Olapar tun bo‘yi uxlamadi. Boshini salgina ko‘tarsa bas, miyasida mislsiz og‘riq uyg‘onar, «lo‘q-lo‘q» urib, chanog‘ini yorib chiqadiganday bo‘lar edi. U tumshug‘ini yerga qo‘yib yotarkan, og‘riqqa chidolmay, ora-sira uvlab qo‘yardi.
Sahar payti edi. Olaparni chap yag‘rinidagi itchivin qattiq chaqdi. U keyingi oyog‘ini uzatib, itchivin chaqqan joyini qashladi. O‘rnidan qo‘zg‘alishga urindi, lekin biqini kuydirgudek bo‘lib achishdi. U yonboshiga ag‘darilib, bir-ikki silkindi-da, jimib qoldi. Shu vaqt qaerdandir hali dumi kesilmagan itvachcha yugurib kelib, Olaparning tumshug‘ini yalay boshladi. Uning tili issiqqina edi... Olapar huzur qilib g‘ingshidi... Ko‘p o‘tmay, itvachcha zerikdi shekilli, ingichka dumini bilanglatgancha, o‘ynoqlab-o‘ynoqlab nari ketdi. Keyin u ortiga qayrildi. Olaparning poyida yotgan suyakni ko‘rib, yana qaytib keldi. Itvachcha burun parraklarini kerib, havoni bot-bot xidladi. Olaparga suqatoylik bilan tikildi. Olaparning qorni och edi, lekin u sho‘x kuchukchani koyishga erindi, suyak ustida yotgan oyoqlarini yig‘ib oldi. Itvachcha behad sevindi, minnatdorlik yuzasidan Olaparning dumini tortqilab o‘ynadi, so‘ng suyakka tashlandi. Uning tishlari nozik edi, qoq suyakni g‘ajishga kuchi yetmadi. Itvachchaning hafsalasi pir bo‘ldi, lekin suyakni qoldirishga ham ko‘zi qiymadi, uni kichkina jag‘lari orasiga qistirdi. Tezda juftakni rostlashdan or qildi shekilli, go‘yoki Olaparni mensimaganday... xunuk irillab qo‘ydi-da, atayin chayqalib-chayqalib uychasiga ravona bo‘ldi. Shu asnoda barglari siyraklashgan gujum shoxidagi xo‘rozlar ustma-ust ququlab yuborishdi, so‘ng o‘zlaridan mamnun bo‘lgandek, qanotlarini osiltirib, «qu-g‘uq, qu-g‘uq», — deyishdi. Itvachcha avvaliga qo‘rqdi, jag‘idagi suyak «tap» etib yerga tushdi. U daraxt tagiga kelib, kutilmaganda qichqirgan beadab maxluqlarni kuzata boshladi, ularning ko‘pam dahshatli emasligini anglab, yarashiqsiz ovozda akillab berdi. Itvachcha nihoyat, tinchlandi-da, uychasiga kirib ketdi.
Atrofga sukunat cho‘kdi. Olapar qimirlamay yotganicha hayol surardi. U onasini — uzun yelini osilgan yuvosh itni esladi. Ona it qishloq chetidagi xarobazorda bolalagan edi. U odamlarga yaqinlashmas, nuqul dashtga chiqib, sovuqda harom qotgan jsnivorlarning kalla-pochasini tashib kelardi. Olaparning ikkita akasi va singlisi bor edi. Ular chirik xashak ustida qunishib yotishar, ayoz kuchaygan paytlarda ona itning pinjiga tiqilishar, u bo‘lmaganida, yaxlit qoramtir tepachaga aylanib, bir-birlarini isitar edilar. O‘sha qish juda sovuq keldi. Keyin yana bahor qaytdi, iliq kunlar boshlandi. Bahorning oxirrog‘ida ona it bolalariga semiz ilon opkeldi, so‘ng o‘zi o‘t-o‘lanlar ustiga yotdi-yu, boshqa o‘rnidan turmadi. Itvachchalar qiynalib qolishdi. Rahmdil bir o‘tkinchi Olaparni uyiga olib ketdi. Unga sut, ivitilgan non berishdi...
