OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Dashtda (hikoya)

Ena yer mushtlab qarg‘anadi.
— Bundan ko‘ra o‘sha dashtda jondor yeb ketsa bo‘lmasmidi seni! Yerdi kamginasi tortibgina ketsa bo‘lmasmidi! Ne degan gap bu, halitdan xotin kishining etagiga tirmashib. Kimga tortding o‘zi sen! Ne degan odam bo‘ldik! Ne deb qishloqda bosh ko‘tarib yuramiz endi! Hali otang kelsa, nima deydi. O‘ldiribgina qo‘yadi-ku seni...
Girdi toshdan ko‘tarilgan pastak supa labida chimirilib o‘tirgan Berdimurod, qanshari ostidan enasiga xo‘mrayib boqadi. Ich-ichidan hayqirmoq istaydi: «Yetar endi!» Biroq nimadir xalaqit beradi. Hayqirmoqdan ko‘ra, ichdan ezilishni ma’qul topganday, churq etmaydi. Bunga sari, enaning fig‘oni ko‘kka o‘rlaydi. Yakkash sannaydi. Yotig‘i bilan so‘rab-surishtirishni xayoliga keltirmaydi. Surishtirgan taqdirdayam, qaysar o‘g‘lidan tayinli bir javob olishi qiyin. Kecha oqshom dashtdan yuz-ko‘zini ko‘kartirib qaytganda ham bir so‘z demagan, yigitchilikda, deya qo‘ya qolgan. Ne gapligi esa tongda ayon bo‘ldi: kecha o‘g‘li dashtda notanish bir kelinchakka yopishgan ekan, xeshlari o‘lasi qilib urib ketishibdi.
Berdimurod jig‘ibiyron bo‘layotgan enasidan ko‘zini olib, mollarini podaga qo‘shish bahonasida maydon chetiga yig‘ilayotgan erkaklaru, ko‘cha yuzidagi ayollarga boqarkan, hovlisi tevaragi devor bilan o‘ralmaganidan o‘kindi. Devor yaxshi-da, begona ko‘zdan asraydi. Unday desa, bu qishloqda devorli hovlining o‘zi yo‘q. Do‘ng betiga betartib tushgan qishloq xonadonlarida ne sir, ne sinoat — bari hammaning ko‘z o‘ngida.
Yashirmoqning hech iloji yo‘q.
Yigitning alamnok nigohi erkaklar orasida ko‘hna, nimdoshgina to‘niga o‘ranib, bamisoli musichaday qunishib turgan Suvonqulga tushgachgina mish-mishni kim tarqatganini anglaganday bo‘ldi. O‘rnidan irg‘ib turganini bilmay qoldi.
— Bari yolg‘on! — deya hayqirib yubordi.
Cho‘chib tushgan enaning ko‘zlarida umid uchqunlandi.
— Sen bola, mani ado qilasan, — dedi hiqillab.
— Sizni ado qiladigan hech bir ish qilganim yo‘q! — deya cho‘rt kesdi Berdimurod. — Ko‘p javramay, xurjunni hozirlang! Ketdim men podaga.
— Choy...
— Rahmat, toza choy ichganday qildingiz!
— Axir men... — Ena uzun yengi bilan ko‘zyoshlarini artdi. — Ichim kuyib ketayapti-da, bolam. Kimga ishonay?
— Ana, ularga ishoning! — Yigit zarda ila odamlarga ishora qilarkan, dedi: — Inson bolasiga qayishganim shu bo‘lsin! Menga desa... o‘lib ketmaydimi bari!
Berdimurod keyingi gapini qasam yo‘sinida qat’iy ta’kidlarkan, yuragida ulkan bir o‘pirilish yuzaga kelganini sezdi. Tugun tortgan panjalari bo‘shashib, qomati allanechuk shalvirab tushdi. Oyoqlarini sudrab bosib, ayvon tomon yurdi. U yerdan sirtiga qalin namat sirilgan ko‘zachani olib, chelakdan unga suv quydi. U qaddini rostlaganda, qir boshidan quyosh mo‘ralay boshlagandi. Odatdagidek, u bu manzaraga befarq qarayolmadi, mahliyo bo‘lgandek bir zum termulib qoldi.
