Ko‘rpani endi boshimga tortgan edim, xonam eshigi ochilib, ko‘zlariga qopa oynak taqqan, belidagi kamariga to‘pponcha qistirilgan qopa shlyapali oq, qora, qizil rangdagi uch xo‘roz kirib keldi.
– Tur joyingdan, – buyruq berdi birovi.
O’rnimdan uchib turdim.
– “Poyga – EM” fermer xo‘jaligi raisisan-a? – so‘radi o‘rtadagi qizil dakang xo‘roz.
– Ha, – dedi u yonidagi ikki xo‘rozga. Keyin bosiqlik bilan gapira boshladi. – Tovuq yili munosabati bilan o‘tkaziladigan poygada yutmoqchi ekansan? Chuchvarani xom sanabsan!
– Him! – ularning dag‘dag‘asidan tilim kalimaga kelmadi.
– Nima? – Mashina-pashina minging keldimi, yo bo‘lmasa shuhrat orttirmoqchimisan?
– Unday emas. Bir orzu qiluvdim, xolos.
– Senga orzumi, hali?! Ko‘rsatib qo‘yamiz. Balki...
Xonamga sukunat cho‘kdi. Jimjitlik qa’riga kirib, xo‘rozlarga iltijo bilan termulaman. Koshki, bu termulishlarim ularning tosh yuragini eritsa?! Qayda? To‘nni teskari kiyib olishdi ular. Qora shlyapa bostirib olgan xo‘roz mendan ko‘zini uzmay taklif kiritdi.
– Senga bir shans. Mabodo jonim sog‘ qolsin, desang, xo‘rozlar poygasida sening xo‘rozing yutqazishi shart. Yo‘qsa?!.
– O’ylab ko‘raman.
– Nima? O’ylaysan! Biqiningdan darcha ochgandan keyin kech bo‘ladi, tovuqmiya!
Xo‘rozlar basharamga sovuq qurollarini o‘qtalishdi. Ularning iskanjasidan chiqishning iloji yo‘q edi. Shu bois...
– Bo‘ldi... Roziman... Xo‘rozlar poygasida qatnashaman... – deb baqirib yubordim. Ko‘zimni, ochsam, qorovulxonada yotgan ekanman. Bilmadim! “Tovuq yili”da endi tushimda ham tinchlik yo‘q. Tovuqboqar bo‘lmay, men o‘lay!..