, sen ishonmaganding, Akmaljon ishlab chiqargan mana bu mahsulotlarni ko‘rgin. Qadoqlanishi ham juda chiroyli-a? Chet elnikidan qolishmaydi. Mana, xohlaganingni — olma, olcha, shaftoli, anor — ichib ko‘r, zo‘r. Tabiiy mahsulot. Salomatlikka ham foyda. 
— Yaxshi. Men ham hursandman. Faqat, haligi odamingiz yana keldi “Menga pul kerak. Shuncha payt kutdim. Meni to‘g‘ri tushuninglar. Hovlingizni sotishdan boshqa choram qolmayapti”, dedi. Shu gapni do‘stingizga eslatib qo‘ying.
 — Shunday de...
Mashrabjon erta-indin shaharga tushib, bu haqda do‘stiga ma’lum qilishni rejalashtirib qo‘ydi.
Lekin borgan kuni uni topolmadi. Firma ishi bilan qaergadir ketgan ekan. Uchinchi bor kelganida Akmaljonni tsex yonidagi oshxonadan topdi.
— Seni ko‘p ovora qilib qo‘ydim-a, — deya quchoq ochib ko‘rishgach, do‘stiga ham ovqat buyurdi.
Bir oz u yoq, bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi va nihoyat Mashrabjon:
— Do‘stim, ishlaring iziga tushib olganidan hursandman. Imkoniyat topib, uy bilan bog‘liq muammoni hal qilsang, deb kelgandim. Olov ustida o‘tirganday bo‘lmayin. Bugun-erta kelin tushiraman, qiz uzataman. Bir ishkal chiqmasin. Qani endi, qo‘limda bo‘lsa-yu sensiz ham bu muammoni hal qilar edim-ku! Afsus, daladan chiqqani oilamizdan, bolalarning qorni, ust-boshi, o‘qishidan ortmaydi. Yig‘ib-terganimiz to‘yga kerak.
— Do‘stim, bundan xavotir olma. Sen to‘y qilsang, qarab turarmidim. Bir tomonini ko‘taraman, albatta. Lekin shu bugunoq o‘sha hoji aka bilan gaplashaman. Seni ortiq bezovta qilmaydi. 
Tavba, odamlarga ham hayronsan. O‘sha hojining pullari achib yotgani aniq. Nega xasislik qiladi-a? Beramiz o‘sha pullarini, qochib ketarmidik. Foydani yana bir aylantirsam degandim-da.
— U holda biz tinch o‘tiraolamizmi? — so‘radi Mashrabjon.
— Albatta. Xavotir olma. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
— Senga ishonaman. Katta o‘g‘illari “tushib qolibdi”. Buning ustiga xotinlari og‘ir betob, tuzalmas dardga chalingan. Shuning uchun million o‘ziga ham kerak.
— Bundan keyin senga gap bo‘lmaydi. O‘zim hal qilib qo‘yaman.
— Yaxshi. Men ketdim bo‘lmasa. Ishlaring baroridan kelaversin, do‘stim. Uyga bor. Bir yozilishib o‘tiraylik.
— O‘taman, albatta. Ishlarning ko‘payganini ko‘rmaysanmi? Sexni yana kengaytirish niyatidaman. Chet elga borib, tajriba o‘rganib qaytmoqchiman.
— O, juda zo‘r-ku! —Mashrabjon quvonib ketdi. — Bizlardan ham mashhur tadbirkor chiqsa, yomonmi?
— Juda oshirib yubording. Lekin mahsulotimizni chetga ham eksport qilyapmiz.
— Hursandman, do‘stim. Juda hursandman.
Mashrabjon o‘sha kuni uyga og‘zi qulog‘ida qaytdi.
— Ha, ha, dadasi, tinchlikmi? Tilla topib oldingizmi? Hursandsiz, — so‘radi Saidaxon erining qo‘liga suv quyayotib.
— Asti so‘rama. Senga aytmaganmidim, do‘stim albatta maqsadini amalga oshiradi, deb. Men yordam qilmaganimda ham baribir boshqa birov yordam berardi. Keyin men uyalib qolardim. Hozirgi mavqeini qara. Allaqancha gektarli yerda tsex, ishchilar, traktorlar, mashinalar, ketma-ket ortilayotgan mahsulotlar. Hammasining boshida do‘stim turibdi. Buning uchun bilim, salohiyat, ish yuritishni bilish kerak. Do‘stim qobiliyatli, o‘qimishli. Kallasi har baloga yetadi.