Tonggi nurlarni u azaldan yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, alvon rangga kirgan o‘rkachli qir cho‘qqilariga ko‘zi tushganida, hayajondan qaltirab ketadi. Va jismi tushuniksiz ajib bir quvvatga to‘lib, butun olamni quchgisi, o‘sha quvvatni esa kutilmagan bir ishlarga sarflagisi keladi. Otasi Sobir polvonning aytishicha, bu erlik, ya’ni korlik hissi emish, yigit kishi mana shu tuyg‘usi bilan go‘zal sanalarmish. Keyingi paytlarda u tez-tez mana shu tuyg‘u yetoviga tushib qolmoqda edi. Biroq qishloqda, xotinlarning janjalini demasa, favqulodda hodisalar kamdan-kam yuz berardi. To‘ydagi kurashlarda esa hozircha u o‘zini itning orqa oyog‘i deb biladi. Negaki, tovoqning oldi cho‘ng polvonlarda ketib, u tengqurlari qatori kichik sovrinlar bilan kifoyalanishga majbur edi. Qishloq obro‘yini saqlab qolishdek korlik hissi esa katta polvonlarning oyog‘i ostida toptalib ketayotgandek edi.
Biroq yaqinda korlikning g‘aroyib lazzatini totmoqqa nihoyat erishdi. Eslasa, hanuz huzur qiladi. O‘shanda badanidagi og‘riqlar o‘ta yoqimli tuyulib, o‘zini yetmish yettinchi osmonda his qilgandi. Yoqmagani, oppoq yuzli qizning mehribonchiligi bo‘lgan. Qizning «ukajon»lashidan rosa ensasi qotgan. Qizdan u minnatdorchilik istamagandi. Qiz esa, «ukajon»lashi yetmagandek, yumshoq barmoqlari bilan shishgan, qizargan yonoqlarini silab-siypalagan. Shunda u o‘zini bola sezgan. Bilaklari ingichka, bo‘yi pastak tuyulgan. Holbuki, u bo‘ychan, pishiq va baquvvatgina yigit edi. O‘n sakkizdan endigina xatlagan bo‘lsa-da, unda yigirma yoshli yigitning tusi va kelbati bor edi. Chapdastligi tufayli qizga tirg‘algan Bozororti mahallasining bezorisi sanalmish Adham darozni chekinishga majbur etgandi...
U suv to‘la ko‘zachani supa labidagi xurjun yoniga qo‘yarkan, qashqani egarlashni unutganini esladi. Otni egarlash hamisha uning anchagina vaqtini oladi. Bu yumushni boshqalarga o‘xshab o‘lda-jo‘lda emas, alohida ishtiyoq bilan ado etardi.
U shu yumushni bajarish niyatida ot tomon yurarkan, kechagi voqea esiga tushib, uni bu qadar e’zozga arzimaydi degan qarorga keldi. Qashqadan yomon ko‘ngli qolgandi. Jonivor doimo nozik paytda pand berib qo‘yardi. Sirasini aytganda, Qashqa u orzulagan ot emasdi. Xuddi kechagiday, oppoq yuzli qiz voqeasida ham uni xijolatga solgandi. Adham darozni qochirib, bozor chetidagi saroydan Qashqani yetaklab chiqarkan, tomoshaga yig‘ilganlar ko‘z o‘ngida otda kerilib ketmoqni o‘ylagandi. Buni qarangki, odamlar ham xuddi shuni istashgan ekan, dastlabki lahzadayoq buning aks-sadosini ilg‘adi.
— O‘zi zo‘r yigit ekanu, mingan oti bo‘mabdi.
— Voy, ipirisqi-iy, Adham darozga bas keldi-ya!
— Hozir oti munkiydi. Ana, aytmadim-mi...
— Eshakdan ham xarob ekan.
— Dalaning bolasi-da, chayir. Anovu daroz uch qo‘rga chidayolmay, darrov tili osilib qoldi.
O‘shanda Qashqa tufayli, u bozor maydonini boshi egik holda tark etgandi. Ammo g‘olib emasmi, o‘zicha keyin qirchang‘ini kechirgandi. Uning beo‘xshov qiliqlari haqida ortiq o‘ylamay qo‘ygandi.
Buni qarangki, kecha u tag‘in pand berdi.
