OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodir Normatov. Oytosh (hikoya)

Uyg‘onganimda xona nimqorong‘i, havosi mo‘‘tadil bo‘lishiga qaramay, jiqqa terga botib ketgan edim (balki ustimga yopilgan choyshabning havo o‘tkazmasligi boismi yoki tushimda meni bir qora odam qo‘lida pichoq bilan quvlaganligi uchunmi, bilmadim), qulog‘im tagida sirena tinimsiz chiyillardi. Birozdan so‘ng ovoz tinchidi. Endi xonaning hovliga qaragan baland derazasi tomondan shitir-shitir tovush kelardi. Quloqni ding qilib, o‘sha tomonga yurdim. Shundoq deraza ortida, ikkinchi qavatning ayvoniga kimdir tirmashib chiqar, qo‘lida fonar bilan nimanidir qidirar edi. Beixtiyor orqaga tislandim. Miyam yashin tezligida ishlay boshladi. Hali yotishdan avval, televizor ko‘rib o‘tirganimda, qamoqdan qochgan bir odam haqida film berilgan edi, ammo ingliz tilida bo‘lganligi sabab, ko‘p narsani anglay olmagandim. Faqat shunisi aniq ediki, bir odam Amerika qamoqxonalarining biridan qochgan... Va shundaylardan biri, mana, derazam ortida yashirinib yuribdi. Ammo fonar unga nima uchun kerak? Balki u politsiyachidir. Boshida qandaydir qalpog‘i borga o‘xshadi. Deraza tomon yana qaytib borishga jur’at qilolmadim. Xona o‘rtasida turib, atrofga alangladim. Jinoyatchi bemalol deraza orqali xonaga kira oladi! Undan o‘zimni himoya qilishim kerak. Nima bilan? Payt poylab turish mavridi emasdi: tezroq harakat qilish lozim. Tayoqqa o‘xshash biror narsa qidira boshladim. Hech vaqo yo‘q: na xonada, na dahlizda. Hech bo‘lmasa, pol yuvadigan dastcho‘p yo cho‘ltoq supurgi bo‘lsa ham go‘rga edi!.. Yoki bizning mehmonxonalarda bo‘ladigan obdastami. Hammayoq sip-silliq. Jinoyatchida qurol borligi aniq, bo‘lmasa yuragi dov berib, bu yoqqa ko‘tarilmas edi. Bu yerlarda odamlarni garovga olib, evaziga pul so‘rash rasm, buni kinofilmlarda ko‘p ko‘rganmiz. Xullas, xonani es-hush borida tark etishim kerak. Ammo, bu yerdan sharpasiz-sassiz chiqib ketishning o‘zi bo‘ladimi — hech bo‘lmaganda, pasportimni, samolyotga olingan qaytish chiptasi, hamyon deganday... E, xorijga sayohatdan ham o‘rgildim...
Tahlika hamon yurakka g‘ulg‘ula solardi. Emaklab borib kiyim javonidan kiyim-boshni oldim. Yashin tezligida kiyindim, pul cho‘ntakda, ammo pasport, chipta sabil deraza yonidagi yozuv stolida edi. Tizzalab borib, ularni oldim-da orqaga qaytdim. Hech nima esdan chiqmadimi, degan fikrda stol ustiga nazar soldim. Derazadan ko‘rinib turgan oy shu’lasidanmi yoki ko‘cha chiroqlari boismi, yorug‘lik stol ustiga — xuddi menga zarur bo‘lgan joyga tushmoqda edi. Stolda «Narodnoe obrazovanie SShA» degan jurnal qolib ketibdi. Bu qanaqasi bo‘ldi, shuncha yil, roppa rosa o‘ttiz yil asrab kelganman bu jurnalni. Kelib-kelib endi tashlab ketamanmi? Taras Bulba tamaki chekadigan trubkasini dushmanga tashlab ketmaganiday, men ham jurnalni tashlab ketishga ko‘zim qiymadi. Buning o‘ziga xos sababi bor, buni keyin batafsil aytib beraman.
