OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mamatqul Hazratqulov. Cho‘li Iroq (hikoya)

Muhabbat erini uyg‘otmoqchi bo‘lib uyga kirdi-yu, miriqib uxlayotganini ko‘rib fikridan qaytdi. Shirin uyqusini buzgisi kelmadi. Astagina stulga o‘tirdi. Baxtiyor xuddi yosh boladek pish-pish qilib beozor uxlardi. Uning orasi ochiq qalin qoshlari pirpirab qo‘yadi. Muhabbat erining qoshlariga termulib, o‘yladi: «Muncha orasi ochiq. Eskilarning gapida hikmat ko‘p. Qoshlarining orasi ochiq yigitlar uzokdan uylanadi, ularning ko‘ngli ham ochiq bo‘ladi, deganlari rost ekan. Yetti uxlab tushimga kirmagan... U-chi? U o‘ylabdimi menga uylanishni?»
Ularning to‘yi o‘tganiga endigina bir oy bo‘ldi. To‘ydan oldin bir-biriga juda yaqin, sirdosh edilar, hatto tortinmas, uncha-muncha gaplarni bemalol aytishardi. Nikoh kunidan boshlab ikkalasining ham ko‘nglida g‘alati bir kayfiyat tug‘ildi. Bir-biriga ko‘rinmas iplar bilan chambarchas bog‘langanini his qilganlari sari uyalish, tortinish tuyg‘ulari jo‘sh urardi. Yolg‘iz qolgan kezlari kuyovning ham, kelinning ham tiliga so‘z kelmas, go‘yo bir-birovini endi ko‘rayotganday jim o‘tirishadi. Onda-sonda aytiladigan gaplari o‘zlariga ham erish tuyuladi. Qiziq, nega shunday ekan? To‘ydan oldin esa ikkovi ikki yoqda qachon birga bo‘lishni, miriqib suhbatlashishni, bir-birining diydoriga qonishni orzu qilardi. Visol onlarida biri ko‘yib, ikkinchisi gapga tushardi. «Sevasizmi?». «Sevaman». «Siz-chi?». «Men ham». Shu kabi bir xil so‘zlar qayta-qayta takrorlanar, ammo na yigitning, na qizning g‘ashiga tegmas, aksincha, yana eshitgisi, yana so‘ragisi, yana eshitgisi kelardi.
Endi-chi? Qiziq, nega endi bunaqa? Yo‘q, ular bir-biriga to‘yib qolgani yo‘q! Oshiq-ma’shuqlik yo‘rig‘i bo‘lak ekan. Unda birga bo‘lishlariga qanchalik ishonsalar-da, bari bir hali amalga oshmagan shirin orzu edi bu. «Yutganim o‘zimniki, chaynaganim gumon», degan gap bor. Nikoh bu gapni ularning ko‘ngillaridan chiqarib tashladi. Yo‘q, o‘zaro qandaydir «yotsirab» qolishi bundanmas. Ular hamon bir-biriga tashna, hamon intiq. Faqat endigisi bo‘lakcha... Nikoh har kimning ham hayotini boshqa izga solarkan. Negadir odam o‘zini salobatli, vazmin sezib qolarkan. Oldingi sho‘xliklar, hazil-huzullar endi...
Muhabbat erining yuzlarini, sochini ohista silay boshladi. Baxtiyor ko‘zini ochdi. Yuzlari sutga chayilganday oppoq, shundanmi, qosh-ko‘zlari yana ham qoraroq ko‘ringan farishtasifat Muhabbat o‘tiripti. Uning ipakdek mayin qo‘llari Baxtiyorning silliq yuzlarini siladi. Bir tutam quyosh yog‘dusi sahnadagi balerinani quvlab yurgan projektor nuridek uning yuziga tushib turibdi. Kelin-kuyov bir-biriga unsiz uzoq termuldi. Keyin ko‘zlar bir-biriga yaqinlashdi, yana va yana yaqinlashdi...
Muhabbat ohista boshini ko‘tardi. Uning yuzlari loladek qizarib ketgan. Erining ko‘zlaridan ko‘zini olib qochib, uning yuziga astagina shapatiladi. Bu shapatining ta’sirini na kuyov sezdi, na kelin.
