OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin. Xudobexabar (hikoya)

Meni samo tushungaydir,
Sen, ey inson, tushunmaysan.
Muhammad Yusuf


-Ha, Xudo yo‘q! -deb yubordi u qo‘qqisdan ovoz chiqarib.
So‘ng qulog‘iga bir sukunat urildi. Haligina hammayoqni «visir-visir»ga o‘xshash yengil shovqin qamrab turganidi-ku. Aytganday, sinfxonadaydi-a. Ko‘z oldidagi xira parda ko‘tarilib, ro‘parasida o‘n besh chog‘li bola paydo bo‘ldi. Ularning barchasi hayratdan chaqnagan ko‘zlarini unga qadab o‘tirishardi. Nima bo‘ldi o‘zi? Nega bolalar kitob o‘qish o‘rniga unga tikilib turibdi? Xuddi qandaydir jumboqqa izoh kutayotganday. Esladi: bolalarga har doimgidek darslikni o‘qib o‘tirishlarini buyurib, o‘zi birpas sinf jurnaliga yozgan bo‘ldi. Keyin xayoli chalg‘idi, nelar haqidadir o‘yladi, o‘zicha mushohadalar qildi.
Bu to‘qqizinchi sinf -kap-katta bolalar emasmi, darslik o‘qish qolib, bir-birlari bilan gaplashishga tushib ketishgandi-da. U bunga ko‘nikib qolganmidi yoki o‘yi chindan ham shirinmidi, qulog‘ini g‘ajiyotgan shovqinga-da parvo qilmasdi. Shu asno... Ha-ha, orada nimadir dedi. Ovoz chiqarib aytdi o‘sha gapni. Nihoyat, beixtiyor aytib yuborgan gapini esladi. Esladi-yu, g‘alati bo‘lib ketdi -eti jimirladimi, seskandimi, shundagina bolalarning nigohlaridagi ma’noni uqdi.
-Hmm... -dedi dag‘al ovozda.. -Domla ko‘rmaganmisanlar? Kitobingni o‘qilaring!
Bolalar bir-birlariga qarab olishgach, tag‘in «visir-visir»ni boshlashdi...
U tarix fanidan dars beradi. Aslida bolalarga dars o‘tishni yaxshi ko‘rardi. Lekin endigina qirq yoshga kirayotganiga qaramay, ishidan bezdi. Darslik kitoblarining har yili yangilanishi joniga tegdimi yoki bugungi gapi ertaga yolg‘onga aylanayotganidan tarix asli yolg‘on-yashiqdan iborat, degan fikrga keldimi va nihoyat ikki yilcha burun onasi qazo qilgach, darsdan ko‘ngli qoldi. Sinfxonaga kiradi, bolalarga kitob o‘qib o‘tirishni buyurib, o‘zi sinf jurnalini to‘ldiradi, goho esa bir-ikki bolani turg‘azadi-da, «senga necha qo‘yib beray», deya hammalariga o‘zlari aytgan bahoni qo‘yib beradi. Haytovur bolalarda insof bor, ya’ni a’lochisi -a’lo, yaxshi o‘qiydigani -yaxshi va boringki, undan narisi esa «o‘lmagulik» baholarni so‘rashadi. Hech biri o‘z qurbidan ortig‘ini tilamaydi. Shunisi qiziq. Ammo birontasi nega dars o‘tmaysiz, deya so‘ramaydi. O‘zbek-da. Ehtimol ko‘cha-ko‘yda yoxud uylarida domlaning bu ko‘yini o‘zlaricha muhokama qilishar, biroq yuz kelib bir so‘z aytmaydi. Dars o‘tilmasligi barcha bolalarga xush yoqadi, deyish haqiqatga zid bo‘lsa-da, aslida ularning o‘qishni juda unaqa xushlayvermasligi rost. Mana, hozir noyabr oyi. Paxta terimi erta  tugab, o‘qishlar erta boshlandi. Lekin bolalarning o‘tirishi manovi – o‘n yo o‘n besh kishidan nariga  o‘tmaydi. Qo‘yingki, unga bu narsa ham ta’sir qilgandir.
