OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Ustoz (hajviya)

Isfan ishbilarmonning uddaburonligi haqida shaharda turfa tus teshik quloq gaplar yuradi:
— Isfan bilan maktabda bir partada o‘tirib bo‘y tortganligimdan faxrlanaman! Bo‘ladigan bola boshidan deganlaridek, sinfdoshimiz «Alifbe»dan anqovroq bo‘lsayam, ammo «arifmetika»ning avra-astarini ag‘darib tashlardi. Ishqilib, ikki karra ikkidan besh chiqarishni qoyillatardi-da...
— Isfan kaminaga ham armiyadosh jo‘ra bo‘ladi. Juda puxta edi, qurg‘ur! Qichigan joyini ham rohat topmasa bejizga qashlamasdi. Harbiy xizmatni «kurort»day o‘tkazgan. Ha, endi oshxonada bosh oshpaz bo‘lgandan keyin...
— Isfan biz bilan oliygohda o‘qigan. Domlalarning mashinasini artib-partib bo‘lsa ham ishini bitirib yurardi, surati «Hurmat taxtasi»dan tushmasdi...
Ana o‘sha Isfan ishbilarmon yaqinda uddaburonligini yana bir bor dalillash uchun hamshaharlariga hashamatli savdo koshonasini hadya etdi.
O-o-o! Bu do‘kon peshtaxtalarida «yo‘q» degan narsaning o‘zi yo‘q!
Aytaylik, biron-bir xaridor uni sinamoqchi bo‘lib, «Menga anqoning urug‘i» kerak bo‘lib qoldi”, desa ham Isfan ishbilarmon o‘zini yo‘qotmaydi. Yo‘lingizga peshvoz chiqib, qo‘li ko‘ksida, tavoze bilan kutib oladi:
— «Anqoning urug‘i»mi?! Bir og‘iz suxaningiz, aka! Qanaqasidan bo‘lsin? Quritilganimi? Yanchilganimi? Endigina nish urib chiqayotganimi? Balki, talqoni kerakdir? Maslahatim, mezon shamoli yeganidan xarid qiling... Rozi bo‘lsangiz, ozgina sabr qilib turasiz. Mezon shabadasi esdi deguncha o‘zim o‘rab-chirmab uyingizga yetkazib beraman.
Mijozlardan bittasi ataylab qitmirlik qilib, bulbulning sutini so‘rab qolsa ham, Isfanboyning javobi tayyor:
— Bulbulning suti deysizmi? Tortinmasdan bizni bezovta qilavering. Faqat, rostini ayting, qanaqasi sizga ma’qul? Og‘izni kuydiradiganimi? Beti qaymoq bog‘laganimi? Ko‘pigi ko‘pirib turganimi? Mening maslahatim — muzqaymoq holiga keltirilgani... Qalay, ma’qulmi? Unda «parranda grippi» xavfi yo‘qoldi deguncha, darhol do‘konimizga qarab chopavering...
Ehtimol, biror-bir cho‘ntagi ko‘taradigan kishiga «Zambarakning o‘qi»ga zaruriyat topilib deganday...
Isfan ishbilarmonning bitta do‘sti uni laqillatmoqchi bo‘lib debdi:
— Og‘ayni, zambarakning o‘qi kerak bo‘lib qoldi. Isfanboy bunga ham xo‘p debdi:
— Qanaqasini ko‘nglingiz xohlaydi? Buxoro amirinikimi? Qo‘qon xoni Xudoyorxonnikimi? Tortinmasdan aytavering...
Napoleon Bonaportnikini tavsiya qilardimu, ammo, sertifikatining mazasi yo‘q-da!
Ana o‘sha «hojatbaror» Isfan ishbilarmon hashamatli do‘konini ochgach ish uslubiga biroz o‘zgartirish kiritdi. Ilgari «ostona hatlash»dan oldin yon-tegrasiga isiriq tutattirardi. Endi esa do‘kon eshigining naq tepasiga tulki terisini ildirib qo‘ydi. Har gal ichkariga kirishdan avval teriga qarab bir nimalar deb pichirlaydi.
Otasining bu xatti-harakati erish tuyuldimi, bir kuni o‘g‘li botinqiramay so‘rab qoldi:
— Ota tulkining terisiga salom beryapsizmi?
Isfan ishbilarmon bir nafas tik qotdi, uzoq xayolga toldi. Nihoyat, iljaygan ko‘yi o‘g‘lining boshini silab dedi:
— Tulki emas, ustoz bu, ha o‘qimagan...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.