Olapar hazin g‘ingshidi. Yana onasini, uning muloyim nigohini xotirladi. Bundan ta’sirlandi chog‘i, qanshari achishib, badani sanoqsiz itchivinlar chaqqandek qaltirab ketdi.
Ro‘paradagi so‘rida nimadir shitirladi. It ko‘zlarini ochdi. Ustiga namat yopilgan savatning bir tomoni ko‘tarilib, oraliqdan kattakon qora mushuk sirg‘alib chiqdi. U so‘rining chetiga kelib ohista kerishdi, so‘ng sakrab yerga tushdi. Uning tumshug‘i qaymoqqa belangan edi. Mushuk Olaparni pisand qilmay, xunuk miyovlab qo‘ydi-da, tumshug‘iga ilashgan qaymoqni yalay boshladi. U ilgarilari Olapardan qo‘rqar edi. Itni ko‘rganida har tuki ignaday tikkayib, o‘takasi yorilguday bo‘lib pixillar, jonholatda gujum tepasiga chiqib ketardi. Endi bo‘lsa... Olaparning xo‘rligi keldi, mushukning sur betini ko‘rmaslik uchun ko‘zlarini qaytadan yumib oldi.
Tongotarda itni uyqu elitdi. U tushida onasini ko‘rdi. Keyin uni xo‘jayin chakmonining bag‘riga solib, uyiga opkeldi. Unga siri ko‘chgan sopol tovoqchada sut berishdi. Xo‘jayinning bolalari suyib erkalashdi, uning jajji oq-qora xoldor panjalarini o‘pib, yuzlariga surkashdi... Birdan bu lahzalar ortga chekindi. It o‘zining keksaligini, gujum tagida uzzu-kun qimirlamay yotganini ko‘rdi. Xo‘jayinning kenja o‘g‘li bir parcha go‘sht keltirib, uning yalog‘iga tashladi. Olapar surgalib, idishga yaqinlashdi. U endi go‘shtni hidlab turganida, uydan xo‘jayinning xotini chiqdi va o‘g‘liga bobillab berdi:
— Nima, tuyang qal’adan qatnab yotibdimi? Hu, go‘sht sani ko‘r qilgur! Yashshamagur!
Olapar cho‘chib uyg‘ondi. Kun choshgohga yaqinlashgan, quyosh pastak devor ustiga mingandi. Itning ko‘zlari qamashdi. U quloqlarini dikkaytirib, atrofga quloq soldi. Xo‘jayinning xotini mo‘rcha tarafdan javrab kelardi. Olapar sergaklandi: ayolning jahli chiqsa, alamini itdan olardi. Hozir u serbarg xashaki olmalar tagidan yurib kelar, qo‘llari kir solingan tog‘ora bilan band edi. Hovlida bolalar ko‘rinmasdi. Ular allaqachon maktabga jo‘nagan edilar. Olapar gujum yonidagi uychaga ko‘z tashlab, kecha peshinda paydo bo‘lgan itvachchani ko‘rdi. Itvachcha tungi o‘ljasi — qoq suyakni zo‘r berib kemirar, ahyon-ahyonda Olaparga shubhali qarab qo‘yardi. Olapar undan suyakni tortib olmoqchi bo‘ldi. Endi joyidan qo‘zg‘alganida, itvachcha suyakni unutib, uyga tomon otildi. Eshik og‘zida ko‘zlari uyqudan shishinqiragan xo‘jayin turardi. Itvachcha yugurib kelishda xo‘jayinning tizzasiga yopishdi, uning oppoq ishtoniga so‘lagini oqizib, o‘zicha muhabbat izhor qilgan bo‘ldi. Uning qilig‘i Olaparga yoqmadi, u xo‘jayinni dunyodagi hamma itlardan, hatto xotinlardan ham qizg‘anardi. Olapar tiyiqsiz itvachchani bo‘ynidan tishlab, baland supa ustiga irg‘itib yuborishga xezlandi. Keksa taniga g‘azabli kuch quyildi... Lekin shu topda kutilmagan hol ro‘y berdi: itvachcha xo‘jayinning tizzasini qo‘yib yuborib, alamidan qaltirayotgan Olaparning bo‘yniga osildi, dumini jilpanglatib, uning terisini tishlab tortqilay boshladi. U o‘zicha: «Qo‘y, sen ko‘pam jahllanma... axir men shunchaki...» — demoqchi bo‘lardi. Olapar bir zumda hovridan tushdi. Itvachchani ozroq erkalatdi, so‘ng asta qulog‘idan tishlab yo‘lidan chetlatdi-da, xo‘jayinining yoniga bordi.