-Qani, -dedi u dab-durustdan va bir necha bolaning familiyasini aytib turg‘azdi. -Kimga nechchi qo‘yib beray?..
Maktabning yelkasi bukriga o‘xshab ko‘ringuvchi qotma qorovuli o‘z hujrasining oldida turarkan, xuddi bir ishi borday unga tikildi. Uning «bo‘pti, bo‘masa», deya beparvo o‘tib ketganini ko‘rib, «yaxshi boring», degancha  qolaverdi.
Avvallari u ishdan uyga qaytishni yoqtirardi. Darslari tugadi deguncha uyiga yugurardi, uyda onasi, xotini va qizi orziqib kutayotganday tuyulardi. Ayniqsa, onasi hamisha sog‘inadigandek, birpas ko‘rmasa yillab ko‘rishmagandek tutardi o‘zini. Ehtimol buni ataylab qilmas, balki onajonining jonu jahoni sog‘inchdan iboratmidi. Xotini bo‘lsa... oddiygina qishloq ayoli. Xotini uni sevmasdi, deyish erish tuyulsa-da, ko‘pda mehri sezilmasdi va ba’zi xatti-harakatlaridan ayon bo‘lardiki, unchalik tushunmasdi ham. U ona-bolaning gap-so‘zlaridan o‘zi istamagan  holda hayratga tushar, oxiri qanday tugarkin, deya kutib yashardi. Qizchasini tug‘ishda rosa qiynalib, qaytib farzand ko‘rmaydigan bo‘lib qolgach ham bu fe’li-xo‘yi o‘zgarmadi.    
U esa onasi borligi uchun, to‘g‘rirog‘i, onasini o‘lmaydi, deb o‘ylagani, ehtimolki onasining o‘limini xayoliga ham keltirmagani uchun bitta farzand – yolg‘izgina qizaloq bilan qolganligiga-da parvo qilmadi.
Ishdan kela solib, hovlisidagi u-bu narsalarga, bittagina oshingan tuyog‘i -buzog‘iga qarab-netgan bo‘lardi-yu, onasining yoniga o‘tirib olardi. Onasi bilan gaplashish unga juda-juda xush yoqardi. Yo onasi dunyodagi borki narsalardan boxabar, yoki suhbatdoshini rom qilib oladigan sirli-sehrli nimasidir bor edi. Onasi ko‘p va gohida mutlaqo gapirmasdi. Ammo unga suhbatlashayotgandek tuyulardi. U mayda-chuyda gaplardan tortib, tarixga oid narsalardan va ba’zan siyosatdan so‘zlanib qolsa, onasi jimgina eshitar, ora-sira javob tariqasida aytgan gaplari o‘rniga tushganday bo‘lardi. Masalan, turkiy sulolalarning hukmronlik davrlarini yoki har qanday tirik tuzilma hujayra va unsurlarga, ular esa yana-da maydaroq unsurlarga bo‘linishini onasi bilmasligi mumkin edi. Lekin, nazdida, ular haqida gapirilsa, ko‘rpaga mang‘iz qadashni bilgani kabi, hech bir zahmatsiz tushunayotgandek ko‘rinardi. 
Endi esa hech kim yo‘qligi bois uyiga oshiqmaydi. Onasi olamdan o‘tgach, xotini bir yilga ham chidamadi, he yo‘q-be yo‘q tashlab ketdi. Yo domlavachcha bilan yosh umrini xazon qilishni istamadi, yoki qaynonasining qazosidan so‘ng uyidan nimadir yo‘qolganday bo‘ldimi, eri indamasga aylangach, uning onasi bilan qiladigan ajabtovur suhbatlarini qo‘msadimi, qizini yetakladi-yu, onasinikiga jo‘navordi. Xotinini yoqtirmasligi yolg‘on, ammo uyidagi til-zabonsiz buzog‘i bilan suhbatlashishi mumkin edi-yu, bu baxtni xotiniga ravo ko‘rmasdi. Ehtimol u bilan gaplashganda ko‘nglida o‘zi istagan halovat tug‘ilmasmidi. Buni ayoli his qildi va to‘rva-xaltasini ko‘tarib...
