OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosirjon Jo‘rayev. Kibor yoxud ikkinchi qiyofa (qissa)

Ko‘zimizga mitti va xira ko‘rinayotgan yulduz 
aslida butun Yer sharini bosib qolishi mumkin.

UYG‘ONISH

Muqaddima o‘rnida

U juda mayda odam edi. “Mayda” degan so‘zni pastkash, yaloqi emas, shunchaki millionlab tug‘ilib-o‘layotganlar qatori nomsiz, rutbasiz, qadr-qimmatsiz va pulsiz odam deb tushuning. Baxtsiz deyish ham mumkin, ammo baxtni juda jo‘n narsa, masalan, biror insonning unga yaxshi gapirishini yoki non do‘konidagi tirbandlikda hammadan birinchi turib qolganini ham katta iltifot deb qabul qiladigan bechoraga nisbatan bu so‘zni ishlatish adolatsizlik bo‘ladi. Hatto, g‘isht quyib yiqqan puliga yangi, lekin allaqachon urfdan qolgan pidjak olganida uni ko‘chaga kiyib chiqishga ham tortinardi. Chunki atrofdagilar uning yangi libosiga atayin ayricha ahamiyat berayotgandek, ajablanayotgandek o‘ng‘aysizlanardi. Shunaqa paytlarda xuddi birovning kiyimini kiyib yurgandek yuzi qizarib, manglayi terlab ketaverardi, tezroq uyga qaytgisi, o‘zining odmi uychisini yelkaga ilgisi kelardi. 
Bir gal muyulishda kimdir to‘xtatib, “Baland bog‘” mahallasini so‘raganida ham yuzi shunaqa qizarib-bo‘zarib ketgandi. Aslida, ular o‘sha mahallaga kiradigan ko‘chaning naq boshida turishgandi, barmog‘i bilan shunchaki ishora qilib beparvogina ketsa ham bo‘lardi. Lekin tasodifiy yo‘lovchining uvvalo odam o‘tib-qaytib turganda aynan shu boladan yo‘l so‘ragani uni hovliqtirdi, to‘g‘rirog‘i, gangitib qo‘ydi. Oddiygina yo‘l so‘rash ulkan e’tibordek tuyuldi, go‘yo hamma unga tikilib turgandek yuzida, manglayida, yelkalarida minglab nigohlarni his qildi. Uni odam deb so‘rashgani hayajonga solgandi.
U tabiatan chiroyli, bo‘y-basti, bichimi kelishgan yigit edi. Ovozi dag‘al bo‘lishiga qaramay, qandaydir shirin, titroqli edi. Tiniq chehrasi, tub-tubida kuchli yashash ishtiyoqi yashiringan ko‘zlari, shijoatsiz, ammo aniq harakatlariga razm solgan odam uni asli oqsuyaklardan bo‘lgan, taqdir taqozosi bilan saroydan quvg‘in qilingan shahzoda deb o‘ylashi mumkin edi. Qizig‘i, buni o‘zi ham shunday tasavvur qilardi: go‘yo xudodanmi, bandasidanmi bo‘lib tug‘ruqxonada chaqaloqlar almashib qolganu qaysidir manglayi tor oila alal-oqibat uning ota-onasiga aylanib qolgan. Harqalay, ahyon-ahyonda o‘zining qisinchoqligi zamirida cheksiz kuch-qudrat, qashshoqligi ostida havoyilik, chorasizliklari soyasida isyon ko‘rib qolganida shunday o‘ylab qo‘yardi. Ammo turmushning birgina mitti zarbasidayoq, masalan, boyagi “baxt”ning aksi — do‘konga nonga chiqib, navbat yetmay shumshayib qaytib kirgandayoq haligidek osmoniy o‘y-xayollarining urvog‘i ham qolmasdi.
U o‘n olti yoshgacha mana shunaqa kayfiyatda ulg‘aydi. Ulg‘aygani sari imkonsizligi, ojizligi, ich-ichidagi to‘lg‘anishlari ham kattalashib, og‘irlashib bordi. Ayniqsa, yugurik qonida yigitlik belgilari oqa boshlaganidan keyin u o‘zini xuddi do‘ppi ostiga berkitilgan oltin tuxumdek seza boshladi. Nazarida, dunyodagi jamiki odamlarga baxt ulashadigan o‘sha zang‘ar tuxumni hamma axtarayaptiyu, ammo do‘ppini ko‘tarib ko‘rish, boringki, o‘sha la’nati bosh kiyimiga e’tibor berish hech kimning xayoliga kelmayotgandek yuragi siqilardi. 
Yigit har oqshom hali bu hayotning hamma ne’matlari eng avval uning nazaridan o‘tadigan paytlar kelishiga ishonib, to‘g‘rirog‘i, o‘zini aldab uyquga yotardi. Uyg‘ongach esa, tongdanoq ko‘rgan ilk narsasi ta’bini tirriq qilib, shirin orzularini shamol sindirgan oynadek to‘rt tomonga sachratib yuborardi. Ostona hatlab, oyog‘iga kalish ilishi bilan quyma poyabzalning teshikligi, bostirmaning bir yonga og‘ib ketgan yag‘ir ustunlari, dorga ilingan yamoq-chamoq kiyimlar, hovlining sho‘rlab ketgan yo‘laklari uni shu zahoti bor-yo‘q sharoitning shafqatsiz izmiga solib qo‘yardi. Shunaqa subhi saharlarda hali yulduzlari o‘chib-o‘chmagan osmonga qarab past, qaltiroq ovozda she’r o‘qirdi:
Goh kezarman ko‘k yuzida, sayr etarman olamni,
Goh enarman yer yuziga, sayr etar olam mani.

* * *
Otasi duo berib, onasi g‘amgin bo‘lib uni poytaxtga kuzatishlaridan bir kun oldin tuni bilan dadasi ikkovi suhbatlashib chiqishdi. To‘g‘risi, shu kungacha munday xotirjam o‘tirib ikkovlon tuzukroq gaplashishmagan ham ekan. Yigit tushundiki, dadasi u o‘ylagandan ko‘ra ancha zakiy, hayotning past-balandini teran sharhlay oladigan inson ekan. Ertasi kuni suvi qaynayverganidan o‘rindiqlarining tagi qizib, ter hidi bosib ketgan shaloq avtobusda shaharga ketar ekan, kechagi suhbatning ayrim joylarini qaytadan esladi.
— Hayotda qo‘li uzun, didi past kishilar ko‘p bo‘ladi, — dedi dadasi o‘g‘lining chayir tortgan kelbatiga g‘urur bilan qarab. — Odam zoti umri davomida hamma narsaga erishishi mumkin. Bilimga ham, davlatga ham, obro‘-e’tiboru martabaga ham. Ammo bitta narsani, agar u tabiatan zuvalasiga qo‘shilmagan bo‘lsa, ming chiransin topolmaydi. Buni farosat deyishadi. Kun kelib, bo‘yningga bo‘yinbog‘ osarsan, qo‘lingdan charm portfel tushmas. Biroq bu dahmazalar befarosatlikni yashirolmaydi.
Umri omadsizliklar ichida o‘tgan bo‘lsa ham, nega odamlar uning dadasini bu qadar hurmat qilishlarini yigit endigina tushunganday bo‘ldi.
