OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Yo‘lda (hikoya)

Ertalabdan havoning avzoyi buzildi. Osmonga qop-qora bulutlar to‘planib, yomg‘ir sharros quyib berdi. Kechagi charaqlagan kunga ishonib yo‘lga chiqqan Rahbar xola shosha-pisha qo‘lidagi to‘rvani titkiladi. Qo‘liga yo‘l-yo‘lakay ariq bo‘yidan terib olgan ismaloq, otquloq, yalpizlar ilashib chiqdi. Xah, o‘lsin-a, to‘rva ichidan arang bitta yelim xalta topdi. Uyam bo‘lsa, teshik ekan, xola parvo qilmay boshiga yelim xaltani yopdi. Borguncha shalabbo bo‘ladi endi. Aslida yo‘lga chiqmasa ham bo‘lar ekan. Qaytsammikin-a? Rahbar xola orqasiga qaradi. Ozmuncha yo‘lmi... Shuncha yo‘lni bosib kelib, yana iziga qaytadimi? Yo‘g‘-e. Undan keyin nevaralari ham yo‘liga qarab o‘tirgandir. Kelinning fe’li yomon. Achchig‘i chiqsa, egasini ayamaydi. Yashshamagurlar, degancha he yo‘q, be yo‘q, bolalarini ko‘chaga haydab soladi. Kelin bu bilan hali qurib bitkazilmagan hayhotday hovliga ko‘chirib kelib, imoratni ham bajarolmagan, tashlab qo‘ygan, bir vaqtlar osmondagi oyni olib berishni va’da qilgan, hozir qo‘lidan biror ish kelmayotgan, eplab ro‘zg‘or tebrat-mayotgan noshud eridan, odatda kun ora go‘shtmi, guruchmi, qo‘liga ilingan nimaiki bo‘lsa, qora qozon qaynatishga tashigan va bugun kelishi kerak bo‘lgan qaynonasidan o‘pkalaydi. Avval noshud, ishyoqmas erini, keyin uning epsiz aka-ukalariyu sira biri ikki bo‘lmagan, aslida zoti past erining butun avlodigacha bitta qolmay qarg‘ab chiqadi. Yo‘q, nima bo‘lsa bo‘ldi, yaxshisi ketaveradi.
Rahbar xola boshiyu yelkasidan baravar savalayotgan yomg‘irga parvo qilmadi, qadamini tezlatdi. Qiz bolaning avval-boshdan peshonasi yaraqlasin ekan, keyin yaxshi kunni kutish befoyda ekan. Xola ichida shunday deb, yana o‘zi gapini ma’qullab, bosh irg‘adi. Ha, boshida baxti ochilmadi o‘zi. Yoshligida ko‘ngli xush ko‘rmagan kishiga uzatildi. To‘g‘ri-da, ota-onada nima gunoh? Bo‘yi yetgan qizni uyida olib o‘tiradimi qachon sevganing kelib, olib ketadi, deb? U yoshligida birovni sevibdimi? Yo‘q, sevibdimi emas, sevgani olibdimi deyilsa to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu er deganlari naq Azroilning o‘zi bo‘ldi. Shu uyga kelin bo‘lib tushib-diki, yo‘q narsalarni kavlab chiqarib janjal qilaverdi-qilaverdi. Nega emish, yuzimga qarab choy uzatmaysan, nega “taraq” etib, piyolani oldimga qo‘yasan emish. Axir qancha yillar birga yashab, erining basharasiga qaragisi kelmasa, nima qilsin? Baxtsizman, deb o‘pkalama, hamma kasal sen o‘lgurda, deguvchi edi yangasi. Ha, yangasi haq, aslida o‘zida ham katta ayb bor. Buni bo‘yniga oladi. Umr bo‘yi, mana, yetmishni qoralab boryaptiki, beting qora bo‘lgur choli, to hozirgacha xotiniga kimlarnidir o‘ynash qiladi, og‘ziga kelgan shaloq so‘zlar bilan bo‘ralab so‘kadi.
Burnog‘i yili choli kelin bor, kuyov bor ham demay, betob yotgan qizinikida tunab qolib, ertasi azonlab qo‘rqa-pisa mo‘ralab kirgan xotinini oldiga solib quvdi, tom bilan bitta qilib oftobga yoyilgan mayizlarni hovliga sochib tashladi, er-xotinlik ko‘rpa-to‘shaklarini ayvonga olib chiqib, gugurt chaqdi. Ko‘rgan kuni qursin, shundan keyin, o‘g‘il-qizing, kelin-kuyoving seni izzat qilarmidi. Ha, to‘g‘ri, yaxshiyam peshonasiga bolalari bitgan ekan, shular bilan ovundi, shular bilan quvondi. E, yupanib quvondimi, baxtiyorlikdan ko‘kka uchdimi, qayoqda. Bola-chaqa ko‘rib, xursand bo‘ldim, endi tindim, deb oyog‘ini bemalol uzatgan odam bormikin bu olamda? Qani edi ana shu farzandlar tashvishi bo‘lmasa. Ha, o‘zim turmushda ko‘ngilsiz bo‘ldim, deb bolalarining ko‘ngliga qaradi, sevganiga berdi, sevganini kelin qildi. Ana, sevganiga uylangan to‘ng‘ich o‘g‘li... Kecha unikiga borsa, darvoza lang ochiq, uyda biror kimsa yo‘q, o‘choqboshida yuvuqsiz idish-tovoq uyilgan. Odam sharpasini payqab, cho‘nqayib kosa yalayotgan ola mushuk ura qochdi. Ha, katta o‘g‘li sevib, xotin qilgan kelini o‘taketgan shaltoq chiqdi, ivirsigan, og‘idan latta hidi kelgan landavur chiqdi. To‘g‘ri, bu kelin achchiq-achchiq gaplar bilan qaynonani yuzidan olmadi, ortiq aytishmadi, erni er bildi, qaynonani ona. Lekin ro‘zg‘orni ep qilmadi. Mana bunisi-chi... ha, bu kelinning ishi chaqqon, xuddi ishiday tili ham chaqqon. Har gaplari borki, ilonlar ter tashlaydi. E, onani yaratmasin ekan, qay biriga kuyasan...
