OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muyassar Tilovova. Jilovsiz asov (hikoya)

Yer andak silkindi. Tog‘u toshlar gumburladi. Galadagi otlar dovdirab, o‘zlarini qayoqqa urishini bilmay qolishdi. Galaboshi ularni tinchlantirishga harchand urinmasin, baytallar kishnab, turli tomonga tirqiradi. Onalarining bu ajabtovur harakatlariga tushunmagan yangi tug‘ilgan qulunlar atrofga hayron olayishardi. Ko‘z ochib yumguncha bo‘lib o‘tgan zilzila borliqqa shuncha sarosima solishga ulgurdi. Otlarning oyoqlari mahkam turgan yer qimirlashdan to‘xtagan, biroq negadir shovqin tinchimagandi. Oyoqlari uzun, baquvvat, xipcha beli qoruvli, metinday mustahkam galaboshi ayg‘ir qandaydir xavfni sezib, burun teshiklarini katta-katta ochgancha, bezovta kishnab ko‘l tomondagi tepalikka qarab yugurdi. Bu tepalik yaqin atrofdagi eng baland joy. Uning ustidan hamma yer kaftdagiday ko‘rinadi. Vahimali kishnab, tepalik ustida yer tepinayotgan ayg‘irga pastdagi galasi bir ilinj kutganday javdirab turishardi. Galaboshi adashmabdi. Ko‘ngli sezganicha bor ekan. Pastdagi vodiydan o‘zlari tomonga chang-to‘zon ko‘targancha bir necha otliq yugurib kelardi. Ayg‘ir ular nima uchun kelayotganlarini, maqsadi nima ekanligini yaxshi biladi. Chunki bunday kutilmagan mehmonlar tez-tez ko‘rinib galaning tinchini buzadi. Shunday paytlarda butun boshli otlar uyurining taqdiri galaboshining zimmasiga tushadi. Qora ayg‘ir shu choqqacha biror marta adashmagan. To‘g‘ri, doim ham galani bus-butun, hech qanday talofatsiz qutqara olmaydi. Ular orasida nimjon, kasal otlar, yosh bolali baytallar va qarilar yo qoch-quvda halok bo‘ladi yoki qo‘lga tushadi. Nailoj, ayg‘ir bunday pallalarda ojiz qoladi.
Qadamlaridan o‘t chaqnab, xuddi quyunday pastladi. Old oyoqlarini baland ko‘tarib, galasiga shimol tomon qochishni amirona buyruq berib kishnadi. Yo‘l boshlashga boshladi-yu, o‘zi oldinga intilmay, galani aylanib yugurdi. Otlarni tezroq harakat qilishga undab yer tepindi. Ko‘l tomondagi tepalikdan o‘tilsa, torgina vodiy. Undan so‘ng pastqam tog‘liklar boshlanadi. U yerda tezroq yugurilsa, biror pana joy topib, ko‘zdan yo‘qolish oson. Butun uyur galaboshining maqsadi nima ekanini tushundi. Qora ayg‘ir esa eng oxirgi ot ham yo‘lga tushib olganidan keyingina qochishga hozirlandi. Barchani ko‘zdan kechirib, bir harakat bilan galaning oldiga o‘tib oldi. U eng oldinda to‘dasiga namuna bo‘lish uchun tezroq, chaqqonroq harakat qiladi. Yugurganida ko‘mirdek qora yollari selkillab, parvozga shaylanayotgan qushni eslatadi. Ammo ayg‘ir ilkis-ilkis to‘xtab, chang-to‘zon ichida elas-elas ko‘zga tashlanayotgan oppoq baytalga qaraydi. Boshqa paytlarda o‘sha ot ayg‘ir bilan oldinma-ketin yugurar edi. Hozir esa buning iloji yo‘q. Chunki baytal qulunlashi kerak. Galaboshi to‘dani uning tinchgina ko‘zi yorishi uchun shu adirlikka olib kelgandi, bexavotir deb o‘ylagandi bu yerni. Biroq shu yerdayam azaliy raqibi