Mundin necha yil muqaddam shahrimizni ...mahallasinda Ochildiboy nomli bir odam bo‘lur edi. Ul Ochildiboyni farzandi bo‘lmay, kecha va kunduz dog‘i farzandg‘a o‘rtangan edi. Ochildiboy o‘zi shunday sarvatdor ediki, hamasrlarindagi boylardin hech qolishmas edi. Ketba-ket uch-to‘rt xotun olib yubordiki, ul xotunlardin biri na qiz va na o‘g‘ul tug‘di.
Aning kasbi dehqonchilik bo‘lub, butun Turkiston viloyatig‘a nomi tarqalg‘an edi. Aqchasi ham juda ko‘p bo‘lub, muhtojmand bo‘lgan odamlarg‘a yuz so‘m uchun har oyg‘a ikki so‘mdin ijorag‘a qo‘yar edi. Afsuski, shuncha mol-mulk, dunyo sohibi bo‘lgan ila maktab yuzin ko‘rmagan boy ilmi qup-quruq edi.
To‘rt xotun olib bir dona farzand ko‘rmaganig‘a ich-ichidin achinub, goho o‘z-o‘zig‘a bekorchi xayolni qilub: «Agar manim o‘g‘lum bo‘lsa, o‘zim tinchgina uyda yotib ani <ng> daladagi dehqon mardikorlarimg‘a bosh qilib, ostig‘a yaxshi otlardin mindurub qo‘yar edim», deb zolim falakni dastidin bir oh tortib yuborur edi. O‘zini avomligi uchunmi, xudo agar o‘g‘ul bersa, yaxshi maktablarda o‘qitdurub, zamona munosibincha tarbiya topdurur edim, degan xayol ani dilig‘a mutlaq kelmas edi.
Kecha-kunduz o‘ylagan o‘yi «dehqonlarimg‘a bosh qilur edim» edi. Har zamonda o‘zum bilan bo‘za ham ichushar edi, deb iljayib qo‘yar edi.
Ochildiboyni o‘zi shaharni mo‘‘tabar odamlari bila gap yeyib, hamma vaqt gapxonada bolasi yo‘q uchun jo‘ralaridin mulzam bo‘lub o‘tirur edi.
Ittifoqo jo‘ralaridin biri bir kun qiziqchilik qilib dediki, – «Ey, Ochildiboy, agar sizg‘a xudovandi taolo o‘g‘ul bersa nima qilur edingiz?». Ul jo‘rasin qiziqchilik so‘zidin Ochildiboyni rangi qib-qizarib, nima deyishni bilmay, – «bilmadimki, xayolig‘a kim keltirdi, masholloh», daf’atan jo‘ralariga qarab, – Ey, hurmatlik ulfatlar, sizlar guvoh bo‘lingizkim, alhamd (xudo taolo) manga o‘g‘ul bersa, man aning hozirgi zamonaning xohishiga muvofiq maktablarg‘a berib o‘qitdirur edim. Andin keyin ehtimol, borki o‘lmasdin katta bo‘lsa, dorilfununlarg‘a ham yuborur edim, – dedi. Ochildiboyni o‘zi o‘qish nima va ilmdin qanday foyda hosil bo‘lurin bilmagan bir avom bo‘lsa ham, lekin ilm to‘g‘risig‘a bul kabi ahamiyati nazari ila gapurg‘onligi uchun ulfatlari taajjubda qolub hammalari birdan ulfatxonada Ochildiboyg‘a farzand talab qilib, hazrati vojib taolo dargohida qo‘l ko‘tarishib dedilarki, «Ilohi, parvardigoro, bul bandai ojizlaring ushbu damda senga yolborub munojat qilamizki, bul jo‘ramiz Ochildiboyni to‘rt xotuni bo‘lub, bir dona ham farzandi yo‘qdur. Emdilikda ushbu duomizni dargohingda qabul va mustajob etub, bul bechorani aqrigan (aslida matn talabiga ko‘ra qarigan bo‘ladi, harf terilishida xatolik o‘tgan bo‘lsa kerak – A.D) chog‘inda lutf-marhamating bila birgina o‘g‘ul ato qilib, davlatin ilm yo‘lig‘a o‘shal o‘g‘li uchun nasib etgaysan omin», deb barchasi qo‘lin yuzig‘a tortushdi.