— Yomonsiz, — dedi Muhabbat.
— Sen yaxshisan, — dedi Baxtiyor. Ikkalasi ham unsiz jilmayishdi.
— Turmaysizmi endi.
— Hali vaqtli shekilli... Bugun dam olish-ku.
— Shunday bo‘lsayam-da... Bitta-yarimta kelib qolishi mumkin.
— Kim ham kelardi? Hamma o‘z ishi bilan ovora hozir.
— Bilib bo‘ladimi? Axir har yakshanba kimdir keladi-ku, esingizdan chiqdimi, — dedi Muhabbat kulib.
Chindan ham to‘ylaridan keyin ularnikiga har dam olishda birov kelardi. Goh kelinning urug‘laridan, goh kuyovning qarindoshlaridan, yoki ularning to‘yiga kelolmagan do‘stlari muborakbod etgani kelishardi. Shunga ular ko‘nikib qolishgan, biror yakshanba mehmon kelmasa, nimadir yetishmayotganday tuyulardi.
— Ha-ya, rost aytasan. Sakkiz yarimning kontsertimi? Yoz qiziq-da, soat sakkizda choshgoh bo‘lib ketgandek ko‘rinadi. Qishda shu paytda tong otmagan bo‘lardi hali.
«Endi Turg‘un Alimatov ijrosida satoda «Cho‘li iroq»ni tinglang». Diktorning e’loni Muhabbatning diqqatini tortdi.
— To‘xtang, Baxtiyor aka, eshitaylik shu kuyni. Juda yaxshi chaladi-da. Sato tilga kirdi. Baxtiyor shiftga termulib yotar, Muhabbat erining nayzadek o‘tkir, uzun va qalin kipriklari qurshab olgan juda tiniq, hayotidan mamnunlik sezilib turgan chaqnoq ko‘zlaridan nigohini uzmaydi, ammo xayoli parishon. Sato torlari ingrar, goh hazin, goh baland pardada nola qilardi. Goho nafasi jim bo‘lib qolar, lekin orqada — xuddi tog‘lar aks-sado qaytarganday uning nolasi zirillab turardi. Musiqa go‘yo asta-sekin kishi yuragiga kirib borar, uning pardasini hozir... hozir yirtib yuborguday bo‘lardi.
Muhabbat o‘zini tamoman yo‘qotib qo‘ygan, yuragi yonib ado bo‘layotgan sham misoli titrayotganini sezmasdi. U hali umrida hech ko‘rmagan joylarni hozir shu tobda xayol ko‘zlari bilan yaqqol ko‘rib turardi: Ana poyonsiz sahro, qum, qum... Issiqdan oyoq kuyadi. Karvon ketidan borayotgan o‘n yetti yashar sohibjamol qizning madori qurigan. Tili tanglayiga yopishadi. U bor kuchini to‘plab «suv» demoqchi bo‘ladi, lekin tili aylanmaydi, u juda og‘ir, xuddi shishib ketganday. Atrofda biron jonzot yo‘q. Oldinda ketayotgan nortuya bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqning mayin, yurakni ezuvchi sasi keladi quloqqa. Sahro — non yopishdan oldin oqartirilgan tandir. Bu tandirga bordiyu ilohiy kudrat bir tomchi suv tashlasa, kiprik qoqquncha o‘tgan fursatda qurib qoladi. Tuya arqoniga bog‘langanicha borayotgan go‘zalning oppoq yuzlari issiqning zo‘ridan bo‘g‘riqib ketgan, to‘q jigarrang tusga kirgan. Endi loaqal ko‘zini ochishga ham quvvati yetmaydi.
Tonggi shabnamdek beg‘ubor bu go‘zalni taqdir qayoqlarga olib ketmoqda? Uni kimlarning shafqatsiz panjasi ostiga tashlaydi. Buni kim biladi? Hech kim! Hech kim!.
O, sho‘rlik qiz! Qanday jafolar kutmoqda seni. Madorsizlik, tashnalik qizning xayollarini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi. «Qachon yetamiz? Qaerga boramiz? Mushtipar onam, dasti kalta otam! Qaylarda qoldingiz?». Lekin buni hech kim bilmaydi, uning qismati og‘ir, yo‘li yiroq. Juda yiroq... qum, qum, qum...
