OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Xayrullayev. Qarz (hikoya)

Salima opa markazdan chekkaroqdagi shohbekatda avtobusdan tushgach, qaysi tomonga yurishni bilmay, ikkilanib turib qoldi. Sumkasidan qizil hoshiyali yaltiroq qog‘ozni olib, unga ko‘z tashladi. Bu — “Salima opa, albatta boring”, deb Abdurashidning o‘zi bergan tashrifnoma edi. Salima opa o‘shanda kun kelib Abdurashidni qidirib borishni xayoliga ham keltirmagandi, lekin shunday bo‘lsa-da, “Rahmat”, deb olib qo‘ygan edi. Bugun yo‘lga otlanish oldidan hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib, tashrifnomani arang topdi.
Yaqin-o‘rtada telefon bormikan, deya uyoq-buyoqqa alangladi. Ammo “O‘zim borib olib kelaman”, deb ovora bo‘lmasin, deya qo‘ng‘iroq qilish fikridan qaytdi. “Til-zabonim bor, odamlardan so‘rasam qaerdaligini aytishar”.
Shaharni aylanib, so‘rab-so‘roqlab topib bordi — mana, hashamatli ko‘rkam bino. Ayniqsa, ko‘k rangli peshoyna qadalgan old qismi antiqa ekan. Eshik oldida turgan qora murtli militsiya xodimi mensimagandek bo‘lib:
— Kim kerak sizga? — dedi.
Salima opa qo‘lidagi tashrifnomani ko‘rsatdi:
— Abdurashidni qidirib keluvdim.
Xodim negadir qog‘ozga emas, ayolning o‘ziga yana bir qur razm solib:
— U kishida nima ishingiz bor edi? — deya so‘radi.
— Qarindoshi bo‘laman, — dedi ayol yolg‘on gapirganidan picha qizarib. — O‘zi, keling, deb chaqirgan edi. Salima opa desangiz biladi.
Salima opa unga hamrohlik qilayotgan yigitga ergashib ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Qabulxonada xushchehra qiz kutib olib, ichkariga boshladi. Dabdabali bino, eshikog‘asiyu kotiba qizning muomalalari Abdurashidning bu yerdagi mavqeini ko‘rsatib turardi.
— Salomatmisiz, Salima opa, — deya uning istiqboliga yurdi Abdurashid, so‘ng bir chekkadagi pastak stol tegrasiga qo‘yilgan yumshoq kursilardan biriga ishora qildi: — Marhamat, o‘tiring.
— Rahmat.
— Qaysi shamollar uchirdi?!
— Ha, bir zaruriyat bilan kelib edim.
— Yaxshi qilibsiz. Hozir uyga boramiz.
—    Abdurashid, uyingga boshqa vaqt alohida kelaman.
—    Yana kelsangiz, ortiqcha bo‘lmas.
— Zarur ishim bor. Bitsa-bitmasa tezroq qaytishim kerak.
Abdurashid Salima opaning javobini eshitmadimi yoki e’tirozga o‘rin yo‘q dedimi, harqalay javob bermadi. Buning o‘rniga qo‘lini stol ostiga uzatib: Maftuna, dedi. Allaqayoqdan ”Labbay?” degan tovush eshitildi. — Shofyorga ayt, uyga boramiz.
Salima opa Abdurashidning xotinini kelin bo‘lib tushgan kunidan biladi. Bama’ni ayol. Ular Jamila xolani ko‘rgani vaqti-vaqti bilan borib turishadi.
Hovliga kirishlari hamon Salima opa:
— Abdurashid, — dedi, — hovling juda katta-ku, buyursin!
Kelin xursand bo‘ldimi-yo‘qmi, harqalay iliq kutib oldi. Abdurashid bir-biridan shinam bezatilgan xonalarni aylantirib, bu unaqa xona, bu bunaqa xona, deb g‘urur bilan izoh berdi.
