OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Ozod qushlar (hikoya)

Hayot mo’jizalardan iborat ekanligiga sen ham ishonarding. Sen ham bu asrdan mo‘‘jiza kutib yasharding. Holdan toyib ishdan qaytar ekansan, kichkinagina mu’jaz uyingda to‘shakka cho‘zilgancha, yolg‘izlik saltanatiday ko‘rimsiz, huvillagan xonangda qandaydir mo‘‘jiza ro‘y berishini kutib yasharding. Bu mo‘‘jiza bir necha daqiqadan so‘ng yuz beradiganday o‘z xayollaringdan o‘zing lazzatlanarding. Sen mo‘‘jizasiz ham baxtli eding. Yer yuzidagi millionlarcha odamlardek osoyishta hayot kechirarding. Har haftaning so‘nggida o‘rtoqlaring bilan choyxonalarga, istirohat bog‘lariga borarding. U yerdan kayfiyating ko‘tarilib bahri-diling ochilib qaytarding. Biroq negadir o‘z hayotingni o‘zgartiradigan, shavq-u zavq olib keladigan mo‘‘jiza kutib yasharding. Bu mo‘‘jiza goh go‘zal bir qiz, goh lotoreya yutug‘i qiyofasida, goh qandaydir o‘zing ham bilmaydigan qiyofada ko‘z oldingda namoyon bo‘lardi. Biroq mo‘‘jiza sening xonangga to‘satdan kirib kelishini, butun hayotingni ostin-ustun qilib yuborishini hali bilmasding. Sen hayotingdan va xayoling jomidan to‘kiladigan sharobdan mastu mustar eding.
O‘sha kun sen ishdan yayov qaytding. Ko‘chada bo‘lajak ayoz kunlarning elchilariday izg‘irin izg‘ib yurar, sening yonoqlaringni, burunlaringni chimchilab o‘tardi. Undan o‘zingni himoya qilish uchun qunishib olganding. Tezroq uyga yetib olib, issiq xonangda miriqib choy ichishni ko‘z oldingga keltirib, tezroq yurishga harakat qilarding, izg‘irinni xuddi o‘tkir qilichday tilimlab ketib borarding. O‘z ko‘chalaringga burilganingda sen sal oldinroq ketayotgan qizil po‘stinli, sochi yelkasiga yoyilgan, bo‘ychan juvonni ko‘rib qolding. Bu ko‘chada yashaydiganlarning barini deyarli tanirding. Durkun oyoqlari, bejirimgina tebranayotgan yelkalariga qarab juvonning hali juda yosh ekanligini his etding. Ko‘chada ikkovingdan bo‘lak hech zog‘ yo‘q edi. Kayfiyating chog‘ edi. Shu sababli ayol bilan bemalol suhbatlashishing mumkin edi. Tez-tez qadam tashlab, ayolga yetib olding, so‘ng u bilan yonma-yon keta boshlading. Shundagina ayolning haddan taddan tashqari go‘zal ekanligini bilib qolding. Ayol senga bir qaradi-yu, indamay ketaverdi. Uning ko‘zlari go‘zal, joduli edi. Yelkasiga yoyilgan sochlari xuddi qoyadan to‘kilayotgan selday silkillab turardi. Ayol seni batamom maftun qilib qo‘ygan edi. Izg‘irin esa senga rashki kelganday yuzlaringni tinmay chimchilar, ayolning esa oppoq tizzalarini ko‘z-ko‘z qilish uchun etaklarini ochib yuborardi. Ayol senga qaramay, darhol etaklarini yopar, sen uning endigina oqarib kelayotgan tong shafag‘iday bilinar-bilinmas qizarib ketganini ko‘rib qolarding. Ayolning lablari izg‘iringga jahl qilib titrab ketar ekan, negadir bu senga xush yoqardi, ayol senga osmondan yuborilgan tuhfaday, beixtiyor zavqing kelib, jilmayib qo‘yarding. Sen ayolning bu shaharlik emasligini sezganding; ayolning yuzi so‘lim, tiniq va oppoq edi. Ko‘nglingda mehmonni ko‘rganda tug‘iladigan mezbonlik tuyg‘ulari jo‘sh urib ketgandi. Ayol bizning ko‘chaga adashib kirib qolgan bo‘lsa kerak degan o‘yga borganding.