Xola beixtiyor boshini paypasladi. Boya boshiga ilgan yelim xalta tushib ketgan, ro‘moli jiqqa ho‘l edi. U boshidan ro‘molini olib siqdi, qoqib yana qayta o‘radi-da, osmonga qaradi. O‘zicha xayol bilan andarmon bo‘lib, sezmabdi ham, boyatdan beri yog‘ayotgan yomg‘ir tinibdi. Ko‘kda bulutlar nari chekingan, asta kun chiroyini ochayotgan edi. Xola charchadi, sekin yo‘l chekkasiga cho‘kkaladi. Shu payt yorishgan oftobda yo‘l chekkalarida ungan maysalar yashnadi, yarq etib ko‘zga tashlandi. Xola yam-yashil bo‘lib tovlangan maysalar orasidan mittigina ko‘kish yalpizni ko‘zi ilg‘adi, beixtiyor qo‘llari yalpizga uzaldi. Yalpizni uzib oldi, atrofga isi gurkirab ketdi, dimoqni elitdi. U birdan o‘rnidan turdi, tevarak-atrofidan yalpiz izlay ketdi. Ha, boya ertalab terib olgan ko‘katlariga yana qo‘shadi. Borib bir nevaralariga yalpiz somsa qilib beradi. Dimog‘iga tandirdan uzilgan yalpiz somsaning totli isi kelib urilganday bo‘ldi. Shunda qorni ochqaganini sezdi. Tizzalarini ushlagancha o‘rnidan turdi. Endi yo‘lga tushmasa bo‘lmas. Kun ham chosh-gohdan o‘tdi. O‘g‘illari ham o‘tli-shudli chiqmadi. Har o‘g‘illar borki, ota-onasini ko‘klarga ko‘taradi, dunyoda yo‘q narsalarni muhayyo qiladi, mashinasiga solib yuradi. Mayli, mashinaga solib yurmasa ham go‘rga edi, o‘z kunini o‘zi ko‘rsa edi. Xola o‘ksib, yana yo‘lga tushdi. Birdan qulog‘iga mashina ovozi eshitildi.Orqasiga o‘girilganini biladi, mashina yonginasidagi boya yomg‘irdan xalqob bo‘lib to‘plangan ko‘lmakni bosib o‘tdi, suv kampirning yuz-ko‘zlariga sachradi, ko‘ylak etaklarini ho‘l qildi.
— He, mashina minmay ketgur! — xola qarg‘andi.- Ko‘zingga qarasang bo‘lmaydimi?
Hozirgina mashina minib, ota-onasini rozi qilgan farzandlarga havasi kelganini unutdi. Iflos bo‘lgan ko‘ylak etaklarini qo‘llari bilan arta boshladi. Ko‘ngli ana shu ko‘lmakday vayron bo‘ldi. Ko‘ylak etaklarini qoqar ekan, bir qadam ham bosgisi kelmadi, joyida turib qoldi. Qulog‘iga yana mashina ovozi eshitildi. Boshini ko‘tarib qarasa, hozirgina ancha nari ketgan mashina iziga qaytib, unga yaqinlashib kelmoqda edi. Xola beixtiyor turgan joyidan nari chekindi.
Mashina uning shundoq yonginasida to‘xtadi. Mashinada yoshgina bir yigit, yonida bir qiz o‘tirardi.
— Uzr, xolajon, bilmay qolibmiz, — yigit mashina darchasidan boshini chiqardi. — Kechiring.
Xola xuddi o‘z bolalari ayb ish ustida tutib qolgan holatga tushdi, nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi.
— Xola, bizni kechiring, — yigit yonidagi qiz oraga qo‘shildi. — Gap bilan bo‘lib sezmabmiz. Qayoqqa borasiz, o‘tiring, sizni olib borib qo‘yamiz.
Xola hayron bo‘lib qoldi. Beixtiyor kamzuli cho‘ntaklarini kavladi. Ha, darvoqe, cho‘ntagida puli ham yo‘q edi-ku.
— Yo‘g‘-e, yayov borib yurgan yerim, o‘zim ketaveraman.
Mashina eshigi ochildi. Qiz mashinadan tushdi, xuddi kampirning holatini tushunganday, uning qo‘llaridan tutdi.
— Endi qilgan aybimizni yuvamiz, sizni oborib qo‘yamiz.
— Ha, ha, sizni oborib qo‘yamiz, — yigit unga qo‘shildi, — o‘tiring.
Xola mashinaga o‘tirdi.
Mashina xolaning manzili tomon g‘izillab yeldi.

2004.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.