OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Yo‘ldoshev. Senga oyi bo‘lolmayman, “Olako‘z” (hikoya)

Maktab boshlanishidan oldinroq maktabga ertaroq borishni hamma bolalarday men ham orziqib kutayapman. Axir, ancha vaqtdan buyon uchrashmagan jo‘ralar bilan uchrashaman. Ammo, ich-ichimda birinchi sentyabr tezroq kelmasa, eng bo‘lmaganda yana bir ikki kun kechikibroq kelsa deyman. Buning sababi bor. Menga oq matodan shim tikib berishayapti. Nimagadir u hech bitavermaydi. 
Oyim tirik bo‘lganlarida bunday bo‘lmasdi. Eh oyijonim. Mana, bir yarim yildan oshayapti, biz dadam, buvim, bu yil ikkinchi sinfga boradigan singlim bilan birga turamiz. Buvim qari, kun bo‘yi urinib faqat bizga osh qilish va non yopishga kuchi yetadi. 
Biz bu qishloqqa yaqinda ko‘chib kelganmiz, bir kishining hovlisida yashayapmiz. O‘zimizning qishloq dashtda, dadamning ishlashi uchun bu yerga, suvlikorga ko‘chib keldik. Dadam har kuni ertalab ishga chiqib ketadida, kun qorayganda kirib keladi. Bu yerda hammaning hovlisida sabzi, piyoz, kartoshka uzumi bor. Biz ham ozgina sabzi va biroz piyoz ekkanmiz. Buvim sabzi va piyoz ekilgan joyning atrofiga oshkadi ekdi. Ular juda katta palak otar ekan. Oshkadining orasiga tushgan bodringlar kattarmasdanoq ularni biz singlim ikkalamiz uzib olib yeb turdik. Qo‘shnilarnikida bodring pomidorlar ko‘pu, ammo har kuni so‘rayvermaysanda. Mol haydab chiqqanda bolalar qo‘llarida bodring, pomidor, uzum, olma ushlab chiqishadi.
Bari bir men kutmaganim bo‘ldi, o‘qish ham boshlandi, ammo birinchi sentyabrga yangi shim kiyib borolmadim. Ezilib qancha yig‘lab olganimni bilsangiz edi, buvim ham yig‘ladi, ammo nima ham qilamiz, qo‘limiz kalta emish.
Maktab boshlanishga boshlandiyu, ammo bolalar paxtaga chiqib ketdi. Yo‘q, bir kun o‘qidik. Ikkinchi sentyabrdan hamma paxtada. Faqat birinchi, ikkinchi va uchinchi sinflar tushgacha o‘qiydi, tushdan keyin ular ham paxtada. Men ich-ichimdan eski qishloqdagi maktabimizni qo‘msab ketdim. Axir biz u yerda paxtaga chiqmasdik. Tushgacha o‘qib tushdan keyin bekor edik. 
Paxta terishga juda qiziqib tushdim. Ammo, tushgacha tergan paxtam bolalar terganining yarmicha ham bo‘lmapti. Sinf rahbarimiz sal koyiganday bo‘ldi, ammo birinchi bor paxta terayotganimni eslab bo‘lsa kerak, “tushdan keyin yaxshilab harakat qil”, deb qo‘ydi. 
Bolalar bilan birga o‘tirib ariqning bo‘yida tushlik qildik. Hamma o‘zi bilan olib kelgan narsalarni umumiy dasturxonga qo‘ydi, ba’zilarning olib kelgan oqvatlari mening ishtahamni ochib yubordi. Ammo umuman olganda men unchalik uyalmasam ham bo‘lar ekan.
Bari bir mening olib kelgan narsalarim boshqalarnikidan ancha kamligini ko‘rib ancha uyaldim, shuning uchun tushlik qanchalik shovqin suron bilan o‘tmasin biroz tortinibroq ovqatlandim. Keyinchalik bolalar mayda mayda guruhlarga bo‘linib ketishdi. Paxta terishning ham o‘ziga yarasha gashti, urf odati, qonun qoidalari bor ekan. Sinfimizning bolalari bir sinfdan bo‘lishiga qaramasdan yoz bo‘yi mayda-mayda guruhlarga bo‘linib paxta terishar va birga o‘ynashib birga ovqatlanar ekan. Men hali u guruhda, hali bu guruhda aralashib yurdim. Bari bir hech bir guruhda ham o‘zimni erkin seza olmadim, boshqa qishloqdan kelganligim hali sezilib turar edi. Ammo ko‘pincha qizlar orasida, qizlar guruhida ko‘proq bo‘lardim. Buning sababini keyinchalik sezdim. 
G‘amgin, g‘aribona kamtar ko‘rinishim, boshqalarga ma’yus qarab turadigan katta-katta ko‘zlarim qizlarga yoqar ekan. Mening paxta terolmasligimni, dashtdan kelganligimni bilib olgan katta sinf qizlari o‘z guruhlarida ko‘proq olib yurishar edi. Ular orasida yurib tezgina laqab ham orttirdim. Keyinchalik hamma mening ismimni aytib emas “Olako‘z” deb chaqirishadigan bo‘ldi. Dam olishga o‘tirganlarimizda ular meni tinmasdan she’r o‘qitar, buncha ko‘p she’rlarni yod bilishimga hayron bo‘lishardi. Men esa g‘amgin yoshligimning hamrohi bo‘lgan kitoblardan yod olgan mungli she’rlarni ularga yoddan aytib berishni o‘zim ham yoqtirardim.
