OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ziyo. Azizalar (hikoya)

O‘shanda poezd bir maromda allalab, tong va manzil sari yaqinlashtirardi. O‘qishga kirganimdan o‘zimda yo‘q xursand edim. Bu shaharga ikkinchi marotaba kelishim edi, avval amakim bilan imtihon topshirish paytida kelganmiz.
Vokzaldan chiqqandan so‘ng o‘ng tomondagi yo‘lakdan bekatga, u yerdan o‘n yettinchi avtobusning oxirgi bekatigacha borib, ko‘chaning narigi betidagi ko‘k darvozaga – Jamila opaning uyiga adashmasdan yetib olish haqida o‘ylardim.
Hali erta bo‘lgani uchunmi, odamlar, mashinalar siyrak edi. Bekatda turgandim, bir lo‘li xotin kelib fol ochishdan vaqqilladi, ortiqcha pulim yo‘qligini aytib, ters o‘girildim.
–     Ko‘nglingdan chiqarib beraver, – dedi lo‘li surlik bilan.
– Yaxshi, unda kelajakdan emas, o‘tmishimdan och, – dedim.
U hayron bo‘ldi, aftidan unga mijozlar bunday bema’ni savolni hech berishmagandek.
– O‘tmishingni shundoq ham bilasan-ku, – dedi ensasi qotib.
–     Ishonch hosil qilish uchun, – dedim.
–     Qanaqa ishonch, nimaga?.. – dedi yana talmovsirab.
         “Obbo, laqmae...” dedim ichimda. Unga tushuntirmoqchi bo‘lib:
–     Ayt-chi, otam tirikmi, yo‘qmi? – dedim baqrayib.
Nima demoqchi ekanligimni endi ilg‘adi, shekilli:
– Otang yo‘qligini ust-boshinga qarab ko‘chadagi istagan kishi ayta oladi, – dedi achinganday bo‘lib.
Qilig‘imdan uyaldim. Ammo sir boy bermasdan:
–    Fol ochirishni istamayman, – deb uch-to‘rt qadam nari ketdim, u ortimdan ergashdi.
–    Ha, mayli, bittasini aytaman, sen Aziza ismli qizga uylanasan, – dedi to‘satdan.
Buni u meni qiziqtirish uchun aytdimi yo rostdan taqdirimda bormidi – bilmadim, uni eshitmagandek avtobusga chiqib jo‘nadim.
 
* * *

O‘qishlar boshlangan. Nimagadir o‘sha lo‘lining gapi miyamda aylanaverardi. Kursimizda ikkita Aziza ismli qiz bo‘lib, bittasi men sardorlik qiladigan guruhda, ikkinchisi narigi guruh sardori edi.
     Sizga tushunarli bo‘lishi uchun ulardan biri, bizdagi Azizani – uzun sochli, to‘ladan kelgan, bug‘doyrang, o‘zbekona xulq-atvorli bo‘lgani uchun osiyocha Aziza, ikkichisi ozg‘in, oq-sariqdan kelgan, sochlari kalta, ruscha ta’lim olganini, ovro‘pacha Aziza deb atayman.
Ulardan qaysi biri mening Azizam ekanligini bilishim, to‘g‘rirog‘i, aniqlashim kerak edi, nazarimda. Shuning uchun ikkoviga ham bab-baravar mulozamat ko‘rsata boshladim. Aftidan, bu ularga ham yoqardi, har holda begona shaharda ushoqdek iliqlik, tog‘dek ko‘rinadigan vaqtlar edi.
Kursdoshlarim ham nimanidir sezganmi, bir kuni Elbek kelib, “Senga nima bo‘lyapti o‘zi?” deb so‘roqlaganda hech narsani bilmaganday, tog‘dan kelsa, bog‘dan kelib turaverdim.
Kunlar esa o‘taverardi. Nazarimda, har ikkalasiga ko‘nglim bordek. Hamon qaysi biri mening Azizam ekanligini bilolmay halak yurgan kezlarim edi. O‘shanda shamollab, ovozim deyarli chiqmay qolgandi. Yonimga ovro‘pacha Aziza keldi-da, hol-ahvol so‘ragach, bir retsept berdi: osh sodasini choynakka solib, qaynoq suv quyib, jo‘mrakdan chiqayotgan bug‘-parni yutishim lozimligi, so‘ngra sal sovigach eritmada tomog‘imni g‘arg‘ara qilishim kerakligi yozilgan edi. U buni ixlos bilan qilsam, tez tuzalib ketishimni tushuntirar ekan, “Bugunoq muolajani boshlamasangiz, siz bilan umuman gaplashmayman”, dedi. Shu kuni ikkilanishlarimga chek qo‘yib, peshonamga bitilgani ovro‘pacha Aziza ekanligiga ishonch hosil qildim. Yaxshiyam shu lo‘li xotin bor ekan, bo‘lmasa kursimizdagi Shahnozagami, Feruzagami, boringki, boshqa bir qizga ko‘ngil berishim hech gap emasdi.
O‘shanda lo‘li xotinga pul bermaganimdan afsuslan boshladim.

