OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhiddin Tinibekov. Qasam (hikoya)

Bu dunyo shafqatsizlik yomg‘iri bilan sug‘o­ril­gan. Agar shunday bo‘lmaganida loysuvoq tomlaru, pastqam og‘illardan iborat, hech narsa bitmaydigan biydek adirliklar qo‘ynida tug‘ilgan bo‘larmidim? Ulkan tog‘ etagidagi yetimcha qishloqda yetti yoshimda otasiz qolgan bo‘larmidim? Agar shunday bo‘l­ma­ganida hozir amakimning uyida uning molxonasini suvash uchun arqonda zil-zambil loy to‘la chelakni tepaga tortib turgan bo‘larmidim?
Nega endi shunday bo‘lishi kerak? Nega biz amakimning bo‘sag‘asidan beri kelmasligimiz kerak? Agar bu dunyoda adolat bo‘lganida men amakimning uyida yer ag‘darib, yantoq bosgan bedasini o‘rib, somonxonasiga tashib, qirqib, keyin chang yutib ularni joylab yurgan bo‘larmidim? Onaizorim qo‘l­la­rimdagi tikanlarni birma-bir terib o‘tirgan bo‘­larmidi?
Agar bu dunyo adolatsiz bo‘lmaganida amakim er­talabdan baqirib-chaqirib hammani ishga ko‘mib, o‘zi otiga minib, katta qornini egar qoshiga joylab jo‘nab qolgan bo‘larmidi?

* * *

Bizning qishloq tog‘ etagini makon tutgan. Unga keng adirlaru biydek dalalar hamroh bo‘lgan.
Bu joylar yoz garmseliga oshyon bo‘lgan. Bu joylar kuz shamoliga oshna bo‘lgan. Bu joylar qish qah­ratoniga o‘ralgan.
Qish qahratonlarida biz deraza ortida tizilamiz. Junjikib tirsaklarimizni deraza tokcha­siga tiraymiz. Mo‘ltillab osmondan tushayotgan qor­­­larni kuzatamiz.
Tun bag‘rida ot kishnaydi. Ot ustida amakim ko‘­rinadi. Onam o‘rnidan tura boshlaydi. Mitti sin­­gil­larimning ko‘zlari chaqnaydi.
Singillarim tipirchilab qoladi. Mitti kalishchalar ilinib-ilinmay qoladi. Qor kalishchalarni quchadi. Pildiragan oyoqlar onam ortidan chopadi. Chaplashgan oyoqchalar amakim sari intiladi. Mehr sari intiladi. Singillarim ot oyog‘ini quch­gudek bo‘lishadi...
Amakim onamga nimadir uqtiradi. Egilib nimadir beradi. Amakim ot jilovini buradi...
Amakim uyiga yetib boradi. Qizlarini bag‘riga oladi. Qornini osiltirib to‘rga o‘tadi. Joylashib o‘tirsa qizlari yelkalariga osiladi.
Qizlar keng yelkalarni quchadilar. Yelkalarni quchib o‘ynoqlaydilar...
Biz esa...

 * * *

Bir kuni amakim meni, ukam va singillarimni, o‘zining qizlarini traktor telejkasiga o‘tqazib no‘xat yulishga olib ketdi. Bizning qishlog‘imiz joylashgan bu biydek qir-adirlar va dalalarda lalmi no‘xatdan boshqa narsa bitmaydi. Bahorda yer shudgorlanib no‘xat ekiladi. Shu bilan u boshqa parvarish qilinmaydi. O‘zi unib, o‘zi o‘sadi. Saratonga kelib yetiladi. Saratonda odamlar bir-birlariga ko‘makdosh bo‘lishadi. Bir-birlarini hasharga aytishadi. Elchilik deysiz. Siz ham hasharga borasiz. Azonlab har xil o‘tlar va yantoqlar orasiga qadam bosasiz. Ular orasidan no‘xat palagini qidirasiz. Topib poyasidan tortasiz. Ularni bir joyga yi­g‘asiz. Dasta-dasta qilib ketaverasiz. Tushga yaqin garmsel turadi. Lablaringiz va badaningizni qov­jiratadi. No‘xat palagi tortilganda silkinadi. Silkinishdan no‘xat tuguni yoriladi. Ichidagi no‘xat donasi uzoqlarga otiladi. Lablaringiz va tomog‘ingizni quritgan garmselga endi uzoqlarga otilib asabingizni quritayotgan no‘xat donalari qo‘shiladi. Shu tarzda kuningiz o‘tadi. Kechga borib sillangiz quriydi.
Ochiq dalada tunni o‘tkazasiz. Yer sizga iliq taft beradi.
Azonlab yana ishga kirishasiz. Yana garmsel hi­dini tuyasiz. Shu tarzda ishlayverasiz. Biydek daladagi qiyinchiliklar odamlarni birlashtiradi. Odamlarni hamnafas qiladi. Odamlarni hamfikr qiladi. Qachondir ish tugab, ketish taraddudiga tushganingizda bu joylar, bu bepoyon dalalar, bu odamlar sizga qadrdon bo‘lib qoladi. Nimagadir... ketgingiz kelmay qoladi.
Men bunday no‘xat hasharlarida ko‘p ishtirok etganman va bunday hasharlar menga og‘irlik qil­maydi.
 
