OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nigora Jaloliddin qizi. Umid bekati (hikoya)

Zulayho bomdod namozini o‘qib bo‘ldi-da, hovliga suv sepib, supurishga tutindi. Kechasi bilan uyqusi qochgani yetmagandek, yodiga yana kechagi uchrashuv tushib battar bedorlandi. Abrorni o‘ylay boshladi. Nima dedi? “Siz beg‘uborsiz, yaxshi ayolsiz... Sabr-matonatlisiz...” dedimi? Buni shunchaki ko‘ngil uchun aytmadimikan?
 ...Og‘ilxonadagi sigirni sog‘ib bo‘lgach, gazni yoqib, choynakni olovga qo‘ydi. Qozonga sutni suzib soldi-da, uni pishira boshladi. Bolalari uxlab yotgan uyga kirib, o‘g‘lining ochilib qolgan ko‘rpasini ohista ustiga yoparkan, pishillab shiringina uxlayotgan qizalog‘iga mehr bilan boqdi, Zulfizar ko‘zini elas-elas ochgancha onasiga qarab tamshanib qo‘ydi. Tavba, bu yil maktabga chiqdiyu, hamon erkaligi qolmagan. Zulayho qizalog‘ining mayin sochlarini silab, peshonasidan o‘pdi. O‘g‘lining boshidagi yostig‘ini to‘g‘rilab qo‘yarkan, rahmatli eriga chunonam o‘xshab borayotganini his etib, yuragi jizillab ketdi. Qanday barvasta, vazmin va ko‘rkam yigit edi-ya? Qo‘lidan kelmaydigan ishning o‘zi yo‘q edi, Zulayhoni yeru ko‘kka ishonmasdi. Bularning baxtiga ko‘z tegdi, deganlar haq bo‘lishsa kerak. Iloyim, bolalarining umri otasiga o‘xshamasin-da. Zulayho og‘ir xayollar iskanjasida dilbandlariga termulib o‘tirarkan, birdan qozonidagi sut esiga tushib o‘rnidan irg‘ib turdi va oshxonaga qarab chopdi. Xayriyat, vaqtida esiga tushibdi. Sutning ko‘pigi qozonning bo‘g‘ziga kelib qolgan ekan. Boshqa yumushlariga unnagan ayolning yodiga takror kechagi uchrashuv keldi...
 Abror sirayam o‘zgarmabdi. Bundan olti yil avval u bilan shaharda tasodifan uchrashib qolgan Zulayho qaynonasiga aza ochgan kezlar edi o‘shanda. Egnidagi qop-qora libos, boshidagi timqora durrachaga tikilib qolgan Abror uni birinchi marta taksida shaharga ketayotganida uchratgan, ayriliq va hijron haqidagi musiqadan ko‘ziga quyulib kelgan yoshni yashirishga urinayotgan yoshgina juvonni ko‘rib ichi ezilgandi. Bu ayol hoynahoy, yaqin kishisini yo‘qotgan, bo‘lmasa musiqani bu qadar ta’sirlanib tinglamagan va mijjalariga yosh qalqimagan bo‘lardi. Boz ustiga, egnidagi qora libos motamsaroligini bildirib turibdi, degan xayol og‘ushida ketib borayotgan Abror haydovchiga sekin shipshigancha boshqa kuy qo‘yishini iltimos qilgandi. Zulayho bo‘lsa buni ilg‘amagan, u o‘z dunyosiga g‘arq bo‘lgancha ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha ketib borar, hatto o‘ziga nigohlarini qadagan erkakni payqamagan ham edi. Ular manzilga yetib kelishganida, Abror ayolning qo‘lidagi og‘ir yukni ko‘rib indamay ketolmadi.
 – Kechirasiz singlim, menga bering, yukingiz og‘ir shekilli, yordamlashib yuboraman.
Begona erkakning ko‘magidan iymangan va atrofdagilardan istihola qilgan Zulayho avvaliga qo‘yavering, dediyu, yana haqiqatan zilday to‘rvasini unga uzatdi.
– Yo‘limiz bir ekan. – O‘rta yoshlardagi erkak chiroyli jilmaydi.
– Men Sadaga ketadigan bekatga borishim kerak.
 – Tavba, tasodifni qarang, men ham o‘sha tomonga ketyapman, yaqinda bir og‘aynimning onasi qazo qilib qolgandi, shunga ta’ziyaga kelayotgandim.
 – Xudo rahmatiga olsin, – Zulayho bir soniya to‘xtab, yuziga fotiha tortdi. – Kelishning ketishi bor ekan-da... – Ayolning og‘ir xo‘rsingani hamrohini sergak torttirdi.
 – Sadada yashaysizmi?
 – Yo‘q, men ham mehmonga kelyapman. Sadada xolam yashaydi, kasal bo‘lib yotib qolganlariga ancha bo‘lgan, ish-tashvish bilan andarmon bo‘lib sira kelolmadim. Shunga...
– Xolangizga xudo shifo bersin.
– Rahmat. Har holda juda qarib qolmaganlar. Endi yetmishni qoralagan.
– Farzandlari bormi?
– Hammasi uyli-joyli bo‘lib ketishgan.
– O‘zingizda bolalardan nechta?
Zulayho nogahonda eng aziz narsasini topib olgandek masrur jilmaydi:
– Bir o‘g‘il, bir qiz. Biri-biridan sho‘x, qizim endigina bir yoshga to‘ldi. Bijir-bijir bo‘lib qolgan, sira akasiga gap bermaydi, deng.
– Qiz bolalar sho‘x bo‘lishadi-da...
– Siznikilar-chi? – Zulayho jilmaygancha hamrohiga qaradi.
Erkakning hozirgina jilmayib turgan ko‘zlariga mung oraladi, nigohini yerga qadagancha og‘ir xo‘rsindi:
– Yolg‘izgina o‘g‘limiz operatsiyadan chiqmadi. Jigar tsirrozi bilan ketdi...
Zulayho ketayotgan joyida to‘xtab qoldi va achinish nazari bilan yonidagi odamga qaradi-da, ovozi zo‘rg‘a chiqqancha gapirdi:
– Meni kechiring, aka. Bilmasdan yarangizga tuz sepib qo‘yibman, uzr... Ayriliq azobi boshimdan o‘tgan.
– Sabr qilmay ilojimiz yo‘q, siz ham siqilmang, bu dunyoda hammamiz omonatmiz.
Erkak undan kim uchun aza ochganini so‘rashga botinolmadi. Hozir shu tobda o‘zi ham ayolga o‘xshab noqulay ahvolga tushib qolishi mumkin.
 – Qolganlar omon bo‘lishsin.