odamlar tinch qo‘yishmadi ularni. Oq biya avvaliga risoladagidek, bir tekis yugurdi, ammo bora-bora hammadan ortda qola boshladi. Uning nafasi bo‘g‘ziga tiqilib hansirar, qornida qandaydir kuchli og‘riq turgandi. Taxminan mo‘ljal olingan yo‘ldan gala jonholatda odimlar, ayg‘ir esa to‘xtadi. Oq baytalning boshqa yugurmay, yumalab qolganini ko‘rgach ortga qaytdi. Bu orada gala ancha uzoqlashiga ulgurdi. Ayg‘ir biyasini o‘rnidan turishga undab atrofida gijinglab aylandi. Ammo oq otning ortiq yugurishga madori yo‘q. Avvaliga uni turishga undagan galaboshi endi pishqirib buyruq berishga o‘tdi. Biroq foydasiz. Biyaning dardi boshlangandi. Boyagina zilziladan qo‘rqib ketgan otga, keyingi zarba og‘irlik qildi. U kishnashdan to‘xtab, boshini yerga tashladi. Endi befoyda. Baytal yugurish u yoqda tursin, o‘rnidan ham turolmaydi. Ayg‘iri atrofida goh amirona, goh yalinib kishnar, juftining tumshug‘iga burnini tekkizib undan nimanidir o‘tinardi. Ikki o‘t orasida qolgan galaboshi bir suyukli baytaliga, bir shovqin solishib tobora uzoqlashib borayotgan uyurga qaraydi. U qolganlarni asrashi kerak, biroq oq otni shu ahvolida tashlab ham ketolmaydi. Uning uzoq ikkilanishiga ortidan quvib kelayotganlarning qorasi ko‘rinishi nuqta qo‘ydi. Ayg‘ir osmonga sapchib, vahimali, shu bilan birga juda ayanchli kishnadi.

 * * *

To‘ychi chavandoz uyurning izini yo‘qotgan bo‘lsa-da, ovdan quruq qaytmadi. Oldingi oyoqlari tushovlanib, itoatkorona yo‘rg‘alayotgan oq baytal va uning toychog‘ini, bu kengliklardagi jamiki yovvoyi otlar sardori, afsonaviy ayg‘irning zurriyodini olib qaytdi. Qulunning yunglari xuddi otasinikidek tim qora, yaltiroq, ko‘zlari esa onasiniki kabi jigarrang. Oyoqlari hali oriq, nimjon bo‘lsa ham, vaqti kelib ularda kengliklarga sig‘maydigan kuch yig‘ilishi muqarrar.
– Nasli toza-da jonivorning, yaltillashini qara, – deya sevinchini ichiga sig‘dira olmagan chavandoz atrofidagilarga kulib qo‘yadi. – Ayg‘irni tutolmagan bo‘lsak ham, quluni bizda. Bu toychoqning, – deya yonidagilarning kim ekanini anglamay quloqlarini dikkaytirayotgan qulunning boshini silaydi, – galaboshidan afzalligi ko‘p. Chunki uni tutganimiz bilan yovvoyi baribir yovvoyiligini qiladi. Qulay payt bo‘ldi deguncha qochishga urinadi. Asovni jilovlash qiyin. Quluncha esa endi o‘zimizniki. Agar otasiday o‘ktam ot bo‘lsa, bu orada oldimizga tushadigan chavandoz topilmaydi.
Oq biya odamlar qulunini erkalagan, yunglarini silagan sayin battarroq tixirlik qilayotgandi. Bir ilojini topsa-yu, bolasini olib ortiga qaramay qochsa. Ammo bari harakatlari befoyda ekanini jonivorning o‘zi ham bilib turar, shunday esa-da taqdirning bu g‘irrom hukmi bilan kelishishni, uni qabul qilishni istamayotgandi.
O‘sha kuni chavandozga qishloqning yoshu qarisi havas qildi. Hozir har kim uning o‘rnida bo‘lib qolishni xohlardi. Chunki dong‘i butun vodiyga yoyilgan qora ayg‘irning zurriyodi To‘ychi chavandozning qo‘lida.