— Ha, Olapar! Obbo san-ey... — xo‘jayin itning boshini siladi. — Fig‘oning chiqdi-yov... It degan munaqa jahldor bo‘lmaydi-da. Qo‘y, kuyunma, oshna, u sanga jo‘ra bo‘ladi.
Olapar uning gaplarini tushungan kabi sekin g‘ingshidi.
— Xotin! Hoy xotin!— chaqirdi xo‘jayin. — Bu Olaparing och qoptimi deyman, qorni ja puchayib ketibdi. Kecha yaloqqa qaramabmiding?
— Xudo ursin o‘sha go‘rso‘xtani! — ayol qo‘lidagi tog‘orani tars etkizib so‘riga qo‘ydi.— Ko‘tara savlat, it siyog‘i yo‘q! Kechasiminam bir marta vov demaydi, go‘rso‘xta... Tunda sutni ichib ketibdi.
— Olaparmi?! — xo‘jayin yoqasini ushladi. — Yolg‘onni aytasan-ov, xotin! Voy, saning yolg‘on o‘rgatgan piringni!.. Ko‘rsam, naq po‘stagini qoqaman-a... Qachondan beri Olapar o‘g‘ri bo‘pti?
— Nima, man Olapar dedimmi? Anavi Hamid g‘alchaning mushugi-da... Oq mushugi bor-u, o‘sha sutni ichadi-da... Melnxol buvi bekorga dod-voy qiladimi? Bir balosi bordirki, dodlaydi.
— O‘zingning qora mushugingni ayt. Uyam farishta emasdir-ov... — e’tiroz bildirdi xo‘jayin.
— O‘zimniki uyda yotuvdi. Qulog‘ingiz kar bo‘lgan, ko‘rpangizdagi mushukning xurragini eshitmaysiz.
— Hah! Sanam rosa olasan-da, xotin! Namuncha mushugingni avaylab qolding? Asli xotinminam mushukning mijozi bir. Mani aytdi dema, muni Mahammat payg‘ambarimiz aytgan.
— He, o‘lsin, shu mushugingiz!.. Xotiningizam o‘lsin. Hammasiga manavi Olapar, go‘rso‘xta aybli. Tun bo‘yi cho‘zilib yotadi. Shuyam itmi? Ma’rakaning ziynati, oshu nonning ofati. Turqiyam haligi ochofat Rasulga o‘xshaydi. He, o‘lsin!..
— Hov, itga til tegizma, xotin! O‘nta Rasuling Olaparning tirnog‘iga. arzimas Buning yoshligida bo‘ri olgani yodingdan chiqdimi? Bilib qo‘y, it — vafo, xotin — jafo.
— Voy mani tuqqan sho‘rlik enaginam!— xotin kutilmaganda ho‘ngrab yubordi. — Voy, man o‘lay! Hali sizga bitta harom itcha bo‘lmadimmi? Man o‘la-ay!..
