OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mamatqul Hazratqulov. Sevgi sozi (hikoya)

Va shabboda qurg‘ur ilk sahar
Olib ketdi gulnnng totini.
Hamid Olimjon

Kelishilgan vaqtdan ham o‘n besh daqiqa oshdi. Nega kelmayapti? Uzoq emas, ana ishxonasi.
Nigoraning yuragi g‘ashlana boshladi. Bekatning odam kamroq tomoniga o‘tdi. Hozirgina charaqlab turgan quyosh yuzini bulut qopladi. Quloqning pardasini yirtgudek bo‘lib momaqaldiroq gumburladi. Nigora soatiga qaradi: yetti yarim. Uning ko‘ksida nimadir uzilganday chimm etdi. Yurak urishi tezlashdi. Bir joyda turolmadi, sekin u yoqdan bu yokqa yura boshladi. «Ishxonasiga kirib chiqsammikan. Tinchlikmikan ishkilib?.. Ikki soatcha burun o‘zi telefon kildi-ku. To‘y masalasini gaplashib olamiz, dedi. Endi esa... Qo‘ng‘iroq qilaman...».
― Alo, Farhod aka...
― «Nima»?.
― Nega chiqmayapsiz?
― «Vaqt yo‘q!».
― Vaqt yo‘q? Nega, axir...
― «Voy muncha cho‘zdingiz gapni. Vaqt yo‘q, dedim-ku. O‘rtoqlarim kep qolishdi».
― Shuni shundoq aytib qo‘ysangiz bo‘lardi-ku. Bugun to‘y masalasini...
― «Xotin zotini ezmaligini yoqtirmayman-da. Bun-cha hovliqmasangiz! Bir kun bo‘ladi-da shu to‘y. To‘ysirab qolmasangiz buncha!.. Boshqa kuni gaplashamiz, xayr!».
Nigora uning xayollari parday to‘zg‘idi. Sumkasini qo‘ltig‘iga kisgancha bir-bir bosib borar, qayoqqa ketayotganini o‘zi ham bilmas edi.
Chaqmoq chaqdi. Nigora cho‘chib tushdi. Birdan yon-atrofiga alangladi, xayolini yig‘ishtirib oldi. «Qayoqqa ketayapman, kimning oldiga boryapman?» Xiyobon chetidagi skameykaga o‘tirdi. Hozirgina ro‘y bergan voqealar tushidami-o‘ngidami kechganini bir lahza anglay olmay qoldi. Yeru-osmon qop-qora tus oldi. Nigora o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, ammo turolmadi, uzoq yotgan bemordek holsiz, madorsiz edi. Farhodni, u bilan ilk tanishganini, uchrashuvlarini esladi. Qanday baxtiyor damlar edi. Nahotki, ularning hammasi endi o‘tmishga aylansa. Uning shuncha gaplari, shuncha va’dalari yolg‘onmi? Odam-zot shunchalar subutsiz bo‘ladimi? Yana yigit kishi-ya! Nahotki? Har gal uchrashganimizda xayol qiladigan orzularimiz, niyatlarimiz puchmidi? Shuncha orzu-havaslarni, va’dalarni faqat o‘zining qabih niyatiga yetish uchun qilganmidi? Shu qadar pastlikka, tubanlikka boradimi? Yoki o‘zim shunchalar go‘l, ovsarmanmi? Uning so‘zlari yolg‘on, va’dalari puch ekaniga aqlim yetmadimi, laqqa tushdimmi?.. Bu mumkin emas! Farhod aka unaqamas... U holda butun nega kelmadi? O‘zi chaqirib, yana o‘zi chiqmadi. O‘rtoqlari kelsa nima qipti. Uchrashadigan joyimiz shundoq burnining ostida edi-ku. Chiqib shunaqa bo‘p qoldi, desa yoqasidan olarmidim... Necha oydan beri ana sovchi boradi, mana sovchi boradi, deb keladi. Yo‘q, bu yerda bir gap bor... «Xotinlarning ezmaligi-ni yomon ko‘raman, buncha to‘ysirab qoldingiz...» Nima degani bu? Xotin! Axir meni... U o‘kirib yig‘lab yubordi, o‘zini tutolmadi. Yuz-ko‘zlarini ro‘molchasi bilan berkitib yig‘lar, butun vujudi qalt-qalt titrar edi. Yig‘lagan sari ichidan alam, o‘rtanish bostirib kelar, bu tuyg‘ular ko‘z yoshlariga aylanib sizib chiqar edi...
