OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Qari bilganni... (hajviya)

Chori cho‘ponning og‘zi qulog‘ida. Axir nega xursand bo‘lmasin? Bu yilgi bahorning nash’u navosi o‘zgacha bo‘layapti-da! Ko‘m-ko‘k qirlarga qarab ko‘zing to‘ymaydi. Ishqilib qurg‘oqchilikdan asrasin, yil yaxshi kelsa... Ana havoda yoqimli hidlar, osmonda to‘rg‘aylar, sayxonlikda turnalar, anovi so‘qmoq yo‘lda esa...
Mashina signalidan cho‘pon sergak tortdi. Sinchiklab qarasa, direktorning tanish “UAZ”i...
Mashinadan 3-4 kishi tushdi. Direktor Chori cho‘ponni chekkaga imladi.
— Shahri-azimdan mehmon bor! Katta olim... Ekologiya masalalari bilan... Xullas, bu gaplar sizga ortiqcha. Sizning qiladigan yumushingiz, har galgidek... Huv, anovi do‘nglikka to‘shanchi to‘shaysiz, cho‘pon kabobni o‘xshatasiz, qolgan mayda-chuydani shofyordan olasiz.
— Xo‘p, xo‘p... — Chori cho‘pon bosh irg‘adi. — Mehmonni bergan, rizqini ham beradi. Qani, marhamat...
... Shahri-azimdan kelgan mehmon ancha sergap chiqib qoldi. Og‘zi go‘sht chaynash barobarida gapdan ham bo‘shamasdi.
— Oh-oh-oh! — dedi u kattakon so‘ngakning iligini kaftiga urib qoqarkan. — Ana tabiatu, mana tabiat! Havoning tozaligi... Bay-bay... “Ekologicheskiy chisto!” deganlari mana shu-da! Men sizlarga aytsam, amerikalikmi, yaponiyalikmi olimlarning aytishicha “Tabiat go‘zalliklaridan bebahra inson, ona ko‘kragidan benasib go‘dakka” o‘xsharkan! Mana biz ham ana shunday chaqaloqlar sirasiga kiramiz. Shu... qani direktor bova, “qultimissin”dan yana bir o‘z qo‘lingiz bilan... 
Mehmon og‘zidagi luqmani yutib, toza havodan to‘yib-to‘yib simirgach, yana falsafa so‘qdi.
— Bizning shaharda toza havo defitsit! To‘rt tomonimizni ko‘mir zavod, tsement zavod, asfalt zavod va yana bir-balo zavodlar o‘rab turadi. Yaqinda deng, uyqum qochib, tashqariga chiqib, katta bir jinoyatning... shohidi bo‘ldim!
Davradagilarning dami ichiga tushdi. Direktorgina botinmay so‘radi:
— Nima birortasini bo‘g‘izlab...
— E, yo‘q, — qo‘l siltadi mehmon. — Kriminal mening sohamga kirmaydi. Men guvoh bo‘lgan voqea ham ekologiyaga bog‘liq. Shu narsani aniq sezdimki, yonimizdagi zavod kunduzi bilan chang va gazini yig‘ib, tunda hamma uxlaganda sekin havoga qo‘yvorarkan! Axir bu jinoyat emasmi?! Sizlarda esa toza havo! Ajoyib... Hiq-q!
To‘satdan kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Mehmon ikki marta hiqilladi-yu, ko‘zlari suzilgancha yonboshiga qiyshaya boshladi.
— Nima balo, kayfi oshdimi?! — direktor hushyor tortdi. — Ichgani ikki piyola-yu...
Davrada o‘tirgan “moldo‘xtir” yigit mehmonning tomir urishi-yu, avzoyiga qarab rangi qumdek oqardi.
— Direktor bova! Buningiz nafas olmayaptimi?! Suv sepinglar, suv...
Shoshib qolishganidan kimdir “Bonoquva”, kimdir “Koka-kola”, hatto bittasi “Bulung‘ur” konyagidan ham sepib yubordi. Lekin bu “sepishlar”ning foydasi bo‘lmadi. Mehmonning nafas olishi tobora sekinlashib borardi. Direktor “vetvrach”ga buyruq qildi.
— Qanaqa do‘xtirsan! Bir davosini topsang-chi...
— Aka! — yig‘lagudek hiqilladi “vetvrach”. — Meniki mol do‘xtir, axir! Buningiz qo‘chqor yoki xo‘kiz bo‘lsaykan... 
— Qani, shoshmanglar-chi! — davraga ohista odim otgancha Chori cho‘pon kirib keldi. — Mehmon jigit hali “zovut-povut”, chang-gaz... devdima?! Demak, tushunarli... Buyam, bir gapi-da. Chiqmagan jondan umid... Qani, direktor, buyruq bering, hoy anovi “UAZ”ingizni bu yoqqa haydasin!
Topshiriq darhol bajarildi. Qo‘mondonlikni qo‘lga olgan Chori cho‘pon galdagi ko‘rsatmani berdi:
— Hoy, shopir bola... Moshinni o‘chirmay tur! Endi mehmon jigitni ko‘taramiz... Bunday jengil, nima balo, faqat manniy kasha yeb o‘sganmi? Endi, og‘aynilar, mehmonning burnini moshinning tutun chiqadigan trubasiga yaqin olib boramiz... Ha, balli, ana shunnay...
To‘satdan mo‘‘jiza ro‘y berdi. Mashina dudburunidan o‘rlayotgan achqimtil tutundan mehmon asta-sekin o‘ziga kela boshladi. Nihoyat, oldin bir ko‘zini, so‘ng ikkinchisini ohista ochdi. Tanasiga jon kirgan zahoti o‘rnidan irg‘ib turgancha yolvorishga tushdi:
— Jon akalar! Tezroq meni shaharga eltinglar! Zavod-fabrikasi bor joyga... Faqat tezroq! He, o‘sha toza havolaringdan o‘rgildim...
Direktor yengil tin oldi. Chori cho‘ponning yelkasiga qoqdi.
— Barakalla! Qari bilganni... deganlaricha bor ekan. Mushkul ahvoldan qutqazganligingiz uchun sizga mukofot... Biz esa, bu yerdan tezroq jo‘nadik. Bo‘lmasa...
Chori cho‘pon ularning ortidan kulgancha qolaverdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.