Dashtda notanish kelinchakni kuzatib borarkan, oqshom bu ishi uchun juvonning xeshlaridan boplab kaltak yeyishini xayoliga ham keltirmagan holda egarda alplardek mag‘rur o‘tirardi. Yomon tili tufayli eridan nasibasini olib, qishlog‘iga arazlab ketayotgan kelinchakning hadikli qarashlarini sezmas, qilayotgan bu ishidan masrur holda borardi. Axir, yigirma odimcha oldin pildirab ketayotgan ojizaga panoh edi-da. U bor ekan, biydek bu dashtda hech kimsa unga dahl qilolmaydi-da.
Berdimurod ko‘zlarini uzoq-uzoqlarga qadab, otda gerdayib borarkan, kutilmaganda yaramas qirchang‘i munkib ketsa bo‘ladimi. Yigitning xayoli boshidan uchib, ko‘m-ko‘k maysalar ustiga gursillab tushdi. Kelinchakning oldida o‘zini sharmisor his etdi. Alamidan yig‘lash darajasiga yetdi. Bir o‘yi, uyalganidan, iziga qaytmoqchi ham bo‘ldi. Biroq kelinchakni yolg‘iz tashlab ketishga ko‘ngli bo‘lmadi. Otiga qayta o‘tirib, kelinchakning ortidan yo‘lga tusharkan, saldan so‘ng xijolati xiyol ariganday bo‘ldi. Nazarida, hozirgi ishi ortiqcha mayda-chuydalarga o‘rin bermasdi. Boz ustiga, tabiat, xuddi uning ko‘nglidan andoza olgandek, g‘oyat fusunkor edi. Artilgan shishadek tip-tiniq osmonda ohista suzib yurgan bir parcha oppoq bulutni demasa, tevarak, qo‘yingki, butun borliq yam-yashil tusda edi. Bu yashillik kunchiqishdagi qir betiga sochilgan podani o‘z bag‘riga singdirib, halizamon yutib yuboradigandek edi. O‘z navbatida, qarovsiz qolayotgan ayni shu poda yigitning ko‘ngliga andak xavotir solib turardi. Uning yo‘l-yo‘lakay poda tomonga bot-bot qarab qo‘yishi shundan edi.
Yigit uchun poda bamisoli bir kishan edi. Bu kishandan qutulmoqning esa hozircha hech bir iloji yo‘q. Yoz boshigacha bir amallab chidashi, so‘ng hozir xurjuni tubida olib yurgan darsliklarini jamadonga joylab, shaharga, o‘qishga jo‘namog‘i lozim edi. Xayolida oldinda uni ulug‘ ishlar kutar, bu ulug‘ ishlarga esa faqat darsliklar orqaligina yetmog‘i mumkin edi. Ammo darsliklar shu qadar badiga urgandiki, zada ko‘ngli kutilmagan hodisalarni qo‘msardi. Qani endi, loaqal podaga bo‘ri oralasa-yu, u joniga tekkan kitoblarni bir chetga uloqtirib, yirtqichlarga qarshi hujumga o‘tsa, yoki... bu yog‘i endi faqat xayol. Cheksiz-chegarasiz shirin xayollar...
Kecha biydek dashtda yolg‘iz o‘zi ketayotgan kelinchakka ko‘zi tushganida ham xuddi shu kabi totli xayollar og‘ushida qir betida yonboshlab yotardi. Egnidagi qirmizi libosi quyosh nurida yal-yal tovlangancha, jadal odimlayotgan kelinchakka avvaliga loqayd tikildi. Keyin u ko‘zlagan manzilni tusmollagach, hushyor tortdi. Juvon qora tortgan qishloq uzoqda, oraliqda esa xavfli jarlik ko‘ndalang yotardi. Bundan ham yomoni, bo‘ydoq cho‘pon-cho‘liqlarning uchrashi edi. O‘tgan oyda shunga o‘xshash ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lib, suroni hanuzgacha tinmagan.
