OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Sibizg‘a volasi (mif-hikoya)

Qamishlar shovuriga quloq tut!

Go‘yo o‘z qilmishlarini quyoshdan yashirmoqchiday qalqonlari bilan yuzlarini oftobdan to‘sgancha nayzalarini quyosh nurida yaltillatib, shaharning tosh ko‘chalarini xuddi nog‘ora chalishayotganday bir maromda harbiychasiga to‘qillatgancha erinchoqlik bilan kelayotgan uchta soqchi va oqsoq darbon allazamonlardan beri saroy uchun unut manzilga aylangan bizning ko‘chamiz boshida ko‘rinishlari bilanoq men va navbat kutib turganlar, ko‘chada o‘z yumushlariyu tashvishlari bilan band odamlar, orzu va xayollarini tepkilab o‘ynab yurgan bolalar, darvozalari oldida hayotning yorqin xulosalari va saboqlari bitilgan sahifalarday bujmaygan aft-angorlari, musibatu hasratdan bukilgan tanalarini oftobda toblab o‘tirgan chollar, hammamiz, taqdir izmi bizning sartaroshxonaga va mening hayotimga qarab burilganini tushungandik. Endi mening navbatim kelgandi. Bunga shubha yo‘q edi. Bu shumoyoq darbon soqchilari bilan qaysi ko‘chada paydo bo‘lsa, o‘sha ko‘chada sartaroshxonalar yopilar, keyin u bilan ketgan sartaroshlarni zabonlari sehru jodu qilingandek gung va garang mahkumlik kutib turar, bu darbon bilan birga ko‘chalarga falakning achchiq va adolatsiz hukmi ham kirib kelishini shahardagi ona suti og‘zidan ketmagan go‘daklar ham bilib qolishgandi. Har doimgidek ko‘cha boshida ularni dastavval bolalar ko‘rishgandi va ular qiyqirib, ko‘chani va bizni shum qismatdan ogohlantirgancha sartaroshxona tomon yugurib kelishardi. Bu ko‘chada mendan boshqa sartarosh qolmagandi. Navbat kutib turgan mijozlar birin-ketin turib, uy-uylariga tarqay boshlashdi. Bundan keyin bu yerda navbat kutib turishlaridan hech qanday ma’no qolmaganini, hatto mening keyinchalik taqdirim nima bo‘lishini ham ular yaxshi bilishardi. Ba’zilari kelib yelkamga do‘stona urib, hamdardlik bildirishganday bo‘ldi. Ularning ko‘zlarida “Peshona ekan!” degan ifoda bor edi. Ba’zilari esa boshqa sartarosh izlab shahar ko‘chalariga tarqab ketishdi. Ularning bugun sartarosh topishlari amri mahol. Ilgarilari har muyulishda ko‘zga chiqqan chipqondek sartaroshxonalar qad kerib turardi. Sartaroshlarning ko‘pchiligi ish yo‘qligidan pashsha qo‘rib, bir-ikkita mijozi bilan kun uzog‘i hasratu g‘iybat qilib kun o‘tkazishar, daromad kamligidan, sartarosh zoti ko‘payib ketib, tuflasa kasbdoshi boshiga tushishidan nolishgani nolishgan edi. Mana endi esa shaharda sartarosh zoti kamayib, anqoning urug‘iga aylanib borayapti. Anovi kelayotgan oqsoq darbon va navkarlar sartaroshlarni kun aro birma-bir olib keta boshlagach shaharda sartarosh qahatchiligi paydo bo‘ldi. Olib ketilgan sartaroshlar qaytib bu hunarini qilolmasdi. Iskandar huzuridan qaytganlarning telbaga aylanishar, xuddi jin chalgandek odamlar ko‘ziga ko‘rinishdan qo‘rqishar, ovloqlarda pusib, to‘g‘ri kelgan yerga ag‘nab yotishar, ularga nima bo‘lganini na o‘zlari, na yaqinlari izohlay olishar, bir tushunarli so‘z aytmay nuqul tushunarsiz ohangda g‘o‘ng‘illashar, vaholanki to‘rt muchasi sog‘, hamisha qon sizib yuradigan og‘izlarini aytmasa, o‘zlari tishlayverganidan uzib olgudek darajaga kelgan tillari ham joyida, faqat ular nega bu xil dardga mubtalo bo‘lishganining sababini sharhlab beradigan mardning o‘zi yo‘q edi. Ba’zilari rostdanam aqldan ozganini namoyish etib, bir to‘da bolalarga qo‘shilib ko‘cha changitib yuradigan bo‘lishdi, ba’zilarini jinnixonaga joylashtirishga to‘g‘ri keldi. Iskandar saroyidan hali hech kim sog‘ chiqmagan, sababini hech kim aniq bilmasdi. Ammo bizga mish-mishlar orqali yetib kelgan gaplarga qaraganda, Iskandar shu darajada ilohiy