Darvozadan xatladi-yu, qulog‘iga tanish huvillash urildi, kuppa-kunduz bo‘lsa-da, hovlisi qop-qorong‘idek tuyulib ketdi. Avvaliga xiyol to‘xtalib, so‘ng yurish malol kelayotgandek odimlab, loy suvoqli ayvonga ko‘tarildi va kitob-daftarini so‘riga tashlab, hovlining etak tomoniga yurdi. Qaytishida buzoqning ostidagi go‘nglarni beti-yu sopigacha go‘ng tegib, qotib ketgan ketmon bilan to‘plab olib tashladi. Bu yumushni hafsala bilan bajardi va «mol-paqir»ni ko‘tarib, qo‘lda chiqariladigan suv quvuri -«kachalka» oldiga keldi.  Suv chiqarib, buzog‘ini sug‘ordi, o‘t soldi. Yuz-qo‘lini yuvdi va ayvonning bir chetida turgan qo‘lbola plitani elektrga ulab, choy qo‘ydi. Axir taomilga binoan nimadir yamlab olishi kerak-ku. Uning tushligi nima ham bo‘lardi – choyu non-da... So‘rining chetiga o‘tirib, choyning qaynashini kuta boshladi. Shu payt darsda aytib yuborgan gapi miyasiga urildi. Tavba, nega u gapni aytdi? Nima haqida o‘ylayotuvdi o‘zi? Chatoq bo‘ldi-da... Lekin esini tanibdiki, Xudoni ko‘p o‘ylaydi. Faylasuf bo‘lib ketadi. Bir kuni onasiga shuni aytgandi, o‘sha qishloqigina kampir nima dedi, deng. «Ollohni o‘ylash ham ibodat, bolam», dedi. Bunaqa gapni hech kimdan eshitmagandi va hali hanuz eshitmadi. Shuning uchun onajoni bo‘lakchaydi-da... Xudo yo‘q emish!.. Shu gap o‘zidan chiqdimi? Axir bir paytlari...
O‘shanda institutni bitirib, maktabga yaqindagina kelgan kezlari edi. Yurtda sho‘roning aqlpeshalari quturib, qayta qurish bahona, hokimi mutlaq firqaning farmoyishlaridan ilhomlanib, dinga, milliy urf-odatlarga g‘orat sola boshlagan zamon kechardi. Hatto erkakkepata xotinlar uyma-uy sanqib, kelinlarning sepiga tushgan ko‘rpa-to‘shakdan tortib, ko‘ylak-lozimlarigacha sanab chiqardi. Firqaning boshqa qiladigan ishi qolmagandi, chog‘i, yugurdaklari eru xotinlarning yotoqlarigacha bostirib kirishardi. Ana o‘shalar qishloqdagi tarixi yuz yildan nariga boradigan, aslida ko‘mirxona-yu axlatxonaga aylangan masjidga ziyrak nigohlarini olaytira boshlashdi. Ko‘hna masjidni buzib, o‘rniga do‘xtirxona quradigan bo‘lishdi. Bunaqa paytda odatda o‘qituvchilar targ‘ibotchiga aylanishadi. U esa bir-ikki imonparast keksalarning gapi bilan masjidning buzilishiga qarshi chiqdi, yig‘ilishlarda oshkora gapirib yubordi. Shov-shuvlar firqa kotiblarigacha yetib bordi. Ular nima qilishardi, ishni eng avvalo rahbarlarga dag‘dag‘adan boshlashadi-da. O‘shandayam maktabda hozirgi direktor rahbar edi. Yaqindagina lavozimli bo‘lgani uchun firqaning keyingi muruvvatlaridan umidvor bo‘lib yelib-yugurardi. Unga «bitta domlangni eplab ololmasang, nima qilib o‘tiribsan u yerda», deya do‘q urishdi. Kapalagi uchib, majlis chaqirdi, tarix muallimini buzg‘unchilikda aybladi. Muallim ham bo‘sh kelmadi, keksalarning imzosi bilan Toshkentga xat yozdi. Direktor uni oldiga chaqirib, yalinganday bo‘ldi:
-Sizga nima keragi bor shu g‘alvaning? Ashi choldevor machitni otayiz qurmagan-u!..  -deya bo‘g‘riqdi.
