OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Uyga qaytish (hikoya)

Dabdurustdan onasidan tashvishli xat kelib qoldi. Qiziq, yaqindagina, bundan o‘n-o‘n besh kun oldingina onasidan xat olgan va shu zahoti odatdagi duoyi salomga o‘n besh so‘m qo‘shib jo‘natgandi.Onasi o‘sha xatida odatdagiday, qishloqdagi so‘nggi yangiliklardan uni voqif etgan, ya’ni, Targ‘il sigirning bu yil ham qisir qolganligidan zorlangan, mushuklari Baroqni yovvoyi mushuklar tunda bo‘g‘ib o‘ldirib ketganidan xafa bo‘lgan, qo‘shnisi shundoq “jo‘jabirday jon” Sharif traktorchining suyug‘oyoq xotinga ilashib, shayton vasvasasiga uchganligi, to‘rt bolani tirik yetim qilib tashlab ketganligidan kuyungan edi. Sharif traktorchi o‘sha xotinni Bo‘rivoy tarozibonnikida to‘yda ko‘rganini, zora unga “Xudo insof berib qolishini”, shu qatorda, ya’ni o‘g‘li Sa’dullaga ham Xudodan sayoqlik hunarini tashlashini har kuni iltijo qilib so‘rashini yozgan xatini olganiga hech qancha vaqt ham bo‘lmagandi. Sa’dulla (mahallada uni Sa’di qo‘nimsiz deyishadi) xatni o‘qib bo‘lgach, miyig‘ida kulganicha odatdagiday stol tortmasiga tashlab qo‘ygandi. Kampirning bu maktubi qiziq bo‘ldi-ku. “Seni Sa’di qo‘nimsiz deganlaricha bor, — deb yozardi onasi, — kichkina bolaligingda ham hech bir joyda turmasding”. Ha, u maktabni tugatib, picha ishlar-ishlamas, harbiy xizmatga jo‘nab ketdi.
Harbiy xizmat shunday jon-joniga singib ketdiki, o‘z xohishi bilan armiyada qolmoqchi ham bo‘ldi. Niyatini bayon qilib, uyga xat yozdi. Shunda onasidan: “Uyga qaytmasang, dadangga qo‘shib mening ham arvohim tepangda chirqirasin”, degan xat olib qoldi.
Sa’dulla noiloj istar-istamas qishloqqa yo‘l oldi.
Kech kuz edi. Dalalardan hosil yig‘ib olingan, shu tufayli bo‘lsa kerak, ko‘ziga hammayoq ship-shiydam, huvillab qolganday ko‘rindi.
Uydan odam arib, keldi-ketdi ozaygach, tog‘asi uni so‘roqqa tutdi.
— Xo‘sh, jiyan, endi nima qilmoqchisan? — tog‘a javob kutmasdan, yana o‘zi gapida davom etdi. — Endi, jiyan,otangning chirog‘ini yoqmasang bo‘lmaydi. Uyni sozla, yoniga yana birovini sol, keyin boshingni ikkita qilib qo‘yamiz.
— Iya, darrov-a? — dedi u ajablanib.
— Darrovi bormi, jiyan, udumimiz shu-da.
U onasi jo‘natgan ana shu maktubning asl mullifi kim ekanligini darhol fahmladi. Uy solish, uylanish, bola-chaqa qilish, yana uy solish, yana to‘y qilish... Bularning bari, atrofi dalalar bilan o‘ralgan jimjit qishloqda o‘tirishning, to‘g‘risi, unga hech qizig‘i yo‘q edi. U katta-katta shaharlarni, ola-g‘ovurga to‘lgan, avtolar shovqini tutgan ko‘chalarni pinhona yaxshi ko‘rar, nazarida ana shu shaharlar ko‘chalari, yo‘llari olamning go‘zal joylariga eltardi. Hali u olamni, xayolidagi dunyoning go‘zaldan-go‘zal, muhtasham joylarini ko‘ribdimi. Nahotki umri shu naq ufqqa tutashganday cheksiz-chegarasiz dalalaru o‘rtasida xuddi orolga o‘xshab g‘uj joylashib olgan yuz o‘ttiz-o‘ttiz besh chog‘li xonadondan iborat bo‘lgan qishloqda o‘tsa? Uni ko‘m-ko‘k o‘rmonlaru zilol dengizlar, ulkan va behad go‘zal shaharlar o‘ziga chorlardi. Eh! Eslasang, yuraging orqaga tortib ketadi kishining!