zotki, unga bandasining qo‘li tegsa, aqldan ozishi turgan gap, uning Axuramazdaga xos salobati, yuzidan, boshidan taralayotgan nur har qanday odamni gungu garang, zabonsiz qilib qo‘yadi. Bu ulug‘vorlik va zalvorga dosh berolmay miyasi chanoq ichida biqirlab qaynab-toshib ketadi. Soch va soqol o‘rnida nurlar taralib turadi, sartaroshlar bu nurlarni ustara tig‘lariga olaman deb, hushlaridan ayriladilar, deyishardi. U nuri ilohiydir, u nuri ziyodir, u koinot va olam mukammalligi namunasidir. Aqldan ozish, bir umr gungu lol bo‘lish, hayrat va zavol topish, uning shamsiqamar tal’atiga qiyoslashning, Unga nafaqat tig‘ tekizish, balki, qarashning o‘zi yetadi bu dunyodan qo‘l siltab, ruh va xulyo dunyosiga o‘tib ketishga. U shunday mukarram, shunday ilohiy qudrat timsoli. Shu sababli Iskandarning sochini ikki marta olgan sartaroshni hali hech kim bu mamlakatda ko‘rmagan, bu Quyosh o‘g‘liga ikkinchi marta sartaroshlik qilishga hech kimning aql-idroki dosh berolmagan. Har qanday iroda bu siymo oldida mumday erib ketadi, xuddi quyosh nurida erib ketgan qish sumalagiday. Shuning uchun yilma-yil emas, kunma-kun sartarosh urug‘i kamayib, noyob hunarga aylanib qoldi. Sartaroshga bo‘lgan talab kundan kun oshib, oxiri odamlar soch-soqol olishni o‘zlari ham o‘rgana boshladilar. Ilgari bolalarini sartaroshlik hunariga o‘rgating deb eshik oldida navbat kutib turishardi. Endi hech kim bolasini bu hunarga o‘rgatgisi kelmasdi. Axir farzandi sartarosh bo‘lib yetishsa, bir kuni boshqa sartaroshlarning kuni boshiga tushishini bilishardi-da. Ba’zi sartaroshlar Iskandarning ro‘yxatiga tushmasdan shahardan va mamlakatdan bosh olib ketishdi. Mana, endi esa navbat menga kelib turibdi. Mening qismatim qanday bo‘ladi? Buni chekka-chukkada, uylarining derazalaridan menga achinib qarab turganlar ham, mening o‘zim ham yaxshi bilamiz. Darbon o‘z soqchilari bilan ko‘cha boshida ko‘ringanda sartaroshxonada yigirmaga yaqin mijoz navbat kutib turar, yana shunchasi navbat olib, o‘z ishlari bilan ketgandi. Men keyingi oylarda kechayu kunduz tinim bilmay ishlashimga to‘g‘ri kelayotgan, garchi horib-tolib qolsam ham kasbimga va mijozlarimga bo‘lgan hurmatim sabab ularning birontasini soch-soqolini olmay qaytarolmasdim. Aslida ham shu. Mijozini norozi qilib jo‘natishga sartaroshning haqqi yo‘q. Biz ustara bilan ishlaymiz. Bizning pirlarimiz va ma’budlarimiz ana shunga o‘rgatgan. Mana, hozir ham soqolining yarmi olingan mijozimning sartaroshxona ro‘parasiga kelib to‘xtagan darbonni ko‘rib tipirchalashiga qaramay ishimni oxiriga yetkazishga qaror qildim. Soqolni qayta-qayta qirtishlab oldim, qo‘llarim bilan biron chala joyi qolib ketmadimikin deb silab-tekshirib ko‘rdim. Keyin ho‘l lattada artib, mushk surib qo‘ydim. Mijoz qutulganiga shukur qilib, irg‘ib turib, haqimni ham berish esiga kelmay, oyog‘ini qo‘liga olib qochib qoldi. Uning ko‘zida qo‘rquv va xavotir alanga olgan, endi ana shu alanga bilan ko‘chamizni, mahallamizni, butun shaharni yoqmoqchiday shashti bor edi go‘yo. Bu paytda darbon va navkarlar sartaroshxonamning eshigidan bosh suqishayotgandi. Darbon satroshxonaga ko‘z yugurtirib, hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilgach, oqsoqlanib, ichkariga kirdi va buyruq ohangida dedi:
– Axuramazda inoyati bilan senga Iskandarning soch-soqolini olishdek sharafli vazifa yuklandi. Hoziroq asbob-anjomingni olib yo‘lga tush. 
Men bunday pallada nafaqat oilam bilan xayr-xo‘shlashishga, balki endi ko‘chada bironta tanishim bilan bosh irg‘ab, imo-ishora qilishga ham haqqim yo‘qligini bilardim. Qismatimga Iskandarga sartaroshlik qilish shon-sharafi uchun qurbon bo‘lish mahkumligi yozilgandi. 