 – Yosh ekansiz, xotiningiz ham yosh bo‘lsa kerak, hali etak-etak bola ko‘rasizlar.- Zulayho shunday deyishga dediyu, erkakning ko‘ziga qaramaslikka urindi.
 – Qaydam, singlim, xotinimga boshqa tug‘ish mumkinmas, deyishgan...
Zulayho yana qovun tushirganini bilib, siqildi. Darhol gapni boshqa tomonga burishga intildi.
 – Iya, bekatga kelib qolibmiz-ku, aksiga olib taksilar ko‘rinmaydi.
 – Xavotirlanmang, birpasda kelib qolishadi. Hozir qayoqqa qaramang, taksi bosgan. Yo‘lovchilar talash, ilgarilari umrimiz bekatlarda o‘tib ketardi. Texnika asri bo‘lib ketgan. Bir kunda boshqa viloyatga yengil mashinada borib, qaytib kelishning imkoni bor-a. Ana, mana shu taksilar adashmasam, Sadaga boradi.
 – Qaydam...
 Ular shu taxlit bekatga yetib kelishdi. Navbatda turgan mashinalardan biriga o‘tirishdi. “Mashina to‘lsin, ketamiz, aka”. Qorachadan kelgan haydovchi Abrorga yuzlandi.

Kun peshinga kelganigami, quyosh atrofni tandirday qizdira boshlagandi. Erkak qo‘lidagi mineral suvni ayolga tutqazdi:
 – Chanqagandirsiz, singlim. Oling, iching.
Zulayho garchi chanqab turgan bo‘lsa-da, olishga iymanib yo‘q, ishorasini qildi.
Shu payt kelib qolgan yo‘lovchilarni olgan taksi ularni manzillariga eltib qo‘ydi. Erkak ayoldan oldinroq tushib qoldi.
 – Tushib ketavering, singlim, men to‘lab qo‘ydim.
Xayol og‘ushida ketayotgan Zulayho sergak tortdi:
 – Voy, yo‘q, o‘zim to‘layman. Ovora bo‘lmang, aka. Boyagi yordamingiz uchun rahmat.
Zulayho bu samimiy odamga mehr bilan qarab qo‘ydi. Tavba, begona erkakning samimiyatidan qattiq xijolat chekardi. Endi boshi ochiq ayol, axir. Eri o‘lganidan keyin qaynog‘asining xotini uni eridan rashk qilgan kunlari esiga tushsa, yuragini g‘ulg‘ula bosadi.
 – Aka, shifonerning eshigi tushib ketibdi, mixlab berasizmi? – Zulayho dam olish kunlarining birida qaynog‘asiga yuzlandi.
 – Albatta, hozir ombordan bolg‘a bilan mix topib chiqay. - Qaynog‘asi kichkina hujraga kirib ketdi.
Oshxona bo‘sag‘asida turgan ovsini Muborak bir yulqinib, qo‘lidagi bolasini xarxasha qilmasa-da, siltab ayvonga ichkariladi. Zulayho uning kayfiyati yo‘qligini sezib, ko‘ngli g‘ashlandi. O‘tgan dam olish kuni ham qildan qiyiq chiqarib, eri bilan rosa jiqillashgan. “Bu hovlida yo biz turaylik, yoki Zulayho!” deya eriga shart qo‘ygan ovsinini bemor yotgan qaynonasi arang bosgandi. Murg‘akkina Sultonni sira yoqtirmaydigan Muborak o‘g‘lini undan “himoya” qilgani-qilgan, arzimagan narsalarni talashib-tortishadigan bolalarning o‘rtasiga tushib, sharmanda bo‘lishdan charchamasdi. Zulayho boshida e’tibor bermadi. Quyilib qolar, uchastkasi bor-ku, ko‘chib ketishar, degan o‘y bilan o‘zini ovutib yurdi. Bora-bora Muborakning xurmacha qiliqlari ko‘payib borgani sayin bu uyda o‘zini ortiqcha his eta boshladi. Kelinchak bekorga siqilmagan ekan, o‘sha kuni shifoner tuzatilmay qolib ketdi. Qaynog‘a xotinining baqir-chaqiridan keyin guzarga chiqib ketib, shom payti kirib keldi.
 – Keliningga uylanib olaqol! Qachon qaramang, bu kishi kelini bilan chaqchaqlashib o‘tiradi, na unisida uyat bor, na bunisida, o‘llaring, moshxo‘rdaga qatiq bo‘lmay! Jahongirning o‘lganiga yil to‘lmasdan semirib qoldi bu oyimcha!
 Oshxonaga pichoq olishga kirgan Zulayhoning tizzalari qaltirab ketdi. Nima deyapti? Shaxd bilan borib, Muborakning sochlaridan yulgisi, ichidagi alamlarini to‘kib solgisi keldiyu, bemor yotgan qaynonasidan tortindi. Kechagina kelinlarining urish-janjalidan qon bosimi oshib, zo‘rg‘a o‘ziga kelgan. Onasiz ulg‘aygan Zulayho qaynonasini koyitishni sira istamaydi. Bu hovlida bir soniya turgisi yo‘q, ammo uni ana shu qariyaning mehrigina ushlab turardi. O‘g‘lidan keyin hech qancha vaqt o‘tmasdan cholidan ham ayrilib qolgan kampirning yana necha kunligi bor, noma’lum.
 Zulayhoning so‘nggi ilinji ham tugadi. Qaynonasi ko‘p o‘tmay, olamdan o‘tdi. Oxirgi nafasigacha yonidan jilmagan kelinini ko‘zi qiymasdan giryon bo‘lgan onaizor uni yoniga chaqirib arang gapirdi:
 – Bolam, qo‘li kaltalik o‘lsin, shu vaqtgacha Boymurodning qozon-tovog‘ini bo‘lak qilib berolmadik. O‘zining noshudligidanmi, bitta boshpanacha qilib olishga yaramadi. Uchastkasiga tosh to‘kkani qachon edi... sen... seni bular tinch qo‘yishmaydi, qizim, haligi... otangning... – Qaynona nafas olishga qiynalib, hansiradi. Tomog‘iga nimadir tiqilgandek, rangi ko‘kardi.
 – Oyi, tushundim, siz o‘zingizni koyimang, iltimos. Hamma gapingizga tushundim, keyin aytasiz, xo‘p, iltimos. Charchab qolasiz, oyijon.
 Oyisining so‘nggi bora nima demoqchi bo‘lganini tusmollagan Zulayho taqdirga ko‘ndi. Eri rahmatli tirikligidayoq, unga ana shu taklifni aytgan, kel, shu kennoyimning g‘idi-bidisidan qochib, otangning hovlisiga ko‘chib o‘taylik, ruhlari shod bo‘ladi, degandi. Ammo Zulayho chol-kampirni ko‘zi qiymagan, ularning ranjib qolishlaridan qo‘rqqandi...