— Siz ham, fermersiz, ish yurityapsiz-ku!
— Ha, endi bizniki — dala. Yer bilan tillashamiz. U esa hatto chet elliklar bilan til topishyapti. Maktab ma’lumotidan bo‘lak nima bor menda. Ruschadan besh-olti so‘z tushunsam.
— Bo‘ldi endi. O‘rtog‘ingizni juda osmonga chiqarib qo‘ymang. Qishloqda o‘zingizga yarasha hurmat-e’tiboringiz bor. Bolalaringiz yoningizga kirishdi. Birovdan kam joyimiz yo‘q. Xudo beribdi, peshonasi yarqiragan ekan. Ko‘p kuyunavermang. Omborda donimiz, qo‘rada mol-qo‘ylarimiz bor. Bu yilgi hosildan mashina olmoqchi edik. Uni ham olarmiz. Nima balo, hasad qilyapsizmi?
— Yo‘g‘-e, hasad emas, havas qilyapman. U bilan faxrlanaman. Uning yutug‘i — mening ham yutug‘im, xotin.
— Yaxshi. Uy masalasi nima bo‘ldi. Shundan gapiring, — dedi Saidaxon dasturxon yozar ekan. 
— Xotin, qiziq gaplarni gapirasan-a. Uy hoji nomida bo‘ldi nimayu, meni nomimda bo‘ldi nima. Tortib olarmidi? Akmaljon ishlarini bir yog‘liq qilib olsin, buni hal qiladi.
— Qachon hal qiladi. Ertalab sizdan keyin yana kelib ketishdi.
— U bugun gaplashadi. Bizni boshqa bezovta qilishmaydi. Kel, bu mavzuga chek qo‘yaylik.
Daladagi hosil yig‘ishtirilishi bilan o‘g‘lini uylash taraddudida yurgan Mashrabjon tashqariga kelib to‘xtagan mashina ovozini eshitib, sergak tortdi: "Obbo, yana kelibdi, shekilli. Akmaljon hal qilaman degandi-ku! Yodidan ko‘tarildimikan?”
U nima qilarini bilmay, oyoqlariga titroq kirib, hoji akani kutib olish uchun peshvoz chiqdi.
— Mashrabjon, yaxshi yuribsizmi? Qani o‘tiraylik!
— Xush kelibsiz.
Hoji aka so‘riga o‘tdi. Duoga qo‘l ochdi. So‘ng:
— Nuqul sizlarni bezovta qilaverish o‘zimga ham yoqmayapti. Lekin nailoj. Do‘stingiz lafzida turmaydigan yigit ekan-ku! Siz mardlik qildingiz, do‘stingiz uchun molingizdan kechdingiz. Lekin u sizni, oilangizni og‘ir ahvolga solib qo‘yganini zarracha xayoliga ham keltirmayapti.
— Uzr, hoji aka, — dedi Mashrabjon. —Do‘stim siz bilan uchrashaman, degandi.
— Qorasini ham ko‘rganim yo‘q. Bu yerga kelishdan avval shaharga tushdim. Do‘stingiz bilan yuzma-yuz gaplashib olmoqchi edim. Afsus, uyda emas ekan.
— Ishda bo‘lsa kerak.
— Chet elga ketibdi.
— Aytganday, tajriba o‘rgangani boraman, degandi.
— Bu yog‘ini nima qildik endi?
— Hayronman. —Mashrabjonning boshi egildi.
— Tushunaman. Shuncha yil yashagan uyni tashlab chiqish oson emas. Lekin hozir menga ham og‘ir. Qo‘limda pulim bo‘lsa, uyingizga muhtojligim bo‘lmasdi. Sizlarga ishonib bor pulimni berib qo‘ydim. Xabaringiz bor o‘g‘limni qutqarishim kerak. Buning ustiga opangizni davolatgani chet elga olib bormoqchiman...