Uch navkar va darbon hamrohligida saroyga qarab ketarkanmiz, shahar ko‘chalarining har ikki tomonida odamlar to‘planib, bizni kuzatib turishar, ularning aksariyati hamdardlik bildirib, bosh irg‘ab qo‘yayotganini, boshqa meni hech qachon hozirgidek xuddi bir ishni qoyillatib qo‘yishga ketayotganday mag‘rur va masrur holda ko‘rishmasligini, bir-ikki kundan so‘ng telbalarga qo‘shilib, ko‘chalarda bolalar bilan chopib, ming‘irlab yurganimga ko‘zi tushishlarini, men kabi shahardagi barcha sartaroshlarni shu yo‘ldan shu taxlit kuzatib, keyin ularning junun o‘ynagan qiyofalarinigina ko‘rishga o‘rganib qolishganini muhokama qilishayotganini sezib turardim. Ayrimlar esa garchi ertangi yozdig‘im o‘zlariga besh qo‘lday ayon bo‘lsa-da, menga nadomat bilan boqib turishardi. Ularning qarashlarini ham tushungandek edim. Ular Iskandardek mukarram zotning qarshisida turish, balki uning tanasiga tegish, yuzi va tanasidagi ilohiy quvvatdan, mayli, keyin yoqib kul qilishsa ham bir necha soniya bo‘lsa-da bahra olishdek baxtga musharraf bo‘lish aynan menga nasib qilganidan ich-etlarini hasad kemirib turar, shu sababli atrofdagi xayrixohlik bilan guvillashayotgan olomonga norozilik bildirishgandek, menga yeb qo‘ygudek tikilishar, ba’zida oshkora tarzda asbob solingan charm xaltamning abgorligi, ust-boshimning yupunligi, bo‘yim kaltaligi, sartarosh bo‘laturib, sochlarimga tartib berilmagani, umuman, kamchiligu nuqsonlarim, ko‘rsa tilanchi uyaladigan ko‘rinishda Iskandardek mukarram zotning oldiga borish ilohlarga qanchalar hurmatsizlik ekani haqida jim yoki oshkora g‘ayirlik bilan munosabat bildirishardi. 
Ularni tushunsa bo‘ladi: Uning mu’tabar chehrasidan farog‘at olish, muborak mo‘ylarini qo‘llarida ushlash, abad va azal aks etgan ko‘zlariga boqish, falakning marhamati va muruvvati bilan to‘yingan nigohlaridan bahramand bo‘lish baxti shuncha odamlar ichida faqat menga nasib qilgan edi va men ham xayolan huzuriga borsam, uning qiyofasi taftidan ko‘zlarim qamashib qoladi, u menga bani koinot qudurati aks etgan ko‘zlarini tikadi, men esa ta’zim qilib, o‘zi bilan yuz ko‘rishishdek baxtga kaminani musharraf etganidan minnatdor bo‘lib, oyoq-qo‘larini o‘paman, toki holdan toyguncha etaklarini ko‘zimga surtib, oyoq izlarini o‘paman, uning ana shu munavvar chehrasini ko‘rish uchun telba bo‘lsam nima bo‘libdi, axir bu koinot tuhfasiga menga o‘xshaganlar ikki dunyosini ham hadya qilib yuborsa bo‘ladi deb o‘ylardim va ana shu xayolimdan hamda Iskandarni ko‘rish, uning karomat to‘la chehrasiga boqish baxtidan halitdan mastu mustag‘riq bo‘lgandek, ko‘ringan har kimsaga baxt va surur bilan boqardim.
 Saroyga kirishimiz bilan ulkan qushning qanotiga o‘xshash qo‘sh tabaqali darvoza yopildi. Qarshimda bahaybat ibodatxonani eslatuvchi saroy namoyon bo‘ldi. Hammasi oddiy va jo‘n edi. Bu yerda aqlni oladigan hech narsa yo‘q edi. Faqat ortiqcha hasham va salobat meni lol qilib qo‘ygandi. Har bir qadamda xuddi yer soti ilohlari manzilidek sovuq ruhiyat va sarob kabi jimjima to‘shalib yotardi. Darbon meni arshi a’loga olib chiqayotgandek oltin zinalardan yuqoriga boshlab borar, men esa atrofimdagi naqshlaru oppoq nafis marmarlardan hayratda qolgancha uning izidan yosh boladek ergashib ketayotgandim. Zina oxirida, eshik oldida bizni salobatli, sochi qirtishlab olingan, umrida quyosh ko‘rmagandek tanasi ko‘kimtir tusga kirgan odam kutib oldi.
– Ey, muhtaram eshik og‘asi, sartarosh keldi! – dedi darbon unga egilib ta’zim qilarkan.
Eshik og‘asi bosh irg‘adi, meni boshdan oyoq kuzatib chiqdi. Men ham uni kuzatdim: bir umr yashagan yer ostidan hozirgina chiqib kelib, ko‘zlari qamashayotgandek quyosh taftidan o‘zini tortib turardi. Ammo har bir harakati aniq, hisobli edi.Keyin U “izimdan yur” degandek nigohi bilan ishora qilib, ichkari boshladi. Biz yana go‘yo oddiy pillapoyalar emas, arshu a’loga olib chiqadigandek haddan oshiq zebu ziynat berilgan zinalardan ko‘tarildik, go‘yo osmonu falakni suyagandek mahobat bilan qad kerib turgan ulkan ustunlar qalashib yotgan xonalardan, dahlizlardan, bo‘lmalardan o‘tdik. Nazarimda umrim bino bo‘lib bunchalik ko‘p yurmagandek edim. Go‘yo dunyoning bu chekkasidan narigi chekkasiga borayotgandek, – Iskandarniki bo‘lsa kerak, – turli holatlari aks etgan haykallaru bosh qoliplari qalashib yotgan yo‘lak bo‘ylab uzoq yurdik. Nihoyat katta, hashamli, o‘rtada oltin taxt turgan xonaga kirdik. Taxt yonidagi naqshinkor kursida o‘rta bo‘y, kaltabaqay, yuzlariga ilohiy bo‘yoqlar surilgan, boshiga uzun kuloh kiygan kishi o‘tirardi. Kulohdan bildim, bu Iskandar edi. Faqat ugina Axuramazdaga xos shunaqa ko‘k kuloh kiyishga haqli edi. Darbon meni bu haqda