Chang uniqib qolgan, buzoqlarniki kabi uzun-uzun, kipriklarini pirpiratib simyog‘och ustidagi laylak uyaga termilayotgan bolakay bir maromda kurtillatib o‘tlayotgan eshagi ustiga chalqancha yotib olgan, dunyo bilan ishi yo‘q. Hatto kiprik qoqmaydi, yaqinda tuxumdan chiqqan laylak bolalari chug‘ur-chug‘uriga quloq tutadi. Turob qorovul dunyo bexabar bolaga qitmirlik qilgisi keldi.
Kutilmaganda biqiniga qattiq botgan xalacho‘pning og‘rig‘idan cho‘chib ketgan bolaning yiqilib tushishiga bir bahya qoldi.
— Ha, bolasi tushmagur, paykalga kirganing qachonidi? Bu yerda nima qilib o‘tiribsan? Pochchang seni kutaverib xunobi oshayotgandir.
Shosha-pisha eshagiga o‘ng‘ay o‘tirib olgan bola, bosib-bosib xala bosdi. Yag‘rini og‘rigan jonivor yo‘rtib ketdi.
— Tez qayt, shu yerda kutib turaman seni.
— Xo‘-o‘p...
Azamat olislab ketgunicha ortidan tikilib turgan chol boshini ko‘tarib beton simyog‘och tepasidagi laylak uyasiga qaradi. Simlarini kim, qachon uzib ketganini birov bilmaydigan simyog‘och biyday yaydoq cho‘l o‘rtasidagi ko‘z ilg‘aydigan yagona belgi. U xuddi karvonidan ajralgan tuyadek so‘ppayib qolgan. Chol belbog‘ini taqir yerga to‘shab o‘tirdi va Azamatning qaytishini kuta boshladi.
* * *
Laylaklar har yili simyog‘och ustiga in qurib, bola ochishadi. Polaponlarini uchirma qilgach, qishga yaqin butun oila qayoqqadir uchib ketadi. Ularning qaerga ketishi mumkinligiga Azamatning hech aqli yetmaydi. Turob qorovulning aytishicha, issiq o‘lkalarga uchib ketarmish-da, qish o‘tgandan so‘ng yana uyalariga qaytarmish. «Nima, qish hamma joyga birday kelmaydimi?» — deb o‘ylab qoladi ba’zida u. Yo‘q, esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan bobo adashayotgan bo‘lsa kerak. Xolasi shunday degandi: «Turob cho‘pon bilan ko‘pam osh-qatiq bo‘laverma. U qarib, miyasi suyilib qolgan. Bo‘lmasa yoz-ku yoz, izillagan qahratondayam dalada izg‘irmidi? Unga dala bolasidanam aziz».
Ammo nima bo‘lgandayam bolaning qushlarga havasi keladi. Chunki ota-onalari poloponlarini tashlab ketishmaydi. Erta bahordan to sovuq tushgunicha boqib katta qilishadi. Xolasining aytishicha, shu zig‘irday aqli yo‘q qushlar ham Azamatning ota-onasidan yaxshiroq emish. Issiq o‘lkalarga uchib ketishdan avval bolalarini ulg‘aytirib, so‘ngra o‘zlari bilan olib ketarmish. Azamat xolasidan nimaga bunday deyotganini hech so‘ramaydi. Sababi har ikki gapining birida ukasi va kelini shaharga ketayotib, opasini yo‘qlab o‘tmoqchi bo‘lganini va omi xotinni aldab chaqalog‘iga birpasga qarab turishlarini so‘rab shu bo‘yi qorasini ko‘rsatmaganlarini eslatib turadi. «Men ahmoqqina o‘lay, — deydi peshonasiga shappatlab. — Birrov qarab turing desa, chaqaloqni bag‘rimga bosayotganimdan sevinib ketibman, nimaga bunday deyishayotganini so‘ramabman ham. Ayol bo‘lib yaralib, farzand tug‘ib tarbiyalamaganingdan, ona bo‘lib beshik tebratib alla aytmaganingdan keyin go‘r bo‘larmidi? Chaqaloqqa suqlanib onalik mehring jo‘shib ketaveradi-da. Hatto, o‘shanda ko‘kraklarimga sut kelganday bo‘luvdi. Shundan beri sen kasofatga ona bo‘lib kelyapman. Jonday ukamning bolasisan, jigarimsan. Senga har qaraganimda rahmatli otam keladi ko‘z o‘ngimga. Otamning ko‘zlarini, burunlarini ko‘raman senda. Mayli dedim, chidadim. Xudo insof berganida olib ketishar. — Xolasining xokisor qiyofasi ham, so‘z ohangi ham o‘zgaradi. — Ho, olib ketisharmish. Nimaga olib ketisharkan? Zig‘irdayligidan boqib katta qilib, qo‘lidan ish keladigan bo‘lganida ular ega chiqishadimi? Hech-da. Seni ulardan tortib olibmanmi? Agar oldimga bola deb kelishsin, oyog‘ini urib sindiraman. Ukam deb, kelinim deb ayab o‘tirmayman. Bola kerak bo‘lsa, boshqa tug‘ib ol, deyman. Onalik qilish uchun faqat tug‘ish amalmi?»
