OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Ayol ko‘z yoshlarga ishonmaydi (qissa)

Ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagidan otilib chiqqan Latif go‘yo qayon yurishini bilmaganday bir zum jonsarak turib qoldi. Tevarak tun chodrasiga burkangan. Baland-past simyog‘ochlardagi chiroqlar qizg‘ish-sarg‘ish yog‘dular sochib, uylar atrofini, ko‘cha-ko‘yni xira yoritadi.
Latif qatnov ancha siyraklashgan yo‘l yoqasi tomon ildam qadamladi. Xudo xohlasa, u bu yil kuzning o‘rtalarida roppa-rosa o‘ttiz ikki yoshga to‘ladi. Lekin aft-angori hanuz yigirmani qarshilayotgan bo‘z bolanikiday: usta sartaroshning naq bir soat tinkasini quritgan jingiltob, quyuq sochlari eng so‘nggi urfda pardozlangan, egnidagi yengi kalta ko‘ylagiyu oyog‘idagi bigizburun tuflisigacha zamona zaylini nozik his qiladigan yosh-yalangbop. Bunaqa pardoz-andozli yigitlarni oddiygina qilib – olifta deb atashadi. Ayniqsa, qishloq odamlari bunday nusxalarni ko‘rishganida g‘ijinib, teskari qarashadi. Latif bu xil muomalaga ko‘p duch kelgan. Lekin parvo qilmay, miyig‘ida iljayib qo‘ygan.
Latif ko‘chada turib, g‘iz-g‘iz yelib o‘tayotgan mashinalarga qo‘l silkitib, birortasini to‘xtatish ha­rakatiga tushdi. Nihoyat eskigina bir “Jiguli” ohista kelib, uning yonida to‘xtadi.
– Aka, vokzalga, – dedi Latif, mashina eshigini qiya ochib.
O‘rta yashar, xumkalla haydovchi bir zum o‘ylanib turgach, bosh irg‘adi.
– O‘tiring.
Latif shosha-pisha orqa o‘rindiqqa o‘zini tashladi.
Ko‘rkam, bejirim yo‘lqopini yoniga qo‘ydi.
– Ancha kech chiqibsiz, uka, yo‘l bo‘lsin? – deb so‘­radi haydovchi, mashinani yeldirib ketar ekan.
– Davlat ishini bilasiz-ku, komandirovka, – deb qo‘ydi Latif odatdagidek o‘zini o‘ta jiddiy va muhim odam ko‘rsatishga tirisharkan, – G‘arg‘ara poezdiga ulgurish kerak.
– Xo‘p, xo‘p.
Latif yetti yilcha avval universitetni tamomlab, mashhurdan-mashhur jurnalist bo‘lish ilinjida shaharda qoldi. Qalami o‘tkir bo‘lmasa-da, harnechuk so‘zga chechan, tili o‘tkirgina edi. Xushomadni, siylovni qotirardi. Shuning sharofatidan ancha yillar goh u, goh bu gazeta tahririyatida ishlab yurdi. Qotgan qon tusidagi guvohnomasini pesh qilib birovlarni avradi, birovlarni qo‘rqitdi. Ishqilib, tirikchiligi yomon kechmadi. Hatto, roppa-rosa bir yil avval nufuzi baland gazeta tahririyatiga ishga o‘tib oldi.
Latif hozir chindan ham G‘arg‘araga otlangan edi. Lekin o‘zi pisanda qilgandek “komandirovka”ga emas. Besh yashar qizchasi – Shaydoni olib kelishi kerak. Uni bir haftacha avval G‘arg‘arada yashaydigan katta xolasi olib ketgandi. Aftidan, qizaloq yig‘lab xarxasha qilgan bo‘lsa kerak, kecha uyga qo‘ng‘iroq qilib, tezroq Shaydoni olib ketinglar, deyishibdi. Xotini Amira bugun saharmardondan injiqlik qilib turib oldi. “Hozir otpuskadasiz, tezroq Shaydomni olib kelib bering”, – dedi hatto ko‘ziga yosh olib. Latif nihoyat kechki poezdga o‘tirishga va’da berib Amirani ovutdi.
Amira sarvqomat, go‘zal juvon. O‘quvchilik davrlarida raqs maktabiga qatnab, gimnastika bilan astoydil shug‘ullangani uchunmi, harqalay, erga tegib, bir farzandli bo‘lgandan keyin ham qaddi-qomati o‘zgarib, to‘lishib-burishib ketmadi. Aksincha, chiroyiga chiroy qo‘shilib, barq urib yashnadi. Ustiga ustak, tadbirkor, shirinso‘zligini aytmaysizmi? Bolalar o‘yinchog‘i sav­dosi bilan shug‘ullanadi. Chegara yaqinidagi sha­harchadan ulgurji olib kelib, Otchopar bozorida o‘ti­rib savdo qiladiganlarga ulgurji topshiradi. Har­nechuk, topish-tutishi chakki emas. Ro‘zg‘orga sizdan ko‘p­roq nafim tegyapti, deb ba’zan eriga iddao ham qilib qo‘yadi. Latif ming‘irlab-ming‘irlab qarshilik ko‘rsatishga urinadiyu, lekin oxir-oqibat taslim bo‘­la­di. Amira ham ortiqcha gap qo‘zg‘ab, o‘lganning ustiga chiqib tepadiganlardan emas. Erini mag‘lub etgach, sho‘x tabassum bilan uning pinjiga suqiladi. Shu-shu olam guliston, Latif ham achchiq-ginani darrov unutib yog‘­day erib ketadi. Shunday murosayu madora sabablimi, harnechuk, ularning turmushi iliqqina kechmoqda. Kichkinagina, bir xonalik bo‘lsa-da, harnechuk boshpanalari bor. Jajji qizaloqlari – Shaydoga termulib dillari yayraydi. Bir-birlariga mamnun-mamnun termulishadi.
Amira goho Latif uzoqroq safarga ketsa, uy hu­villab qolganini sezadi. Hatto, chinakamiga sog‘ina boshlaydi.
Mana, hozir ham qizi Shaydoni xolasinikidan olib kelish uchun erini jo‘natdi-yu, birdan dilgir bo‘­lib qoldi.
Goh xonada, goh oshxonada bemaqsad tentidi. So‘ng televizorni yoqib, bir zum parishon termulib turdi. Lekin negadir dili g‘ash bo‘laverdi.
“Endi yotib dam ola qolay” deb xayolidan o‘tkazdi u, televizorni qayta o‘chirar ekan.
Amira kursidan og‘ir qo‘zg‘aldi. Shu payt yo‘lakdagi uy telefoni ustma-ust jiringlab yubordi. Juvon, bemahalda kim bo‘ldi ekan, degan xayolda telefon apparatiga bir zum tikilib turgach, ohista go‘shakni ko‘tardi.
– Allo, eshitaman.
– Assalomu alaykum, – deb narigi tarafdan do‘­rillagan erkak ovozi salom berdi, so‘ng alikni ham kutmay, shosha-pisha davom etdi. – Siz Amiraxonmisiz?
– Ha, men...
– Kechirasiz, bemahalda bezovta qildim, G‘animan.
Amira tuzukkina eshitib turgan bo‘lsa-da, andak hadik, andak taajjub og‘ushida beixtiyor qayta so‘radi:
– Kim?
– G‘animan, o‘tgan kuni ertalab Halimaxonning do‘­konida uchrashgan edik-ku.
Amiraning ko‘z oldida kaltabaqay, semiz va tepakal, qirq yoshlar tevaragidagi nusxa lop etib jonlandi. Chindan ham juvon uni Halimaxonning do‘konida uchratgan edi. G‘ani qadimiy bir tilla bilaguzukni sotish ilinjida yurgan ekan. Tilla buyumni ko‘rib, hamma ayollar singari Amiraning ham ko‘ngli sust ketdi. Garchand G‘ani bilaguzukni ancha arzon narxlab turgan bo‘lsa-da, biroq Amiraning uni sotib olishga baribir puli yo‘q edi. Shuning uchun bilaguzukni obdon tomosha qilgach “hozircha kerakmas”, degan mujmal javob bilan egasiga tutqazdi. G‘ani ming bir tavallo qildi, hatto, narxni tag‘in biroz pasaytirdi. Oxiri Amira “erta-indin gaplashamiz” deya arang qutuldiyu, o‘zicha naridan-beri uy telefoni raqamini ham yozib bergan bo‘ldi.
“Agar pulingiz bo‘lsa, sira ikkilanmang”, – deya pishang berdi Halimaxon ham G‘ani do‘kondan chiqib ketgach, – joyini topsangiz, so‘ng besh barobariga pullaysiz”.
Amira miyig‘ida jilmayib qo‘ydi. Chunki Ha­li­maxonning maslahatisiz ham, agar bilaguzuk qo‘liga tushsa, nima qilishini u juda yaxshi bilardi.
O‘sha uchrashuv, o‘sha savdo, boshqa tashvishlarga chal­g‘ibmi, Amiraning yodidan ko‘tarilgan ekan. Hozir tuyqusdan bo‘lgan qo‘ng‘iroq...
– Ha, sizni esladim, – dedi juvon darhol hushyor tortib.
– Haligi narsani hali sotganimcha yo‘q, – dedi G‘ani pixillab, – erta-indin gaplashamiz degandingiz, shunga bezovta qilyapman...
Amira erkak ovoziga quloq solib turarkan, ko‘z o‘ngida o‘sha qadimiy bilaguzuk butun go‘zalligi bilan jilvalanardi. Ayol nogoh ilk muhabbatini uchratib qolgan qizday beixtiyor hayajonlana boshladi. Xayollari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Lekin ming afsuski, naqd pul yo‘q. Lekin ming afsuski, tilla bilaguzukni rad etishga kuch ham, xohish ham yo‘q. Shuning uchun Amira butun vujudi bilan chora-tadbir izlay boshladi. Chora-tadbir izlash barobarida, go‘shakka botinmaygina ming‘irladi:
– Savil naqd pul yo‘q edi-da...
– Balki qo‘ni-qo‘shnilardan so‘rab ko‘rarsiz, – dedi G‘ani ham botinqiramay.
Bu maslahat juvonga xo‘p ma’qul tushdi.
– Yaxshi, yarim soatlardan keyin tag‘in qo‘ng‘iroq qilib ko‘ring.
– Bo‘pti, – deb to‘ng‘illadi G‘ani, go‘shakni qo‘yib qo‘yarkan.
Amira hech bir qo‘shnisini bezovta qilmoqchi emasdi. U vaqtdan yutib miyasida charx urib yurgan ba’zi bir rejalarni obdon o‘ylab ko‘rmoqchi edi, xolos.
Ayol qonida makr va tadbir hujayralari quyunday qo‘zg‘aldi. U o‘rindiq suyanchig‘ini ohista chertgan ko‘yi xayolga toldi.
G‘anini mehmon etish bahonasida, uni mast qilib bilaguzukni o‘g‘irlab olsa-chi? Birozgina husnu jamolini ko‘z-ko‘z qilib, erkakning xayolini o‘g‘irlab, ko‘ng­lini eritsa ham bo‘ladi. Bir-ikki o‘ptirishi mumkin, lekin anaqa-anaqa harakatlarga aslo yo‘l qo‘y­maydi. Erta-indin uchrashamiz, deb aldaydi, avraydi, xullas, bir amallab tilla bilaguzukni qo‘lga kiritadi.
Amira shahd bilan o‘rnidan turdi-da, egnidagi uy xalatini yechdi. Kiyim javonidan yeng-yoqasiz, etak tomoni tilim-tilim ko‘ylagini olib kiydi. Qo‘ng‘irtus sochini yoyib yubordi. Ko‘p o‘tmay yo‘lakdagi ko‘zguda oppoq, bo‘liq ko‘kraklari, silliq sonlari chala-yarim ochiq, qosh-ko‘zlari xumor bilan suzilgan go‘zal juvon paydo bo‘ldi. Amira o‘z qaddi-qomatiga, o‘z malohatiga o‘zi suqlanib qararkan, hiylasiga G‘ani albatta uchishiga ishonch hosil qildi.
Shu payt telefon yana jiringlab qoldi. Ayolni beixtiyor titroq bosdi.
– Allo, eshitaman, – dedi u bir amallab hayajon va hadigini bosarkan.
– Bu, yana men, G‘animan, – dedi o‘sha xirilloq erkak tovushi, – nima gap, masala halmi?
– Ha... kelishsak bo‘ladi...
– Unda ertalab biror yerda uchrashaylik.
Amira bir zum gangib qoldi. Chunki u G‘anining hozir yetib boraman deyishini kutib turgandi. Lekin qonida ko‘pirayotgan makr va tadbir hujayralari yana qo‘llab yubordi.
– Men saharlab tovarga ketishim kerak, – dedi Amira darhol bahona topib. – Imkoningiz bo‘lsa... Ho­zir uchrashaylik...
– Hozir?! – telefon erkakning taajjub to‘la tovushidan titrab ketdi.
– Ha, uyimga kelishingiz mumkin. Adresni yozib oling.
Amira apil-tapil manzilini tushuntirdiyu, erkakning javobini ham kutmasdan go‘shakni sharaqlatib qo‘yib qo‘ydi.
Aytar gapni aytdi-yu, biroq Amirani yana vahima bosdi. To‘g‘ri qildimi, yo...
Ayol irg‘ib turib beixtiyor u yon-bu yon yura boshladi. Yuragi duk-duk urardi. Xayolida makkorona rejasini pishitarkan, goh toshoyna yonida turib qolar, goh bir nuqtaga tikilib barmoqlarini tishlar edi. Tuyqus uni tok urganday bo‘ldi. Nogoh ko‘nglidan kechgan o‘ydan a’zoi badani jimirlab ketdi, “G‘ani aldovlariga uchmasa-chi?! Bahonalariga quloq solmay to‘shakka sud­rab qolsa-chi?!”
Amira o‘zini begona, semiz erkak quchog‘ida tasavvur qilarkan, go‘yo hammasini kimdir kuzatib turganday uyat-nomusdan bo‘g‘riqib, aft-angori qip-qizarib ketdi.
“Yo‘q, bekor qildim, hoziroq uni to‘xtatishim kerak”, – deya xayolan hayqirdi u, telefon go‘shagini shaxt bilan qo‘liga olarkan. Biroq shu asnoda G‘anining telefon raqamini bilmasligi lop etib esiga tushdiyu, ayol bo‘shashdi-qoldi. U telefon go‘shagini mahkam si­qimlagan ko‘yi ancha payt xayolchan turdi. So‘ng chuqur tin olib o‘rnidan turarkan, beixtiyor tevarakka o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘ydi. “Nima bo‘lsa bo‘lar... bir amallab tilla bilaguzukka egalik qilsam bo‘ldi-da...”
Amira karaxt bir ahvolda dasturxon tuzatishga kirishdi.