— Yana bir gap, o‘g‘lim. Har qanday katta daryoning ham qayeridadir ko‘prik bo‘ladi. Ozgina mo‘lroq yo‘l bossang ham, doimo ko‘prikdan o‘tishga harakat qil. Shu yoshga kirguncha daryodan sakrab o‘taman deb chatanog‘i yirtilib ketganlarni ko‘p ko‘rdim. Qo‘lingdan kelgan ishni qil demoqchiman. Axir sartarosh soch-soqol olishni qo‘yib jarrohlikni da’vo qilsa, boshning qiymati ikki pul bo‘p qoladi.
U dadasining salmoq bilan, ammo shu bilan birga tomog‘ida achchiq yig‘i aralash so‘zlashiga quloq solib, ehtimol hayotida ilk bora shu odamning o‘g‘li ekanidan faxrlandi. “Og‘ir tosh hadeganda dumalamaydi, ammo bir qo‘zg‘alsa hammayoqni titratib yuboradi”, degandi bir paytlar devor-darmiyon qo‘shni turadigan mahalla oqsoqoli. Bu gapni uning dadasi haqida aytgandi o‘shanda. Yigit esa oqsoqolning bu ta’rifini endi-endi angladi.
— Bolam, cho‘tir yuzda xol ko‘rinmaydi, — dedi dadasi suhbat yakunida, — sen qanchalik chiroyli xol bo‘lsang ham g‘adir-budur yuzda yo‘q bo‘lib ketasan. Shundan ehtiyot bo‘l. Endi yot, erta turishing kerak.
Yigit oftob tushaverib qizib-terlagandan soniga yopishib qolgan shimining chokidan chimdib-chimdib ko‘tarib, badaniga havo kirgizarkan, dadasi bilan bo‘lgan bu suhbat uning kelgusi hayoti uchun qisqa va mazmunli dars vazifasini o‘taganini his etdi. 

Shundan beri necha bor kurtaklar ko‘z yorib, necha bor yaproqlar sarg‘aydi. Yigitning ko‘nglidagi orzular ham birda nish urib, birda qovjirab ancha yillar o‘tdi. U o‘z hayoti ildizlarini matonat bilan yerga tobora chuqurroq botirib borarkan, vaqti kelib na shamol, na xazonrezgi, na qor-qirov unga aziyat yetkazmasligiga, kundan-kun baquvvat tortib borayotgan shoxlarini birov qayirolmasligiga ishonardi. 
Nigohida g‘alati yolqin paydo bo‘la boshladi. Ilgari qorachiqlarining tub-tubida ko‘rinar-ko‘rinmas bo‘lib yotgan shijoat, jur’ati endi naq ko‘zlarining pardasigacha yaqin surilib kelgandi. Qarashidagi bu keskinlik asta-asta yuziga yoyila boshladi, xokisor chehrasini qat’iyat va aniq ifodalar egalladi. Agar u birov bilan biron masalada gaplashadigan bo‘lsa, har qanday suhbatdosh hech qancha muddat o‘tmay yigitning nigohiga, g‘ururiga taslim bo‘lardi. Bu o‘ziga ham yoqardi, axir qiyofasidagi bunday o‘zgarish savlatidan ot hurkadigan uncha-muncha odamlarni ham u bilan hurmat chegarasida gaplashishga, uni tinglashga, fikriga qo‘shilishga majbur qilayotgandi. Tabiiyki, uning shu kungacha ichida qaynab yotgan tug‘yonlari atrofidagilarni jodulashga qodir qudratga aylanib tashqariga chiqayotgandi.
U hech kimni ayamasdi. Odamlar qamchi tushaverib itoatkor bo‘lib qolgan sirk otidek uning oldida ortiqcha harakat, ortiqcha gap qilmaydigan bo‘lishdi. Sababi, u qo‘liga ilingan birinchi bahona bilanoq ularni shu qadar ayovsiz jazolardiki, natijada bir marta kulgiga qolgan, izza bo‘lgan odam keyingi bor masofa saqlashga tirishardi. Chindan ham tili zahar bilan sug‘orilgandek edi. 
Bir safar unga ilmiy rahbarlikka tayinlangan dotsentni shunday chaqdi. Domla mo‘mayroq pul undirish maqsadidami, unga siyqasi chiqib ketgan, kamida uch-to‘rt marta odamlar qo‘lida aylangan bir tadqiqotni tutqazib, “Mana shuni u yoq-bu yog‘ini sal-pal almashlasang bo‘ldi. Hozir bu hech kimning esida yo‘q. Shu bilan kandidat bo‘lasan-qo‘yasan”, dedi.
Yigit ishni shapillatib muallimning yoniga tashladi. “Mavzuni o‘rganish o‘zimning qo‘limdan keladi, — dedi so‘ng tap tortmay. Keyin esa zahar aralash davom etdi: 
— Suvni buloqdan ham, ariqdan ham, quduqdan ham ichib chanqoqni qondirsa bo‘ladi. Ammo buloqdan ichganlar baxtliroq, chunki unga oyoq yuvilmagan, chelak botirilmagan”.
O‘qituvchi o‘shanda shu qadar g‘azab, shu qadar ojizlik bilan qaradiki, yigit hozir ham eslasa, “Nima balo, qudug‘iga birov chelak botirib qo‘ygan ekanmi?”, deb qo‘yadi.
Chaqin-chaqmoqlar orasida o‘tgan bir necha yillaridan so‘ng u o‘z maqsadiga yetdi — hayot daraxtining eng baland shoxiga o‘rnashib olib, endi pastda g‘imirlab yurganlarni kuzatish fursati yetgandi.

YO‘L

Odamzot o‘z harakatlarini tiyishga, jilovlashga, aniqrog‘i, o‘zini sipo qilib ko‘rsatishga uringani sari aslida battarroq quyushqondan chiqib keta boshlaydi. Axir yo‘rg‘a ot ham to‘g‘ri yo‘lda ravon, bemalol yuradi, lekin qachonki balandlikka chiqayotib zo‘riqqandagina quyushqoni surilib, hamma yoqni bulg‘ab tashlaydi. Ne-ne jamiyatlar, ne-ne ziyoli va ziyoli bo‘lmagan doiralar ming yillardan beri amal qilib kelayotgan, insonlar ko‘nglida qandaydir sirli-vahimali tushunchalar paydo qilgan, ba’zida esa paqqos hayot qonuniga aylanib ketgan qoliplar odamni buzadi. Ha, ha, yo‘ldan ozdiradi, izdan chiqaradi. Ammo agar bular shunchaki o‘ylab topilgan har xil shaklli, biroq hammasi ham qalbni mahdudlikka olib boradigan ihotalar ekanini aytadigan bo‘lsang, kishilar senga xuddi shakkokka qaragandek ijirg‘anib nigoh tashlaydilar. Go‘yoki sen sopol sanamni yerga urib chilparchin qilgandek, temir xochni bo‘yningdan yulqib balchiqqa otgandek yoki masjid mehrobiga kir oyoq bilan chiqqandek yuzingga dahshatli va berahm ko‘zlarini qadaydilar. Biroq o‘sha burgutning tumshug‘i yoki bo‘rining tirnog‘idek o‘tkir nigohli kimsalar ko‘nglingda, ularga ko‘rinib turgan yalang va tukdor ko‘ksing ortida qanaqa tug‘yonlar, qanaqa og‘riqlar, qanaqa beayov sanchiqlar borligini hech qachon ilg‘ay olmaydilar. Ko‘rgan-bilganlari — sen o‘zingdan ketib qolding, haddingdan oshding, ular uchun turg‘un va muqaddas me’yorlarni buzding, “ramka”lariga bo‘y bermading. Ular esa bu bepisandligingni, shaddodligingni minba’d kechirmaydilar. Uzundan-uzoq ilmiy ma’ruzalar qilayotib ham ko‘zlarining bir uchi senga ta’na toshi otib turadi, safar-sayohatlarida, ta’tillarida ham, jazmanlari bilan uchrashuvda ham ularning xayolini butkul sen band etasan, kechalari tanasini so‘rib yotgan gijjalardan emas, ko‘proq sening qilmishingdan tishlari g‘ijirlab chiqadi. Ammo, taassufki, ular bu xatti-harakatlaring zamirida nima yotgani emas, bunday qilishga qanday jur’at topganing, topa olganing haqida o‘ylashadi.