Ayolning qahri keldi. Qo‘lidagi kir sovunni Olaparga otdi. It o‘zini chetga olishga ulgurdi. Sovun uchib kelishda xo‘jayinning qoq tizzasiga tegdi. Olapar so‘ri ortiga o‘tib, asabiy xotinga achinganday... xiyla ma’nodor qarash qildi. Agar xo‘jayin ham anchayin bosiq bo‘lganida, ehtimol, keyingi falokatlar bo‘lmasdi...
Er-xotin mushuk ichgan sut jazasidan urishib qoldilar. Ular o‘zaro so‘kishib, uyga kirishdi. Ich-karidan sandiq qopqog‘ining taraqlashi, taxmondan olinib, uy o‘rtasida otilgan ko‘rpalarning gupillagani eshitildi. Aftidan, ular ro‘zg‘orni ajrim qilishardi...
Oradan bir qumg‘on qaynagulik vaqt o‘tdi. Janjal ham tugadi. Ora-sirada ayolning burnini tortib, o‘ksingani eshitilardi. Xo‘jayin uydan xomush bo‘lib chiqdi. U boshiga eski ko‘k qiyiq bog‘lagan, egnida qalin chakmon bor edi. Xo‘jayin qo‘lidagi qo‘shog‘iz tasmasini yelkasiga solarkan, itni «mah-mah», — deb chaqirdi. Olapar yurak betlamay unga yaqinlashdi. Xo‘jayinning yog‘ bosgan kirza etigini, miltiqning sovuq quvurlarini hidlab ko‘rdi-da, sevinchdan vovillab qo‘ydi. Miltiqdori hidi unga judayam tanish edi... It tulkilar izg‘iydigan qirlarni ko‘z oldiga keltirdi, dimog‘iga burganlarning xush bo‘yi urilganday bo‘ldi..
Xo‘jayin darvozani ochib, itni chaqirdi, uning bo‘yniga chilvir bog‘lab, asta-sekin yetaklab ketaverdi. Olaparning ko‘ngli g‘ashlandi. Ilgari ovga chiqishganda xo‘jayin itning bo‘yniga chilvir solmas, uni o‘z holiga qo‘yib yuborib, yo‘l-yo‘lakay «Qaro ko‘zim...»ni xirgoyi qilardi. Endi u jim... mum tishlaganday jim ketyapti.
It va xo‘jayin ikki chekkasida jiyda, tikanli butalar o‘sib yotgan sertuproq yo‘ldan borishardi. Paxsa devorli hovlilarda jimlik hukm surardi. Odamlar qishloq etagidagi polizga ketishgan. Hosili yig‘ilgan tomorqalarda podadan qochgan sigirlar makka ildizlarini tortqilab yurishibdi.
Ular yo‘lda pochtachiga duch kelishdi. U mo‘ynasi to‘kilgan yag‘ir telpagini qiyshiq kiygan, qandaydir bir navoni ming‘illab aytar, kerakli hovliga tenglashganda eshagini bir zumgina to‘xtatib, xurjundagi gazeta, xat va jurnallarni olar, ularni devor osha tomorqa uvatlariga irg‘itardi. Pochtachi xo‘jayinga salom berdi, lekin xo‘jayin chindan eshitmadimi yoki jo‘rttaga o‘zini merovlikka soldimi, ishqilib, salomga javob qaytarmadi. Pochtachining jahli chiqdi. Palag‘da tovushda qurtdakkina so‘kinib, irg‘ay xalacho‘p bilan eshagining sag‘risiga tushirdi. Bechora eshak zarbdan chapga mayishdi, «tap-tap» yurgan ko‘yi yo‘l chetidagi loyxandaqqa yaqinlashdi. Pochtachi uzangidan oyoqlarini chiqarib sakrashga shaylandi, lekin eshak oxirgi soniyada g‘aroyib bir chapdastlik bilan yana o‘nglanib oldi va jon achchig‘ida tuproqni to‘zg‘itib yo‘rg‘alay ketdi.