— Yo‘q, tog‘a, bu ishlar menga ketmaydi!
— Iy, o‘zini bilmagan tentak ekansan-ku, — deb qizishib ketdi tog‘a ham. — Ota-bobong qilgan ishni qilsang-chi, uy sol, bola-chaqa qil, rohatini ko‘r, to‘y qil...
 Shu suhbatdan so‘ng tog‘aning jiyanidan ko‘ngli qattiq og‘ridi.
— O‘g‘ling odamni gapini sariq chaqaga olmaydigan beta’sir,bag‘ritosh bo‘libdi, — deb achchiq-achchiq gapirib, singlisiga dashnom berdi tog‘a. — Hozir gap qulog‘iga kirmaydi. Mayli, sayoqlik hunarini ham qilib ko‘rsin, egasi siylamagan itday ko‘chalarda sang‘ib yursin-chi. Ana unda ko‘ramiz. Hamonki, onani bilmaydigan o‘g‘il bo‘ldimi, bundan bir ish chiqmaydi. Bunaqalarning boshi toshga tekkanda esi kiradi-yu, unda kech bo‘ladi.
Tog‘a vaysay-vaysay hassasini do‘qillatib, hovlidan chiqib ketdi.
U, tog‘asi aytganiday, juda ham noinsof emas. Faqatgina dunyoni ko‘rmoqchi, xolos. Qulog‘iga olis-olislardan poezdlar gudogi chalinganday bo‘lar, yuragi hapriqib ketardi. Ariq yoqasiga cho‘kkalagancha xayolchan o‘tirgan o‘g‘ilga onasi uzoq tikilib turdi-turdi-da, nihoyat shunday dedi:
— Mayli, bolam, qaerda bo‘lsang ham omon bo‘l. Hamon safarni ko‘nglingga tukkan ekansan, nachora. Dunyoda armondan yomon narsa yo‘q, bolam. Boraver. Faqatgina o‘ligim birovlar qo‘lida qolmasa bo‘lgani.
Onasining shu gapidan keyin qayta qanot chiqarganday bo‘ldi. Onasini unutmaydi. Qanday qilib unutsin? U faqatgina olam kezmoqchi, xolos. Xat yozib turadi, kerak bo‘lsa, pul jo‘natadi, mehnat ta’tilini ham shu yerda, onasining yonida o‘tkazadi. Balki bir kun kelib qishloqqa qaytib qolar ham.
Shunday so‘zlar bilan onasiga taskin berib, chamadonga narsalarini joyladi-da, hayyo-hayt deb qishloqdan jo‘navordi. Mana, haqiqatan ham vaqtida uch-to‘rt og‘iz salom xat bilan choy pulini yuborishni kanda qilayotgani yo‘q.
Maktub dona-dona, safma-saf, chiroyli qilib bitilgandi. (Onasi bu xatni maktabda a’lo o‘qiydigan biror qo‘shni bolaga yozdirgan ko‘rinadi.)
“Ushbu maktubim ul katta shaharda sog‘-salomat, o‘ynab-kulib yurgan o‘g‘lim Sa’dullajonga yetib borib, ma’lum bo‘lsinki, menkim uni duoyi salom bilan hamisha yod aylayajakman”, deya boshlanardi maktub. Oyisi bu gal qishloq yangiliklarini unutgan shekilli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadga o‘tardi.