 Akasidan yordam so‘rashga iymangan kelin erkak qiladigan ishlarni ham o‘zi bajarishga majbur bo‘lgandi. Qaynonasining qirqi o‘tgach, Muborak to‘nini teskari kiyib oldi. Zulayho yosh bolasi bilan ishga tushmaganidan uyda ovsini bilan jiqillashaverishdan obdon bezdi, oyisining yili o‘tishini kutmay, otasidan qolgan hovliga ko‘chib o‘tdi. Mahalla-ko‘ydagilar buning sababini Zulayho aytmasa ham tushunib yetishgandi, agar qaynog‘asining ozgina g‘ururi bo‘lganida jo‘jaday bolalari bilan tul qolgan kelinini to‘kilay deb turgan hovliga tashlab ketmasdi. Ko‘proq Boymurodni yozg‘irgan mahalla ahli Zulayhoga achinishdi, ammo o‘qimishli ayol darrov o‘zini o‘nglab oldi, bolalarini bog‘chaga joylab, maktabdagi ishiga qaytdi.
 Muborakning asossiz rashki tufayli chol-kampirdan qolgan uyni tashlab chiqib ketishga va ota-onasidan meros qolgan eski xo‘jalikda yashashiga to‘g‘ri kelganida, Zulayho “eskini yamagancha esi ketishini” tasavvur ham qilmagandi. Yaxshiyamki, o‘zi ishlayotgan maktab ma’muriyati, hamkasblari beva qolgan yoshgina kelinchakni suyashdi. Uni paxta mavsumidan ozod qilishib, bir-ikki dastyor ajratishdi va chakka o‘tadigan tomini yangilab olishiga ko‘maklashdilar. Narigi mahallada yashaydigan qaynog‘asi har kuni ertalab Zulayhoning ko‘chasidan ishga o‘tadi. Biror marta kelinining uyiga bosh suqmadi. Ovsinining fe’lini yaxshi bilgan Zulayho undan o‘pkalab ham o‘tirmadi. Yolg‘izning yori Xudo deganlari rost ekan. Buyog‘iga ham o‘zi qo‘llar... Ayol shularni o‘ylab ichi ezildi. Shukrki, ikki norasidasi bor. Agar ular bo‘lmasa, bu dunyoning qizig‘i qolmasmidi? Bechora Abrorning boshiga tushgan g‘am yomon bo‘libdi. Xotini yana tug‘masa... Bola asrab olishsa kerak. Bolasiz uy mozor, deganlari rost ekan.
 Sadadagi xolasining oldiga Zulayho aslida erining qarzini uzish uchun kelgandi.
 – Xolajon, mana bu pullarni olib qo‘ying. – U ohista xolasiga bir taxlam pul tutdi. Bu uning bir oylik maoshi edi.
 – Erim rahmatli o‘limidan oldin sizdan qarz ko‘targan ekan, keyin eshitib qoldim. U dunyoda azob chekmasin... O‘sha pullar ham uni saqlab qololmadi. Kasali o‘tib ketgan ekan-da, xolajon...
 – Qo‘y, bolam, buni bolalaringga ishlatasan, men minba’d roziman, Jahongirning qarzidan allaqachon kechganman. Qaniydi, pul topolmay qiynalib yurganini oldinroq eshitganimizda, borimizni to‘kib sochardik, bu ordona unga asqotgan bo‘larmidi...
 Xola ko‘zlariga yosh oldi. Sarg‘aygan yuzlaridan ikki tomchi yosh dumalab tushdi.
 – Opam rahmatli Jahongirning dog‘ini ko‘tarolmadi. Seni juda yaxshi ko‘rardilar, chol-kampirning chirog‘ini yoqishingga ham qo‘yishmadi-ya, nokaslar. Go‘r bo‘ldimi, Muboringning qachon qarama, bolalari g‘avg‘o chiqaradi. Hali oshxonasi yonib ketadimiey, hali pichanidan o‘t chiqadimi, o‘sha kuni Boymurod kelib ketdi. Uchastkasini sotib yuboribdi, uy qurishga holi yo‘qmish. Ham jigarimdan qolgan uy, ham uchastka, ham bog‘ shu noshudga qoldi, loaqal bittasini Sultonga ilinishmadi. Rosa koyidim, boshini ko‘tarmaydi. Yetimning uyini egallab, rizqini yeb o‘tiribsan, ogoh bo‘l, desam, kelin o‘zi uyni tashlab chiqib ketgan, deydi. Xotinining johilligini, tizgini uning qo‘lida ekanligini tan olmaydi.
 – Unday demang, xolajon, menga na uyi, na bog‘i kerak, hamma narsamiz bor. Otam rahmatli ekib ketgan noklarning mevasini aytmaysizmi, boyagi noklar-chi, mazasi tilni yoradi. Yong‘oqning o‘zidan uch xil navi bor, kuzda besh qop meva qildi. Ortiqchasini sotdik.
 – Umringdan baraka top, qizim, biz senga berishning o‘rniga Rasul akangdan bir to‘rva berib yuboribsan, duo qilib yedik. O‘kinma, bolam, o‘tganlarning ruhi seni qo‘llaydi. Hali juda yoshsan, baribir turmush qurishing kerak. Ikki bola bilan hayhotday hovlida shumshayib o‘tib ketolmaysan-ku, buning ustiga zamon notinch, go‘daklaring bilan bir o‘zing qanday qilib hovlida yashaysan? Yaxshi-yomon bor, shularni o‘ylab rosa siqilaman. Koshki qo‘limdan biror yordam kelsa... Nimalar deb aljirayapman-a? Hali o‘ttizga ham kirmagansan. Nima bo‘lganda ham yosh qolding, yomon bo‘ldi, bolam, yosh umring uvol...
 – Erning nima keragi bor, xolajon. Bolalarni oyoqqa turg‘azib olay, duo qiling. Keyin hadeb siqilmang, otamdan qolgan uyni binoyiday qilib olganmiz.
 – Rasul o‘g‘lim aytdi, tadbirli, sabrli ekanligingni rosa maqtaydi. Baribir o‘qigan qizlar ro‘zg‘orni eplab ketarkan. Kelinim ham pishiqligingni, eski uyni yangiday qilib olganingni aytib kelganidan beri ko‘nglim ancha xotirjam, baribir hali yoshsan-da, bolam. Opam rahmatli yosh qolganingga ham kuyib ketdilar.