Mashrabjon nima desin, nima qilsin? Do‘stiga ishongandi. Hal qilaman, degandi. Lekin biror marta ham hoji aka bilan uchrashmay, xotirjam chet elga ketgani nimasi?
Har holda yaxshi ish bo‘lmadi-da!
— Uka, men boray endi.
— Sizga dasturxon ham yozmadik, biroz o‘tiring.
— Hechqisi yo‘q. Bugun-erta bir qarorga kelib, xabarini berarsiz. Kutaman.
— Albatta.
Tuni bilan tikon ustida yotganday to‘lg‘onib chiqdi. Boshi g‘ovlab ketdi. Nima qilish kerak?
Erining bu ahvolidan Saidaxon tashvishga tushdi:
— Nima gap? Meni o‘ylaganlarim bo‘ldimi deyman? Ichingizdagi gapni mundoq ayting-chi?
— Kecha hoji aka keldi. Hovlini sotishdan boshqa choramiz qolmayapti.
— Nima?! Do‘stingiz qaerda? Toping uni.
— U yo‘q. Chet elda. Bir oydan keyin kelarmish. Uylariga tushib chiqdim. Qo‘ng‘iroq qilmoqchi edim, telefoni o‘chiq ekan.
— Yana telefon qiling. Toping. Shu ishni hal qiling. Aybingiz do‘stingizning ishini yurishishiga yordam berganingizmi? Yaxshilikka javob shumi?
Mashrabjon ertalab nonushtasini qilgach, shaharga tushdi. Xalqaro so‘zlashuvdan qo‘ng‘iroq qildi.
— Ie, Mashrabjon, do‘stim. Senmi? Raqamimni qaerdan olding? — dedi Akmaljon qo‘ng‘iroqqa javoban. 
— Yaxshi yuribsanmi? Daraging bo‘lmay ketgani uchun bezovta qilishimga to‘g‘ri keldi. Qachon qaytasan?
— Hali bor. Ikki yigitni olib kelganman. O‘rganishyapti.
— Unda hoji aka hovlini sotaman, deyapti. Unga pul kerak ekan.
— Namuncha qurumsoq bo‘lmasa-ya...
— O‘tgan gal uchrashib qo‘ymabsan-da...
— Vaqt bo‘lmadi. Oladi-da o‘sha pulini. E’tibor qilma. Yana kelsa, eshikdan kiritma.
— Ie, bu nima deganing. Hujjat unda bo‘lsa, qonunni talab qiladigan bo‘lsa, uydan biz chiqib ketishimiz kerak.
— Xotiningga ayt. Kelganida bir to‘palon ko‘tarsin, qaytib kelmaydi.
— Do‘stim, o‘zingmisan? Nimalar deyapsan. O‘rtada meni noqulay vaziyatga solib qo‘yding-ku! Uydan ketishdan boshqa chora qoldirmayapsan? Va’dang boshqacha edi!
— Va’da — va’da. Lekin hozir menga yana ozgina vaqt kerak. Do‘stim, o‘zing bir yo‘lini qilib tur. Qaytsam, bafurja gaplashamiz. Mayli, uydagilarga salom ayt. Meni chaqirishyapti. Xayr.
Mashrabjon qo‘lida go‘shakni ushlaganicha turib qoldi. "Kim o‘zi bu? Do‘stimmi, begonami? Nega hech narsa bo‘lmaganday yo‘l tutyapti? Axir men oilam bilan ko‘chada qolyapman-ku, nega tashvishlanmayapti? Do‘sti shu qadar tez o‘zgardimi? Nega sezmabdi? Bolalarga nima deyman. Qaerga boramiz?"
Uyga kelishi bilan xotin diydiyoni boshlaydi, deb o‘ylagandi. Unday bo‘lmadi. Erining tushkun ruhini, o‘tgan ikki yil ichida qartayib, cho‘kib qolganini va hozir ham ayanchli ahvoldaligini ko‘rib, bir so‘z demadi. 
Dasturxon yozdi. Ovqat keltirdi. Piyolada choy uzatar ekan, 
— Ko‘p siqilavermang, xudo hal qilar, — dedi. 
— Seni so‘zingga yurmay qattiq yanglishdim. O‘z bilganimcha ish tutdim. Mana oqibati. Do‘st deb yurganim dushmanning ishini qildi.