Ul kuni duolar ta’sir qilib, Ochildiboyni ko‘ngli ma’yus bo‘lub, yuragi ezildi. Hattoki ko‘zidin muldur-muldur yosh oqa boshladi. O‘shal kuni ulfatchilikda o‘lturolmay ko‘zidin yosh to‘kilgancha uyig‘a ketmakg‘a majbur bo‘ldi. Ko‘chalarda yig‘lay-yig‘lay ko‘zi shishib chiqdi (Na lof). Yig‘lagani shul darajada bo‘ldiki, esi og‘ib o‘z eshigin topolmay, boshqa eshiklarg‘a kirub, uy egalarin tayog‘in yeb quvalandi. To namozi shomdin xuftang‘a qadar ko‘cha-ko‘chada adashib yurub, bir vaqtda havlisin topib bordi. Eshigindin havli ichkarisig‘a qadam qo‘yishi hamon qulog‘ig‘a qattig‘ yig‘i ovozi eshitildi. Ul yig‘i ovozin eshitgach, andak to‘xtab, yana sarosima bo‘lub, qadamin tashqarig‘a tortdi, yohu, manga nima balo bo‘ldi. Davom yanglishurman. Bul ham manim eshigim emas, nechuk uyimdin yig‘i ovozi kelsun, – deb yanadin orqasig‘a qayta ketdi. Shunda ham ko‘zidin yoshi tinmay davom etmakda edi. Necha ko‘chalarni kezib o‘z havlisin topolmay hayron bo‘lubroq, «to‘xtachi, manim aqlim bir joyg‘a yig‘ilsun», deb ko‘zidin oqib turgon yoshini ro‘moli ila artib, bir oz o‘sha yerdagi masjidni eshigin oldindagi supachada o‘lturub, o‘z havlisin qaysi ko‘chada ekanlig‘in esig‘a kelturaman, deb fikrg‘a bordi. Shul fikrg‘a ketib ko‘zi uyqug‘a ketib bir nimani tush ko‘rdi.
Alloh taolo lutf-marhamati birla ikkinchi xotunig‘a bir o‘g‘ul ato qilibdur, o‘shal o‘g‘lini beshikg‘a soladurgan kuni emish. Ochildiboy o‘z mahallasidagi masjidni imomidin o‘g‘lumni ismini nima qo‘ysam, deb so‘rab turgan emish.
Ko‘rgan tushin asnosi shul joyg‘a kelib ediki, xuftang‘a azon aytmak bo‘lib, birdan masjid so‘fisi besh-olti odam bila kelub masjid eshiginda Ochildiboy uxlab yotganin ko‘rub, tushin etmomig‘a yetkuzmay, «kimsan, hoy tur» deb qo‘li birla turtib uyg‘otdi. Ochildiboy ham birdan cho‘chib turib, uyqu g‘alabasi ila ham, taqsir, oxiri o‘g‘limni otini nima qo‘yay, aytmaysizmi, deb shovqun qilib yubordi. Ani bul holda ko‘rgach, xuftan o‘qumak uchun kelgan odamlar xaxolashib qattiq ovozda kulushib yubordilar. Bularning kulishganiga Ochildiboy ko‘zi ochilib, uyqusi o‘chib, munday qarasa, atrof qop-qorong‘i. Masjid eshigida odamlar kulushib turur.