ham ogohlantirgandi. “Toki soqolini olguningcha, Iskandarning boshidagi kuloh yechilmaydi. Rusumi shunaqa. Soqol to‘la olingach, kohin kelib, boshdagi kulohni oladi, Iskandarning boshiga muqaddas buloq suvini sepadi, bu paytda sen boshingni eggancha miq etmay o‘tirasan” degandi. Bu yerda men guvoh bo‘layotganlarim tashqarida kezib yurgan afsonayu mish-mishlarga hecham to‘g‘ri kelmasdi. Bu yer ilohiy zot yashaydigan mehrobdan ko‘ra jinoyatchilar ustidan hukm o‘qiladigan va qatl etiladigan maydonni eslatardi. Iskandarda ham hech qanday mahobat yo‘q, xuddi yeb o‘tirgan noni tortib olingan qalandardek yuzida alamzadalik qotib qolgan, na nur, na ilohiyot taralardi. Bu meni biroz ajablantirdi. U qayoqqadir shoshilib turganini bildirmoqchidek yelkasiga qizil duxoba tashlagan holda soch-soqol oldirishga tayyor bo‘lib turardi. Hozirgina uning yelkasiga duxoba tashlagan kohin men kirishim bilan tojni ushlagancha nari ketdi. Aftidan, bu yerda har bir soniya o‘lchovli edi. Hatto mening qadamlarim ham hisobga olinganday, eshikdan kirib, ostonaga birinchi qadamni tashlashim bilan toj boshdan olingan, o‘rniga kuloh kiygizilgan edi. Bunchalik batartiblik meni biroz esankiratib qo‘ydi. Bu yerda har bir bosilgan qadam hisobli ekan, unda butun mahoratimni ishga solib, belgilangan muddatda ishimni yakunlashim kerak. Eshik og‘asi menga “boshla” degandek yana nigohi bilan ishora qildi. Men hammasini tushundim. Bu yerda izoh so‘rash, surishtirish ortiqcha, tilu zabon ojiz. Darhol ishga kirishdim. 
Iskandarni tashqarida xushsurat, alpqomat, ikki yelkasiga ikkita farishta qo‘nib turadi, siymosi tong oftobi kabi shafaq taratadi, deb ta’riflashardi. Ko‘z oldimda anchayin xunuk, yuzi gezargan, ko‘zlari o‘lja ko‘rgan bo‘rinikidek sovuq, kishiga hamisha shubha va gumon bilan boqadigan badburush kimsa turardi. Xizmatkor, eshik og‘asi, ikkita xos soqchi va kohin mening har bir harakatimni sinchkovlik bilan kuzatishardi. Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi. Ular Iskandarni har qanday suiqasddan asrashlari kerak. Avval bir sidra ko‘pik bilan soqolini oldim. Buni menga darbon yo‘lda tushuntirgandi. “Iskandarning oldin soqolini olib, keyin sochiga o‘tasan. Tartib shunday”, degandi u. Men soqolni qirtishlarkanman, chandiqlarni tilib yubormaslik uchun butun mahoratimni ishga solardim. “Iskandar Axrimanning ko‘plab yovuz kuchlari bilan olishib, yuzida o‘sha ulug‘vor janglarning izlari qolgan, juda ehtiyot bo‘lishing kerak, mabodo birontasidan qon ketsa, boshing ketadi”, degandi darbon. Ko‘klam jilg‘alari tilimlab tashlagan adirni va seldan so‘ng yorilib qolgan qatqoloqni eslatadigan yuzni mo‘ylardan tozalab bo‘lgach, yengil tortdim. Eng og‘ir ish orqada qolgandi. Endi buyog‘i oson. Sochni bir pasda qirib tashlash mumkin. Soch olish bo‘yicha bu mamlakatda mening oldimga tushadigani yo‘q. Qolaversa, darbon meni soch olishning murakkabligi haqida ogohlantirmagan. Demak, qiyin ish ortda qoldi. Men oldingi sartaroshlar nega aqldan ozar darajaga yetganliklariga biroz ajablandim ham. Iskandarning na o‘zida, na yuzida, na xatti-harakatida aql oladigan hech narsa yo‘q. Oddiy, hatto terisi o‘ta jo‘n, qurumsiq, xuddi kalatakesakning terisini eslatadigan ozgina badbo‘y hid ham anqirdi. Buning nimasi ularni aqldan ozdirdi ekan?! Iskandar xuddi qadimgi ma’budlarday xo‘mrayib, jim o‘tiribdi. Demak, ishimdan norozi emas. Men yengil tortdim. Soqol olib bo‘linganini bildirish uchun eshik og‘asiga o‘girildim, u kohinga qaradi. Kohin Iskandarga yaqinlashdi. Men xuddi darbon tushuntirgandek, yerga cho‘kkancha, ta’zim qilib, bosh egib turdim. Kohin kiyimlarining shitirlashigina qulog‘imga chalinardi. Keyin yuziga purkalayotgan suv tovushi keldi, izidan Iskandar suvdan qultumlab ichib qo‘ydi. Darbon bu suvni muqaddas “mada*” suvi deb aytgan edi. Bu suvni ichgan va unda cho‘milgan abadiy yashaydi, abadiy hukmronlik qiladi. Iskandarning qudrati shundaki, u bobomning bobosi davrida ham hozirgiday navqiron ko‘rinishda bo‘lgan, nabiramning nabirasi davrida ham men ko‘rib turganday ko‘rinishda qoladi. U bu dunyoga abadiy hukmronlik qilib, bizni adolat va ravnaq, hidoyat va taraqqiyot sari yetaklaydi. Bizni zalolat botqog‘idan xalos qilish uchun yuborilgan falakning inoyati, saxovati, himmati va shafqati u. Bu unut zaminda judolik uqubatiga g‘arq qilinganlar uchun ilohiy diydor tajassumi. U boshimizda balqib turgan quyoshimiz, mangu mehrobimiz, Axuramazdaning tal’ati, yo‘q, yo‘q, u oramizdagi Axuramazdaning o‘zi. Shafqat va inoyat uchun, muruvvat va marhamat uchun, sahro jizg‘anagida qolgan qalblarimizga obi hayot berish, chanqoq dillarni qondirish uchun oldimizga tushgan... 