* * *

Amakim bizni tashlab, tush paytiga yaqin suv va yegulik olib kelishlarini aytib o‘zi ishiga ketdi. Biz tush paytigacha g‘ayrat bilan ishladik. Ancha-muncha no‘xat yuldik. O‘zimiz bilan olib kelgan suvimiz tugadi. Va’da qilingan yegulik va suv esa tushda ham, tushdan keyin ham yetib kelmadi.
Jazirama issiqda garmselda qolgan biz bolalarning boshimiz qotdi. Issiqqa va ochlikka chidash mumkin, lekin ham issiq, ham suvsizlikka odam zoti chiday olishi mushkul.
Biz saratonning garmselida lablarimiz qaq­rab, suvsizlik va ochlikdan tinkamiz qurib, nima qilishni bilmay qoldik. Men aka-singillar va ama­­kivachchalar orasida eng kattasi bo‘lganim uchun ularning hammasiga javob berib yubordim. Ularga avval adirlar oshib birinchi uchragan qishloqqa tushinglar, qishloqda suv ichib keyin soy bo‘ylab o‘zimizning qishloqqa yetib olinglar deb tayinladim. O‘zim esa yulingan no‘xatlarga qorovullik qilib, amakim yuborishi lozim bo‘lgan yegulik va suvni kutdim. Ulardan esa darak bo‘lmadi. Qosh qorayib qorong‘u tusha boshlagach holsizlik va tashnalikka chiday olmay bu keng lalmi dalalarga eng yaqin bo‘lgan qishloqqa otlandim.
Qorong‘u tunda, kim bu, deb peshvoz chiqqan birinchi uy egasi qudug‘idan suv tortib berdi. Qaqragan lablarim va butun vujudimni muzdek suv bilan qon­dirdim. Uy egasi mening kimligimni, qaerdan kelib qolganimni obdon so‘rab-surishtirdi. Kimligimni bilgach, yaqindagina brigadir amakim ba­qirib-chaqirib, birovlarni so‘kib, yelib-yugurib yur­­­ga­nini, hoynahoy suv va yeguliklar bilan no‘­xat dalasiga bizlardan xabar olgani ketganligi­ni, mening ham tezda o‘sha yerga yetib borganim ma’­qulligini uqtirdi.
Men no‘xat dalasiga emas, boshqa tomonga – meh­ribon onaizorim, jimitdek singiljonlarim, oyoq va qo‘llari uzun, nozik va o‘jargina ukam yoniga, qadr­don qishlog‘imdagi eng aziz uy tomonga yo‘l oldim.
Qorong‘ulik. Zim-ziyo dunyodagi yolg‘izlik...
Adolatsizliklar qurboni bo‘lgan mening vujudim xoru zorlikni his qildi. Asta titray boshladi. Asta-sekin bu titroq butun vujudimni qopladi.
Samo ham mening vujudim kabi titramasa kerak. Samo ham titrasa, mening ko‘zlarimdan oqayot­gan yosh kabi yomg‘ir yog‘dirmasa kerak...
Endi men amakimga xizmat qilmayman. Endi odamlarning gapiga kirmayman. Endi men o‘zim va onaizorim, ukam, singillarim uchun yashayman. Men katta odam bo‘laman. Men obro‘li odam bo‘laman. Men endi qasam ichaman! Men endi hech qachon amakimning nomini tilga olmayman. Ulug‘ odam bo‘lib amakimdan hol so‘rashga kelaman...