— Bu yerlik emassiz, chog‘i, — deding tomdan tarasha tushganday, to‘satdan, sirli qal’adagi qo‘shinni chamalab ko‘rayotgan makkor lashkarboshidek sinovchan ohangda.
— Yo‘q, shu yerlikman, — dedi ayol yo‘lida davom etar ekan, so‘ng senga qarab, mayingina jilmayib qo‘ydi. Sen ayol hazillashyapti, deb o‘ylading. Biroq ayol juda jiddiy va qat’iy ohangda gapirayotgan edi; u bu ko‘chani ko‘pdan beri biladiganday erkin va xotirjam ketib borar, muyulishlardan ham chalg‘imay o‘tardi. U rostdan ham aniq maqsad bilan ketayotgan sirli qo‘shinga o‘xshardi.
— Unda bu ko‘chada turmasangiz kerak, — deya savolingni darrov o‘zgartirding.
Bu orada sen yashaydigan uyga yaqinlashib qolgandilaring. Shu sababli ayoldan ajralib qoladiganday bezovta bo‘la boshlaganding. Vujudingga ayolning go‘zal ko‘zlaridan sen ko‘pdan beri kutgan va har kecha o‘ylaydigan qizning sog‘inchiday shirin bir orziqish oqib kirgandi.
— Yo‘q, shu ko‘chada yashayman, — dedi ayol va shu so‘zlari bilan seni butunlay yanchib tashlaganday kibrli nazar tashladi. Sizlar o‘zing yashaydigan uyga burilar ekansizlar, yana so‘rading:
— Qiziq, men hech ko‘rmagan ekanman-da, sizni.
— Men ham, — dedi ayol.
— Yaqinda ko‘chib keldingizmi?
Ayol endi senga xo‘mrayib tikildi. Xo‘mrayish ortida yana qancha savollar berasiz, buncha shilqim bo‘lmasangiz degan nozli bir erkalash bor edi.
— Men shu yerda tug‘ilganman. Ota-onam ham shu yerda yashashgan.
Sen batamom tong qola boshlading. Bu mahallada faqat o‘zing taniydiganlar yashaydi, deb o‘ylarding. Bu ko‘chada etikdo‘z ikkita juhuddan boshqa bironta ham o‘zga kishilarni ko‘rmagan eding. Ko‘chadagilarning hammasi senga tanish edi. Biroq ayolning ota-onalarini eslay olmading. Zotan bu ko‘cha seni va sening bolalik tasavvuringni seryamoq etagiga solib katta qilgan qadrdon ko‘cha edi. Sen uying ro‘parasiga kelganda taqqa to‘xtading va ayoldan ajralging kelmay, uni uyga taklif qilmoqchi bo‘lding. Biroq ayol ham sen barobari to‘xtadi va senga hayron bo‘lib tikilib, sumkasidan nimadir izlay boshladi.
— Mana shu mening uyim, — dedi ayol ham tantanavor, ham xayrlashgan ohangda.
Sen jilmayding. Ayol seni yashaydigan bu uyni biladi va hazil qilyapti, deya o‘ylading. Lekin ayolning harakatlari qat’iy edi. U rostdan shu uyda yashaydigandek tutardi o‘zini. Shunda esingga hamisha biron g‘aroyib voqealar o‘ylab yuradigan oshnolaring tushdi va da’fatan miyangga ayolni tag‘in ular jo‘natgan bo‘lmasin, degan fikr kelib qoldi. Ayolning ko‘zlaridan hozirgina otilib, keyin sochilib ketadigan hazilning ko‘rinishlarini izlay boshlading. Biroq ayol hamon jiddiy, aftidan, hecham hazillashgisi kelmayotganday senga sinovchan tikilib turardi. Uning kibrli va maftunkor ko‘zlaridan, chiroyli, oppoq yuzlaridan, zaharxandalik bilan qimtib olgan lablaridan atrofga yot bir malohat taralardi. Ayol sumkasidan xuddi sening qo‘lingdagidek kalit chiqarib, eshikni ocha boshlagach, bir zum esankirab qolding.
— Kechirasiz, — deding iloji boricha quvnoq tovushda. — Men ham shu uyda yashayman.