-Ashi choldevor, bilsayiz, qishlog‘imizni tarixi, -dedi u. -Bundan tashqari, chollarning gapiga qaraganda, machit Xudoni uyi bo‘larkan. Xudoni uyini...                   
Direktor yig‘laguday alpozda uning gapini bo‘ldi:
-Ey-y, sizi Xudoyizi  deb ishdan haydalib ketaymi, uka!..
Firqaning kuni bitib qolganmidi, Toshkentdan o‘ris-o‘zbek aralash odamlar keldi-yu, masjidni tarixiy ahamiyatga ega, deya ro‘yxatga olib ketdi.
U direktorning gaplarini onasiga aytib berganda.
-Ashnaqa dedimi-ya... -degandi onasi tavba ohangida. -Hm-m... Xudoni ishlarida hikmat ko‘p-da, bolam. Ashi diriktiring sakkiz oylik tug‘ilgan. O‘zi yetti oy, to‘qqiz oylik tug‘ilgan bollar yashab ketadi, ammo, sakkiz oyligi o‘ladi, deyishadi. Diriktiringni o‘lmay qoganida gap bor ekan-da... 
O‘sha yili uylandi. Ana endi alamzada direktorning boplab o‘ch olganini ko‘rsangiz edi. Uning islomiy nikoh o‘qitganini «fosh etib», firqa tashkilotiga «signal» yozdi. O‘shanda o‘qituvchilarga ham shar’iy nikoh o‘qitmaslik to‘g‘risida maxfiy topshiriqlar berilgan ekan, uni maktab jamoasi o‘rtasida muhokama qilib, komsomol safidan o‘chirdilar. Xayriyatki, komsomolu firqaning ham va hatto ularga panoh davlatning ham paymonasi to‘lib, zamon bir evrildi-yu, joni omonda quyoshli kunlarga chiqib oldi. Onasi yana sirli jilmayib, o‘g‘lini nigohi bilan donishmandona erkaladi-da, dedi: «Yaxshiyam zamon aylandi, bolam, bo‘masa, sening nomingdan «Xudoga ishonmayman», deb yozishib, suratingminan gazitaga chiqarishardi».
Plitadagi suv qaynadi. Xayoli bo‘lindi, erinibroq o‘rnidan turib, uydan choynak va piyola olib chiqib, suvda chaydi va shama aralash suvni ayvondan nariroqqa sochdi. Choynakni qaynoq suvda ham chaydi-da, choy damlab, plitaga qo‘ydi. Biroz dog‘lansa juda o‘tadi-da. Yana uyga kirib, yarimta suvi qochgan non ko‘tarib chiqdi va taxtadan yasalgan pastak qo‘lbola o‘rindiqqa o‘tirdi. Xotini shunda o‘tirib, kir yuvardi. Unda hovlining chetidagi olma ostida yotardi. Xotini bo‘lmagach, unaqa hafsala bilan kir yuvish qayda, ust-boshiniyam o‘zi apil-tapil mijg‘ilab oladi. Shuning uchun o‘rindiq hozir plita yonidan joy topgan. U plita yonida mana shu o‘rindiqda o‘tirib, tamaddi qilishni yoqtiradi. Bu kuzning ayozli kunlarida juda xush yoqadi, chunki plitaning qip-qizil cho‘g‘idan taralgan taft tanni huzurli ilitib turadi. 