Yanvarning o‘rtalari. Hali ko‘chalardan, avtobusu tramvay-trolleybuslardan yangi yil shiorlari olinmagan. Magazinlarning oynalaridagi sovg‘a ko‘targan Qorbobo rasmiga bolalar havas bilan termulishadi. Odamlarning kayfiyatini ham bayram ruhi tark etgani yo‘q.
Nigora uchrashuvga sal kechikib keldi.
― Qizlarning odati yigitlarni kuttirish ekan-da, ― dedi Farhod jilmayib. ― Yana biroz kelmasangiz muzlab kolardim.
― Hechqisi yo‘q. Siz uncha-munchaga muzlamaysiz. Bordi-yu muzlasangiz o‘zim eritib olaman.
― Meni eritishga nafasingiz yetarmikan?
Nigora ham bo‘sh kelmadi.
― Shu qadar qattiq emasdirsiz.
Kulishdi;
― Yo‘q, unchalik qattiq emasman, - dedi Farhod qo‘lidagi paketga ishora qilib. ― Mana erib keldim.
― Nima harakat?
― Bilasizmi, Nigoraxon, bir taklif bor. Yo‘q demang.
― Qani, avval eshitaylik.
― Sovuqni ko‘rib turibsiz. Bu sovuqda kinoyam uncha yoqmaydi. Xo‘p desangiz bir joyga boramiz.
― Qaerga, bilsak bo‘ladimi?
― Mening bir o‘rtog‘im bor...
― Tug‘ilgan kungami?
― Berdisini aytguncha urib o‘ldirmang. O‘sha o‘rtog‘im uyining kalitini menga berib ketgan. Har zamonda xabar olib turarsan, deb. O‘zi Moskvaga ketgan, ish bilan. Hech kim yo‘q, ikkovimiz gaplashib o‘tiramiz. Muzika qo‘yamiz. Mayda-chuyda olganman, siz ovqat pishirasiz. Qani ko‘raylik-chi, qanaqa pazanda ekansiz.
Nigora mayin jilmaydi:
― Meni sinab ko‘rmoqchimisiz?
― Sinovmas-ku, har holda...
― Menimcha, bu sinovingizdan qiynalmay o‘tsam kerak.
― Ketdikmi?
― Qanday bo‘lar ekan?
― Qandayi bormi, juda yaxshi bo‘ladi-da, issiqina uyda suhbatlashib o‘tirganga nima yetsin.
― Negadir oyog‘im tortmayapti.
Farhod uning qo‘ltig‘idan oldi.
― Qo‘ysangiz-chi, shunaqa eskicha gaplarni. Qim aytadi sizni zamonaviy qiz deb.
― Birovning uyiga borib o‘tirish... Egasi yo‘q... Qandaydir g‘alatida.
― Yuring-yuring, ― dedi Farhod uni oldinga boshlab, ― birov emas, mening o‘z uyimdek gap. Bo‘lmasa menga kalitini ishonib berib ketarmidi. Yoki gapimga ishonmayapsizmi? ― U cho‘ntagidan kalit olib ko‘rsatdi. ― Mana...
O‘rtog‘ining uyi Qoraqamishda ekan. To‘rtinchi qavatda, uch xonali. Jihozlar, buyumlar chet elniki, qimmatbaho, xonalar hashamdor.
—O‘rtog‘ingiz yaxshi turar ekan. Birga ishlaysizlarmi?
—Uzumini yengu bog‘ini so‘ramang, Nigoraxon. ― Farhod qo‘lidagi narsalarni stolga qo‘ya boshladi. ― Boshqa joyda ishlaydi. Bizning maoshlarga kanoat qiladiganlardan emas u...
Nigora uyni ko‘zdan kechirarkan so‘radi:
― Bola-chaqasi qaerga ketgan?
― Qiziqsiz-a, Nigoraxon. Uning bola-chaqasi... yo‘q, chaqasi bor, bolasi yo‘q.
― Nega? ― hayron qoldi Nigora. ― Uch xonali uyda yolg‘iz o‘zi turadimi?
― Obbo, sizni bog‘chada tarbiyachi desam, tuppa-tuzuk tergovchi ham ekansiz-ku. Bolalari bor edi, hozir yo‘q. Xotini ketib qolgan. Undan keyin, yo‘lini topgan odam bitta o‘zi uch xonali emas, to‘rt xonali uy ham olaveradi. Og‘aynim ana shunaqa yo‘lini biladiganlardan.
