Frans KAFKA
Kechasi bilan yog‘ib chiqqan yomg‘ir bomdodga borib tindi. Havo biram yengilki, hatto biroz isitmalab turgan bo‘lsam-da his qildim. Betoblikdan lanj bo‘lib, ishxonaga ham kechikib bordim. Hamisha choshgohdagina qora bo‘ladigan boshlig‘im kallai saharlab kelibdi, aksiga olib meni yo‘qlaganiga o‘laymi? Hammasi rasvo bo‘ldi. Ko‘za kundamas, kunida singani shu bo‘lsa kerak-da.
Tavakkal qilib rahbarning xonasiga kirdim. Hartugul kayfiyati yaxshi ekan, indamadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadga ko‘chdi. Bir idoraga shoshilinch hujjatni yetkazish zarurligini aytdi. Jo‘nadim.
Aytilgan manzilga bordim. Qora oyna qoplangan baland binoning atrofi archa va panjara bilan o‘ralgan. Darvoza yonidagi militsiya xodimi hujjatimni so‘radi. Berdim. U guvohnomamga uzoq termuldi-da, amal qilish muddati o‘tib ketganligini aytdi. Ishonmadim, o‘zim ham zehn solib qaradim. U haq edi. Shunda men Falonchining oldiga muhim topshiriq bilan kelganimni tushuntirdim. U pinagini ham buzmay turaverdi. Nima qilishimni bilmay, noiloj yalinishga o‘tdim.
– O’rtoq kamandir, shu qog‘ozni tashlaymanu chiqaman.
– Iloji yo‘q, – dedi u qat’iy ohangda.
– Unda bu qog‘ozlarni o‘zingiz olib qoling, – dedim jahl bilan.
– Mumkin emas, – dedi ko‘zlarini lo‘q qilib.
– Nima qilish kerak bo‘lmasa? – dedim asabiylashib.
– Pasport bormi?
– Nima? – dedim ensam qotib.
– Nima, nima, pasport rejimini bilmaysanmi? Doim pasport yoningda bo‘lishi kerak:
Men rostdan ham pasport rejimi haqida bilmasdim. U bilan tortishishdan foyda yo‘q degan fikrga keldim. Uyga qo‘ng‘iroq qildim, xayriyat, ukam hali ketmagan ekan, unga pasportimni olib kelishni tayinladim va bir chetga o‘tib kutib turdim. Yana isitmam ko‘tarildi shekilli, holsizlanib, peshonamda ter paydo bo‘ldi. Shunda peshonamni temir panjaraga beixtiyor tekqazdim. U shu qadar muzdek ediki, badanimdagi bor haroratni sug‘urib olganday bo‘ldi, o‘zimni ancha yengil his qildim. Go‘yo uning shifobaxsh xususiyati borday, tavba. Panjaraga razm soldim, u juda bejirim ishlangan. Balandligi ham ikki-uch metr keladi. Nayzasimon uchlari quyosh nurida yaltiraydi...
Darvozaga yaqinlashdim. Bir kishi odmi kiyimda kelib, qizil jildli guvohnomasini ko‘rsatdi. Militsiya xodimi darhol chakkasiga qo‘l bosdi. Keluvchining ortidan kuzatib turar ekanman, bir oyog‘ini chap tomonga qiyshaytirib bosayotganini payqadim.
Mashina signali eshitildi, o‘girilib qarasam, ukam taksida kelibdi. Postdagi xodim hushtagini chalib, “Bu yerda mashina to‘xtashi mumkin emas” deganday ishora qildi. Men pasportimni oldim-da, ukamga “Keyin telefonlashamiz” dedim. Mashina jo‘nab ketdi.
Xodim pasportimni tekshirib bo‘lib, qaytarib berayotganda yomg‘irdan qolgan ko‘lmakka “tap” etib tushib ketdi. Ikkalamiz ham baravariga “Ie...” deb pasportga yopishdik. Hujjatimni qo‘lga olib bir-ikki silkitib, havoda quritgan bo‘ldim-da, sumkamga soldim. Postdagi xodim ham xijolat bo‘ldi shekilli, “Bo‘ldi, boravering” dedi.