U choyni bir-ikki qaytarib, yana plita ustiga qo‘ydi. Birozdan so‘ng ishtahani qo‘zg‘ar darajada dog‘langan xushbo‘y choydan piyolaga quyib, bir to‘rg‘am qotinqiragan nonni botirdi. Xiyol muddat o‘tgach, non ividi va u xuddi tanqis taom yeyayotgandek havasli ishtaha bilan yamlashga tushdi. Bunchalar mazali bo‘lmasa-ya! Har kuni anvoyi taomlarni tanavvul qilguvchi boyu boyonlar ham bunaqa maza qilmasa kerak. Xudoning hikmatiyam shunda-da -eyilajak taomning barakoti, harom-halolligi va nihoyat tanaga singish-singmasligi o‘zining ixtiyoridadirki, bu borada bandasi ojizdir. U istasa, bir dona xurmodan nafsing orom oladi, istasa, tog‘-tog‘ ne’matlarni yamlamay yutsang ham yana ochligingcha qolaverasan yoxud agar istasa, halol taomlarni sen uchun harom va aksincha, harom taomni sen uchun halol qilib qo‘yguvchi Zotdir. O‘h-ho‘, deya jilmaydi o‘zicha, ancha-muncha masjid imomini ham o‘sal qilgulik alpozing bor ekan-ku, bola, ja falsafa so‘qib qolding. O‘zing haligina «Xudo yo‘q», deb turuvding-ku. U yonida hech kim bo‘lmasa-da, rostmona xijolat tortdi va yana maktab direktorini esladi. «Sizni Xudoyingizni deb ishdan bo‘shashni istamayman», degan odam yaqinda butunlay boshqacha sayradi.
Qishloqning fermerga aylangan yangi boylaridan biri mahalladagi to‘yda rosa maqtandi. O‘quvchilarga issiq ovqat, a’lochilarga stipendiya beryapman, deya og‘zini ko‘pirtirdi. Uningcha, domlalar juda noshukur bo‘lib ketganmish, shuncha yaxshiligini bilmasdan uni «kovlashayotganmish». Bo‘lmasa, domlalarga ham ancha-muncha muruvvat ko‘rsatmoqchi ekan. U davrada o‘tirgandi, fermerning gapi og‘ir botdi. Til suyaksiz-da, erk berib yubordi. He, o‘sha minnatli sho‘rvangdan o‘rgildim, dedi-da, og‘zidan ko‘pik sachratib maqtanayotgan ishlari bari qog‘ozda ekanligini, direktor ikkovi til biriktirib, ham pul, ham obro‘ orttirayotganliklarini aytib soldi. Ha-da, bolalar haftada bir ovqat yesa yeydi yoki yo‘q. Ammo qog‘ozda har kuni yedi, deb yoziladi. Buni ko‘pchilik biladi, lekin... O‘zbekchilik-da... Ertasiga direktor xonasiga chaqirib, ancha u-bu, dedi. Qishloq bolalariga g‘amxo‘rlik qilayotgan shundayin fermerning qadriga yetmayotganlikda, tuhmatchilikda aybladi. Agar bolalarning haqqini yesa, albatta teshib chiqishini aytib, o‘dag‘ayladi, «Shuni bilmasayiz, xudobexabar odam ekansiz», deya chekchaydi. U esa kulib qo‘ya qoldi...