* * *

Latif kirakash bilan hisob-kitob qilgach, ichu tashi charog‘on vokzal binosi tomon yurarkan, uni ho­jatbarorlar duvva o‘rashdi.
– Yo‘l bo‘lsin, aka?
– Bilet izlab kassaga borib yurmang, aka. O‘zimiz provodnik bilan gaplashib, vagonga chiqarib yuboramiz. Biletning yarim puli yoningizda qoladi.
– Yuklaringizga ham qarashvoramiz, aka. Siz tashvish chekmang.
Latif son-sanoqsiz iltifotlarga bee’tibor vok­zal ichkarisiga kirdi. Ichkarida odam siyrak. Bir-ikki yo‘lovchi o‘rindiqlar ustida g‘ujanak tortib, mizg‘iyapti.
Yigit ma’lumotxona tuynugidan bosh suqdi.
– Kechirasiz, singlim. G‘arg‘araning poezdi nechanchi yo‘ldan jo‘naydi?
Ma’lumotxonada o‘tirgan kulcha yuz, jiddiy qiyo­fali ayol yigitga loqayd ko‘z tashlab oldi.
– G‘arg‘ara poezdi jo‘nab ketganiga bir soatdan oshdi-yu.
– Iya?! Qanaqasiga?!
– Shunaqasiga, grafiklar o‘zgargan.
– Ob-bo, – deb po‘ng‘illadi Latif. – Unda nima qilaman-a?
– Shuning uchun oldindan bilet buyurib qo‘yish kerak. Bunaqa ovora bo‘lmasdingiz.
Latif bo‘shashganicha ma’lumotxona devoriga suyanib qoldi.

* * *

G‘ani bir paytlar oq ko‘ngil, ochiq qo‘l inson edi. Nomdor bir qurilish tashkilotida prorab bo‘lib ishlardi. Uni ichkilik va qimor yo‘ldan urdi. Molu davlati sovrildi. Maktabda muallima bo‘lib ishlaydigan xotini ikki farzandini qo‘ltiqlab otayurti Qo‘qonga ketib qoldi. G‘ani ularni yo‘qlab bormadi. Hali o‘zlari izlab, ostonamga bosh urib qaytishadi degan takabbur xayol bilan o‘zini ovutdi. Bu orada kasbi-koridan ham ayrilib ko‘chada qoldi. Olib-sotarlik, dallollik bilan shug‘ullanib kun kechirdi. Mo‘mayroq daromad qilgan kunlari odatdagidek qimorxonada ko‘kardi. Yaratganning rahmi kelibmi, yo boshqa siru sinoat ro‘y beribmi, G‘anining qimorda qo‘li baland kelib, uyiga uyum-uyum pul bilan qaytgan chog‘lari ham ko‘p bo‘lgan. Shunday paytlari u ham orzu-havaslarga berilardi. Hayotga, kelajakka qiziqishi ortardi. Qo‘yni-qo‘nji aq­chaga to‘lib yurgan ajoyib kunlarning birida u yana qayta uylanib ham oldi. Bu xotini bilan avval boshida turmushlari yaxshi kechdi. Lekin shirin hayot uzoq cho‘zilmadi. Muhabbat o‘rnini nafrat, harorat o‘rnini sovuqlik egalladi. Hamma-hammasiga yana ichkilik va qimor sababchi bo‘ldi.
G‘ani g‘irt shalog‘i chiqqan, eski “Moskvich”ni g‘ing­­shitganicha Amira aytgan manzil tomon burarkan, negadir shular haqida o‘ylab ketdi. Negadir achchiq va achinarli qismati bir-bir ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Bu holdan uning o‘zi ham hayron bo‘ldi, ko‘ngli g‘ashlandi. Odatda ishi yurishmagan yo qimorda yutqazgan kezlari shunday mahzun xayollarga berilardi. Hatto, to‘yib-to‘yib yig‘lab olardi. Hozir-chi? Hozir dimog‘i chog‘ bo‘lishi kerak-ku?! Axir, ko‘z tegmasin, so‘nggi ikki-uch hafta ichida ishlari yurishyapti! O‘tgan yakshanba kuni bir o‘g‘rivachchadan suvtekinga mana bu tilla bilaguzukni sotib oldi. Endi ko‘zlagan narxiga qayta pullasa bormi, ko‘zi ham, ko‘ngli ham yayraydigan foyda qiladi. Bunisi-ku holva! Uch kun avval Abray lochin uni chaqirtirib qoldi. Yonida sap-sariq, ko‘zlari ko‘m-ko‘k, taqirbosh ikki notanish yigit o‘tirgan ekan.
“Bularga qoradori kerak, asl mo‘miyosidan, topib bera olasanmi?” – dedi Abray lochin odatiga ko‘ra gapni lo‘nda qilib.
G‘ani dabdurustdan nima deyarini bilmay chay­qaldi. Bir mehmonlarga, bir Abray lochinga ko‘z tashladi.
“Harakat qilaman”.
“Harakat qilma, top”, – dedi Abray lochin e’tirozga o‘rin qoldirmay, – topsang, qimordagi qarzingdan qutulasan”.
G‘ani hujradan shilliq qurtday sirg‘alib chi­qar­­kan, ham quvonchdan, ham taajjubdan yuragi hap­qirardi. Quvonganiga sabab shulki, o‘sha mo‘miyoni topish unga oson. Ba’zi bir xufya joylarni biladi, ahyon-ahyon ular bilan ishlab turadi. Bu faoliyatini hech kim bilmaydi. Ajablanganiga sabab esa...
Qiziq, Abray lochin nega bunaqa ishlarga bosh suqayapti. Axir, u qip-qizil qimorboz bo‘lsa ham bunaqa qing‘irliklardan hazar qilardi-ku?! Yo, qarz-parzga botib, do‘ppisi tor kelib qoldimi?
G‘ani ming bir o‘ylasa-da, baribir bu holning sababini bilolmadi. Lekin aytilgan topshiriqni bugun choshgohdan so‘ng do‘ndirdi. Hatto, Abray lochin chamalagan narxdan xiyla arzonga ishni bitirib, qarzidan tashqari, yana ancha-muncha daromad ham qildi. Shuning uchun ham u ayni paytda quvonchdan qah-qah otib kulishi kerak. Lekin negadir o‘tgan-qaytgan achchiq xotiralar uning ta’bini tirriq qilib, ko‘nglini g‘ashlayapti. Nima uchun?
Shahar tunning timqora to‘shiga bosh qo‘yib orom qo‘yniga cho‘kkan. Ko‘chalarda avtoulovlar siyrak. Neon chiroqlari tevarakka horg‘in nur sochadi.
G‘ani Amira aytgan manzilni osongina topib bordi. Lekin mashinasidan tushmay, odatiga ko‘ra atrofni obdon kuzatganicha ancha payt kabinada o‘tirdi. Sigaret tutatdi.
G‘ani tilla bilaguzukni avval boshida tezroq sotishga oshiqqandi. So‘ng “mo‘miyo” bilan bog‘liq, bu serdaromad ish chiqib qoldiyu, tilla bilaguzukni yashirib qo‘ydi. Boya kechqurun cho‘ntaklarini kavlashtira turib qo‘liga bir qog‘oz ilashib chiqdi. Qarasa, o‘sha kuni do‘konda go‘zal juvon yozib bergan telefon raqami ekan. Shunchaki, qiziqsinib qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi. Negadir ayol rad etmadi, hatto bemahal bezovta qilgani uchun jerkib tashlaydi degan xayolda edi. Yo‘q, hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi. Ayol hatto uni uyiga taklif etdi. Taklifdan G‘ani shoshib qoldi.
Vaqti ziqligini, qimorxonaga “mo‘miyo”ni tezroq yetkazishi kerak ekanini ham unutdi. Xayolida yana bir reja charx ura boshladi.
“Juda boybichcha xotinga o‘xshaydi, – o‘yladi u. – Bilaguzuk bahona uyini bir ko‘zdan kechirib qo‘ysam yaxshi bo‘lardi. Shpana bolalar bilan biror kun ov qilib qolarmiz. Unikidan chiqamanu so‘ng qimorxonaga boraveraman”.
Xuddi shu reja uni yo‘lga boshladi.
G‘ani tag‘in bitta sigaret chekkach, shalvirab qolgan o‘rindiqni ayanchli g‘ijirlatgan ko‘yi mashinadan tushdi.

* * *

Latif kech qolganiga ishonmaganday hanuz ma’lumotlar xonasi tuynugiga tirg‘alib turardi.
– Nega qoqqan qoziqday turib qoldingiz? – dedi xizmatchi ayol, qosh-qovog‘ini uyib, – poezd endi faqat indin bo‘ladi.
Latif o‘ychan bosh chayqadi.
– Negadir ko‘nglim g‘ash. Yarim yo‘ldan ortga qaytib ketish yoqmayapti.
Ayol bilinar-bilinmas jilmaydi. So‘ng yonidagi termosdan bir piyola choy quyib uzatdi.
– Alamdan ko‘nglingiz g‘ash tortyapti. Achchiq choydan ichsangiz, achchiq alamni bosadi.
– Rahmat, – dedi Latif, shosha-pisha piyolani qo‘­liga olarkan.
Tuyqus mehribonchilik qilgani uchunmi, shu tobda ayol uning ko‘ziga g‘oyat go‘zal ko‘rinib ketdi. Choydan bosib-bosib ho‘plarkan, juvonga tikilib-tikilib qa­radi.
– Namuncha baqrayib qoldingiz, – dedi xizmatchi ayol o‘ng‘aysizlanib.
– Juda go‘zal ekansiz, – beixtiyor og‘zidan chiqib ketdi yigitning, – to‘g‘risi, shuning uchun yoningizdan ketolmay qoldim.
– Iltifotingiz uchun rahmat, endi tuyoqni shi­qillatib qoling.
Latif bo‘sh piyolani qaytara turib, tavoze’ bilan iljaydi.
– Chin ko‘ngildan aytdim, ishoning. Lekin juda jiddiy, serjahl ekansiz.
– Erkaklar suyuq bo‘lgandan keyin, iloj qancha. Jiddiy, serzarda bo‘lamiz-da.
Ayol ming bir qosh-qovoq uysa-da, lekin ancha muloyimlashganini yigit payqadi.
– Mening ismim Latif, – dedi u hanuz iljaygan ko‘yi, – bilaman, baribir siz ismingizni aytmaysiz.
– Roziya, – deb qo‘ydi juvon hech kutilmaganda, so‘ng bir ozdan so‘ng qo‘shib qo‘ydi, – sazangiz o‘lmasin deb aytdim.
– Hamma gaplarim chin yurakdan, Roziyaxon, ishoning. Uzr, ancha boshingizni qotirib qo‘ydim.
Latif tavoze’ bilan tuynukdan uzoqlasha boshladi. Roziya uni zimdan kuzatib turardi. So‘ng qar­shisidagi ko‘zguchaga o‘zini solib avval iljaydi, so‘ng yig‘lab yuborgudek tarzda ma’yus tortib qoldi.

* * *

Shaharning kunchiqar tomonida yastanib yotgan mahallani Ko‘kgumbaz deb atashadi. Yo‘l bo‘yida, qari chinor panasida ko‘rimsizgina choyxona bor. Lekin bu choyxonada biror kimsa miriqib tanovul qilganini, oyoq uzatib hordiq chiqarganini eslayolmaydi. Kech kirishi bilan choyxona atrofi kimsasiz bo‘lib qoladi. Lekin ichkari hujralarida hayot qaynaydi. Choyxona qimorxonaga aylanadi.
Mana hozir ham qimorxona shirakayf kulgulardan ahyon-ahyon larzaga kelib turibdi. Hujra ichi yorug‘. Tamaki tutuni tumanday qoplab olgan. O‘yin qizg‘in borayotgan xontaxta to‘rida sersavlat, mo‘ylovdor kimsa yonboshlab olgan. Bu – Abray lochin. Qartani xuddi orqasidan ko‘rib turganday tusmollab, ustomonlik bilan o‘ynagani uchun uni do‘stlari lochin deb atashadi.
Eshik qiya ochilib ikki davongirday yigit – Nabi va Rustam ichkariga sirg‘alib kirdi. Ular Abray lochinning ishongan odamlari. “Osh yeyilsa, o‘rtada sarson ilik” deb bemalol shular haqida aytish mumkin. O‘yin bilan andarmon qimorbozlar yigitlarga deyarli e’tibor berishmadi. Rustam hujra chekkasi bo‘ylab tizzasida yurgan ko‘yi Abray lochinga yaqinlashib, uning qulog‘iga shivirladi.
– G‘ani bilan qo‘ng‘iroqlashdik. Molni ikki soat ichida yetkazadi.
– Yaxshi, – deb qo‘ydi Abray lochin, qo‘lidagi qar­talardan ko‘z uzmay, – ishlaring bilan shu­g‘ul­la­na­veringlar. Anovi sibirlik mehmonlarni tuzuk yerga joylashtirdilaringmi?
– Xotirjam bo‘ling, xo‘jayin. Gap faqat molda qoldi. Molni bir amallab qo‘llariga tutqazsak bo‘ldi.
Abray lochin negadir gumonsiraganday Rustam va Nabiga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi.
– G‘ani hozir qaerda ekan?
– Bilmadik, – deb chaynaldi Rustam, – uyida, shekilli.
Yo‘q, Rustam adashdi. Ayni paytda G‘ani Amiranikida, tuzalgan dasturxon yonida mamnun o‘tirardi. Yeng- yoqasiz ko‘ylak kiygan, yuz-ko‘zlari noz-ishvaga limmo-lim uy sohibasi unga parvona.
– G‘ani aka, – dedi Amira o‘n yillik qadrdonday kaltabaqay erkakning yelkasiga qo‘l qo‘yib, – juda tor­tinchoq ekansiz. Kostyumingizni yechi-ib, bemalol o‘tirsangiz-chi...
Ayol qo‘yarda-qo‘ymay ustma-ust uzatgan ikki qadah konyakdan so‘ng ancha bo‘shashib qolgan G‘ani, uning xohishiga bo‘ysundi. Kostyumini yechib stul suyanchig‘iga tashladi.
Ayni chog‘da erkakni Amiraning go‘zalligidan ko‘ra, xonadonning ko‘rkamligi, xaridorgir jihozlarga boyligi ko‘proq hayajonlantirmoqda edi.
“Qulay payt topib, bu yerga yana tashrif buyuraman hali” – deya xayolidan o‘tkazdi u, mamnun iljaygan ko‘yi qadahlarga bu gal o‘zi konyak quyar ekan.
Nozu ishva orasida erkakni hushyor kuzatgan Amira G‘anidagi o‘zgarishni yaxshilikka yo‘ydi. Nihoyat, ko‘ngliga yo‘l topdim degan xayolga bordi.
– Akajon, – dedi u oppoq, momiq ko‘kraklarini ko‘z-ko‘z qilib, – tilla bilaguzugingizni hali taqib ham ko‘rmadim-ku.
G‘ani indamay qadah bo‘shatdi. So‘ng suzilgan kuyi iljaydi. U eshikdan kirishi bilanoq ayolning maq­sadini payqagan edi. Shuning uchun oldi-sotdi ha­qida gap ochish befoydaligini sezib, bilaguzukni cho‘ntagidan chiqarmagan, shunchaki, xonadonini bir ko‘z­dan kechirib, so‘ng juftakni rostlab qolishni o‘ylagan edi. Biroq to‘kin dasturxonni ko‘zi qiymay ancha o‘tirib qoldi. Dimog‘i chog‘ligidan butun vujudi ichkilik talab qilardi.
– Marhamat, jonginam, – deya kostyumi cho‘ntagidan qimmatbaho buyumni chiqardi G‘ani, – istaganingizcha taqib ko‘ravering.
Amira tilla bilaguzukni ko‘zlari porlab qo‘liga oldi. So‘ng bilagiga taqib chiroq nuriga tutib ko‘rarkan, yosh boladay qiyqirib yubordi.
– Vu-uy, naq men uchun yasalgan ekan-a! Tovlanishini qarang.
– Ha, yarashdi, – deb po‘ng‘illab qo‘ydi G‘ani, bir bo‘lak qovurdoqni og‘ziga solarkan.
U uchinchi qadahdan so‘ng tezroq ketishi zarurligini ham butkul unutgan edi. Bilagidagi tilla buyumdan sira ko‘z uzolmay, yal-yal yashnayotgan Amira nogoh erkakning bo‘yniga osilib, semiz yuzidan cho‘lpillatib o‘pdi.
– Endi bilaguzuk ham, siz ham meniki.
G‘ani allanima deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi. Biroq og‘zi to‘la go‘sht bo‘lgani sabab, bir-ikki bosh to‘l­g‘ashdan nariga o‘tolmadi.
– Sizday mard erkaklarning sadag‘asi bo‘lsang arziydi-da, – dedi Amira bel-biqinlarini dirkillatib o‘rnidan irg‘ib turarkan, – keling, umrbod do‘st­lashib ketishimiz uchun ichaylik.
Ayol qadahlarga konyak quydi. Albatta, o‘ziga bir qul­­tumcha tomizib, G‘anining qadahini limmo-lim qildi.
Ayni paytda Latif vokzal binosidan yuragi g‘ash­likka limmo-lim to‘lib chiqqan edi. U yo‘l bo‘yida turgan kirakashlar tomon xomush yurdi. Kutilmaganda or­qasidan Roziya yugurgilab chiqdi.
– Latif aka, bir minut.
– Tinchlikmi, Roziyaxon? – deya ajablanib so‘radi La­tif, juvon tomon yurarkan, – yo poezd qaytib keldimi?
Roziyaning yuzida yengil tabassum paydo bo‘ldi.
– To‘g‘risi, men ham erkak kishining yarim yo‘ldan qaytganini yoqtirmayman. To‘satdan esimga tushib qol­di, bir hamkasbimiz mashinasida G‘arg‘ara tomon ket­moq­chi edi. So‘rab ko‘ray-chi, balki sizni olib ketar.
– Juda yaxshi bo‘lardi-da, iltimos, so‘rab ko‘ring, aytgan haqini to‘layman.
– Yuring-chi.
Ular uzun-qisqa bo‘lib tag‘in vokzal ichkarisiga kirishdi. Uzun yo‘lak bo‘ylab biroz yurishgach, ikkinchi qavatga ko‘tarilishdi.
– Sizni ham ovora qilib qo‘ydim-a, Roziyaxon, uzr, – dedi Latif xijolat chekib.
Roziya jilmaydi.
– Yo‘lovchilar qayg‘usini chekish burchimiz.
Ular qop-qora dermantin qoplangan eshik yonida to‘xtashdi.
– Men hozir bilib chiqaman, – dedi Roziya shivirlab. – Kutib turing.
– Xo‘p.
Juvon ichkari kirib ketdi. Latif oynaband peshayvondan turib tungi shahar manzaralarini tomosha qila boshladi. Birozdan so‘ng Roziya xijolatlanib qaytib chiqdi.
– Uzr, Latif aka, bu kishi ertalab jo‘narkanlar. Agar soat sakkizga yetib kelsangiz, ulov naqd.
Ular bab-baravar kulib yuborishdi.
– Albatta yetib kelaman, – dedi Latif ko‘ngil g‘ashligi ancha tarqab, – hechqursa, sizni ko‘rib ketarman.
– Suyulmang. Endi shu yerda xayrlashaylik.
– Hozircha xayr.
– Xayr, yaxshi yetib oling, kennoyimga salom deng.
Juvon Latifning orqasidan ma’yus qarab qoldi.