Ayolning ko‘zlarida hayrat va g‘azab jilvalandi. So‘ng bulraning o‘rnida qahr o‘ynoqlay boshladi. U seni qandaydir ko‘cha shilqimi deb o‘ylayotgan edi. Uning ko‘zlaridan bu fikrni uqib olding-u, xo‘rliging keldi.
— Agar ishonmayotgan bo‘lsangiz, mana, marhamat qiling.
Sen uni chetga surib, o‘z kaliting bilan eshikni ochding. Endi ayol senga qiziqsinib, bir eshikka, bir qo‘lingdagi kalitga qarab qo‘ydi, nimanidir o‘ylab, senga shubha bilan tikilgancha turib qoldi.
-Balki o‘g‘ridirsiz, — dedi soddalik bilan deyarli shivirlab. — Bekor qilasiz, biznikida o‘g‘irlashga arziydigan narsaning o‘zi yo‘q.
— Qani edi, — deding o‘zingni quvnoq tutib, — balki rostdan ham o‘g‘ridirman. Biroq bu uy menga otamdan, otamga esa otasidan qolgan.
— Menga ham otam-onamdan qolgan, -dedi ayol. — Ularga ham otasidan qolgan.
— Uch xonalimi? — deb so‘rading sen xayolingga kelgan rejada birdan quvonib, ayolni sinash uchun.
— Ha, uch xona, undan tashqari — ayvon, oshxona, ko‘mirxona, qaznoq bor.
Sening hayrating ko‘nglingda shubhaga aylanayotgan edi. Agar hozir otang tirilib keldi, desa ham bunchalik hayratga tushmasding. Ayol sen yashaydigan uyni bekami-ko‘st tasvirlab bergandi. Sen endi ayolga shubhalanib tikilib qolding. Balki, bu ayol emas, qandaydir insu-jinsdir? Sen hech qachon jinlarga va ajinalarga ishonmasding. Biroq hozir ishonging, tavba qilging kelardi.
— Qiziq, — deding sen so‘lg‘inlik bilan, — balkim, mehmonxona devoriga tog‘ning surati solingandir?
— Bo‘lmasam-chi,- dedi ayol. — Gullar ochilib yotgan tog‘ etagining surati bor.
— Devordagi suratchi? Kimniki. U odamlarni ham tanirsiz?
— Ha. U yerda ota-onamning surati osilib turibdi.
— Yotoq devoriga qizil gilam osilgan bo‘lsa kerak?
— To‘ppa-to‘g‘ri, otamga o‘rtog‘i sovg‘a qilgan.
Sen hayratdan o‘kirib yuborayozding. Ayol sening uying va sening otang haqida gapirmoqda edi. Sen mo‘‘jizaga ishonarding-u, biroq mo‘‘jizaning bu tariqa tashrif buyurishini sira ham xayolingga keltirmaganding. Mo‘‘jiza ham xuddi ayollar kabi makkor bo‘lishi mumkinligini sen hali bilmas eding.
— Siz qaerdan bilasiz? — deya so‘radi ayol ham endi senga ajablanib tikilib.
— Axir men shu uyda yashasam, qanday bilmasligim mumkin? — baqirib yubording sen biroz asabiylik bilan.
Izg‘irin goh sening, goh ayolning yuzida o‘ynoqlardi. Ayolning etaklarini ko‘tarar, sening yoqangni hilpiratib, jig‘ingga tegardi. Sen juda ham sovuq qotding.
— Balkim uyga kirarmiz, — deding sen ayolga yer depsingancha, — oyog‘im qaqshab ketyapti.
— Meniki ham.