Binoga kirganimda yana bir mundirli va ikki fuqaro kiyimidagi navbatchilarga duch keldim. Men Falonchiga hujjat olib kelganimni takrorladim. Fuqaro kiyimidagi navbatchining rangi bir oqarib, “Bir daqqiqa” dedi-da, chaqqon raqam tera boshladi. Bir ozdan keyin zinadan chiroyli, “bir qoshiq suv bilan yutib yuborsa bo‘ladigan” qiz tushib keldi-da, kesatiq ohangida “Buncha kech qoldingiz”, dedi qog‘ozlarni olar ekan. Keyin navbatchilarga qarab, “Qalaysizlar, yigitlar”, dedi ming bir noz-karashma bilan.
“Hoynahoy bu kotiba bo‘lsa kerak”, deb o‘yladim. Shu mashmashadan qutulganimga shukur qilib ko‘chaga otildim.
* * *
Topshiriq bajarildi, bugun ishga qaytib bormasam ham bo‘ladi. Ko‘lmaklardan hatlab borar ekanman, anavi fuqoro kiyimidagi organ xodimini negadir oyog‘ini chap tashlab bosayotganini esladim. Va beixtiyor bundan ancha oldingi bir voqea yodimga tushdi. O’shanda og‘aynimning to‘yidan juda kech qaytayotgandim. Yomg‘irdan panalash uchun boshimni kurtkam ichiga tortib olgandim. Bekatgacha yana ikki yuz metrlar yurishim kerak. Bu vaqtda avtobuslar qatnamaydi, maqsad yomg‘irdan panada mashina to‘xtatish. Ivib borar ekanman, har ehtimolga qarshi chap qo‘lim bilan mashina to‘xtatish ishorasini ko‘rsatib borar edim. Mashina to‘xtadi. Manzilni va narxni aytgandim, “Buncha kam bermasang, ozroq qo‘sh” dedi haydovchi. Rozi bo‘lmadim. Boshqa mashina to‘xtadi. Unga ham shu narxni aytdim. U o‘ylanib turdi-da, nihoyat rozi bo‘ldi. Haydovchi ellik yoshlarda, yonidagi qirqlardan oshgan ayol bilan chaqchaqlashib borardi. Haydovchi oynadan menga ko‘z tashlab:
– Shuncha uzoq yo‘lga buncha oz pul beryapsiz? – dedi kulimsirab.
– O’zi bitta yo‘l bo‘lsa, xohlaysizmi-yo‘qmi, shu yo‘ldan yurasiz, to‘g‘rimi? – dedim so‘qirning ko‘ziga haqiqatni ko‘rsatib qo‘ygan donoday gerdayib.
– To‘g‘riku-ya, lekin siz aytgan manzilga yetmasdan chapga qayrilib ketishimiz kerak edi, – dedi haydovchi, uning gap ohangidan “ustiga ozroq qo‘shsangiz bo‘lardi” degan ma’no sezilib turardi.
– Qadam tashlashingiz juda kulgili ekan, yomg‘irda ivimasin deb ovoldik, – deb gapga aralashdi yonidagi ayol vaziyatga aniqlik kiritmoqchi bo‘lib.
Men ularni kelishilgan narx ustiga yana qo‘shtirish uchun atayin shunday qilishyapti, deb parvo ham qilmadim. Gapidan er-xotinga o‘xashmasdi, munosabatlari juda iliq. Jazmani bo‘lsa kerak, ayollar yomg‘irda sayr qilishni xush ko‘rishadi, hoynahoy sayrga olib chiqqan, deya xayolimdan o‘tkazdim. Manzilga yetib keldim, o‘sha arzimas pulni berib tushib ketdim. Ko‘chaning u yuziga o‘tar ekanman, ular haqiqatdan ham orqaga qayrilayotganini ko‘rib, ichim zil ketdi. Nega ularga ishonmadim...
