«...Sen meni balki esdan chiqargandirsan, - deb xat yozardi yigit o‘zi bir vaqtlar ko‘ngil qo‘ygan qiziga, - men xotirangdan balki butkul o‘chib ketgandirman. Lekin mening yodimda hamon o‘sha qiyofada – ko‘kish gulli oq ko‘ylakda lovullab yonib turasan. Sen xuddi hilpirab turgan oq alangaga o‘xshaysan. Bu alanga tillarigacha oq. Faqat ba’zi-ba’zida, alanga lovullab ko‘tarilaganda uing oppoq yog‘dusi uzra ko‘kish uchqunlar porlab ketadi-yu, so‘ng darhol so‘nadi.Shunda go‘yo oq alanga mening yuragimda lovullab keetganday bo‘ladi. Oradan to‘rt yil o‘tsa ham sen biron sonya ko‘z oldimdan ketmading. Har lahza, har daqiqa ko‘z o‘ngimda oq alangani ko‘rib turdim... Alanga hamon mening sovuq xonamni cho‘g‘day isitib turibdi... Men bu alangani o‘chirib tashlashga ojizman...
Yigit ko‘p yillardan beri shu xonada yashar, xona ulkan atirgulning hovuchiga o‘xshardi. Xonada yigit gulning shirasiga qo‘ngan kichkina asalaridek bo‘lib ko‘rinardi. Yigitga o‘zining xonasi juda ham yoqardi..
Yozib bo‘lgach, yigit xatdan gulola yasab, derazadagi bo‘sh tuvaklarga solib qo‘yardi. «...O‘sha paytlari mening gaplarim senga qanchalik havoyi va kulguli bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, endi senga shunchaliuk tabiiy bo‘lib tuyuladi, deb yozadi yigit qizga.- Sen ba’zida meni eslab yig‘laysan ham. Sening gulgingni qistatgan mening tuyg‘ularim endi senga hech orom bermaydi. Bu tuyg‘ular sening hozirgi hayotingdan ko‘ra mazmunliroq bo‘lib ko‘rinadi. Sen mazax qilgan, mensimagan, g‘ashingni keltirgan o‘sha tuyg‘ular endi seni iztirobga soladi. Endi bu tuyg‘ular sen uchun umringning eng shirin lahzalari bo‘lib qoladi...»
Yigit har kuni xat yozar va xatni tuvaklarga joylab, xonasiga terib qo‘yardi. «Muhabbat – inson qalbida ochilgan loladir. Agar u so‘lsa, umrning o‘zi ham so‘ladi... To‘rt yildan beri ko‘nglimdagi lolalar chaman-chamn bo‘lib ochilib ketdi.»...
Deraza to‘lgach, yigit qog‘oz gullar solingan tuvaklarni yozuv stoliga, kursiga kitob javoniga, yerga, keyin esa divanga terib qo‘ya boshladi. Xonaning burchaklari ham qog‘oz gulli tuvaklarga to‘lib ketdi. Xonada nagohan, barcha gullari chaman bo‘lib ochilgan guzor paydo bo‘ldi. Yigit xona burchaklari to‘lgach, tuvaklarni xona devorlariga osib qo‘ya boshladi. «Balkim men adashgandirman, - deb yozdi yigit . – Balkim, men hayotga sening nigohing bilan qaramasligim kerakdir. Hayot menga quchog‘ini ochib turganu, men sezmay kelayotgandirman. Balkim, mening qalbimdagi muhabbat emasdir, muhabbatdan ham kuchliroq tuyg‘udir... Men har kuni tushumda seni ko‘raman. Negadir hamisha tushumga ilk marta ko‘rgan qiyofada kirasan: yuzlaring lovullab qizargan, soching burgut qanotiday yoyilgan, lablaring titrab turgan bo‘ladi. Goho yuzing gulu, sochlaring bu oppoq gulni xovuchlab turgan qat-qat gulbarglarga o‘hshab ketadi; gulbarglar bunchalik nafis gulni tebratganidan ba’zan to‘lg‘onib-to‘lg‘onib qo‘yadi. To‘lg‘onar ekan gulbarg qatlari, ora gulning nozik bandi ko‘rinib ketadi. Bu go‘yo tun qo‘ynida lovullab yonib, yana darhol so‘ngan guxanga o‘xshaydi. To‘rt yildan beri men seni lovullab yongan oq alanga orasida ko‘raman. Oq alanga gurillab osmonga ko‘tarilar ekan, hovuchdagi gul cho‘g‘day qizarib ketadi...»
Yigit so‘nggi tuvakni bo‘sag‘aga joylashtirgach, xonani xo‘rsinib ko‘zdan kechirdi. Gultuvakdagi lolalar sokin sollanib turar, chiroqdan nur gullarga xuddi qizil yomg‘irday va guldondagi gullar qizg‘ish rangda porlar edi. Gullar chaman-chaman bo‘lib ochilib yotgan bu xonada endi yigitning o‘zi ortiqcha edi.
Yigit xonani tashlab chiqib ketdi. Uyni aylanib o‘tarkan, xona derazasiga ko‘z tashladi. Xonani lovullagan alanga burkagan edi...