* * *

Ikkovlari ham quyushqondan chiqib ketishdi. G‘anini ichirib, mast qilib tashlaymanu bilaguzukni qo‘lga kiritaman, deya reja tuzgan Amiraning o‘zi ham bir qultum-bir qultum ichaverib ancha gandiraklab qoldi. Begona erkakka endi “rejadan tashqari” osilib, tirg‘ala boshladi. Yaxshiyam G‘ani tabiatan ishqiy sarguzashtlarni sira xushlamaydi. Shuning uchun ham ahyon-ahyonda ayolni nomigagina o‘pib, o‘zini olib qocha boshladi.
– Shu so‘nggisi, – dedi G‘ani o‘rnidan turib dasturxon ustidagi ichkilikdan qadahlarga quyarkan. – Men ketishim kerak. Ishlar ko‘p.
– Yo‘q, bugun hech qayoqqa bormaysiz, – dedi Amira gazak o‘rnida qarsillatib olma chaynashga tusharkan.
G‘ani ayolning suykalishlaridan bir amallab qutulib, xona bo‘ylab o‘z uyidagidek kezina boshladi. Televizor, video apparatlariga bir-bir qo‘l tegizib chiqdi. Shu payt javon chekkasida yotgan jajjigina diktofon uning diqqatini tortdi.
– Bu nima? Magnitafonmi? – deya taajjublanib so‘radi G‘ani, jajji apparatni qo‘liga olib obdon ko‘z­dan kechirarkan.
Amira sharaqlab kuldi.
– E, jinnimisiz, diktofon-ku bu.
– Ja-a g‘alati ekan-a, bunaqasini hech ko‘rmaganman.
– Yaponlarniki, – dedi Amira diktafonni G‘anining qo‘lidan olib, – oxirgi model, cho‘ntakka solib qo‘ysang, bas. O‘n metr radiusdagi tiq etgan tovushni ham yozib oladi. Bizning xo‘jayinga o‘xshash jurnalistlar uchun-da bu.
Ayol yana o‘z-o‘zidan qah-qah otib kuldi. G‘ani ham xoxolab jo‘r bo‘ldi. So‘ng yana diktofonga suqlanib tikildi.
– Qoyil. Ja-a, zo‘r narsa ekan. Menga ham bitta kerak-da. Ba’zi bir gap-so‘zlarni yozib olardim.
– Istasangiz, shu sizniki, – deb shivirladi Amira erkakka suykalib.
G‘ani bu narsani hatto tilla bilaguzukdan ham qimmatbaho degan xayolga bordi shekilli, battar hay­rati oshdi.
– Yo‘g‘-e?! Qanday qilib? Axir eringizdan baloga qolasiz-ku?
– Qo‘yavering, – nopisand va mastona qo‘l siltadi Amira, – yaxshilab o‘shqirib bersam, suvga tushgan mushukdek bo‘ladi-qoladi.
Ayol o‘z gapidan o‘zi nash’a qilibmi, yo sarxushligi tobora oshibmi yana hiringlab kuldi. G‘ani ikki ko‘zini diktofondan uzmay kulguga jo‘r bo‘ldi.
– Rahmat, Amiraxon, qarzga qolmaymiz.
– Bilaman, qarzga qolmaysiz, shuning uchun sovg‘a qilyapman-da, – dedi Amira tantig‘lanib, so‘ng bilagiga taqilgan tilla buyumga ishora qildi, – sizdan bugina.
G‘ani diktofonga qo‘l uzatdi.
– Sizdan ugina.
Ikkovi bir-birining pinjiga suqilib, qadah cho‘­qishtirib ichishdi.
– Qarang, – dedi Amira dasturxon ustidan nimadir olib og‘ziga solarkan. – Buning qanday ishlashini ko‘rsataman sizga.
Ayol diktofonning allaqanday murvatlarini bos­di.
– Ishlayapti, shekilli, – deb g‘udrandi G‘ani, g‘aro­yibotdan ko‘z uzmay turarkan.
Amira diktofonni beparvo dasturxon ustiga qo‘ydi.
– Ha, ishlayapti. Qani, biroz yozsin-chi, keyin eshitib ko‘ramiz.
Shu payt eshik qulfiga kalit solinib shiqirlab ochilayotgani eshitildi.
– Vo-oy, sho‘ri-im! – deb qichqirib yubordi Amira, vahima bilan irg‘ib turarkan. – Bu erim! Qaytib keldi.
– A-a?! – G‘ani tahlikada baqrayganicha qotib qoldi.
Chindan ham eshik ochilib, bo‘sag‘ada Latif paydo bo‘ldi. U xonadondagi ahvoldan bir zum gangib taxtaday qotib qoldi. To‘kin dasturxon, shirakayf xotini va uning yonidagi begona erkak unga achchiq bir haqiqatdan darak berib turardi.
– Ifloslar! – deb g‘udrandi u andak es-hushini yig‘ib. So‘ng beixtiyor eshikni qulflab kalitini cho‘n­tagiga soldi.
– Latif aka, akajon, – deya Amira gandiraklagan ko‘yi eriga peshvoz yurdi, – sizga hozir hammasini tushuntiraman.
Latif g‘azab bilan xotinini bir chekkaga itarib yuborib, G‘ani tomon tashlandi. G‘irt mast holdagi G‘ani butkul sarosimada qolgan edi. Shu sabab yengil bir zarbadan qulab tushdi. Latif jon holatda o‘zini uning ustiga tashladi. G‘ani raqib changalidan qutulish ilinjida zo‘r berib tipirchilar ekan, nogoh dasturxon tuzalgan stolni tepib yubordi. Kuchli zarbadan idish-tovoq, shishalar yerga tushib, chil-chil sindi. Hanuz ishlab turgan diktofon ham yerga tushib, divan ostiga yumalab ketdi.
– Basharangni qonga belayman, – deb bo‘kirdi Latif, raqibining yuz-ko‘ziga tirnoq botirar ekan.
G‘ani zo‘r berib tipirchilagan ko‘yi Latifning goh biqiniga, goh ko‘ksiga musht tushirardi. Hirqiragan, hansiragan bo‘g‘iq tovush butun xonani tutib ketdi. Tahlika va vahimadan ko‘zlari katta-katta ochilgan Amira chinqirib yubormaslik uchun qo‘llari bilan og‘zini berkitib, bo‘g‘ishib yotgan erkaklarning goh u yoniga, goh bu yoniga irg‘ishlab o‘tardi.
G‘ani ustidan bosib tushgan Latifni bir amallab itqitib tashladiyu dasturxon ustidan yerga tushgan pichoqni qo‘lga oldi.
– Chavaqlab tashlayman, so‘tak!
– O‘zingni qo‘yday bo‘g‘izlayman, haromi, – deb xirilladi Latif, bir intilib shisha sinig‘ini qo‘liga olarkan.
So‘ng shisha bo‘lagini o‘qtalib raqibiga tashlandi. Shoshib qolgan G‘ani pichoqni sermab otdi. Ammo Latif chap berib qoldi. Zarb bilan otilgan pichoq Amiraning naq ko‘ksiga sanchildi.
Juvon ingrab yiqilarkan, arang g‘udrandi:
– Vah, yeding-ku meni, G‘ani...
– Amira?! – Latif xotini tomon intildi, – Amira!
U qip-qizil qoniga belangan ayolning boshiga engashdi. Amiraning ko‘zlari so‘narib, so‘nggi nafasini olardi. Lahza o‘tmay uning boshi shilq etib osilib qoldi.
Ko‘zlari qo‘rquv va vahimadan chaqchayib qolgan G‘ani hansiragancha o‘zini balkonga urdi. Qo‘shni xonadon tomonga o‘tishni chamalab balkon to‘sinidan oyoq oshirdi. Nogoh sirg‘alib ketib, pastga quladi. G‘anining ayanchli o‘kirigi tun bag‘rini tilib o‘tdi. “A-a-a!”
Amiraning jasadi yonida turgan Latif otilib balkonga chiqdiyu pastga alangladi. Biroq ko‘zi hech narsani ilg‘amay yana xonaga o‘qday uchib kirdi. Gangigan kuyi hansiragancha u yon-bu yon yurindi. Nogoh miyasida chaqmoqdek chaqnagan fikrdan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. “Tamom bo‘ldim, sho‘rim quridi. Endi baribir mendan ko‘rishadi. Umrim qamoqda chiriydigan bo‘ldi. Bas! Qochishim kerak. Hozir oh-voh qilib turadigan payt emas. Tezroq daf bo‘lishim kerak bu yerdan”.
Latif xotinining jasadiga vahima bilan ko‘z tashladiyu, titroq qo‘llari bilan eshik qulfiga kalit soldi.
G‘ira-shira tong oqarib kela boshladi. Ko‘p qavatli uylar o‘rtasidagi maydonchada G‘anining loshi qonga belanib cho‘zilib yotardi. Tevaragida organ xodimlari, izquvarlar ivirsib turishibdi. Ulardan biri murdani goh u yondan, goh bu yondan “shig‘-shig‘” suratga olardi. Shu atrofda yashovchilar bo‘lsa kerak, bir to‘p odam ham voqea joyida yig‘ilishgan. Hammalarining yuz-ko‘zlarida qo‘rquv, hayajon. Bir-birlariga vahimali pichirlashadi. Kulrang sochlari hurpaygan, qoqsuyak kampir izquvar Sherbek Uzoqovga ko‘rsatma berardi.
– Vot eta dom moy, shu yerda yashayman. Uchinchi etaj balkoniga chekkani chiqqandim. Vdrug, huv svet yonib turgan balkondan etot chelovek chinqirib tushib ketdi. Tochno videla, xuddi o‘sha balkondan quladi.
– Balki birortasi itarib yuborgandir, – dedi Sherbek kampirning ko‘rsatmalarini daftariga qayd qilib olarkan, – mabodo e’tibor bermadingizmi?
Kampir labiga sigaret qistirgan ko‘yi, biroz o‘ylanib qoldi. So‘ng keskin bosh chayqadi.
– Yo‘-o‘... Pomoemu hech kim itarmadi. O‘zi sirg‘alib tushib ketdi. Nu... cherez kakoy-to minut bir yigit balkonga yugurib chiqib, vniz qaradi, potom yana g‘oyib bo‘ldi.
Sherbek Uzoqov kampir ishora qilgan tarafga tikilganicha bir zum o‘ylanib qoldi. So‘ng o‘sha uy chekkasiga qantarilib qo‘yilgan eski “Moskvich”ga e’tibor berdi. Davlat belgisi raqamlarini yozib oldi.
– Qani o‘sha xonadonga kirib chiqaylik-chi, – dedi bi­rozdan so‘ng sheriklariga, – voqea oydinlashib qolar.
Ayni paytda Ko‘kgumbazdagi qimorxonada ham xa­votir-sarosima kezib yurardi. Qimorbozlar al­la­qachon tarqab ketishgan. Achimsiq tamaki va spirt isi anqib turgan hujrada Abray lochin tajang qiyofada o‘tiribdi. Uyqusizlikdan qizargan ko‘zlari chaqchayib goh Nabiga, goh Rustamga qadaladi.
– O‘v, – dedi Abray lochin Nabini oyog‘i uchi bilan turtib, – G‘anidan darak bo‘lmadi-yu. Qachon keladi endi?
– Ikki-uch qo‘ng‘iroq qildim. Negadir javob bermayapti, – dedi Nabi o‘ng‘aysizlanib.
Rustam hirqiroq tovushda gapga aralashdi.
– Ja-a qotib uxlaydigan odati bor.
– Yana qo‘ng‘iroq qilinglar, – deb o‘shqirdi Abray lochin.
– Xo‘p, xo‘p, xo‘jayin.
Ayni shu paytda Sherbek boshchiligidagi organ xodimlari Latifning xonadoniga kirib borishgandi. Hammayoq to‘zg‘in. O‘rtada Amiraning qonga belangan murdasi cho‘zilib yotibdi. Ko‘ksida qadalgan pichoq.Bu yerni ham xodimlardan biri “shig‘-shig‘” suratga ola ketdi. Sherbek sinchkovlik bilan xonalarni ko‘zdan kechira boshladi. Shu payt stul suyanchig‘iga tashlab qo‘yilgan kostyum cho‘ntagida mobil telefon jiringlab qoldi. Sherbek chaqqongina intilib, kiyim cho‘ntagidan lip-lip yonib o‘tayotgan qayroqtoshdek apparatni topdi. So‘ng ehtiyotkorlik bilan qulog‘iga tutdi.
– Allo-o, – dedi u ovozini andak o‘zgartirib.
– Allo-o, G‘ani. O‘zingmisan?
– Ha, – deb qo‘ydi Sherbek ehtiyotkorlik bilan.
– Qayoqqa yo‘qolib qolding. Biz seni kutyapmiz. Mumiyoni tezroq opkel, xo‘jayin xit bo‘lyapti. O‘v, nega sasing chiqmay qoldi. Nima balo, tag‘in uxlab qoldingmi?
Sherbek “ha, eshitaman” deyishga endi og‘iz juftlagan ham ediki, narigi tarafdan boshqa bir dag‘al tovush o‘shqirib qoldi.
– Allo, o‘v, it emgan. Men – Lochinman, tezroq qi­mirla, ortiq kutishga toqat yo‘q, tushundingmi?
– Tushundim, xo‘jayin, – dedi Sherbek ovozini o‘zgartirib.– Yarim soat ichida yetib boraman.
Aloqa uzildi. Sherbek hozirgina o‘zi bilan gap­lashgan telefon raqamlariga o‘ychan tikilib qoldi.