Kuy o‘tmishdaga ana shu g‘am-g‘ussa hakida so‘zlamoqchi bo‘ladi, lekin gapirolmay yig‘laydi. Bu g‘amni hatto sato torlari ham ko‘tarolmay o‘pkasi to‘lib ketadi. Ingrab, ezilib yig‘laydi, yig‘laydi.
Baxtiyorning yuziga issiq bir tomchi tushdi. U shart xotiniga qaradi.
Muhabbatning xiyol qisiq, ammo har qanday yurakni bir ko‘rishdayoq o‘rtovchi tim qora ko‘zlariga yosh to‘lgan, kipriklari orasidan sizib chiqardi.
— Senga nima bo‘ldi, Muhabbat?
Muhabbat yoshli ko‘zlarini javdiratib eriga termuldi-yu, indamadi, gapirmadi.
— Senga aytayapman? Nima gap o‘zi? — Bu safar Baxtiyorning ovozida bir o‘ktamlik zohir edi.
Muhabbat chuqur xo‘rsindi.
— Kuyi shunday bo‘lsa g‘amning o‘ziga qanday chiday olgan ekan odamzot?!
— Qo‘ysang-chi azizam, har kuy eshitganingda bunaka ezilaversang, o‘zingni o‘zing ado qilasan-ku.
— Yo‘q, Baxtiyor aka, — Muhabbat erining sochlarini mehr bilan siladi, — hamma kuyga ham yig‘layvermayman. Bilasiz-ku, «Cho‘li iroq»ni yaxshi ko‘raman. Shu kuyni eshitishga o‘zimning ham yuragim yo‘q, bezillab qolganman. Lekin chalganda o‘chirib qo‘yolmayman, eshitmay turib ketolmayman, jur’atim yetmaydi.
— Bo‘ldi! — Baxtiyor chaqqon sakrab turdi o‘rnidan. — Odam degani bunaqa pessimist bo‘lmaydi. Yarashmaydi! Qani, choy-poyingni olib kel!
Bu — Baxtiyorning xotiniga boshqa erkaklar kabi buyruq ohangida ilk gapirishi. Buni Muhabbat ham sezdi, lekin u qadar e’tibor bermadi. Qachondir, bir kun borib shunday bo‘lishini bilardi.
O’sha kuni kechgacha Baxtiyorning chiroyi ochilmadi, ko‘ngli g‘ash bo‘lib yurdi. Muhabbatning yig‘lagani sababini o‘zicha tahlil qilar, turli xayollarga borardi. «Nega buncha ezildi u? Yig‘idan o‘zini tutolmadi. Nega? Xo‘sh, kuyni yaxshi ko‘rsa nima bo‘libdi? Men yomon ko‘ramanmi? Yoki shunchalik toshbag‘irmanmi? Yo‘q! Kuyni yaxshi ko‘rgan odamning hammasiyam yig‘layvermaydi-ku. Biron sabab borki, yig‘laydi, eziladi shunchalik. Ehtimol, shu kuy bilan bog‘liq bir gap bordir? Albatta, menga aytarmidi...» U o‘ylagan sari xayoliga turfa fikrlar kelar, go‘yo izlagan narsasini hozir topadigandek tuyulardi: «Balki huv anavi gapi bekorgamasdir: «Qandaydir bir ashulachimi-ey, sozandami-ey menga uylanmoqchi bo‘lib yurardi. Lekin ota-onam unga ikki dunyoda ham bermasdi. O’zim-ku o‘ldirsa ham tegmasdim». Ehtimol, bu bilan qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar qilgandir. Harkalay bir gap bor. O’zi ertalab, o‘rnimdan turmasimdan kelib erkalanishidan yuragim shig‘illovdi-ya. Xotin kishi yo yomon tush ko‘rib chiqsa, yoki harom yo‘lga qadam qo‘ysa, hech bo‘lmasa oldingi jazmanini o‘ylab yuragi siqilsa, erini erkalashga, unga suykalishga tushadi, deyishardi. Shu gap rostga o‘xshaydi. Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Odamlar ming yillik tajribalaridan keyin bir xulosaga keladilar.