— Mana bu yer mehmonxona, — deb ro‘paradagi zalvorli eshikni ochdi. To‘kis jihozlangan, salobatli xona. Antiqa idishlaru billur qadahlar terilgan oynavand javonlar, naqshinkor stullar, butun xonani egallagan stol yarqirab turibdi. Ganch bilan bezak berilgan shiftdagi billur qandil xonaga nur to‘kib turar, ikkita “Chamanda gul” gilam “lov-lov” yonib ko‘zni qamashtiradi.
Keyingi paytlarda odamlarga jir bitib, biri-biridan hashamatli imoratlar qurishga ruju qo‘yishgan, binoning ichi-yu tashiga e’tibor beradigan bo‘lishgan, deya xayoldan o‘tkazdi ayol. Ammo uni hayratga solgan narsa ekranining bo‘yi bir gaz, eni ikki gaz keladigan, suratga o‘xshatib devorga osib qo‘yilgan kattakon televizor bo‘ldi. Bunaqasini hali ko‘rmagan edi. Bu holga e’tibor bergan uy sohibi o‘zini yumshoq kursiga tashlab pultni qo‘liga olar ekan, yaqinda Toshkentdan falon dollarga olib kelgan bu vahima televizorining “xislat”lari haqida gapira ketdi:
— Yuzdan ortiq kanalni ko‘rsatadi. Dunyoning narigi burchagida bo‘layotgan voqealarni ham bemalol ko‘rish mumkin.
U yastanib, oyoqlarini chalishtirib o‘tirar, Salima opaning nazdida Abdurashid uyini, turish-turmushini ko‘z-ko‘z qilish uchun olib kelganga o‘xshardi.
Salima opa bilan Jamila xola devor-darmiyon qo‘shni. Bir-birlariga tug‘ishgandek mehribon. To‘y-hasham o‘rtada. Jamila xolaning eri rahmatli Sulton amaki bebaho odam edi. To‘satdan kasallikka chalinib, uzoq vaqt ko‘rpa-to‘shakka bog‘lanib qoldi. Axiyri o‘sha dard olib ketdi. Shundan so‘ng bu oila ko‘p qiynaldi. Ro‘zg‘orni tebratib turgan bitta Sulton amakining o‘zi edi. Uyda qozon qaynamagan kunlar ham bo‘lardi. Salima opaning mehr-oqibati ana shunda bilindi. O‘sha paytda u bozorga chiqib, durustgina daromad topar, hali u-hali bu degandek, baholi qudrat suyab turdi. O‘zi aytmasa-da, qo‘shnilar yaxshi bilishadi buni. U paytlar Abdurashid hali o‘smir bola edi, birini bilib, birini bilmasdi.
Keyinchalik Salima opa bozorga chiqishni yig‘ishtirdi. Buning bir sababi toliqib qolayotgani bo‘lsa, ikkinchidan bozor ishlarini hazm qilolmay qoldi. Tijorat bilan shug‘ullanadigan odam yolg‘on gapirmasdan iloji yo‘q ekan. Axir yomonni “yaxshi” deb maqtaysan. Ilgari “savdogar”, “olibsotar”, “chayqovchi” degan so‘zlar haqorat bo‘lib eshitilardi. Endi bari — tijorat. Tijorat ham emas, biznes deyishadi. Halol tijoratchini muttahamdan ajratish qiyin bo‘lib qoldi. Salima opaga yaxshi tomoni shu bo‘ldiki, ancha narsa o‘rgandi, ko‘zi pishdi. Endi u qozon-tovoqqagina bog‘lanib qolgan sodda, anoyi ayollardan emas. Ko‘p narsalarga aqli yetadi. Uncha-muncha odamga so‘z bermaydi. Lekin ayni chog‘da qanday qilib Abdurashidga yuz solishga, qarz so‘rashga so‘z topolmay o‘sal bo‘lib o‘tiribdi.
Hali u-hali bu tugmani bosib televizorni lipillatish Abdurashidning joniga tegdi shekilli:
— Mening do‘stim sog‘-salomat yuribdimi? — deb so‘rab qoldi.