O’sha voqeani eslar ekanman, ayolning “Qadam tashlashingiz juda kulgili ekan” degan so‘zlaridan men ham oyog‘imni chapga og‘dirib bosayotganligimni fahmladim. Nega o‘shanda ularning gapiga e’tibor bermadim. Hayronman...
Ko‘pincha inson xulqidagi qusurlarni sezganimizda darrov ota-onasi tarbiya bermaganligida ayblaymiz. Muhit-chi, uning ta’siri-chi? Hayotning o‘ydim-chuqur yo‘llari-chi, boringki, ming bitta sababni ko‘rsatish mumkin. Har tong uydan chiqishdan avval oynaga bir qarab, qomatimiz, yuzimiz, sochlarimizni tartibga solib, po‘rim bo‘lib ko‘chaga otlanamiz, keyin... Keyin bilganimizni qilib yuraveramiz. Menimcha, yo‘llarning chetiga katta-katta toshoynalar qo‘yilishi kerak. Toki har bir inson jamiyatda o‘z yurish-turishidagi kamchiliklarni o‘zi sezsin, bilsin, tuzatsin. Insonlarga imkon berilsin... O’ylab ko‘rsam, avvalari hamisha ma’naviy yetuk bo‘lishga harakat qilgan, intilgan ekanman, endi bo‘lsa unga yana bir maqsad qo‘shilgandek bo‘ldi.
Shular haqida xayol surib, kun bo‘yi ishga bormasdan to‘g‘ri yo‘ldan shoshmasdan yayov yurdim. Qaddim rostlanganday, hatto nafas olish ham yengillashganday, bu o‘zimga ham ma’qul tushdi. To‘g‘ri qadam tashlash, to‘g‘ri yurish, umuman uddalasa bo‘ladi. Faqat doim diqqatni jamlash talab qilinarkan, har holda o‘ttiz yildan ortiq shu tarzda hayot kechirib, tana ham shunga ko‘nikib qolgan bo‘lsa, bu yog‘iga yana qancha vaqt kerak. Bilolmadim...
* * *
Vaqt – oliy hakam, deb bejizga aytishmas ekan. Inson zoti yashagan sari yashagisi kelaveradi deyishardi. Men esa borgan sari hayotdan bezib boryapman. To‘g‘ri qadam bosishga ahd qilganimga ham ancha bo‘ldi, ammo natija ko‘ngildagidek emas. Dastlab bu juda oson, oddiy mashg‘ulotga o‘xshardi, endi esa borgan sari murakkablashib borayotgandek...
Men barini birma-bir mushohada qilib chiqdim, xotirjam, shoshmasdan qadam tashlaganimda to‘g‘ri odimlayotganimni, shoshgan paytlarimda esa yana o‘sha chapga og‘ib qadam bosayotganligimni angladim. Yo‘l chetidagi yam-yashil maysazorlardan odamlar yurib o‘taverib so‘qmoq solib qo‘yganligiga ko‘zim tushadi. Va beixtiyor so‘qmoqlar haqida xayollanaman. So‘qmoqlarning tarixi yo‘llarnikiga qaraganda qadimiyroq ekaniga shubha yo‘q. Mana tarix.
Sohibqiron bobomiz zamonida biror inshoot barpo etilsa, binoga olib boradigan yo‘lni soldirmay turar ekanlar. Xalq o‘ziga qulay joylardan yurib so‘qmoq ochar, so‘ngra ana shu so‘qmoqlarni kengaytirib yo‘lga aylantirar ekanlar. Naqadar olijanoblik, insonparvarlik, xalqparvarlik...
Katta shaharlarda yo‘llar ham, so‘qmoqlar ham bisyor. Yo‘lovchilar uchun yer ostida, ustida ham yo‘llar bo‘lishiga qaramay, yana yo‘l chetidagi maysazorni bilib-bilmaslikka olib depsab, temir to‘siqdan oshib o‘taman, chunki men juda shoshaman. Xo‘sh, nega shoshyapman? Nimaga? Qaerga? Qachongacha?...