Yigit kelinchakni mavhum tajovuzdan qizg‘andi. O‘rnidan sakrab turib, oti tomon yurganini sezmay qoldi. Biroq iltifotini qay tarzda ifoda etishni bilmay, bir zum taraddudlandi. Negaki, dasht ayollarining aksariyati hurkak keladi, harakatini har xil anglashi mumkin. Shunda uning esiga bolaligida kechgan bir voqea lop etib tushdi. Tumanli havoda enasi ikkisi eshakda qo‘shni qishloqdan qaytishayotganida, dalaning o‘rtasida qarshilaridan chaqmoq telpagini qoshiga bostirgan, tund qiyofali bir otliq chiqqan. Otliq ular yonidan indamay o‘tarkan, birozdan so‘ng ortiga qaytgan. Oraliqda o‘n besh-yigirma odimcha masofa saqlab, ularni qishloqqacha kuzatib kelgan. Enasi alqashga ulgurmay, otini shartta iziga burib, tuman orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.
Berdimurod kelinchakning ortidan tusharkan, xuddi o‘sha suvoriydek ish tutdi. So‘z qotgudek bo‘lsa, harakatining sir-sinoati yo‘qoladigandek tuyuladi. Axir tumanda uchragan otliq sukuti bois, uning xotirasida hozirgacha saqlanib qolgan. Faqat kelinchakning jonsaraklanishigina bu huzurbaxsh lahzaga soya tashlab turardi. Esida, boshda enasi ham notanish suvoriydan juda qo‘rqqan, so‘ng maqsadini anglagach, xotirjam tortgan. Kelinchak esa sira tinchlanay demasdi, alang-jalang qaragani-qaragan edi. Undagi bezovtalikni payqagan yigit, xavotirlanmang, sizga hech yomonligim yo‘q, jardan o‘tkazib qo‘yaman, xolos, degisi keldi-yu, demadi. Nechundir degisi kelmadi. So‘ng kechga yaqin uch otliq to‘satdan bostirib kelib, olatasir urib ketishganda ham o‘zini oqlab o‘tirmadi. Ochig‘i, otliqlar og‘iz ochirgani qo‘yishmadi, hali senmi, singlimizni qo‘rqitadigan, deya boplab savalab ketishdi...
Berdimurod Qashqani egarlarkan, maydonga yig‘ilgan xaloyiq o‘zini zimdan kuzatayotganini fahmladi. Afti kaltakdan bejalgan yigitni kimdir ermak, kimdir achinish bilan tomosha qilardi. Negaki, bu kabi voqealar qishloqda favqulodda hodisa sanalib, «qahramon» anchagacha kishilar nazarida bo‘ladi. Chuvaladigan gaplarni-ku qo‘yaverasiz...
U odamlarning qarashlaridan g‘ijinib, yuzini otning panasiga oldi. Keyin sarkashligi qo‘zib, qaddini rostladi va ko‘zi echkilarini oldiga solib kelayotgan bo‘ychangina qizga tushgach, sergak tortdi. U qizga bee’tibor emasdi. Qiz ham buni sezardi shekilli, boqishlari boshqacharoq edi. Ammo hozir u juda tajang qiyofada edi. Echkilarini podaga qo‘sharkan, qo‘lidagi chiviqni ular ortidan uloqtirib, yigit tomonga shunday bir qarash qildiki, Berdimurod tuyqusdan tarsaki yeganday bir qalqib tushdi.
Sigirini haydab kelgan yoshgina juvonning qilig‘iyam unikidan kam bo‘lmadi. Ko‘pchilik, asosan ayollarning nafrati oshkora yuzaga tepchib turardi. Enasining bekorga kuyinmayotganini teran idrok etarkan, saldan so‘ng erkaklar to‘dasida ham shu holni sezdi. Davraga keyin kelib qo‘shilgan echkisoqol amaki qo‘llarini paxsa qilganicha, yoshlar buzilib ketdi, deya va’zxonlik qilardi. Bu gapni boshqalar, jumladan, Suvonqul ham bosh irg‘ab tasdiqlardi. Bunga sari echkisoqol battar avj qilardi: «Bu haliyam kam, o‘ldirish kerak edi buni! Mening bolam bo‘lganidami, nima qilishni o‘zim bilardim! Ha-da, o‘sha kelinchakning o‘rniga enasini qo‘yib ko‘rsin, opasi yoki singlisini qo‘yib ko‘rsin... Qalay?! Haliyam bo‘lsa ayashibdi. Ertan ularning to‘yiga borarimiz bor, azasiga qatnashishimiz bor. Aytishmaydimi, o‘la, baring deb...»