* * *

Erta tong. Shahar chekkasidagi yangi mahalla al­laqachon uyg‘onib tirikchilik kuyiga tushib ketgan. Kimdir ishga, kimdir o‘qishga shoshiladi. Kirakash mashinani dang‘illama bir hovli darvozasi yonida to‘xtatdi. Undan ust-boshi to‘zg‘in, bezovta Latif tushdi. Dang‘illama hovli darvozasi yonida bolalarini maktabga kuzatayotgan ayol sergaklandi. Bolalar Latifni ko‘rib quvonch bilan qiyqirishib, irg‘ishlay boshlashdi.
– Ur-e, Latif akam keldilar.
– Oyi, jurnalist amakim keldilar.
Latif bolalarni bir-bir quchib, peshonalaridan o‘pib qo‘yarkan, ayolga salom berdi.
– Assalomu alaykum, kennoyi, yaxshimisiz, uy ichilar tinchmi...
Yanga noxush alik oldi.
– Namuncha kallai saharlab... igna yegan itdek halloslab yuribsiz?
– O‘zim... – deb ming‘irladi Latif xijolatomuz, – akam uydalarmi?
Yanganing yuz-ko‘zida istehzo o‘ynadi.
– Uydalar. Kecha allaqatdan bo‘kib ichib kelgan ekan, hali ham cho‘chqaday sasib uxlab yotibdi.
– Zaril bir ishim bor edi-da.
– Kiravering-chi, – dedi ayol istamaygina, ichkari tomon yurarkan, – men hozir... uyg‘otaman.
Ammo aka allaqachon uyg‘oq, dahlizda gazeta va­raqlab o‘tirardi. Xotini unga qurtdek eshilib yaqin­lashdi:
– Voy, turing. Anovi qalamkash ukangiz Latifjon keldi.
– Latifjon?! – dedi er sergaklanib, – ertalabdan nima qilib yuribdi ekan.
Ayol zarda bilan qo‘l siltadi.
– Bilmadim. O‘zidan so‘rarsiz. Ana, kelyapti. – U shunday dedi-da, eri tomon o‘qrayib tikildi. – Ammo lekin bilib qo‘ying, qarz so‘rab kelgan bo‘lsa, bir ti­yin ham bermaysiz. Nima bahona qilsangiz qiling, men bilmayman.
– Xo‘p, asabiylashmang, – dedi er o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan. – Hali hech kim bizdan pul so‘ramadi-ku.
– So‘raydi, mana ko‘rasiz, so‘raydi. Avzoyi ja-a buzuq, bir baloga yo‘liqqan u.
Dahliz eshigida Latif ko‘rindi.
– Assalomu alaykum, aka.
– Vaalaykum, Latifjon.
Akasi bo‘shashibgina unga peshvoz chiqdi.

* * *

Ichki ishlar idorasi. Podpolkovnik mundiridagi, yuz-ko‘zidan qat’iyat va jiddiyat yog‘ilib turgan ayolga Sherbek Uzoqov hisobot bermoqda.
– Manzura Hamidovna, dastlabki surishtiruv ishlarini yakunladim.
– Xo‘sh-sh?
– O‘sha – deya gap boshladi izquvar oldidagi qo­g‘ozga ko‘z tashlab-tashlab, 210-uyning 45-xonadonida yashovchi ayol Murodova Amira o‘sha tun jazmani bilan bo‘lgan. To‘satdan eri kelib qolgan. O‘rtada olishuv bo‘lgan. Oqibatda, ayol o‘ldirilgan, uning jazmani pastga qulagan.
– Bunaqa ma’lumotlarni qaerdan oldingiz?
– So‘rab-surishtirdim, Manzura Hamidovna. O‘sha Amira degan ayol haligi, pastga qulagan erkak bilan anchadan beri aloqador ekanidan xabardor odamlar ham topila qoldi. Ulardan biri o‘sha tunda haligi erkak...
– Haligi erkakning shaxsi aniqlanmadimi? – deya dag‘al bir tovushda so‘radi Manzura Hamidovna.
– Aniqlandi, aniqlandi, – dedi Sherbek shoshilib. – U, Mavlonov Abdug‘ani, shaharning Beshpan­ja ko‘chasida, 17-uyda yashagan. Tayinli kasbi yo‘q. Qi­morboz sifatida mahalla kuy yaxshigina bilarkan. Bundan tashqari boshqa qing‘ir ishlar bilan shu­g‘ullangan. Mavlonovning faoliyatiga oid menda yana boshqa muhim ma’lumotlar bor. Manzura Hamidovna, ruxsat bersangiz, u haqda keyin bafurja gaplashsak.
– Yaxshi... birinchi masalaga qayting.
Sherbek biroz qog‘oz titkilab turgach, hisobotda davom etdi.
– Xo‘-o‘sh... Ha, Abdug‘anining kirib ketganini ko‘r­ganlar bor, keyin... Soat tungi birlar chamasi uy egasi, ya’ni o‘sha ayolning eri taksida qaytib kelganini ko‘rgan guvohlar bor.
– Ob-bo, bu shovvoz qo‘shnilar-e, – deb kinoyali kuldi podpolkovnik ayol, – hammasidan xabardor-a. Balki qotillik qanday yuz berganini ham kuzatib turishgandir?
– Afsuski, bu yog‘iga hamma jim. Ammo surishtiruv-tekshiruv davom etayapti, Manzura Hamidovna.
– Rahmat, Sherbekjon, yaxshi ishlabsiz, – dedi podvolkovnik ayol biroz chehrasi yorishib. – Xo‘sh, o‘zingiz shu voqea yuzasidan qanday fikrga keldingiz?
Izquvar yigit ustma-ust tomoq qirib oldi.
– Menimcha... menimcha, chindan ham eri kelib qolgan. U rashk, nafratdan o‘zini tutolmay avval xotinini pichoqlagan, so‘ng erkakni pastga uloqtirgan...
Podpolkovnik Manzura Hamidovna sharaqlab ku­­lib yubordi. Bu kulguda ozgina istehzo, ozgina ka­lon­dimog‘lik va yana ozgina oqilalik silqib turardi.
– Hali yoshsiz-da, Sherbekjon, hali yoshsiz, – dedi ayol o‘zini kulgudan arang tiyib, – ko‘proq o‘z kayfiyatingizdan kelib chiqib fikrlaysiz.
Sherbek Uzoqov xijolatlandi.
– Nega endi? Bu... bu hali taxmin.
– Uka, bu taxminingiz noto‘g‘ri, – dedi Manzura Hamidovna, stolni ohista chertganicha kabinetning bir burchagiga ma’yus tikilib qolarkan. – Buni... buni menga ayollik yuragim aytib turibdi. – U uzun tin olib xo‘rsindi. – Otellolar zamoni allaqachon o‘tib ketgan, shekilli. Hozirgi kunda rashk tufayli, sevgi tufayli birovni bo‘g‘izlab qo‘yadigan erkakni hech tasavvur etolmayapman.
Sherbek boshliq ayolning kayfiyatidan sarosimalanib qoldi.
Ayni paytda tungi voqealarning yakkayu yagona tirik guvohi, shahar chekkasidagi yangi mahallada, o‘z akasi Lazizjonga hamma-hammasini butun tafsiloti bilan aytib berardi.
– Mana shunaqa gaplar, aka, – dedi Latif chuqur xo‘rsinib, – kutilmagan baloga yo‘liqdim. Endi ham­masi mening bo‘ynimga qo‘yiladi, shekilli. Hoy­nahoy, butun militsiya oyoqqa turib meni izlab yurish­gandir.
Lazizjon asabiy o‘rnidan turib, u yon-bu yon yura boshladi.
– Ob-bo-o, ishkal bo‘pti-ku, a, ob-bo...
– Rosa boshim qotdi, aka, – dedi Latif yosh boladay jovdirab. – Bir-ikki kun sizlarnikida turib, so‘ng Rossiya tomonlarga qochib ketsammikin-a?
Eshik orqasida gap poylab turgan yangasi bezovtalanib, ma’nodor tomoq qirdi. Lazizjon sergaklanib tashqariga chiqdi.
– Ha, nima gap? – dedi u asabiy shivirlab.
Ayol eriga darg‘azab tikildi.
 – Ukangizni yo‘qoting bu yerdan! Rosa rasvo bo‘­libdi-yu, o‘zimiz ham baloga qolamiz. Aldab-suldab jo‘natib yuboring.
– Qiziqmisiz, oyisi, o‘z ukamni qanaqa qilib ko‘chaga haydayman. Jigarim-a?!
– O‘v, mehribon er, – dedi ayol qo‘llarini paxsa qilib. – Ukangiz jigar bo‘lsa, biz yuragingiz. Bizni o‘ylamaysizmi? Yo‘q, darrov hal qiling! Gap tamom.

* * *

Podpolkovnik Manzura Hamidovna xona bo‘ylab u yon-bu yon yurina boshladi. Sherbek Uzoqov o‘tirgan jo­yida unga ko‘z qirini tashlab qo‘yardi.
– Sherbekjon, – dedi ayol jo‘shqin bir kayfiyatda, – yana bu ma’lumotingiz ham diqqatga sazovor. Adashmasak, yana bir jinoyatning dumidan tutdik. Qani, shoshilmasdan yana bir takrorlang-chi.
– Qotillik sodir bo‘lgan xonadonda Mavlonov Abdug‘aniga tegishli kostyum topildi. Bir payt uning cho‘ntagidagi mobil telefon jiringlab qoldi.
– Demak, – dedi Manzura Hamidovna izquvarga qat’iy tikilib, – aloqaga chiqqan raqamni aniq eslab qoldingiz-a?
– Albatta, hatto yozib qo‘yibman.
– Xo‘sh, keyin-chi, davom eting.
– Xullas, – dedi Sherbek fikrlarini jamlab. – Bir xirilloq tovush G‘ani, mumiyoni tezroq keltir, xo‘jayin xit bo‘lyapti, dedi. Shu payt, aftidan kimdir telefonni yulqib oldi. G‘anini boplab so‘kdi, o‘zini... o‘zini Lochin deb atadi.
– Lochin? Nahotki bu Abray aka bo‘lsa?!
– Nega ajablanyapsiz, Manzura Hamidovna? Qimorboz odamdan har balo kutsa bo‘ladi. Nima, qora dori savdosidan hazar qiladi deb o‘ylaysizmi?
– Gapingiz rost, Sherbek. Lekin negadir ishongim kelmayapti. To‘g‘ri, Abray lochin qimorboz, mayda bezori sifatida hisobimizda turadi. Qonun-tartibga ham panja orqasidan qaraydiganlar xilidan. Lekin shu paytgacha hech bir jiddiy sabab bilan qo‘limizga tushmagan. Bilasizmi, Sherbek, shu odamda allaqanday donolik borday nazarimda, – Manzura Hamidovna yengil kuldi. – Gapning ochig‘i-da, Sherbek. Bolalarining hammasi o‘qimishli, ziyoli.
– Dono demang-a, sadqai aql ketsin unga, – dedi yosh izquvar biroz qizishib, – shunchaki ayyor tulki u.
Podpolkovnik o‘ychanlik bilan stol qirrasini cherta boshladi.
– Balki... balki... Odamning olasi ichida. Demak gap bunday, – Manzura Hamidovna yana jo‘shqinlik bilan o‘rnidan turib ketdi. – Telefon raqami egasini aniqlab uni kuzatinglar. Xo‘-o‘sh... G‘ani o‘ldi, ularning rejasi buzildi. Demak endi tipirchilib qolishadi. Qanday qilib bo‘lsa ham anavi “mo‘miyo” atalmish tovarni topishga harakat qilishadi. G‘anining uyiga, qotillik yuz bergan xonadonga kuzatuv qo‘yinglar.
– Xo‘p, Manzura Hamidovna, – dedi Sherbek, stol ustidan qog‘ozlarini yig‘ishtirib olarkan, – ham­ma­sini bajaramiz.
– Tungi voqea bilan yana bir bor jiddiy shu­g‘ul­laning. Qochoq erni topinglar, Sherbek, o‘zingiz o‘sha xonadonni tag‘in yaxshilab ko‘zdan kechiring. Zora jinoyat izlari oydinlashsa...
Sherbek tag‘in “xo‘p-xo‘p”lab kabinetdan chiqib ketdi.
Ayni paytda Latif ham bo‘shashgan, dili xufton bo‘lgan bir ahvolda akasining hovlisidan chiqqan edi. Lazizjon ming bir xijolatga tushgan ko‘yi uni kuzatib qo‘yardi.
– Latifjon, uka, yaxshisi o‘zing melisaxonaga bor. Hammasini hovliqmay tushuntir. Ular ham odam, dardingni eshitib, tushunishar. Haqiqat baribir qaror topadi-ku, to‘g‘rimi?
– Aka, – dedi Latif allaqaerlarga parishon tikilarkan, – qoyil qolmadim sizga, qancha-qancha tanishlaringiz, do‘stlaringiz bor. Nahotki, shu ishni bosdi-bosdi qilib berolmasangiz?
Laziz ukasining yelkasiga qo‘l tashladi.
– Latif, to‘g‘risi, bu mashmashani birovga aytsam g‘irt kulguga qolaman. Hozircha damimiz chiqmasin. Qolaversa... gap ko‘paygan joyda xarajat ham ko‘payadi.
– Chiqimga tobim yo‘q, deb qo‘ya qoling chaynalmay, – dedi Latif istehzoli iljayib.
Aka bosh qashlab o‘ylanib qoldi. Arazlagan Latif xayr-xo‘shni ham nasiya qilib keta boshladi. Aftidan, kallasiga tuzukroq fikr keldi shekilli, bir payt Lazizjon ko‘zlari chaqnab ukasini chaqirdi.
– Latif! Shoshma! To‘xta, bir gap bor.
Latif lo‘killaganicha yetib olgan akasiga ma’yus, savolchan tikildi.
– Shaharga qaytgin-u, Abray lochinga uchrash, – dedi Lazizjon.
– Anovi qimorbozgami?! Kallangiz joyidami, aka, unga nima deyman?
Laziz yana ukasining yelkasiga qo‘l tashladi.
– Bilasan-ku, u Nosir tog‘amizning eng yaqin do‘sti bo‘lgan. O‘zingni tanishtir. Maslahat so‘ra.
Latif taraddudlanib qoldi. Cho‘kayotgan cho‘pga ham yopishadi-da, deganlaridek, u ham bir ilinj, bir najot axtarardi.
– Bo‘pti, ko‘ramiz, – deya to‘ng‘illadi u yana yo‘lidan davom etarkan.
Laziz uning ortidan qichqirib qoldi.
– Keyin menga qo‘ng‘iroq qil, xo‘p? Kutaman-a.
Uka ortiga qaramadi.