— Ana endi har bir ishga o‘ylab kirishish kerakligini tushungandirsiz. 
— Tushundim. Lekin kech tushundim. Bolalarimning ko‘zlariga qanday qarayman. Qaerda, qanday to‘y qilaman? Odamlar nima deydi? Uyini sotishga borib yetgan ekan, Mashrabda bir gap bor, degan xayolga borishmaydimi? Azizlar, men kindik qonim tomgan vatanimni o‘z ahmoqligim tufayli, birovga aldanib qolib, tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldim, desam to‘g‘ri tushunisharmikan? Bevatan bo‘lib qaerda izg‘iymiz endi.
— Narigi hovlida yashab tursak-chi!
— Opamning o‘g‘lini qanday qilib, uydan chiq, deyman. Qish kelyapti. Bilasan, hovlilari tor, uylari oz. Shundoq ham yana ikki kelin uyda bo‘lsa. Boshim qotdi.
Do‘st deb ishonganim yuragimga pichoq urdi-ya. Axir yo‘q joyda emas, o‘sha pullarni topibdi, nega berib qo‘yaqolmadi-ya...
— Menga qarang, ko‘p kuyunmang. Foydasi yo‘q. Tobingiz qochadi, — dedi Saidaxon. —Choyingizni iching. Ovqatlaning. Yotib bir oz dam oling. Men o‘ylab qo‘yganman. Narigi mahallada Mahfirat momo bir o‘zi yashaydi. Bolasi yo‘q, bechora. To‘g‘ri, uylari ta’mirtalab. Lekin bir oy ichida buni ham epaqaga keltirsa bo‘ladi.
— Sen nega o‘zingcha? U kampir ko‘nadimi-yo‘qmi?
— Qiziq gapirasiz-a. Surishtirib kelmay sizga bir gap aytarmidim. Momo odamga zor. Qarovchisi yo‘q. Bir qiz boqib olgandi. Ancha bo‘ldi, ketib qolgan. Qo‘ni-qo‘shnilar xabar olib turishadi.
Mana shu gap chiqqanida o‘sha joyga borib keldim. Momo rozi. Meni tashlab qo‘ymasanglar bo‘ldi, dedi.
—    Sen ikkinchi bor meni hayron qoldirding. Kechir, xotin.
— Mayli, endi bo‘lib o‘tgan ishlarni unuting. Bolalaringizga o‘zim tushuntiraman. Ertaga hojining oldiga boring. Ikki kun muhlat bersin. Momoning uylarini bir qur tozalab, ko‘chib o‘tamiz.
— Yaxshi. Sen nima desang — shu. Tavba qildim.Bemaslahat ish tutish oqibatini ko‘rdim, — Mashrabjonning ko‘zlarida yosh yiltiradi.
— Menga qarang, dadasi. Siz shu ahvolda tursangiz, bolalarning ahvoli nima kechadi? O‘zingizni qo‘lga oling. Uyni tezroq ta’mirlashimiz kerak. To‘y kuniga ham oz vaqt qoldi. Unutdingizmi?
— Darvoqe...
Tug‘ilib o‘sgan uydan ketish Mashrabjonga oson bo‘lmadi. Lekin nailoj. Mashinaga so‘nggi yuklar yuklangach, mung‘ayib qolayotgan hovliga, dov—daraxtlar, qishga deb, tokning o‘zida o‘rab asrab qo‘yilgan uzum boshlariga boqib, yuragi o‘rtanib ketdi. Shu tobda hovlidagi har bir giyoh unga naqadar aziz, qadrli ekanligini his qildiyu, ota-onasi doimo o‘tiradigan supachani quchoqlab yig‘lab yubordi.: "Meni kechiringlar! Meni kechiringlar!".
Mashrabjonni mashinaga katta o‘g‘il — Murodjon yetaklab olib chiqdi.
— Dada, unday qilmang, xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi.
— Kechir, o‘g‘lim, xato qildim. To‘ying arafasida ko‘chada qoldirdim.
— Ko‘chada qoldik, demang. Mahbi buvi ham o‘z buvimizday. 