Yoshligida uning ham onasi hamma onalar kabi “supurgini tik qo‘yma”, “shomda supurma”, “ovqatlanayotganda qo‘lingga tayanib o‘tirma”, “tirnog‘ingni tishlama” deganga o‘xshash tanbeh-taqiqlarni ko‘p takrorlardi. Uning bolalik shuuriga, to‘g‘rirog‘i, unga kichkinaligida sovg‘a qilingan boshida tanga tashlaydigan teshikchasi bor gips mushukchaning qornidek hali bo‘m-bo‘sh yuragiga bu eslatmalar xuddi buzib bo‘lmas qonundek, amal qilmasa uni gunohkorga aylantiradigan farzdek quyilib-qotib qolgandi. Aqli to‘lishgach tushundiki, bu taxlit chek-chegaralar bolani ma’lum qolipda, ehtimol kattalar nazaridagi odob doirasida ulg‘aytirish uchungina ishlatiladigan vositalar ekan. Mantiqan o‘ylab ko‘rilganda, supurgini devorga tirab qo‘ysa nima bo‘ladi, palakat bosadimi? Yo‘q, bor-yo‘g‘i matohning tezroq beli sinib ishdan chiqadi, xolos. Yoki tirnoqni tishlash ham gunoh emas, faqat hamma mikrob degan balo o‘shanda bo‘ladi, kasalning uyasiga duchor bo‘lasan-qo‘yasan. Hadeb tayanib o‘tiraversang, umurtqang qiyshayib qoladi. Kech kirganda supursang yerda tushib yotgan to‘g‘nog‘ichu tugma, tangayu yana bir nimalar kabi mayda-chuydalarni ko‘rmay qolishing mumkin. Shu xolos. Faqat bechora onalar agar shu gaplarni shundayligicha to‘ppa-to‘g‘ri aytishsa, bolalarining ikki qulog‘idan yelvizak bo‘lib chiqib ketishini o‘ylagan bo‘lsalar kerak. Ammo bir toifa onalar borki, bunday antiqa to‘qimalarni buvilaridan yo undan ham kattarog‘idan eshitishgan, uning tagidagi oddiy va mayda haqiqatlarni tush ham ko‘rishmaydi. Amal qilishadi, vassalom. Bo‘ysunmaganlar esa gunohkor.

U kirib kelgan xona haddan ortiq dabdabalarga to‘lib-toshgan edi. Bu yerdagi narsalar shu qadar rasamadi bilan joylashtirilgandiki, biror buyumning o‘rnini almashtirib bo‘lmaydi, masalan, yig‘ma darpardaning shokilali ipini tortsang, butun xona birvarakay yiqilib tushadigandek tuyuladi. Hatto javondagi kitoblar ham odam qo‘li bilan terilmagan, balki go‘yo devorga javon-pavoni bilan o‘xshatib chizilgan rasmdek ko‘rinardi. “Odamzot o‘zini qanchalik yaxshi ko‘radi-ya, — deya o‘yladi u oyog‘i tagidagi gilamga tuflisi botib ketayotganini sezib, — bir kunda bu xonada ikki soat bo‘ladimi-yo‘qmi, shunga shuncha dahmaza. Balki odamlar o‘zining qanchalik maydaligini, ojizligini, urvoqligini yashirish uchun bunaqa ulug‘vorlikka mahkam tirmashib olishar. Yoki yumush bilan huzuriga kirgan odamlarning hali bir so‘z demayoq og‘zini yopishga, tizzasini qaltiratib, gapini yo‘qotib qo‘yishiga mo‘ljallangandir bu salobat”.
— Manavi atirgul shu guldonning o‘zidan o‘sib chiqqanmi… — dedi u rostmana zaharlik bilan orqasida g‘alati qiyshayib turgan kotiba atalmishga.
Qo‘qqis berilgan savoldan xuddi tirgak cho‘pi sinib ketgan qari shaftoli daraxtidek munkib ketdi kotiba. Keyin lab-daxanini uchburchak-to‘rtburchak qilib ochib, sannashga tutindi:
— Bilasizmi, hurmatli…
U shartta ortga o‘girilib, kotibaga qat’iyat bilan boqdi, gap taqqa to‘xtadi. Tushundiki, hozir qo‘yib bersa shu birgina guldastani allaqaysi mashhur gulchining qalin suvqog‘oz bilan yopilgan issiqxonasidagi gulzordan uzilib to xonaga kelguncha bo‘lgan ezma tarixini aytib bermoqchi, ehtimol mavzuni yana ham uzoqroqdan boshlar, gulning urug‘idanmi yo qimmatfurush gulchining tug‘ilishidanmi… Bu “tarixiy hikoya” ichida albatta ancha-muncha qo‘shimcha qahramonlari ham bo‘ladi. Deylik, uni kim dastaladi, kim keltirdi, kim hafsala bilan guldonga joyladi, kim suv quyib turibdi. Eng urg‘u beriladigani — gul sovg‘a qilish kimning tashabbusi. Vaqtida to‘xtatmaganda, mana shularning barchasini eshitishi kerak edi, ustiga-ustak ora-sirada madaniyatli odamlar singari goh zo‘raki jilmayib qo‘yishi, ahyon-ahyonda esa “rahmat” deb turishi lozim edi. 
— Eringiz yaxshi odammi? 
Hali baqrayganicha qolgan kotiba bu savolni chinakamiga tushunmadi.
— Nima dedingiz? Uzr, eshitolmay qoldim.
—    Eshitdingiz, faqat tushunmadingiz. Eringiz yaxshi odammi, deyapman.
Kotiba bu safar shubhalanib qaradi. Aftidan u ko‘zlari bilan yangi boshlig‘ini santimetrlab o‘lchab chiqishga ahd qilgandek edi.  
— Nolimayman, er desa degudek… — dedi negadir horg‘in va behafsala ovoz bilan. Keyin esa “Tinchlikmi? Kelasolib meni tergov qilayaptimi?” degan xavotirda tag‘in ishtibohga berildi.