* * *

Tunda sodir bo‘lgan voqea Sherbek Uzoqovning qotillik bilan bog‘liq ilk jiddiy ishi edi. Shuning uchun yosh izquvar biroz hadik va hayajon bilan harakat qilardi. Bor bilimini, iqtidorini ishga solardi. Ertalab unga yana omad kulib boqdi. Sherbek qotillik sodir bo‘lgan xonadonni obdon, puxta ko‘zdan kechirarkan, olishuv payti divan ostiga yumalab ketgan diktofonni topib oldi. Sherbek topildiqni avaylabgina charm papkasiga soldiyu, voqea joyidan xush kayfiyat bilan qaytdi. Galdagi vazifa Beshpanja ko‘chasidagi 17-uyga borish edi. Yosh izquvar tun bo‘yi yugurib-elib xiyla toliqqan bo‘lsa-da, ishni paysalga solmaslik uchun darhol yo‘lga chiqdi.
Shaharda yangi kun boshlangan. Ko‘chalar serqatnov, sershovqin. Yo‘laklar, bekatlar odamlar bilan gavjum.
Sherbek ko‘zlagan manzilini qiynalib topib keldi. Bo‘yoqlari unniqib ketgan, ko‘rimsizgina darvoza yonida oyoq ildi. Ust-boshini biroz tartibga olgach, tevarakka yengil bir ko‘z tashladiyu, darvoza qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Ko‘p o‘tmay, ichkaridan qadam tovushlari eshitilib, birozdan so‘ng, yuz-ko‘zlarida horg‘inlik, ma’yuslik aks etgan ayol eshikni qiya ochdi. Bu hozirgina tungi navbatchilikdan qaytgan, temir yo‘l vokzali xodimasi Roziya edi.
– Kechirasiz. – dedi Sherbek yengil salom-alik qilgach, – Mavlonov Abdug‘anining uyi shumi?
– Ha, shu, – dedi Roziya horg‘in bir tovushda.
Yosh izquvar xizmat guvohnomasini ko‘rsatdi.
– Kirsam bo‘ladimi?
Roziya tundlik bilan indamay Sherbekni ichkariga boshladi.
Ayni paytda Latif Abray lochinning shinam, ser­hasham mehmonxonasida qunishibgina o‘tirardi. O‘r­tada nozu ne’matlarga to‘la dasturxon yozilgan xontaxta. Abray lochin yostiqqa yonboshlagan ko‘yi yigitning dard-hasratini mudrab tinglar ekan, uyqusizlikdan qizargan ko‘zlari battar qizarib ketganday bo‘ldi.
– Menga qara, og‘ayni, – dedi u bir so‘lish olarkan, – Nosirbekning jiyani ekaningni eshitib ich-ichimdan quvongandim. Lekin mashmashangni eshitib hafsalam pir bo‘ldi. Tog‘angga tortmabsan, o‘v, bola. Juda-juda xafa qilding meni. O‘sha isqirt o‘ynashlarni o‘zing chavaqlab tashlashing kerak edi. Raz voqea bunaqa bo‘­libdimi, demak ikkovingni ham men o‘ldirdim, deb melisaxonaga o‘zing kirib borishing kerak edi. Or-nomusli erkaklar shunday qiladi, jiyan, tushundingmi?
– Tushundim, – deb arang g‘udrandi Latif.
Abray lochin piyoladagi choydan bosib-bosib ho‘p­ladi:
– Xotiningni qing‘ir yurishini ilgari hech sezmaganmiding?
– Yo‘q, – deb yubordi Latif shosha-pisha, tovushi allanechuk iltijoli, shikasta chiqdi.– O‘lay agar ilgari payqaganim yo‘q.
Abray lochin istehzoli iljayib bosh chayqadi.
– Yolg‘on, o‘z ayolining qing‘ir qadami tugul, qing‘ir xayolini sezmagan erkak erkakmas! Sen bir umr o‘z-o‘zingni aldab kelgansan, so‘tak.
Latif go‘yo achchiq haqiqatni tan olayotgandek, yerdan ko‘z uzmay, terga botgan ko‘yi jim qotdi.
– Sen bola, – dedi qimorboz qo‘lini bigiz qilib, – yo xotiningdan, yo o‘sha erkakdan tiling qisiq.
– Yo‘q, yolg‘on, yo‘q, hammasi tasodif.
– Endi yaxshilikcha tuyog‘ingni shiqillatib qol. Sensiz ham tashvishlarim oshib-toshib yotibdi.
Shu chog‘ xontaxta ustida yotgan mobil telefon jiringlab qoldi. Latif orqasiga tisarila-tisarila, tavoze’lar bilan xonadan chiqib ketdi.
Ammo ayni chog‘da Sherbek hanuz Beshpanja ko‘­cha­sidagi 17-uyda edi. U Roziya bilan gaplashib o‘ti­rardi.
– Xullas, – dedi yosh izquvar chuqur tin olib, – shunaqa gaplar, Roziyaxon. O‘sha erkak sizning eringiz, – Mavlonov Abdug‘ani ekan.
Roziya ko‘zlarini bir nuqtaga tikib, xuddi esi og‘ib qolganday nafrat bilan pichirladi:
– Itga it o‘limi. Oxiri, qarg‘ishlarim boshini yeb­di-da.
– Nega, eringizni shunchalar yomon ko‘rarmidingiz? – deb so‘radi izquvar Uzoqov ehtiyotkorlik bilan.
Roziya avval tovushsiz, so‘ng hiq-hiq yig‘lay boshladi. Sherbek o‘ng‘aysizlanib o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Uzr, Roziyaxon, bilmay yarangizni tirnab qo‘ydim shekilli. Lekin baribir ba’zi bir rasmiyatchilik­larni qilib qo‘yishimiz shart. Siz ertaga vaqt topib idoramizga o‘ting. Murdani tanib-tasdiqlab, kerakli qog‘ozlarga imzo chekishingiz zarur. Qolgan masalalarni keyin gaplashamiz.
Roziya stolga bosh qo‘yganicha o‘krab-o‘krab yig‘lashga tushdi. Sherbek bir zum unga achinganicha tikilib turib chiqib ketdi.

* * *

O‘sha serhasham mehmonxona. Noz-ne’matlar bilan bezatilgan xontaxta yonida Abray lochin, Nabi va Rustam don talashgan jo‘jaxo‘rozlardek hurpayib o‘ti­rishardi. Har uchovining ham yuz-ko‘zlarida tashvish.
– Yo‘g‘-e, balki yanglish eshitgandirsizlar? – dedi Abray lochin, yigitlarga bir-bir ko‘z tashlab.
– Aniq, xo‘jayin, – dedi Nabi bosh irg‘ab – Ishonch­li ma’lumotlar oldik. O‘sha mahallada duv-duv gap. G‘anining murdasini tanigan bir-ikki og‘aynilarini ham ko‘rdik. Uzunquloq gaplarga qaraganda, G‘anini o‘sha qanjiq ayolning eri balkondan uloqtirgan.
Nabining gaplarini parishon eshitib turgan Ab­ray lochin sergaklandi, nelarnidir xayolidan o‘t­ka­zib, so‘ng istehzoli iljaygan ko‘yi bosh chayqadi.
– Nega kulyapsiz, xo‘jayin? – deb so‘radi Rustam ajabsinib.
– E, shunchaki, – deb beparvo qo‘l siltadi Abray lochin. – G‘anini o‘ynashining eri uloqtirgani yolg‘on. Boyagina o‘sha erni shu yerdan quvib chiqardim.
Nabi va Rustam taajjub bilan ko‘z urishtirib olishdi.
– Tushunmadik, Abray aka, – dedi botinolmaygina Rustam. – U bu yerda nima qilib yuribdi.
Abray lochin yana yengil qo‘l siltadi.
– E, ahamiyati yo‘q. Hali bafurja aytib beraman. Hozir ishdan gaplashaylik, ishdan.
– Endi nima qildik? – Har uchovining aft-an­goriga yana tashvish, hadik oraladi. – G‘ani-ku o‘lib qutulib ketdi. Endi anovi padar la’nati tovarni qaerdan topamiz? Sibirlik mehmonlarga nima deymiz?
– Sibirliklar kelishuv bo‘yicha yana ikki kun kutadi, – deb to‘ng‘illadi Nabi.
Abray lochin o‘ychan bir alfozda iyak qashladi.
– Shu... mehmonlardan uzr so‘rab, sovg‘a-salomlar bilan jo‘natib yuborsak-chi? Nima zaril ortiqcha bosh og‘rig‘i?
– Soddalik qilmang, xo‘jayin, – dedi Nabi bosh chayqab. – Bunaqa ishda uzr-puzr ketmaydi. O‘zingiz yaxshi bilasiz-ku?! Katta baloga yo‘liqamiz. Buning oti­ni mejdunarodniy razbor deyishadi, xo‘jayin.
Abray lochin asabiy tarzda bosh changallab, uf tortib yubordi.
Ayni chog‘da izquvar Sherbek Uzoqov ishlari yurishayotganidan xursand kayfiyatda edi. Ayniqsa qo­tillik yuz bergan xonadondan topib olingan diktofon ko‘p narsaga oydinlik kiritdi.
Mana, boshlig‘i Manzura Hamidovna bilan diktofonga yozilib qolgan gap-so‘zlarni, shovqin-suronni yana bir karra eshitib ko‘rishdi.
– Xo‘sh, o‘rtoq katta leytenant, bunga nima deysiz endi? – deb so‘radi podpolkovnik ayol sho‘xchan ko‘z tashlab. Aftidan, ishning bu qadar tiniqlashishi uni ham quvontirib yuborgandi.
– Manzura Hamidovna, diktofondagi yozuvlarni o‘zim ham uch-to‘rt qayta eshitdim. Menimcha, – Sherbek yelka qisib, lab burishtirdi, – menimcha, bu topildiq qidiruvdagi erning aybsizligini tasdiqlaydi. Albatta... tekshiruvda davom etamiz hali.
Manzura Hamidovna odatdagi jo‘shqinlik bilan o‘rnidan turib ketdi.
– Davom eting. Eng muhimi, avval o‘sha qochoq erni topib so‘roq qilib ko‘rish kerak. Ko‘rsatmalarini diktofondagi yozuvga taqqoslang. O‘shanda haqiqat oydinlashadi.
– Tushundim, – dedi Sherbek o‘rnidan qo‘zg‘alib. – Hammasini aytganingizday qilaman.
Ammo bu orada Abray lochinning mehmonxonasidan hech kim qo‘zg‘almadi. Uch hamtovoq uch joyda azador odamlarday burishib o‘tirishardi.
Abray lochin tuyqus qo‘llarini Nabiga bigiz qilib o‘shqira ketdi.
– Sen meni shu iflos ishga aralashtirding! Tinchgina qimorimni o‘ynab xumorimni bosib yurgandim-a! Hammasiga aybdor sen, sen!
– Xo‘jayin, axir G‘ani bizdan bir dunyo qarz edi-ku? Bir yildan beri to‘layolmay yurgandi. O‘zingiz qanday qilib bo‘lsayam qarzini undiringlar, deb bizni tezladingiz-ku! Keyin G‘ani qora dori haqida gap ochdi. Xohlaganlaringcha topib beraman, dedi.
Rustam ham shosha-pisha Nabini qo‘llab-quv­vat­lashga kirishdi.
– Ustiga-ustak anovi sibirliklar lop etib oyo­g‘i­miz ostidan chiqib qoldi. Fursatni boy bermaylik, dedim-da, xo‘jayin.
– Bilmadim... bilmadim, – deb g‘udrandi Abray lochin, goh u yoniga, goh bu yoniga yonboshlab. – Endi qanday qilib bo‘lsa ham bu baloni daf qilinglar. Sibirliklarga va’da qilingan narsani qay go‘rdan bo‘lsayam topinglar. Shu bizga saboq bo‘lsin. Boshqa bunaqa noma’qul ishga qo‘l urmaylik.
Nabi o‘ychanlik bilan dedi:
– Bir amallab G‘anining hovlisiga kirishimiz kerak. O‘shanaqa mollarni yashirib qo‘yadigan bir-ikki joyini bilaman, balki topib olarmiz.
– Bilmadim... bilmadim, – deya bosh changalladi Abray lochin. – Qay go‘rdan bo‘lsayam topinglar, gap tamom.
Nabi va Rustam o‘zaro ko‘z urishtirib, o‘rinlaridan turishdi.

* * *

Tun. Shahar qoramoyga belangan ulkan chiroqqa o‘x­shaydi. Hamma yoq qop-qora. Uning qismatidek qop-qora. Uning baxtidek qop-qora. Latif chekka qah­va­xonalarning birida andak tamaddi qilib chiqqan bo‘ldi. Lekin ishtahasi g‘ippa bo‘g‘ilgan edi. Ko‘ngli xuddi tashqaridek qop-qorong‘u, xuddi ko‘cha chiroqlaridek xira. Quloqlari ostida hanuz Abray lochinning shafqatsiz tanbehlari jaranglab turardi: “Tog‘angga tortmabsan, o‘v, bola! O‘zing men o‘ldirdim deb borishing kerak edi, o‘zing...”
Latif qahvaxonadan chiqqach, daraxtlar quyuq o‘s­gan bino panasida ancha payt turib qoldi. U qayon bosh olib ketishini, qaerga yashirinishini bilmasdi. Go‘yo uni ming-mingta ko‘z, ming-mingta nigoh kuzatib turgandek, yorug‘likka chiqsa, qidirib yurganlar darhol topib oladigandek tuyulardi.
Katta ko‘chada chinqirib kelayotgan mashinalar qat­novi bir zum ham uzilmaydi. Kechikkan-ichikkan yo‘­lovchilar sharpadek o‘tib-qaytishadi. Baland-past imo­ratlar allanechuk sirli, vahimali tuyuladi.
Bahaybat qo‘ng‘ir ayiqdek itni yetaklab, sayr qildirib yurgan kampir to‘ppa-to‘g‘ri Latif tomon bos­tirib kela boshladi. Yigit dovdiray-dovdiray yo‘lak bo‘ylab yurib ketdi. Daraxtlar ichida o‘ralashib qolgan it tomon qo‘rqa-pisa ko‘z tashlab qo‘ydi.
Latif xotinining nega bunday buzuq yo‘lga kirganini hech tushunolmasdi. Nazarida bunga hech bir sabab yo‘qdek tuyulardi. Axir munosabatlari iliq, ro‘zg‘orlari but edi. Ba’zi bir erlarga o‘xshab, xotinini siquvga olmasdi, tergamasdi. O‘rtada ishonch bo‘lishi kerak degan aqidaga amal qilardi. Amira misoli erkin qush edi. Balki xatosi aynan shunda bo‘lgandir? Xotinini qattiq nazoratda ushlash kerak bo‘lgandir. Yo‘q, yo‘q, Latif unday qilolmasdi. Bu o‘zini zamonaviy, ziyoli erkak sanagan odamga to‘g‘ri kelmaydi. Agar ming bor qattiqqo‘l bo‘lsa-da, ming bor nazorat qilsa-da, buzuqlikni istagan ayol baribir niyatiga yetmay qo‘ymaydi.
Demak... demak, Amira avval boshida yengiltak bo‘lgan! Demak, u anchadan beri erining ko‘ziga cho‘p suqib kelgan! Jufti halolining muhabbatiga, ishonchiga shunday xiyonat bilan javob bergan u!
Latif iztirobli xayollar og‘ushida beixtiyor ing­rab yubordi. Qo‘llarini musht qilib boshiga nuqidi. Shundoqqina yonginasidan o‘tib ketayotgan yo‘lovchi shosha-pisha o‘zini chetga tortdi. Dimog‘ida g‘udranib allanima deya so‘kingan bo‘ldi. Biroq Latif unga e’tibor bermadi. Mastdek gandiraklab yo‘lidan davom etdi.