Nonni yeb, choyni oxirigacha qurra-qurra ichdi. Qo‘y yog‘i, qo‘y go‘shtiga osh yeganday maza qildi. Plitani o‘chirib, choynak-piyolani  tokchaga qo‘ydi. Tokchada hamisha bir quti sigaret bilan gugurt turadi. Har zamonda – ovqatlanganidan so‘ng yoki araq-paraq ichganda tamaki chekish odati bor. Labiga sigaret qistirib, gugurt chaqarkan, sandalga o‘tni haliroq qilarman, hozir solsam, yarim kechaga bormay  sovib qoladi, degan gap xayolidan o‘tdi. Noyabrning oxiri-qishning ostonasi, kechalari tuzukkina sovuq turadi. Bosib-bosib tutun so‘rarkan, ayvondan pastga tushdi. Og‘zi-burnidan tutun burqsitib, nigohi hovlining allaqaerida tentiradi. Ozg‘in, buning ustiga, sovuqdanmi, mung‘ayib turgan buzog‘iga birpas tikildi. Nazdida, buzoq zerikayotganday va hatto g‘amginday tuyuldi. «Ha, jonivor-a, bu kimsasiz huvhuvistonda  sengayam jabr bo‘ldi-da». Gapi o‘ziga ta’sir qilib, jilmaydi -huvhuviston. Qoyil! Yo sotib yubora qolsamikin-a? Buzoq boqib nimayam qilardi. Ilgari oshinganim, deb asrardi. Endi oshinganining kimga keragi bor? Toqayta (aksincha), jonivorni qiynagani qoladi. Yuragi siqilib, uf tortdi. Tentiragan nigohi «kachalka»dan beriroqda beton suvoqni yorib chiqqan maysada to‘xtadi. «Yo Olloh, shu tobda -kuz ayozida jon talashib nima zaril-a senga?!» Maysaga yaqinlashib, enkaydi. Makkajo‘xorining niholiga o‘xshagan uchta uzunchoq yaproqli yam-yashil o‘t. Betonni yorib chiqibdi-ya shu nozikkina holiga. U tesha bilan eski mix topib keldi-da, cho‘nqayvolib, maysaning ostini yumshata boshladi.
-Erta yo indin qor yog‘adi, sovuq tushadi. Baribir o‘lasan-ku, jonivor! Bemahal dunyoga kelib nima qilasan? Yo bahor kirdi, deb o‘yladingmi?..
Ertalab kiraverishda yana qorovulga ro‘para bo‘ldi. U bilan so‘rasharkan, qo‘liga pul qistirib, dedi:
-Beshinchi soatdan keyin bo‘shayman.
-Xo‘p, domla, -qorovul battarroq bukchaydi. -Bemalol chiqovrasiz.
Uning ko‘ngli g‘ash edi, nima bilandir andarmon bo‘lib, yozilmasa, kunning qarishi mahol ko‘rinardi. Shuning uchun qorovulning va u bahona topilajak huzurning «vaslini» kutib, darslarini tugatdi. Qorovul allaqachon unga mushtoq turardi. Omadini qarang -qorovulxonada hech kim yo‘q, kirchimol sochiq ustida bir to‘rg‘am non, kichkina likobchada hafsala bilan mayin qilib to‘g‘ralgan piyoz.
-Charchamay chiqdiyizmi-ey, domla? -dedi qorovul o‘tirishga undab va burchakdagi taxta quti ostidan bir shisha araq chiqardi. Ichi sarg‘ayib ketgan piyolalarga  salkam to‘latib quydi-da, shishani tag‘in quti ostiga yashirib, shivir aralash xiringladi: -Do‘st kelib, dushmanning ishini qimasidan, qani, urdik!
Araqni bir nafasda sipqordilar. Nonni ikkiga bo‘lib olgach, piyozni aralashtirib yeyishga tushdilar.
-Omma dirixtir bilib qomasin, -deb qo‘ydi u balki yuzinchi bor, qorovulning sotmasligiga ishonsa ham.
-Ie, domla, qizig‘misiz... -Qorovul shishani olib, boyagichadan quydi-da, tag‘in joyiga berkitdi. -Oralaringdagi gaplardan xabarim bor-ey.
Piyolani bo‘shatgach, bir burda nonni piyoz aralash og‘ziga solarkan, dedi:
-Menga bo‘ldi, qoganini o‘ziz...
-Ie-ie!.. -dedi qorovul uning fe’lini bilsa ham. -Bizga ko‘plik qip qolar.
-Kechqurun ichas-da, aka.
