Eshitarmanki, kun (oftob) ko‘b go‘zal... Nahr bo‘yinda, suvning ustida uzayib osilgan gullarning ko‘runishi ko‘b latif emish... Nozik-nozik sayragan qushlarning ...havoyi qo‘sh qanotlarining uchushinda ko‘rulaturgon nimarsalardan emish!.. Eshitarmanki, kechalari ko‘k yuzinda yoshurungon yoruqlar ko‘runar emish... Mavj va girdoblaridek hazin bo‘lgan dengiz ichinda oq chotirlik kemalar oqub ketarlar emish!... Eshitarmanki, gullarning ranglari islarindan, suluvlikda yana ziyoda emish. Daralar... Tog‘lar... Maydonlar... Suvlar, beshalar, xususan, tong zamonlari u qadar latif... u qadar totli emishlarki, bu qadar buyuklik va ehtishomg‘a qarshi inson hayratindan sajdag‘a ketarmish. Lekin, man ana ul gulduragani eshitilaturgon dengizni... na u ranglik gullarni... na ko‘k yuzini... na kunni... na beshalarni... na u yaxshi mevalarni... na qushlarni... na oydinlikni... ko‘rolmasligimdan taassuf etmayman. Xayr, Ollohim! Xayr! Shu foniy olamning yaxshiligindan hech birini orzu etmayman, magar... Hayhot!... Onajonimni ko‘rsaydim!
Muharriri: frantsuz qizi Sorrun (?)
Mutarjimi: Rijoizoda marhum Mahmud Akram*.
Usmonlichadan tabdil etgoni: Mahmudxo‘ja.
«Oyna» j., 1914 y., 27-son, 505-bet.
______________________
* Rijoizoda Akram (1847—1914) — mashhur turk adibi.