Saldan so‘ng kohinnning qizil ridosi mendan uzoqlashdi. Shundan kohin Iskandarni soch oldirishga tayyorlab bo‘lganini sezdim. Eshik og‘asi yelkamga turtdi. Men endi sochni ola boshlashim mumkinligini angladim va xaltamdan soch ustaramni olib, uni qayishga bir ikki qayradim. Iskandarning oldiga kelib, sochni peshona qismdan boshlab olmoqchi bo‘lib, old tomonga o‘tdim va qay yo‘sin qirtishlash qulayligini bilish uchun sochga razm soldim.. Va shunda butun badanimni qaltiroq bosdi. Ko‘rganlarimga ishonmay, eshik og‘asiga qaradim. Eshik og‘asi mendan ko‘z uzmay qarab turar, uning ko‘zida hech qanday ajablanish yo‘q edi. Vaholanki, men ko‘rganni u ham ko‘rib turardi. Keyin kohinga qaradim. U ham xuddi haykalday, hech narsa yuz bermaganday qotib turardi. Ular uchun men ko‘rib turganlarim odatdagi manzara edi. Ha, ko‘zlarim aldamagandi. Iskandarning sochlari orasidan to‘rt enli shox o‘sib turardi. Qo‘llarim qaltiradi. Lablarim pirpiradi. Qo‘limdan ustara tushib ketdi. Oq marmarga jaranglab tushdi. Qo‘rqib ketdim. Hozir Iskandar g‘azabga keladi, boshimni tanimdan judo qiladi degan xayol o‘tdi miyamdan. Ammo negadir bu holatimga hech kim e’tibor bermadi. Iskandar tushib ketgan ustaraga qayrilib ham qaramadi, qolganlar ham pinagini buzishmadi. Shundan bildimki, ular bunaqa holatga o‘rganib qolishgan. Nima qilib bo‘lsa ham o‘zimni bosib olishim kerak edi. Chuqur nafas oldim. Ko‘zlarimni yumib, bir pas turdim. Bu menga dadillik berdi. Keyin peshonamda borini ko‘raman deb, sochni ola boshladi. Ko‘zim shoxga tushganda qo‘llarimda qaltiroq turar, ammo darhol o‘zimni chalg‘itib, nima qilib bo‘lsa ham bu yerdan sog‘-omon chiqib ketishni o‘ylardim. Nihoyat sochni olib bo‘ldim. Shoxning atrofini ham tozaladim. Iskandar boshini kafti bilan silab ko‘rdi, keyin jilmaydi. Bu saroyga kelganimdan beri birinchi marta jilmayishi edi. Kohinning ham yuziga tabassum yugurdi. Demak, ishim bularga yoqqan. Kohin kelib, Iskandarga toj kiygiza boshladi. Tojdan oldin shoxni yopish uchun qalpoqcha kiydirishdi. Keyin unga yana o‘sha suvni tutishdi. Men serrayib qotib turardim. Eshik og‘asi kelib yelkamga qo‘l qo‘ydi. Shunda bu yerda ishim tugaganini, hammasi yaxshi o‘tganini angladim. Ustaramni va xaltamni yig‘ishtirdim. Eshik og‘asi bilan yana o‘sha uzun yo‘laklar, aylanma dahlizlar va sirli bo‘lmalar orqali orqaga qaytdik. Zinaga qaytib chiqqanimizda darbon pastda soqchilari bilan kutib turardi. Eshik og‘asi haqimni berarkan, menga o‘ta sovuq ohangda shipshidi: “Sen bu yerda ko‘rganlaringni unut. Biron kishiga gullasang, o‘zingning va yaqinlaringning joni olinadi, moli g‘orat bo‘ladi. Shuni bilgilki, uyingning devorida ham, yurgan yo‘lingda ham quloq bor. Og‘zingdan chiqqan tovushni ham bizga yetkazishadi. Tilingni tiysang yashaysan. Aksincha bo‘lsa, o‘sha zahoti anovi jallod qarshingda paydo bo‘ladi.” U imo bilan saroy chetidagi supada oyboltasini ko‘tarib, xuddi “qani, navbat kimniki?” degandek oldidagi kundani aylanib yurgan badbashara, bahaybat, odamdan ko‘ra devga o‘xshab ketadigan barzangini ko‘rsatdi. Jallod har damda boltasini bir siltab olardi, go‘yo bu bilan xayolidagi mahkumning boshini tanasidan judo qilayotganday bo‘lar va uning boltasidan atrofga vahimali “shuv...shuv” degan sas taralardi. Hammasiga tushundim. Menga bu yerda ko‘rganlarim haqida gapirish ta’qiqlanayotgan edi. Avvaliga sog‘-salomat chiqqanimga xursand bo‘lib, bajonu dil bosh irg‘adim. Darbon bilan darvoza tomon yo‘l oldim. Endi buyog‘i ozodlik edi. Bu yerdan sog‘-salomat chiqqanimga shukurlar qilib, qushday uchib borardim. Men ozod edim. Menga ham, zabonimga ham, sezishimcha, aql-idrokimga ham hech narsa qilmagandi. Demak, shuncha sartaroshlar ichida faqat men bu saroydan aql-hushi joyida bo‘lib chiqib ketayapman degan xulosaga keldim. Bu taqdirning siylovi, tangrilarning inoyati, Iskandarning marhamati edi. Hayot yanayam go‘zal ko‘rinib ketdi ko‘zimga. Saroydan uyimgacha qushday uchib bordim. 