Jurnalni olish uchun stol yoniga emaklab qaytib bordim. Ammo olayotganimda, bir nimaga urilib ketdim. Bu — o‘tgan kecha Toshkentda, Markaziy univermagdan xarid qilgan jomadonim edi. Jomadondan konyak hidi anqirdi. Uni shamollatish uchun ochib qo‘ygandim. Ba’zi tanishlarimning maslahati bilan jomadonga ikkita «Samarqand» konyagi, mineral suv solingan edi. Jon Kennedi xalqaro aeroportiga tushganimizdan so‘ng, ko‘rik-tekshiruv paytida meni bir ofitser chaqirib qoldi. «Obbo, xudo urdi, nimanidir noto‘g‘ri qilganga o‘xshayman», — deb cho‘chibroq bordim. Ofitser jomadonimni ochishi bilan chor-atrofga konyak hidi taralib ketdi. Ofitser boshini sarak-sarak qilib, «afsus» deganday kulib, singan konyaklarni ko‘rsatdi. «Nachora, — deyman ofitserga. — Endi buning o‘rniga Amerika «jin»nisinimi, ishqilib biror narsa icharmiz». U go‘yo o‘zbekchani tushunganday, «gud, gud» deb qo‘ydi.
Jomadon-ku rasvo bo‘lgan, ammo jurnal ham konyakdan rosa miriqqan ekan, hali ham undan hid anqiydi. Jurnalni qo‘ltig‘imga qistirib, bu gal tik turgancha orqaga qayta boshladim. Deraza ortidan endi bir emas, bir necha kishi narvondan ko‘tarilib, fonar bilan atrofni yoritib, nimanidir, balkim kimnidir qidira boshlashdi. «Politsiyachilar, — deb o‘yladim, — birorta jinoyatchi qochgan bo‘lsa kerak».
Jurnalni qo‘ynimga tiqib, eshikni ochdimu yo‘lakka otildim. Qavat navbatchisi yo‘q, liftni ham kutmadim. Yo‘lakda hamon kuchli sirena tovushi eshitilardi. Hovliga chiqqanimda, tashqari charog‘on, mehmonxona oldida tumonat odam. Odamlar orasidan hamrohim Xurshid Davronni izlay boshladim.
Qiziq, shu olatasir, tumonat, ikki yuz-uch yuz kishi orasidan ham uni juda tez topdim. O‘zbekistonlik odam, bilmayman, nimasi bilandir darhol ko‘zga tashlanar ekan, ko‘rinishimi, sharpa-soyasimi, bilmayman. Xurshid qandaydir ajnabiylar bilan gaplashib turibdi. Gap-so‘zlaridan ularning eronlik ekanligi bilindi. Xurshid samarqandlik, forschani eplaydi.
— Nima gap o‘zi? — deyman Xurshidga. Xurshid eronliklardan so‘rab-surishtirib bilganlarini menga gapirib berdi. — Esingizda bormi, mehmonxonaga joylashayotganimizda to‘ldirgan qog‘ozimizda “Chekasizmi, yo‘qmi”, degan bandi bor edi. O‘sha joyiga ikki armani mijoz “chekmaymiz” deb yozishganu, keyin qavatga chiqib o‘z xonalarida kayf ustida chekishgan. Chekmaydiganlar blokiga joylashganlari uchun yong‘indan ogoh qiluvchi signal ishlab ketgan. Mehmonxonada yong‘in bo‘layapti deb, barcha uyg‘otilib, mijozlarga vaqtincha ko‘chaga chiqib turishlari taklif qilingan», dedi u.
Biz bu gapni hali muhokama qilib ulgurganimiz yo‘q ediki, to‘ladan kelgan qoramtir bir kishi yonimizga kelib, yaqinimizda turgan mehmonxona ma’muriyati vakili bilan baland tovushda, shovqin solib gaplasha ketdi. Xurshid yana eronliklardan gap so‘rab oldi. Ma’lum bo‘lishicha, shu kecha eronlik boylardan biri mehmonxonaning lyuks-restoranida o‘z mehmonlariga ziyofat berayotgan ekan.
— Ziyofatda qo‘shiqchi Gugush ham bo‘larkan, — dedi Xurshid. — Hali shu yerda yurgan edi.
Bu ayolga ko‘zim tushganday bo‘luvdi, uni tanimaslikning sira iloji yo‘q. O‘z paytida — o‘tgan asrning 80-yillarida uning qo‘shiqlarini tinglash rasm bo‘lgan, suratini hatto o‘zim ishlagan «San’at» jurnalida ham e’lon qilganmiz.
Eronlik boy, mehmonlarim tinchini buzganlaring uchun tovon to‘laysan, deb ma’muriyat vakili bilan janjallasha boshladi.
— Nima balo, ichdingizmi, — deb qoldi Xurshid to‘satdan.