Olapar va xo‘jayin qishloq o‘rtasidagi soylikdan o‘tib, zarang yo‘lga tushdilar. Bu yo‘lning uchi kaftdek sayhonlikka turtib chiqqan qirlarga borib taqalar, o‘sha joyda so‘qmoqlarga bo‘linib, qir yonbag‘irlari, soyliklar bo‘ylab, uzoqda ko‘karib turgan yassi tog‘liklar tomon yugurib ketar edilar. Xo‘jayii soylikka eltadigai so‘qmoqni tanladi, shu so‘qmoqdan yarim chaqirim yurilgach, o‘ngdagi yantoqzorni oralab, jar labiga keldilar. Itning bo‘ynidagi chilvir ancha uzun edi. U jar devoriga qiyalanib kirgan nim dahanasimon chuqurga tushib, u yerdagi inlarni birma-bir hidlab chiqdi. So‘ng pastga qaradi. Jar tubida sel oqizib kelgan toshlardan boshqa narsa ko‘rinmasdi. Olapar atrofni itlik idroki yetgunicha, xiyla sinchiklab tekshirdi, keyin «meni nega opkelding» degandek, xo‘jasiga boqdi. Xo‘jayin hamon tund edi. U itni yoniga chaqirib, boshini siladi. Olapar xo‘jasining sovuq barmoqlari titraganini payqadi. Xo‘jayin chilvirni jar labidagi burgan tupiga bog‘ladi. So‘ng yigirma qadamcha nariga borib, ortiga qayrildi. Olapar xo‘jasining g‘alati qilig‘ini tushunolmadi, oldinga talpindi. Lekin burgan poyasi mustahkam edi, chilvir taranglashib, itning tomog‘ini bo‘g‘ib qo‘ydi.
— Tek tur, Olapar!..
Olapar xo‘jasining amriga bo‘ysundi. Chilvir salqi tortdi, itning tani ham bo‘shashdi. Xo‘jayin yelkasidagi qo‘shog‘izni olib, unga to‘g‘riladi. Olapar buni ham tushunmadi, bir jarning narigi qirg‘og‘iga, bir xo‘jasiga qiziqsinib tikildi. Xo‘jayin tepkiga bormoq tegizdi, lekin bosishga jur’at qilmadi, chuqur uh tortib, miltiq qo‘ndog‘ini yerga qo‘ydi, dag‘al chakmonining barini ko‘tarib, peshonasini artdi. So‘ng yana itni mo‘ljalga oldi. Endi bu o‘yin Olaparni butkul mahliyo etdi; u xo‘jasining tez-tez ko‘tarilib tushayotgan kekirdagidan ko‘zlarini uzolmay qoldi.
Miltiq otildi... It jar tubiga uchib tushdi. Olddagi chap oyog‘i qirrador toshga tegib, qirsillab sindi. Uzilgan chilvirning bir qulochi bo‘yniga ilonday o‘raldi. U og‘riqqa chidolmay, ovozi boricha vangilladi, boshi chirpirak bo‘lib aylanib ketdi...
...Olapar tumshug‘iga tushgan iliq tomchilardan hushiga keldi. Tepasida xo‘jayin cho‘kkalab o‘tirardi. U itning majruh oyog‘ini avaylab qo‘llariga oldi. Olapar g‘ingshimadi, jag‘larini mahkam qisib, xo‘jasiga qaradi. Xo‘jayin yum-yum yig‘lardi.
— Tegmabdi...
U afsuslanib bosh chayqadi. O‘q itga lat yetkizmagan, tabiiy muhofaza tuyg‘usi hali miltiq quvuri olov purkamay turib, Olaparni jarga uloqtirgan edi.