Ammo yanglishgan ekanman. Ikki kundan keyin ko‘rganlarim ko‘z oldimdan ketmay qo‘ydi. Qayoqqa qarasam, boshdagi shox ko‘rinardi. Ustiga ustak ayolim, bolalarim va yaqinlarim menga saroyda ko‘rganlarimni aytib berishni talab qilib, holi jonimga qo‘ymas, men esa ularga nima deyishni bilolmay lol edim. Bu haqda gapiray desam bolalarim va yaqinlarimning boshiga ko‘zim tushar, birdan fikrimdan qaytardim. Har burchakda josus ma’budlar mening og‘zimni poylab turganday bo‘lardi. Birdan tilimni tishlardim. Shu taxlit kunlar o‘tdi. Menga hech narsa yoqmas, ichimga kirib olgan Iskandarning siri menga tinchlik bermas, ammo uni oshkor qilishdan ham qo‘rqardim. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadigan holatga tushgandim. “Ey, odamlar, Iskandarning shoxi bor!” deyishim bilan o‘zimning va yaqinlarimning boshiga nima kunlar tushishini tasavvur qilib, yuragim orqaga tortib ketardi. Tilni tiyib ko‘rganlaring, boshingdan kechirganlaring, guvoh bo‘lganlaring haqida lom-mim demay yurish bunchalik og‘irligini ilgari bilmagan ekanman: axir menga tilim, zabonim butun bo‘la turib, ko‘rganimni ko‘rmadim, bilganimni bilmadim deyish, xuddi gungu kar odamlardek yashash, bir umr til tiyib yurish, boshqacha aytganda, Iskandar uchun tilimni, borlig‘imni qurbon qilishim kerak edi. Ammo jim yurib ham bo‘lmasdi. Jim yurish aqldan ozdirardi, telba qilardi. Xuddi ichimga jin kirib olganday edi. Bu jin ertayu kech xayolimni Iskandarning boshida turgan shox bilan band qilar, u haqda kimgadir aytish, bu sirni ochib, fosh qilish istagini uyg‘otar, ko‘ringan har bir odamga “Ayt, ayt” deyotganday tuyular, bu istak ba’zida meni shunchalik qistovga olardiki, butun badanim qaqshay boshlar, boshimga og‘riq kirar, paylarim tortishib, xuddi tutqanoq tutayotganday qaltiroq va azobdan bukilib qolar, ichimdagini aytib, hammasidan bira to‘la qutilish istagi paydo bo‘lar, biroq meni bu istakdan eshik og‘asi bolalarim va yaqinlarimning jonini qilga osib qo‘ygan ogohlantirishigina saqlab qolar, chorasizlikdan bukilib olib, a’zoi badanimni qaqshatayotgan og‘riqni bosaman deb g‘ujanak bo‘lib olar, ichimda go‘yo butun shaharni, butun mamlakatni yondiradigan alanga lovullab, meni taftida qovurib-qovjiratib turganday tuyulardi. Ichimdagi olovni hech narsa bilan o‘chirib bo‘lmasdi. O‘chirish uchun faqat ichimdagini aytishim kerak. Lekin bu mamlakatda birovga bu haqda gapirish o‘lim bilan baravar edi. Birontaga endi gap boshlayman deyishim bilan shunday yonimda kundani aylanib yurgan jallod paydo bo‘lar va oyboltasini baland ko‘tarardi. Uni ko‘rib tillarim tanglayimga yopishib qolar, kalima kelmas, kiyimlarimni sovuq ter ho‘l qilib yuborardi. Bu qandaydir tavqi lan’atga o‘xshardi: qachon ichimdagini aytaman desam, vujudimda xuddi bo‘ron kabi qaltiroq boshlanar, o‘sha zahoti qarshimda jallod paydo bo‘lar, “qani, boshingni kundaga qo‘y” deyotganday ko‘zlarini lo‘q qilib tikilar, jonholatda tillarimni tishlab olar va uni ko‘rmaslik uchun ko‘zlarimni yumar, toki ichimdagi qaltiroq pasayguncha shu holatda qotib turaverardim. Tushlarimda ham oyboltaning “shuv...shuv” etgan tovushini eshitib yotar, go‘yo oybolta boshimiz ustida sermalayotganday uxlab yotgan bolalarimning boshini tanam bilan to‘sgancha, yotib olardim. Mening tush va hush aralash bu holatim ayolim va bolalarimda qanchadan qancha noroziliklar, ajablanishlar uyg‘otmadi deysiz. Keyinchalik ular ham meni boshqalar kabi aqldan ozgan deb o‘ylay boshlaganini ko‘zlaridan, yuzlaridan bilib turardim. Odamlargina emas, ma’budlar ham Iskandarga xizmat qilib, nafaqat so‘zlarni, har bir tovushimni yetkazib turishibdi. Ayg‘oqchi shamollar ham atrofimda gap olish uchun gir-gir aylanib yuribdi, josus daraxtlar tunlari derazamga suyanib, tushlarimga quloq