Chollari yo‘q. Yolg‘izgina o‘g‘illari Afg‘onda halok bo‘lgan ekan. Yonlariga kirsak, bag‘irlari to‘ladi. Siz o‘g‘ilday, biz nabiraday bo‘lamiz, dada. Kuyunmang, tobingiz qochadi.
Haqiqatan ham Mashrabjon bir oygacha o‘rnidan turolmay yotdi. Ishongan tog‘da kiyik unmas, deb shunga aytsalar kerak-da, do‘stidan kutmagan bu aldovga u chidolmadi. Aksiga olib, qudalar ham, o‘z uyi bo‘lmagan joyga qiz bermaymiz, deb oqlikni qaytarib tashlab ketishdi. 
— O‘g‘lim, — Saidaxon bir so‘z demay turib qolgan o‘g‘lining yelkasini siladi. —Xafa bo‘lma.
— Yo‘q, oyi, xafa emasman. Qaytanga yaxshi bo‘ldi. Og‘ir kunda tashlab ketgan odamlarga ishonib bo‘lmaydi. Bizga boyligimizda ham, yo‘qchillik paytimizda ham doimo yonimizda turadigan qarindosh kerak.
— To‘g‘ri aytding, o‘g‘lim. Ahvoli bu qanday to‘y qiladi, deyishyapti shekilli.
— Oyi, bu yil mashina olmasak olmabmiz-da. Mana, hovlini ham binoyidek tartibga keltirib qo‘ydik. O‘shalarning shu qilgan ishlari uchun ham albatta to‘y qilamiz.
— Sovuq ham tushib qoldi, o‘g‘lim, yana kimni topamiz, — Saidaxon uh tortdi.
— Oyi, dadamning fermer oshnalari bor. Karim amaki. Qizlari — Maftuna — ismi jismiga mos qiz bo‘lgan. O‘shanga borsangiz-chi. Menimcha yo‘q deyishmaydi.
Murodjon onasining qo‘llaridan tutdi: 
— Yana o‘g‘lim uylanishni shunchalar xohlayapti, deb o‘ylamang. Men dadamning yana ruhan cho‘kib qolishlarini istamayman. Shuning uchun. Juda og‘ir holatda emasligimizni hamma ko‘rib qo‘ysin, deyapman.
— O‘g‘lim, hamma gaplaring to‘g‘ri. Men bugunoq Karim amakingnikiga boraman..

* * *

To‘y bo‘ldi. Hovliga kelin keldi. Mashrabjon ham oyoqqa turdi. Bu orada do‘stidan biror marta na xat, na xabar bo‘ldi.
Kunlarning birida esa uni televizorda ko‘rsatib qolishdi. Chet el texnologiyalarini olib kelib, tsexni katta korxonaga aylantirgani, hozirgi kunda bu yerda mingdan ziyod ishchi mehnat qilayotgani, daromad ortib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tgan muxbir yigit korxona rahbariga ham so‘z berdi. 
Mashrabjon do‘stini mutlaqo tanimay qoldi, o‘shami, boshqami? Yo televizor shunaqa ko‘rsatyaptimi? Akmaljon semirib ketgandi. 
— Shu ishni boshlaganimda niyat qilgandim. Insonlarga hamisha yordam beraman, xayr-sahovat ko‘rsataman, deb. Xudoga shukur, niyatimga yetyapman. Daromadimning uchdan bir qismini xayrli ishlarga sarflayapman.
— Qara-ya, xudoni bilar ekan, — dedi Mashrabjon alamini ichiga yutib. 
— Dada, kuyunmang. Korxona rahbari bo‘libdi, ishlari "besh" ekan. Oyim ikkimiz oldiga tushib chiqsak-chi? — dedi Murodjon dadasini bosish uchun. —Boshida ming xil tashvish. Balki yodidan ko‘tarilgandir.
— Uch yil bo‘lyapti, o‘g‘lim. Vijdoni bo‘lsa, do‘stimning ahvoli nima kechdiykan demasmidi.
— Hovlidan ketganimizni bilmasmikan? — dedi Murodjon.
— Qayoqdan bilsin? Ota-onasini ko‘rishga ham kelmaydi-ku. Bilgan taqdirda ham tanasi boshqa dard bilarmidi. 