Ikkalang ham har kuni kirib-chiqib turadigan yo‘lak bo‘ylab, so‘ng zinadan ko‘tarilib, ayvonli uyga kirdilaring. Sen tug‘ilganingdan beri yuraverib, ko‘zingni yumib ham topishing mumkin bo‘lgan uyda birinchi marta seni yot bir ayol boshlab borardi. Senga qadrdon bo‘lib qolgan hovliga, ikki tup o‘rikka, kichikinagina gulzorga, tunuka yopilgan oshxona tomiga xuddi endi bir umr ayrilib qoladigandek najot izlab boqarding. Ko‘ksing yurak uchun ardoqli bo‘lganiday, bu uy sen uchun ardoqli va aziz edi. Uyingdagi osoyishtalikdan va osudalikdan tonglari rohat qilib uyg‘onarding. Bepoyon dengizda suzayotgan kemadek, sen ana shu osudalik qo‘ynida kun bo‘yi ohista suzib yurarding, xuddi go‘zal bir qo‘shiqning naqoratiday, sen uydagi osudalik musiqasini ba’zi-ba’zida ehtiyotkorlik bilan buzib, o‘zingning baxtli ekanligingni bildirish uchun g‘o‘ng‘illab-g‘o‘ng‘illab qo‘yarding. Nazaringda hech kim seni bu yerdan haydab chiqarolmaydigandek va bularning hammasi qandaydir anglashilmovchilikday bo‘lib tuyulgandi. Ayol mezbon kabi mulozamat, iltifot bilan muomala qilgancha, ergashtirib borardi. Sizlar avval ayvondan, so‘ng birgina dahliz orqali mehmonxonaga kirdilaring. Hamma jihozlar sen qanday joylashtirgan bo‘lsang, o‘sha holatda turardi. Bundan sen xursand bo‘lib ketding. Uydan sening hiding kelardi. Buni sen dahlizga kirgan zahotiyoq sezganding. Ayol esa xuddi hamma narsa o‘ziga tegishliday emin-erkin tutardi o‘zini. U etigingni yechadigan joyni ko‘rsatgach, sen har kuni kiyib yuradigan shippaklaringni senga mulozamat bilan uzatdi. Mehmonxonada ham hamma narsa sen qo‘yganday joy-joyida turardi. Qaysidir yili borib mahliyo bo‘lib qolgan, so‘ng rassom do‘stingga aytib chizdirgan tog‘ etagining suratidan bahor nafasi urilardi. Sen suratdagi xarsang ustida pastdagi qo‘zichoqqa xezlanib turgan uloqchani ko‘rib, ko‘ngling bir oz joyiga tushdi. Bular bari seniki edi. Sal oldin ichingga olgan yana adashgan bo‘lmay degan shubhaga asos yo‘q edi. Bu yerdan seni hech kim quvib chiqarishi mumkin emas edi. Ko‘ngling xotirjam bo‘lib, seni hayron bo‘lib kuzatayotgan ayolga zafar qozongandek g‘olibona tikilding.
— Erim qaysidir yili toqqa chiqqanda shu manzara yoqib qolibdi, — dedi ayol sening devordagi manzaraga tikilib turganingni izohlamoqchidek. — Bir rassom o‘rtog‘ini boshlab kelib, devorga shu suratni chizdirdi.
Sen ayolga yana qo‘rqib tikilib qolding. U mening fikrimni o‘qib olib o‘zimga aytmayaptimi, degan shubhaga bording. Axir har kuni mo‘‘jiza sodir bo‘lib turgan bu asrda odamning fikrini uqadigan mashina yasash ham hech gap emas-ku? Sen tag‘in mashina-robot bo‘lmasin, degan shubhada ayolni sinchiklab kuzata boshlading. Yo‘q, unda mashinaga xos hech qanday xususiyat yo‘q edi. Hatto u juda go‘zal va jozibali edi. Bu go‘zallikdan sening yuraging dukurlab, behalovat ura boshlagan edi. Sen bularning hammasi tag‘in tushim emasmikin, deb o‘ylab qolding. Bu o‘y hatto senga taskin berganday, seni yupatganday bo‘ldi. Tushda har narsa bo‘lishi mumkinligi birdan qalbingdagi shubha va gumonlarni quvib yubordi va sen o‘zingni xuddi tushdagidek tuta boshlading. Ayolga kulib, xotirjam tikilding. Uni kuldirging, ko‘nglini olging keldi. Chunki baribir tezda uyg‘onib, bu anglashilmovchiliklar barham topishiga ishonar eding. Uyg‘ongach esa, seni hech kim uy meniki deb tergamas edi. Hech qanday chalkashlik ham yuz bermasdi. Tongda uyg‘onarding-u, o‘z uyingga yolg‘iz xo‘jayin bo‘lib, choy qaynatib icharding, to‘shagingda xohlagancha ag‘nab-ag‘nab yotarding. Hech kim seni ta’qib etolmagan bo‘lardi. Biroq tush uzoq va so‘ngsizday davom etar, xatar va gumonlar ko‘nglingga ko‘proq yopirilib kirardi.