Nigoraning yuragiga allaqanday shubha soya tashladi. «Sen do‘sting kimligini ayt, men sening kimligingni aytib beraman. Nahotki? Yo‘g‘-e, unday bo‘lishi mumkin emas...» U zimdan Farhodni kuzatdi. Yigit chaqqonlik bilan masalliq tayyorlar edi.
― Xo‘sh, Nigoraxon, nima ovqat yasaymiz? Tergov tugadi shekilli...
Nigora indamadi. Ohista borib radiopriyomnik qulog‘ini buradi. Kontsert bo‘layotgai ekan:

Sen sozi muhabbatsan, gulshanda guli ra’no,
 Ishqingni ko‘cha-ko‘yda yurguvchi gado qilma..,
Ikkovi birgalashib dimlama pishirishdi. Farhod konyakni ochdi.
― Men ichmayman, Farhod aka.
― Ozgina-ozginadan.
― Baribir.
― Huv anavi kuni ichuvdingiz-ku.
― Unda tug‘ilgan kuningiz bo‘lgani uchun ozgina ichuvdim.
― Bugun ham jindakkina, ko‘p emas. Busiz g‘alati, nimadir yetishmayotganday ko‘rinadi. ― Konyak to‘ldirilgan billur qadahni Nigoraga uzatdi. ― Qani, oling. Sizning sog‘lig‘ingiz uchun!..
Asta-sekin qadahlar bo‘shadi. Gap-gapga qovushdi, qulfi dillar ochildi. Yuzlar lola rangini oldi. Qaynoq bo‘salar gazak o‘rniga o‘tdi. Bir-biridan shirin orzular, xayollar. Ularning cheki-chegarasi yo‘q. To‘ydan keyingi sayyohatlar... Ular hozir beton uyning to‘rtinchi qavatida emas, osmonu falakda, parqu bulutlar ustida, turfa orzular og‘ushida edilar. Dunyoda ulardan baxtli, ulardan shod odam yo‘q edi go‘yo...
Nigora o‘rnidan turib sochlarini to‘g‘riladi. U yigitga qaray olmasdi. Farhod ichkilik, sevgidan sarxush.
―Endi nima bo‘ladi? ― Nigoraning ovozi titrab chiqdi. Yigit indamadi. Qiz asta ortiga o‘girilib, unga qaradi. Farhod nigohini bir nuqtaga qadagancha miq etmay yotardi. Uning bu qadar bamaylixotirligi qizning diliga shubha soldi. U savolini yana takrorladi. ― Nima bo‘ladi endi?
Farhod joyidan turib o‘tirdi:
―Hech narsa. ― Negadir uning tovushi hissiz, tuyg‘usiz eshitildi. ― Ertami-kechmi, baribir bir kun bo‘ladigan ish-da.
― Lekin har ishning vaqti-soati bor.
― Vaqti-soati bugun ekan-da, ― dedi Farhod iljayib.
― Bugun emas edi...
― Nima, menga ishonmaysizmi? Bo‘lmasa nega rozi...
Nigora yalt etib Farhodga qaradi. Uning bu qarashida hayrat, ajablanish, savol, ayni choqda nafrat mujassam edi.
― Farhod aka?!
Farhod qizning sochlari yoyilib turgan yelkasidan quchdi,
― Hazillashayapman, jonim.
 Qiz turgan ko‘yi;
― Bu yerga olib kelishdan maqsadingiz shumidi?!
 Yuragim bir baloni sezgan edi-ya.
―Qalbingga quloq sol, deb bekorga aytishmaganda.
Qiz yigitning qo‘llarini siltab tashladi:
― Uyalmaysizmi?.
― Asabiylashmang, azizim. Bu gaplar xazil. Sal kunlar ilisin, sovchilar borishadi. Bahorda to‘y qilamiz. Xavotir olmang, hammasi iziga tushadi.