— Men ayol kishining yuziga bir qarashdayoq uning oilaviy ahvoliga tashxis qo‘ya olardim. Axir aytishadi-ku, xotinning yuzi — erning fe’li, deb. Siz ayollar istaysizmi-yo‘qmi, eringizning har bir shirin gapi yoki kaltagi, mehri yoki befarqligi, muhabbati yoki xiyonati yuzingizga muhrlanib qoladi. Biroq ko‘pchilik buni yashirishga urinadi. Ammo qiziqki, bugun sizning turishingizga qarab na u yoqlik, na bu yoqlik fikrga keloldim.
U “qiyofangiz juda chuchmal ekan”, deyishdan o‘zini tiydi. Kotiba qarshisidagi odam uning farosatini sinayotganini endi sal-pal tushundi. 
— Ochig‘i, ikki marta turmush ko‘rganman, biroq yolchimadim.
— Demak, mening tashxis qo‘yishga qiynalganim bejiz emas ekan, ikkita erdan qolgan turmush lavhalari yuzingizda qorishib ketibdi, — dedi u ayolning ustidan rostmana kulib. Keyin esa jiddiy tus oldi: 
— Boravering, zarur bo‘lsangiz chaqiraman.
Kotiba chiqib ketarkan, bu yangi va tamoman notanish, yosh va takabbur, achchiqtil va bepisand rahbar ishxonani ag‘dar-to‘ntar qilishiga, otam zamonidan beri oftobda tovlanaverib, semirib-yaltillab ketgan arzanda mushuklarini “pisht” deyishiga aqli yetdi.

U hozir ikki, balki ko‘proqdir, yo‘l boshida edi. Biri — uni bu kursiga mixlagan, ha, xuddi devor yoki eshik orqasiga taqvim qadagandek mixlagan yuqoridagilarga bir og‘iz xabar berib, ketish-qo‘yish. Bu ancha osonroq. Harqalay, sirtmoq bo‘yniga bir marta keladi, har kuni ming marta arqonga bosh tiqib, keyin esa “Sizga rahm-shafqat qilindi, siz ertaga osiladigan bo‘ldingiz”, degan sovuq istehzoni eshitgach, shalpayib yiqilmaydi. Eng yomoni, kunda-kunosha bir-biridan kulgili, tiyiqsiz hukmlarni va bir-biridan riyokor, tahqirli shafqat so‘zlarini tinglashga majbur bo‘lmaydi.
Ikkinchisi... mana shu birinchi dordan keyingi hammasi “ikkinchisi”ga kiradi. Boshqa turli yo‘llari ham ko‘p. Ammo u bu yo‘llardan or qiladi. Chunki unda anavi guldonga o‘xshab qoladi. Qo‘yniga nima solishsa, shuni ko‘rsatib turaveradi. Hozircha bu bejirim yaltiroq idish kattakon rahbarning xonasida, unga har kuni anvoyi, qimmatbaho gullar solib turiladi, chang-chungi, dog‘-pog‘i toza doka bilan artib qo‘yiladi, suvi-ku hech qachon sarg‘ayib ham, hidlanib ham ketmaydi. Ammo deylik, o‘rtacharoq xodimning xonasiga o‘tib qolsa, qay ahvolga tushadi? Xodimning hushi kelsa gul solar, bo‘lmasa oddiy buyumdek deraza raxidami, javon ichidami turaveradi-da. Yo uyiga qo‘ltiqlarmikan? Endi tasavvur qiling, mana shu billur matoh bironta usta, masalan, mashina tuzatadigan ustaning qo‘liga tushib qoldi. U ikki dunyoda gul ham solmaydi, changini artib asrab-avaylamaydi ham. Qaytanga, bolt-gaykaga o‘xshagan mayda-chuydalarini saqlashga ishlatadi, ahyon-ahyonda moyga belangan qo‘llarini botirib turadi. Darvoqe, unga ehtimol moy quyib qo‘yar. Har ne bo‘lganda ham, u bu ishlarni mutlaqo tabiiy ravishda qiladi, idish shishadanmi, billurdanmi, tunukadanmi, buning umuman qizig‘i yo‘q ustaga.    
U shular haqda o‘ylab, xuddi janggohning o‘rtasida o‘qi tugab qolgan askardek his qildi o‘zini. Ha, endi rostdan ham qiyin bo‘ladiganga o‘xshaydi. Bir tomoni qaynoq va shafqatsiz hayot, bir tarafi esa osmondek musaffo va keng, son-sanoqsiz kabutarlar o‘ynab uchayotgan ko‘ngil. Ko‘ngilning bir chetida esa, g‘ala-g‘ovur bozorda dadasini yo‘qotib qo‘yib, izzillab yig‘lab o‘tirgan boladek notavon muhabbat.
U enli, to‘q jigarrang, har bitta oyog‘i o‘ymakorlik san’ati namunasidek naqshlangan bejirim ish stoliga o‘tarkan, qachondir jurnalda o‘qigan va xotirasida qolgan satrlarni pichirladi: “Axir kun o‘tkazish dardidan boshqa, bor-ku mardlarcha yashamoq degan tushuncha!”*

* * *
Shom aralash uyiga kelib, qo‘l uchida ovqat tayyorlay boshladi. Oshxonada kuymalanish asnosida u xonadan bu xonaga paydar-pay o‘tarkan, beixtiyor boyagi hashamatli kabineti bilan uyini taqqoslab qoldi. Xayoliga kelgan fikridan miyig‘ida kulib qo‘ydi. O‘sha kotibasi bir kelib yashashini ko‘rsami, ko‘zlariga ishonmay yonboshini chimchilab qo‘ygan bo‘lardi. Axir uning xayolida rahbari hindcha kinolardagi saroy-uylarga taqlidan qurilgan koshonada yashaydi, hech bo‘lmaganda oshpaz va bog‘bonga o‘xshagan xizmatkorlari ham bo‘lsa kerak deb o‘ylar ehtimol. Balki bironta dugonasigami, qo‘shnisigami “Itboqari ham bor!”, deb oshirib-toshirib yuborar.
Ovqatini naridan-beri yedi-da, taqsimchani surib qo‘ydi. “Uy ancha sovuq, aynimasa kerak”, degan xayolda taom ustiga sochiqni omonat tashladi. Kitoblari ayqay-uyqash bo‘lib yotgan xonasiga o‘tarkan, poldagi manzara xuddi dunyoning tabiiy xaritasidek bo‘lib ko‘rindi. 
“Xarita”ni oz-moz yig‘ishtirgan bo‘ldi. Kecha tunda yerga uzala tushib, Remarkni o‘qigandi. Stol lampasi ham shundoq polda yoqiq holicha qolib ketibdi, ustiga-ustak ag‘anab tushgan. Lampaning cho‘chqa dumidek eshilib ketgan simini burab-to‘g‘rilab stolga olarkan, bundan uch-to‘rt yil avvalgi kulgili suhbatni esladi. O‘shanda “targ‘ibot guruhi” deya ataluvchi kattagina jamoa bilan qaysi bir mehmonxonaga qo‘nishgan edi. Hamma, tabiiyki, o‘ziga yoqadigan xonalarni olishni istardi, ayniqsa, bir-ikki oliftalar “Alohida nomer berasan”, deb mezbonlarni ancha sarson qilib, ensasini qotirgandi. U olomon lash-lushini sudrab-tortqilab xona-xonasiga kirib ketishini kutib turdi, keyin mehmonlarning qosh-qovog‘iga qarashga majbur qilingan mutasaddining yoniga borib, birinchi uzatilgan kalitni oldi. Xona ikki kishilik edi. U eslagan voqea esa ertasiga kechqurun, yoniga mashhuri zamon bir shoir joylashganida bo‘ldi. Shoir ham avvaliga xonasida sherik ko‘rib, ayniqsa, uning ona suti og‘zidan ketmagan bola deb fahmlab, jomadonini divan chetiga omonat qo‘ydiyu mutasaddining oldiga bir-ikki bor chiqib keldi. Aftidan, boshqa xona “tashkillashtirib” berilmadi shekilli, noiloj qaytib kirdi. 