 – Siqilmang, xolajon. Nolimayman, Sultonjon sal katta bo‘lsin, yonimga kiradi.
 – Inshoolloh, Xudo sabr bersin senga. O‘zing ota-onasiz o‘sganing yetmaganday, qaynota-qaynonang ham erta ketganiga kuyaman-da. Eringga ko‘z tegdi, bolam. Qanday oqil, azamat yigit edi-ya... – Xola yana yig‘lab oldi. – Rahmatli egachim shu o‘g‘lini juda yaxshi ko‘rardi. Kattam mehribon emas, bunim boshqacha, Jahongirimdan umidim katta, deb qo‘yardi. Yaxshiga yurim yo‘q ekan, bolam.
Zulayhoning ko‘zlariga daf’atan quyilib kelgan yosh boyadan beri o‘z qayg‘usi bilan andarmon xolani sergaklantirdi, o‘zini koyigan bo‘ldi: “mengina o‘lay, yarangni yangilab qo‘ydim-a?” Eri o‘lganiga hademay yil bo‘ladi, ammo uni eslasa, Zulayhoning mijjalariga yosh qalqiydi. Atigi besh yilgina birga yashashdi, yigirma olti yoshida beva qoldi, axir...
Sadadan chiqqanida kun anchayin qaytib qolgandi. Bekatgacha uni xolasining nevarasi kuzatib chiqdi. Bo‘shab qolgan sumkasini oldiga olgancha xayolga berilib o‘tirarkan, ortidan tanish ovoz keldi.
– Iya, tasodifni qarang, baravar qaytibmiz-ku, singil?
Zulayho boyagi yo‘lovchi tanishini ko‘rib kulimsirab qo‘ydi. U kulganida yuzlari biroz yorishgandek bo‘ldi. Ayolning yuzidagi kulgichi erkakning e’tiborini tortdi. Bunchayam ma’suma bo‘lmasa, dilidan o‘tkazdi u. Ammo shu tobda birovning xotiniga ko‘z olaytirayotganini sezib jiddiy tortdi. Uning ham sevimli eri bordir, axir. Ko‘rinishidan juda hokisor ayolga o‘xshaydi, gap-so‘zlari ham ma’nili. Nima bo‘lganda ham u birovning xasmi...
– Bir ko‘rish tanish, ikki ko‘rish bilish. Mening ismim Abror, sizniki-chi, singlim?
Zulayho sekingina ismini aytdi.
– Chiroyli ismingiz bor ekan.
– Rahmat.
– Tanishganimdan xursandman.
Zulayho bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Hovlingiz qaysi tomonlarda?
– Ohangaronda.
– Iya, bitta shahardan ekanmiz-ku. Kimning qizisiz?
 – Mo‘min aka degan kosibni eshitganmisiz? O‘sha kishining qo‘llarida ulg‘ayganman. Pochtaga yaqin joyda yashardik. U kishi mening tog‘am bo‘ladilar. Oyim bilan dadam men chaqaloqligimda Qorasuvga cho‘kib ketishgan ekan...
 Abror bu g‘amboda ayolning o‘tmishini eshitib o‘ylanib qoldi. Unda endi kimga aza ochgan bo‘lsa?
 – Men ham bir yoshimda otamdan, o‘n yoshimda onamdan yetim qolganman. Meniyam tog‘am tarbiyalagan. Shukr, u kishi hayotlar, qo‘llarida turaman. Xotinim ham qarindoshim. Demak...
Abror nimanidir so‘ramoqchi bo‘ldiyu, indamadi.
Zulayho o‘yga cho‘mgandi.
 – Bolalarimning ham otasiz o‘sishlarini istamagandim, lekin noiloj... – Ayolning ko‘zlariga so‘ngsiz mung cho‘kdi. Boyagi yoniq chehrasidan asar qolmadi. U shu tobda uzoqlarga termulgancha oldidagi odamni butkul unutgandek edi go‘yo. Farzand dog‘ini ko‘tarolmay olti oy o‘tgach, oyim bizni tashlab ketdilar. Egnimdagi aza libosini yecholmadim. Onam o‘rnida ona bo‘lib qolgandi u kishi. Erim boshini qattiq shamollatgan ekan, do‘xtirlar to‘g‘ri tashxis qo‘yisholmadi. Keyin.. keyin miya saratoni deb qo‘ya qolishdi. Xullas, davolanishga vaqtida mablag‘ topolmadik... Mayli... nimalar deyapman. Uzr, aka...
Abror qarshisida turgan g‘ambodaga tikilib qoldi. Nima deb yupatishni ham bilmay esankiradi. Biroz sukutdan so‘ng Abror unga dalda bergan bo‘ldi:
 – Boya siz kelish bor, ketish ham bor dedingiz, ha, ketish hammamizning boshimizda bor, faqat qachon ketamiz, bilmaymiz. Sizga jabr bo‘libdi, ammo metin bardoshli bo‘lishingiz kerak, singlim. Bolalaringiz uchun ham yashashingiz kerak, tirnoqqa zor o‘tayotganlar ozmunchami?
Shu payt bekatga birin-ketin kelib to‘xtagan taksilar ularning diqqatini tortdi.
 – To‘ytepaning bozorigacha...
Ular bozorgacha sukut saqlab ketishdi. Keyin yana birgalashib Ohangaronga ketadigan avtobusga chiqishdi. Endi yuraklarida yashirin dard ko‘targan bu ikkovlon so‘zsiz ketib borishardi...
 – Zulayho, singlim, qarang, bir emas, uch transportda hamroh bo‘lib qolibmiz. Biz tomonlarga bolalarni olib o‘tib turing, xo‘pmi? Shundoqqina kanalning bo‘yida yashaymiz. Yangangiz ham xursand bo‘ladi. Bolalar bir yayrab kelishadi.
 – Xo‘p, aka, xudo xohlasa... Yangamni so‘rab qo‘ying, u kishiga ham xudo qo‘chqorday o‘g‘il bersin. Do‘xtirlarning aytganiga ko‘pam ishonavermang. Erimni ikki oylik umri qolgan deyishgandi. Bir yil yashadi-ku...
Ular so‘zsiz xayrlashdilar.
...Oradan oylar va yillar o‘tib, har kim o‘z tirikchiligi bilan ovora bo‘lib ketishdi. Bir kuni Zulayho ishlaydigan maktabda matematika fanidan ilmiy-amaliy seminar o‘tkaziladigan bo‘ldi. Notiqlar qatorida Abror ham bor edi. Ular oshxonada uchrashib qoldilar. Abrorning ko‘zlari qarshisida turgan ayolni ko‘rib yonib ketdi. U Zulayhoni yana uchratib qolishini sira xayoliga keltirmagandi. Ayol ancha o‘ziga kelib, biroz to‘lishgandi. Ilgarigi munglig‘ chehrasida endi yashash uchun kurash, ishga ishtiyoq kuchli edi. Abrorni ko‘rib u ham xursand bo‘ldi.