— Dada, siz nima desangiz, deng. Baribir tushib chiqaman. Bu yil ukamni uylash kerak. Bu yerda tiqilishib qolamiz. Aslida bizni shu ahvolga solgani uchun o‘n barovar qilib to‘lashi kerak. 
— Mayli, o‘g‘lim, uddalay olsang, tush. Lekin unga ro‘paro bo‘lishni xohlamayman.
— Xo‘p dada, xavotir olmang. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
Murodjon o‘sha kuni, undan keyin ham shaharga, dadasining do‘sti bilan uchrashish uchun tushdi. Lekin kotibadan nariga o‘tolmadi. "Direktorga ayting, men Mashrab ismli do‘stlarining o‘g‘liman. Zarur ish bilan keldim", — deya qayta-qayta takrorlashiga qaramay, har gal kotiba: “Meni unaqa do‘stim yo‘q, tanimayman", — deyaptilar derdi.
Bu gapni eshitib, Mashrabjonning tepa sochi tikka bo‘ldi:
— Tavba, odam ham shunchalik o‘zgaradimi? Bundaylarga yaxshilik qilish xayf. Mayli, o‘g‘lim, siqilma. Bizga xudo bersin. Boshqa choramiz yo‘q. Ukangni yoningga ol. Bu yil astoydil bo‘lsak, hosillarimiz bo‘lib bersa, yo‘qotganlarimizni tiklab olamiz. Bandasidan qaytmasa, xudodan qaytadi.
— Xo‘p, dada.
Meva, bug‘doy, kartoshka yig‘ishtirib olingach, gektar yonidagi olti sotixli joyga ruxsat olib, uy tiklashdi. Qo‘rg‘on qilishdi. O‘g‘lini ko‘chirdi. 
Ma’rufjonni uylash, birinchi nabira to‘yini qilishga taraddud ko‘rilayotgan kunlarda momo Mashrabjon va Saidaxonni yoniga chaqirib:
— Bolalarim, tirigim ham, o‘ligim ham sizlarniki, hovlini hatlab beraman, — deb qoldi.
— Momo, bunday qilmasangiz ham endi siz bizning onamizsiz, toki tirik ekanmiz, tashlab qo‘ymaymiz, — dedi Mashrabjon. 
— Ilohim, kam bo‘lmanglar. Boshingizga tushgan tashvishni yaqindagina eshitdim. Bir og‘iz aytmadinglar ham. Senday sofdil, bag‘rikeng, olijanob insonlar kam bolam.
Meni hech kimim qolmagandi, bolalarim. Mana endi sizlar bilan bag‘rim to‘ldi. Ko‘zimning tirikligida o‘tkazib beray, degandim.
— Momo, unday demang, hali ko‘p yashaysiz. Onalarimizdan erta ajralib, yoshimiz ulg‘aysa ham, ona mehrini qo‘msab yashardik. Siz tufayli yana qaddimizni tikladik, mehribonimizni topdik. Sizni hech qachon yolg‘iz qo‘ymaymiz. Bizga keraksiz, onajon.
Saidaxon shunday deya momoni quchoqlab oldi, ko‘z yoshlari yuzlarini yuvdi.
— Yig‘lama, qizim. Bu kunlar ham unut bo‘ladi. Ko‘rmaganday bo‘lib ketasizlar. Lekin bugun meni albatta haligi joyga olib bor. Qo‘l qo‘yib kelay. 
— Mayli, momojon, siz nima desangiz shu.
Mashrabjon mashina olib kelish uchun o‘rnidan turdi.
Oradan bir oy vaqt o‘tdi.
Ayni kuzda Ma’rufjonni uylashdi, unga nabira to‘yini ham qo‘shishdi. 
To‘ydan bir hafta o‘tgach,
— Mashrabjonning uyi shumi? — deya hoji ota chaqirib kelib qoldi.
— Ie, ie, keling. Xush kelibsiz. Marhamat. Bu yoqqa.
Mashrabjon yoshi yetmishlarga yaqinlashib qolgan hoji otani ichkariga, uyga boshladi. Yangi kelin tavoze bilan bosh egib, salomlashgach, avvaldan tuzog‘liq dasturxonga non, choy keltirdi.
— Ovqatga unnab yuboringlar, — dedi Mashrabjon choyni qaytarar ekan.