Non ham, piyoz ham tugadi. Nafslari orom olmagan bo‘lsa-da, og‘izlarida nordonroq yoqimli ta’m qoldi.
-Bitta sigaret bo‘gandami... -deb qo‘ydi u tamshanib.
Qorovul shoshib turdi-da, deraza yorig‘iga qistirilgan bir dona sigaretni olib, uzatdi.
-Biz nos chekamiz-u, omma sizga yes qilamiz-da, poshsho yigit, -dedi ulfati odamlar ohangida.
U yayrab ketdi.
-He, yashang, aka, mana shunaqa odatlariyzga borman-da!
Birovi nos chekib, biri tamaki tutatib, u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdilar. Uning ko‘ngli xiyol yorishdi, qo‘ng‘iroq chalinganda o‘rnidan turdi. Darvozadan chiqarkan, ertalabdayoq xayoliga kelgan orzusini esladi: uyda ikki dona tuxum bor, bitta kartoshka to‘g‘rab, qovursa, shohona tushlik bo‘ladi-da. Ustiga bitta piyoz ham to‘g‘rab qo‘yadi. Oh-oh, non bilan qo‘shib, bir maza qilsin. Aytganday, guzardan ikkita non olvolishi kerak.
Peshin namozi tugagan chog‘i, hov narida har yoqqa tarqayotgan odamlar ko‘rindi. U beixtiyor bir seskandi, ammo bu ko‘yini tushunolmadi, tushunishga-da urinmadi. Naqshinkor peshtoqlari ko‘chadan ham ko‘rinib turgan masjid ro‘parasiga yetganda uning hashamatli darvozasidan imom chiqib qoldi. O‘zi tengi yigitning boshida ixcham salla, soqol-mo‘ylovi hafsala bilan qirtishlangan, bag‘oyat ohorli kiyingan. U hamisha shu toifa din peshvolarini uchratganda o‘tgan asrning boshida paydo bo‘lgan oliftaroq odamlarni eslaydi. Xalq ularni «faranglar» deb atardi. Lekin bu gapni tiliga chiqarmagan, bilib bo‘ladimi... Qo‘lini ko‘ksida tutib, imomga salom berdi. Imom allaqachon unga qarab turardi va qiroat bilan alik olarkan, bir muddaosi borday u tomonga qadam tashladi. Ob-bo, dedi ichida g‘ashlanib, so‘rashmoqchi, shekilli. Manovining hidi...
-Domla, sizda ikki og‘iz gapim boriydi, -deya imom qo‘l uzatdi.
U esa nafasini yutib, qo‘sh qo‘llab ko‘risharkan, darrov o‘zini nari oldi va «eshitaman», deganday imomga tikildi. Nazdida, kayfi oshib borayotganday  tuyuldi.
-Kecha xuftonda bir-ikkita oqsoqollar gapirib qolishdi... -dedi imom salmoqlab gapirishga urinib.
Uning diqqati oshdi.
-Maktabda bollarga g‘alati bir gap aytibsiz. -Endi imom unga sinovchan boqdi. -Bu gapni eshitib, oqsoqollar ancha ranjishdi. Sizni...
Uning miyasiga qon urdi, ichidan toshib kelayotgan g‘azabini ko‘zlari oshkor qilib qo‘ydi.
-Siz imommisiz yoki prokurormisiz, hoji aka? -dedi ovozi titrab.
Imom dovdiradi.
U esa o‘zini to‘xtatolmasdi:
-Siz bir yerda ishlamaysiz, imomlik qilas, xolos.  Omma uch milyon sarflab, Hajga borib keldiyiz. Ilohi, hajiyiz qabul bo‘sin. Men esa esimni taniganimdan beri ishlayman, lekin buncha pulni bir umr ishlasam ham to‘plolmayman!.. -U imomga ko‘zlarini olaytirib, g‘azab bilan boqardi. -Ana shunaqa, hoji aka? Siz bor bo‘gani uchun ishonasiz, men esa yo‘q bo‘gani uchun.. -Biroq «ishonmayman» deyolmadi va ortidan ushbu fikr miyasiga urildi: -«Nima demoqchiman o‘zi? Tavba!» Mastlikda goho ajabtovur gaplar xayolga kelib qoladi-da va aksar hollarda ko‘ndalang turgan savolga ayni javob bo‘ladi.