O‘ziga-o‘zi javray boshlagan ayolga bola e’tibor ham bermaydi. Olovday lovillab, keyin bosilishini biladi. Aslida Sanam opa Azamatga amma bo‘ladi, lekin negadir «xola» deyishga o‘rganib qolgan. Xolasi doim qarg‘aydigan ota-onasini aslo eslolmaydi. Esini taniganidan beri xolasi va pochchasi bilan birga. Na xotini, na ro‘zg‘ori qiziqtiradigan pochchasi Azamatga hech e’tibor bermagan. «Asqad alkash faqat aroq to‘la shisha bilan do‘st. Ertalabdan kechgacha o‘shanisini quchoqlab yotadi. Bolayam, xotinam shisha unga. Bir kuni dumalab o‘lib qolganidayam shu shishasi ko‘msin», — deya xolasi doim javragani-javragan.
Azamat pochchasiga ovqat olib borish uchun qancha erta yo‘lga chiqqani bilan baribir kechikib boradi. Sababi simyog‘och oldida to‘xtab soatlab laylaklarga mahliyo bo‘ladi. Goh turib qaraydi, goh o‘tirib, gohida eshagi ustida yonboshlab. Qaysi tomondan qaramasin har gal bu qushlar xuddi bir mo‘‘jizaday shuurini to‘lqinlantiraveradi. Hayrati oshadi. Xolasi, pochchasi, o‘zi hech qachon ko‘rmagan ota-onasi haqidagi xayollarini bir muddat unutadi.
Qamish chayla yoniga yetkach, eshakni nariroqda qoldirdi-da, xurjundan xolasi bergan tugunni olib ichkariga kirdi. Sanam opa shu tugunni berguncha ham rosa xarxasha qilgandi. Oldiniga aroqxo‘r eridan nolib uning bari qarindosh-urug‘ini go‘rdan olib, go‘rga soldi. Bunday erning boridan yo‘g‘i yaxshi, deb boshqa ovqat jo‘natmaslikka qaror qildi. Chaylasida arog‘i bilan sasib yotaversin, dedi. Azamatni yoniga chaqirib naridan-beri dasturxon tuzagan bo‘ldi-da, biroq ovqatning bir luqmasi ham tomog‘idan o‘tmay yig‘lab yubordi. «Ming yomon bo‘lsayam erim, ko‘z ochib ko‘rganim. Biyday dashtda bir o‘zini qanday och-nahor qo‘yaman? Uyam nima qilsin, eplab bitta bola tug‘ib berolmaganimdan keyin ichadi-da. Dardini kimga aytsin, alamini aroqdan oladi. Menga yorilay desa, o‘zim to‘kilib yotibman», deydi xo‘rsinib. So‘ngra qaytsa, birga ovqatlanishlarini aytib, bolakayni dalaga jo‘nashga undaydi. Ovqatni tezroq eltishini tayinlaydi.
Azamat chaylaga bosh suqishi bilan bo‘sag‘ada yumalab yotgan shishalarning biriga to‘qishib ketdi. Pochchasi qamish chaylaning ola-chalpak soyasida yonboshlab o‘tirgan ekan. Bolaning dimog‘iga gup etib aroq hidi urildi. Pochchasining sochlari yuvib taralmagan, ko‘ylagining birorta tugmasi yo‘q. Yung bosgan ko‘ksini changallab yotardi.
— Buncha qopketding, haromzoda? — dedi u bolani ko‘rishi bilan.
Azamat indamay, shishalarni tutqazdi.
— Meyli rais aytdi, bu uch kunlik haqingiz ekan. Birdan ichib qo‘ymay, keyin bergunicha yetkazarkansiz.
Bola xuddi olib ketib qoladiganday Asqad alkash shishalarni yulqib oldi.
— Menga nima qilishni o‘rgatma, tirrancha. O‘zim bilaman. Rais boshqa hech narsa bermadimi?
— Manavini aytyapsizmi?
U cho‘ntagidan qutisi g‘ijimlangan segaret chiqardi.
— Shuni aytyapman, shuni. Xolang ko‘rmadimi?
— Yo‘q, rais uydan chiqqanimdan keyin berdi.
— Bo‘pti, ovqatingni anavi yerga qo‘y-da, o‘zing ketaver, — dedi pochchasi aroqni go‘yo suv ichganday simira boshlarkan.