– Iya, hamkasb ekanmiz-da!
 – Qiziq, o‘shanda rosa suhbatlashibmizu, bir-birimizdan kasb-korimizni so‘ramabmiz.
– Ishlar bilan hormang, Zulayho!
Zulayho qarshisidagi erkakka yalt etib qaradi.
– Demak, ismim ham esingizdan chiqmabdi-da.
– Ismingiz juda chiroyli bo‘lgani uchun xotiramda saqlanib qolibdi. Hatto yaqin do‘stim qiz farzand ko‘rganini eshitib, unga Zulayho deb ism qo‘yishini iltimos qilsam, er-xotin rozi bo‘lishsa deng. Juda shirintoy bo‘lgan.
Abror kulimsiradi. Seminarning amaliy mashg‘ulotlari boshlanguniga qadar suhbatlashib qolishdi. Ayrim g‘alamis chehralar zimdan yoshgina bevaga ko‘z qirlarini tashlab o‘tdilar.
Abror xayrlashuv oldidan uning telefon raqamini so‘radi. Zulayho ham bu samimiy insonga ikkilanmay raqamini berdi. Oradan ikki kun o‘tgach, Abror unga qo‘ng‘iroq qilib, omonligini so‘rab qo‘ydi.
Kunlar shu taxlit o‘taverdi. Abror bu orada tog‘asining qistovi bilan xotinidan ajrashdi. U negadir Zulayhoni eslayverar, ichidagi g‘alayonni qanday bosishni bilmay qiynalardi. Qaysidir yo‘l bilan beva ayolga yordam bergisi kelar, ammo qanday yo‘l tutishni bilmasdi. Ko‘ngliga biror narsa kelib, xafa bo‘lsa-chi? Zulayho juda vazmin ayol, uning dilini og‘ritib qo‘yishdan cho‘chigan Abror ora-sira telefon qilishdan boshqa chora topolmasdi. Tasodifan bozorda uchrashib qolishdiyu, munosabatlari ancha quyuqlashdi. O‘sha kuni Zulayho yetti yoshlardagi sochlari jingalak qizalog‘ini yetaklab borardi. Uning egnidagi osmonrang hilpirab turgan ko‘ylak farishtaning libosiga o‘xshardi. Rangidagi siniqlik anchayin arigan, qizining bijir-bijir gaplariga miyig‘ida kulib borayotgan ayol ro‘parasida turgan Abrorni payqamadi.
– Zulayho!
Ortiga o‘girilgan ayol tanish kishisini ko‘rib unga peshvoz yurdi.
– Assalomu alaykum, Abror aka! Salomatmisiz?
– O‘zingiz omonmisiz? Iya, bu qizaloqni kichkina degandingiz, kap-katta bo‘lib qolibdi-ku?
Qizaloq begona amakidan tortinib onasining etagidan tutdi.
 – Salom, - qo‘l uzatdi notanish amaki unga.
Qiz bir onasiga, bir amakiga qarab oldi.
 – Amakingga salom bermaysanmi, qizim?
Zulayhoning gapidan keyin qizaloq xuddi yaqin bir kishisini ko‘rib qolgandek qo‘l berib o‘tirmadi, aksincha o‘zini uning quchog‘iga otdi. Bola nafasiga zor Abror uni mahkam quchoqladi. Qo‘yib yubormay dast ko‘tarib oldi. Keyin Zulayhoga kulimsiradi.
–Yuring, shu qizimni bir muzqaymoq bilan siylay...
–Oyim urishadilar muzqaymoq yesam, - lablarini cho‘chchaytirdi qizcha.
–Tush endi, Zulfizar! Uyat bo‘ladi, qizim, sen endi maktabga boryapsan-a.
Amaki qizni ohista yerga qo‘ydi-da, borib muzqaymoq olib keldi. Keyin Zulayhoga yuzlandi.
–Ko‘rishib qolibmiz, yuring, bir piyola choy ustida gaplashaylik.
Zulayho uyalib yerga qaradi.
–Ovora bo‘lmang, Abror aka. Biz shoshilinch chiqdik, uyda usta ishlayotgandi. Shunga... Ozgina ohak yetmay qoluvdi.
–Iya, hozir tashkillashtiramiz-da. Menga o‘xshagan akalaringiz turganda siz ustaga ohak tashiysizmi? Uyat bo‘ladiya...
Abror yarim qop ohak, bir-ikki bo‘yoqni xarid qilib chiqib, taksiga yuklay boshlagach, Zulayho shosha-pisha unga bir dasta pul uzatdi.
–Sizniyam ovora qildik. Buni olib qo‘ying.
Abrorning yuzi tundlashdi:
–Meni xafa qilyapsiz, siz bilan kecha emas, olti yil avval tanishgandik shekilli. Sizdan iltimos, ko‘nglingizga hech narsa kelmasin. Yuring-chi, ustangizning ishini bir tekshirib ko‘raylik-chi...
Uyda ustalar ikki kunlik ishni bir haftaga cho‘zgan, Zulayhoning yolg‘iz ayolligini sezib rosa bemalol bo‘lib olishgandi. Abrorni ko‘rgach, sabza urgan mo‘ylablari uchib qo‘ygan yosh usta ayvonda yastanib yotib olgancha tamaki tutatayotgan sherigini chaqirdi.
–Azamat!
U tomondan erinchoq ovoz g‘ijindi:
–Musiqa eshitishgayam qo‘ymaysizmi endi?!
Abror Zulayhoning ustalarga obdon “yolchiganini” sezdi. Bunga darhol chek qo‘yish kerak.
–Qani, shovvozlar, hormanglar endi! Ishingizni bir ko‘rsam devdim, yoqsa bizdan ham buyurtma bor. Yigitchalar notanish erkakka ensalari qotgancha qarab qo‘yishdi.
–Iya, shuvoq ham shunaqa qo‘l uchida qilinadimi? Qoyil-e, opangiz sizlarga ishonib ish topshirsayu, boz ustiga, pul berib ishlatsa, ishonchini suiiste’mol qilsangiz, yaxshi emas, yaxshi emas. Bunisi endi musulmonchilikka to‘g‘ri kelmabdi-da...