Ochildiboy ham o‘zin uyqusin ekanin bilib, tepasindagi odamlardin juda xijolatmand bo‘lib, nima qilarin bilmay, ularga boqib angroyib qoldi. Ul kulub turganlardin biri boyni tanib, rangi qum-qut o‘chib, payrav kela boshladi. Chunki bul mahallaning naryog‘indagi ...mahalla Ochildiboy mahallasi edi. Ul tanib payravlashgan odamni Ochildiboydin ikki yuz so‘m qarzi bor edi. Ul kulushgan odamlarni hammasi ham tanur edi-ku, lekin qarzdor uchun Qulahmad degan ilgariroq tonudi. Qulahmad qirq yoshlarda bo‘lib, bechorahol bir odamdur. Kulganig‘a yuz pushaymonlar qilib, «nokastadin qarzdor bo‘lsang ham yo‘lda tutar, ham go‘rda» degan so‘z yodig‘a tushub, xudo ko‘rsatmasin, mandin hozir masjid eshigida kulganig‘a qahrlanib, pulin talab qilsa, bularni ichida nima degan odam bo‘laman, degan xayol boshidin oyog‘ig‘a qadar bo‘shashtirub yubordi.
Qulahmadni Ochildiboydin qarzdor bo‘lganin sababi budur. Andin ikki yil muqaddam o‘g‘lini to‘y qiladurgan bo‘lganda, Ochildiboyga ming so‘mlik veksil berib, besh yuz so‘mdin yuz so‘mi uchun har oyg‘a ikki so‘mdin ijorag‘a qarz ko‘tarib olib edi.
Qulahmad o‘zi zargarchilik kasbi bor bir bechorahol odamdur. Aning ikki o‘g‘li bo‘lib Ernazar, Shernazar ismila borgan sari yoshi ulg‘ayub xatna qilinadurgan darajaga yetushdi. Qulahmadni o‘zi dadasi hayotlik vaqtida aning davlati ila uylanib qolib edi. Yigirma besh yoshda uylangan bo‘lsa, shul 14-15 yil ichida ro‘zg‘oridin ajratib ikki o‘g‘lin to‘yi uchun jamlagan yetti yuz so‘m aqchasi bor edi. Bul pulni albatta o‘g‘lumni to‘yig‘a sarf qilaman deb niyatlab qo‘ygandur. O‘turgan havlisi ham o‘ziniki bo‘lmay, qayin otasidan qolgan vurusaxo‘rlarni o‘rtasindagi 27 sarjincha keladurgon imoratlari eski bir havli edi.
O‘g‘ullariga kelsak, Ernazar to‘qquz yashar, Shernazar yetti yashar edi. Ikkisi ham mahallasidagi usuli qadim maktabda o‘qur edi.
Qulahmadni o‘zi yaxshigina mullo bo‘lmay, chalasavod uchun chindan ilmni qadrig‘a yetmasa kerak. Katta o‘g‘li Ernazar Qur’oni karim o‘qusa, kichigi haftiyak sharif o‘qur edi. Bularni muallimi usuli qadim ila o‘qutsa ham, tarbiyai atfol uchun ijtihodi yaxshi edi. Chunki to‘qquz yoshdagi bolani Qur’on o‘qumagi albatta muallimni parvarishi ila bo‘ladur.