 * * *

Oq baytalning kishnashi, tongda, quyosh tog‘lar boshini siypab mo‘ralay boshlaganida, ayniqsa, avjiga chiqardi. Chunki bu vaqtda oqboshli cho‘qqilar doimgidan ham viqorli, ulug‘vor va juda-juda yaqinda, xuddi kaft cho‘zsa yetadiganday ko‘rinar, unda asovning qorli yaylovda yugurayotgan, ozodlikda shamolday uchayotgan uyurining dupurlari eshitiladi. U malla, doim yoshovrab turadigan ko‘zlarini o‘sha tomonga qadaydi. Agar bir harakat qilsa, odamlar o‘zicha baquvvat deb qurgan yog‘och otxonani bemalol buzib tashlab, uzoq-uzoqlarga, inson yetolmaydigan makonlarga qochib keta oladi. Biroq bunga uning haqi yo‘q. Chunki ortida yaqinda tug‘ilgan quluni bor. Ot kishnay-kishnay tinchiydi va bostirma tagida bezovta onasiga hayron tikilib turgan go‘dagining yoniga qaytadi. Tog‘ asovini yovvoyi otlar uyuridan ko‘zi yoriyotgan paytda tutib olishgan. Quluncha hali juda zaif, xonaki otlarning bolalaridan farq qilmaydi. Lekin yovvoyi baytal qo‘radagi boshqa bolalarni qulunining yoniga yo‘latmaydi. Chunki har tikilganida unda ulkan xarsanglarga, yuksak tog‘larga, keng daralarga sig‘magan ozodlikni ko‘radi, jajji yuragining urishida yugurganida toshlardan uchqun sachratgan otlar dupurini, hali ham onda-sonda quloqlariga chalinib qoladigan juftining o‘ktam ovozli kishnashini eshitadi. Qishning uzundan-uzoq qirovli tunlarida ham otxonaning usti ochiq qismida quloqlarini dikkaytirib, burun teshiklaridan hovur chiqarib turaveradi.
Tong otgach, qulunchasini yalayotgan ayg‘irni kuzatarkan, Ziyod ota chuqur uf-f tortdi. U paytlarda Ilhom hali yosh, bobosining ketidan qolmaydigan bola edi. Uning go‘daklarcha mijg‘ov savollari ham kulgili, ham javob berishga odamni shoshirib qo‘yadi.
– Nimaga uflayapsiz, bobo?
– Oqboshning ahvolini ko‘rib uflamay nima qilay?
(Ular otga shunday deb nom qo‘yib olishgandi)
– Otimizga nima bo‘lgan?
– Uyini sog‘inyapti, bechora.
– Qaysi uyini, uyi shu yerda-ku.
– Ey-y bolasi tushmagur, ezib yubording, – Ziyod otaning sabri tugab, nabirasini urishgan bo‘ladi.
Ilhom boshqa gapirmaydi. Sovuqda qizargan burnini tortib jim turaveradi. Hamma narsani tez unutib qo‘yadigan chol yana otga chalg‘iydi.
– Nasli toza-da jonivorning.
– Nasli toza degani nima?
– Bu, – deya tushuntirish beradi chol nabirasiga, – bu degani haqiqiy ot degani. Asl otlar xuddi Oqboshga o‘xshaydi. Qadamidan o‘t chaqnaydi ularning.
– O‘t chaqnaydi degani nima?
– O‘t chaqnaydi degani juda tez yuguradi. Quvganing bilan baribir yetolmaysan degani.
– Lekin otam otni quvganida yetgan-ku, u asl ot emasmi?
Ota nabirasiga shu yerda taslim bo‘ladi. Chunki bu savolga javob berolmasdi. Axir bolakay otasining oq boshni halol jangda emas, bolalayotgan vaqtida tutganini qaydan bilsin?
– Ey bachchag‘ar, toza jonga tegding. Miyamni achitishdan boshqa qiladigan ishing yo‘qmi? Bor, ukalaring bilan o‘yna.