* * *
Bir kun oqshom paytida ishdan qaytayotganimda, ro‘paramizdagi ko‘p qavatli uyda yashovchi Bekzod aka “JIP” mashinasida kelib qoldi. Bolalar qiy-chuv qilishib uni o‘rab olishdi. Uning Akobir ismli farzandi bilan mening o‘g‘lim o‘rtoq. Bekzod aka hamma bolalarni mashinasiga joylab, aylantirishga olib ketdi. Birozdan so‘ng o‘g‘lim uyga kirib og‘zidan bol tomib “Bekzod tog‘am mashinasida aylantirdilar” deya maqtandi. Keyin esa “Siz qachon mashina olasiz?” deb so‘rab qoldi. Xotinim “ko‘rdingizmi?” deganday bosh irg‘ab ishora qildi. Shunda o‘g‘lim menga emas, borgan sari Bekzod akaga ko‘proq mehr qo‘yayotganini sezsam-da, bu hali bola, ko‘p narsani bilmaydi, katta bo‘lsa tushunib olar, deb o‘zimni o‘zim bazo‘r yupatdim. O’g‘limni har kuni bog‘chaga olib borayotganimda yo‘l-yo‘lakay hatto menga notanish mashinalarning markasini aytib ketadi. Bu ham o‘sha Akobirlarning ta’siri bo‘lsa kerak.
Oh, mening shirin, asal o‘g‘lima, qaro ko‘zima, qarog‘ima. Oh, mening jonim bolama, zurriyotima, tili biyron bolama, o‘zi daryo bolama. O’ylari o‘tkir o‘g‘lima, eslari yo‘q bolama...
* * *
Uning qosh-ko‘zi qop-qorayu, yuzlari oppoq, shu qadar go‘zal va dilbar ediki, ilk bor ko‘rganimdayoq yuragim allanechuk hapqirib ketgan, sevib qolgan edim. U vaqtlar ikkovimiz ham institutning birinchi bosqich talabasi edik. O’shanda, rosti, “Bu tannoz hech qachon menga turmushga chiqmasa kerak” deb o‘ylaganman. Va “Agarda shu qizga uylansam, uni hech qachon xafa qilmayman” deb o‘zimga o‘zim va’da berganman. Lekin buni hali-hanuz o‘ziga aytmaganman. Taqdir ekan, shuncha yigitlar orasidan u aynan menga turmushga chiqdi. Uni xafa qilmaslik haqida o‘ylayman-u qani iloji bo‘lsa. “Turmush” deb bekorga aytilmagan, “musht”i bor uning. Ilgarlari kulganida ko‘zlari ham qo‘shilib kular, qandaydir beg‘ubor, allambolo hurliqo edi. Endi-chi, tabassumida, muomalasida kinoya, zarda bordek, sabablar ham bisyor. Uning o‘ziday oppoq orzulari bor. Ko‘p qavatli uylarda yashash yoqmaydi, mo‘‘jazgina bo‘lsa ham hovli bo‘lsin deydi. Men “Odam alayhisalom yetti yuz yil umr ko‘rganmish, shu ko‘z ochib yumguncha qisqa bu umrga arzimaydi deb, uy ham solmasdan chaylada yashagan emish” deyman, u bo‘lsa, “mish-mishdan emas, kishmishdan gapiring” deydi. Tomog‘im hippa bo‘g‘ilib, ichayotgan choyim o‘tmay qoladi. Ammo kunlar, oylar, yillar o‘taveradi... Orzular – armonga, jonginam – jodugarga, yorim – ajdohoga aylanadi. Keyin... Keyin nima ham deyish mumkin...
* * *
Yaxshiyam onam bor. Mehribonim onam. Insonni hech kim tushunmasa ham ona tushunadi deyishadi. Mening oftob onam, sochlari oppoq onama, onam. Tug‘ilgan kunimni o‘zim, ayolim unutgan bo‘lsak ham, hech yodidan chiqarmaydigan, bolaligimda yog‘li kulcha, katta bo‘lgach esa patir qilib yo‘qlaydigan soddadil onam-a, onam. Afg‘ondan qaytmagan akam-a, akam-a... Armon-a... Azob-a... Onam-a... Akamning dardida kuyib kul bo‘lgan onam-a, onam. Mehrlari bir dunyo-yu, achchiqlari bir dunyo onam.
