– Sumbatini ko‘rgan satil to‘ldirib sut bersa kerak deb o‘ylaydi. Bir echkicha ham himmati yo‘q, shuni soqqunchayam enamdan emgan sutim og‘zimga keladi. Mendan boshqani yoniga yo‘latmaydi-ya, qirilgur. Yana yil oralatib qisir qoladi, jonimga tegib ketdi.
– Guljamol qarg‘ana-qarg‘ana molxonadan chiqib keldi. Xotinining javrashidan Boboqul sigiri yana bir hunar ko‘rsatganini sezdi.
– Savil qolgur, satilning ichiga oyog‘ini tiqib oldi. Shuncha qiynalib soqqanim bir qoshiq sutniyam huzurini pishagingiz ko‘radi endi, – jahl bilan sutni konserva qutiga ag‘dardi Guljamol.
– Hozir mol arzon, yem qimmat, odamlar boqolmay molini suv tekinga sotyapti. Sabr qil enasi, qish chiqsin, sotib boshqa siyir obberaman, xotinini ovutgan bo‘ldi Boboqul.
– Siyiringizni bu qishloqning odami omaydi, tepong‘ich, suzong‘ichligini hamma biladi, ustiga-ustak qo‘tir. Tunov kun Nazira kelin sizlarga itning ham keragi yo‘q, siyiringiz itdan ham yomon deb rosa kuldi.
– E, kim olaman desa qo‘sh qo‘llab tutqazardim bunday siyirni, – deb uf tortdi Guljamol.
– Ota, – gapga aralashdi Eshmurov, – molbozorga olib chiqsak-chi? Bir-ikki hafta kunjara berib yaxshilab boqaman, semirsa balki qo‘tiriyam ketib qolar?
O‘g‘lining gapidan Boboqul ham o‘ylanib qoldi.
– Bo‘masa, xotin, ertadan sog‘ma, boquvga solamiz. Buzovini ayiramiz, bedani ta’mini bildi, qiynalmaydi endi. Ulim, sen qo‘tiriga kun ora chuchitilmagan moydan surt, bir oy-yarim oyda tuzalib qoladi.
Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas sigir yaltirab semirib qoldi. Ammo belidagi qo‘tiri tuzalmadi. Bu orada Haydar boboning g‘unajini sotiladigan bo‘lib qoldi. Guljamol otasiga sigirni bir haftadan keyin olamiz, jo‘rangizni ko‘ndiring deb tayinlab keldi.
– Shu bozor siyirni sotmasangiz bo‘lmaydi, otamga aytib keldim, siyirdan quruq qolmaylik. Qanchaga sotsangiz-soting, yetmasa qarz olamiz.
– Bo‘pti, shu haftadan qoldirmayman, – va’da berdi Boboqul.
Bozor kuni ota-bola tong qorong‘usida molni haydab ketishdi. Kim echki sotgan, kim qo‘y. Mol oluvchi-yu, sotuvchidan dallol ko‘p. Qorong‘uda yaxshi ko‘rmagan ekan, Boboqulning sigiriga ko‘zi tushib tanimay qoldi. To‘sday qop-qora, yaltillagan, tirsillagan.
– Ulim, siyirni nima bilan cho‘miltirding, qo‘tiriyam bilinmay qopti-ya?
– Yana aytib yurmang, ota, enamni ipak bo‘yog‘i bilan bo‘yadim, qo‘tiriga po‘stakdan kesib yopishtirdim.
Boboqul kulib yubordi.
– Enang kecha po‘stagimni bir chetini sichqon kamirib ketibdi, qaytishda margimush olib keling deb tayinlagandi. Lekin bozordagilar bilib qolishsa o‘zingdan ko‘r.
Boboqul bozor aylanib narx-navoni bilgach, sigirni sakkiz yuz mingga narxladi. Bir ozdan so‘ng o‘rta bo‘yli, miqtigina, qorachadan kelgan bir kishi keldi.
– Aka, qancha deyapsiz?
Shunday deb sigirning u yoq-buyog‘idan aylanib belidan ushladi. Boboqul xaridorning qo‘li po‘stakka tegib sidrilib tushsa deb qo‘rqqanidan rangi oqarib ketdi.
– Sakkiz yuz ming, aka, – dedi Eshmurod, so‘ng otasiga xavotir olmang deganday imo qildi.
– Ha, sakkiz yuz ming deyapmiz, uka, – deya Boboqul ham tasdiqlagan bo‘ldi.
Aka, muncha pulga buzog‘li sigir beradi-ku, sal pastroq tushing.
Xaridor sigirning og‘zini ochib tishlarini ko‘ra boshladi.
– Uka, bozor ko‘targaniga sotamiz-da, buyam kuzga borib bolalaydi, – deb dadillashdi Boboqul.
– Qisirga o‘xshaydi-ku, kuzda bolalaydigan sigirning qorni bilinib qoladi, muningiz tep-tekis-ku?
– Uka, qiyshiqmi-tekismi, siyirimizning narxi shu, olsangiz oling, olmasangiz, birov yarim xaridor chiqib qolar.
Bu kishining savdolashishidan dallolligi bilinib turardi. Boboqulning qo‘lini tutganicha 750 ming, boriga baraka, aka, deya siltayverib shilib yuborayozdi. Boboqul ham yo‘q deb turib oldi. Oxiri 770 mingga kelishishdi.
Ota-bola pulni sanab olgach xursand bo‘lib uyga qaytishdi. Ertasi Haydar boboning sigirini sotib olishdi.
Guljamolning og‘zi qulog‘ida, molxonani tutunga to‘ldirib isiriq tutatdi, so‘ngra sigir sog‘ishga tutindi. Bir pas o‘tar-o‘tmas satilning taraqlagani-yu, gurs etgan tovush eshitildi.
– Ha, qirg‘inginaga ketgur, siyir bo‘lmay, ado bo‘l, yomg‘irdan qochib do‘lga tutildim-ku, otasi.
Ko‘ylagi tappi-yu, shiptirga belangan Guljamol yig‘lagandan beri bo‘lib molxonadan chiqib keldi. O‘g‘li bilan Boboqul bir-biriga qaraganicha na yig‘lashni, na kulishni bilar edi. Guljamol qarg‘ana-qarg‘ana uyga kirib kiyimini alishtirib chiqdi.
– Buni oldida o‘zimning siyirim qo‘ydek yuvvosh ekan-a. Qani yuringlar, bu shaytondan to‘raganga o‘zimning kuchim yetmaydi.
– Begona qilayotgandir-da, enasi.
Boboqul o‘g‘li bilan xotiniga ergashdi. Ikkovlon sigirning oyog‘ini bog‘lashdi, Guljamol bir amallab sog‘ib oldi. Ammo sigir har kuni “begona” qilaverganidan uni uchchovlon sog‘adigan bo‘lishdi.