OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Bitik (hikoya)

«Men mangu toshga hammasini o‘yib yozdim»
Kul Tegin Bitigi

Bekatlararo taksi yon tamondan kelib urilgan «KaMAZ»ning zarbiga dosh berolmay avval bir yonga og‘di, keyin gursillab quladi: shofyor vayo‘lovchilarning ko‘zlari chaqchayib ketdi-qo‘rquv-dahshat aralash baravar baqirib yuborishdi- ularga nariroqdagi bekatda turganlar ham jo‘r bo‘ldi: «KaMAZ» ning haydovchisi mashinadan sakirab tushib, ttaksiga qarab yugurdi: u sportchilar kamzulini kiyib olgan, barvasta, juhudbashara shop mo‘ylovli odam edi: taksining g‘ildiraklari hamon chirillab aylanib turardi: u yugurib borib kabinaning eshigini tortdi. Biroq eshik pachoq bo‘lgandi, osonlikcha ochilmadi. Haydovchi nargi eshikni shaqirlatib torta boshladi: shoshib qolganidan eshik surg‘uchini ko‘tarishni ham unutgan edi. Izidan yetib kelgan shlyapali kishi unga yordam berdi: ikkalasi oynasi chil-chil bo‘lgan pachoq eshikni zo‘rg‘a yarim ochishdi: va yuzi shilingan qo‘rquvdan serrayib qolgan yoshgina yigitni tortib tushurishdi. Yigit o‘zining tirikligiga ishonmayotganday yon-atrofga shubha hamda iltijo bilan ko‘z tashlab chiqdi va o‘zini yerga tappa tashladi, biroq orqasidan ushlab qolgan o‘rta yashar, kelishgan ayolning yordamida yana o‘zini tutib oldi: odamlarga olazarak bo‘lib bir-bir qarab chiqqach, ust-boshini qoqa boshladi: so‘ng birdan esiga tushib qolgandek o‘zini mashina eshigiga urdi-ammo taksi oldiga yig‘ilib qolgan olomon unga yo‘l bermadi: «KaMAZ» ning shofyori yana uchta yo‘lovchini tortib chiqardi- ularning hech joyiga jarohat yetmagan edi, yoxud hali o‘zlariga to‘la kelmagan, shu sababli o‘zlarini soppa-sog‘day tutishardi. Ular nariroqqa borib,tomashabinlar safiga qo‘shilishdi. Taksi shofyorining chap yuzi pachoq bo‘lgan edi. U garchi gapirayotgan bo‘lsa ham o‘zini allaqachon o‘lik hisoblab cho‘zilib yotib oldi. Yana bir yo‘lovchi bor ovozi bilan «qavurg‘am... qavurg‘amning abjag‘i chiqdi» deb baqirardi. Uni mashina ichidan tortib olib, yo‘l chetidagi o‘tloqqa yotqizib qo‘yishdi. Shu payt uzun bo‘yli, oqquva milittsioner yetib keldi. U odamlarni turtib-surtib oldinga o‘tdi. Mashinada o‘rindiqlar qisilib qolgan, labining bir chekkasidan qon sizib turgan tizzasi ustida turgan ochiq kitobni panjalari bilan qisib ushlab olgan yo‘lovchi qolgan edi. Uni o‘rindiqdan ajratib olish ancha mushkul bo‘ldi. Yuzi suyanchiq bilan shift orasida qolib ketgandi. «Kamaz» haydovchisi yarmi singan oynanai olib tashlab, suyanchiqni orqaga tortdi. Yo‘lovchini militsioner va yana ikki kishi o‘rindiqdan sug‘irib olishdi va yo‘l chetiga yotqizishdi.
-O‘libdi-dedi uning bosh tomonida turgan do‘ppili kishi.
«Kamaz» haydovchisi endi militsionerni ko‘ribyu qolgandi;
-Yo‘l meniki edi, qaydan paydo bo‘ldi bilmay qoldim, - dedi ovoziga musibat tusi berib. Militsioner hech narsa demagach, shu gapni ikki-uch marta qaytardi.
Militsioner o‘lgan yo‘lovchining panjalari orasidan kitobni zo‘rg‘a chiqarib oldi va qonli barmoqlarining izi qolgan ochiq varaqqa shunchaki nigoh yugurtirdi va katta-katta harflar bilan yozilgan «U kitob o‘qib o‘lajak»... degan so‘zlarga ko‘zi tushdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.