— Qurg‘ur, kiyim ilgichlari kam, buning ustiga nimjon ekan-da, — dedi noroziligini sherigiga bildirish uchun.
U miq etmadi.
— Men ham kecha sizlar bilan kelishim kerak edi, ro‘yxatda familiyamga ko‘zingiz tushgandir… — gapida davom etdi shoir uni ko‘rib joyidan qimirlab ham qo‘ymagan yigitga g‘ashlik bilan. — Bilasiz-ku shoirchilik, bir uyatli joyga uchrashuvga chaqirishgandi. Yo‘q desam ham qo‘yarda-qo‘ymay olib ketishdi. O‘ziyam guldastalarga ko‘mishdi. Uchrashuvdan keyingi ziyofatning quyuqligini aytmaysizmi?..
Yangi hamxona gap shu yerga yetganda to‘xtab, ortiga o‘girildi. Boyadan beri shimni ilgichga ilolmay shundog‘am xunob bo‘lib turgandi, u o‘girilganda ilgich orasiga zo‘rg‘a o‘tkazilgan shim shig‘illab chiqib ketdi. Shoirning ortga o‘girilgani — u hadeb gapirayaptiyu sherigidan sado chiqmayapti, shunga edi. 
— Bugungi tadbirlar yaxshi o‘tdimi? — u endi to‘ppa-to‘g‘ri yigitga savol tashladi.
— …
— Sovg‘a-povg‘alar ham bo‘lgandir?.. 
Yigit yana indamadi. Ammo shartta o‘rnidan turdi-da, televizor ustidagi tugmachali dastakni oldi. Duch kelgan kanalning ovozini balandlatib ko‘ra boshladi. 
Hamxona gapirishdan to‘xtadiyu, biroq ivirsib yurishni bas qilmadi. Dam deraza yoniga boradi, dam yuvinish xonasini ko‘zdan kechiradi, dam devorni chertib ko‘radi. Xullas, tinchimadi. Hatto devorga mahkamlangan telefon go‘shagini ham qulog‘iga tutib ko‘rdi. Yigit bu hovliqmaning xatti-harakatlarini ko‘z qirida kuzatib yotar ekan, “Shoirlikni guldur-guldur uchrashuvlaru guldastalardan iborat deb biladi bu odam”, deya xayol qildi.
Bir mahal yuvinish xonasidan supradek lungiga o‘ranib chiqqan yangi sherik gilamni shilta qilib o‘rniga o‘tdi-da, yapaloq burniga ko‘zoynak qo‘ndirib qog‘ozlarini titkilay boshladi. “Ishqilib, she’r o‘qiyman deb qolmasin-da”, deya yuragini hovuchladi yigit, basharti shunday degan taqdirda televizor ovozini yana ham ko‘tarish uchun shaylanib.
Ammo ulgurmadi. 
— “Tungi hamroh”. Bu stol lampasi haqida, — e’lon qildi shoir. Keyin ijozat kutmayoq o‘zicha qiroat bilan o‘qiy boshladi. Yigit, hartugur, Lorkani, Pushkinni, Blokni, Oripovni o‘qigan. She’rning maza-matrasiga tushunadi. Uncha-muncha yod olganlari bor. Ammo bu baqiroq tizmalar qanaqa she’r, idroki yetmadi. Sakkizmi-o‘nmi satrdan iborat bu aytimda, o‘lsin agar, hech vaqoni ilg‘amadi. Taassufki, “she’r” tugagach, muallif boyagi sakkizmi-o‘nmi qatorni boshqatdan izohlay boshladi. Emishki, bu satrida bunday demoqchi bo‘lganmish, u jumlasida unday demoqchi bo‘lganmish. Tuf-e, o‘sha izoh-pizohingga. Agar hamma she’r shunaqa izohtalab bo‘lsa, bechora Navoiy olti yuz yildan beri o‘lolmay yurib, hozirgacha yo‘lda uchragan zanjiyu hindga, turku arabga g‘azallarini sharhlab berishi kerakmidi?
Biroq bu gaplarini aytsa, shoir jo‘shib ketib, alyorlarining ketini ketiga ulab yuborishidan hadiksirab indamay qo‘ya qoldi. Ammo nimadir ham deyishi kerak edi.
— Bir faylasuf aytib ketgan ekan, — nihoyat jodulangan shahzodadek o‘tirgan yigit tilga kirdi. Hamxonasi esa yosh yigitdagi bu qadar qat’iyatli ovozni ko‘rib, picha hayron qarab qoldi. — Birovlarning hayotida stol lampasi emas, quyosh bo‘l! Chunki lampani zaruratga qarab yoqib-o‘chiradilar. Quyosh esa hammani o‘z izmiga yurgizadi — unga qarab kunduzu tunni, yozu qishni belgilaydilar.
— Ofarin! Tasanno! Bay-bay, ma’noni qarang. Menimcha, yunonlardan biri aytgan-a? — dedi shoir hayratiga donoligini qo‘shib ko‘rsatib.
— Aniq esimda yo‘g‘-u, lekin eradan oldingi xitoylardan edi, shekilli, — dedi yigit masxaraomuz kulib. 
— Nima deysiz, shu hikmatni boyagi she’rimga epigraf qilib olsammikin?
— O‘zi o‘n qator narsaga yana o‘n qator gapni epigraf qilmoqchimisiz! Hech bo‘lmaganda stol lampasiga bag‘ishlangan roman-poman bo‘lgandayam boshqa gap edi.
Yigit sherigini rostakamiga kalaka qilayotgandi. Shoirning laqqa tushib, hanuz hayajonlanib yotishini ko‘rib, ovoz chiqarib kulib yubormaslik uchun og‘ziga ko‘rpani tortdi. Aslida esa, bu “hikmat” yonidagi polvonog‘izni tiyib qo‘yish uchun hozirning o‘zida o‘ylab chiqarilgan tasodif to‘qima edi. “Dumbul ekan-da, — deb xayol qildi u shipga qarab pichirlab yotgan shoirga razm solib, — bo‘lmasa sen aytgan faylasuflaring zamonida stol lampasi tushib qoptimi, hech qursa sham-pam degin, deya malomat qilgan bo‘lardi”. 
U hozir lampaga termilib, mayin tabassum bilan o‘sha sho‘xligini eslarkan, chiroq qalpog‘ini xuddi ukasining boshidek shapatilab qo‘ydi:
— Ehtimol, sen haqingda roman-poman yozilayotgandir, a? 