* * *

 Endi faqat ovro‘pacha Aziza haqida o‘ylar, aniqrog‘i, unga yoqishga, ko‘nglini topishga harakat qilardim. Men ijarada turardim, u esa qarindoshinikida yashardi. Bir kuni darsdan so‘ng uni kuzatib chiqdim. Bekatda avtobus kutardik. U ajoyib sarguzasht asar o‘qiyotganini aytib, kitobni menga uzatdi. Varaqlay boshladim, bu Jyuletta Bentsonining “Marianna – Zvezda dlya Napoleona” nomli asarining rus tilidagi nashri edi. To‘g‘risi, o‘sha vaqtlarda uncha tishim o‘tmasdi.
U bilan suhbat adabiyot mavzusida bo‘lsa, men albatta Qodiriy, Cho‘lponlarning asarlari haqida gapirardim... U “Da, konechno, v uzbekskoy literature toje yest dostoynыe proizvedeniya, nu...” deb peshonasi tirishib ketardi. Shu-shu Shekspir, Dyuma... va boshqa u yoqtirgan mualliflarning o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlarini topib o‘qishga kirishdim. Maqsad – u bilan yaqinroq bo‘lish... Urinishlarim zoe ketmadi shekilli, uzundan-uzoq suhbatlar, bahs-munozaralarga imkon topildi.
Ovro‘pacha Aziza bilan munosabatlarimiz qalinlashgani sari osiyocha Azizadan uzoqlashib borardim. Ilgarigidek tavoze qilmaganim yetmagandek, uni siltab tashlay boshladim. Bunday keskin o‘zgarishimga atrofdagilar ham sababchi edi go‘yo... Osiyocha Azizaning familiyasi Hotamova bo‘lib, Elbekka o‘xshaganlar so‘rashayotganda sekin qulog‘imga, “Hotamov, ishlar qalay” deb jig‘imga tegardi. Bir kuni kursdoshlar bilan darsdan so‘ng yo‘lakni to‘ldirib chiqib kelayotgandik, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Men ovro‘pacha Azizaga gap berib borardim, ortimizdan kimdir “Hotamov” deb qichqirdi. Yonimdagi Aziza yalt etib, “nima gap” deganday menga qaradi. Men ham yelka qisdim. So‘ng ortimga qarab kursdoshlar orasidan Elbekni topmasam-da, musht ko‘rsatib qo‘ydim. Nazarimda, mana shunaqangi bema’nigarchiliklarga chek qo‘yish uchun ham osiyocha Aziza bilan sovuq munosabatda bo‘lardim.
 Bahor kunlari edi. Univesitet hovlisidagi o‘rindiqda men, ovro‘pacha Aziza, yana uch-to‘rt dugonasi beg‘ubor oftob nurlarida toblanib suhbatlashardik. Qizlar tuyqus pichirlab bir-biriga “qara-qara” deya boshladi. Men ham o‘sha tomonga yuzlandim. O‘quv binosidan chiqib kelayotgan qiz oppoq shimda, egnida yashil kofta, belidagi bir qarich enlikdagi qizil kamarida bog‘ich ham bor edi. U xuddi qo‘g‘irchoqqa o‘xshab ketardi, o‘zi ham juda huriliqo. Beixtiyor “O‘h-ho‘-o‘” deb yubordim. Shunda ovro‘pacha Aziza: “Bittasini eplab ko‘ndirolmaydi-yu, o‘h-ho‘siga o‘laymi!” degandi, qizlar qiy-chuv qilib kulishib, birin-ketin turib keta boshlashdi. O‘shanda qancha o‘ylamay, “kimni, nimaga ko‘ndirish” kerakligiga hech aqlim yetmadi...
 
