OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Rajab. Saragul (hikoya)

Qishloqning erkasi, odamlarning ermagi bo‘lib qolgan Mo‘mmitoy maktabga borganida bu yil beshinchi sinfda o‘qib yurgan bo‘lardi. Tengqurlari orasida xiyla gavdali bo‘lganidan uni ko‘rgan odam oltinchi yo yettinchi sinf o‘quvchisi deb o‘ylashi shubhasiz. Lekin hamma uni besh-olti yashar bola o‘rnida ko‘rardi. Mo‘mmitoy hammaga bir xil ma’nosiz qarab turar, chamasi hammadan bir xilda yaxshi gap kutardi. Odamlar uning eng yaqin kishisi kabi chiroyli, yoqimli va yumshoq so‘zlar aytib, ko‘nglini yanada xushlar, aslida hech kimning u bilan do‘stlashgisi, o‘rtoqlashgisi kelmasdi. Shunday katta qishloqdan uning yonida o‘ynaydigan bironta bola topilmaydi. Balki Mo‘mmitoyning o‘zi bolalarga qo‘shila olmagandir.
Otasi Nurmamat aka o‘g‘lining ahvoliga ko‘nikib, taqdirga tan bergan bo‘lsa-da, undagi har bir o‘zgarishni diqqat bilan kuzatar, odamlarning uni erkalatishlari va unga u-bu narsa hadya qilishlaridan og‘rinar, lekin soppa-sog‘ jigarbandini bironta tabib yoki do‘xtirga ko‘rsatishni ham o‘ziga ep ko‘rmasdi.
Mo‘mmitoy ishchan edi. Har kuni ertalab kattakon qozonda mollarga yem pishirar, molxonani tozalab, nishxo‘rdlarni kichik-kichik qilib bog‘lab bostirma-chertak ustiga taxlab qo‘yardi. So‘ylagan gaplari yosh bolalarnikiga, qilgan ishlari esa kattalarnikiga o‘xshardi. Buzoqning tumshug‘i va bo‘yniga moslab no‘xta solishi yoki supurgini ixcham, chiroyli qilib bog‘lashi odamning aqlini lol qoldiradi. Qaysi molning qanday xashakni xush ko‘rishiyu kuchukning nimalarga ishtahasi balandligini yaxshi bilardi.
Mo‘mmitoy yoshligidan kelin to‘ylarni ko‘rishga ishqiboz edi. Pufaklar va turli rangdagi lentalar bilan bezatilgan mashinani uzoqdan tanib, shodligi ichiga sig‘may “Ana kelin moshin” deb qichqirar, uyiga yugurib kirib, hammani ko‘chaga chiqishga undab, kelin moshinni ko‘rolmay qolganlarga achinardi.
To‘y bo‘layotgan xonadonga ertalabdan borib olar, hamma ishlarga aralashgisi kelar, lekin hech kim unga ish buyurmas, har kim har xil yaxshi gaplar aytib to‘yxonaning arzandasiga aylantirardi. O‘zi gapirsa-da, birov gapirsa-da, jiddiy gapmi, hazilmi, unga farqi yo‘q, kulishdan boshqasini bilmasdi. Uning yuragida to‘lib turgan quvonch har qanday gapdan to‘lqin hosil qilib lablaridan to‘kilardi. Ichidan qaynab otilayotgan kulguni jilovlashga xarakat ham qilmasdi. U to‘ylarda o‘ynash uchun o‘rtaga chiqib hech qachon qo‘lini ko‘tarmagan esa-da, davrani to‘ldirib o‘ynayotganlarga qarab zavqlanar, harakatlari musiqa ohanglariga mos tushmasa-da o‘zicha yayrab-yashnab tovlanayotganlardan ko‘zlarini uzolmas, og‘zi qulog‘idan beri kelmasdi. Kattaroq yoshdagi sho‘x-shaddod qizlar uni qo‘lidan tortib o‘ynashga majbur qilar, u ham o‘ynashni istar, lekin ichidagi allaqanday kuch bunga yo‘l bermas, faqat berilib qarsak chalishdan nariga o‘tolmasdi.
To‘ylarda kelin qaerda bo‘lsa Mo‘mmitoy shu yerda hoziru nozir edi. Mashinadan tushganidan boshlab, to yotog‘iga kirib ketgunicha kelinning izidan ergashib yuradigan bir to‘da bolalar orasidan hammaning ko‘zi negadir faqat Mo‘mmitoyni ko‘rardi. “Mo‘mmitoy, senga ham xuddi shunday kelin olib beraylikmi?”, “Endigi to‘y Mo‘mmitoyniki” deya tegajoqlik qilardi hazilkash ayollar.