* * *
Lavozimga o‘tganining ertasimidi, indinimidi, qabuliga birinchi muovini kirib keldi. Naynov va oriqligidan yurganda goh boshi, goh beli, gohida esa chilcho‘p oyoqlari oldinga ilgarilab ketardi. Ayniqsa, qo‘llari ajoyib ekan, bilagi uzun, ammo kafti juda kalta, barmoqlari ramaqijon. Eshikdan to rahbari oldigacha bo‘lgan yetti-sakkiz qadamdayoq va, ayniqsa, qo‘shkaftlab so‘rashayotgandayoq o‘zining qanday odam ekanini ayon qildi. Ammo yigit xulosa yasashga oshiqmadi — ehtimol u o‘ylaganchalik ayyor, tullak emasdir. Bolta o‘z dastasini o‘zi kesmaydi, degan uchirma bor ekan qaysidir xalq maqolida. U ham shoshmasin-chi…
Odatiy salom-aligu hol-ahvol so‘ralgach, muovin o‘zgarish bo‘lgan kuni safarda ekanini, bugun tonggi reys bilan qaytganini, uyiga ham birrov borib kiyim almashtirganiyu yangi boshlig‘ini qutlay deb idoraga yugurganini juda ustalik bilan qistirib o‘tdi. Ammo gapini mutlaqo kutilmagan mavzu bilan yakunladi. Hatto shu paytgacha xotirjam o‘tirgan rahbar ham biroz tiyrak tortdi.
— Shu deyman, ko‘nglingizga olmasangiz, bir taklifim bor edi-da, — dedi o‘rinbosar so‘zlarini tupugi bilan chaynab chiqarib, — sobiq rahbarga ham aytuvdim, bugun-erta deb paysalga solib yuraverdi, mana endi o‘zining “bugun-erta”si chiqib qoldi. Shu desangiz, telefonda siz haqingizda so‘raganimda “bo‘yi baland” deyishdi. Bir quvondim, bir quvondim. Nihoyat, taklifimni qo‘llab-quvvatlaydigan, tushunadigan odamga yolchidim, deb xursand bo‘ldim…
U muovinining mijg‘ovligiga ortiq chidolmadi.
— Tezroq hasratingizni tugating, hozir sizni yig‘ilishga yuboraman, — dedi shu so‘zlariga qolgan hamma munosabatini ham qo‘shib.
— Da, da, konechno, mana hozir… — muovin negadir ortiga o‘girilib, eshikka qarab qo‘ydi. — Mana shu eshikka andak e’tirozim bor-da, — dedi xatti-harakatiga izoh berib, — o‘sha paytda ustalarning aybi bilan pastroq eshik o‘rnatilgan ekan. Ishonmasangiz, o‘zingiz bir ko‘ring, sal bo‘yi tikroq odamni egib qo‘yadi…
— Naynov odamni deyavering! — dedi yigit ochiqcha mazax bilan.
Muovin gapni o‘ziga tekkizmay, beparvo davom etdi:
— Ana, boshqa hamma xonaning eshigi bip-binoyi. Negadir shunisi… shuni, ijozat bersangiz, almashtirsakmi?
Yigit bu taklif haqiqiy hiyla ekanini darhol fahmladi. Va shuni ham angladiki, bu “taklif” o‘zidan oldin kelgan ko‘pgina rahbarlarga ham xuddi shu tarzda aytilgan. Ular, kim bilsin, nimkosani anglaganmi yo shunchaki behafsala qaraganmi, nima bo‘lganda ham muovinning “taklif”i inobatga olinmagan va hali-hanuz davom etayati. Bunday qaraganda, uning fikrini quvvatlasang nima bo‘ladi, eshik soz, bo‘ying g‘oz bo‘ladimi? Yo‘q, bari balo o‘shanda boshlanadi. Atrofda “Yangi shefimiz kela solib hamma yoqning ag‘dar-to‘ntarini chiqardi. Bir chiroyli turgan eshikda nima ayb, shuncha yildan beri turuvdi-da… Endi pastlik qilib qoptimi? Bu bilan pakanalarni yomon ko‘raman demoqchimi yoki o‘zining kalondimog‘ligini ko‘rsatyaptimi? O‘zgarish qilmoqchi bo‘lsang, ana, ish degani oqsab-cho‘loqlanib yotibdi, o‘shani o‘zgartir. Manti ko‘rmagan gadoy qosqonga muk tushdi, degandek tagingga cho‘chqa terili o‘rindiq tegib uncha-muncha narsa yoqmay qoldimi?” deganga o‘xshash shivir-shivir, ba’zan esa oshkora pisandalar urchiydi. Janob muovinning maqsadi ham shu. 
U salmoq bilan kreslodan qo‘zg‘aldi, stolini aylanib o‘tarkan, “Gapingizda ancha jon bor, kechadan beri menga shu xonada nimadir yetmayotgandek, nimadir kamdek tuyulayotgandi. Dilim xufton edi. Mana, sababini siz aytdingiz”, dedi taklif egasining yosh boladek qiliqlarini nazardan qochirmay. Bu paytda o‘rinbosar chindan ham taltayib ketgandi, gapini ma’qullagan rahbariga ishshayib, “da, da” deyishdan nariga o‘tolmasdi.
Ular eshik yonigacha yetaklashib borishdi. Muovin tutqichni shahd bilan tortib tashqariga chiqdi, keyin yana ichkariga suqildi. Qiziq, rostdan ham u eshikdan kirayotganda xuddi suv tor quvurdan qiynalib oqib o‘tayotganga o‘xshab tasavvur qoldirarkan. Shu payti talabalikdagi bir do‘stini esladi, u ham shunaqa xudoberganlardan edi, hamma “poltora” deb chaqirardi. 
— Mana, ko‘rdingizmi, — dedi ikkinchi bor o‘tib-qaytarkan muovin ko‘zlarini parpiratib.
— Ha, ha, masala jiddiy, ancha jiddiy, — kinoyasini yashirmadi rahbar. 
Ammo bu kesatiqlarning ta’mini muovin sezmayotgan edi. Yigit masalaga shu joyda, hozirning o‘zidayoq nuqta qo‘ymasa, uni ham paysalga solishda ayblashi mumkin bu daroz. U eshik uchun kuyunib turgan manavi odamga avvaliga “Qadimiy madrasayu obidalarga, biron piri komilning xoki turobi qo‘yilgan maqbaraga borganmisiz. O‘shanaqa joylarning eshiklari ataylab ham juda pastak ishlangan. Puldormi, zodagonmi, kim bo‘lsa ham yog‘ bosgan gardanini ozgina egib kirsin, degan ma’noda shunday qilingan”, demoqchi bo‘ldiyu, ammo so‘zining oxirgi qismini aytib qo‘ya qoldi:
— Bo‘ychan bo‘lgan yaxshi, — gap boshladi hukmini kutayotgan xodimiga. “Men ham shuni aytaman-da” deya luqma tashladi muovin ham gal olib. Biroq rahbar aytgan gapning davomi o‘ta qat’iy yangradi.
— Bo‘ychan bo‘lgan yaxshi, albatta! Lekin pastak eshiklar bundan aziyat chekmasligi kerak …
Muovin rostdan ham gap mag‘zini tushundimi, yo boshlig‘ining avzoyi jiddiylashganigami, har nechuk, “haq aytasiz, haq aytasiz” deya takrorlab, uzr so‘rab chiqdi-qochdi. 
U kresloga qayta cho‘karkan, stol yonidagi tugmani bosdi. 