* * *

Sardor bo‘lganim uchun har oyda talabalarga stipendiya tarqatardim. Hamisha pulni egalariga tezroq yetkazish payida bo‘lardim. Har holda birovning omonati... O‘shanda osiyocha Aziza darsga chiqmaganligi uchun xonasiga borib, eshigini taqillatdim, stipendiyasini olib kelganimni aytdim. U xonasidan yelkasiga sochig‘ini tashlab chiqdi, aftidan endi uyg‘ongan edi.
– Qiz bola ham tushgacha uxlaydimi, – dedim zardali ohangda.
U indamasdan yerga qaradi. Uning ko‘zyoshlari yuzidagi qizil mayda-mayda husnbuzarlariga urilib, goh qizil, goh shaffof tusga kirib, dumalab-dumalab tusha boshladi.
Men unga parvo ham qilmay uch kunda bir bolalar bog‘chasida qorovul turadigan Rustamning eshigini taqillatdim.  
–    Seni Xudoning o‘zi yetkazdi, – dedi Rustam xuddi otasini ko‘rganday bo‘lib.
–    Nima gap? – dedim hayron bo‘lib.
U avvaliga bir o‘zi navbatchilikda zerikayotganini aytib, sherik bo‘lib turishimni iltimos qildi. Ishonmadim... Oxiri yorildi. Qisqasi, ishxonasidagi qizlardan birini sevib qolganini, uchrashuvdan so‘ng qorong‘i tushib qolayotganini, bunaqa vaqtda qiz bola yolg‘iz yurishi yaxshi emasligini aytib, sevgilisini juda chiroyli dugonasi borligini ham qistirib o‘tdi. Men hammasiga juda yaxshi tushunib turgan bo‘lsam-da, bilmaganlikka olib:
–    Xo‘sh, bizdan nima xizmat? – dedim beparvo.
–    I-e, qanaqa xizmat, dugonasi bilan gaplashasan, kallavaram!
–    Gaplashadigan qizim bor-u.
–    Nima bo‘pti, bittasi zapasga, hozir hamma shunday qiladi.
–    Men unaqa olg‘irlardan emasman...
–    Xo‘p, yaxshi, xohlasang do‘st bo‘l, uyog‘i sening ishing. Faqat yarim soatcha avrab tursang bo‘ldi.
Men noqulay ahvolda qolgandim. Bir tomondan bu ovro‘pacha Azizaning qulog‘iga yetib borishidan cho‘chisam, ikkinchi tomondan bu ishning oxiri baxayr bo‘lmasligini ko‘nglim sezardi. O‘ylab ko‘rsam, kursdoshlar orasida uddaburon Umidgina qizlar bilan gaplashishni qoyil qilardi. O‘zimni o‘rnimga uning nomzodini ko‘rsatdim. Rustam bo‘lsa:
–    Nimalar deyapsan, g‘irt xotinboz-ku! U sevgilimni ham yo‘ldan uradi! – dedi jig‘ibiyron bo‘lib.
Shundan so‘ng u meni bejiz tanlamaganini, sofdil, insofli, olijanoblikda tanholigimni aytib, shunday ko‘klarga ko‘tarib maqtadiki, rozi bo‘lmay ilojim qolmadi.
Yuklatilgan vazifa: Rustam ma’shuqasi bilan uchrashyotganda, Sevara ismli dugonasiga gap berib turishim kerak. Qiz juda sodda, samimiy va sal boshqacharoq edi. Shunchalar soddaki, birinchi kuniyoq otasi ichkillikka mukkasidan ketganini, onasini urib o‘ldirib, qamalib ketganidan so‘ng sag‘ir qiz shaharga, xolasinikiga kelib qolganini oqizmay-tomizmay aytib berdi. U goho pishiriq tayyorlab kelar, ko‘pincha bog‘chaning konfeti va shirin choyi bilan siylar edi. Uning munosabati, muomalasi juda samimiy bo‘lsa-da, och bo‘lsam ham ishtaham yo‘q deb yemay turaverardim. Har holda, bolalarning rizqi... Bir kuni u xonasiga olib kirdi-da, o‘ziga tegishli tumbochkani ko‘rsatib, bundan so‘ng yeguliklarni shu yerda qoldirishini, xohlagan paytimizda olishimiz mumkinligini aytdi.
Qizlarni kuzatishimiz bilan musobaqalashayotgan sportchilarga o‘xshab ikkinchi qavatga – Sevaraning xonasidagi tumbochkaga qarab yugurardik. Yana bir-birimizga “Ey, sekinroq, bolalarning rizqi teshib chiqadi...” deb hiringlardik. Tumbochkada yegulikdan tashqari atir-upalari, mayda-chuydalar ham turardi. Rustam atirdan separdi. It-itdan qolsa, dumini kes degandek, men ham...
Ovro‘pacha Aziza mendan oldindagi qatorda o‘tirardi. Bir kuni o‘girilib qaradi-da, qoshlarini chimirib: “Nima sasiyapti”, dedi. Egnimdan Sevaraning shippa-shirin atiri anqib turardi. Shu-shu qayta sepmay qo‘ydim. Nazarimda, Sevara bilan do‘stona gaplashayotgan bo‘lsam-da, borgan sari unga bog‘lanib qolayotganimni sezardim.
Kunlarning birida anavi ikkalasi uyoqda sevishayotganda, Sevara menga “Kelinglar, tumbochkaga bir safar sizlar “snikers” shokolad qoldirasizlar, keyingi safar biz...” desa bo‘ladimi! Nima deyishimni bilmay qoldim. Yana o‘lganning ustiga tepgan qilib, “Faqat yevolib aldab ketish yo‘q...” deb qo‘shib qo‘ydi. Na kulishimni, na yig‘lashimni bilaman. Ehtimol, u dugonasiga havas qilayotgandir, balki sevgisi, sevilgisi kelayotgandir. Kim biladi deysiz...
Shu paytgacha u qoldirgan narsalarni yeb, biror martda rahmat demaganimga o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketdim. Shundan so‘ng hammasiga nuqta qo‘ydim. Rustam qancha yalinmasin qaytib bormadim. Gap shokoladda emas, aytaylik, yigit uchrashuvga chiqsayu qiz sovg‘asini olsa, rozilik alomati sanaladi. To‘g‘rimi? Gar shunday ekan, u yoqda ovro‘pacha Aziza, bu yoqda Sevara, masalani chigallashtirishning nima keragi bor...
Negadir folchi xotin to‘g‘ri aytganmikin yo pul undirish maqsadida aldaganmikin, degan fikrdan hech qutula olmasdim. Domlalarning deyarli barchasi bilan yaxshi edim.
Falsafani fanlarning otasi deyishadi. Shuning uchun bir kun darsdan so‘ng falsafa o‘qituvchimiz Malik aka bilan kafedrada uch soatcha fol mavzusida suhbatlashdik. Turli ilmiy, noilmiy farazlar bilan boshimni qotirib, oxiri gap “Folga ishonma, folsiz yurma” degan naqlga borib taqaganida hafsalam pir bo‘ldi.
 