Kelin-kuyovlarni yotog‘igacha kuzatib qo‘yib, qaytib chiqayotgan kelinning dugonalari ko‘zlarini suzgan holda:
— Mo‘mmitoy, meni olasanmi?
— Nari tur-e, unga men tegmoqchiman!
— Ikkoving ham yo‘qol. Mo‘mmitoy menga uylanadi, — deyishardi bir-birlarini itarishib kayfiyatlari me’yoridan oshib ketganida.
Bunday gaplar Mo‘mmitoyga ham xush yoqardi. Qiziqishi ortib bir necha marta kelinning etagini bosib ham oldi. Hazilkash qizlarning ichida Saragul ismli bir qiz bor edi. Uni hazilkash deb ham bo‘lmasdi. U faqat Mo‘mmitoy bilan hazillashar, hazillarini jiddiy qiyofada izhor etardi. Saragulning hazili bilan chinini farqlash qiyin edi.
Sinfdosh dugonalarining barchasi turmushga chiqib ketganidan keyin yolg‘izligini tobora ko‘proq seza boshlagan Saragul ko‘ngilchan va odamovi bo‘lib qoldi. Navbatdagi to‘yda u Mo‘mmitoyni bir stakan semichka bilan siyladi. Odatda hamma to‘ylarda Mo‘mmitoyning cho‘ntaklari sovg‘a salomlarga to‘lib ketar, quloqlariga quyilayotgan maqtovlar og‘ziga solib chaynayotgan shirinlikdan totliroq bo‘lardi. Ammo Saragulning bir og‘iz so‘z aytmasdan alohida bir mehr bilan cho‘ntagiga qo‘yib ketgan hadyasi hammasini bosib ketdi. Mo‘mmitoyga hali hech kim indamasdan sovg‘a bergan emasdi. Cho‘ntagidagi pistaning qobig‘i ichiga yashiringan jimlik Saragulning jimligiga hamohang edi. Saragul bergan sovg‘ada allaqanday sehr va ochilmas sir borday tuyuldi. Pista qobig‘ini tezroq ochib, mag‘zini yegisi keldi. Cho‘ntagiga kirgan zahoti qo‘lida titroq paydo bo‘ldi. Hozirgina Saragulning qo‘li xuddi shu cho‘ntakka kirib chiqqanini va uning qo‘llari naqadar yoqimli va muloyim ekanidan cho‘ntagi ichida huzurbaxsh bir iliqlik paydo qilib ketganini his qildi. Cho‘ntagiga solar ekan, Mo‘mmitoyning qo‘li ham shu iliqlikdan bahramand bo‘ldi va ushbu iliqlik asta-sekin yuqoriga o‘rlab bir zumda butun vujudini qamrab oldi. Tasodifan qo‘liga ilingan pista donasini og‘ziga solib, tili bilan aylantirib tishlari orasiga qo‘ydi-da “qirs” etkazib chaqdi va tezda tuflab tashladi. Mag‘zi puch ekan... yo‘q, aslida mag‘zi to‘q bo‘lganu qurt yeb, ichiga chirik tushgan ekan. Shunaqangi achchiq ekan-ki, ko‘ngli behuzur bo‘lib qayta va qayta tufladi.
Mo‘mmitoy Saragulga pista sotgan xotinni yomon ko‘rib qoldi. Oyog‘ida yelim kavush, beliga aldikcha bog‘lab olgan qoraparang oriq xotin Mo‘mmitoyda yomon taassurot qoldirgan odamlarning birinchisi bo‘ldi.
O‘zning issig‘i avjiga chiqqan kunlarning birida Nurmamat akaning xonadonida qiz farzand yo‘qligidan yo‘lga suv sepayotgan Mo‘mmitoy, sariq rangli harir ko‘ylakda yal-yal yonib kelayotgan Saragulga ko‘zi tushib, suv to‘la chelakni ushlagancha turgan yerida qotib qoldi. Chelakning teshigidan sizib oqqan suv bolakayning oyoqlariga tushib, kavushining tagidagi tuproqni loyga aylantirdi.