.... O‘sha gapga ham to‘rt oy bo‘ldi. Hamon sovchilardan darak yo‘q. Qaytanga muomalasi o‘zgarib bormoqda. Ba’zan uchrashuvga ham kelmaydi, keyin turli bahonalar topadi. Oldingi shirinsuxanlik yo‘q, orzu qilishlar, xayol surishlar kamaygan. Nigora Farhod bilan o‘tkazgan damlarini birma-bir tahlil qila boshladi. Uning har bir harakatidan, gap-so‘zlaridan sun’iylik, yasamalik qidira ketdi. Nega shu paytgacha e’tibor bermadim? Odamning boshi toshga tekkandan so‘ng ko‘zi ochilar ekan-da... Bugun bunaqa muomala. Muddaosi nima? Nahotki, meni laqillatib yurgan bo‘lsa?
Nigora o‘zi bilan o‘zi olishar, yomg‘irga ham e’tibor bermas edi.
Og‘ir xo‘rsinib o‘rnidan turdi. Hali vaqt erta esa-da, havo aynigani uchun qorong‘u tushib qoldi. Nega boya indamadim? Shartta oldiga kirib borib, ochiq-ravshan gaplashib olsam bo‘lardi-ku. Niyatingiz nima, deb so‘rasam yeb qo‘yarmidi. O‘zim o‘lguday lanj, ko‘nglim bo‘sh-da.
Yomg‘ir kuchaydi. Hash-pash deguncha usti ho‘l bo‘ldi. «Tezroq uyga ketish kerak...» Bekatning soyaboni ostida yomg‘irdan panaladi. Sovuqdanmi, alamdanmi dag‘-dag‘ titradi. Ikki ko‘zi avtobus yo‘lida. Negadir mashinalar siyrak, ko‘cha jim-jit. Hatto qo‘rqinchli. Nigora nima qilarini bilmay qoldi. «Narigi ko‘chaga o‘tib, taksiga o‘tirib ketarman».
Ko‘chani kesib o‘tayotgan edi, bir mashina oldiga kelib qattiq tormoz berdi. G‘ildiraklarining chiyillaganidan u qo‘rqib ketdi. Haydovchi oynadan boshini chiqarib baqirdi:
―Hoy, ta’viya, ko‘zingga qarab yursang o‘lasanmi?! Yomg‘irda bazo‘r to‘xtatib qoldim. Aks xolda, dabdalang chiqardi. Sen-ku go‘rga, ammo mening beshta bolamni Oyshaxolang boqadimi.
U so‘kina-so‘kina mashinasini yurgizib ketdi. «Bugun nima jin urdi meni... Eson-omon uyga yetib olsam mayli edi...»
Aksiga olib taksi ham ko‘rinmaydi. Tezroq kela kolsaydi, deb ichini it tirnaydi. Bir tomondan sovqotib ketdi, ikkinchi tomondan, akasi bir tishini arra, bir tishini bolta qilib o‘tirgandir. Mo‘ljaldan sal kech qolsa, o‘sha kuni Nigora so‘rog‘u malomatdan qutulmaydi. Farhod bilan munosabatini akasi bilmaydi. Bilsa go‘shtini qiyma-qiyma qiladi. Shu bois Nigora uchrashuvga kam chiqadi, unda ham kunduzi. Akasiga o‘rtog‘imnikiga borib kelaman, deydi. Ota-onasi unchalik tergamaydi, qaytanga akasini sal bosib turishadi. Biroq akasi na otasiyu, na onasining gapiga quloq soladi. Hadeb Nigorani surishtirgani-surishtirgan! Qaerga bording, qachon bording, qancha o‘tirding, qachon kelding... «Bugunam akamdan eshitadiganimni eshitaman..»
 Nihoyat, bir mashina to‘xtadi. Biroz yurgach, Nigora pulini tayyorlab qo‘ymoq niyatida, sumkasini ochdi. U yog‘ini titkiladi, bu yog‘ini titkiladi. Pul yo‘q. «Kunduzi bor edi-ku... Tushlikda men to‘lamadim... Ha, darvoqe, Halima qarz oluvdi. Rasvo bo‘pti-ku. Endi nima qilaman?» U sezdirmay haydovchiga nazar soldi. Yoshgina, kelishgan yigit. To‘g‘risini aytsa ko‘nar. Uydan olib beraman, deydi-da.
― Kechirasiz, ― dedi Nigora tutilib. ― Pulimni yo‘qotib qo‘yibman. Uydan olib chiqib berarman.
Haydovchi unga savol nazari bilan bir qaradi-da, indamay yo‘lida davom etdi.
Yo‘l chetida turgan ikki yigit qo‘l ko‘tardi. Mashina to‘xtadi.
― Yunusobodgacha...
―Chiqinglar.