* * *

Roziyaning bir paytlar orzulari osmon edi. Bir gapirib o‘n kuladigan, yerga ursa osmonga sapchiydigan qizlar xilidan edi. Aloqa kollejini bitirdi-yu, institutga kirishga ulgurmadi. Erga tegdi! Kollej yaqinida do‘kon ochib olgan yigit bilan sevishib, ahdu paymon qilishib, xullas, bu yog‘ini tezlashtirib yuborishdi. Rauf yaxshi yigit edi. Ko‘ngli bo‘sh, qo‘li ochiq. Lekin onasi... ya’ni Roziyaning qaynonasi ajdahodan nari-beri ekan! Kelinini o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq deyaverib jonidan to‘yg‘azdi. Ko‘z ochirgani qo‘ymadi. Ustiga-ustak, o‘rtaga befarzandlik muammosi chiqdi. Turmush qurishganiga uch yil to‘ldi-yu, biroq Roziya onalik baxtiga muyassar bo‘la olmadi. Ular borib uchrashmagan na vrach, na tabib qoldi. Ne bir duoxonu folbinlarga duch bo‘lmadi deysiz. Lekin barchasi befoyda. Qaynonasining qahri esa kundan kunga ortardi. O‘rtada Rauf sho‘rlik qiynalib ketdi. Xotinini eplab himoya qilaolmadi. Oxir-oqibat onasiga taslim bo‘ldi. Xotini bilan ajrashdi. Roziya dunyoda sevgi-muhabbat bor, u hamma narsaga qodir, har qanday mashaqqatlarni yengib o‘tadi, deya ishonardi. Lekin taqdir ayolning sodda ishonchlari ustidan kuldi. Shu-shu Roziya biroz odamovi, jiddiy va serzarda bo‘lib qoldi. U onasinikiga qaytib kelgach, temir yo‘l vokzalida ishlay boshladi. O‘sha adashib-uloqib ketgan baxtining yo‘liga ko‘z tikdi. Oradan bir yil o‘tdi. Shu orada bir-ikki so‘qqabosh erkaklar sovchi qo‘ygan bo‘lishdi. Lekin Roziya qat’iy rad etdi. Onasi lab tishlab, yerga qaradi. U qizining yana oila qurishini, baxtli, uvali-juvali bo‘lib ketishini istardi. Lekin buni oshkora aytishga iymanar, qizining onam uyga sig‘dirmayapti, degan xayolga borishidan cho‘chir edi. Shu taxlit oradan yana bir yil o‘tdi. Roziya ishdan horib-charchab, parishon kelgan kunlarning birida, onasi, ohista gap boshladi.
– Qizim, amakingning haligi do‘stidan yana sovchi keldi.
Istar-istamas choy ho‘plab o‘tirgan Roziya norozi chimirildi.
– Qanaqa do‘sti?
– Aytim-ku, Beshpanja mahallasida turadigan, Abdug‘ani...
– Oyijon, – deya gapni bo‘ldi Roziya, – qo‘ying o‘shani.
– Nega endi, jon qizim, tuppa-tuzuk ekan-ku?! Topish-tutishi ham yomonmaskan qizim, sendan atigi o‘n besh yosh katta ekan, xolos.
– Atigi emish, – deb istehzoli kuldi Roziya.
– Gap yoshda emas-ku, jon qizim. Erkakning yoshi ulug‘rog‘i tuzuk, qadringga yetadi. Ustiga-ustak, u bechora ham taqdiridan kuygan ekan. Xotini ikki nafar go‘dagi bilan avtobus halokatida nobud bo‘lgan emish.

– Oyijon, – dedi Roziya bir chekkaga ma’yus tikilib, – ko‘p kuyinmang, xo‘p, men rozi. Bilaman, erimdan ajralib kelib, sizlarni isnodga qo‘ydim. Nachora, u sho‘rlik ham uch yil farzand kutdi. Men... men umidlarini puchga chiqardim.
– Qizim, – onasi iztirob bilan intilib, Roziyaning yelkasidan quchgan bo‘ldi, – unaqa gaplarni qo‘y, asalim. Qanaqa isnod, nimalar deyapsan. Taqdiring shunchalar ekan, noiloj. Jon qizim.
Onaning ham, Roziyaning ham ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
– Oyijon, rost aytayapman, men rozi. Men tug‘mas ayolga er tanlashni kim qo‘yibdi. Oyijon, o‘lsam ham endi bundan ajralishmayman.
Ertasi kuni Roziya bo‘lajak er bilan uchrashdi. O‘sha kunlari qimorda bir-ikki qo‘li baland kelgan G‘ani bir soatlik xalifa edi. Roziyaga saxovat va mehr ko‘rsatgan bo‘ldi. Shahar aylantirdi.
G‘oyat serhasham restoranga olib kirdi. Xullas, ayolning ko‘nglida iliq hislar uyg‘otdi. Oradan bir oycha o‘tib, kichkinagina to‘y qilgan bo‘lishdi. Nikoh o‘qitishdi. Ko‘z ochib yumguncha Roziya G‘anining xotiniga aylandi-qoldi. Avval boshida turmushlari yomon kechmadi. Munosabatlar shiringina edi. Ro‘zg‘or to‘kin. Roziya erta ketib, kech qaytadigan erini ortiq tergamas, nimalar bilan mashg‘ulligini so‘rab-surishtirmasdi. G‘anining uchiga chiqqan qimorboz, takasaltang ekanini bilganida ancha kech bo‘lgandi. Bir kuni Roziya uyida, ro‘zg‘or yumushlari bilan andarmon bo‘lib turganida eri kirib keldi. Og‘zi qulog‘ida, ko‘zi suzuk. Dimog‘ida xirgoyi. Roziya yengilgina salom-alik qilgan bo‘ldi.
– Jiz-pizingdan opkel, xotin, – dedi G‘ani o‘zini ko‘rpacha ustiga tashlab. – Shoshilyapman, ketishim kerak.
Roziya xontaxta ustiga dasturxon yozdi. Eri negadir g‘alati bir tarzda suzilib, uni jirkangannamo kuzatib turardi.
– Namuncha tikilasiz, – dedi Roziya o‘ng‘aysizlanib. – Yana bo‘kib ichibsiz-a?
G‘ani o‘shshaydi.
– Yo‘-o‘q, adashdingiz, xonim, bu safar bo‘kmay chekdim, – u cho‘ntagidan qog‘ozga o‘rog‘lik narsa chiqardi. – Mana, istasangiz siz ham tatib ko‘ring, jonginam.
– Rahmat, o‘zingizga buyursin. Men unaqa narsalardan hazar qilaman.
G‘ani artistlarcha qah-qah otib kulgan bo‘ldi.
– Hazar qilarmishlar, misoli farishta bu bizning oyimcha. O‘vv, bu halol narsa, halol pulimga olganman. Mana, mana!
Er goh u cho‘ntagidan, goh bu cho‘ntagidan pul chi­qarib, xontaxta ustiga uyib qo‘ydi. So‘ng qo‘llarini paxsa qilib o‘shqira ketdi.
– Istaganimcha dori olib chekaman, istaganimcha aroq ichaman, maishat qilaman. Kerak bo‘lsa, butun shaharni sotib olaman, bilib qo‘y, butun shaharni. Meni G‘ani boyvachcha deydilar. Qimorning xo‘roziman.
– Lekin hech qachon baxt sotib ololmaysiz.
G‘ani yana qah-qah otib kulgan bo‘ldi.
– Oh-o-o, naqadar go‘zal so‘zlar. Baxt, sevgi. O‘v-v! – deb bo‘kirdi er nogoh jiddiy va qahrli tusga kirib. – O‘v-v! Sen menga falsafa so‘qqincha tug‘ishni o‘yla, tug‘ishni. Bir yildan beri ko‘zimiz to‘rt-ku. Oyimcha. Bor, choy-poyingni opkel. E, o‘rgildim sendaqa qisir faylasufdan. Shoshilyapman.
Roziya arang oshxonaga yetib bordi. Tomog‘iga qattiq danakdek qadalib turgan xo‘rlik tuyqus tashqariga oti­lib chiqdi. U baralla ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Bu haqoratlar ham holva ekan! Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas uning sha’nini, muqaddas tuyg‘ularini yerparchin qilgan mudhish voqea sodir bo‘lib o‘tdi. Bu kulfat qanday boshlanganini keyinchalik Roziya bir tanishidan eshitdi.
Ko‘kgumbazdagi qimorxona odatdagidek gavjum. Hujrada ayqash-uyqash bo‘lib yotgan qimorbozlar butun diqqatni o‘rtaga qaratgan. Kimdir uzala cho‘zilgan, kimdir cho‘kka tushgan. O‘rtada pul, tog‘day uyulib turibdi. Mast-alast G‘ani terlab ketgan. Bit ko‘zlari tevarakka tez-tez tashvish-tahlika bilan alanglaydi.
– G‘ani aka, mard bo‘ling, – dedi Nabi ermakka qarta chiylar ekan, – mana, to‘rt xonali uyingizni ham yutqazdingiz.
Davradagilar xo-xolab kulishdi.
G‘ani shishadan to‘kib-sochib aroq quyib ichdi.
– Men mardman, avvallari qanday yutgan bo‘lsam, endi shunday yutqazdim. Hozir yana yutaman, inshoolloh. Qani, suz.
– O‘v-v, chiranchiq, – deb qad rostladi Abray lochin. – Endi bitingni tikib o‘ynaysanmi? Bor-budingni boy berib bo‘lding-ku?!
– Hovlimni tikaman, – deb mastona g‘udrandi G‘ani.
– Hovlingni?! – deb qiyqirib yubordi Rustam. – U qanaqasiga sening hovling. Kimniki ekanini bilamiz.
Abray lochin tahdid bilan G‘aniga o‘qraydi.
– Faqat o‘zingning narsangni tik. Birovlarning mulkini aralashtirma, janjalga tobim yo‘q.
G‘ani yana aroq quyib ichdi. Burun kataklari pir-pir ucharkan, ko‘zlari g‘azab bilan yondi.
– Xotinimni tikaman.
– Xotiningni?! – beixtiyor qichqirib yubordi Nabi.
Davradagilar hangu mang qotdi. Chunki Ko‘kgumbaz qimorxonasida hali hech bunaqasi bo‘lmagandi. Oraga bir zum tahlikali jimlik indi.
G‘ani yana to‘kib-sochib piyolasiga aroq quydi.
– Ha, xotinimni tikdim.
– O‘v, so‘tak, – dedi Abray lochin g‘azab bilan uning yoqasidan olarkan, – hazilingni yig‘ishtir. Bu yer ming o‘ylab bir gapiradigan joy.
G‘ani Abray lochinning changalidan bir amallab qutularkan, mastona g‘udrandi.
– Gapim gap. Tug‘mas xotin qimorga yaramasa nimaga yaraydi. – U o‘z gapidan o‘zi nash’alanib kuldi. – Qani, qartani suzinglar.
O‘sha tun Roziya allamahalgacha televizor tomosha qilib o‘tirdi. Negadir hech uyqusi kelmasdi. Ko‘ngli hami­shagidek zim-ziyo. U erinibgina kiyimlarini almashtirib, ko‘zgu yonida sochlarini taray boshladi. Shu payt ko‘cha eshigi taraqlab ochildi. G‘ani kirib keldi. Ipi­risqi, g‘irt mast. U Roziyaga qarab tirjaydi. So‘ng gan­diraklagan ko‘yi yoniga kelib, quchoqlashga harakat qildi.
– Jonginam, men bilan bir yerga borib kelishing kerak.
– Voy, qayoqqa?! – sergaklandi Roziya. – Yarim ke­cha­si-ya?!
G‘ani chaynalgancha to‘ng‘illadi.
– Sen... sen agar chin xotinim bo‘lsang, meni qut­qarishing kerak.
Erining aftodahol, ezilib turishi rahmini keltirgan Roziya shosha-pisha sochlarini yig‘a boshladi
– Qo‘limdan kelsa jonim bilan, G‘ani aka.
– Seni... men... – dedi er yig‘loqi bir tovushda. – Qimorga yutqazib qo‘ydim. Kechir meni, Roziya.
– A! Nima?! – beixtiyor qichqirib yubordi ayol xuddi boshiga to‘qmoq tekkanday.
G‘ani tuyqus tiz cho‘kib, Roziyaning oyoqlarini quchdi.
– Jonim, meni kechir, meni tushun, – dedi yutoqib g‘udranarkan. – Roziya, pul topib seni yana qaytib olaman. Ishon, jonim, ishon. Lekin sen hozir men bilan borishing kerak. Ishon, seni albatta qaytib olaman. Bu voqeani hech yuzingga solmayman. Hamishagiday yashayveramiz. Roziya, ishon menga. It tekkan bilan daryo harom bo‘lmaydi. Seni sevib yashayman, sevib. Bir marta meni qutqar. Quling bo‘lay, umrbod vafodoring bo‘lay.
Roziya toshday qotib turardi. Avvaliga hammasi hazil, meni qo‘rqitish uchun shunday qilyapti deb o‘yla­di. So‘ng tush ko‘ryapman, tush, hozir uyg‘onib ketaman, degan xayolga bordi, ko‘zlarini bir-ikki ochib yumdi. Yo‘q, hammasi haqiqat, achchiq va beshafqat haqiqat!
Roziya o‘pkasi to‘lib orqaga tisarildi. Xuddi najot izlaganday tevarakka alangladi. Shundagina eshik yonida qo‘qqayib turgan ikki barzangiga ko‘zi tushdi. Ko‘zi tushdiyu, baralla ho‘ngrab yubordi.
Shahar qop-qora tun kuyindisiga qorishib yotardi. O‘tib-qaytayotgan mashinalar farasidan taralgan yog‘du ko‘zlarga tig‘dek-tig‘dek qadaladi.
Ular zum o‘tmay Ko‘kgumbazga yetishdi. Pastqam huj­ralardan o‘tib, qimorxonaga kirishdi. Ichkarida ter va tamaki isi anqiydi. Yo‘lakda oyoq kiyimlar ostin-ustun bo‘lib yotibdi. Xona chirog‘i xuddi horiganday xira nur taratadi.
– Xo‘-o‘sh, – dedi hujra to‘rida o‘tirgan Abray lochin.
Nabi orqasiga imo qildi.
– Kelishdi, xo‘jayin.
Abray lochin tavoze’ bilan turgan G‘aniga nafrat ila yuzlanib, ichkaridagi xonaga imo qildi.
– Qani, G‘anisher, boshlab kiring yutug‘imizni. Ichkariga kirgizib, o‘z qo‘lingiz bilan yechintiring.
– Keyin o‘zingiz qo‘l-oyog‘ini ushlab turasiz, – deb luqma tashladi kimdir.
G‘ani bosh ekkan ko‘yi Roziyani boshlab kirdi. Butun davra ularni jim kuzatib turardi. G‘ani xotinini qimorbozlar oldida bir zum ko‘z-ko‘z qilgach, ichkari xonaga olib kirdi. O‘tirganlar jim, bir-biri bilan ma’noli-ma’noli ko‘z urishtirishadi. Ichkaridan Roziyaning hiq-hiq yig‘isi, G‘anining allanimalar deb uni yupatib, yechinishga undayotgani eshitiladi.
– Tayyor, Abray aka, – deb g‘udrandi bir ozdan so‘ng qaytib chiqqan G‘ani.
Davraga yana vahimali jimlik cho‘kdi. Abray lochin qosh-qovoq uyib o‘rnidan turdi. Tomoq qirdi. So‘ng tuyqus G‘anining yuz-ko‘zi aralash musht tushirdi. G‘ani bo‘sag‘aga gursillab qularkan, ingrab yubordi.
– Meni kim deb o‘ylayapsan, dayus! – deb qichqirdi Abray lochin, uning ustiga bostirib kelarkan, so‘ng o‘tirganlarga yuzlandi. – Olib chiqinglar buni! Umrbod esidan chiqmaydigan qilib qo‘yinglar.
Nabi, Rustam va boshqalar G‘aniga tashlanishdi. Kimdir tepdi, kimdir biqiniga musht tushirdi. So‘ng hovliga olib chiqib yanada kuchliroq do‘pposlashdi. G‘anining oh-nolalari tun bag‘rini tilib o‘tardi. Oxiri behol cho‘zilib qoldi. Qimorbozlar uning ust-boshiga siyishdi.
Roziya yana qayta kiyinib olgach, yoniga Abray lochin kirdi.
– Yig‘lama, singlim, – dedi u mo‘ylovlarini silab. – Bizdan o‘tgan bo‘lsa kechir. Anovi iflosni bu darajaga boradi, deb o‘ylamagandim. Kechir, bizning ham opa-singil, qizlarimiz bor.
– Sizlar meni kechiringlar, – dedi Roziya arang pichirlab.
Shu payt bo‘sag‘ada Nabi paydo bo‘ldi.
– Singlimizni yana uyiga olib borib qo‘yinglar, – dedi Abray lochin.
Roziya qimorbozga minnatdorona ko‘z tashladi.
– Rahmat, aka. Yaxshiligingizni unutmayman, – dedi pichirlab.
– Lekin, bilib qo‘y, – dedi Abray lochin, – baribir eringning qarzidan voz kechmaymiz. Qimor hayoti shunaqa. Foizlari bilan bo‘yniga ilib qo‘yamiz. Sekin-sekin to‘lab yuradi. Yo‘qsa it kunini boshiga solamiz. Ha, aytgancha, unga tayinlayman, sendan emaklab kechirim so‘raydi. Oyoqlaringni o‘padi.
Darhaqiqat shunday bo‘ldi.
Ertasi kuni ertalab Roziya yotoqxonada mag‘rur va jiddiy qiyofada tik turardi. Tungi kaltak zarblari yuz-ko‘zida aks etgan G‘ani yerga tizzalagancha xotinining oyoqlarini quchmoqchi bo‘ladi.
– Menga qo‘l tekkizma, benomus! – dedi Roziya tisarilib. – Sendan hazar qilaman.
G‘ani tizzalab yaqinlashgan kuyi yig‘lamsiradi.
– Kechir meni, Roziya. Seni boshimda ko‘tarib yuraman, bu voqealarni hech qachon esingga solmayman. Sen ham unut, jonginam, unut!
– Hech qachon, balki sen unutarsan, lekin men... –ayolning ko‘zlarida g‘ilt-g‘ilt yosh aylandi. – Seni Xudoga soldim.
G‘ani yana xotinining oyoqlarini quchishga harakat qildi.
– It tekkan bilan daryo harom bo‘lmaydi, Roziya. Biz baxtli yashaymiz. Boy-badavlat yashaymiz. Shohona yashaymiz, jonginam, shohona. Sen... sen menga ishonmayapsan, shekilli, a, ishonmayapsan. Hozir... Hozir... G‘ani ahmoq emas. Ular shoxida yursa, men bargida raqs tushaman, ha-ha-ha. Hozir, jonginam, hozir...
Er shunday g‘udrangancha ichkari xonaga kirib, uy jihozlari orasida hovliqqancha titkilana ketdi. Roziya uni jim va beparvo, jirkangannamo kuzatib turardi. G‘ani nihoyat allaqaerdan istagan narsasini topdi.
– Mana, jonginam, mana! – deya u bank omonat daftarchasini tantanavor silkitdi. – Ularni bopladim. O‘zimni pulim yo‘qlikka soldim. Mana, qara, bu yerda naq o‘n besh yilga yetadigan jamg‘arma bor. Hali yana ko‘payadi.
G‘ani hovliqqan, hayajonlangan ko‘yi omonat daftarchasini varaqlab ko‘rsatdi.
– Mana, seni zarga o‘rab qo‘yaman, xotin, – dedi u entikkan, yutoqqan kuyi. – Sal keyinroq sening nomingga mashina olamiz. Aytdim-ku, hamma voqeani unutaman. Endi... Endi, jonginam, sen ham unut. Biror yerda gapirib yurma, qarindoshlar eshitmasin.
– Xotirjam bo‘l, – deb istehzoli iljaydi Roziya.
G‘ani yana uni quchishga urindi. Ayol tag‘in o‘zini olib qochdi.
– Qo‘lingni tort, dayus. Endi menga hech qachon yaqinlashma. Shuning evaziga qilmishlaring haqida hech kimga og‘iz ochmayman. Boshqa narsang o‘zingga siylov. Seni Xudoga soldim, yaratganning O‘zi jazoingni bersin.
Roziya tuyqus asabiy, telbavor tarzda bank daftarchasini yulqib olib varaqladi. So‘ng xoxolab kuldi. Kula-kula daftarchani erining yuziga uloqtirdi. G‘ani he-helab kuldi.