tutadi. Bepoyon osmon “ko‘ngling kir sening” degandek ko‘zlarimga lo‘q bo‘lib tikiladi, uyim atrofida chigirtkalar, qurvaqalar navbatchilik qiladi. Hammasining maqsadi meni gapga solib, keyin borib chaqish va xonumonimni kuydirish. Kimga qaramay, boshqa maqsad ko‘rmayman. Ichimdagini aytishga, dardimni yoyishga munosib quloq, munosib hamdard yo‘q. Xuddi telba kabi kun uzog‘i shahar aylanib yurar, birdan bo‘shalib ketmaslik, gapirib yubormaslik uchun tilimni mahkam tishlab olardim. Tilimga ishonmasdim. To‘satdan sirni ochib yuborsa, keyin bolalarimu yaqinlarimni ko‘z oldimda qatl etishsa... Qatl manzarasini tasavvur qilib, xuddi tilim mendan qochib, aytib qo‘yadiganday, tilimni uzib tashlagim kelardi. Tilim yara bo‘lib, og‘zimdan qon oqib yuradigan bo‘ldi. Hamma qo‘lini bigiz qilib meni ko‘rsatishar, meni ham aqldan ozdi deb o‘ylashardi. Odamlarni ko‘rdim deguncha menda aytish istagi kuchayar, o‘zimni zo‘rg‘a bosib, tilimni tishlagancha og‘zimdan ko‘pik va qon sachratib ulardan uzoqlashardim. Bora-bora ichimdagi istak kuchayib borar, ammo qarshimda biron tanishim yoki biron yot odam paydo bo‘ldi deguncha, qulog‘im tagida oyboltaning “shuv” etgan tovushi ham eshitila boshlar, u boshim uzra sermanganday tuyular, uning zarbidan olib qochaman deb boshimni egib olar, tanishim bu holatimni ko‘rib, meni ham boshqa sartaroshlar kabi tuzalmas xastalikka yo‘liqqan deb o‘ylagani uning achinish va ajablanish to‘la ko‘zlaridan shundoq ko‘rinib turadi. Bora-bora boltaning tovushi kuchayib bordi. Qaerda bo‘lsam u meni ta’qib etar, bir lahza bo‘lsin tinch qo‘ymasdi. Gavjum joylarda istak avj olar, qaltirab, tilimni tishlab, o‘zimga og‘riq berib, zo‘rg‘a qochib qolardim. Oxiri chidolmadim. Olomondan o‘zimni olib qochib, ovloq ko‘chalarga, odamlar yo‘q joylarga chiqib keta boshladim. Odamlardan uzoqda bu istak va bolta tovushi ozroq bo‘lsa ham pasayardi. Endi men shaharning huvillab qolgan kimsasiz ko‘chalarini telbalarday kezib yurardim. Bu yerlarda ichimdagi qaltirash, qo‘rquv bosilar, og‘riq yumshardi. Shunda hech kim tushunmaydigan ohangda xuddi itlardek alam bilan uvillab-uvillab qo‘yardim. Go‘yo shu bilan ichimdagi darddan butun dunyoni xabardor qilmoqchiday edim. Ammo dunyo gung va kar edi. U meni tushunmas, uvillashlarimga e’tibor bermas, atrofimdan meni masxara qilayotgan vaqt va olomon bilan birga qo‘shilib o‘tib ketardi. 
Bir kuni dard yanayam zo‘raydi, qayga borsam, o‘tirsam ham, tursam ham bolta tovushi ta’qib qila boshladi. Nima qilib bo‘lsa ham undan qutulishim kerak edi. Qulog‘imni kar qilgudek jaranglayotgan bu tovushga va tanamni qaqshatayotgan og‘riqqa bir chora izlab, shahardan qochib dalaga chiqib ketdim. Dalada yurib-yurib, oxiri bir paytlar bolalagimizda mol boqadigan to‘qayga kelib qoldim. Uzoqlarda tog‘ yastanib yotardi. Avvaliga o‘sha tog‘larga qarab ichimdagini aytgim keldi. Ammo atrofimda aylanib-o‘rgilib, barlarimni va sochlarimni o‘ynoqlayotgan shabboda tovushimni Iskandarga yetkazishdan qo‘rqardim. Najot istab atrofga alangladim. Birdan esimga to‘qaydagi quduq tushdi. Bolaligimizda biz undan sado qaytishi uchun ismimizni aytib chaqirar, saldan keyin quduq tubidan ismimizning g‘alati ohangdagi aksi qaytib kelib, bizning kulgimizni qistar, ichagimiz uzilguday kulib, yana baqiraverardik. Boshimizni quduqqa tiqib qancha qichqirsak ham ovozimiz tashqariga chiqmas, quduq tubiga izsiz singib ketardi. Mana endi yana o‘sha quduq oldida turibman. Agar unga boshimni tiqib qancha baqirsam ham quduqdan boshqa hech kim, na shamol, na osmon, na qushlar eshitmasligi aniq. Atrofimga qarab oldim. Tovushim yetadigan kenglikda, tepamda hech zog‘ yo‘q edi. Shunda quduq boshiga keldim, boshimni quduqqa tiqib, xuddi bolaligimdagidek bor ovozim bilan shuncha kunlar aytishni