Onamiz o‘tgan yakshanba barchamizni kenja ukamizning to‘y maslahatiga chaqirdi. Bordim. Yana o‘sha eski gap, unisi bu qizga, bunisi boshqasiga sovchilikka borish haqidagi chegarasi yo‘q gaplar. Hammasi jonga tegdi, oxiri:
– Sizga nima, yashaydigan u, aytgan qizini olib bering, tamom-vassalom, – dedim jahlim chiqib.
– Sen nimani ham bilarding? Bitta “Kaptiva”ni gijinglatib qo‘ygin, – deb qo‘llarini darvozaxonaga ishora qilarkan: – ana undan keyin kimnikiga sovchi bo‘lib borishni o‘zim yaxshi bilaman.
Meni avvaliga gap nima haqida ketayotganini tushunmadim, keyin sal ilg‘agandek bo‘ldim, keyin, keyin... Adoyi tamom bo‘ldim...
Oh, onam-a... Onam...
* * *
O’sha kuni tonggacha mijja qoqmay unsiz yig‘lab chiqdim. Pochcham Moskvada ishlab opamga pul jo‘natib, uy qurishyapti. Saharlab opamnikiga borib, aytadiganimni aytdim. Opam telefonda pochcham bilan meni gaplashtirdi, juda zo‘ri bo‘lmasa ham bundayroq mashina olmoqchiligimni, ozroq qarzga pul zarurligini tushuntirdim. Ular rozi bo‘ldi, faqat bir sharti borligini, uy qurilishi ko‘ngildagidek ketmayotganligini aytib, nazorat qilib turishimni iltimos qildi. Kelishuv oddiy: pochcham opamga pul jo‘natadi, ustaboshi ro‘yxatni tuzadi, ikkovimiz bozorga ravona bo‘lamiz. Uy bitgach, menga qarz berib turishadi. Ustalardan kuniga uch mahal: erta bilan, tushlikda va kechga tomon xabar olishim kerak. Tushlik vaqtida shoshib uchastkaga yo‘rg‘alayman. Yana o‘sha yurilaverib so‘qmoqqa aylangan maysazorni tepalab, betonli, temirli to‘siqlar ustidan oshib o‘tar ekanman, vijdonim qiynaladi... Shunda bizning xavfsizligimizni o‘ylab qilingan bu xayrli ish ko‘zlarimga shu qadar bemani, beo‘xshov bo‘lib, butun insoniyat kelajagiga qo‘yilgan to‘siqqa o‘xshab ko‘rina boshlaydi. Shu to‘siqlar bo‘lmaganda vijdonim va boshqalar oldida ham aybdor bo‘lmasmidim? Agarda shu to‘siqlar bo‘lmaganda qanchalik ozod va erkin bo‘lishimni-yu, agarda to‘siqlar bo‘lmaganda halokatga uchrash ehtimoli qanchaliligi haqida ham o‘ylay boshladim.
* * *
Shu kunlarda bo‘lar-bo‘lmasga siqilib, ancha o‘zimni oldirib qo‘ydim. Halovatim yo‘qligi yuzimgacha urib yuborgan shekilli, hamma mendan hol-ahvol so‘raydi. Foyeda tursam Hasan aka keldi.
– Ha, tinchlikmi, kayfiyating yo‘q?
– Shunday o‘zim, uncha ishlarim yurishmayapti.
– Bugun juma, bir ibodat qilib, masjidga ehson berib yuborsang, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, meni aytdi dersan, – dedi u nasihatnamo ohangda.
Hasan aka uzoq yillardan buyon shu ishxonada ishlasa-da, obro‘si zo‘r emas, o‘zi ham sal g‘alatiroq, hayron qoladigan joyim, beshta narsaga qat’iy amal qiladi. Chekish, ichish, “yurish”, jumaga borish, ro‘za tutish, shularni bilganim uchun “sen o‘zing kimsan, nasihating nima bo‘lardi” dedim ichimda. Unga ko‘nglimdan o‘tganini bildirmaslik uchun nomigagina “Xo‘p” deganday bosh irg‘ab qo‘ydim-da, xonamga kirib ketdim.