... Xayrli kunlardan bir kun Qulahmad do‘konida xayol dengizig‘a g‘arq bo‘lib o‘z-o‘zig‘a aytur ediki, «emdi nima qilsam ekan, o‘g‘lilarim bo‘lsa, kattakon bo‘lib, to‘y qilinadurgan bo‘ldi. O‘zimda yo‘q emas bor, alhamdulillah, to‘y qilsam ba’zilar kabi qarzdor bo‘lmasdin o‘z yonimdagi aqcham ila qilishga quvvatim yetar. Hozir yonimda yetti yuz naqdina bordurkim, xudo xohlasa, hech kimg‘a muhtojligim yo‘qdur», deb bul xom xayolni o‘ylab qo‘ydi. Shul xurofot xayol birla kichkina do‘konda o‘lturub, kech bo‘lg‘ach, havlisig‘a qaytub do‘konda o‘ylagan fikrini xotunig‘a maslahat tashladi. Xotuni ham bul xayolni ko‘p vaqtlardin beri o‘ylab erig‘a aytishga istihola qilur edi. Emdi erin o‘zidin bu so‘zni eshitub xursandligi ham ichiga sig‘may o‘shal on qarindosh-urug‘lariga xabar tarqatti. Qulahmad katta o‘g‘li Ernazarni maslahatboshi bo‘ladurgan qayin og‘asiga yubordi (esiz bul to‘yni ko‘rolmasdin qayin ota, qayin ona o‘lub ketgandur). Ul kuni kechasi ham qarindosh-urug‘lari Qulahmadni uyig‘a yig‘ilib to‘yni maslahatinda har qaysi o‘z fikrin so‘zlasha boshladi. Shularni ichinda mahalla xodimchasi, dasturxonchi oyim ham bor edi. Biri aytur, «agar iloji bo‘lsa, ertaga xotunoshi qilib, indinga birato‘lasi katta oshni ham berib yuborish kerak». Biri aytur, «yo‘q, to‘xta, hali bir-ikki kun sabr qilaylik. Hozir hech kim bul to‘ydin xabar topgan emas. To‘y teyushlilikniki, qarindosh-urug‘, oshna-og‘aynilar eshitsun».
Oxir maslahatda bolalarni tog‘asi turib, ey, qarindoshlar, jim turinglar. Man hammangizni otangiz o‘rniga ota, onangiz o‘rniga onadurman. Nima qilmakchi bo‘lsangiz, barchangiz manim maslahatim birla qilursiz. Hozirgi har qayungizni o‘ylagan xayolingiz bo‘sh bir xayoldur. Charoki – hozirda to‘yni vaqti emas. To‘y bo‘lsa, mana, hayitga to‘qquz kun qolibdur. Omon-eson hayitga yetamiz, ba’daz hayit qilamiz, dedi. Aning bul maslahati barcha qarindoshlarga xush kelib, yana Qulahmad bila xotuniga ham ma’qul bo‘ldi.
Filvoqe’ o‘shal kuni iydi qurbon oyi edi. ...Hamma hayit harakatida edi. Ul tog‘ani so‘zin hammalari ma’al mamnaniyat qabul etub, janobi haq muvaffaq etsun, to‘yni hayitni oltinchi kunig‘a jazm qilishub, ul maslahatchi mehmonlar o‘zlari uchun pishirulgan shirqaboq (sut) oshini bir kosadin ichushib, birma-bir uylariga jo‘nadilar. Mahalla xodimchasi ham bir dona qotgan kulcha birla sahal kam bir tabaq sut oshini ko‘tarub, ul yerda ichmasdin uyiga kelturdi.
Ul xodimchi Qulahmadni mahallasidagi masjidni (ng) so‘fisin xotuni edi. Aning uchun o‘zi ichmay bir tabaqni toatga quvvat, aylana qolay, man ichmasam ham go‘rga, so‘fi bobongiz icha qolsin, sahar turub, masjidga borib, «la iloho illalloh» deydurlar, deb o‘zidin burun erin qornini to‘ydirmakg‘a tushti. So‘fi bobom xuftanni o‘qub kelib erta sahar turaman deb vaqtlikroq uxlagan edi.
Xotunlaridin bul iltifotni ko‘rgach, o‘rnidin sachrab turub, ayvonni labidagi Hayitvoy akamni janozasidin kelturulgan burni pachaq safol obdasta ila qo‘lini yuvib, ko‘zini bir yumib, bir ochib, tokchadin yog‘och qoshiqni olib, xo‘rillatib sovigan sut oshini haligi qotgan kulcha bilan icha boshladi. Ul kuni so‘fi bobomni qorni juda och, juma axshomi bo‘lsa ham hech kim xudoyiga taklif qilgan yo‘q edi. Ul shirqaboq ila qorni to‘ymasa ham muhim kifoya bo‘ldi. Xotuni xodimchi Qulahmadni uyinda to‘y to‘g‘risidin bo‘lgan maslahatlarni sar to po so‘figa so‘zladi.