— Ukaginam, nima qilib turibsan? Qani chelakni menga ber. Yo‘lga suv sepishni kim qo‘yibdi senga, — dedi-da suvi yarimlab qolgan chelakni Mo‘mmitoyning qo‘lidan yulib olib, epchillik bilan bir pasdayoq yo‘lni butkul shalabbo qilib tashladi. Ishni tugatib yo‘l chetidagi ariqdan qo‘l-oyoqlarini yuvayotgan Saragulga eshikdan boshini chiqarib qaragan Mo‘mmitoyning onasi Jamila xola kulimsirab dedi:
— Uyimizga senga o‘xshagan bittasi kerak bo‘lib turgandi. O‘z oyog‘ing bilan kelibsan. Qani uyga kir. Senga choy damlab beraman. O‘ choyni o‘zing menga damlab berasanmi? Uy ishlari bilan hozirdan tanishib olsang, to‘ydan so‘ng qiynalib yurmasding. Mo‘mmitoyning akasi harbiydan kelgan kuniyoq to‘yni boshlab yuboramiz.
— O‘g‘lingiz harbiydan kelaman degancha otam meni allakimlarga uzatib yuboradi. Undan ko‘ra manavi Mo‘mmitoyingizga olib qo‘ya qoling. Yo‘qsa menday qizdan quruq qolasiz.
Saragul taklif qilayotgan yigitdan chamasi 4-5 yoshlar katta bo‘lib, ayolning so‘zlari unga qattiq botgani sabab uning javobidagi kesatiqni Nurmamat akaning farosatsiz xotini tushinib yetmadi.
Bir oyog‘ini chala yuvib, ikkinchisini yuvishga hali ulgurmagan Saragul kavushini qo‘liga olgan kuyi tez-tez yurib, ushbu yoqimsiz ayolning uyidan uzoqlashib ketdi.
Mo‘mmitoy ishonuvchan edi. Shu voqeadan keyin uning o‘y-xayoli butkul Saragulda bo‘lib qoldi. U Saragulni hammadan qizg‘anar, odamlar u haqda biron noloyiq gap aytsa asabiylashar, eng yomoni, Saragullarnikiga sovchilikka borishni har kuni otasidan iltimos qilib, uni boshqa birov kelin qilib olib ketishi xavfi borligini otasiga qayta va qayta uqtirardi. Nurmamat aka ko‘ngli yarim o‘g‘liga nima deyishini bilolmay ichdan ezilib, “xo‘p o‘g‘lim, xo‘p” deyishdan boshqa gap topolmasdi.
Mo‘mmitoy o‘qishni bilmasada to‘y davrasi to‘riga osilgan gilamdagi g‘aroyib yozuv kelin-kuyovlarning ismlari ekanligini yaxshi anglardi. Saragul bilan o‘zining ismi gilamda osilib turishini juda-juda xohlardi. U keyingi paytlarda boshqacha bo‘lib qolgandi. Avvallari doim kulib yurar, hech kimdan xafa yoki norozi emasdi. Endi bo‘lsa salginaga jahli chiqar, ba’zan o‘zi bilan o‘zi gaplashar va uni tez-tez o‘y bosardi. U kim ko‘rinsa o‘zining to‘yiga o‘zi aytadigan odat chiqargan edi.
“Nurmamat akaning uyiga Saragulning o‘zi borganmish. Avval Mo‘mmitoyning akasi bilan gaplashib yurgan ekanu, u harbiyga ketgach, ukasiga qolganmish” qabilidagi mish-mishlar hamma yoqqa tarqaldi. Mish-mishlar zarpechakka o‘xshab, ildizi bo‘lmasa ham qishloqdagi barcha odamlarning fikr daraxtiga chirmashib oldi.
...Mish-mishlarning uyasi Jamila xolaning buziq og‘zi edi. Uning Saragul to‘g‘risida o‘ylamay-netmay aytib yurgan barcha gaplariga qo‘shni xotinlar yaxshilab ishlov berib, bir-birlariga tezroq yetkazish uchun oyoqlarini qo‘llariga olib yugurdilar.
Saragul endi ko‘chaga chiqa olmasdi. Bir haftadan beri uyiga qamalib olgan bechora qiz uch kundan beri tuz totmas, kechadan buyon issig‘i tushmay, qishloq vrachi bergan dorilar unga sira kor qilmayotgandi. Uni tez yordam mashinasida shahar kasalxonasiga olib kelishdi va u yerda tezda oyoqqa turgan Saragul ertasigayoq uyiga qaytishga shoshildi. Uning kasalxonada uzoq qolib ketishi mish-mishlarni yanada avj oldirishi mumkin edi. Sirdosh dugonasining aytgan gaplari quloqlaridan aslo ketmasdi: “Bo‘y yetgan qizlarning kasallanishga haqlari yo‘q. Ular hammaning ko‘z ostida turadilar. Seni ko‘rolmaydiganlar pashsha chaqsa, tuya tishlabdi, deb gap tarqatishadi. Kasallansang ham yashirincha davolanishga majbursan. Aks holda sovchilar eshigingga yaqin yo‘lamaydi. Hozir hamma birinchi navbatda bo‘lg‘usi kelinning sog‘lig‘i bilan qiziqadi.