Boshimni ko‘tarmay kompyuterda ishlayverib ko‘zim tinib ketdi, vaqt ham tushlikka yaqinlashib qolibdi. Ishim boshimdan toshib yotgan bo‘lsa-da, qo‘shni xonadagi Dadaxon akaning yoniga chiqdim. Bir pas gaplashsam, ko‘ngil yozilar degandim. Hasan aka ura solib kirib keldi-da:
– Nima qilib o‘tiribsan, vaqt bo‘ldi-ku, – dedi norizo ohangda.
– Siz boravering, ortingizdan yetib olaman, – dedim xijolat bo‘lib.
U chiqib ketdi.
– Qaerga boryapsizlar, – dedi Dadaxon aka qiziqsinib.
– Qayga bo‘lardi? Tushlikka-da, – deb sekin men ham qo‘zg‘aldim.
Xonamga kirib tag‘in kompyuterda ishlab o‘tirgandim, yana Hasan aka kirib keldi-da:
– Borasanmi, yo‘g‘mi? – dedi o‘pkalab.
Soatga qaradim. Allaqachon vaqt bo‘lgan. Nima deyishimni ham bilmay qoldim. Agarda hozir bormayman desam, “Nega avvalroq aytmading” deb tixirlik qilishi turgan gap.
– Kech qolmadikmi? – dedim bazo‘r stolimni atrofida timirskilanib.
– Tez borsak, farzga ulguramiz, – dedi shoshqinsirab.
Noiloj, unga ergashaman, erta bilan “Xo‘p” deganday bosh irg‘ab qo‘yganimga ming bor pushaymon bo‘laman. Qaydanam shunga yo‘liqdim. Yo‘lga tushdik. Mashina to‘xtatildi, manzil aytildi. Masjidga yaqinlashar ekan, Hasan aka pul uzatar ekan, haydovchi:
– Pulingiz kerak emas, duo qilinglar, – dedi ko‘ksiga qo‘lini qo‘yib.
Hasan akaga Xudo berdi, menga “Ko‘rib qo‘y” deganday viqor bilan bir qarab oldi. Hojatbaror aka bilan xayrlashdik-da, o‘zimiz yugurgiladik. Haqiqatdan ham endi iqomat aytilayotgan ekan. Hasan aka ura solib ichkariga kirib, hash-pash deguncha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men ostonadayoq jamoatga qo‘shildim. Tilovat boshlanganda ba’zilar birin-ketin chiqa boshladi. Men ko‘zimning qiri bilan oyoq kiyimlar uchun maxsus qilingan besh-olti qavatlik shkafchalardan tuflimni qidira boshladim. Shunda aksariyat tuflilarning chap tovoni yemirilgan ahvolda edi. Bu ular ham chapga og‘ib qadam tashlashidan darak berib turgandek edi. Tilovat tugagach, Hasan akani kutib turmasdan to‘g‘ri ishxonaga jo‘nadim.
* * *
Kutilmaganda xizmat safariga yuborilishim rejadagi ishlarimni ostun-ustun qilib yubordi. Pochcham bilan o‘zaro kelishuvimiz ham barbod bo‘ldi. Men qanchalik urinmay pochchamni qayta ko‘ndira olmadim. Bu xizmat safari menga judda qimmatga tushganday bo‘ldi.
Mana, o‘sha safardan ham ming bir xayol ko‘chasiga kirib qaytyapman. Nimani qoyil qildim, o‘zim ham bilmayman. Mashina yelday uchib boradi, yomg‘ir mayin shivalaydi, orqa o‘rindiqda eshik derazasiga boshimni tirab tashqarini kuzatib boraman. Har zamonda mashina notekis joyda bir silkinib qo‘yar, ammo haydovchi tezlikni kamaytirmaydi. Qaytaga uchiradi. Allaqaysi rivojlangan mamlakatlarda mashinaning oldi kopotiga bir stakan suvni to‘latib qo‘yib, yo‘lning tekis yoki notekisligini tekshirishar ekan. Agarda mashinaga emas, mening qo‘llarimga shu stakanni berib, qani yur desa nima bo‘larkin-a? Ayniqsa, temir to‘siqlardan sakrab o‘taman deb stakanni ham, o‘zimni ham chil-chil sindirgan bo‘lardim, ehtimol.