* * *
Shaharlik kursdoshlarimizdan birining tug‘ilgan kuni ekan, uyiga hammani taklif qildi. Ovro‘pacha Aziza bilan bordik. Bir yaxshi o‘tirgandik, ovro‘pacha Aziza vino-pinodan ko‘proq ichib qo‘ydi shekilli, oyoqda turolmay qolgani yetmaganday vaysaqi bo‘lib qoldi. O‘tirish buzilmasin deb hamma imo-ishora qilib, uni kuzatib qo‘yishimni so‘rashdi. Noiloj qo‘ltig‘idan olib, ko‘chaga yetakladim. U nimalardir deb, oyoqlari chalkashib borardi. Kech tushib qolgandi. Bekatga yaqinroq pana joyda to‘xtatib, o‘zimga qaratdim. Uni ko‘zlari yumilgan, qo‘llari bo‘ynimga osilib, butun gavdasini tashlab olganidan, belidan quchib turibmanmi yo uni suyab turibmanmi – bilib bo‘lmasdi. Qizigandan-qizib borardim, qandaydir titroq ham bor edi. Vanihoyat... “Nima bo‘lsa, bo‘ldi” dedim-da, xuddi kinolardagidek labiga labimni bosdim. U «Tы toje takoy je...» deb, bir siltab quchog‘imdan chiqib, hech chayqalmay shahdam qadamlar bilan bekat tomonga keta boshladi. Men nima bo‘lganini tushunmay hayratda qotib qoldim. Bekatda avtobus kutar ekanmiz, nimadir deb ovutish haqida o‘ylardim. Bazo‘r “Meni kechiring...” deb vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lib gap boshlagandim: “Idi von, ostav menya v pokoe!” dedi. Gap ohangidan meni boshqa ko‘rishni istamayotgani shundoqqina sezilib turardi. Aksiga olib mening avtobusim unikidan avval keldi. Qiz bolaning bir o‘zini tashlab ketish yigitchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Ayni paytda u meni ko‘rishni ham xohlamasdi. Xo‘sh shunday holatda ovro‘paliklar nima qilardi? Ovro‘pa fillmlarida ayol erkakka, “Meni tinch qo‘ying”, degach, to o‘ziga kelguncha, ma’lum vaqt bezovta qilishmaydi. Men ham shularni eslab, “Yaxshi qol, ey dilbarim!” deb, avtobusga chiqdim-da, jo‘nadim.
Ertasiga sochimni tarayotganimda, taroq tegib boshim og‘ridi, barmoqlarim bilan og‘rigan joyni paypaslab yaraga o‘xshash narsa paydo bo‘lganini bildim.
Universitetning ambulatoriyasida asli biz tomonlardan o‘qishga kelib, shaharlik bo‘lib ketgan Saodat opa ishlardi. Menga juda mehri bo‘lakcha edi. U doim “Kasalni davolagandan ko‘ra oldini olgan yaxshi” deb, tortinmay tez-tez ko‘rikdan o‘tib turishimni tayinlardi. Bundan tashqari, “Qishloqdan qarindoshlar kelsa, biznikiga ham olib o‘ting, bir mehmon bo‘lib ketishadi”, deb sira qo‘ymasdi. Opa meni ko‘rib juda xursand bo‘lib ketdi. Dardimni aytdim. U mehr bilan sochlarimni mayin siypalab, yaraga o‘xshash narsani topdi. Keyin... Keyin negadir yengil bir siltab o‘zidan uzoqlashtirdi-da, sekin: “Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi, yoshlikda bo‘lib turadi”, dedi parishon bir ahvolda...
Men hech narsani tushunmadim...
Darsga kech qolib kirganimda hamma menga qarab, iljayayotganidan nimadir ro‘y berganini sezdim. Surishtirib, ovro‘pacha Aziza kechagi voqeadan hammani boxabar qilganini, biroq “Anavi joylarini” aytmaganini bildim.
–     Qaysi farosatli yigit bekatda qizni yolg‘iz qoldirib ketadi?! – dedi boshini sarak-sarak qilib Elbek. “Hozir ko‘rsataman...” deb alamimdan shuncha quvlacam-da, yetolmadim o‘shanda...
Qizlarga ham hayronsan, ketsang ketdi deydi, qolsang qoldi deydi. Ularning ko‘ngliga yo‘l topish o‘limdan qiyin... O‘shanda sevish ham jonimga tekkandi, to‘g‘risi...