“Tunov kuni televizorda bir kino ko‘rsatishdi. Balkim sen ham ko‘rgandirsan, — deya davom etardi onasi (Onasi hech qachon kino ko‘rishini yozmasdi. Qiziq!) — Hozir oti esimdan chiqibdi. O‘sha kinodagi yigit bor-ku, ha, o‘sha bola nomidan onasi o‘ziga-o‘zi xat yozarkan. Xudo saqlasin! Xo‘rligim kelib to‘yib yig‘ladim, derdi onasi. (Ona yig‘laganini o‘g‘liga birinchi marta yozishi edi. Axir nega ham yig‘lasin, u vaqtida xat yozib, hol-ahvol so‘rab turgan bo‘lsa?) Shu kunlarda mazam bo‘lmay turibdi, ilojini qilib bir kelib ketgin!” — deb o‘tinib so‘rardi onasi.
So‘ng xatini “Xudodan tabiatning eng go‘zal joylarida yurgan nodongina Sa’dullajonning sog‘-salomatligini” so‘rab tugatibdi. Maktubni o‘qib tugatar-tagatmas, yuragi tasira-tusur tepa ketdi. Ko‘ngliga xavotir tushdi.Tushlikni chala qoldirganicha shosha-pisha o‘z hisobidan ta’tilga ariza yozdi-da, aviakassaga qarab chopdi. Har o‘tganida necha marta hayrat bilan tikilgan baland binolar orasidan bu gal yuragida tashvish bilan yugurib o‘tdi.
Mana, pag‘a-pag‘a bulutlar ustiga mingashganicha yelib ketyapti. Mana,taksida qishloq tomon uchyapti. Uni onaning qadriga yetmaydigan bag‘ritosh farzand deb kim aytdi? Yo‘q, u onasini juda yaxshi ko‘radi. Faqat... faqat ko‘ngli yangi-yangi joylarni tiladi, xolos.
Qishloqda dastlab uchratgan kishisi sinfdoshi Nazar kal bo‘ldi. Mashinadan boshini chiqarib, Nazar kalni chaqirdi. Nazar kal boshiga do‘ppini qiyshiq qo‘ndirganicha qo‘lida to‘rva, yo‘l chetida turardi.
— Ha, Sa’di, senmisan? — qichqirdi unga javoban Nazar ham.
“Hozir so‘rayman, aytadi!”
Yo‘q, Nazar kal shodon allanarsalar deb unga qichqirganicha qo‘lini silkib, taksi to‘xtatdi-da, o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi. Ana xolos! Birpasgina shoshmay tursa o‘larmidi! Endi bu mashinaning toshbaqayurish qilishini qara.

— Oyi! — uning hayqirig‘i butun hovlini tutdi.
—Tu-tu!..
Tomorqa orqasidan tovuq-jo‘jalarning qaqog‘lagan, chiyillagan ovozlari eshitildi.
Bir ozdan so‘ng hovlida tovuqlarini oldiga solganicha tirqiratib kelayotgan onasining jikkakkina jussasi ko‘rindi.
Ona bir lahza esankirab turdi-da, so‘ng o‘g‘li tomon chopti.
Xayriyat, onasi sog‘ ekan! U shosha-pisha cho‘ntagini kovladi: xat qaerda edi-ya! Axir onasi kasalman, deb xat yozuvdi-ku!
Ona o‘g‘lining to‘satdan qilgan tashrifidan o‘zida yo‘q shod, qulog‘iga gap kirmas, bir joyda tinmay aylanardi. Kechga borib ma’lum bo‘ldi: yo‘q, onasi bunday xat yozmagan ekan.
— Qaysi qo‘li qichigan yozibdi-ya, — dedi qo‘shni Oynisa xola.
— Sa’dullaning jo‘ralari hazil qilgandir-da, — deb tusmolladi yana bir qo‘shni.
— Kim yozgan bo‘lsa ham juda savob ish qilibdi-da, — deya gapga yakun yasadi onasi. — O‘zi shu kunlarda seni juda ko‘rgim kelib yuruvdim.