* * *

Roziya o‘z ish o‘rnida, vokzal ma’lumotlar xonasining katalakdek, yop-yorug‘ xonasida ma’yus va parishon o‘tirarkan, xuddi shu voqealarni iztirob bilan esladi.
– Qarg‘ishim tutdi seni, G‘ani, – deya pichirladi u o‘z-o‘ziga. – It eding, it o‘limini topding.
Shu chog‘ vokzal ichkarisiga kirgan ikki nafar militsiya xodimi tevarakni sinchiklab ko‘zdan kechirishdi, so‘ng ma’lumotlar xonasi tomon yurishdi.
– Kechirasiz, singlim, – dedi ulardan biri tuynukdan mo‘ralab. – Mabodo, mana bu nusxaga ko‘zingiz tushmadimi?
Militsiya xodimi Roziyaga kichik bir suratni uzatdi. Roziya suratdagi Latifni darrov tanidi. O‘tgan tundagi uning kulimsirab turgan chehrasi lop etib ko‘z o‘ngida jonlandi. Biroq ayol ehtiyot yo‘lini tutdi.
– Bilmadim, – dedi yelka uchirib. – Bu yerdan qancha odam o‘tib-qaytadi, hammasini eslab qolish qiyin.
– Mabodo ko‘zingiz tushsa darhol bizga xabar qiling.
– Namuncha, juda zarurmi?
Ikki militsioner o‘zaro ko‘z urishtirib olishdi.
– Ha, zarur, juda zarur, – dedi o‘sha surat uzatgani. – U xavfli jinoyatchi. Balki siz ham eshitgandirsiz, uchinchi mikrorayonda qotillik sodir bo‘lgan. Bir kishi xotinini jazmani bilan tutib olgan. So‘ng xotinini pichoqlab, jazman erkakni balkondan uloqtirib yuborgan, o‘zi esa qochib ketgan. O‘sha qotil suratdagi mana shu nusxa. Latif Mirzaev.
– U uzoqni ko‘zlab yo‘lga chiqqan bo‘lishi mumkin, – deya gapga aralashdi ikkinchi militsiya xodimi, – shuning uchun sizga tayinlayapmiz, singlim. Bunaqa odamlar dovdirab, gangib tez ko‘zga tashlanadi. Sizdan iltimos, tevarakka ozgina e’tiborli bo‘lib tursangiz.
– Yaxshi. Albatta, e’tiborli bo‘laman, – dedi Roziya suratni qaytib uzatarkan. – Mabodo ko‘zim tushsa vokzal militsiyaxonasiga xabar beraman.
Militsiya xodimi kuldi.
– Nega suratni qaytib beryapsiz. Usiz qanday taniysiz. Bu surat sizga, bizga o‘zimizniki yetarli.
Posbonlar ketishdi. Roziya Latifning suratiga yana o‘g‘rincha ko‘z tashladi. O‘tgan tunda tuynuk oldida o‘ralashib turgan Latif, uning kulishlari, qiliqlari yana bir-bir xayolidan o‘tdi.
– Demak, G‘ani shuning xotini bilan yurarkan-da... – deya o‘z-o‘ziga pichirladi ayol. – Latifning safarga chiqqanini eshitib darrov yetib borgan. So‘ng Latif aka poezdga ulgurmay qaytib borganu...
Roziya go‘yo chinqirib yuborishdan qo‘rqqanday kafti bilan og‘zini berkitdi. Ko‘zlari katta-katta ochildi.
Ayni paytda ayol Nabi, Rustam degan qimorbozlar “mumiyo” topish ilinjida uning hovlisiga devor oshib kirishganini, biroq organ xodimlari tomonidan qo‘­yil­gan pistirmaga duch kelib, qo‘lga tushishganini bilmasdi.

* * *

Latif tunkezar arvohlardek izg‘ib-izg‘ib shahar janubidagi istirohat bog‘laridan birining hududiga kirib qoldi. U tunash ilinjida qulayroq joy axtarib yurardi. Nazarida, hanuz dov-daraxtdan iborat bu mas­kan uning uchun boshpana bo‘ladigandek tuyuldi.
Baland-baland daraxtlar go‘yo yigitning ahvoliga achinganday shamolda yengil chayqalib, shitirlagan-shivirlagan tovush chiqaradi. Qaylardadir tun ha­sha­rotlari chirillaydi.
Latif quyuqqina butalar panasini ko‘zlab o‘sha tomonga yurdi. Lekin yetgan joyda ilkis to‘xtadi. Chunki butalar tagiga yastangan allaqanday yigit va qiz bir-birini yalab-yulqashardi. Latif qayon yurarini bilmay, bir zum ularga angrayib qoldi.
– O‘v, brat, – deya tuyqus o‘shqirdi buta tagidan yigit, – namuncha baqrayib qoldingiz, gap bormi?
Qo‘rqib ketgan Latif g‘udrangancha u yerdan uzoq­lashdi.
Qiz hiringlab kuldi.
Qochoq er yana ancha payt bog‘ aro ivirsib yurgach, qulaygina yog‘och o‘rindiq topdi. Avval biroz o‘tirib, tevarakni tomosha qildi. So‘ng oyoqlarini yig‘ishtirib o‘rindiq ustiga yotdi. Shu chog‘ qay go‘rdandir qari daydi hassasini do‘qillatib kelib qoldi.
– Ey, bola, – dedi u xirildoq tovushda, – bu joy band. Qani, bo‘shat.
Latif shosha-pisha o‘rindiqdan turdi. Ixrab-ixrab joyiga cho‘zilayotgan daydini anqaygancha kuzatdi.
– Yangimisan deyman, a, bolam? – dedi qari daydi ming‘irlab. – Bu atrofda hamma joylar band, ovora bo‘lib yurmagin. Sen yaxshisi vokzalga bor. Hali ust-boshing tuzukkina ekan, melisa shubha qilmaydi, yo‘lovchi bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi. U yerda maza qilib yotasan.
– Maslahatingiz uchun rahmat, ota, – deb po‘n­g‘il­ladi Latif.
Ammo qari daydi hech qanday javob bermadi. Zum o‘tmay uning baralla xurragi tevarakni tutdi.

* * *

Vokzal ma’lumot berish bo‘lmasida Roziya Latifning suratiga mamnun va masrur kayfiyatda tikilib o‘tirardi.
– Mening xaloskorim, – deb pichirladi u.
Shu payt bo‘lmaga xizmatdosh qiz Barno kirib keldi. Roziya shosha-pisha suratni yashirdi.
– Roz, vuy, qanaqa zerikmay o‘tiribsan? – dedi Barno chimirilib. – Man rosa siqilib ketdim.
– Men ham diqqinafas bo‘lib ketdim. Endigina oldingga chiqmoqchi bo‘lib turgandim.
Shu payt Roziyaning ko‘zi vokzalning oynaband yo‘lagi ortida ming bir sarosima bilan gangib turgan Latifga tushdi.
– Barnosh, – deya zo‘raki iljaydi Roziya, – joyimda biroz o‘tirib turgin. Ja ko‘nglim ayniyapti, birrov ochiq havoga chiqib kelay.
– Bora qol, men odamlarni tomosha qilib o‘tirib turaman.
Roziya o‘rnidan turdi. Yuragi duk-duk urganicha vok­zal tashqarisiga chiqdi. Ko‘zi bilan zimdan Latifni izladi. Latif bosh egib, yelka qisib vokzal yaqi­nidagi daraxtzor oralab borardi. Roziya tez-tez yurib unga yetib oldi. Atrof kimsasiz, qorong‘u. Vokzal chiroqlarining g‘ira-shira yog‘dularigina tevarakni ola-chalpoq yoritib turardi.
– Latif aka! – deb chaqirdi Roziya, biroz hayajonli tovushda.
Qochoq erkak cho‘chib ortiga burildi. Yuz-ko‘zlari to‘­la tahlika, vahima. So‘ng ayolni tanib, zo‘raki iljaydi.
– Roziyaxon, sizmi?
Ular bir-biriga yaqinlashdilar. Roziyaning ko‘z­laridan shashqator yosh oqardi.
– Latif aka, – dedi u beixtiyor erkakning qo‘l­laridan tutib, – siz mening xaloskorimsiz.
Latif nega ayol bunday deyotganini tushunmay, bir zum kalovlanib qoldi.
...Ayni paytda yosh izquvar Sherbek Uzoqov o‘z boshlig‘i podpolkovnik Manzura Hamidovnaga hech kalovlanmay, har bir so‘zni dona-dona qilib axborot berardi.
– Manzura Hamidovna, sizning ko‘rsatmangiz bo‘­yicha Mavlonov Abdug‘anining hovlisi atrofiga qo‘­yilgan pistirma ish berdi. Mavlonovning ham­tovoqlari qo‘lga olindi. Xo‘sh-sh... Mavlonovga tegishli “Moskvich”ni ham yaxshilab tekshirdik. Mashina salonidan to‘rt yarim kilogramm narkotik modda topildi.
– Yashanglar, yigitlar. Aytgancha, anovi qochoq er hali topilmadimi? Ishxonasini aniqlab, surishtirdilaringmi?
– Surishtirdik, Manzura Hamidovna. Ayni paytda u mehnat ta’tilida ekan. Umuman, uni qidirish davom etayapti. Ertagacha daragi chiqib qolar.
– Yaxshi, bo‘shashmanglar, – deb qo‘ydi podpolkovnik ayol, allaqanday qog‘ozlarni titkilashga tusharkan.
Sherbek Uzoqov tura boshladi.
– Aytgancha, Manzura Hamidovna, Abdug‘anining hovlisi yonida qo‘lga olinganlar dastlabki tergovdan o‘tishdi. Kalavaning uchi Abray lochinga qarab ketyapti.
– Shunaqami? – dedi boshliq o‘ychan.
Ular ma’noli ko‘z urishtirib olishdi.