— Mani kechir, oshna... — xo‘jayin engashdi, yuzini itning boshiga tegizdi. — Sani sig‘dirmasa nima qilay?.. Bilasan, o‘sha tunda begona odamni tishlaganingdan beri yomon ko‘radi. Shungayam besh yil bo‘pti. Ilojim qancha, oshnam... O‘rtada bolalar bor, ajralib ketolmasam... Mangayam alam qiladi... Oson deb o‘ylaysanmi? Eh, odam bo‘lganingda hammasini bilarding... Lekin bo‘lmaganing ma’qulroq. San bir itsan, o‘lishing ham osonroq... Endi keksayib qolding... Ma, go‘shtni yegin,— u belbog‘ini yechib, bir parcha go‘sht olib tashladi.— Sanga deb o‘g‘irlab chiqdim... Endi shu yerda o‘laqol, Olapar... Ertaga o‘zim ko‘mib qo‘yaman. Axir uyga borib nimayam qilasan?.. Sani xo‘rlashadi...
It yana hushini yo‘qotdi. Xo‘jayin uni o‘lgan fahmlab, tepasida bir necha daqiqa mung‘ayib turdi, so‘ng jarning qiyaroq joyidan tirmashib yuqoriga chiqdi. Ust-boshini qoqib, bukchaygan ko‘yi, tez-tez yurib, jar labidan uzoqlashdi.
Olapar vaqt peshindan oqquncha goh hushyor, goh behush bo‘lib yotdi. Tashnalikdan jag‘lari qurib, karaxtlandi. U ko‘zlarini ochib, jar labiga qo‘ngan ikkita zog‘ni ko‘rdi. Tepada ko‘ringan osmon parchasida tasqaralar to‘dasi ohista suzib yurardi. It kuni bitayotganini sezdi, go‘yoki shu tuyg‘uni quvlamoqchi bo‘lgandek, cho‘zib-cho‘zib ulidi. Zog‘larning hafsalasi pir bo‘lib, kunbotarga uchib ketishdi. Olapar bir amallab joyidan qo‘zg‘aldi-da, jar devoriga tirmashdi. Majruh oyog‘i zirqirab ketdi, ko‘zlarida o‘t chaqildi. U og‘riqni pisand qilmay, tirnoqlarini soztuproqqa botirdi. Lekin jar devorining yarmiga yetmasdan darmoni quridi, paylari bo‘shashdi, pastga gurs etib quladi-yu, boshdan-oyoq sarg‘ish changga belandi. It alamidan achchiq g‘ingshidi, so‘ng taqdirga tan bergandek, boshini quyi solib, jar tubidan hakkalab keta boshladi. Jarlikdagi toshlar, tikanli butalar junlarini yulib, badanini qonatib yubordi. Nihoyat, oyoq ostida nam ko‘rindi. Olapar yurishini tezlatdi. Jarning quyi tarafi kengayib, oldinda kichik botqoqlik paydo bo‘ldi. It botqoqni qoplagan beso‘naqay yalpiz poyalari orasidap o‘ta turib, bexosdai buloq havzasiga tushib ketdi. Buloqda suv mo‘l edi. Lekin it chanqog‘ini bosolmadi, suvdan qon va junning qo‘ng‘irsiq hidi kelardi. Olapar havzadan chiqqan jilg‘ani kechib, tegirmon xarobasigacha bordi. Bu paytda quyosh ufq g‘uboriga cho‘mgan, qip-qizil shafaq xaroba tegirmonning qolgan-qutgan devorlarida, bog‘dagi daraxtlar libosida yal-yal yonardi. It choshgohda kelgan yo‘liga tushib oldi.
Poda qaytmoqda edi. Sigirlar hakkalab kelayotgan Olaparni ko‘rib, tahdid bilan pishqirdilar. Kichik bir novvos poda ortida qolib, itning yo‘lini to‘sdi. Ko‘zlarini olaytirib, suzishga shaylandi. It unga parvo qilmadi, sal chaproqdan yurib, o‘z yo‘liga ketaverdi. U uyga yetguncha uzoq yurdi. Iliqqan itlar galasini, ko‘chaga supurindi chiqarib tashlayotgan kampirni uchratdi. Itlar unga daxl qilishmadi, kampir bo‘lsa, hokandozning uzun dastiga suyanib turganicha g‘alati bosh chayqadi.