Yengilayotgan vaziyatlarida chol shu yo‘lni tutardi. Ilhomga esa baribir bobosining yonida ham, boshqa yerda ham o‘zini zeriktirmaydi.
Quluncha bola bilan tengdosh ulg‘ayardi. Ko‘rinishi xuddi onasining o‘zi. Baquvvat va chayir oyoqlari uzun-uzun, tim qora yollari qizlarning oftobda toblangan sochidek yaltiraydi. Peshonasi va biqinida oq qashqasi bor. Shuning uchun hamma unga Oqqashqa deb nom qo‘yib olgandi. Oqqashqa voyaga yetgach onasidan ham yovqur, onasidan ham navqiron otga aylandi. Ammo ona va bolaning orasida bir farq bor edi. Oqqashqa katta bo‘lgan sari odamlar bilan juda-juda yaqin bo‘lib ketdi. Uning poygalarda, ko‘pkarilarda beli qotib, dong‘i har tomonga yoyildi. Lekin ona ot insonlarga bo‘ysunmadi, qanchalik majburlashmasin, hech bir chavandozni ustiga yo‘latmadi. Boshqa ishchi otlar qatori dalaga borar, aravaga qo‘shilar, o‘t, suv tashirdi.
– Bechorani turtkilama, – dedi bir kuni Ziyod ota yoniga yo‘latmaganidan baytalni qamchilayotgan o‘g‘liga. – Ungayam mehr bersang, tek turadi-da.
– Bu boquvni keragidan ortiq olib bo‘lgan, ota. Lekin hech narsaga yaramayapti. Buning o‘rniga qirchang‘i boqqanimizda yaxshiydi.
Ota indamadi, faqat norozilanib boshini sarak-sarak qildi.
– Har kim o‘z yurtida shoh bo‘lsin ekan.
Ilhom bobosining nima deganini anglamagani uchun berishga biror jo‘yali savol topolmadi. Faqat ko‘zlarini pirpiratib bobosiga termilib turaverdi.
– Oqboshni aytyapman, – dedi nabirasining hozir nimadir so‘rab qolishini oldindan bilgan chol. – Uni biz tamom qildik. Tog‘larida hukmdor edi, bu yerda-chi, hech narsaga arzimaydigan bir ot, xolos.
– Unda nimaga qochib ketmaydi?
Ilhom o‘shanda birinchi marta bobosini hayratga soladigan savol bergandi. Ziyod ota ham birinchi marta o‘ziga loyiq suhbatdosh topgan.
– Agar Oqqashqa bo‘lmaganida edi, baytal allaqachon yo qochib ketardi, yoki o‘lardi.
Oqqashqani uloqqa To‘ychi chavandoz, uning ukasi Suyun chavandoz mindi. U bilan qaerga borishmasin, doim g‘alaba bilan qaytishdi. Ot emas, chin do‘st edi u. Ba’zan otasi Oqboshni qamchilasa, kaltak xuddi bolaning biror yeriga tekkanday seskanardi. Shunday paytlarda bobosini chaqirar, faqat bobosi otning yonini olishi mumkin ekanini bilardi. Bobosining otlarga mehrini ko‘rib, ularni chin dilidan yaxshi ko‘radi deya o‘ylagan. Ammo bir kuni ko‘pkariga ketgan otni yuk mashinasida olib qaytishdi. Chunki otning yiqilib oyog‘i singandi. O‘shanda endi hech narsaga yaramay qolgan Oqqashqani so‘yish kerakligini, aynan, Ziyod ota maslahat berdi. O‘sha kuni Oqqashqaga onasidan boshqa hech kimning rahmi kelmadi. So‘yishayotganida atrofidagilardan mehr-shafqat so‘rab tilangan ko‘zlari hamon bolaning yodidan chiqmaydi. Kishnaganida doim o‘ktam chiqadigan ovozi o‘sha paytda go‘daklarnikidan ham nimjon, yangi tug‘ilgan qulunlarnikidan-da ojiz chiqqan. U-ku oxiri taqdiriga tan berdi, lekin ona ot... Yuragi qandaydir noxushlikni sezganday ertalabdan bezovtalana boshlagach, chol oyog‘idan mahkam bog‘lab qo‘ydi. Lekin Oqqashqani so‘yishayotganida yer tepinib kishnagani... 