Qulahmadni qarindosh-urug‘lari bari ketub, yolg‘iz qayin og‘asin olib qoldi. Ikkisi tong otguncha to‘y to‘g‘risidin ta’yin maslahatlashib taajjubi aqillar topushdilar.
Kechasi o‘tib tong otdi. Erta bilan turib choy icharga tutindilar. Tog‘asi to‘y bo‘ladurgan bolalarga qarab ayturki, ey, jonlarim, mana emdi xudo nasib etsa, sizlarni to‘yingiz yaqindur. Man borib necha arroba qayroq buyursam. Irjayib qah-qah kulishib, ul bolalarni uyalturub, ozgina yig‘latib ham oldi. Bular shu gufti go‘da o‘ltururlarki, eshik zanjiri sharaq-shuruq sadosi eshitdurdi. Qulahmad tezdin chiqub qarasa, domla imom so‘fini ergashtirib kelgan va, assalomu alaykum, ha, Qulahmadboy, barchamizga muborak bo‘lsun. Ya’ni o‘g‘ullaringizni xatna qilmakchi emishsiz. Borakalloh, mana himmat, deb sekingina yer tegidin so‘figa ko‘z qisib qo‘ydi. Mahalla ...so‘fisi ham so‘zga tushib, ha, taqsir, mana emdi Qulahmadboy yaxshi g‘ayrat qilibdurlar. Masalan, ya’ni har qancha kuchlari bo‘lsa ko‘rsatadurgon vaqtlaridur. Qani xudo o‘g‘il bersa, hamma ham shunday harakat qilib ko‘rar edi. Bul kabi yaxshi to‘yni odam farzandi butun umrda bir martaba yo ko‘rur, yo yo‘q. Davlatlariga kelsak, alhamdulilloh, Qulahmadboy kambag‘al emas. Bir mahallada o‘ziga yaxshi obro‘ hosil etgandur. Ya’ni albatta bul kori xayr to‘yig‘a pulni ayamasa kerak. Kori xayrni xudoni o‘zi yetkazaman degandur (Qulahmadga qarab). Man sizni to‘y harakatig‘a tushganingizni kechasi xotunimdan eshitub, janob domullomga aytub edim. Domullom bul xayrlik so‘zni manim og‘zimdin eshitub shundog‘ suyundilarki, shu kunga bemalol shoshilmasdin o‘qiydurgan avrodi fathiyani bugun tez-tez o‘qib, sizni xursandligingiz uchun muborakbodlik¬g‘a kelduk. Mana emdi nima qilasiz, ixtiyor o‘zingizda, dedi. Mundin bul so‘zni eshitub bechora Qulahmad xayol daryosig‘a tushib nima qilurin bilmay, bul mo‘‘tabar aziz mehmonlarni o‘lturg‘uzishga mehmonxonasi yo‘q, gardanin yerg‘a solgancha to‘y qilaman deb ovoz chiqarganig‘a ming pushaymon qilib havlisig‘a kirib xotuni bila qayin og‘asig‘a qarab dediki...
Qulahmad sandiroqlab uyga kirib ketgach, domullo imom birla so‘fi ikkisi eshik oldida qolib, bir-birlariga fosh qilmasdan xayolga borib, o‘z-o‘zicha domullo imom aytur: «Bugun kechasi (masholloh) nega uyqum kelmadi ekan, ayog‘imda non farcha yotgon yo kitob-mitob qolibdurmi desam, yo‘q, xayriyatchilik muakkillarim Qulahmad(ng) to‘yidin voqif qilmak uchun uxlatmagan ekan. Mana bizlar xudo degan bandamiz. Bir kecha uyqudin qolib chekg‘on riyozatimizg‘a mana bugun hozir ajrini ko‘raman. Shoir bilib aytgandur:
Yaxshilik Dajladaki qil jondin,
Ajrini Haq berur biyobondin.