“Labbay!” 
Eshikdan kotibaning boshi ko‘rindi.
— Muovinimga ayting, majlisga o‘zim boraman…
“Xo‘p” degan so‘zdan so‘ng eshik yopilarkan, “U yerda ham eshiklarni qarichlab yurmasin, harqalay yig‘in eshiklar haqida emas”, deya xayol qildi va yuziga tabassum yugurdi.

Oqshomda horg‘in qiyofada xizmat mashinasiga o‘tirarkan, kuni bilan uni obdon holdan toydirgan qo‘ng‘iroqlaru yig‘ilishlarni, kirdi-chiqdi xatlaru arizalarni emas, aynan bitta qabulni yana bir bor yodiga oldi.
O‘ta xokisorlik va iymanish bilan qarshisiga kelib o‘tirgan onaxon avvaliga sir bosib, picha kalovlanib turdi. Ammo dardining zo‘ri bilan tilga kirdi. Va keyinchalik, masala jiddiylashgani sari shunaqa o‘ktam qiyofaga kasb etdiki, yigit beixtiyor o‘tkir nigohini undan olib qochdi. Onaning arzi bir qarashda sodda edi — nogiron qizi bor, o‘qishga qiynalyapti ekan. Jismoniy jihatdan emas, ona agar shunday bo‘lganda yordam so‘ramagan bo‘lardim dedi, moddiy tanglik jonidan o‘tib ketibdi. To‘g‘ri, bir og‘iz jumla bilan aytilgan hozirgi holatni onaxon yarim soatcha gapirdi. Ochig‘i, rahbar uning ko‘proq so‘zlashiga atayin yo‘l qo‘yib berdi. Chunki bu mushtipar ayol kirgandayoq, bir-ikki jumla gapirgandayoq u sehrlanib qolgandi. Xayolida o‘zining onasi qachonlardir kimlarningdir huzuriga shu ahvolda kirganini, shunaqa qimtinib o‘tirganini esladi. Allaqaysi korchalonlarning ishga kelishini kutib, ularning eshigiga ko‘z tikib shom qoraytirgan onaizorini ko‘rgandek bo‘ldi. 
U ham kimningdir bitta imzosigami, bir luqma gapigami intizor bo‘lib onasi yonida o‘tirarkan, nari yoqqa-beri yoqqa chiqib ketaverardi, sabr qayoqda deysiz o‘spirinda. Biroq onasi na ul-bul yeb olgani, na oyog‘ining uvishig‘ini yozgani chiqardi. Xuddi sal chalg‘isa, o‘sha anqoning urug‘idek odam keladiyu ketib qoladigandek xavotirlanardi. U tashqarini aylanib kelsa ko‘rardiki, volidasi bir nuqtaga tikilgancha hamon yog‘och kursiga qapishib o‘tiribdi. Ichlari achishib ketardi, ammo bilardiki kutishdan o‘zga choralari yo‘q. Endi-endi o‘ylasa, onasi juda mardona ayol ekan. Lekin sho‘rva-qatiq hayotning izlari to‘kis hayotnikidan ko‘ra chuqurroq botar ekan odam ko‘ksiga. Mana, onasi oltmishga yetib-etmay “qon bosimi” bo‘ldi-qoldi.
U qabulida o‘tirgan onaning yuzlariga qarab o‘sha yillarini eslarkan, to‘satdan bu hashamatli, ammo sovuq tusli xonasiga nima yetishmayotganini tushunib qoldi. Fayz! U mana shu so‘z kallasiga kelganidan benihoya xursand bo‘lib ketdi. 
Aslini olganda, bu idora moddiy ishlar bilan shug‘ullanmasdi. Yo‘rig‘i boshqacha. Lekin hozir bu gapni aytadigan bo‘lsa, ayol bir vaqtlar xuddi onasi allaqanday tirrancha qizning “Falonchi akam bugun kelmas ekanlar. Ertaga kelarsizlar…” degan ta’nasini eshitganda qanday mung‘ayib qolgan bo‘lsa, shu ahvolga tushadi. Bu manzarani qayta ko‘rishga esa yigitning yuragi dosh bermaydi. 
— Ertaga shu vaqtda kelolasizmi? — dedi u onaxonga mayinlik bilan.
— Mayli, bolam, mayli… Biror ish chiqsa bo‘ldi.
— Chiqadi, xavotir olmang. Ertaga keling deganimning sababi, bir-ikkita hujjatni tayyorlab qo‘yishadi. Tushunasiz, pul bor joyda qog‘oz-pog‘oz to‘ldirmasa bo‘lmaydi.
Ayolning xotirjam tortgan chehrasiga, ko‘z yosh miltillab turgan mijjasiga boqarkan, hozir borib bu xushxabarni eshik tiq etsa quloq solib o‘tirgan nogiron qiziga qanday yetkazishini, muhimi, bu kecha ona-bola qanchalik tinch uxlashlarini tasavvur qilib, zavqlandi. Aslida, yigitning rejasi boshqacha edi. Rostdan ham, bu yer ijtimoiy yordam bera oladigan joy emas. Lekin u bugun uyga borib, konvertga uncha-muncha pul solib, kompyuterida ikki nusxada hisob-kitob deydimi, oldim-berdim deydimi, shunga o‘xshash varaqa tayyorlaydi. Va shu ishi bilan ertaga yana bir bor mushtipar onaning xursand ko‘zlarini, duoga ochilgan qo‘llarini ko‘radi.
Haydovchi uzun, mahobatli mashinani markaziy yo‘ldan olib o‘tarkan, yigit “Ba’zan bir tegirmon suv bir tomchi ko‘zyoshning ishini qilolmaydi”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi va qishloqqa — ota-onasiga telefon qildi.

* * *
Uy yutaman deydi. Yigit darvozaxona va ayvon chiroqlarini birin-ketin yoqib, dahlizga kirdi. Hovli shinam, uy ozoda, hamma narsa botartib. Biroq yakka-yolg‘izlik bularning barini rangsiz suratga, ovozsiz filmga o‘xshatib qo‘ygandi. U ota-onasiga necha bor yalindi, shaharga kelinglar, sizlar u yoqda, men bu yoqda qiynalib yurmaylik, deb. Lekin har safar onasi bir og‘iz qat’iyatli javobi bilan suhbatni yakunlaydi.
— Hafta o‘tib keladigan singillaring yetimchaga o‘xshab qoladi. Biz ketib qolsak, huvillagan uyga kelarmidi ular. Sening yo‘rig‘ing boshqa. Har kuni odamlarning ichidasan.
Onasi haq. Qaysidir yili kutilmaganda bir ish bilan qishloqqa kelib qoldi. O‘sha kuni narigi mahallada to‘ymi-ma’rakami ekan. Ota-onasi o‘sha yoqda, darvoza halqasiga chilvir bog‘langan. Shu qadar yuragi siqilib ketgandiki, to onasi eshikdan ko‘ringuncha dunyo ko‘ziga qorong‘i tuyulgandi.