* * *

Hash-pash deguncha yillar o‘tdi-ketdi. Bir kuni osiyocha Aziza yuzlari siniqib qolgan, boshiga oq ro‘mol tashlagan, egnida odmi ko‘ylak, oyog‘idagi kavushi ancha urinib qolgan, keksa yoshdagi ayolni qo‘llaridan ushlab nihoyatda avaylab zinadan tushirardi. U shu turishida juda chiroyli, mehribon va olijanob ediki, uni faqat kuzatish kerak edi. U shu qadar go‘zal xilqatga aylangan ediki, ko‘rib ko‘zlarimga ishonmadim. U birinchi kursdagidek to‘ladan kelgan, mehnatda pishgan baquvvat qo‘llari ham o‘sha-o‘sha... Ammo nimasidir... Boshqalarda uchramaydigan nimasidir bor edi. U go‘yo bir aylanib boshqa qizga aylanib qolgandek. Unda malohat, nafosat, joziba, boringki, barcha fazilatlar mujassam edi go‘yo... Shuncha yil birga o‘qib uni yaxshiroq bilmasligimni anglagandek edim. O‘shanda ularning yoniga borib, hol-ahvol so‘ragim, u e’zozlayotgan ayol kim ekanini bilgim kelsa-da, yurak yutib borolmadim...