Salima opaning ikki o‘g‘li bor. Kattasi — Faxriddin uylanib, bola-chaqali bo‘lgan. Abdurashid bilan bolalikdan do‘st edi. Hozir gap ana shu o‘g‘li haqida ketayotgandi.
—Shukur, omon-eson ishlab yuribdi do‘sting, — dedi ayol.
— Shustriy yigit qalay? Hali uylanmadimi?
U Salima opaning kichigi — Bahriddinni o‘rischalab shunaqa deb atardi. Ayol gap ochilganidan dadillandi:
—    Shu “shustriy”ning tashvishida yuribman-da, Aburashid!
—    To‘y boshlab yubordingizmi deyman...
— To‘y bo‘lsa koshki edi!
— Tinchlikmi?
— Mashinasini urib olib, birovning yap-yangi “Tiko”sini pachaqlab qo‘yibdi.
— Ana xolo-os! Mashinasi yo‘q edi, shekilli.
— Otasining daqqi yunusdan qolgan eski “Moskvich”ini amallab minib yurgan edi.
— Ayb kimda?
— Kimda bo‘lardi? Bahriddinda-da!
— Endi nima qilmoqchisizlar?
— Nima qilardik? To‘laymiz, boshqa yo‘li yo‘q.
— Salima opa, ko‘p xafa bo‘lmang, o‘rni to‘lib ketadi.
— Shundayku-ya... Faxriddinning mashinasini sotmoqchi edik. Narxiga kelisha olmay turibmiz. Bizning dilgirligimizni bilib arzon baholashyapti, — Salima opa gapning buyog‘ini shoshmay davom ettirdi, — shunga qarzga ming dollar berib turasanmi, deb kelgan edim. Ishonchli bo‘lsin uchun mashinani oyingnikiga olib chiqib, kalitini qo‘lingga berib qo‘yardik.
Abdurashid bir zum o‘ylanib turib negadir o‘rischalab:
— Salima opa, ya dengami ne igrayu, — dedi.
Ayol tushunmadi, bermayman degani bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
— Mayli, imkoning bo‘lmasa iloj qancha.
U shifti baland, keng-mo‘l xonada o‘tirgan bo‘lsa-da, havo yetishmayotgandek nafasi qisilib, o‘zini behuzur seza boshladi. Bu dabdabali koshona ko‘ziga tor ko‘rinib ketdi...

...G‘ani ota Abdurashidni astoydil yaxshi ko‘rardi. Oliy maktabda o‘qishiga ham, keyinchalik markazdagi obro‘li tanish-bilishlar ko‘magida kattami-kichikmi martabaga erishishiga ham ozmi-ko‘pmi xizmati singan. To‘g‘ri, Abdurashidning o‘zi ham es-hushli, tirishqoq yigit. “Jiyanim!” deb g‘ururlanishga arzigudek edi. Illo, keyingi paytlarda ayniy boshladi: dimog‘ paydo qildi, uncha-muncha odamni mensimaydigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa Salima opaning Abdurashid oldidan besamar qaytgani uni qattiq ranjitgan edi. Ko‘rnamak!
Tojiddin puchuqning o‘g‘li — kattakon bankaning xo‘jayini Sulaymon egizak o‘g‘illariga sunnat to‘yi qilyapti. Kecha ertalab katta restoranda osh berdi. Kechki bazm yana o‘sha to‘yxonada bo‘ladi, deb eshitgan edi G‘ani ota. Omon-eson o‘tibdi. To‘yga Abdurashid ham kelgan. Bir sohada ishlagandan keyin keladi-da. Lekin kecha jiyani bilan ko‘risholmadi. Mana, hozir singlisi Jamila, jiyani Abdurashid — uchovi bir choynak choyni ichib tamomlashdi. Jamila xola choy damlash niyatida chiqib ketayotgan edi G‘ani ota:
— Qondik. Choyni bas qil, — dedi. — Endi bizni xoli qoldir. Gapimiz bor.
Abdurashid biror jiddiy gap shekilli, deb o‘yladiyu, indamay o‘tiraverdi. Nihoyat G‘ani ota dabdurustdan:
— Bankrot bo‘ldingmi?! — deb qoldi.