U doim shunday qiladi. Jiyani opkelgan ovqatga qayrilib qaramaydi. Ovqat o‘rniga ham aroqni ko‘taradi. Azamat ko‘pincha bir-ikki marta qo‘l urilib, aynigan ovqat qoldiqlarini tozalab idishlarini olib qaytadi.
Pochchasining tezda javob bergani yaxshi bo‘ldi. U endi bemalol oqbosh g‘arami soyasida yonboshlab, laylak uyasini tomosha qilishi mumkin. Xolasi nega kechikkanini so‘rasa, pochchasi bilan birga ovqatlanganini bahona qiladi. Shunda indamaydi. Turob qorovul haliyam kutib turganini simyog‘ochga yaqinlashib qolganida ko‘rdi. Shu ezma cholning eski gaplarini yana eshitishini o‘ylab, sepkil bosgan burnini jiyirdi, ammo laylaklardan ko‘ngil uzib ketolmadi.
— Ha, keldingmi, pochchangni ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim.
— Yana mastmikan?
Yonida birov bo‘lmasa ham o‘z-o‘ziga gapiraveradigan chol gapida davom etdi:
— Mast bo‘lmay nimayam qilardi, juvonmarg. Agar bilsang, yerlarimiz sho‘rlab ketishiga mana shular sababchi. Ularning kasri uryapti. Nas bosgan joyda xudo rizq undirarkanmi? Eh-he endi ko‘chib kelgan paytlarimizda egam nazar solgan yerlar edi. O‘zlashtirgunimizcha enamizni ko‘rganmiz. Yoshligimiz, bilakdagi kuchimiz mana shu tuproq uchun sop bo‘ldi. Lekin shundayam noliganimiz yo‘q. Tog‘-tog‘ bug‘doy xirmonini, oppoq paxtalarni ko‘rganimda hamma charchoqlarimiz chiqib ketardi.
Bobo yana jim bo‘ldi. Simyog‘ochga qaradi. Bu paytda ona laylak bolalarini ovqatlantirish uchun uyaga qaytgandi. Chol uning harakatini kuzatib turarkan, azbaroyi havas qilganidan soqolini tutamlab silab qo‘ydi.
— Nimaga shular odam bo‘lib yaralmagan ekan-a, Azamatjon? — dedi to‘satdan.
Azamat bo‘lsa xuddi javob berishi shartday qoshlarini chimirib o‘yga cho‘mdi.
Undan biror tayinli gap chiqmasligini bilgan chol esa yana o‘zicha javradi.
— Vatan qaerda ekanini, qushmiyalari bilan hatto shular ham anglashadi. Bizning bolalar-chi? E-e-e... — Chol hafsalasiz qo‘l silkidi.
Oraga sukunat cho‘kdi. Azamat sezdirmaygina qorovul tomonga qarab, uning mulgiy boshlaganini ko‘rdi.
— Bobo, — dedi so‘ngra cholni uyg‘otishga urinib. — Simyog‘ochdagi uyaga doim shu laylaklarning o‘zi qaytadimi?
— A, nima?
— Har doim shu laylaklarning o‘zi qaytadimi, deyapman?
— Balki o‘zidir, balki bolalari qaytishar. Kim biladi deysan? Lekin baribir shu joyni topib kelishadi. Qishda buzilib ketgan uyani bahorda qayta tiklashadi. Vatanini o‘zgartirmaydi, jonivorlar. Qorovulning suhbatiga qiziqa boshlagan bola esa unga yaqinroq surildi.
— Azamatjon, — dedi chol og‘ir xo‘rsinib. — Men o‘lganimda sen katta yigit bo‘lib qolasan. Aytadigan gaplarimni hozir tushunmasang ham, vaqti kelganida anglaysan. Agar o‘lsam, meni qishlog‘imizdagi qabristonga emas, mana shu dashtga qo‘yishsa deyman. O‘zim gullatib-yashnatib, qanday xarob bo‘layotganiniyam yuragim ezilib kuzatayotgan dalalarimga ko‘zquloq bo‘lib yotsam, deyman. Yerimizning bag‘ri keng. U odamzod kabi kek saqlamaydi. Yaxshiga ham, yomonga ham panoh bo‘laveradi. Qachondir pochchangga o‘xshaganlar bilan bir tuproqda yotishni o‘ylasam, yerning kengfe’lligidan ranjiyman. Ishqilib, uni qishloqdagi qabristonga olib ketinglar-da.
Cholning ezma gaplaridan zerikkan bolakay chalqancha yotib olgan, kunga ko‘zini qisib qarayverganidan uyqu elita boshlagandi. Chol o‘zicha jilmayib qo‘ydi-da, bolaning yoniga cho‘zildi. Bir pasda xurrak ota boshladi.