* * *

Osiyocha Aziza yillar davomida tuni bilan ipdan turli kiyim-kechak to‘qib, yotoqxona ma’muri Vera xola orqali sottirib, onasining xiralashib qolgan ko‘zlarini davolatish uchun pul yiqqanini xonadoshi Gulsaradan bilgach, o‘zimni o‘zim o‘ldirgim keldi.
Dunyodagi eng yomon odam ikkita bo‘lsa, bittasi men, agar bitta bo‘lsa – yana o‘zim. Ishonavering... Chunki osiyocha Aziza mening guruhimda edi. Har sessiyada Umidga o‘xshaganlar kelib, “Sardorsan-u, yordam bervor!” deb yalinishardi. O‘zi dars paytida ko‘cha changitib yurgan bo‘lsa-da, domlalarga sababli kelmagan deb bahosini qo‘ydirib berardim. Osiyocha Aziza har sessiyada qaysidir bir fandan bahosini vaqtida ololmas va uch oylab stipendiyasiz qolsa ham yordam so‘rab kelmasdi. Shunga qaramay u hamisha men bilan juda xushmuomalada bo‘lar, ustiga ustak, ba’zan darsga kirmasam dekanatdaligimni aytib sababli qildirar, jurnalimni ko‘tarib yurishlarini aytmaysizmi! Buning o‘rniga o‘shanda yuzimga bir tarsaki tushirsa, hech bo‘lmasa, ablah, nomard deb so‘kkanda hozir bunchalik azob chekmagan bo‘lardim.
Negadir onasini zinadan tushirayotgan osiyocha Aziza xayolimdan ketmasdi. Mening onam yilda bir marta yo‘qlab kelardi. Birinchi kursdaligimda dekan o‘rinbosari Ahad akaga uchrashib, “Biz uzoqdamiz, farzandimizga ko‘z-quloq bo‘lib turing” deb tayinlagan, domla ularni tinchlantirib, “Shundoq ham bu bizning vazifamiz”, degan edi. Shu-shu har safar kelganida o‘qituvchilarimizni so‘raydi. Domlalarning ishi ko‘p, band ekan deb mozorbosdi narsalarni o‘zim yetkazishimni tushuntirib, kuzatib yuborardim...  
Bu yil erta bahorda kelganlarida ham qo‘llarida ikkita katta sumka bilan o‘quv binosi yonida meni kutib turgan ekanlar. Har galgidek, el qatori qishloq kiyimida. Ko‘rishiboq, dekanimiz yo‘qligini aytib, it quvganday qilib ijarada turadigan hovlimizga olib bordim.
O‘shanda mazasi yaxshi-yu, ammo ko‘rimsiz nok, uzum, olmalarini o‘zimizning bog‘dan deb qayta-qayta maqtab esi ketgandi bechora onamning. Uy bekasining tufligini so‘rab olib, onamga kiyib ko‘rishni taklif qildim.
–     Nega, o‘zimning yappa-yangi mahsi-kalishim bor-ku! – dedi onam jahllari chiqib.
–     Ko‘rib turibman, ertaga shahar aylanamiz, bu yerda esa bunaqa kiyishmaydi, – dedim xijolat bo‘lib.
O‘shanda onam ko‘zlarini bir nuqtaga uzoq tikib qoldi, boshidagi katta oq ro‘mollari uchiga ko‘zyoshlarini artdi-da, dabdurustdan qaytishi zarurligini aytdi. Garchi bundan sal avvalroq “Bu yoqlarga endi qachon yo‘lim tushadi, bilmaymiz, bir shahar aylantirasan-da!” degan bo‘lsalar-da, qishloqqa qaytish shashtidan qaytarolmadim. Ertasiga og‘aynilarimdan qarz olib, bozorga tushdim. Eroni olma-noklardan, yana ul-bul xarid qilib, mozorbosdi patir va qurtni qo‘shib, dekanatga olib bordim: onam kelgan ekanlar, vaqtlari ziqroqligi uchun o‘zlari uchrasha olmadilar, deb har safargidek, aldadim.
Negadir onasini avaylab zinadan tushirayotgan osiyocha Aziza xayolimdan ketmasdi. Quyi kursda o‘qiyotganimizda Elbek osiyocha Azizaning menda ko‘ngli borligini aytganda g‘ashim kelib, “Tengini topsin”, deganman. Xo‘sh, nimam bilan tenglashish kerak edi. Daftarchadagi beshlar bilanmi? Axir ustozlar, “Baho daftarda qolib ketadi, bahoying hayotda a’lo bo‘lsin”, deb bejiz aytishmagandir. Agarda odamiyligi bilan bo‘ylashsam, uning to‘pig‘ida qolib ketsam kerak. Xo‘sh, nimam bilan tenglashish kerak edi?.. Nimam bilan?..
 