Mana bir kecha alloh taolog‘a o‘z manfaatim uchun yaxshilik ila riyozat qilib edimki, hay-hay, emdi bilmadimki, Qulahmad qarimtasin qanday qaytarur».
So‘fi o‘z xayoli bila bo‘ladi. «Lekin xotuning bo‘lsa, shundog‘ bo‘lsa ekan. Bul to‘yni manga xotunim aytmaganda, kimni xabari bo‘lur erdi. Uyimga borub Rixsiboyni onasin yettisidin keltirulgon qattig‘ non birla choy ichar edim. May quyib nurhol munda bu kun qorunni silab, yelkani qichug‘in bosdurub chiqamiz. Uydagi qora qumg‘onla domullo non chaynagani erta-merta yo‘lda boshqa ovqat uchrasa keyin icharman, nima bo‘ldi. Kecha roston ham Boltay Muhammadi masjidni qiziga qudasinikidin barkashda osh keladi, degan edi. Kecha panjshanba kuni kelmadi. Yo kelsa biza bilmadimki, to‘xta, domullodin so‘raychi”. Domla imomni turtadi.
– Taqsir, kecha panjshanba kuni Boltay Muhammadni qiziga qudasin uyidin osh qiladurmish, degan edi. Man o‘shaning uchun uyimda qazon qaynatdurmay, oz bo‘lmasa och qolgan edim desangiz. Qulahmadni uyidin bir tabaq oshni manim birla kulcha olib borgan ekan. Toatga quvvat deb shuni ichib yota qoldim. Nima uchun ani qudasi osh yubormadi? Siz bildingizmu?
Domla:
– Ey, so‘fi, sizni hali xabaringiz yo‘qmu? Ul Boltayboyni qudasin mahallasida xilofi sharr’ maktabxona bor. Nomi usuli jadid degan. Ul maktabni domlasi Boltay Muhammadni qudasin qarindoshi ekan. Ul to‘xtatgan emishki, quda, haftama-hafta osh berish kelishmagan ish deb. Va ham isrofchilik bo‘lmagan narsaki, pul chochguncha ortuqchasin jamiyati xayriya yo maktablarni foydasi uchun bering, der emish. Mana shunloq ya’juj-ma’jujlar chiqib, bizlarni rizqimizni bo‘lmakchi bo‘lib turur.
So‘fi shoshilib qoladi.
– Taqsir, taqsir, nima dedingiz? Hali ul usuli jadid domlasi bu bo‘lmakchi bo‘lsa, ertaga yoki bozor kuni ham yubormasmukun?
Domullo:
– Albatta, shundog‘.