Bu fikrlar Baxtiyorning ichini sichqondek kemirar, yuragi gupillab urardi. «Xotin zotining eng soddasi ham ayyorlikda tulkiga dars beradi». Bularni o‘ylagan sari qaysidir o‘rtog‘idan eshitgan ana shu gap yodiga kelar va unga o‘zini o‘zi ishontirardi.
Baxtiyor vajohatini bosolmadi. Hozir xotinini chaqirib, ochiq-oydin gaplashib olmoqchi bo‘ldi. «Temirni qizig‘ida bosgani ma’qul».
— Muhabbat!
Oshxonadan Muhabbatning ovozi eshitildi.
— Labbay.
— Menga qara... Buyoqqa kel!
Muhabbat kirdi. U peshband tutib olgan, qiya qilib o‘ralgan yaltiroq ro‘moli yarashib turardi. Muhabbatning yonoqlari issiqdan qizarib ketgan, qayrilma qoshlari qaldirg‘och qanotidek ingichka, quralay ko‘zlari o‘tdek yonib turardi. Ro‘moli ostidan toshib chiqqan qop-qora sochlari oppoq bo‘ynida erkalanib yotardi.
Qorong‘u joydan birdan yoruqqa chiqsa odamning ko‘zi qamashadi. Baxtiyor ham ana shunday holga tushdi. U hozirgina o‘rik o‘tin cho‘g‘idek yonib, kuyib turuvdi. Muhabbat bilan yuzma-yuz bo‘ldi-yu, ko‘zi jimirlab, dami ichiga tushib ketdi.
O, go‘zallik! Sening oldingda kimlar tiz cho‘kmagan! Ne-ne bahodiru pahlavonlarni lol qoldirmagansan? Sening mehru sehringta ne-ne azamatlar asir bo‘lmagan!
— Chaqirdingizmi? — Muhabbatning tabassumi Baxtiyor qalbidagi alangaga suv sepdi.
U xotiniga qarab turib simobdek erib ketdi.
— Ha chaqiruvdim. Gugurt bormi?
— Gugurt, ha, bor. Mana, — u peshbandining cho‘ntagidan gugurt olib berdi.
— Rahmat...

* * *

— Baxtiyor uyga kelsa, Muhabbat yig‘lab o‘tiribdi.
— Yana nima bo‘ldi?
— Hech nima. O’zim shunday.
— Yashirma mendan, bari bir bilib olaman. Keyin xafa bo‘lasan.
— Nimani yashiraman sizdan, Baxtiyor aka. Eshityapsizmi, musiqa, «Cho‘li iroq».
Baxtiyor battar tutoqdi.
— Eshitayapman. Shuning uchun so‘rayapman-da. Xo‘sh, «Cho‘li iroq»ni yaxshi ko‘rsang nima bo‘pti? Shunga yig‘laysanmi? Axir bir marta bo‘lmasa, ikki marta bo‘lmasa... har doim shu axvol. Turmush qurganimizga bir yil bo‘layapti-yu hamon shu kuyni eshitsang yig‘laysan. Bo‘ldi-da, endi.
— Turmush qurishimizning nima aloqasi bor bunga. Ilgari ham shunaqa edi. Bundan keyin ham...
— Demak... kuy zamirida kimdir bor. Uni eshitganingda o‘shani eslaysan... «Cho‘li iroq» yaxshi kuy emish. Bildik yaxshiligini...
— Baxtiyor aka! Nimalar deyapsiz? Nahotki... nahotki meni...
Muhabbat o‘zini Baxtiyorning ko‘ksiga otdi.
— Aldama meni. Laqillataman deb o‘ylama. Sen o‘ylagan laqmalardan emasman.
Muhabbat ko‘zlarida g‘ilt-g‘ilt yosh bilan eriga termuldi.
— O’tinaman sizdan, bunaqa fikrlarni xayolingizdan chiqarib tashlang. Axir bu men uchun haqorat-ku. Sizdan bo‘lak biron kishi aqalli qo‘limni ushlagan bo‘lsa, til tortmay o‘lay!
— Qasam ichma!
— Ishonmasangiz nima qilay axir? Hech narsani, hech kimni eslamayman. Bilmadim, nimaga unday? Shu kuyni eshitsam yuragim siqilib, yig‘lagim kelaveradi...