* * *

Men endi obro‘li va baxtiyor odamman. Tibbiyot institutini tamomlab jarroh bo‘ldim. Kechayu kunduz ishlay boshladim.
Kechalari bilan operatsiya xonasida tunimni o‘tkazib, kunduzlari bemalol ishlash bolaligimda garmsellarda toblangan, shamollarda pishgan, qahratonlarda chiniqqan, loysuvoqlarda qotgan ba­quvvat jismimga faqat orom bera olishi mumkin.
Onamning umri qisqa ekan, men bir-ikki yil ham ishlamasimdan turib olamdan o‘tdi. O‘z ha­rakatim bilan ukam va har ikkala singlimni uyli-joyli qildim. Ukamga fermer xo‘jaligi ochib berib, ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turdim. O‘zim bir xonali uyga hamda uchta farzandga ega bo‘ldim. Bundan ortiq baxt bormi?!
Amakim ayoli olamdan o‘tib, to‘rt nafar qizi bilan qoldi. Qizlarini uzatib yolg‘iz qoldi. Yolg‘iz qolib ko‘pam yashamadi. Janozasiga birrov borib keldim.
Uka va singillarim turmushidan ko‘nglim to‘lib xotinimning qistovlari hamda uch nafar farzandlarim kelajagini o‘ylab bir xonali uyimni uch xonaliga aylantirish uchun pul jamlay boshladim. Farzandlarim ulg‘aymasdan turib kengroq uy-joy qilib olmasam keyinchalik imkoniyatim bo‘l­masligi, tashvishlarim ko‘payib ketishi mumkin. Chunki singillarimning beshik to‘yidan tortib to ertangi kundagi katta to‘ylarigacha mening zimmamda, ularning hech kimdan kam bo‘lmasligiga, o‘k­sinmasligiga bor kuchim bilan harakat qilaman.
Ukam fermer bo‘lgani bilan o‘zidan ortmaydi. Har yili qandaydir ishlar boshlab, nimalardir ekib daromad olish payiga tushadi. Mendan ham pul olib ketadi. Lekin nimagadir ishi yurishmaydi. Men bergan pullar ham qaytib kelmaydi. Singillarim meni alqab, ukamdan bir oz norozi bo‘lib, jizzakiligi tutib yuradi, bir qishloqda turganimiz bilan hech bir nafi tegmaydi, undan yordam so‘rash u yoqda tursin, gap qotishga ham botina olmaymiz, qirra burunlariga mos ingichka lablaridan faqat zahar-zaqqum gaplar chiqadi deyishadi. Men shunga qaramay uni yaxshi ko‘raman. Undan mehrim va yordamimni ayamayman.
Bir kuni ukam uyimga kelib har yili mayda ishlar bilan shug‘ullanib, nimadir ekib undan daromad olishga harakat qilishlari hech qanday samara bermayotganini, endi kattaroq ishlar bilan shug‘ullanmoqchiligini, bir nechta traktor so­tib olib ham o‘zining, ham boshqa fermerlarning yerlarini shudgorlab berib katta daromad qilmoq­chi­ligini, buning uchun ko‘proq pul kerakligini, har yili beradigan pullarim boshqa akalarning ukalariga beradigan yordamlari oldida urvoq ham emasligini, ko‘proq pul bersam, boyib ketishini, olgan qarzlarini nasib bo‘lsa qaytarib berishini aytib mendan katta miqdorda pul so‘radi.
Men unga pul yo‘q emas, borligini, biroq u ayt­gan pulni topa olmasligimni, buning ustiga o‘z rejalarim borligini tushuntira boshladim. O‘r­ta­mizda bir oz tortishuv ketdi.
Tez jahli chiqib ketadigan, jizzaki ukam pul so‘rasa qarzga so‘rayotganini, mening singillarimga yon bosganim holda unga yon bosmasligimni ro‘kach qilib avval o‘dag‘aylashga, keyin sensirashga o‘tdi. “So‘rasam qarzga so‘rayapman, qaytarishni va’da qilayapman... Agar bermasang, qasam ichib aytamanki, akam deb sening nomingni tilga olmayman!..”
Bunday tus olgan tortishuvdan jahlim chiqdi. Jahlim chiqib shahd bilan o‘rnimdan turdim. Biroq o‘rnidan ko‘tarilgan savlatli gavdamni oyoqlarim tutib tura olmadi. Sababi, ular qaltiray boshladi. Qaltiroq butun badanimga yoyildi. Bo‘shashib joyimga o‘tirib qoldim. Ko‘zlarim tindi. Boshlarim aylandi. Og‘zimdan bir gap chiqmadi. Ongim g‘uborlashdi.
Shuncha yillar davomida turmush qiyin­chi­lik­­­­lariga chidab kelayotgan alp qomatim, bunday is­nodlarga dosh bera olmadi. Ukam esa meni tah­qir­lashda, agar pul bermasam akam deb nomimni eslamasligi haqida qasam ichishdan to‘xtamadi.

* * *

Vujudim titradi. Ko‘z oldim qorong‘ulashdi. Olamni zulmat qopladi.
Samo titradi. Samo yomg‘ir yog‘dirdi. Ko‘zlarim­ni namladi.
Vujudim bir qizidi. Bir sovidi. Qop-qora tun qo‘ynida muallaq qoldi.
Bu tun azobli bo‘ldi... Bu tun do‘zax bo‘ldi...
Qani endi bu tun o‘rnida saraton tuni bo‘lsa. No‘xat dalasidagi qadrdon tun bo‘lsa. Qani endi bu tun o‘rnida qahraton tuni bo‘lsa. Amakim ot o‘ynat­gan – bizni yo‘qlagan tun bo‘lsa. Qorlar raqsga tushgan izg‘irinli tun bo‘lsa...
Tun bag‘rida amakimni ko‘rsam. Borib otining jilovini tutsam. U menga bir qiyo boqsa. U menga bir og‘iz so‘z qotsa...
Talabalik kezlarimdagi onaizorimni ko‘rsam. Menga pul tutgan qo‘llarini ko‘rsam. Uning ortidagi ulkan tog‘ni ko‘rsam – amakimni ko‘rsam.
Otam o‘rnidagi otamni ko‘rsam...

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.