— Ana u esa ota-onamning surati, — dedi ayol, — darvoqe, buni siz bilasiz, shekilli?
Sen ota-onang surati osilib turgan joyga qarading va dahshatdan murdaday qotib qolding. Suratda otang va onang senga har doimgiday kulimsirab, mehribonlik bilan boqib turardi, ularning ko‘zi, yuzi, tikilishi — hammasi sening ota-onang edi. Biroq boshidan hech qachon do‘ppisini tashlamagan otang yalangbosh, sochi ham allanechuk patila edi. Onang esa xuddi yoningdagi ayolga o‘xshab sochlarini yoyib yuborgan, uning sochlari ham xuddi ayolnikiday tillarang va yelkalari osha to‘kilib turardi. Sen birdan vahimaga tuhding va ko‘zlaringga ishonmay, dovdirab, ayolga tikilib qolding.
— Uyning hujjatini ko‘rsam bo‘ladimi? — deding shosha-pisha.
— Marhamat!
Ayol senga uy daftarini keltirib berdi. Hujjatda hamma narsa joyida edi; uy ayolga tegishli ekanligi to‘g‘risida kichkina izoh bilan salobatli muhr bor edi. Sen narigi xonaga o‘tib, hujjatlar yotgan javondan o‘z nomingdagi uy daftaringni axtara boshlading. Orqangdan hayron bo‘lib qarab turgan ayolga e’tibor bermay, hamma narsani xuddi aqldan ozgandek har yoqqa sochib tashlading. Nihoyat, eskirib, varaqlari ko‘chib ketgan uy daftarini topgach, quvonchdan baqirib yubording:
— Mana, mana bu yerda uy menga tegishli ekanligini bildiruvchi muhr bor.
Ayol hayron bo‘lib, sen uzatgan daftarni varaqlay boshladi. So‘ng senga qarab, burnini jiyirdi-da, yana qaytarib berdi va dimog‘i aralash mazax bilan kulib qo‘ydi. Hech narsaga tushunmay, bir unga, bir daftarga shoshib qaragancha varaqlay boshlading. Uy seniki ekanligi to‘g‘risidagi tegishli muassalar chiqargan qaror yozilgan varaq bo‘m-bo‘sh edi. Sen batamom dovdirab qolding va ayol o‘zingga endi yanada ko‘proq shubha bilan qarayotganini ko‘rgach, Har oqshom o‘tirib gazeta o‘qiydigan deraza oldidagi eski orom kursiga o‘zingni behol tashlading. Seni butkul gumonlar chulg‘ab olgan edi. Najot izlab butun uyni ko‘zdan kechirding. Nimadir esingga tushib, cho‘ntaklaringni tita ketding va qip-qizil jildli pastportingni topgach, irg‘ib turib, ayolning ko‘z oldiga borib varaqlashga tushding.
— Mana bu yerda yozilgan... mana bu yerda... — Deya hansirab baqirding. Biroq birdan daming ichingga tushib to‘xtab qolding, ish joyingda maosh berayotganda keksa, injiq kassir yuz martalab sinchiklab tekshiradigan «Yashash joyi» degan varaqda ikkita uzun chiziqdan boshqa hech qanday belgi yo‘q edi.
Sen yana orom kursiga cho‘kkancha boshlaringni changallab uzoq o‘tirding va shunda yana men tush ko‘rayotgan bo‘lsam kerak, deb o‘ylay boshlading. Ayol esa tepangda senga hamon shubha va ajablanish bilan tikilib turar edi. Kim biladi, u shu daqiqalarda sen to‘g‘ringda nimalarni o‘yladi ekan. Balkim bironta uchiga chiqqan qallob deb o‘ylagandir; balkim o‘zi aytganday muttaham o‘g‘ri deb o‘ylagandir, balkim ko‘chada yuradigan bironta shilqim deb o‘ylagandir, balkim uyiga surbetlik bilan kirib olgan bosqinchi, deb o‘ylagandir. Har qalay, uning ko‘zlari senga xavfsirab tikilib turardi. Agar bu tush bo‘lsa, sen hech qachon bunchalik uzoq tush ko‘rmaganding. Har qanday xatarga yuraging dosh bermay uyg‘onib ketgan bo‘larding. Lekin sen uyg‘onmasding. Qachon uyg‘onishing ham noma’lum edi. Balkim sen uyg‘onguncha oyog‘ing ostiga yana bir asr yiqilar, balkim sen achrning ustiga yiqilib tusharsan. Balki, seni uyg‘otishga mening bu madorsiz va kuchsiz so‘zlarimning qudrati yetishmas. Balkim bu so‘zlar seni uyg‘otish o‘rniga, seni ko‘proq g‘aflat chohiga qarab yetaklar? Tushmidi bu? Agar tush bo‘lsa qachon uyg‘onarding? Buni men ham bilmasdim, buni sen ham bilmasding. Qachon uyg‘onasan sen?! Bu ro‘yo saltanatini ko‘z oldingdan qachon supurib tashlaysan? Bu saltanat seni tobora o‘ziga tobe qilib, mute qilib borardi. Sen orom kursisiga cho‘kkancha ojiz qiyofada o‘tirarding.