— Tog‘a, bu gapni qayoqdan topdingiz?! Bankrotlikdan xudo asrasin.
— Salima opangning hojatini chiqarmabsan!
— Shikoyat qilibdi-da!
— Yo‘q. Men o‘zim so‘rab bildim. Uni senga men yuborgan edim. Bunday qilishingni sira kutmagan edim. Onangni dardi esa ichida.
— Tog‘a, hozirgi zamonda birovga pul berib bo‘ladimi?!
— Avvalo, Salima birov emas senga! Otangning vafotidan keyin og‘ir kunlaringga yaragan ayol shu. Buni yaxshi bilasan. Ikkilamchi, “hozirgi zamonda” deysan. Zamonga nima qipti?
Abdurashid javob bermadi, boshini xam qilib o‘tiraverdi. G‘ani ota tutaqa boshladi:
— O‘z jigaringdek bo‘lib qolgan odamga picha aqcha topib berolmabsan-da, a!
— Men hech kimga qarz bermayman. Prinsipim shunaqa! Ustiga-ustak ozgina ham emas.
— Men berdim. O‘limligimga yig‘ib yurgan pulimni berdim. Qolgan-qutganini u yoq-bu yoqdan surishtirdim. Darvoqe, o‘tgan kuni qaytardi qarzini... Faxriddinni jonajon do‘stim, deb yurarding. Endi uning yuziga qanday qaraysan?
— Biznesda do‘st bo‘lmaydi, kampanion bo‘lishi mumkin.
— Shunaqa de? Bilmas ekanman... Kechagi bazmda pullaringni ipga tizib olata* qilibsan-ku!
— Bizda odat shunaqa.
— Harom pullar quturtiryapti, degin!
— Nega harom bo‘lar ekan?!
— Mehnat bilan pul topgan odam bunaqa qilmaydi!
— Tog‘a, bir narsaga hayron bo‘laman, o‘zi yurt ko‘rgan odamsiz-u, hozirgi zamonni tushunmaysiz-a.
— Tushunishni istamayman ham. Chunki bu nonko‘rlikdan o‘zga narsa emas... Endi, jiyan, kezi kelganda yana bir narsani aytib qo‘yay... Yana ko‘rishamizmi-yo‘qmi...
— Bu nima deganingiz?! — shoshib qoldi Abdurashid, — mendan voz kechmoqchimisiz?!
— Shuncha gapdan keyin men kechmasam, sen kecharsan.
— Bo‘lmagan gap!
— Ha-a, — dedi G‘ani ota chuqur xo‘rsinib, — jiyanim undoq, jiyanim bundoq, deb maqtanib yurardim. Necha pullik odam bo‘ldim!
Abdurashid unga javoban biron narsa deyishga ojiz edi. G‘ani ota esa hali boshlagan gapini davom ettirdi:
— Senga o‘xshab men ham bir narsadan hayronman: bilaman, restoranga kirsang jaraq-jaraq pullarni tashlab chiqasan. Ammo ko‘chada turgan biron nogironga o‘n so‘m berganmisan? Bermaysan. Chunki ularni ko‘rmaysan, ko‘rishni istamaysan ham. Umuman, yaxshilik nimaligini bilmaysan.
— Mahallangizdagi machit qurilishiga, o‘zingiz aytgandek, jaraq-jaraq pullarni sanab bergan kim?!
— To‘g‘ri. Lekin endi o‘ylab qarasam, sen buni o‘zingni ko‘rsatish uchun qilibsan. Ha-da, butun tumanda duv-duv gap: nima emish, falonchi...
G‘ani ota nimchasi cho‘ntagidan bejirim yon soatini oldiyu shoshib qoldi:
— Peshinda Ashirmatnikiga xatmi Qur’onga borishim kerak edi.
Ota xayrlashmasdan chiqib ketdi...
Abdurashidning loaqal tog‘asini kuzatib qo‘yishga ham majoli yetmadi.
___________
* Olata — to‘y marosimlarida davraga tushib o‘ynagan kishilarga pul qistirish.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.