Olapar xo‘jayinning uyiga kelganida atrof qorong‘i edi. Itning dimog‘iga qovurdoq hidi urildi. O‘choqda yonayotgan olov shu’lasi tambalangan darvoza yoriqlaridan yerga taram-taram bo‘lib tushardi. Olapar darvozadan beriroqqa g‘ujanak bo‘lib yotdi. Bir ozdan so‘ng ichkaridan bolalarning chug‘ur-chug‘uri eshitildi. It quloqlarini ding qildi.
— Oyi, oyijon! Borayliik... — yalinchoqlik qilishardi bolalar.
— Bor, boraver!.. O‘sha itminam qo‘shmazor bo‘linglar! — o‘shqirdi ayol. — Ertaga otang kelsin, naq go‘shtlaringni o‘ydiraman!
Olapar seskanib tushdi. Yana o‘sha jarlikka, yalang toshlarga qaytib borgisi keldi. U endi o‘rnidan turganida, darvoza tambasi sharaqlab, hovlidan xo‘jayinning o‘g‘ilchasi chiqdi.
— Kelaver, Banno, kelaver... — u singlisini chaqirdi.
Bolalar darvozani yopib, qorong‘ilik bag‘riga qo‘rqa-pisa tiqilishdi.
— Vuy, aka! Qaya, Olapay! — qizcha sevinchidan qichqirib yubordi.
Ular Olaparga yaqin kelishdi. Bola itning bo‘ynidan quchoqlab oldi. Qizaloq bo‘lsa, uning tumshug‘ini silar, hadeb «Olapay, Olapay...» — deb chuldirardi. It majruh oyog‘ini osiltirib turaverdi.
Bolalar uning yarador ekanini payqashmadi ham.
— Banno, man sovqotdim, — dedi bola ozroq o‘tgach - Qara, Olaparing ho‘l ekan... Man ketaman.
— Ketma, aka. Ozyoq tuyaylik...
— Man ketaman, o‘zing qolaver.
— Biy o‘zim qo‘yqaman.
Bolalar salqindan diydirashib, hovliga tomon yurishdi. Qizaloq darvoza yonida turib, chaqirdi:
— Kiy, Olapay, qiyaqol...
Olapar darvozaga yaqinlashdi, lekin bolalar harchand tavallo qilishmasin, ichkariga oyoq bosmadi.
Atrof jimjit bo‘lib qoldi. Olapar zax yerga cho‘zildi. Jarohatdan anchagacha azob chekdi, so‘ng karaxtlanib uyquga ketdi. Tushida xo‘jasi bilan ov qilib yurganmish... Ular tog‘ etaklariga borishdi. Yantoq tupi ortidan tovushqon chiqdi va o‘ngi so‘liga qaramay qocha boshladi. Xo‘jayin: «Chop, Olapar! Chop, oshnam, u seniki bo‘ladi!» —deb qichqirdi. Olapar tovushqonni quvlay boshladi. Kutilmaganda tovushqon beli ingichka qora mushukka aylandi. Itning chandon g‘azabi oshdi, kuchiga kuch qo‘shildi. Endi mushukka yetay deganda, ro‘parada chuqur jarlik paydo bo‘ldi. Mushuk kamalakday egilib, narigi tarafga sapchidi. Olapar ham sakradi, lekin u jardan o‘tolmadi, pastga toshdek quladi. It jar tubiga urilib, chilparchin bo‘lishini kutarkan, vujudi borgan sayin kichrayaverdi. Birdan Olapar par sin-gari yengil bo‘lib qoldi, so‘ng tushday shaffof, beozor fazo qo‘ynida qaylargadir ohista suzib ketdi...