— Balkim, uy xo‘jaligi bo‘limiga borib uchrashib ko‘rarmiz, — deding sen nihoyat ayolga umid bilan tikilib. Ayol sening ko‘zlaringdagi iltijoni ko‘rib, rahmi keldi, shekilli, yelka qisdi.
— Marhamat, menga baribir.
U o‘ziga ishonar, shuning uchun ham sen bilan dunyoning narigi burchagiga ham hech ikkilanmay biga boraverardi.
Sizlar izg‘irin o‘ynoqlayotgan ko‘chaga chiqdilaring. Ig‘irin yana ayolning etagini o‘ynoqlay boshladi. Ikkalaring ham gung va bir og‘iz gaplashmay, jim ketib borardilaring. Sen shu da’fada hech narsaga ishonging kelmasdi. Go‘yo bularning barchasi ro‘yo edi. Biroq sen ayni payt uxlab yotganingni, uyg‘oq ekanligingni va qandaydir noma’lum ayol bilan birga ketayotganligingni anglarding. Sen bunday ro‘yoni hatto tushlaringda ham ko‘rmagan eding. Tushingga hamma narsa kirardi. Ehtimol, bu ayolni ham qachonlardir tushingning ko‘chalarida ko‘rgandirsan. Lekin sen ota-onang, bobokalonlaring yahab o‘tgan uyni o‘ziniki qilib olgan va yana hammasi tushdagiday emas, o‘ngdagiday sodir bo‘lgan voqeani hech qachon ko‘rmagan eding. Sen o‘zingga ham ishonging kelmasdi. Balki men hech qachon yashamagandirman. Bu uy rostdan ham ayolga tegishlidir va men tunggi kapalak kabi bu uyga adashib kirib qolgandirman, degan fikr damo-dam xayolingda charx urardi va ayolga shubha va iltijo bilan tikilib-tikilib qo‘yarding. Shunda birdan shu kunlarda gazetalarda shov-shuv bo‘lgan bir voqea esingga tushgandi. Shahardagi tarix muzeyida yoshgina xodimani bo‘g‘izlab ketishgandi. Gazetadagi xabarlarga ko‘ra, xodim o‘sha kuni kechga tomon ishdan so‘ng o‘z xonasida ishlab o‘tirgan edi. So‘ng to‘satdan butun muzey shovqin-suron va to‘polon bo‘lib ketgan edi. Muzey qorovul xonasidan yugurib chiqaman deb pushonasini eshikka urib olgandi. Uning eshigi qulflab tashlangan edi. Shunda muzeyning keng zalida qanday shovqin bo‘layotganini ko‘rish uchun kalit tirqishidan mo‘ralagan va xodimni nayzalarining uchiga ildirib chiqayotgan qandaydir dubulg‘ali kishilarni ko‘rgan edi. Gazetada qorovulning ruhiy bemorlar kasalxonasida yotgani yozilgan edi. Muzey xodimining nimtalab tashlangan jasadi yonidan yettinchi asrda yasalgan qilich topib olishgan edi. Odamlar bu voqeani turlicha izohlashardi. Ko‘plar boshqa sayyoradan tushgan odamlarning ishi deb baholashardi. Ko‘plar esa mutlaqo ishonmasdi. Turli sharpalar kasalxonada ham qorovulning ko‘ziga ko‘rinib turibdi, deb aytilgan edi gazetalarda. Sen bu xabarga muxbirbachchalarning navbatdagi uydirmasi, deb ishonmaganding. Lekin hozir birdan ishonging kelib qolgandi va ayolga biron sharpa yoki boshqa sayyoradan tushgan odam emasmikin, deb gumon bilan qaraganding. Yo‘q, u arvoh emas edi va boshqa sayyoralikligini bildiradigan hech qanday alomati yo‘q edi. U o‘zingdan ham ko‘ra tabiyroq, so‘limroq, go‘zalroq edi va yoningda ayozli osmonni tantanavor kezib yurgan hilol kabi mag‘rur va maftunkor qiyofada ketib borardi. Sening ko‘rinishing suvga bo‘ktirilgan kuchukday ayanchli edi. Butun vujuding muqarrar mag‘lubiyatdan qalt-qalt titradi. Uy xo‘jaligi bo‘limiga sen deyarli umid qilmasding, shunday bo‘lsa ham tavakkal qilib ketib borarding. Ayol esa o‘zini bezovta qilganidan noroziday ba’zi-ba’zida ming‘irlab qo‘yardi.