Mashina jildi. Kabinani bir zumda aroq hidi tutdi.
― Uf, xayriyat-ey, ― dedi yigitlardan biri, ― yotguncha odamni toza xunob qildi-da.
― Qaerdan olib keldingiz? ― deb so‘radi yoshrog‘i.
― Ishxonasidan. Rosa ichdi o‘ziyam. Oyoqda turolmaydigan bo‘lib qoldi. Bazo‘r taksiga solib keldim.
― Farhod aka o‘zi keyingi paytda ko‘p ichadigan bo‘lib qoldi-da, ― dedi yosh yigit.
Farhod nomini eshitib Nigoraning eti jimirlab ketdi, «Nahotki, o‘sha bo‘lsa, Farhod akaning o‘rtoqlarimikan?» U indamay yigitlarning gapiga quloq osdi.
― Bir necha marta aytdim, muncha ichish nima zaril senga, dedim. Qayoqda, quloq solmaydi, dardim ko‘p, bilmaysan, deydi.
― Nima dardi bor ekan?
― E, gapda, o‘zi sog‘-salomat, bola-chaqasi eson-omon...
Nigora ustidan bir paqir sovuq suv quyganday sezdi o‘zini. «Xotini, bola-chaqasi... Nahotki, meni aldab yurgan bo‘lsa... Yo‘q, bular boshqa odam haqida gapirayapti. Farhod aka unaqalardan emas...»
― Boya nima deydi-ya, bir qizni yaxshi ko‘raman, shunga uylanmoqchiman, deydi. Esingni yig‘, dedim, uchta bolangni o‘ylasangchi, dedim. Ichib olib rosa ezmalik qildi, hozirgina qo‘ng‘iroq qildi, to‘y masalasini gaplashamiz, chiqing dedi, chiqmadim, deydi. Ichaverib miyasi aynib qolganmi nima balo. Qaysi ahmoq qiz qarab turgan ekan bu kishimga tegaman deb...
Nigoraning quloqlari chippa bitdi. Ko‘zlari ko‘rmay qoldi. Yeru osmon chirpirak misoli aylanib ketdi. Taksida ketayotganini ham unutdi. Ingrab yubordi. Haydovchi sezdi, sezdi-yu, sovqotgan shekilli, deb o‘yladi. Nigora irodasini qo‘lga oldi. Butun kuchini to‘pladi. Begonalar oldida sirini fosh qilishdan o‘zini tiydi, tiya oldi. Lekin shu lahzada uning ko‘ziga jamiki er-kak zoti yomon ko‘rinib ketdi. Orqada o‘tirgan ikki yigit ham, hatto mana bu taksichi ham xudbin, yolg‘onchi, munofiq. Bular ham kimnidir aldagan, badnom qilgan... Nigoraning nazarida butun yer yuzini aldamchilik, razillik, shaxsiy manfaat, shaxsiy xuzur-halovat tashvishi qoplab olganday edi.
Taksi tramvay yo‘lidan o‘ngga burildi.
― Shu yerda bizni tushiring, ― dedi yoshroq yigit. Ular tushib ketishdi.
Nigora miq etmas, miyasida turfa fikrlar g‘ujg‘on o‘ynardi.
«Nima qilib yuribman o‘zi? Nega u yoq-bu yoqqa qaramadim? Shunchalar ham laqma bo‘ladimi odam degan! Bola-chaqasi bor erkak bilan... Uning xotini, bolalari oldidayam gunohkorman... Eh, kallavaram... Mana senga sevgi. Mana senga to‘y! To‘y emish, aza de, aza! Rost-da, bu kuningdan ko‘ra o‘lganing yaxshi emasmi!»
 U o‘zi bilan o‘zi olishar, ammo ovozini chiqarishning, dardini to‘kib solishning iloji yo‘q edi.
Kelajak, shirin orzular haqida emas, yoshi bir joyga borgan kampirlar kabi o‘tmishi, yaqin o‘tmishi borasida o‘y surardi. Bu o‘ylar orasidan nurli tarafini topolmas, bir-biridan battar dilini xufton etardi. Uylagan sari bir haqiqatga ishonchi komil bo‘lib borardi: g‘isht qolipdan ko‘chgan, ko‘ngil piyolasi darz ketgan. Siniq piyola kimga kerak!
Haydovchiga qaradi. U ikki ko‘zi yo‘lda, chapdastlik bilan rulni boshqarib borardi.
― Uylanganmisiz?