Imom tobora bo‘zarib borar, lablari titrar, ko‘zlari esa devorning kovagiga o‘xshab qolgandi.
-Qolaversa, -dedi u so‘nggi zarbani berib, -maktabimizda haliyam Darvin ta’limoti o‘tiladi, bilsayiz kerak. Demak, istaymanmi-yo‘qmi, haligi gapni aytishga majburman!.. -Shartta burildi-da, yo‘liga ketaverdi. O‘n-o‘n besh qadam yurganda araqning ta’sirida ding bo‘lib qolgan qulog‘iga imomning nafrat qorishiq ovozi urildi:
-Xudobexabar!..
Bir muddat to‘xtadi, ammo ortiga o‘girilmadi. Ichida esa nimadir ortga qaytib, imomning yoqasidan tutmoqqa undardi. Yaxshiki, bu safar o‘zini yenga oldi, ehtimol rostdan ham shunaqadirman, degan gap xayolidan o‘tdi va achchiq jilmayib, boshini silkib qo‘yarkan, yana yo‘lga tushdi.  Ammo endi ovqat pishirishni, non sotib olishni o‘ylamasdi. Boshi, bo‘g‘zi, ko‘ksi – butun vujudi qizib borardi. O‘zi istamagan, idrok etmagan holda borlig‘ini uyat aralash nafrat qamramoqda edi. «Nima bo‘lyapti o‘zi menga, deya o‘ylardi u. Axir imomga haligi gaplarni aytmoqchi emasdim-ku! Axir!.. Yo‘-o‘q, men asli unaqamasman. Nega hamisha barcha niyatlarim-u harakatlarimning teskarisi bo‘laveradi? Nega dilimdagi butunlay boshqacha holda tashqariga chiqadi? Nega odamlar aslimni bilmaydilar yoki ularga bildirolmayman? Nega?!.. »
Hovlisiga kirib, daftarini so‘riga tashladi-da, etak tomon yurdi. «Kachalka»ning oldidan o‘tayotganda kechagi maysaga ko‘zi tushdi. To‘xtadi. Tik turgan ko‘yi unga tikildi: so‘lib qoptimi? So‘ng yana yura ketdi. Qaytishda, «mol-paqir»ni olmadi, hatto «intizor» kutayotgan buzog‘iga qayrilib ham qo‘ymadi. To‘ppa-to‘g‘ri maysa yoniga kelib, cho‘nqaydi. Maysa so‘lib qolgandi. Bag‘ri achishdi, kimdir kipriklarini yulib olayotganday tuyuldi. «Seni men o‘ldirdim, -dedi xayolan va yotib qolgan maysani tiklashga urindi. – Men sen bilan gaplasha olaman... Sen ham meni tushunadigandaysan... Aslida senga yaxshilik qilmoqchiydim! – Bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday betoqatlandi, ayanchli nigohi nimanidir izlayotganday atrofga termuldi. – Men buzoq bilan gaplasha olaman!.. Men uni... Men hamma narsani yaxshi ko‘raman!  Odamlarni yaxshi ko‘raman. Nima qilayki, buni bildirolmasam?! Yoki ular ham bilolmasalar, anglamasalar ne qilay?.. Ey, Xudo!.. Sen mendan bexabarmisan yoki men sendan?.. » 
Uning ko‘zlaridan yosh otilib, ingrab yubordi:
-Menga nima bo‘lyapti o‘zi, ey Xudo?!..  -Kaftining orqasi bilan ko‘z yoshlarini artarkan, xiyol loylangan panjalarida boshini changalladi-da, salkam chinqirdi: -Buvv!.. (ona demoqchi) Sog‘inib ketdim, buvijo-on!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.