Senga hamisha uy haqini o‘z vaqtida to‘la, deb po‘pisa qilib yuradigan bo‘lim mudiri sizlarning gaplaringizni hayron bo‘lib eshitdi, so‘ng qandaydir hujjatlarni tekshirib, senga g‘azab bilan tikilib turdi-da:
— Uy qurilgandan buyon bu xonimga tegishli. Sen qayoqdan kelib qolding? -dedi.
Sen indamay tashqariga yo‘l olding. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasligini o‘zing ham sezganding. Ayol bilan birgalikda endi seniki bo‘lmagan uyga qaytdilaring. Ayolning mezbonga o‘xshab qilayotgan mulozamatidan endi g‘ashing kelmasdi; ayolga indamay bo‘ysinib borarding.
— Agar xohlasangiz vaqtincha qaznoqdan joy qilib berishimiz mumkin! — dedi ayol uyga qaytib kirganlaringda, sening so‘lib qolganligingdan rahmi kelib. -Sovug‘u, lekin nachora, qish o‘tsa, birorta joy topib olarsiz.
Sen rad etgandek bosh silkitding. Orom kursisida uzoq o‘tirding. Derazalarga tun pardasi tortilgach, sekin o‘rningdan turib, hozirlana boshlading.
— Kiyimlarimni olsam maylimi? — so‘rading ayolga taqdiringga tan bergandek.
— Qanday kiyimlar?
Sen kiyim javonida terib qo‘yilgan kiyimlaringga ishora qilding.
— Axir ular erimning kiyimlari-ku? — sal bo‘lmasa hayron bo‘lib baqirdi ayol va xuddi sen tortib oladigandek javonning oldini kelishgan qomati bilan to‘sib oldi.
Sen u bilan tortishib o‘tirmading. Qupquruq, so‘ppayib ketayotgan qo‘llaringni seni voyaga yetkazgan darchalar va eshiklardan yashirish uchun cho‘ntagingga tiqib batamom tor-mor etilgan qo‘shinday tanish yo‘lak orqali uydan sekin chiqib ketding...