Ertasiga safari qariganday bo‘ldi. Dalalarda qarg‘alar qag‘illab, chug‘urlashardi. Dala chekkalaridagi daraxtlar qorlarini to‘kar, qorlar erib, yo‘l-yo‘l bo‘lib ko‘pchib turardi. U ana shu tanish manzarani erinib tomosha qildi, tanish-bilishlar bilan ko‘rishdi, esonlashdi. Yo‘q, jo‘ralari ham hazil qilmagan ko‘rinadi. Hammasining tashvishi o‘ziga yetadi. Hazilga vaqt qayoqda, hali-zamon ko‘klam kiradi-yu, yerga chigit qadaydigan payt keladi. Kimningdir xotinining ko‘zi yorishi kerak, kimningdir bolasi og‘rib qolibdi, tuman kasalxonasiga olib borish taraddudida, yana biri shu qish uylanmoqchi. Xullas, hammasi o‘z dardi, ishlari bilan andarmon edi. Shunaqa paytda bunday hazil qilish birovga zarur keptimi. U shunday tashvishlar bilan yurgan jo‘ralari oldida o‘zini jinday gunohkorday sezib, xijolat bo‘ldi. Barining dardi, tashvishlari bir xil bo‘lgan yigitlarga Sa’dullaning g‘alati,”dunyo ko‘rishday” havas bilan begona yurtlarda yurgani albatta qiziq tuyuladi-da.
U oftobda qorlari erib bitgan qop-qora shudgorli dalalarga tikilganicha asta kelmoqda edi. Havo ochiq, osmon musaffo. Bir mahal qarshisidan qo‘shnilari Abduvali akaning qizi Risolat chiqib qoldi. Bir mahallar mittigina, ko‘rimsiz qiz edi. Endi bo‘yi cho‘zilib, rang tortibdi, oqi oqqa, qizili qizilga ajralib, boshqacha bo‘p qopti.
— Salom alaykum, — qiz bir oz qizarinqirab o‘zini chetga oldi.
— E, Risolat, katta qiz bo‘lib qolibsan-ku, — deb so‘rashgan bo‘ldi o‘zicha.
Qiz tez-tez yurib undan o‘zib ketdi. U qizning bu qilig‘iga taajublanib, kulib qo‘ydi. Qiz bir oz yurdi-da, taraddudlanib, joyida to‘xtab qoldi. Yaqinlashgach, qiz shoshilib so‘radi:
— Yana ketasizmi?
— Ha, endi, bormasak bo‘lmas, — u qo‘llarini yozganicha kuldi.
— Bormasak bo‘lmaydi deng, — dedi qiz, asabiy harakat bilan sochlarini silkib.
U qizning bu harakatiga ajablanib qarab qoldi.
— Siz xatni kim yozganini bildingizmi? — qizning lablari pir-pir uchdi.
 “Bu qizga xatning kim yozganini nima ahamiyati bor ekan?”
— Kim biladi deysan, — deya kuldi u yelka qisib.
Qiz bir narsaga qat’iy ahd qilganday, yigitga tikilib turdi-turdi-da, so‘ng qandaydir o‘jarlik bilan dedi:
— Xatni men yozdim.
Qiz bu so‘zlarni asabiylik bilan, mag‘rur turib aytdi. Bu so‘zlarda qilmishidan afsus ham, uzr ohangi ham sezilmasdi. Qizning bu turishi xuddi dadasi bozorga borib, sovg‘a olib kelmagan, shundan arazlagan qizaloq holatini eslatardi. Qiz o‘zi bo‘yniga olib aytgan so‘zlarida cheksiz alam sezildi. U qo‘shni qizdan nega bunday xat yozganligi sababini so‘rashga ulgurolmay ham qoldi. Qiz birdan tez-tez yurib, yigitdan uzoqlashdi. Zotan, agar qiz yonida turgan taqdirda ham undan qanday qilib so‘ray olardi? Qanday qilib: “Nega bunday qilding?” — deb qizni so‘roqqa tuta olardi?
U qizning gapiga tushunmaganday joyida turib qoldi.
Qushlar daraxtdan-daraxtga irg‘ishlar, qorlarni to‘kar, quyosh yuksak ko‘kda hamma jumboqlarga javob topishga imkon berganday shoshilmay, bamaylixotir nur sochardi.

1984.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.