 Abror ularni Zulayho turgan joydan nariroqqa yetaklab bordi-da, bir narsalarni uzoq gapirdi. Bir payt ustalar tipirchilab qolishdi. Ular har kungidan o‘n chandon jadalroq ishlay boshlashdi. Peshinda boshlangan ish kechga borib tugadi.
 – Endi oqlashni o‘zimiz qilamiz, sizlarga rahmat. Mana bu xizmat haqingiz, oling.
Abrorning erkaklarcha keskir gapi, ustalarning muloyimlashib, chaqqonlashib qolgani Zulayhoni hayratga soldi. Yana rahmatli erini esladi. Voy, shovvozlar-ey, meni ayol bilib rosa bemalol bo‘lib olishgan ekan-da. Bu savil bir kunda bitar ekanu, men bo‘lsam...
Abrorning uning uchun qilayotgan chiqimlari ayolni xavotirga solardi. Ammo ochiqko‘ngil bu odamga bir narsa deb e’tiroz bildirishga botinolmasdi. Ustalar qatori ovqatlangan Abror shom aralash Zulayho va bolalari bilan xayrlashib chiqib ketdi. Ertasi ertalab kelib ish kiyimlarini kiydi-da, oshxona va g‘aznaxonani chiroyli qilib oqlab berdi. So‘ngra shoshib turganini aytib tushlikka ham o‘tirmay jo‘nadi. Shu ketgancha Abror bir haftadan keyin kelib Zulayhoning chorbog‘idagi tepasi nuragan devorni loysuvoq qilib berdi. Qo‘shnilar bu erkakni usta deb o‘ylashdi shekilli, Zulayhoning yon qo‘shnisi Mohira, o‘vv, kennoyi, qurilishni birdan tezlashtirib yuboribsiz-ku, nima Sultonga to‘y berasizmi, deb qoldi. Zulayho kulib qo‘ydi, ammo javob bermadi. Ichidan qirindi o‘tdi, bolasining qo‘lini halollab qo‘ygan, lekin el qatori yurtga osh berolmagani esiga tushib ko‘ngli buzildi. Hozir sunnat to‘yini o‘tkazish har kimning qo‘lidan kelavermaydi, axir. Zulayho ham quruq oylikka yashaydi. Bog‘dan chiqqan meva-cheva, ekin-tikin ham kuniga yaraydiyu, asosiy xarajati oylik bilan.
Eri o‘ttizning bo‘sag‘asida bedavo dard orqasidan o‘tib qolganida qayinona-qayinotasi hayot edilar. Farzand dog‘i ularni yiqitdi. O‘g‘lining yili o‘tmasdan, avval otasi, keyin oyisi bu yorug‘ olamni tark etishdi. Zulayho haqiqiy yetimga aylanganini his etdi, oz fursat ichida tim qora sochlariga qirov qo‘ndi. Yuzlariga birinchi chiziqlar tortildi. O‘g‘il-qizini mahkam bag‘riga bosarkan, alamini ichiga yutdi... O‘zini ishga urdi. Bu dunyoda yolg‘izman, deb yig‘lashdan qo‘rqdi. Ikki norasidasi uning ikki qanoti bo‘ldi. Yashashga undadi. Eri o‘lgach, yosh bevaga og‘iz solganlar ham ko‘p bo‘ldi. Ammo... Zulayho qaytib turmush qurishdan qattiq qo‘rqardi. Ayniqsa, beg‘ubor qizini ko‘z oldiga keltirsa, boshqa odamlarga uning sochining tukini ham ishonmasligini anglardi. Ammo insonning ertaga nima bo‘lishini, taqdiridagi bitiklarni bilmaydi-da.
 Abror bilan tanishganidan buyon oradan olti yil o‘tibdi. Taqdirmi, tasodifmi, yana uchrashishdi. Ayol ming urinmasin, uning yordamidan voz kecholmasdi. Hayotda o‘z ixtiyoringga bo‘ysunmaydigan holatlar ham bo‘larkan-da...
Abrorning qo‘li tekkan joylarga fayz kira boshladi. Tez orada bolalar ham bu mehribon amakilariga o‘rganib qolishdi. Abror ayniqsa, kichkina Zulfizarni qo‘ldan qo‘ymas, unga ertaklar aytib berar, muzqaymoq, shirinliklar bilan siylardi. Sultonga esa shaxmat o‘ynashni o‘rgatdi.
Bir kuni Zulfizar bolalarcha beg‘uborlik bilan:
–Ayajon, Abror amakim biz bilan yashasinlar, - deb qoldi.
Zulayho qizini sekin qo‘lidan tutib, o‘ziga tortdi:
–Akangga qaragin-chi, senga arg‘imchoq yasayotgandi.
Abror Zulayhoning yuzlari qizarib ketganini sezdi. O‘zi ham shu tobda qizchaning gapidan esankirab qolgandi. Keyin ikkalasi ham bu vaziyatdan chiqib ketish uchun ustalar tugatgan ishni ko‘rish uchun oshxonaga chiqishdi.
 – Sulton, ukangga qara, arg‘imchoq uchaman, deydi.
 – Amakim menga allaqachon arg‘imchoq yasab berganlar, oyi.
Abror oshxonadagi kam-ko‘stlarni, kuygan chiroqlarni tuzatdi. Zulayho ich-ichidan bu hokisor odamdan minnatdor bo‘lib tursa-da, tili chaqqon ayrim qo‘shnilardan istihola qilardi.
– Zulayho...
Abrorning ovozidagi titroq Zulayhoning vujudini yondirdi.
Uyga kirib qolgan Zulfizar Abrorning qo‘lidan tortqiladi:
– Amaki, meni arg‘imchoqda uchiring!
Abror jingalaksoch qizni qo‘liga ko‘tarib olib, uni arg‘imchoqda uchira boshladi.
–Bu qizni hech kim birinchi sinfda o‘qiydi demaydi, tantiqoy! — Zulayho qizining amakisi bilan darhol til topishib ketganiga qoyil qolgancha nari ketdi.
O‘g‘li Sulton uchinchi sinfda o‘qiydi, ancha esi kirib qolgan. Bir kuni dabdurustdan onasidan Abror amakisini so‘rab qoldi:
–Oyi, Abror amakim yaxshi odam ekan-a, menga yoqdi. Sizga-chi? Zuli ham uni yaxshi ko‘radi, - dedi.
Zulayho kulib qo‘ydi, ammo ichida nimadir “yilt” etgandek bo‘ldi.
–Oyi, amakim biznikiga tez-tez kelib tursinlar.
Velosipedini bir haftadan beri tuzatolmay xunob bo‘layotgan Sulton baxtiyor edi:
–Amakim siz ishdaligingizda kelib tuzatib berdi. Amakim hamma narsani biladi, oyi. – Bolasining quvonchi ichiga sig‘masdi.