... Bu, tushning oxiri emas edi. Bu ibtidosi edi. Bu tushni sen menga o‘sha sovuq izg‘irinli kunda gapirib berganding. Sening yuzlaring umidsizlik va yolg‘izlikdan gezarib ketgan. Sen bu tushni gapirar ekansan, men o‘zimga ishonmay qolgandim. Bu tushni sen menga gapirib berganmiding yo mening o‘zimmi?! Sen shu paytda izg‘irinli ko‘chada manzilsiz daydib yurgandirsan, ayoz supurgisi seni ham bu oqshom sahnasidan batamom supurib tashlash uchun singan tug‘ning bir parchasidek ayovsiz tortqilar, g‘azovot o‘tida yonib, uchib kelayotgan ko‘chmanchi mo‘g‘ul askarining egnidagi qora ro‘dapodek seni osmonu-falak qo‘ynida tinmay hilpiratar. Lekin bu tushni sen ko‘rdingmi, menmi, g‘anuz bilolmadim. Men seni shundan keyin faqat bir marta uchratdim. Sen Q. maydonida yovvoyi kaptarlarga don sepib o‘tirarding. Ko‘zlaring orzumand porlab turar, yuzing baxtdan yayrab ketgandi. Men seni ko‘pdan berish shu holatda ko‘rmagan edim. Kaptarlar sen har don sepganingda hurkib, gurillab havoga ko‘tarilar, so‘ng hech qanday xavf yo‘qligini bilgach, qaytib yerga qo‘nishar va kukulay-kukulay sen sepgan donlarni terib yeyishardi. Sen esa ularga xuddi go‘zal manzarani ko‘rganday qarab turarding. Men sening yoningda turgancha, sen bu kaptarlarga qarab nimalarni o‘ylayotganingni bilgim kelardi. Sen bu vatansiz qushlarga qarab nimalarni o‘ylagan eding? Balkim sen ularning bejirim va keskir qanotlariga qarab ozod qushlar haqida o‘ylagandirsan? Balki, ularga boqib vatan haqida o‘ylagandirsan? Balki tuyg‘ularingni kaptarlarga aylantirib, uzoq-uzoqlarga uchirib yubormoqchi bo‘lgandirsan? Balki sen hech narsa haqida o‘ylamagandirsan? Sen shunchaki kunni kech qilish uchun yoki o‘zingning uysiz ekanligingni unutish va biron lahmga yoki vokzalning bir buochagiga borib tungash va vaqt o‘tishi uchun qushlarni shunchaki ermak qilib o‘tirgandirsan? Yoki bu qushlarga qarab, uysiz faqat o‘zing emasliging, olamda millionlab uysiz va vatansizlar borligi to‘g‘risida o‘ylab, o‘zingni ovuntirgandirsan. Balkim sen qalbingni mana shu qushlargagina ochgandirsan? Men sening o‘sha kuni Q. maydonida nimalar haqida o‘ylaganingni haligacha bilolmadim. Kech tushgach, o‘rningdan turding-da, qorni yopinib uxlayotgan, deyarli yo‘lovchisi yo‘q, huvillab yotgan ko‘chaga qarab, qorong‘ulik qa’riga singib ketding. Men sening izingdan qarab turar ekanman, sening rostdan ham shu da’fa qushga o‘xshashing haqida o‘ylagandim. Sen qor o‘ynoqlayotgan kimsasiz ko‘chaga qarab parvoz qilib ketganding. Men sendan o‘sha kuni nimalar haqida o‘ylaganingni so‘ray olmay qolgandim. Keyinchalik ham senga bu savolni bera olmadim. Sen bilan boshqa uchrashmadik. Sening qushlarga qarab nimalarni o‘ylaganingni hech qachon bila olmadim, bu menga armon bo‘lib qoldi. So‘ray desam, o‘sha kuni sening kaptarlaring ham qaylargadir uchib ketgan edi. O‘sha kuni Q. maydonida kabutarlarga don sepib, ularni orzumand va mastona kuzatib, yuzida azob va iztirob aks etib turgan parishon yigit senmiding yoki menmidim? Balki men kabutarlarga don sepayotganda va so‘ng kimsasiz ko‘chaga qorong‘ulik qo‘yniga singib ketganimda izimdan shafqat va achinish bilan qarab qolgan sendirsan, kaptarlarning qanotlaridan mening orzularimni o‘qimoqchi bo‘lgan ham va kabutarlarning kichkina, hushyor ko‘zlarida o‘qilib turgan ham balki sendirsan?
Shundan so‘ng men sen haqingda turli mish-mishlar eshita boshladim. Seni kimdir mast odamlarga qo‘shilib, yer osti yo‘llarida tunab yurganingni aytdi. Kimdir esa seni vokzalda yotib yuribdi dedi. Keyin esa ish joying yotoqxonasidan joy berdi. Sen haqingda men boshqa hech narsa eshitmadim. Kimdir seni uzoq joyga qurilishga ketgan dedi. Kimdir cho‘lga ketgan dedi. Men ularning gapiga unchalik ishonmadim. Lekin sening biz yashayotgan shaharni bir umr tashlab ketganingni bilardim va har kecha mo‘‘jazgina uyimda to‘shakka cho‘zilgancha qandaydir bir mo‘‘jiza yuz berishini kutib yotar ekanman, go‘yo mo‘‘jiza xuddi shu daqiqada yuz beradigandek yuragim shirin lazzatdan hapriqib ketardi, shunda beixtiyor seni va o‘sha izg‘irinli kunni eslardim...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.