Uyiga kelib olgan va ancha o‘ziga kelib qolgan Saragul nihoyat ostona xatlab ko‘chaga chiqdi.
Bu orada Mo‘mmitoyning hayotida ham shunday voqealar bo‘lib o‘tdi:
...Sumkalarini yelkalariga osgancha ko‘chani to‘ldirib maktabdan qaytayotgan bolalar Mo‘mmitoyning jig‘iga tegishdi:
— Mo‘mmitoy, manavi Shemmi sening Sarangni olaman deb yuribdi.
— Sara dema, Saragul de, bo‘lmasa hozir seni... — hezlandi Mo‘mmitoy.
— Mo‘mmitoy, hali xabaring yo‘qmi, Saragulning to‘yi bo‘ldi. Uni kap-katta semiz kishi “Neksiya”siga mindirib olib ketdi...
Bolalar har kuni shu zaylda chug‘urlashib, kattalar o‘ylab topolmaydigan bo‘lmag‘ur gaplarni aytib qochar, g‘azablangan Mo‘mmitoy esa ularni quvlar, kesak axtarib atrofga alanglar, qo‘liga ilingan narsani ularga qarab otardi.
Mo‘mmitoy yil va oylarning hisobini bilmasada fasllarni va haftada bir marta bozor kelishini bilar edi. Odamlar undan “To‘y qachon?” deb so‘rasalar, otasidan eshitgani “Bozordan so‘ng” degan javobni aytardi.
Ertalab hamma bozorga oshiqayotgan kunlarda Mo‘mmitoy otasini qistovga olardi. Otasi unga:
— Bugun kichkina bozor, sening to‘ying esa katta bozor kelgandan so‘ng bo‘ladi, — deb taskin berardi. Mo‘mmitoy chorshanba bozori bilan yakshanba bozorining farqini bilmasdi.
Bozor kuni edi. Nurmamatning uyi oldiga qora “Neksiya” kelib to‘xtadi va undan semiz bir kishi tushib, qo‘shnilarnikiga tushib ketdi. Buni ko‘rib turgan Mo‘mmitoy o‘zi dastalagan boltani olib chiqib “Neksiya” tomon yo‘naldi. U ariqdan xatlagan zahot qandaydir kuchli qo‘llar uni tutib qoldi va boltani undan tortib oldi. Bu Nurmamat aka edi.
Semiz odam qaytib kelib mashinaga o‘tirdi. “Neksiya” bir silkindi-yu, shitob bilan oldinga intildi.
— Nima gap, — deb so‘radi Nurmamat aka haligi semiz kishini kuzatib qolgan qo‘shnisidan.
— Saragulni so‘rab kelibdi. Uni taniyman. O‘zi fermer. Bir oy burun xotini o‘lgan edi.
...Saragulning uyiga odam sig‘maydi. Ertaga uning to‘yi. Uzatilayotgan qizning “dugonalar davrasi”ni to‘yidan bir kun oldin tantanali qilib ko‘chada o‘tkazish allaqachon qishloqning qonuniga aylanib ulgurgan edi.
Anchadan buyon Saragulning sog‘lig‘i joyida emasdi. To‘y kuni yaqinlashgan sayin ahvoli og‘irlashayotgandi. Kechasi bilan alahlab chiqib, bugun ertalab o‘rnidan tura olmay qoldi. To‘yni boshqa kunga qoldirishni otasidan iltimos qilib ko‘rdi, lekin marhum onasini tushida ko‘rganini ayta olmadi. Otasi to‘yning hammaga e’lon qilinganini, endi uni to‘xtatishning iloji yo‘qligini aytib, qizini bardoshli bo‘lishga chaqirdi. Davraga chiqish oldidan qishloq vrachi Saragulning tomiriga osma ukoldan dori quydi. Saragul bor kuchini to‘plab, hech kimga suyanmasdan, olomonning g‘ala-g‘ovuri orasidan qizlar davrasi tomon asta yurib chiqdi.