menga ta’qiqlashgan, shuncha kunlar xayolimni band qilib, meni telba qilgan sirni baqirib-ho‘ngrab ayta boshladim: “Iskandarning shoxi bor. U Axuramazda avlodi emas, u Axrimanning zurriyodi ekan. Uning shoxi bor ekan!!!” Xumorim chiqquncha baqirdim. Ko‘zlarimdan yosh potirlab oqardi. Bu sevinch yoshlari edimi yoki qayg‘umi, bilmadim. Lekin ho‘ngrab yig‘lar va yana baqirib, Iskandarning shoxi haqidagi sirni quduqning tubiga oshkor qilardim. Ichimni kuydirayotgan, meni telba qilgan sirimni aytadigan, mayli, u jonsiz va tubsiz quduq bo‘lsa ham dardimni eshitadigan topilganidan o‘zimda yo‘q baxtiyor edim. Har baqirganimda badanimdan, boshimdan og‘riq, kasallik arir, vujudim yengillashar, tanamga quvvat va hayot qaytar, eng muhimi meni ta’qib qilib yurgan bolta tovushi ham mendan uzoqlashib borardi. Oxiri u tinib, qulog‘imga oddiy shang‘illash kela boshladi. Shu kuni kechgacha quduqqa Iskandarning saroyida nimani ko‘rgan va his qilgan bo‘lsam, hammasini aytib berdim. Shu yo‘l bilan o‘zimni muqarrar telbalikdan asrab qoldim. Ichim bo‘shalgan, olov tafti bosilgan edi. Ichimda nimadir chiqib, quduqning tubiga dumalab ketganday, shuurim, vujudim yalang‘och bo‘lib qolganday edi. Ammo salomat, tetik edim. Tanamga yana quvvat va hayot qaytgandi. Butun dardimni, sirni va ko‘rgan-kechirganlarimni shu yerga tashlab shaharga qaytdim...
...U shaharga ketdi. Keyinchalik eshitdik, uni Iskandarning josuslari va ma’budlar qahru g‘azabga to‘lib izlashibdi. Ammo uni boshqa hech joydan topisholmabdi. U quduqqa kelib dardini aytgach izsiz g‘oyib bo‘libdi. Ayg‘oqchilar iz va is olib to‘qayga va bizning oldimizga ham kelishdi, ular quduq tublarini ham titkilashdi, ammo bu payt bizni qamish barglari o‘z hovuchiga yashirib qo‘ygandi. Biz esa qamishning bargida uzoq uxladik va bir kuni qamishga aylanib, quduq tubidan o‘sib chiqdik. O‘sha yili qurg‘oqchilik keldi. Ammo bizning tomirimiz suvga tegib turardi. Biz tez bo‘y cho‘zdik. Bo‘yimiz quduqdan tashqariga chiqib, olis va vahimali shaharlarni ham ko‘ra oladigan darajaga yetdi. Osmonga intilgan do‘stlarim bilan birga shamolda tebranib, har o‘tgan-ketganlarga nimadir deb shovullardik. Ammo bizni hech kim tushunmas, hech kim shovurimizga quloq tutmasdi. Oradan oylar o‘tib, to‘qayga turli tomonlardan qismatlariga dunyoni o‘zgartirish bitilgan cho‘pon bolalar kela boshlashdi. Oldin o‘yin ilinjida to‘qayni, keyin bizning atrofimizda aylanishdi. Bo‘liq, tarsillab turgan tanamizni ushlab ko‘rib, bir-birlariga nimadir deya boshlashdi. O‘tkir pichoqlarini chiqarishib, bizni bo‘laklab kesishga tushishdi. Keyin ular bizdan sibizg‘a yasashdi. Endi biz qamishdan ohangga aylangandik. Sibizg‘ani chalib ko‘rishganda biz ichimizdagi hamma narsani to‘kib soldik. Cho‘pon bolalar o‘zlari yasagan sibizg‘alarni yo‘l bo‘yi boshqa bolalarga tarqatib ketdilar. Bolalar esa tun-kun sibizg‘a chalishar, sibizg‘adagi ohang eshilib buralib odamlarni ogoh qilardi:”Iskandarning shoxi bor... Iskandarning shoxi bor...” Tez orada biz o‘sgan quduqdan chiqmagan boshqa sibizg‘alar ham paydo bo‘ldi. Keyin yana boshqalari. Turli makonu manzillarda yasalgan bu sibizg‘alar ham bizga o‘xshab, shox haqida nola qilardi. Shundan keyin bildik, sartaroshning qismati mangulikka mahkum qilingandi: u hali hanuz dunyo kezib yurar, qaerda quduq bo‘lsa, unga ichidagi sirni aytar, Iskandar josuslari ko‘mib ulgirmagan quduqlardan qamishlar o‘sib chiqib, sibizg‘aga aylanardi. Bolalar esa tun-kun sibizg‘a chalishar, sibizg‘adagi ohang eshilib-eshilib odamlarni ogoh qilardi: "Iskandarning shoxi bor... Iskandarning shoxi bor..."

*Mada, boshqacha nomi xaoma – zardushtiylik dinida muqaddas suv. Bu suvni ichgan abadiy yashaydi deb hisoblangan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.