 Endi telefonda Zulayho bir yoqda qolib, bolalari Abror amakisi bilan gaplashishar, o‘z “dardlari”ni tortinmay aytishardi. Ularning suhbatlariga mahliyo bo‘lib qoladigan Zulayho oilada erkakning o‘rni qanchalar muhimligini his etar, Sultonning insofli, aqlli yigit bo‘lib ulg‘ayishini tangridan yolborib so‘rardi.
 Abror ham erinmay ularning istaklarini bajo keltirardi. Bora-bora bolalar amakilariga qattiq o‘rganib qolishdi. Qo‘ni-qo‘shnilar orasida bir-ikki gap oralab qoldi. Avvaliga uni usta deb qabul qilganlar endi Zulayhodan shubhalana boshlashdi. Abror Zulayhonikida uzoq qolib ketmasdi. Ammo bolalar bilan ko‘cha-ko‘yda tez-tez uchrashib turardi.

Bora-bora bir-biriga o‘rganib qolayotganini sezgan Zulayho bilan Abror uchrashganlarida gap topolmay qiynalishardi. O‘zaro suhbatlar salom-alik va arzimas gaplardan nariga o‘tmasdi. Ular bir-birlarini xafa qilib qo‘yishdan cho‘chib yashardilar go‘yo.
O‘z tuyg‘ulari to‘g‘risida endi gap boshlamoqchi bo‘lgan Abror ayolning ma’suma nigohiga boqib so‘zini yo‘qotib qo‘yardi.
“Siz ma’suma ayolsiz. Sizni g‘oyat qadrlayman”... Guldasta ichidagi otkritkaga yozilgan ushbu yozuvni o‘qib Zulayhoning ko‘zlari tinib ketdi. Necha yillardan buyon eshitmagan bu kabi so‘zlar uning yuragini o‘t bo‘lib yondira boshladi. O‘zi bilmagan holda Abrorga o‘rganib qolayotgani uni cho‘chitardi. U Abrorning oilasi buzilib ketganidan bexabar edi. Bir kuni telefonda Abrorga yangamni olib mehmonga keling, dedi. Abror bo‘lsa buning iloji yo‘q, Zulayho, deya oldi, xolos. Ertasi kuni ularnikiga bir to‘rva meva ko‘tarib kelgan Abrordan Zulayhoning birinchi so‘rovi shu bo‘ldi:
 – Yangamni olib kelmabsiz-da...
– Biz... ajrashganmiz, Zulayho. O‘tgan yili... Xullas, siz bilgan gap. Bir-birimizning yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lmaylik deb... Taqdir ekan, nachora.
– Kechiring, bilmabman. Men hozir... choy olib kelaman.
– Zulayho, men birrovga kirdim, iltimos o‘tiring. Ertaga bolalarni tabiat qo‘yniga olib chiqsak, degandim.
– Nega... Haligi... Abror aka...
– Iltimos, yo‘q demang, Sultonga va’da bergandim, baliq oviga olib bormoqchiydim, iltimos, yo‘q, demang, o‘tinaman.
Qarshisidagi o‘zi uchun aziz insonga aylanib borayotgan odamga e’tiroz bildiray desa ranjiydi, rozilik bersa odamlar nima deydi? Nahotki, bu odam Zulayhoning ishonchiga kirish uchun bolalaridan foydalanayotgan bo‘lsa? Yo‘q, bunaqa emas. Yo‘q... Nega unda...
Zulayhoning yuragi potirlab urardi. Nima qilsin?
–Abror aka, siz Sultonni olib bora qoling, haligi... Mening ishlarim ko‘p edi...
Abror ayolning ichidagi gaplarni tushungandek bo‘ldi.
–Siz nima desangiz shu... Sizni bezovta qilgim yo‘q, demak ertaga ertalab Sultonni olishga kelaman.
Ertalab Zulayho Sultonni uyg‘otdi-da, nonushta tayyoraldi, ovqatlantirib, kiyintirib qo‘ydi, so‘ngra Abrorni kuta boshladi. Shu payt telefon jiringlab qoldi.
–Allo, Zulayho, iltimos, sira cho‘chimay Sultonni yo‘l boshiga chiqarib yuboring. Mashinada kutib turibman, qo‘shnilarning oldida sizga noqulay bo‘lmasin, degandim.
Zulayho ich-ichdan Abrordan minnatdor bo‘lib ketdi. So‘ngra u aytganday qilib darvozadan Sultonni sekingina kuzatdi. Haqiqatdan yo‘l boshida yengil mashina turardi.
Zulayho uyga kirib ulgurmasidan yana telefon jiringladi:
–Zulayho, xotirjam bo‘ling, Sulton yetib keldi. Yo‘lga tushdik. Yaxshi o‘tiringlar. Asr vaqtigacha qaytamiz.
–Rahmat, Abror aka. Bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin.
Zulayho ixtiyorsiz ravishda Abrorni eslay boshladi. Nega yursa, tursa bu odam sira o‘yidan ketmayapti. Oxiri baxayr bo‘lsin...
Abror Sulton bilan ota-boladay bo‘lib ketdi. Endi Abror matematikadan tushunmaganlarini telefon orqali Abrordan so‘rar, shaxmat o‘ynash uchun uning uyiga qatnardi.
Abror Zulayhoni sevardi, ammo bu hurkak ayolni cho‘chitib qo‘yishdan, o‘zidan uzoqlashishidan chunonam qo‘rqardiki, o‘z munosabatlari to‘g‘risida so‘z ochishdan oldin juda ko‘p o‘ylanardi. Oxiri bo‘lmadi. Tinimsiz uylan, deya qistalang qilayotgan tog‘asiga yuragini yordi. Bog‘da shaftoli terayotgan Zulayho darvozadan begona odamning kirib kelayotganini ko‘rib unga peshvoz chiqdi.
–Assalomu alaykum, amaki, keling.
–Bardammisan, ona qizim. – Kelgan nuroniy odamning allaqaysi qirralari Abrorga o‘xshab ketardi. Zulayhoning yuragi shuv etib ketdi.
Amaki tilga kirmasidan hayajon bilan:
– Abror akaga bir nima bo‘ldimi, siz uning kimi bo‘lasiz?! – deya so‘radi.
– Meni taniysanmi, qizim? Ha, men Abrorning tog‘asi bo‘laman, ammo unga hech narsa bo‘lgani yo‘q, sen asti xavotirga tushma, ona qizim,- dedi nuroniy miyig‘ida kulgancha.