* * *

Oxirgi paytlardagi xatti-harakatlarimdan kursdoshlarim hayron edi. Kezi kelsa ular bilan so‘rashmasdim ham. Ular eshtilar-eshtilmas qilib, “Odamlarga bozor iqtisodi ta’sir qilibdi”, deb piching qilishga o‘tishgandi. Aslida esa, meni qiynayotgani butunlay boshqa narsa edi.
Ovro‘pacha Aziza bilan gapimiz kelishmay qolgandan keyin qasdlashibmi yo boshqa sababmi, ishqilib, Umid bilan juda opoq-chapoq bo‘lib ketishgandi.
Birinchi davlat imtihonini eson-omon topshirib chiqqanimiz uchun yotoqonada kichik marosim bo‘layotgan ekan. Men kun sayin jiddiylashib borayotganimdan ustimdan suv quyadigan birorta mard topilmadi.
Bitiruv kechasi masalasida kursdoshlar Rustamning xonasida yig‘ildik. Maslahatga usti-boshi ho‘l, shirakayf Umid kirib keldi-da, yoqamdan olib, “Azizani nima qilgansan?” dedi. Meni ham uning yoqasidan olib, “Qo‘limni ham tekkizmaganman, nima qilding?! Nima qilding uni, ablah!” deb bor ovozim bilan baqirdim. U bo‘lsa, xuddi g‘oliblardek, yuqoriga qarab hoholab, “Tiz cho‘ktirdim”, dedi. U oyoqda bazo‘r turardi, jag‘iga kelishtirib bir tushirgandim, shkafga kirib ketdi. O‘rtoqlarimning hayhaylaganiga qaramay o‘zimni tashqariga otdim. Yo‘lda borar ekanman, yuragim siqilib, dunyo ko‘zimga tor ko‘rina boshladi. Folchi xotinni yana rosa bo‘ralab so‘kdim...
Ovro‘pacha Azizani sevarmidim? Yo u meni sevarmidi? Ahdlashganmidik? Yo‘q, yo‘q... Nega unda asabiylashyapman? Nima bo‘lsa, bo‘lavermaydimi? Menga nima... Shu ko‘yi u bilan munosabatlarimizni tahlil qila boshladim: menimcha, shunchaki do‘stlikka o‘xshash yaqinlik bor edi, xolos.
Ba’zan sardorlarga talabalarni tennis yo futbol tomoshasiga olib borish tayinlanardi, ovro‘pacha Azizaning guruhidan yarim bolalar kelmagan ekan. Meni guruhimdan ham uch-to‘rttasi kelmagan. Siqila boshlaganimni ko‘rib, “Siqilavermang, xudo xohlasa, bizning bolalar esli-hushli bo‘lishadi”, deganida uning ko‘zlarida quvonchni, hamdardlikni, muhabbatni sezganim ham...
U bilan telefonda tonggacha gaplashgan paytlarimiz bo‘lardi. Suhbat asosan kursdoshlar, o‘qituvchilar, darslar, haqida edi. O‘shanda men kelajakda katta olim bo‘lishimni, oynai jahonda intervyular berishim haqida aytayotganimda, u “Bolalarimga bu meni kursdoshim”, deb tanishtiraman degandi. Shunda, “Farzandlaringizning otasi men bo‘laman-ku”, deganimda, “V-o-y!” deb yuborgan edi. Uning birgina shu so‘zida sevishi, sog‘inishi, butun sirlari – hamma-hammasi mujassam edi. O‘shanda yuragim qinidan chiqqudek bo‘lgani, telefon go‘shagini emas, uning qo‘llarini yuzimga bosib turganday bo‘lganim ham rost...
Yo‘lakdagi fontanchada yuz-qo‘limni yuvib, bir oz o‘zimga keldim. Qarasam, Saodat opa bir qiz bilan shu tomonga kelishayotgan ekan. Ochiq chehrali opa har doimgiday samimiy so‘rashdi. Yonidagi hamrohini: “Aziza, katta qizim”, deganda yuragim hapqirib ketdi. Unga ham aftidan men haqimda bir nimalar degan shekilli, qizarib-bo‘zarib ko‘zlarini olib qochdi.
–     Abiturient, o‘zingiz yordam berasiz-da, – dedi ma’noli qarab opa.
“Mayli” deganday bosh irg‘ab tasdiqlab qo‘ydim. Men o‘shanda hamma-hammasini qalbimning tub-tubidan his qilgan, anglagan bo‘lsam-da, biroq birovga buni tushuntirib berolmasdim.
Men keyinroq surishtirib, universitetda ellikka yaqin Aziza ismli qizlar borligini, ba’zilari bilan suhbatlashib, aqlli, farosatli, hammasi ham go‘zal va dilbar ekanligini, eng yomoni: ularni har biri bilan ham bemalol oila qurib yashab ketoladigandek bo‘lib tuyulgandi.
So‘nggi imtihonni topshirishim bilan bitiruv kechasini ham kutmay, folchi xotinni bo‘ralab so‘kib, qishloqqa jo‘nadim.