Ilhomning o‘shanda rahmi kelganidan va ayni damda qo‘lidan hech narsa kelmaganidan lablarini tishlagan.
Baytal bolasini ko‘rgani yo‘q, Oqqashqani otxonadan panaga olib ketishgandi. Lekin bolasi o‘layotganini, o‘layotgandayam do‘stim deb ishonganlari nobud qilayotganini ich-ichidan sezib turgandi bechora. Oqqashqa joni uzilishidan oldin og‘ir ingradi. Shu payt otxona tomondan nimadir qarsillab sindi. Zum o‘tmay odamlar yoniga shamolday uchib, ona ot keldi. Hamma karaxt bo‘lib qolgandi. Chorasiz ayg‘ir orqa oyoqlarida turib butun gavdasini tik ko‘targancha oldingi oyoqlarini havoda muallaq aylantirdi. Shunchalik baland kishnadiki, ovozi quloqni kar qilay derdi. Bola birinchi marta yovvoyi baytalda shunday vajohat, kuch, odam bolasiga nafrat va ilojsiz onaning farzandi uchun tutgan motamini ko‘rdi. Katta ochilgan burun teshiklari o‘t purkayman derdi go‘yo. Oqqashqaning ko‘zlari onasi tomon qadalgancha qotib qoldi. Ehtimol, ularda "Odamlarga ishonganim, ular bilan do‘st bo‘lganim uchun meni kechiring, onajon" degan ma’no bo‘lgandir. Har qalay Ilhom o‘sha paytda buni o‘qiyolmasdi. Hammasi tamom bo‘lgandi. Yovvoyi baytal yana bir kishnadi-da, purtanalar hosil qilib, vishillab oqayotgan soyning ustidan narigi qirg‘oqqa sakradi. Uning sog‘-omon o‘tib ketishiga hech kim ishonmagandi. Shunchalik yuqori sakradiki, xuddi uchayotganga o‘xshardi. Uzun yollari shamolda qush qanotiday selkillab, parvoz qilardi. Oq baytal yiqilmadi. Qanchalik uzoq bo‘lmasin, narigi qirg‘oqqacha sakray oldi. Sakrab o‘tdi-yu, tog‘larga qarab juda tez yugurganidan bir zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. U yovvoyi erki, ozodligi tomon shoshardi. Odamlar orasida uzoq muddat yashagan bo‘lsa ham qari ko‘nglidagi bunday yuksak tuyg‘ular hamon yosh edi.
Bolakay Oqboshni shundan keyin ko‘rmadi. Qayta uchratmadi. Lekin ona otdan ko‘ngli to‘q. Agar tirik bo‘lsa odam yetolmaydigan joylarda, erkinlikda yashayapti, o‘lib ketgan bo‘lsayam haqiqiy g‘oliblarga xos o‘lim topgan. Mana buni hayot desa bo‘ladi.
Ilhom hamma tarqalgach ham ona otning dupurlari qulog‘iga chalinib qoladiganday butun diqqatini tog‘ tomon berib ancha vaqt turdi.
Hamma narsa qanchalik tez sodir bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik tez tugadi. Ziyod ota "Hozir savolga ko‘mib tashlaydi" deb ko‘zlarini nabirasidan olib qochdi. Ammo bola hech narsa so‘ramadi. Chunki ko‘p narsani biladi deb o‘ylagan insoni aslida hayvon anglay olgan oddiy hislarni tushunmas ekan. Bobosi ilgari uning ko‘ziga hamma narsani biladigan juda aqlli inson bo‘lib ko‘rinardi. Xuddi u kishiday fikrlagisi, u kishiday o‘ylagisi kelardi. Ammo keyin boshqa hech narsa so‘ramadi. Bu voqeaga o‘zining xulosasini chiqarib bo‘lgandi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.