Bekzod akaga havasim keladi. Hamma ishi joyida. Qoidalarni buzmaydi. Mashinasida to‘g‘ri, tekis va ravon yo‘llardan yuradi. Balki u ham o‘z vaqtida to‘siqlardan oshib, maysazorlarni tepalab o‘tgandir. Kim biladi, so‘ragan bilan to‘g‘risini aytarmidi.
Shu payt yelday uchib borayotgan mashina birdan negadir sekinlab, to‘xtadi. Tashqariga termulib ketayotgan bo‘lsam-da, xayolga berilganimdan ko‘zim hech narsani ilg‘amagan ekan. Shunday katta yo‘lning ikki chetida poda borar, ba’zilari yo‘lni kesib o‘tardi. Hayvon – hayvonda, qonun-qoidalar yo‘q. Shuning uchun ham Xudo qiyomatda bularning bir-biridan qasdini olib berib, do‘zaxi, jannati qilmay tuproqqa aylantirib yuborar ekan. Mashina yana ildamlasha boshladi, tag‘in o‘ylar boshlanadi. Meni qiynayotgan, azoblayotgan narsa o‘g‘lim tobora boshqalarga bog‘lanib qolayotganligi edi. Eh bolama, bolama, olti yoshni qoralayotgan bolam nimani ham bilardi. Undoq desam, oltmish yoshni qoralayotgan onam-chi, oh onama, onam desam, umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan rafiqam-chi, boshim boshiga tegib tursa-da uning ongida nima g‘am-tashvish-u, mening shuurimda ne o‘y. Har kuni, kunora yuzimiz yuzimizga, ko‘zimiz ko‘zimizga tushsa-da, cho‘zsak qo‘llar yetadigan shunchalik yaqin qondoshlar bilan shunchalar olislashish, uzoqlashish mumkinmi axir?! O’ylab-o‘ylab, dunyoga o‘t ketsa ham o‘z bilganidan qolmaydigan Hasan akaga mazza deyman. Yo Xudo, o‘zing madad ber deyman. O’zing qo‘llab-quvvatla deyman. Nima uchun biz poklik, halollik, ma’naviy yuksaklik haqida ga-pirsak-da, hayot borgan sari moddiyatga, moddiylikka burkanib boryapti. Biz qanchalik dunyoni ma’naviy boyitmaylik, u shu qadar moddiylashib, maydalashib bormoqda. Nega shunday, nega?
Mashina bekatga kelib to‘xtadi, yukxonadan kattakon sumkamni olib, haydovchi bilan xayrlashdim. Ko‘ylak-shim dazmollanmagan, tufli ham urilib qolgan, sochlarga g‘ubor oralagan, soqol ham ozroq o‘sgan bir ahvoldaman. Shu turishim xizmat safarida bo‘lgan qishloqlar, ovullar odamlariga juda o‘xshab ketardi. Bekatdagilar faqat menga qaraydi, xuddi men begonadek, xuddi men o‘zga sayyoradan kelgandek. Shu payt qarshimda militsiya xodimi paydo bo‘lib, o‘zini nimadir deb tanishtirib, hujjatlarimni so‘rashdi. Men hov bir vaqtlar o‘sha ko‘lmak suvga tushib ketgan, quritmasdan sumkamga solib qo‘yganim uchun sarg‘ayib ketgan, keyin doim kerak bo‘lsa-bo‘lmasa yonimda olib yurganimidan sal urinib qolgan pasportimni uzatdim.
U pasportimni obdon varaqlab tekshirib:
– Hujjatni rasvo qipsan-u, – dedi.
“Bu siz talab qilgan rejimning oqibati”, dedim ichimda.
U hujjatimni qaytarib berarkan:
– Oq yo‘l, – deb g‘udranib qo‘ydi.