Zulayho shoshib qolganidan nimalar deb yuborganini o‘zi bilmay qolib, yuziga qizillik yugurdi. Shosha-pisha mehmonni ayvonga boshladi. Ko‘rpacha solib, darhol dasturxon yozdi. Amaki yastanib o‘tirgancha, sira shoshilmasdi. Zulayhoni zimdan kuzatib turarkan, oyog‘ini xontaxta tagiga uzatgancha yastanib o‘tirdi. Keyin oldiga yugurib kelgan bolalar bilan so‘rashdi. Ularga chakmonining cho‘ntagidan qand-qurs chiqarib berdi.
Sulton bu amakini darhol tanidi:
– Bobojon, siz amakimlarnikida yashaysiz-a? – dedi shosha-pisha.
– Balli, o‘g‘lim, meni darrov taniding-a, sen amaking bilan shaxmat o‘ynayotganingda men nuqul sen tomon bo‘lib turgandim.
Zulayho piyolaga choy quyib uzatarkan, bilinar-bilinmas qo‘llari titradi. Ichida bu odam nima maqsadda kelganini sezgandek bo‘lib turardi. Oxiri bolalar boqqa chiqib ketishgach, otaxon salmoqli qilib so‘z boshladi:
– Bolam, o‘zingdan qolar gap yo‘q, Abror menga garchi tuqqan o‘g‘il bo‘lmasa-da, rahmatli opamdan yodgor, onasining ko‘zining oqu qorasi edi. O‘z o‘g‘limday o‘stirdim. Afsuski, baxti chopmadi. Kelinim durust ayol edi. Xudo tirnoqdan siqdi. O‘zi yolg‘izgina bola bo‘laturib yana izsiz o‘tmasin deyman, shu... boshlaringni qovushtirib qo‘ysak... savob bo‘lardi. Axir, sen ham juda yoshsan, ering o‘tganiga yetti yildan oshibdi. Eshitdim. Yolg‘iz ayolga juda qiyin, bolam. Kampirim o‘tganiga o‘n yildan oshdi. Xuddi bir tomoni o‘pirilib tushgan jarga o‘xshayman, qizim. O‘zimdan o‘tadi, o‘zim bilaman. Hech bandasini yolg‘iz qilmasin xudoyim. Oldingga shu niyatda kelgandim, yana o‘zing bilasan. Men ham qariganimda ko‘zim ochiq ketishini istamayman, qizim. Javobini Abrorga ayt, mendan xafa bo‘lma, kimdir kimgadir sababchi bo‘ladi, buni hayot deydilar. Yolg‘izlik bandasiga xos emas. Uning o‘zi faqat seni deyapti...
Zulayho yerga qaradi.
Amaki ko‘p o‘tirmadi. Duoga qo‘l ochib, o‘rnidan turdi. “O‘zingdan ko‘paygin, bolam. Bu hovlida o‘g‘ling hali otasining chirog‘ini yoqadi. Sira ezilma. Abror vijdonli yigit, o‘ylab ko‘rgin, qizim...”, dedi darvozadan chiqayotib.
Zulayho darvozani yoparkan, yuragi gup-gup urayotganini his etdi. Oyoq-qo‘llari bo‘shashib ketdi. Kelgan odam uning yodiga rahmatli tog‘asini solgandi. O‘tgan azizlarini eslab yig‘lab oldi. Nima qilsa, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladi. Axir, o‘zi ham Abrorga o‘rganib qolgan-ku, faqat ichki bir tuyg‘u g‘alayon qilib uni to‘xtatib turibdi. Bu nima, rahmatli eriga sadoqatmi yoki... O‘zi ham bilmaydi.
Abror bir hafta qo‘ng‘iroq qilmadi. Necha marta Zulayhoning raqamini termoqchi bo‘ldi, ammo tog‘asi borib kelganidan buyon unga telefon qilishga botinolmaydi. Zulayho xafa bo‘lib qolgan bo‘lsa-chi...
Zulayho bo‘lsa Abrordan xavotirda, nega qo‘ng‘iroq qilmayotganini tushunmaydi. Nega indamaydi? Axir, men unga umrimni bag‘ishlashga roziman-ku... Lekin bu rizolikni o‘zi yoqtirgan insonga qay yo‘sinda bildirishni bilolmay xunob. Bolalari ham amakilarini sog‘inishganini aytishadi. Oxiri Sulton chidab turolmadi. U Abrorni izlab o‘ziga tanish xonadonga bordi va oyisining gapirmay qo‘yganini, nuqul divanga o‘tirib olib xayol surayotganini bolalarcha beg‘uborlik bilan amakisiga tushuntirdi. “Oyim kasal bo‘lib qoldilar, shekilli, amaki”, Sultonning xavotir to‘la ma’sum ko‘zlari ro‘parasida karaxt turgan erkakni hushiga keltirdi. Abrorning esxonasi chiqib ketdi. Demak, tog‘asining tashrifidan Zulayho qattiq xafa bo‘lgan. Nihoyat, yurak yutib unga qo‘ng‘iroq qildi:
– Zulayho... Zulayho... Zulayho...
– Nega ismimdan boshqasini bilmaysizmi, Abror aka. – Zulayho tilga kirdi. – Axir, esimni og‘diray dedingiz-ku, nega jimsiz?!
–Zulayho, men sizni yaxshi ko‘raman, siz, siz... hammadan boshqachasiz.. Siz beg‘uborsiz, Zulayho... Siz irodali ayolsiz. Meni tushunmaysizmi, deb qo‘rqdim, ishoning, niyatlarim xolis, bolalaringizni yaxshi ko‘raman, axir, ularni ko‘rsam yashagim keladi, hayotga umidim ortadi, ishoning... Sizlar tufayli men yana hayotga qaytayapman, Zulayho! Siz mening hayotimsiz, hayotimsiz, ishoning menga!
Abror hayajon ichra nimalardir deb g‘o‘ldirar, orqasida joynamoziga cho‘kkalagancha tasbeh o‘girib, nimalarnidir pichirlayotgan va o‘zini kuzatib turgan tog‘asini ko‘rmasdi.
Sevgi yosh bolaga aylantirib qo‘ygan jiyani bilan o‘sha chehrasidan samimiyat balqib turgan o‘qituvchi ayol allaqachon bir-biriga o‘rganib qolishganini his etib, ichida shukrona keltirgan tog‘a ertagayoq to‘y tadorigini boshlab yuborishni niyat qilib ohista o‘rnidan qo‘zg‘aldi, egniga chakmonini ilgancha hovliga chiqdi. Ichkarida Abror telefonda qayta-qayta Zulayhoning ismini takrorlar, yosh boladay hayajonlanib unga nimalarnidir tinimsiz tushuntirardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.