Odamlar Saragulning to‘yini to‘yga o‘xshatishga qancha urinmasin, ularning har bir gapi to‘yni azaga aylantirib qo‘yaverdi. Qo‘shiqlarning hammasi baxtsiz yoki behayo qiz haqida ekanligiga shu paytgacha hech kim e’tibor bermagan ekan. Ijro qilinayotgan qo‘shiqlarning so‘zlari aynan Saragul uchun yozilganga o‘xshar, undagi ma’nosiz so‘zlar ham teskari ma’no kasb etib hammaning yuragini dog‘ladi. Hamma to‘ylarda olqishlanib kelinayotgan ba’zi qo‘shiqlarning uyatli ma’nosi negadir bugun ayon bo‘lganday edi. Bunday qo‘shiqlarga raqs tushmadilar. Saragul haqdagi mish-mishlardan bexabar ashulachi shovvozlar mikrafonning ovozini baland qo‘yib, og‘ziga kelgan behayo so‘zlarni qo‘shiq qilib, Saragulning yurak-bag‘rini tilka-pora qilib yuborishdi. Kechagina Saragul haqdagi mish-mishlarni bol tomizib burro tillar, bugun uning sha’niga aytish uchun chiroyli so‘zlar topolmay duduqlandilar. Ularning o‘z ayblarini yopish ilinjida aytgan har bir so‘zi eski yarani tirnab yuboraverdi. “Saragul qishlog‘imizning faxri. Bunday ajoyib pokiza qiz hech qaerda yo‘q” deb uni ko‘klarga ko‘tarmoqchi bo‘lib aytilgan gaplardan Saragul yerga kirib ketgudek bo‘ldi. So‘zga chiqqanlarning hech biri ravon gapira olmadi. Hatto bittasi hovliqib: “Saragul bilan Mo‘mmitoyga baxt tilayman” deb baxosdan aytib yubordi. Bunday tilaklarning barchasi mangulikning elchisi bo‘lgan videotasmaga muhrlandi.
Saragul ko‘zlaridan sizib chiqayotgan yoshni bir zum ham to‘xtata olmay, ro‘molchasi bilan tez-tez artar, uning qaynoq yoshi yuz-ko‘zlaridagi bo‘yoqlarni ivitib, chaplashtirib yuborgandi.
Bu yoqda bundan ham ayanchli voqealar yuz bermoqda edi. Mo‘mmitoyning ko‘zlari yig‘idan shishib ketgan, qizarib-qizarib ado bo‘lgan yuzlari jigarrang-qoramtir tusga kirgan, yeru-zaminni titratib o‘kiraverganidan tomoqlari xirillab qolgandi. Shunda ham Saragulning uyi tomon talpinishni bas qilmas, bilaklarini qo‘yib yubormayotgan baquvvat qo‘llarni ayamay tishlar, atrofini o‘rab olib yerga mahkam tiralib turgan oyoqlarini tuflisining uchi bilan qattiq tepardi. Erkaklar shu yosh gavdaga buncha kuch qaerdan kelayotganini bilolmay garang, ayollar esa hayratdan tinmay yoqalarini ushlab qo‘yardilar.
Saragulnikiga borish niyatida dasturxonlarini tayyorlab yo‘lga otlangan qo‘shni ayollar Nurmamat akaning uyi oldida to‘planishib turar, yor-yor sasi kelayotgan qizlar davrasi birontasi ham to‘y bo‘layotgan yoqqa qarab yurishni xayoliga keltirmasdi. Ularning pushaymonlari ichlariga sig‘may, bir kundayoq Mo‘mmitoyning eng yaqin do‘stlariga aylanib qolishgandi.
To‘yning g‘ala-g‘ovuri bosilib, qishloq tinchib qoldi. Qishloqda hayot yana avvalgiday davom etardi. Har kim o‘z tirikchiligi bilan ovvora bo‘lib ketdi. Bir kuni qishloq bolalari qora “Neksiya”ni ikki marta kesaklar bo‘roni bilan “siylagani”haqida gap tarqaldi. Bu gapda jon borga o‘xshardi. Negaki, shu gapdan keyin qora “Neksiya” qishloqda qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi. Qora “Neksiya” Saragulni o‘z bag‘riga olib qayoqqa g‘oyib bo‘lgani qishloqdagilarga qorong‘u edi. Saragul eri bilan chet elga ketgani va u yerda xonimcha bo‘lib yashayotgani to‘g‘risida kimdandir eshitganlarini Nurmamat akaning qo‘shnisi ancha vaqtgacha og‘iz ko‘pirtirib aytib yurdi.