Echkisoqol otasi bilan urushli, paytdan foydalanib, bor zahrini to‘kib sochmoqda edi.
Berdimurod to‘daga qaramaslikka tirishib, podani dashtga qo‘zg‘otgach, Suvonqulga birov ko‘z tashlashdan o‘zini tiyolmadi. U kecha jarda uchratgan odamga sira o‘xshamas, mo‘min va beozor edi.
— Sen bola, meni zo‘r maishatdan bebahra qoldirding-da lekin!
Kelinchakni jardan o‘tkazib, ortiga qaytayotgan Berdimurod bexos eshitilgan bu sadodan cho‘chib ketdi. Ot tizginini torta-torta, tevarakka alangladi. Biror qora ilg‘amagach, qulog‘imga chalindi shekilli, degan o‘yga bordi. Yuragiga xavotir inib, otini qichamoqchi bo‘ldi. Ammo shu payt jar tubidagi butalardan biri silkinib kulgi ovozi eshitiladi. Ot hurkadi. Yigit qamchi dastasini mahkam siqib, o‘sha tomonga tikiladi va buta novdalari orasidan mo‘ralab turgan malla basharani ko‘radi.
— Kimsiz?
Buta novdalari qattiq chayqalib, saldan so‘ng uning qarshisida Suvonqul paydo bo‘ldi. Yelkasida miltiq, belidagi eski patrontashga tulki terisi osilgan.
U beo‘xshov tirjayarkan, tomog‘ini g‘alati tiqillatadi.
— Yomo-on xalaqit berdingda...
Berdimurod hech narsa anglamay, unga boshdan-oyoq razm soldi. Aftini qo‘ng‘ir soqol bosgan bu odam ov bahonasida doim dala-dashtda sanqib yurar, gohida to‘rt-besh oylab yo‘qolib qolar, so‘ng to‘satdan yana paydo bo‘lardi. Uyidagi to‘rtta bolaning tashvishi yolg‘iz xotinining gardanida, bu er bo‘lmish dam-badam qayerlarga yo‘qoladi, ne ishlar bilan band, bunisi yolg‘iz xudoga ayon edi.
— Ammo lekin ikkimizga ham yetardi, — dedi Suvonqul yuzidagi ifodani o‘zgartirmay. — Jarda qimirlaysanmi desam... Yo do‘ngda ishini bitirdingmi? Epladingmi ishqilib? O‘ziyam lekin zo‘r narsa ekan! Ilkillagan quyruqqa o‘xshaydi! Ko‘kbuloqni ayollari azaldan xushro‘y bo‘lishadi. O‘tgan yili kuzakda bittasini Oqsoyda qo‘lga tushirganman. Tezak terib yurgan ekan. Erimga aytaman, akamga aytaman, deya xudoning zorini qildi. Qayda, qarab turadigan ahmoq bormi. Aytsang, urug‘ingni quritaman, deya ishini tindirganman. Aytmadi. Qanaqa qilib aytadi. Aytsa, ersiz qoladi, sharmanda-yu sharmisor bo‘ladi. Agar xalaqit bermaganingda, bunisiniyam boplardim.
Qishloqda muloyimgina bo‘lib yuradigan bu kimsani endi ko‘rayotgandek Berdimurod anqayib qoldi. Suvonqul hunuk iljayib, yengil yo‘taldi-da, butalar ortidagi do‘ngga ishora qildi.
—    Anovu do‘ngdi bovrida tulki poylab yotuvdim. Qarasam, tepadan bir narsa tushib kelayapti, rang-quti uchgan. Izidan sen. Qayerda ishini tindira qolding-a? Jargacha sabring chidamabdi-da. Balo ekansan lekin! Ishqilib, sasingni chiqarma, deb tayinladingmi? Ichimni qizdirmay, gapir tezroq. Eshitib ham maza qilaveramiz biz!
Berdimurod beixtiyor sermagan qamchi uning o‘ng yonog‘ini yalab o‘tdi. Suvonqul ortiga chaqqon tisarilib, qo‘lidagi yarog‘ini o‘ngladi. Yigit o‘ziga o‘qtalgan miltiqdan emas, Suvonqulning vajohatidan qo‘rqib ketdi. Qarshisida o‘zi bilgan mo‘min odam emas, hech balodan tap tortmaydigan yovuz bir kimsa yeb qo‘ygudek o‘qrayib turardi.