— Xo‘p, dada.
— Yo‘q, qizim, men turaman, birrovginaga kirdim.
— Unday, demang. Tez pishadiganiga urininglar.
— Xo‘p.
— Qani choydan iching. Nonga qarang. Yaxshi yuribsizmi? Kelinoyim sog‘ayib ketdilarmi? O‘g‘lingizning ishlari nima bo‘ldi? Biz ham o‘zimiz bilan bo‘lib, sizlardan xabar ololmadik. Uzr, hoji ota.
— Hechqisi yo‘q. Siz haqingizda hammasini eshitib, bilib yurdim. Lekin imkon topolmadim. Yordam berishga chog‘landim. Bo‘lmadi. Kelinoyingiz durust. Ukol-dorilar bilan umri uzayib turibdi. O‘g‘lim ham yo‘lini topib oldi. Ishni unga topshirdim.
— Qanday ish? — so‘radi Mashrabjon hoji otaning qanday tadbirkorligi borligini bilish uchun.
— Avtomobil ustaxonamiz bor. Yonida benzin quyish shahobchasi. Uni boshqarishni o‘sha katta o‘g‘limga topshirdim. O‘zi yaxshi bola. Lekin ko‘ngilchanligi tufayli "qoqildi". Kichigi yerni yaxshi ko‘radi. O‘n gektarli bog‘ bilan chorva unda. Kichigim ancha uddaburron chiqqan. Yuz bosh sigiri, yana qancha buzoq, qo‘y, otlari bor. Juda pishiq. Sutni qayta ishlab, sariyog‘, pishloq tayyorlaydigan tsex loyihasini tasdiqlatib bo‘lib, keyin mendan duo olishga kelibdi.
— Dada, binoning birinchi g‘ishtini qo‘yib bersangiz, qor tushguncha tsexni ishga tushirish kerak, — deydi deng. Lol bo‘lib qoldim. 
Endi bizga hovlining yumushlari qoldi. Shuni uddalab tursak ham katta gap. To‘g‘rimi?
— Albatta.
— Aytganday, tunov kuni do‘stingiz bilan ko‘rishib qoldim. Ancha to‘lishib, savlatli bo‘lib ketibdi. Avval tanimadi. Kimligimni eslatdim. Yodidan ko‘tarilganmish. Tavba, dedim. Uka, ko‘zingni och, shira bosib qolibdi. Bu pullar bizdan qolgan. Senga ham vafo qilmaydi. Avvalo odamligingni unutma. Qarz yomon narsa, qiyomatga qolsa yomon bo‘ladi, dedim. Ko‘zimga baqrayib turib, tilxatingiz bormi, deydi. Qattiq xafa bo‘ldim.
— Hoji ota, qo‘yavering. Men bu haqda o‘ylamay ham qo‘ydim, — dedi Mashrabjon kelini tovoqda keltirgan go‘sht qovurdoqni dasturxonga olib qo‘yar ekan. — Qani, oling, shoshildingiz-da. Aslida osh qilishimiz kerak edi.
— Ovora bo‘ldinglar. Mayli, tuz-nasibadan yuz o‘girib bo‘lmaydi. 
Taom yeb bo‘lingach, hoji ota uzun duo qildi va "To‘yga ham aytmadingiz, lekin eshitdim. Kech bo‘lsa ham, mana bu to‘yonani olib qo‘ying. O‘z bolamday bo‘lib qoldingiz", deya qog‘ozga o‘rog‘liq pulni uzatdi.
— Unday qilmang, hoji ota. Hamma narsa yetarli. Mendan ko‘ra bu pullar o‘zingizga kerak.
— Og‘ir holatda qolganimda mardlik qildingiz. Birov qazigan chuqurga tushdingiz. Xudoga shukur, o‘nglanib oldik. Hammasi yaxshi. Sizni ko‘rdim. Ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Bordi-keldi qilib turaylik. Tortinmang. Siz uchun bir otangizday odamman-da.
— Rahmat. Menday oddiy odamni shunchalar ko‘kka ko‘tarib, izzat qilyapsiz. Aslo kamlik ko‘rmang. Umringiz ziyoda bo‘lsin.
— Aytganingiz kelsin. Men boray endi.
