OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammal Ochil. Qo‘ziga aylangan qo‘chqor (hajviya)

Ichkilikni chiqarganning ichagi o‘ralsin ekan-da! Agar shu kasofat bo‘lmaganda... Xullas, nima jin urdi-yu, mo‘min-qobilligi bilan nom chiqazgan Qosimboy otlig‘ halimdekkina yigit hamsoyasining to‘yida ichib kayf qilgach, yonidagi shishadosh sherigi Ko‘chimboyga kalla qo‘yib qoldi. Sherigi ham nimjon, chillashir ekanmi, oyog‘i osmondan kelgancha suv to‘la ariqqa tushib ketdi... Eng yomoni, bu voqeaning shohidi bo‘lib turgan Damir domulla zavqlanganidan beixtiyor qarsak chalib yubordi.
− E-e, qoyil! Kalla urishni qarang... Bu Qosimboy qo‘chqorning o‘zi ekanku-a?!
Tamom! Qishloqda Damir domullaning degani-degan, aytgani-aytgan!
Xullas, o‘sha to‘yda Qosimboyga "Qo‘chqor" laqabi yorlig‘dek yopishdi-qoldi. Bu xabar Qosimboyning ulfatlariga ham yetib bordi.
− Qo‘chqorvoy, kalla qo‘yish bo‘yicha chempionatga tayyorgarlik ko‘rayotgan emishsizmi?!
− Qo‘chqorvoy, somon suvoqqa o‘ting! Faqat hasharchilarga hazillashmaysiz, xo‘pmi?
− Qo‘chqorvoy, sizni to‘yga aytmoqchiman-u, ammo shu fe’li-xo‘yingizdan qo‘rqib turibman-da!
Qosimboy qarasa, ahvol chatoq. Hamqishloqlari otasi qo‘ygan ot qolib, qayoqdagi to‘rt oyoqli jonivorning nomini tutib... Nima qilsa, bu chapani og‘aynilarining chakagi o‘chadi? Hammasiga bir-bir "kalla qo‘yib" chiqolmaydi-ku! Qosimboy o‘ylab-o‘ylab chorasini topgandek bo‘ldi. Bir gurungda dardini yordi.
− O‘-o‘, og‘aynilar! Nima qilsam shu laqablaringdan qutilaman-a?! Ko‘chimboydan bosh egib, kechirim so‘rasam rozi bo‘lasizlarmi?
To‘rda o‘tirgan jo‘raboshi – Damir domulla og‘zini ko‘vacha qilib kuldi.
− Kechirimdan kulcha yasab bo‘ladimi-a? Quruq qoshiq og‘iz yirtar, tushundingmi? Buning iloji, yaxshilab bir haq berasan, tamom vassalom! Bir yashik "Shahrisabz arog‘i"ni ariq qilib oqizib, og‘ilxonangdagi qo‘chqorning bo‘g‘ziga pichoq tortsang, "qo‘chqor" nomidan qutilasan! To‘vrima, jo‘ralar?!
− To‘g‘ri, to‘g‘ri! − guvrandi davra, − xo‘p deyaver, Qo‘chqorvoy, haliyam domulla seni ayayapti!
− Bo‘pti! − Qosimboy tizzalandi. − Faqat qasam ichinglar!
Damir domullaning peshonasi tirishdi.
− Ho‘-o‘, qo‘chqorning tirraqisi! Sen oldin gashtakning kiftini kelishtir, undan keyin "ovmin!" ol-da, bachchag‘ar! Nima yoki gapimizga ishonmayapsanmi? Unda qaytadan qo‘chqorga...
− Bo‘ldi, bo‘ldi! − Qosimboy jon holatda iyak siltadi. − Bugun juma... Ana, bozor kuni biznikiga-da!
Aytilgan gap – otilgan o‘q. Yakshanbadagi mashvarat me’yoridan oshdi. O‘sha kuni og‘ilxonadagi qora qo‘chqorga qo‘shilib, tovuqxonadagi ikki kurka va bir xo‘rozning ham boshi ketdi.
Nihoyat, jo‘raboshi Damir domulla sarxush holda lab-lunjini artgancha qo‘lini duoga ochdi.
− Qani... Jigit o‘lmaylik, balo ko‘rmaylik! Tom ustida sedana, terib yesin bedana. Shu gashtakda o‘tirganlarning uyi bo‘lsin to‘yxona, og‘ilining to‘ri qo‘yxona... Vo-obshem, gap shu! Bundan keyin kimda-kim mana shu jo‘ramiz Qo‘chqo-o... kechirasizlar, Qosimboyning otiga "Qo‘chqor" laqabini tirkasa...
Qosimboy irshaydi: "Xayriyat-e!"
Hiqichoq tutib Damir domulla duodan to‘xtadi, atrofdagilarga mug‘ombirona ko‘z yugurtirdi.
−Xo‘sh-sh! Kimda-kim shu Qo‘chqorvoyni yana qo‘chqor desa... Desa... Hm-m... Endi, Qo‘chqorvoy xafa bo‘lmaysan! Hali, bu joyga kelguncha biz kelishgandik. Bitta o‘tirish bilan endi shunday katta laqabdan qutilish insofdan emas! Lekin biz ham unaqa nomard emasmiz... Qilgan xizmating, yozgan mana bu shohona dasturxoningni, mayli, inobatga olamiz. Qani, hamma qo‘lini duoga ochsin! Bugundan boshlab shu jo‘ramizning nomi ozroq kichraytirib aytilsin! Qo‘chqor emas, endi qo‘zi bo‘lsin...
Gurillagan kulgiga uy egasining hiqillash aralash xo‘rsinishi singib ketgandek bo‘ldi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.