Men qo‘ltig‘imdagi jurnaldan kelayotgan hid unga ham yetib borganligini payqadim.
— Yo‘g‘e, — dedim, — kechagi samolyotda singan konyakning hidi kiyimimga urib qolibdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, mehmonxonaga kirishga ruxsat etildi. Tun yarmidan oqqan, mehmonxona foyesidagi soat millari Vashington vaqti bilan tungi soat uch yarimlarni ko‘rsatib turardi.
— Uyqu ham harom bo‘ldi, baribir uxlashga harakat qilaylik, — dedi Xurshid. — Ertaga ertalab o‘zimizning elchixonamizga boramiz. Ko‘rib kelaylik elchixonamizni.
Xonalarimizga tarqaldik. Men uxlay olmadim. Konyak to‘kilgan jurnalni varaqlay boshladim. Mana, men asrab-avaylagan o‘sha sahifa. Unda oytosh tasviri bor. Amerikalik astronavt Armstrong Oy sathiga qo‘nganida, insoniyat tarixida birinchi bor oy tuprog‘i va toshidan unsurlar olib qaytgan. Jurnal sahifasidagi oytosh mana shu jinslardan bir namuna.
Bu jurnal 1969 yilda, sobiq ittifoq bilan Amerika munosabatlari sal-pal iliqlashgan paytlarda qo‘limga tushgan. O‘sha yili Toshkentda Amerikaning xalq ta’limi tizimi, fan yutuqlari bo‘yicha katta ko‘rgazmasi namoyish etilgan edi. Bu ko‘rgazma shaharning qoq markazida, telestudiyaning orqa tomonidagi «Yoshlik» sport arenasida tashkil etilgan, ammo ko‘radigan odamlarning ko‘pligidan navbatga turish undan uch-to‘rt chaqirim berida — Xadradan boshlanar edi. «Ko‘rgazmani tomosha qilinglar, ammo birorta odam bilan suhbatga kirishmanglar, — degandi mutasaddilardan biri. — Ularning bari SRUning odamlari». Bu gapdan so‘ng biz yanada hushyor tortdik.
— Biz inglizchani bilmaymiz, qanaqa qilib suhbat qila olardik, — degandi o‘shanda talabalardan biri ajablanib.
— Ularning ko‘pchiligi ruschani bilishadi. Hatto ular orasida bir o‘zbek ham bor, vatan xoini. O‘shandan ehtiyot bo‘linglar.
Biz ko‘rgazmani tomosha qilar ekanmiz, bepul berilgan nishon va jurnalga ega bo‘ldik. Ammo ko‘chaga chiqishimiz bilan «chiriyotgan kapitalistik tuzum»ning nishonini uloqtirdik. Jurnalni tashlashga ko‘z qiymadi. Menga, ayniqsa, unda aks etgan mana bu oytosh qadrli edi. Bolalikdan toshlarga o‘chman, o‘shanda mana shu toshni ham ko‘rishni orzu qilganman. Ogohlantirishlariga qaramay, ko‘rgazma zallaridan o‘sha o‘zbekni topib, undan gap orasida bu oytoshning qaerda saqlanishini so‘radim. «Bu toshni Vashingtondagi astronavtika va kosmos muzeyida ko‘rish mumkin, — dedi u. — Borsangiz, albatta ko‘rasiz». Garchi bu gap menga ertakday tuyulgan bo‘lsa-da, har ehtimolga qarshi jurnalni avaylab-asrab qo‘ydim.
Taqdir taqozosi bilan bundan bir oy muqaddam shoir Xurshid Davron va men Vashingtonda o‘tkaziladigan Osiyo yozuvchilar anjumaniga taklif etildik. U Amerikadagi qaysidir bir xalqaro fond tomonidan tashkil etilgan edi. Toshkentdan uchadigan samolyot anjuman boshlanishidan uch-to‘rt kun oldin yo keyin bo‘lishini nazarda tutib, tadbirga oldinroq keldik.
Ertasiga elchixonamizga bordik. Elchimiz bizni mamnuniyat bilan qabul qildi. Xurshid sumkasidan «Samarqand» konyagini chiqarib qo‘yganida, u kishi iltifot yuzasidanmi yoki chindanmi «Bu yerda vatanning har bir narsasi aziz, qadrli. Buni xorijiy mehmonlarimiz uchun asrab qo‘yamiz», dedi.