Ammo qush uyqusida ham tush ko‘rdi. Yam-yashil dala, o‘siq va bo‘liq g‘alla boshoqlari bir zayil chayqalib turibdi. Atrofda suruv-suruv qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yurganmish. Turob qorovul jannatmisol dalasiga entikib, mamnun boqadi. Chol xuddi bari o‘ngida bo‘layotganday tamshanib jilmaydi. U hozir shu jannatda bir umr qolishga, qaytib uyg‘onmaslikka rozi edi. Biroq naq quloqlarining ostida butun yerni larzaga keltirib kimdir chinqirdi. Qo‘rqib ketgan qorovul ko‘zlarini ilkis ochgach, tepasida aylanayotgan qop-qora tutunni ko‘rdi. U buralib-buralib osmonga o‘rlardi. Hech narsaga tushunmay dovdirab qolgan bobo yon-veriga alangladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, olamga o‘t ketibdi. Vahimali baqirgan ovoz Azamatniki ekan. U qo‘rqib ketganidan cholning pinjiga mahkam yopishib olgan, dag‘-dag‘ titrardi. Bu voqealarning hammasi shunchalik tez sodir bo‘layotganidan ikkisi ham nima qilishni bilmasdi.
Kun tobida quruqshab, bittagina uchqunning sachrashini kutib yotganday g‘alla ham, oqbosh g‘arami ham xuddi jo‘rttaga qilganday gurillab yonadi. Dunyoda xas-xashakday tez yonadigan narsa bo‘lmas ekan. Atrofdagi keng maydon qorayib, tutab ketgan. Yaxshiyamki, chol bilan bola nam ajriq ustiga cho‘zilishgan ekan.
— Tur, bolam, — dedi chol vaziyatni idrok qilgach, o‘ziga kelib, — o‘tdan holiroq joyga o‘tishimiz kerak.
U Azamatning qo‘llarini mahkam ushlab torta boshladi. Achchiq tutundan ko‘zlari yoshlanib, yo‘l topishga qiynalardi. Lekin tirik qolish uchun kurashish kerak. Cholga jimgina itoat qilib kelayotgan bolakay bir payt yurishdan to‘xtadi. Qandaydir kuch uni ortga qaytishga majburlab qo‘llarini cholning kaftlari orasidan tortib olishga urindi.
— Nima bo‘ldi? — deya chol bo‘g‘riqib baqirdi.
— Laylaklar, ularning uyasi yonyapti.
— Qo‘y ularni, o‘z joningni o‘ylasang-chi!
Bola orqaga tislanaverdi, chol esa oldinga tortaverdi. Bu kurashda baribir qorovulning qo‘li baland keldi. Ular shu yugurishda taqir yerga yetgandagina to‘xtashdi. Ikkisi ham hansirab qoldi. Ikkisi ham yig‘lardi: biri oqbosh g‘aramiga qo‘shilib yonib ketgan laylak uyasi va polaponlarga achinib, boshqasi esa yurak qo‘rini berib qilgan mehnati bir lahzada kunpayakun bo‘lganidan kuyinib.
Oradan ko‘p o‘tmay qishloqdagilar yetib kelishdi. Shundagina Asqad alkashning qamish chaylasi ham yonib ketganini bilishdi. O‘tning qanday va qaerdan chiqqanini bola endi tushundi, biroq hech kimga hech narsa deyolmadi.
Ertasi kuni pochchasini shu joyning o‘zida dafn etishdi. Xolasi dunyoni boshiga ko‘tarib, yoqa yirtib yig‘ladi. Ma’rakada bir tomchi ham yosh to‘kmasdan miq etmay turgan qorovul hamma tarqalgach yerga tizzalab o‘tirgancha ho‘ngrab yubordi. Tuproqni kaftlarida mahkam changallab yig‘ladi.
— Ey peshona terim tomgan dala, — dedi oppoq soqoliga tomgan yoshlarini sidirib, — men qolib bag‘ringga kimlarning xokini olding? Axir men senga bir umr sodiq yashagandim-ku.
O‘tgan-qaytganlar ajablanib qarashdi, ammo hech kim uni yupatishga urinmadi.
Oradan qancha suvlar oqib ketdi. Xolasi “Pochchangning ruhi shod bo‘ladi, bir borib kel” deb qistayvergach, noiloj o‘tgan yili ko‘klamda Azamat eski qishlog‘iga borib kelgandi. Hozir u yerlarda hech kim qolmagan, hatto qachonlardir birov yashaganiga ham ishonmaysan kishi. Azamat borishga bordi-yu, lekin inson ekanidan, ko‘ksida yurak urib turganidan uyalib, mulzam bo‘lib qaytdi. Chunki biyday dashtlikda, hamon o‘sha simyog‘och qaqqayib turar, uning tepasidagi laylak uyada esa polaponlar chug‘urlardi.