* * *

Ko‘cha boshida sinfdoshim Abdurashidni uchratib qoldim. Kajavali mototsiklida meni uyga tashlab, tayyorlanib turishimni, bir ozdan so‘ng bir joyga borib kelishimizni aytdi. Uydagilar bilan chaqchaqlashib o‘tirgandik, avval mototsikl tovushi, keyin esa signali eshitildi. Har galgidek, menga ruxsat berishdi. O‘sha kuni Abdurashid bilan katta ariq bo‘yiga bordik. U xo‘roz urishtirishga juda ishqiboz edi. Mototsikl kajavasidan xo‘rozni olib so‘yar ekan, “Yutqazib qo‘ydi, nomard!” dedi. Men yana kimlar kelishini so‘raganimda, hamma bug‘doy o‘rimi bilan bandligini, sinfdoshlarni to‘plash uchun kamida bir hafta oldin rejalashtirish kerakligini tushuntirib, kajavadan yana ikkita kabutar oldi:
–     Hech yovvoyi kabutar yeganmisan? – dedi Abdurashid.
–     Yo‘q, – dedim bosh chayqab.
–     Oh-oh, juda mazasi boshqacha-da!
U kabutarni bir qo‘lida mahkam ushladi. Ikkinchi qo‘lining barmoqlarini ayri qilib, qushning boshini aylantirib uzib oldi. Titrab jon berayotgan boshsiz kaptarning bo‘ynidagi yashil tusli patlariga qon yumalab, goh yashil, goh qizil rangga kirardi. Bu hol menga bir vaqtlar o‘sha mayda-mayda husnbuzarlarga urilib, goh qizil, goh shaffof tusga kirib dumalab-dumalab tushgan ko‘zyoshlarni, osiyocha Azizani eslatardi. Yuragim zirqirab ketdi. Boshqa sabr qilolmasdim... Men yig‘lab yubormaslik uchun ham o‘tin terib kelishni bahona qilib, bir aylanib keldim-da, kajavadagi pivoni ip bog‘lab ariqqa tashladim, o‘choq kavlab ovundim.
Nihoyat, tansiq taomni pishirib, tanovvul qila boshladik. U nuqul yovvoyi kabutar go‘shtini maqtab, menga tiqishtiradi.
–     Mana, mana, sonini yegin, keyin bilasan, – deb qo‘limga ushlatib qo‘ydi.
Bor-yo‘g‘i bir chimdim go‘sht, bazo‘r og‘zimga solib chaynay boshladim.
Bo‘g‘zimga yig‘i tiqildi.
Ariq bo‘yiga cho‘nqayib o‘ho-o‘holab yo‘tala boshladim. Abdurashid bo‘lsa, tiqilib qolganga yo‘yib, “Hech kimning haqi yo‘q”, deb kuragimga bir-ikki shapaloq urgandi, o‘pkam tushib qolay dedi. O‘shanda qaynoq ko‘zyoshlarimni ko‘rsatmaslik uchun muzdek suvga yuz-ko‘limni yuvib tashladim...
Kechgacha uyoq-buyoqdan gaplashdik, yangiliklar, eskiliklar. Qishloqda hamma bir-birini taniydi. Bu yaxshi, ham yomon. Abdurashid hamma narsadan xabardor – kim o‘ldi, kim qoldi. Uylangan-u ajrashgandan. Kim nima qilyaptiyu nima qilmoqchiligigacha... Hatto kimning iti nechta tuqqanidan kimning sigiri qisirligigacha...
 Uning gaplaridan, go‘yo o‘qishdaligimda qishloqdagi hayot o‘zgarib, o‘zga bir o‘zanga tushib ketganday edi. Aftidan, u odamlarda hayot, muhabbat, oxirat kabi tushunchalarning mezonlari ham o‘zgarib borayotganiligini hazm qila olmayotgandek edi. Lekin shunga qaramasdan uning dunyoqarashidan avvalgiga qaraganda ancha ulg‘ayib qolganini sezish qiyin emasdi. U xorijga bir yilga ishlashga ketayotganini aytib, birga ketishga taklif qildi. Mening dardim esa la’nati folbin xotinning aytgan taqdiridan qochish edi.
–     Horijda Aziza ismli qizlar bormikin?– dedim qiziqsinib.
–     Esing joyidami? Azizalar nima qiladi uyoqda. Alisa, Alyona de! – dedi.
    Uning taklifiga rozi bo‘lganimda belimdan quchib dast ko‘tarib, “Pa-ye-xi-li!” deb chir-chir aylantira boshladi...

* * *

Har safar o‘qishdan qaytgan kunim yarim tungacha o‘rtoqlarim bilan qolib ketardim. Keyin esa tonggacha onam bilan suhbatlashib chiqardik.
Uyga kelganimda allamahal bo‘lib qolgan, uka-singilarim allaqochon uxlab qolishgandi. Faqat onam issiq choy damlab kutib o‘tirardi. Men gapni nimadan boshlashni, ketishga qaror qilganimni qanday tushuntirishni bilmay halak edim. O‘shanda onamdan: “Folbinlarga ishonasizmi?”, deb so‘radim.
Ular shunday sinchkov boqdilarki, nigohlaridan “Shuncha yil nega o‘qitdik, bid’atlarga ishonib yuribsanmi?” degan ta’nalarini ilg‘ab olish qiyin emasdi. Shundan so‘ng onam johiliyat davrida jinlar osmon xabarlarini o‘g‘irlab, ayrim kohin-folbinlariga yetkazib turishganini, biroq Muhammad (a.s) payg‘ambar etib yuborilishi va muqaddas kitob nozil bo‘la boshlagach, jinlar uchun samodagi barcha yo‘llar berkitilganini, ular Lavhul Mahfuzda maloiklarning biror so‘zini o‘g‘rincha eshitib olsa, uchar yulduzlar quvib yetishini va halok etilishini, taqdir faqat yolg‘iz Xudogagina ayonligini yaxshilab tushuntirdilar-da, omin qilib, xayrli tun tilab xonalariga ravona bo‘ldilar.
Men nima deyishimni bilmay karaxt bo‘lib qoldim...
Shu paytgacha hech kim menga bu qadar ishonarli dalil keltira olmagandi. Folbinning gapi bir zumda tumanday tarqalib, havoga uchdi-ketdi. Yuragim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi.
Endi faqat bir narsa o‘ylantirayotgandi. Men Abdurashid bilan birga xorijga ketishga va’da berib qo‘ygandim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.