Mashrabjon mashinasini ko‘cha boshida qoldirib, shu yergacha piyoda kelgan hoji otaga hurmati yanada ortdi. Birga borib, mashina ko‘zdan uzoqlashguncha qarab turdi.
Oradan yillar o‘tdi. Akmaljonning onasi, so‘ngra otasi o‘tdi. Mashrabjon hamma qatori ma’raka-marosimlariga bordi. Xizmatda turdi. Lekin salom-alikdan nariga o‘tmadi.
Yaqinda eshitib qoldi. Akmaljon og‘ir betob ekan. Nafas qisishi deyishyapti. Nima bo‘lgan taqdirda ham u bir paytlar do‘sti bo‘lgan. Mashrabjon maktabdosh do‘stlaridan birini yoniga olib, ko‘rgani bordi.
Cho‘g‘day gilam to‘shalgan kattagina uy to‘rida divanda Akmaljon yotar, ozib, ko‘zlari ichiga botgan, hansirab nafas olar, lablari ko‘kimtir tovlanib ketgandi. 
Mashrabjon do‘stiga yaqin bordi va:
— Tuzukmisan, — dedi sekingina.
Akmaljon bazo‘r ko‘zlarini ochdi va bir muddat tikilib qoldi.
— Mmashrabb... kkeldingmi? Mmeni kechir...
— Sen hech narsani o‘ylama. Tezroq sog‘ay. Hali qiladigan ishlaring ko‘p. O‘tgan voqealarni eslama. Men unutib ham, kechirib ham yuborganman.
U birga kelgan do‘stini imladi.
— Seni ko‘rgani Adhamboy ham kelgan. Esladingmi? "B" sinfda o‘qirdi. Ko‘pincha birga yurardik. Akmaljon ko‘z qiri bilan, ha, ishorasini qildi. Ikki tomchi yosh ko‘z mijjalaridan sizib tushdi.
— Mmen...
— Sen hech narsa dema. Kamchilik bo‘lsa ayt. Do‘xtirga borish kerak bo‘lsa, olib boramiz.
— Rahmat.
Shu payt boyagina kutib olgan yoshgina yigit choy ko‘tarib kirdi.
— Ovora bo‘lmang. Turamiz. Siz o‘g‘illarimisiz? — so‘radi Mashrabjon.
— Ha.
— Yaxshi. Otangizga qaraganingiz yaxshi. Kam bo‘lmaysiz.
So‘ngra yigitning yelkasidan tutib tashqariga boshladi:
— Do‘xtirlar nima deyishyapti? Yordam kerak bo‘lsa.
— Hamma davolar qilindi. Xohlagan ovqatini berib, ko‘ngliga qaranglar, deyishdi. 
— Essiz... Korxonani kim boshqaryapti.
— Akam.
— Yaxshi. Mayli, unda bizga ruxsat. 
Mashrabjon qaytib kirib do‘sti bilan xayrlashdi. Peshonasiga qo‘lini qo‘yib:
— Xudodan tila. Albatta sog‘ayib ketasan, — dedi.
Yigit ularni tashqariga kuzatib chiqdi:
— Rahmat. Kelib turinglar.
— Otangizga yaxshilab qaranglar, o‘g‘lim. Xayr.
— Albatta.
Ming qilsa ham do‘sti edi, Mashrabjonning yuragi tuzday achishdi. Negadir xo‘rligi keldi. "Chorasiz yotibdi, boyaqish..."
Bir necha kundan so‘ng yana do‘stini ko‘rib kelish uchun otlangan Mashrabjon sovuq xabarni eshitib, o‘zini tutolmadi, yig‘lab yubordi.
— Dadasi, nima gap? — so‘radi Saidaxon xavotir bilan.
— Do‘stim, Akmaljon qazo qilibdi.
— Nima?! Voy, bechora.. Hali yosh edi...
— Shuni aytaman-da. Hali maqsadlari ko‘p edi. Yugur, chopon, do‘ppimni olib chiq.
Mashrabjon sinfdosh do‘stlarga xabar qilib, shaharga yetib tushdi. "Voy, do‘stim”lab yig‘ladi. Tobutni birinchi bo‘lib yelkasiga oldi. Qabrga o‘zi qo‘ydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.