* * *

Latif va Roziya daraxtlar panasidagi yog‘och o‘rindiqqa yonma-yon o‘tirishdi. Ayol sho‘lq-sho‘lq yig‘lab, ahyon-ahyon siniq iljaygancha Latifga ko‘z tashlab qo‘yadi. Latif hanuz hangu mang, katta-katta ochilgan ko‘zlari pir-pir uchadi, og‘zi nim ochiq.
– Demak, o‘sha cho‘chqa sizning eringiz ekan-da?!
– Ha, ha, – dedi Roziya titroq to‘la tovushda. – Siz o‘sha isqirtni o‘ldirib men sho‘rlikka qanchalar yaxshilik qilganingizni bilmaysiz, Latif aka! Meni balolardan qutqardingiz. Yaratganga shukur, dunyoda sizdek mard, nomusli erkaklar ham bor.
Latif hanuz anqovlanib turgan kuyi o‘zicha e’tiroz bildirishga, “uni men o‘ldirganim yo‘q” deyishga chog‘landi-yu, biroq tag‘in botina olmadi.
– Roziyaxon, men... men...
Ayol oshkora mehr bilan erkakning titrayotgan qo‘llarini kaftiga oldi.
– Bilaman, Latif aka, siz ham qattiq iztirobdasiz. Bir... bir benomus suyuqoyoqning isnodiga qol­dingiz. Lekin... lekin, unutmang, kelajak hali oldinda. Sizday oqko‘ngil, oriyatli insonning qadriga yetadigan ayol hamisha topiladi. Ishoning, o‘sha ayol bir umr cho‘ringiz bo‘lishga ham rozi.
Latif Roziyaning qo‘lidan qo‘lini ohista bo‘shatib olarkan, tevarakka alang-jalang qarab oldi.
– Roziyaxon, bilasiz, men... men qochib yuribman.
Uning gapi tugamasdan ayol allanima esiga tushganday sapchib turib ketdi. Uning tuyqus harakatidan cho‘chib tushgan Latif ham irg‘ib turdi. Roziyaning boya yolvorib turgan ko‘zlari katta-katta ochiq, go‘yo qichqirib yuborishdan qo‘rqqanday bir kafti bilan og‘zini to‘sgan.
– Aytgancha sizni... – deb vahimali pichirladi u, – sizni izlab yurishibdi-ku?! Voy, endi nima qildig-a?!
– To‘g‘risi, boshim qotib qoldi. Rossiya tomonlarga qochib ketsammi deb turibman.
Roziya bir zum o‘ylanib turgach, tuyqus jonlandi.
– Yaxshi fikr, Latif aka, juda to‘g‘ri. Men Novosibirsk poezdiga chipta undiraman.
– Poezd qachon bo‘ladi?
– Ertaga kechqurun.
Latif hafsalasi pir kayfiyatda ming‘irladi:
– Uf-f, ungacha-chi, ungacha qaerda jon saqlayman.
– Ungacha menikida yashirinib tura qolasiz, hech kim shubhalanmaydi. Men hozir sumkamdan uy kalitlarini opkelaman, hozir. Siz jindek kutib turing.
Ayol hovliqqanicha keta boshladi.
– Roziyaxon, – dedi Latif titroqli bir tovushda.
Ayol taqqa to‘xtab, ortiga qayrildi.
– Labbay, aka.
– Roziyaxon, ovora bo‘lmang, – dedi Latif ayolga yaqin borib, – men o‘zimni organga topshirishga qaror qildim. Bu yog‘i peshonamdan, bir boshga bir o‘lim, deganday.
Roziya tuyqus o‘zini erkakning quchog‘iga urdi.
– Yo‘q, Latif aka, yo‘q!
Ayolning chinqirgannamo tovushi biroz naridan o‘tib ketayotgan ikki militsiya patrulining diqqatini tortdi. Ular g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashib borishayotgan jo­yida taqqa to‘xtashdi. O‘zaro ma’noli-ma’noli ko‘z urishtirishdi. Chinqiriqli “Yo‘q! Yo‘q!” kelgan tomon alanglashdi.
– Ayolni zo‘rlashmoqchi shekilli, a? – dedi nov­charoq militsiya xodimi daraxtlar orasiga sergaklik bilan tikilib.
Sherigi qiziqsindi.
– Yur-chi, nima gap, surishtiramiz.
Ular ehtiyotkorlik bilan bir-birining pinjiga tiqilgan erkak va ayolga yaqinlashdilar.
– Ey, ayolni qo‘yvor! – dedi novcha militsiya xodimi.
Sherigi go‘yoki yonidan to‘pponcha chiqarmoqchi bo‘ldi.
– Qiliq chiqarsang, otaman.
Roziyani shosha-pisha quchog‘idan bo‘shatib, qochishga shaylangan Latif qalt-qalt titraganicha qo‘llarini ko‘tardi. Roziya jiqqa yosh ko‘zlari bilan goh militsiya xodimlariga, goh Latifga iltijoli termuldi.

* * *

Vaqtinchalik hibsxonaning qulflari sharaqlab ochildi. Soch-soqoli o‘siq, kir-chir Latifni ikki militsiya xodimi yetaklab chiqishdi. Va uzun yo‘lak bo‘ylab tergov bo‘limiga boshlab ketishdi.
Latif iztirob va tahlikada. Ko‘z o‘ngida Abray lochin, xayolida uning tanbehli so‘zlari: “Tog‘angga tort­mabsan, o‘v, bola... O‘zing men o‘ldirdim deb borishing kerak edi”.
– Yo‘q, tog‘amga tortganman, – beixtiyor dimog‘ida pichirladi Latif. – Ha, o‘ldirdim deyman.
Mahbusni o‘rtada olib ketayotgan qo‘riqchilar uning aftiga ajabsinib ko‘z tashlashdi.
– Ey, nima deb to‘ng‘illayapsan, – dedi biri. – Kim bilan gaplashyapsan?
– Jin bilan.
Orqadagi qo‘riqchi u yon-bu yon jiddiy qiyofada alangladi.
– Bu yerda gaplashish mumkin emas.
Ular yana picha yurishgach, qora dermantin qoplangan eshikka ko‘ndalang bo‘lishdi. Oldinda borayotgan qo‘­riqchi ichkariga bosh suqib axborot berdi.
– Olib kiring, – dedi temirdek jaranglagan bir ovoz.
Qo‘riqchilar Latifni ichkariga kiritib yuborib, o‘zlari yo‘lakda qolishdi.
Xona torgina edi. Oddiy jihozlangan. To‘rdagi jigartus stol ortida katta leytenant Sherbek Uzoqov jiddiy bir qiyofada o‘tiribdi.
– Marhamat, o‘tiring, Mirzaev.
Latif sarosima bilan ko‘rsatilgan joyga cho‘kdi. Uzoqov unga sinchkov-sinchkov tikildi.
– Nega qochib yuribsiz, Mirzaev?
– Qochganim yo‘q, – deya to‘ng‘illadi Latif.
Sherbek xuddi tarsaki tushirmoqchiday u tomon ilkis engashdi.
– Yolg‘on, o‘z xonadoningizda To‘laeva Amirani va Mavlonov Abdug‘anini o‘ldirib, so‘ng juftakni rostlagansiz. Bunga bizda yetarli dalillar bor.
Latif tergovchiga katta-katta ochilgan ko‘zlarini pirpiratgancha termuldi. Bir zum Uzoqov o‘rnida Abray lochin jonlandi, uning so‘zlari quloqlari ostida jarangladi. “Tog‘angga tortmabsan, o‘v, bola. Men o‘ldirdim deb o‘zing borishing kerak edi...”
– Yo‘q, aslo... – beixtiyor ming‘irlab yubordi Latif.
Sherbek ajablandi:
– Tushunmadim. Nima deb g‘o‘ldiradingiz?
– A? – dedi Latif tuyqus uyqudan cho‘chib uy­g‘on­gan­day, tergovchiga anqayar ekan, – nima?
Sherbek istehzoli kulimsiradi.
– Yo‘q! – dedi Latif jon holatda. – Hammasi yol­g‘on. Ularni men o‘ldirganim yo‘q.
– Xo‘sh, buni qanday isbotlaysiz.
– Isbotim yo‘q, – dedi Latif bo‘shashib. – Lekin men o‘ldirmaganman.
– Xo‘p, unda voqea qanday sodir bo‘lganini aytib bering.
Latif bir chekkaga xomush tikilib chuqur tin oldi...
Chamasi bir soatlardan so‘ng Sherbek Uzoqov podpolkovnik Manzura Hamidovnaning huzuriga tantanavor kirib bordi.
– Manzura Hamidovna, Mirzaev Latifning ko‘r­satmalari diktofondagi yozuvlarga to‘la-to‘kis to‘g‘ri keldi. Mana, – katta leytenant qog‘oz taxlamini bosh­lig‘i tomon surib qo‘ydi, – yozma hisobotda o‘sha voqea jarayoni to‘la bayon qilingan.
– Shunaqami, – dedi podpolkovnik ayol biroz o‘ychan, so‘ng jilmaydi, – u holda yaxshi. Birinchi chigal ishni muvaffaqiyatli hal qilganingiz bilan tabrik­layman. Xo‘sh, ikkinchi masala nima bo‘lyapti?
– Bu ish ham tezda hal bo‘ladi.
– Rahmat, ukajon. G‘ayrat qiling.
Ular bir-biriga mamnun jilmayib qo‘yishdi.

* * *

Tushga yaqin ichki ishlar idorasining kirish yo‘­lagida Roziya paydo bo‘ldi.
– Xo‘sh, xizmat? – deb so‘radi navbatchi.
Ayol chaqiruv qog‘ozini uzatdi.
– Meni katta leytenant Sherbek Uzoqov cha­qirtirgan edi.
– Marhamat, o‘ting.
Ayni paytda Sherbek Uzoqov o‘z xonasida al­laqanday qog‘ozlarni uzoq qoraladi-da, qarshisida bosh eggan kuyi xomush o‘tirgan Latifga yuzlandi.
– Mirzaev, umuman, siz ozodsiz. Ammo cha­qir­tirilgan vaqtda tag‘in bir-ikki kelib ketishingizga to‘g‘ri keladi. Ba’zi bir rasmiyatchiliklarni o‘t­kazishimiz shart.
Latif hangu mang qotdi. Yuz-ko‘zlariga quvonch va hayajon qalqib chiqdi.
Ko‘p o‘tmay uni boshqa xonaga o‘tkazishdi. Bu yerda Roziya xayolchan o‘tirardi. U Latifni ko‘rib bir qalqib tushdi.
– Uchrashgan joyimizni qarang-a, – dedi qochoq erkak iljayib, – siz nima qilib yuribsiz bu yerda?
Roziya pichirladi.
– Hali keyin aytaman. Siz-chi? Sizni ozod qi­lishdimi?
– Ha, – dedi Latif tomoq qirib, uning ovozi allanechuk tantanavor chiqdi, – dalillari yo‘q ekan.
– Voy, qanday yaxshi!
– Tish-sh... – dedi Latif labiga barmoq bosib.
Birozdan so‘ng xonaga Sherbek Uzoqov ikki militsiya xodimi bilan kirdi.
– Hozir ikkingiz... jasadlarni tanib-tasdiq­la­­shingiz kerak. So‘ng bu ko‘ngilsiz mashmashaga chek qo‘yamiz.
Go‘yo begonalarday hurpayishib o‘tirgan Roziya va Latif o‘zaro ma’noli ko‘z urishtirib olishdi.
Tergovchi aytgan rasmiyatchilik ancha davom etgach, nihoyat, ular idora hovlisiga chiqishdi. Roziya va Latif yonma-yon, mamnun qiyofada odimlashar edi. Shu chog‘ hovliga kirib kelgan, militsiyaga tegishli mashina eshiklari ochilib, qo‘riqchilar qurshovida Abray lochin tushdi. Qo‘llari kishanlangan. U Latif va Roziyaning yonidan o‘ta-o‘ta bir zum to‘xtadi. Kinoyali iljaygancha bosh chayqadi.
– Rosa topishibsizlar-ku, a...
Qo‘riqchilar Abray lochinni yurishga undashdi. Latif va Roziya uning gaplariga tushunmaganday, ortidan taajjublanib qarab qolishdi.

* * *

Peshin payti. Bog‘ning ovloq bir chekkasida kimnidir betoqat kutib turgan, po‘rimgina kiyingan Latif soatiga tez-tez qarab qo‘yardi. Daraxtdan-daraxtga panalab, quvonch va hayajonda yal-yal yashnab Roziya uning orqa tomonidan yaqinlashdi.
– Yaxshi yigit, yo‘l bo‘lsin?
Latif cho‘chib ortga burildi. Roziyani ko‘rib mamnun iljaydi.
– G‘arg‘araga.
– G‘arg‘araning poezdi allaqachon ketib bo‘ldi-yu?!
– Nahotki?! – dedi Latif ayolning qo‘lidan tutib. – U holda Novosibirskka!
Ular bab-baravar qah-qah otib kulishdi. Bir-birlariga sirli, ishvali tikilishdi. Nogoh Roziya jid­diy va ma’yus tortib Latifning ko‘ksiga bosh qo‘y­di. So‘ng o‘ychan pichirladi:
– Ayolga erkak sevgisidan, pok muhabbatidan boshqa narsa kerak emas.
Latif no‘noqlik bilan uning sochlarini silagan bo‘ldi.
– Yuragimning to‘ri sizniki, Roziyaxon.
Ular shu holatda uzoq turib qolishdi. So‘ng Roziya yana sekin pichirladi:
– Ketdikmi?
– Ketdik.

* * *

Roziyaning uyi ancha keng va shinam edi. Latif dahlizda choy ho‘plab, mamnun va masrur o‘tirarkan, bunga iqror bo‘ldi. Roziya suratlar albomini topib keltirish uchun ichkarida kuymalanib yurardi. Nogoh u sobiq eri yashirib ketgan bank daftarchasini topib oldi. G‘azab va nafratdan rangi o‘zgardi.
– Latif aka, – dedi u dahlizga chiqib, – yoningizda gugurt bormi?
– Zajigalka bor, – dedi Latif cho‘ntak kavlab, – nimaga kerak edi?
Roziya bank daftarchasini jirkangannamo ko‘r­satdi.
– Bu o‘sha pullar. Hali sizga aytib bergandim-ku, o‘sha iflosning jamg‘armasi.
Ayol “zajigalka”ni o‘t oldirdi. Bank daftarchasini yoqib yuborishga chog‘landi. Latif hangu mang, vahima bilan kuzatib turardi.
– Baxtimiz uchun, Latif aka!
Erkak bir intilib ayol qo‘lidan bank daftarchasini yulqib oldi.
– Nima qilayapsan, ahmoq?!
– Nima?! – Roziya bir lahza dong qotib qoldi. – Bu... anovi maxluqdan qolgan! Ko‘rarga ko‘zim yo‘q. Naf­ratlanaman.
Latif bank daftarchasini bamaylixotir cho‘n­tagiga tiqdi.
– Qo‘ysangiz-chi, it tekkan bilan daryo harom bo‘l­maydi.
Roziya unga hangu mang, ko‘zlari katta-katta ochilgan kuyi ancha payt tikilib qoldi. So‘ng, huvv, bir paytlardagidek qah-qah otib kuldi. Latif hiringlab unga qo‘shildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.