Keyingi yillar shamoldan ham tez o‘tdi. Bu orada qishloqda qancha odam tug‘ilib, qanchasi qishloqni va qanchasi dunyoni tark etdi. Necha “Neksiya”lar necha qizlarni turli tomonlarga kelin qilib olib ketdilar.
...Onasidan erta ajralgan Saragulning ikkita singlisi bo‘lib, bittasini o‘zidan oldin turmushga uzatgandi. Saragulning to‘yidan so‘ng kenja qizini ham oilalik qilib xotirjam bo‘lgan otasi bitta ayolga uylanib, uyini sotdi-da, xotinchasining yurtiga ko‘chib ketdi...
...Taqdir hukmiga ko‘ra eridan ajralib, o‘n bir yashar o‘g‘li bilan qishloqqa kirib kelgan Saragulni bir ko‘rishdayoq hamma tanidi. Saragul buni kutmagandi. Ammo uyida yashayotgan begona kishilarni ko‘rib sira hayron bo‘lmadi. U otasi va singillari taqdiridan xabardor edi. Faqat o‘zi yashagan uyni bir ko‘rish niyatida sog‘inib kelgandi. Ertaga singlisinikiga jo‘nab ketmoqchi va u bilan qaerda yashashni maslahatlashib olmoqchi edi.
Unga qishloqda ko‘p o‘zgarishla sodir bo‘lganini aytib berishdi. O‘lim deganlari odamning yoshiga qarab o‘tirmas ekan. Dunyodan o‘tganlarni bir-bir sanab o‘tdilar. Ular orasida Mo‘mmitoy ham bor edi. Uning qanday o‘lim topgani to‘g‘risida gap ochishga na Saragul botina oldi, na qishloqdoshlari so‘zlay oldilar. Chunki bu yerdagilarning hech biri osmonning uzilib yerga tushishini istamas edi. Saragul o‘g‘ilchasini yetaklab, eski va qadrdon qo‘shnilari bilan Nurmamat akaning uyiga kirib borganida, avval sodir bo‘lgan qizil qiyomat yana bir marta qoyim bo‘ldi...
Qiy-chuvlar pasayib, asta-sekin yig‘i saslari ham tinchib, Saragul ushbu xonadonning ichki ahvoli bilan yaqindan tanishgandan so‘ng, shu uyda qolishini aytganida hamma birdan qalqib tushdi.
Yuzlarida keksalik alomatlari muddatidan oldinroq paydo bo‘lib, g‘am ado qilgan Nurmamat aka bilan Jamila xola Saragulning o‘g‘lini galma-galdan bag‘riga bosar, “o‘zimning Mo‘mmitoyim, qaytib kelgan Mo‘mmitoyim” deya yig‘lar edilar. Saragulning o‘g‘li Mo‘mmitoyga unchalik o‘xshamasa-da, nimasi bilandir Mo‘mmitoyni eslatardi.
...O‘g‘lining o‘limidan so‘ng Jamila xola dilozorligidan asar ham qolmagandi. Farosatsizligi o‘sha-o‘sha edi-yu, biroq endi u ruhi siniq, hokisor bir ayol edi.
O‘g‘li bilan birga qaytib kelgan Saragul huvillab qolgan xonadonni quvonchga to‘ldirib yubordi.
“Nurmamat akaning uyiga Saragulning o‘zi kelibdi” degan gap hamma yoqqa tarqaldi.
Qishloqda yangi kelgan bolani hamma Mo‘mmitoy deb chaqirar, uning asl ismi kim ekanligi mutlaqo ahamiyatsiz edi.
...Mo‘mmitoy har kuni erta turib katta qozonda mollarga yem pishirar, molxonani tozalar, nishxo‘rdlarni kichik-kichik qilib bog‘lab, bostirma-chertakka taxlab qo‘yardi...
Ertalabdan teshik paqirda yo‘llarga suv sepgan Saragul oyog‘ining loyini ariqdan yuvib o‘tirganida, Jamila xola eshikdan boshini chiqarib:
— Uyga kir qizim, choy damlamoqchiman, — dedi.
— Qo‘yavering oyi, choyni sizga o‘zim damlab beraman, — deya Saragul ikkala oyog‘ini ham yaxshilab yuvib, uzoq yurtlarni kezib kelgan kavushini kiydi-da tez-tez yurib uyiga kirib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.