Yoshligimdan kitoblar orasida o‘sganman, uyimizda eski gazetalar, dadam qaerlardandir olib kelgan eski jurnallar ko‘p bo‘lar edi. Ularni bir boshidan o‘qish va ichidan topilgan she’rlarni yodlash men uchun qiyin ish emas, aksincha o‘ta yoqimli mashg‘ulotim bo‘lar edi. 
Buvim eskicha kitoblarni ham o‘qishni o‘rgatgan edi. Lutfiyning bayozi, “Ming bir kecha” va boshqa uyimizdagi ko‘plab kitoblar mening yoshligimni bezagan. Ammo eskicha kitoblarni o‘qiy olishimni uydagilarimizdan boshqa hech kim bilmas, bu haqda oshkora gapirilmas edi. Buvimning aytishiga qaraganda yetti avlodim kitobga tikilib va kitob titkilab o‘tgan odamlar bo‘lgan ekan. 
Nima ham bo‘ldiyu, bir kuni bir bola bilan sal jig‘illashib qoldik. Men bir musht urgan bo‘lsam u ikki musht urgandir, har holda janjal paxtazorda qoldi, ammo o‘sha-o‘sha men butunlay katta sinf qizlari qaramog‘iga tushib qoldim. Ular meni o‘z panasiga olib paxta terishimda yordam berar, shirin-shirin mevalar bilan siylashar shu bilan birga she’r o‘qitishni ham kanda qilmas edi.
Qizlar orasida menga eng yoqadigani, eng chiroylisi, eng terimchisi va menga o‘xshash g‘amgin ruhda yuradigan Oysuluv xolam haqida uzoq yillar o‘tishiga qaraasdan bugunlari o‘ylasam ham yuragim ezilib ketadi. Xolam deyishimning sababi, u kishi buvimning aytishiga qaraganda uzoqroq qarindoshimiz ham bo‘lar ekan. Biz bir birimiz bilan tanishib olganimizdan keyin doimo birga yuradigan bo‘lib qoldik. Oysuluv xolam bu yil maktabni bitirishi kerak. Har kuni menga bir ikki etak paxta beradi, qornim och to‘qligidan ham xabar olib turadi. 
Odamning bu qadar mehri iliq bo‘lishini ilgari bilmas ekanman. Buning sababi balkim oyimning yo‘qligidan va qaysi bir sabablar bilan Oysuluv xolamning meni yaxshi ko‘rishidandir. Nima bo‘lganda ham paxtazordan oyimni topib olganday ruhda yuraman, menga paxtaga chiqish oyimning oldiga borishday bir holatga aylanib qoldi.
Tong ertalab dalaga kelgandan Oysuluv xolamni topamanda, uziq yuliq uydagi yangiliklarimni aytib beraman, dadam qaerdandir topib kelgan kitobni fartugimdan chiqarib Oysuluv xolamga sirli ko‘rsataman. Kitobni olib biroz varaqlaydida, “mallimlar ko‘rib qolishmasin”, olib qo‘yishadi, deb paxta terishga tushib ketadi. 
Men ham paxta teraman, ammo mening tergan paxtam sira-sira o‘nmaydi. Keyingi paytlarda o‘qituvchilar qattiq-qattiq urishadigan ham bo‘lishdi. Ayniqsa bir marta dalada kitob ko‘tarib yurganimni ko‘rib qolishgandan keiyn bu hol ayovsiz tus oldi. Nima ham qilardim. Paxta dalasi kitob o‘qiydigan joy emas. To‘g‘rida, paxta oz terilsa o‘qituvchilar ham gap eshitishsalar kerakda.
Paxta dalasida yurgan bolakayda nima yangilik bo‘lardi, kundalik yangiliklar aytilib bo‘lganidan keyin Oysuluv xolam mendan oyim to‘g‘risida juda ko‘p so‘rar, u kishi to‘g‘risida qanchalik ko‘p gapirsam shunchalik berilib tinglar edi. Ayniqsa oyimning dadam bilan muomalalari, ularning bir birlarini sizlab gapirishlari haqida so‘rar, biron voqeani eslab aytib bera boshlaganimda, kutilmagan savollar bilan voqeaning tafsilotlarini so‘rashni yaxshi ko‘rar edi. Oyim kasal bo‘lib yotgan paytlari dadamning qishda qovun topib kelgani, bunga oyimning quvongani Oysuluv xolamning xayollarini parishon qilib yuborganiniga hayron bo‘lib kuzatganman.
Bir kuni Oysuluv xolam bilan ertalabdan paxta terishga tushib ketdik. Kundalik yangiliklar aytilib bo‘ldi. Men bir agatning hali boshidaman, Oysuluv xolam ikki agatni tozalab qaytib kelmoqda. Biz qarama qarshida uchrashdik va yana nimalarnidir gaplashib turgan edik, mening ko‘zlarimga birdan yosh kelib ketdi. Chunki qarshimda turgan Oysuluv xolam birdan oyimni juda-juda eslatayotganini ko‘rib qoldim. Ikkalamizning ham etagimizda paxta bor. Men emranib borib Oysuluv xolamning etagidan ushladim, xola menga juda-juda oyimni eslatayapsiz, menga oyi bo‘lsangiz qanday yaxshi bo‘lar ediya, deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qolibman.
Xolam seskanib tushdi, ammo meni birdan bag‘riga bosib mungli bir ovozda “senga oyi bo‘lolmayman Olako‘z”, dedi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.