So‘fi:
– Oh, sho‘rimiz qursin! Ul munofiqlar jinsi odamdin biri bo‘lib, kelub yozgan qoidalarni yo‘q qilaman deydurmi? Xudo saqlasun, o‘shani uchun zamona oxir bo‘lub boradur. Ey, taqsir, aytganingizdek, man bir kun o‘shal mahalladin o‘tub ketayotib edim. Zahar tang qilib, usuli jadid o‘qitadurgan masjidga kirib tahorat ushatmoqchi bo‘ldim. Maktabni ichig‘a mundog‘ qarasam, o‘rus o‘tiradurgan ustallar qo‘yilgan. Maktab bachalarni ikkita-uchtasi ul ustalda ayog‘in cholishtirub, o‘rusni popirusini chekib turur. Yana maktabni eshigida o‘rusni minadurgan ikki g‘ildiraklik shayton arobasi turubdur. Man shuni ko‘rub o‘zumga iymon o‘gurub qochib chiqdum. O‘shal kundin beri ul maktab bolalaridin birini ko‘rgandek bo‘lsam, darov iymon kelturaman. Xudoyo tavba qildim, o‘zing kechurgin emdi. Ularni o‘zin munofiqligi kamlik qilib to‘yda bo‘ladurgan qoidalarni ham yo‘k qilaman deyurmi? Aning ichida o‘rus tilini biladurganlari ham borga o‘xshaydur, –deb cho‘nchagidin tasbehin olib usuli jadidchilardin omonlik tilab astag‘firulloh, astag‘firulloh deb o‘gura boshladi. (Kelayluk emdi Qulahmadga)
Qulahmad bul ikki zotni oldilaridin ketub, havlisig‘a kirib, xotuni bila qayin og‘asig‘a qarab:
– Ey, aziz maslahatgo‘ylar. To‘y qilaman deb og‘iz ochib yurguncha, avval to‘yga sarf bo‘ladurgan aqchaga bir mehmonxona solib, andin keyin to‘y harakati qilish kerak ekan. Mana kechasidagi to‘y to‘g‘risida qilgan maslahatimiz domullamiz ila eshon so‘figa mahalla xodimchasi aytibdur. Bular shul daraja xursand bo‘lubdurlarki, shul kuni kun chiqg‘anda o‘qiydurgan ishroq namozlarini bugun o‘qumay kaminani ko‘nglini olgani kelishibdur. Emdi man nima qilurimni bilmaydurman, – dedi.
Qayin og‘asi Qulahmadga qarab, – ey, yazna ul domullo imom birla so‘fi bo‘ladurgan bo‘lsa, ko‘nglingizni ovlagani kelmay, balki yelkalarin qichug‘in qondurgani kelishgandurlar, – dedi.
Xotuni Qulahmadga boqib, – aylanay, er, – siz nima uchun xafa bo‘lasiz? Mehmonxona solaman deb, to‘yni maslahatin buzub mani qavmu qarindoshimni ichida subutimni ushotib odamgarchilikdin chiqarmaqchimisuz? Domullo pochchamdan aylanay, kirsalar mana joy. Man uyga qochib turaman, – deb uy ichiga kirib ketdi.
Qulahmad xotunin bu aqlidin xursand bo‘lub, yugurgancha eshikg‘a chiqib, domulla ila eshoni so‘fini taklif qildi. So‘fi usuli jadidchilardin panoh tilab boshin uyon-buyonga siltab tashlab tasbeh o‘gurmakda edi. Ul janoblar bajonidil taklifga izhori tashakkurlar aytub ichkari havliga kirishdilar. Xatna bo‘ladurgan bolalarni peshonasidin o‘pushub, tog‘asi birla ko‘rushub, choyni tepasiga o‘lturdilar. Qattig‘ ovoz birla fotihaga qo‘l ko‘tarub, to‘yni duosini uzundin-uzoq cho‘zub oxir duoda xudo taolo ko‘kragingizda o‘ylab yurgan talab maqsudingizga yetkarsun, omin, allohu akbar, deb duoni tamom qildilar.
Mirmuhsin Shermuhamedov – 1895 yilda Toshkentning Mahsido‘zlik mahallasida tug‘ilgan. Akasi Mirmulla ko‘magida zamonaviy ilm-fanlar bilan tanishadi. 1916 yilda davrning peshqadam yoshlari qatorida Ufaning mashhur Oliya madrasasida tahsil oladi. O‘qish jarayonida dunyoda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hodisalar, shuningdek, jahon adabiyoti bilan chuqur tanishadi. Turkistonga qaytib kelgach, badiiy ijod bilan shug‘ullandi. Fikriy, Muhsiniy taxalluslari bilan she’rlar yozdi. Shuningdek, mohir publitsist sifatida qator maqolalarida jamiyatdagi turli muammolarni qalamga oldi. Adiblik faoliyatida esa «Adabiy parchalar» nomli nasriy asar, «Juvon va juvonboz», «Eski tabib» nomli dramalar yozgani va matbuotga topshirgani ma’lum. Lekin bu asarlar nashr etilmagan chamasi, bizgacha yetib kelgan emas.