Vaqtimiz, ish rejamizni so‘radi. «Bugun kechqurun sizlarni yordamchim o‘z mashinasida kechki Vashingtonni sayr qildiradi, mehmonxonada kutib turinglar», deb tayinladi.
Binoni tomosha qilib, mehmonxonaga qaytdik.
Oqshomda elchining yordamchisi keldi. U bizni konferentsiya zalida kutib o‘tirgan ekan. Avvaliga hayron bo‘ldik, sochlari sarg‘ish, ko‘zlari ko‘k, bo‘yi pastroq yosh yigit sira o‘zbekka o‘xshamasdi. Tanishdik. Toshkentning Qorasuv mavzesidan ekan. «Alohida ko‘zga tashlanib turmasligim uchun bu ishga meni olishgan bo‘lsa kerak, — dedi u gapimizga javoban.
Mashinaga o‘tirganimizda, yordamchi bizni nimalar qiziqtirishini so‘radi. Xurshid «O‘zingiz bilasiz» dedi. Men esa oytosh saqlanadigan muzey haqida so‘radim. «U yerga anjuman qatnashchilarini olib borishadi, sizlarning dasturlaringiz bilan allaqachon tanishib chiqdim», dedi yordamchi.
Mashinaning ichida o‘n-o‘n ikki yashar bola ham bor edi.
— O‘g‘lim – dedi yordamchi, — 6-sinfda o‘qiydi.
— O‘qishlar qalay, – deb so‘radi Xurshid.
— Bu yerda darslar strogiy emas. Unchalik zo‘r o‘qitilmaydi. Toshkentda maxsus maktabda o‘qiganimda, bu yerdan ancha yaxshi edi, — dedi bolakay.
Yordamchi bizlarni Vashington ko‘chalari bo‘ylab sayohat qildirdi. Dunyodagi eng uzun bino — Pentagonni ko‘rsatdi. Xullas, oqshom maroqli o‘tdi. Ammo mening orzuyim oytosh edi. Shuni o‘ylar edim.
Xonada o‘sha jurnalni varaqlar ekanman, oytosh surati ustiga to‘kilgan konyakdan hosil bo‘lgan dog‘dagi g‘alati tasvirni ko‘rib qoldim. Bu tasvir o‘zimizning rassom Lutfulla Abdullaev «Mushtum» jurnalida bir paytlar chizgan karikaturalarga o‘xshardi. Tasavvurimcha o‘zga sayyoraliklarning qiyofasi shunday bo‘lishi kerak. Toshning qoramtir rangiga konyak qo‘shilib, qandaydir bir qiyofa hosil qilgan edi. Bexosdan bir erkak qiyofasini ko‘rib qoldim. Bu kecha «Tinchimni buzdinglar», deb g‘alva qilgan eronlik boyvachchaning naqd o‘zi edi.
Ertasiga ertalab Xurshid bilan, odatdagidek, mehmonxona restoranida ovqatlanar ekanmiz, to‘satdan atrofdagi anjuman qatnashchilari avvalgi kunlardagilarga o‘xshash emasligini sezib qoldik.
— Adashib qoldik, shekilli, – dedi Xurshid.
— Yo‘q, bu o‘sha restoran, — dedim. — Ana, bardagi xotin, o‘sha mulatka. Ammo, bu yerdagilar boshqa anjuman qatnashchilari. Biznikilar boshqa restoranga o‘tkazilganga o‘xshaydi.
Tusmolim to‘g‘ri chiqdi. Ammo biz ovqatlanib bo‘lgan edik. Barmen ayol yonimizga jilmayib keldi-da, hisob-kitob qog‘ozini berdi.
— 175 dollar to‘lashimiz kerak ekan, — dedi Xurshid qizarib.
Biz qog‘ozni olib, «shoshmay tur» deganday xotinga ishora qildik. Biz har kuni anjuman boshlangunga qadar shu yerda, tashkilotchilar hisobidan bepul ovqatlanar edik.
— Shuncha pul turarkan-da yeganlarimiz, — dedi Xurshid hayron bo‘lib. — Bu pulga bolalarimizga kiyim-kechak, kitob olib borsak, yaxshi emasmidi?
— Shoshmang, bir ilojini toparmiz. Iloji bo‘lmasa to‘laymiz-da, — dedim.
Xurshidda ham, menda ham ikki yuz-uch yuz dollar atrofida pul bor, shuni beramiz, shekilli.