Bu savol og‘zidan qanday chiqib ketganini Nigoraning o‘zi ham sezmay qoldi. Tomdan tarasha tushganday berilgan bu savoldan haydovchi ham gangib qoldi. Yalt etib Nigoraga qaradi.
― Yo‘q, nimaydi?
Nigora o‘zining savolidan o‘zi xijolat chekdi.
― Shunchaki o‘zim... Sevgan qizingiz bormi?
― Bor, ― dedi haydovchi yigit astagina.
― Chiroylimi?
― Qaysidir kitobda o‘kiganman, har kimning sevgani o‘ziga eng chiroyli ko‘rinarkan.
Nigora indamay qoldi. Birozdan so‘ng yana dedi:
― Astoydil yaxshi ko‘rasizmi?
― Savolingiz qiziq bo‘ldi-ku.
―Mening gaplarimga ajablanmang, lekin sizdan iltimos, sevgan qizingizni bir umr seving, ardoqlang. Axir odam bolasi, ayniqsa, yigit umrida loaqal bir odamni baxtiyor kilishi kerak-ku. Birovni baxtsiz, bad-nom kilish oson, bu har qanday ahmoqning ham qo‘lidan keladi. Ammo o‘zgalarga baxt ato etish... Buni hammayam eplayolmaydi... ― Uning lablari titrab ketdi, yig‘lab yubordi.
Haydovchi Nigoraning gaplaridan, holatidan hayron. «Ko‘rinishdan yosh qizga o‘xshaydi. Gaplari bunaqa... Kim o‘zi bu?... Pulim yo‘q, deydi. O‘zi suvga tushgan mushukdek shalvirab qopti... Yig‘laydi... Qayoqdan kelayapti..:»
Mashina tor ko‘chaga kirdi. Ro‘paradagi ko‘k darvoza oldida bir kishi sigaret chekib turardi. Taksining chirog‘i to‘g‘ri unga tushdi.
― Ana, akam turiptilar, ― dedi Nigora. ― Hozir pulingizni olib beraman.
―Kerak emas, ― dedi haydovchi. Tezroq undan qutilib ketishni o‘ylardi.
Nigora taksidan tushishi bilan akasi baqira ketdi:
― Shu mahalgacha kaerda sang‘ib yuribsan, yaramas?!
― Aka, shoshmang, pulimni yo‘qotib qo‘ydim. Taksiga pulini bering.
― Tushib qolgan pulim yo‘q. ― U mashinasini burib olayotgan taksichiga o‘dag‘aylab ketdi. ― Hali odamlarni tekinga tashiydigan bo‘lib qoldingizmi? Shunaqa olijanobman deng. Siz ham shu yerning odamimisiz yoki osmondan tushganmisiz? Yer yuzida bunaqa sahovatli odamni ko‘rganim yo‘q hali.
―Menga nima deysiz, aka.Oddiy taksichi bo‘lsam, vazifamni bajardim...
Nigora zor qaqshab akasiga yopishdi:
― Aka, axir bu yigitga nega baqirasiz? Bu bechora menga yaxshilik qildi.
―Uchir ovozingni! Uyga kir! Uyda gaplashaman sen bilan. ― Taksichiga yuzlandi. ― Yo‘qol bu yerdan! Ikkinchi qorangni ko‘rmayin bu mahallada.
Nigora piq-piq yig‘lagancha darvozadan ichkariga kirdi. Haydovchi hech narsaga tushunolmay taksining boshini katta ko‘cha tomonga burdi: «G‘alati odam ekan-ku. Ha, mayli, har xil odam bor-da, bu dunyoda. Hali singlisi sho‘rlik ham eshitadiganini eshitadi...»
U mashinasiga qattiq gaz berdi. Katta ko‘chaga chiqquncha taksining orqa chiroqlari tor yo‘lakni qizg‘ish nurlari bilan yoritib ketdi...
Yomg‘ir tingan, mayin shamol esar, u bulutlar galasini haydar edi.
Qo‘shni ko‘chadan karnay-surnay navosi eshitildi. Orqasidan yigitlarning shodon qiyqirig‘i osmonga ko‘tarildi.
Bular taksichi yigitga sevgi sozi kabi tuyuldi. Shu tobda u sevgan kizini ko‘rgisi, uning so‘zlarini eshitgisi keldi... Mashina rulini o‘sha qiz yashaydigan mahalla tomonga burdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.