— Bo‘ldi. Bas qil kuy-puyingni.
Muhabbat piq-piq yig‘lar, o‘zini bosmoqchi bo‘lgani sari battar o‘pkasi to‘lib kelardi. Baxtiyor ayvonga chiqdi-da, sigaret tutatdi.

* * *

Kuni bilan Baxtiyorning kayfiyati bo‘lmadi. Yuragi xijil, ko‘ngli xira. Boshlig‘idan eshitgan dashnomi yaraga tuz sepganday bo‘ldi. Ishxonadan ertaroq chiqdi-da, bufetga burildi. Odatiga qarshi u yerdan bir stakan aroq olib ichdi. Gazak ham qilmadi.
Uyga kelsa xotini hali ishdan qaytmabdi. Qorong‘i tushish pallasini - g‘ira-shirani yoqtirmasdi u, yuragi siqilib ketadi. Shuning uchun hovtida o‘tirolmadi. Ichkari kirib yechinmasdanoq karavotga cho‘zildi. Yotgan joyida sigaret tutatdi.
Radioda kontsert bo‘layapti. «Endi «Cho‘li iroq»ni tinglang». Baxtiyor radioni o‘chirmoqchi, sug‘urib olib hovliga irg‘itmoqchi bo‘ldi. Lekin qandaydir kuch, iroda uni bu fikridan qaytardi. «Radioda, kuyda nima ayb. O’chirganim bilan...» Sigaretni bosib-bosib tortarkan, kuyning sehrli to‘riga ilinib qolganini — berilib tinglayotganini o‘zi ham sezmasdi. Satodan taralayotgan mungli kuyni sigaret tutuniga qo‘shib ichiga yutayotganday, bu ohang yurak pardalarini zirillatayotgandek bo‘ldi. Endi kuy sadolari ichidan eshitilayotganday tuyuldi.
O, sehrli kuy! Necha asrlardan buyon qancha-qancha odamlarning yuragini zirqiratasan? Ne-ne toshbag‘irlarni mumday eritmading! O, buyuk xalq! Ona xalqim! Sening betimsol dahongga ta’zim! Ming bor tasanno! Shu kuylaring, shu sehrkor mo‘‘jizalaring bo‘lmaganda, farzandlaring ham shu qadar muloyim, odamoxun, bag‘ri keng bo‘larmidi! Ming bor qulluq senga, ona xalqim!
Kuyning ko‘z ilg‘amas to‘ri Baxtiyorni mahkamroq siqib borardi. U nigohini bir nuqtadan olmay tubsiz o‘yga g‘arq bo‘ldi. Kitoblarda o‘qigani, kinolarda ko‘rgani, raxmatlik buvasidan eshitganlari — o‘tmish, g‘amli, alamli o‘tmish ko‘z oldiga keldi. Kuy o‘sha uzoq moziy haqida, uning yuraklarni silqituvchi dardlari hakida yig‘lab, faryod solib hikoya qilardi. Olisdan, juda olisdan kimningdir nolakor, ammo shiddatli, isyonkor, mardona ovozi chalindi kulog‘iga:

Baski qo‘ydim men falakning yelkasiga g‘am yukin, 
Kiydi motam to‘niniyu, bo‘ldi qaddi ham duto.


Eshik kars ochilib Muhabbat kirdi. Chiroqni yokdi. U erining bu ahvolda yotganini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
— Sizga nima bo‘ldi?
Baxtiyor gapirmadi. Faqat «jim» degandek qo‘lini ko‘tardi-da, radioga ishora qildi. Shundagina Muhabbat kuyni eshitdi. U eriga qaradi. Qaradi-yu uning ko‘zlarida elektr nurida yaltirab turgan yosh tomchilarini ko‘rdi. Bu hol uni haykaldek qotirib qo‘ydi. Kuy tindi.
— Sizga yarashmas ekan, — dedi Muhabbat og‘ir tin olib.
Baxtiyor indamay o‘rnidan turdi. Sekin kelib xotinini quchoqladi. Yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. Bu bo‘salar Muhabbatga hammasidan — to‘ydan oldingi o‘g‘rincha bo‘salardan ham qaynoqroq, mehrliroq tuyuldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.