Mirmuhsin Shermuhamedovning e’tiborli xizmati shundaki, u roman janriga birinchilardan bo‘lib qo‘l urdi. Uning «Befarzand Ochildiboy» romanidan parchalar 1914 yil sentyabr oyida «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgan. Asar bu janr¬dagi ilk ijodiy mahsul ekanligi bois badiiylik mezonlari talabidan bir oz pastroq. Lekin ushbu roman keyinchalik «Yangi saodat», «Uchrashuv» (Hamza ) singari asarlarga yo‘l ochib, romanchilikning o‘tish yo‘llarini bosib, nihoyat, «O‘tkan kunlar»¬dek muazzam asar yaralishida bir tajriba bo‘lganini ta’kidlash joiz. Mirmuhsin Shermuhamedovning atigi 34 yillik umri davomida qoldirgan adabiy merosidan bir parchani o‘quvchilar hukmiga havola etishni lozim topdik. Quyida dastlab muallifning «E’tizor» nomli maqolasini o‘qiysiz. Bular muallif tavalludining 115 yilligiga kichik bir tuhfadir.
Afvularingizni talab qilaman ey, muhtaram qorilar. Janobi oliylaringizg‘a ma’lum o‘lsinki, manim bul tubandagi bo‘sh-bo‘sh so‘zlarim uchun albatta izhori naf¬rat etmaklaringiz tabiiydur. Shunday taqdirda ham usuli ro‘monni har kim tushunib o‘qiydurgan darajada oson bo‘lushligi kerak.
Iborat oro so‘zlar ila ro‘mon yozmak manga hech nima emas. Lekin ko‘b odamni tushunmay, foydasiz qolmaklarig‘a sabab bo‘linadur. Shuning uchun hozirgi tayyorlagan bul ro‘moncha kitobni o‘z ona lisonimizg‘a yengil qilinub bitirdum. Bitdirubki, juda bitgan emas. Alhol ham chalasi bordur. Hozir yuz varaqg‘a yaqin yozilgan. Inshoolloh, yana yozurman. Oramizda bo‘ladurgan qoidaga xilof va bid’at ishlarimizni maqola ila yozib bitdurub bo‘lmasligig‘a ko‘zum yetub, shul odatlarimiz uchun ro‘mon yozib, el ko‘zig‘a vositasi-la ko‘rsatishga majbur bo‘ldum. Shoyad muhtaram o‘qug‘uchilarga malol kelmasa, agar malol keladurgan darajada bo‘lsa, gazet orqali prutest chiqarsinlar. Chunki ikkinchi yozilmasdin to‘xtatiladur. So‘zimni zo‘rlab o‘qitmakchi emasman. Ibrat uchun yozilgan edi. Inshoolloh, bekorga qolmasa kerak, deb bir tarafdin umidim ham bordur. Bul so‘zlarni demakdin murod, manim bul ro‘mon uchun qalam tutganimdin bir zot bo‘lub, huzurig‘a chaqirib aytadurki, gazetlarda aylagan mazammating sob bo‘lub, emdi bebismilloh shayton kitobni bitmakg‘a tushdingmi? Na dunyo va na oxiratg‘a foydasi yo‘q narsag‘a urunib doimo rangingizni ko‘knori kabi sarg‘ayturub yurasan. San g‘iybatchini jabringdin qachon qutulamiz, axir? (mana so‘z). Xo‘b to‘xtang, boy aka, qutulmoqingizni mundin buyon gazet ko‘rsatib berur.
Binoialayh, shul qabila so‘zlar bosh og‘ritmak, ko‘ngil aynitmakdin boshqa foyda kelturmagay. Ko‘zi ochilib, zamonadin ibrat olmagan har kimsa nima desa desun, ammo man o‘z maslagimda davom etaman.