Birdan lop etib, bizga tarjimonlik qilib yurgan Olya degan qiz yodimga tushdi. «Shoshmang, men Olyani topib kelay», deb o‘rnimdan turdim-da, Xurshidni garovga qoldirib foyega chiqdim. Foyeda, ma’muriyat vakili joylashgan joyda Olyani topdim. Olya Sank-Peterburgdan bu yerga kelib, ikki yildan buyon tarjimonlik qilib kun kechirarkan.
Olyaga voqeani tushuntirdim.
— Anjuman tashkilotchisini topaylik. Nima der ekan, — dedi u va bir xonaga meni boshlab kirdi. Ozg‘indan kelgan, malla, naynov yigit voqeani eshitib miriqib kuldi, keyin qog‘ozga nimanidir yozib, o‘sha barmen xotinga berishimni so‘radi.
— Foyeda sizning guruhingiz boshqa restoranda tamaddi qilishi haqida e’lon bor edi, shuni o‘qimabsizlarda, — dedi Olya.
Barmen ayol qog‘ozni olib, «senkyu» deb bosh qimirlatdi. Biz erkin nafas oldik. Men barmen ayolga tikilar ekanman, uni jurnal sahifasida hosil bo‘lgan ayol qiyofasiga o‘xshashini sezdim. U menga huddi boshqa sayyoradan kelgan odam singari qarab turardi.
Anjuman tugash arafasida bizni turli joylarga tomoshaga olib borishdi. Ulardan biri oytosh saqlanadigan muzey edi. Muzeyda insoniyat tarixida fazoga uchirilgan neki bo‘lsa, bari muhayyo. Aeroplan, deltoplaner, ilk samolyotlar, vertolyot, birinchi fazoga uchirilgan raketalarning maketi... Biz qator tizilib, navbat bilan maxsus bir joydan o‘tar ekanmiz, oyna ustiga qo‘yilgan o‘sha oytoshni ko‘rib qoldim. Tomosha qilib o‘tayotgan har bir kishi unga kaftini tegizib o‘tar, oytosh qo‘l taftidan silliqlanib, yaltiroq bo‘lib qolgandi. Hayajondan titrab ketdim. Oydan, shuncha olisdan keltirilgan bu toshni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, qo‘l bilan silash hammaga ham nasib etavermaydi, axir. Men bir paytlar Osiyo qit’asining olis bir tog‘ orasidagi qishloqda o‘sgan bolaning Amerikaga borib, oytoshni ko‘rib kelishi... tushga ham kirishi mushkul voqea. Ammo u negadir suratdagi oytoshga o‘xshamasdi. Bu tosh xuddi qishlog‘imdagi Poshxurtsoyda o‘zim ko‘rib, o‘ynab katta bo‘lgan qayroqtoshni eslatardi. Balki, astronavt olib tushgan tosh boshqadir deb o‘yladim. Yoki odamlarning kafti tegaverib shu holga kelib qoldimikin?
Xurshidga aytmoqchi edim, u oytoshga hafsalasizlik bilan qarab o‘tdi, «Bu yerdan chiqishimiz bilan biror kitob do‘koniga kiraylik, — dedi. — Bolalarga inglizchani o‘rganadigan eng zo‘r kitob olib borishga va’da bergan edim. Shuni topaylik».
Bolalikda oyni sevmagan, uni sinchiklab tomosha qilmagan kishi kam. Men bolalikda oyning yoz paytidagi ko‘rinishini onamiz tandirda pishirgan issiq nonga, kuzdagi yangi chiqqan oyni bir tilim qovunga, qishdagisini Oypar degan qizning oppoq yuziga, bahordagisini esa nim qizil shaftoliga o‘xshatar edim. Oyning bog‘imizdagi olma, shaftoli daraxtlari gullagan paytlari shoxlar orasidan mo‘ralab o‘tishini yoqtirardim. Mahmud Namozov kuylagan «Oyni olib beraman» xalq terma qo‘shig‘ini bolalikda, ellik yil burun qishloqda she’r qilib aytib yurardik. Ayollar biror narsaga iddao qilishsa, «Nima, o‘sha oyni olib berarmidi», deyishardi. Biz oyni oltin yoki kumushdan yasalgan narsa deb tasavvur qilardik.
Mana, o‘sha olis oyning bir parchasi. O‘sha, biz bolalikda sevgan, bolalik osmonini bezagan sehrli oydan olib kelingan tosh. Uni ko‘rib, hafsalam pir bo‘lgani yo‘q, aksincha, ko‘nglimning bir chekkasida allanimadandir qoniqish bor edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.