— Nima qiliq bu?! — Suvonqul yomon so‘kindi. — Yo qizg‘anayapsanmi? Agar qizg‘anayotgan bo‘lsang, ahmoq ekansan!
— Maraz! — Berdimurod shundan bo‘lak gap aytolmadi.
Suvonqul boshini bir yon qiyshaytirib, uning aftiga sinchkov tikildi. So‘ng kulimsiradi.
— Demak, eplayolmabsan...
— Siz...
— Men... — Suvonqul sovuq ishshaydi. — Suvonqul akang silar o‘ylagan odam emas! Aslo o‘ynasha ko‘rma men bilan! Endi esa qorangni o‘chir!
Yigit uning ermaklovchi xiringlashi ostida jarni tark etarkan, bu uchrashuvdan qalbi larzaga keldi. Kechgacha shuning ta’sirida yurdi. Kelinchakni xayolan uning changalida tasavvur etib, kuzatib qo‘yganidan ming bor mamnun bo‘ldi.
Bu kechagi, ya’ni kelinchakning xeshlari bilan yuz bergan to‘qnashuvgacha bo‘lgan holati edi.
Endi...
U podani qir betiga yoyib, maysalar ustiga xomush yonboshlarkan, na qo‘liga kitob oldi, na shirin xayollarga toldi. Nazarida, quyosh haroratsiz, tiriklik sarobdek edi. Qishloqqa qaytmay, noma’lum tomonlarga bosh olib ketmoqni istardi! Lekin qayoqqa? U shu o‘yda uzoqdagi tog‘larga boqdi, tubsiz osmonga tikildi. Tevaragida chug‘urlashayotgan to‘rg‘aylarning harakatidan ma’ni topmay, qarashlari loqaydlasha boshladi. Dashtning qirga tutash qismidagi ekinzorga tushgan echkilarni tirqiratgancha, uzoqdan turib o‘dag‘aylagan qorovulning baqirish-chaqirishlariga e’tibor ham bermadi. Pinakka ketsamu, qaytib uyg‘onmasam, deb o‘yladi.
Yigit biydek dashtga ma’yus tikilib, yonboshlab yotarkan, ko‘ziga qandaydir qora chalinganday bo‘ldi. So‘ng bu qora eshak mingan ayolga aylandi. U jarlik tomon ketib borardi.
Berdimurod chuqur xo‘rsinib, nigohini pastga oldi. O‘t-o‘lanlar orasida g‘imirlayotgan qurt-qumursqalar harakatini kuzatgan bo‘ldi. So‘ng beixtiyor yana ayol tomonga qaradi. Orada jar tarafga ko‘z tashlab oldi. Xayolidan Suvonqulning istehzoli basharasi lip etib o‘tarkan, bu safar ayolga tashvishli boqdi.
Ayol esa bamaylixotir ketib borardi.
Biror yigirma daqiqalardan so‘ng jarga yetadi. Tavba, uyida tinchgina o‘tirmay, nechun dashtda tentib yuribdi bu?! Dashtda pishirib qo‘yibdimi!
Bu o‘ylar yigitning bo‘shashgan vujudiga qayta quvvat bag‘ishlaganday bo‘ldi. O‘rnidan sakrab turganini ham sezmay qoldi. Yuragida o‘sha tanish korlik hissi tag‘in junbushga kelib, oti tomon ildam yurdi.
Otini qichab, birpasda ayolga yetib oldi.
Ayol so‘zamolgina ekan, gapga tutindi.
— Ha, yo‘l bo‘sin, uljonim?
— Sizni jardan o‘tkazib qo‘yay, xola... xolajon.
— I-i, meni bo‘ri yermidi, bolajonim. Hay, mayli, qaytamga so‘ylashibgina ketamiz.
Berdimurod so‘zlashmoqni istamadi. Ayoldan picha ortda qolib, uni qoralab boraverdi. Shunda u quyosh taftini, borliqning g‘oyat fusunkorligini qayta his eta boshladi. Tagidagi oti esa, odatdagidan ko‘ra tuzukroq yo‘rg‘alayotgandek edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.