To‘g‘ri, u har kuni odamlar ichida, shovqin-suronli, ur-yiqitli hayot oqimida. Shaharda qishloqdagidek bir maromda, sokin oquvchi kunning o‘zi bo‘lmaydi. Hatto qosh qorayguncha kishining sillasi qurib ketadi ham. Lekin oqshomda hamma o‘zining qo‘rg‘oniga o‘rmalaydi. Uy-joy, bola-chaqa, oddiy turmush tarzi. Yigit esa…
Ish bo‘lmasiga o‘tib, kofesini deraza raxiga qo‘ydi. Hali darvoza qutisidan olib kirgan gazeta-jurnallarni, xat-patlarni titkilay boshladi. U xat yozish-xat olishni avvaldan yaxshi ko‘rardi. Hozir ham agar bir-ikki oy birov xat yozmay qo‘ysa, o‘zi biror bahona topib maktub yozadi-da, keyin javob kutib o‘tiradi. 
“Temir xat”larning o‘rni boshqa. U internetdagi, qo‘l telefonlardagi xabarlarni shunaqa ataydi. Bunaqa yozishmalarda na ko‘ngil harorati, na samimiyat, na noma bitayotgan qo‘lning titrog‘i bo‘ladi, deb o‘ylardi. Ikki enlik xatni yuz o‘ylab, o‘chirib-chizib, qayta ko‘chirib yozishning, ayniqsa, uni konvertga joylab jo‘natishning g‘alati yoqimli gashti bor. Bundan ham qizig‘i, kechki payt ishdan qaytsang, shundoq bo‘sag‘ada yoki pochta qutisida konvert turgan bo‘lsa, uni to ochib o‘qiguncha bo‘lgan hayajon ham tamoman bo‘lakcha. Maylida, jo‘ngina xabar, ikki og‘iz hol-ahvol so‘rash bo‘lsin, o‘shaning ham zavqi bo‘ladi. 
U konvert yelimini ehtiyotkorlik bilan ko‘chirarkan, bu qizning ikki yillardan beri xat yozmay ketganini esladi. Avval tinimsiz yozardi, hafta sayin maktub almashishardi. Nima haqda bo‘lsa ham, o‘tgan-ketgan gaplarmi, bahor kelganimi, qor yoqqanimi, yozaverishardi. Ular bir-birlarining xatini o‘qishga bora-bora shunchalik o‘rganib qolishdiki, agar ikkovidan biri sal kech qolsa, narigisi arazlay boshlardi. Aslida, ikkisi ham notanish edi. Yigit talabalik yillarida nimadir sabab bilan televizorga chiqqan edi. Qiz esa, uning ismi-sharifini, qayerda o‘qishini eslab qolgan va tavakkal maktub yozgan. Shu xolos. Shundan beri qadrdonlashib ketishgandi. 
Lekin nimadir bo‘ldiyu, qizning xati uzilib qoldi.
“Men sizning oldingizda uzrliman. Ha, chin dildan kechirim so‘rayman, — deb boshlangandi noma, — o‘sha mening so‘nggi xatim yetib borgan paytlarda bilingki, turmushga chiqqan edim. Avvaliga buni taqdirning buyrug‘i, hayotning qonuni deb o‘yladim. Biroq ushbu gaplar odamni shunchaki ovutish uchun o‘ylab topilgan iboralar ekan. Na taqdir buyrug‘i, na hayot qonuni ko‘nglingni to‘ldirmasa qiyin ekan. O‘ylamang, turmushga chiqqunicha boshqani sevgan ekan-da, deb. Yo‘q. Hech kimni sevmaganman. Men shunchaki qismat ne desa shunga ko‘nikmoqchiydim, umr yo‘ldoshimning kim bo‘lishidan qat’i nazar ra’yiga yurmoqchiydim. Biroq hayot deganlari hatto shu ojizligingda ham o‘z holingga qo‘ymas ekan. 
Turmushimiz sovuq boshlandi. Nima desam ekan, biz ikki xil dunyodan ekanmiz. Agar tushunarliroq aytadigan bo‘lsam, men hind kinosiga ishqiboz bo‘lsam, u hali ham multfilmlarni tomosha qilarkan. Endi angladingizmi, yoshi o‘ttizga qarab ketayotgan bo‘lsa ham, hayotni o‘n yoshli bolachalik ham idrok qilolmaydigan notavon ekan. 
Bunisiga chidasa bo‘lar ehtimol. Lekin shu holiga ko‘cha isiga o‘rgandi. Kimgadir ilakishdi, alal-oqibat esa, boshimga bir shallaqining janjaliyu bir haromi go‘dakning chinqirig‘ini olib keldi. 
Nima deb o‘ylaysiz? Ketib qoldimmi? Aslo, ketganim yo‘q, qaytanga o‘sha norasidani o‘zimning bolamga qo‘shib boqayapman. Bu dadamning amri bo‘ldi. 
Mana shunaqa gaplar...”.
Qiz xatning qolgan qismida yigitdan hol-ahvol so‘ragan, yana nimadir gaplar. U esa hozir o‘qigan fojiasi ta’siridan chiqib ketolmay qoldi. Ikki yilda shuncha mashmasha, shuncha g‘avg‘o. Qanaqa go‘zal orzulari bor edi uning. Ana, kitob javonining bir bo‘lmasi mana shu qizning maktublari bilan to‘lib-toshgan. Qanday nafis o‘ylardi hayot haqida, qanchalik romantik edi. U o‘qigan kitoblar, u jo‘natgan she’riy parchalar naqadar yashash ishtiyoqi bilan sug‘orilgandi. Yigit har gal qiz jo‘natgan xatjildni ocharkan, “Maktublaridan ham atirgul hidi keladi”, deb o‘ylardi va xat egasini qizil, sariq, oq atirgullar orasida yurgan bog‘bon qiz timsolida tasavvur qilardi. Mana endi gulzor ham, muattar hidlar ham barham topish arafasida. 
Kofesini peshma-pesh ho‘plab, xatni kerakli bo‘lmaga joyladi. Keyin o‘zi ham qog‘oz-qalamini oldi.
“Taqdir bilan olishuv — suv yuzasiga imzo chekkandek gap. Odamzot esa, bu urinishlari besamar ketayotganini payqashi qiyin. Men sizga har ne deyishga ojizman. Chunki bugun sizning yarim varaq maktubingizni o‘qiboq, tang qoldim. Siz esa ikki yildan beri yarim varaqdagidan ming marta ko‘proq bo‘lgan dardu hasrat ichida yashabsiz.  
Sizning ikki yillik og‘riqlaringiz va sabr-toqatingiz aks etgan maktubingizni o‘qib nimani tasavvur qilganimni aytaymi — xuddi ketmonning sopiga zarhal harflar bilan “go‘zallik” deb yozib qo‘yilgan nomutanosib manzarani. Agar shu holni hatto jinni ko‘rsa ham, ensasini qotirib, labini burishi aniq. Ammo inson matonati har nedan ustun keladi. Sizning shu qadar bosiqlik bilan yashayotganingiz meni lol qoldirdi.
Sizga yordami tegar degan umidda, qachonlardir hayotim uchun shior qilib olgan bir gapni aytmoqchiman. Axir odam umr deb atalmish yo‘lning o‘nqir-cho‘nqirlarida yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun ham o‘zini ishontirgan qandaydir tamoyillarga suyanishi kerak-ku! “Hayotda shaxmat donasi bo‘lishdan emas, o‘yin taxtasida “piyoda” bo‘lib o‘ynashdan ko‘proq cho‘chiyman”. Mana shu bir chiziq gap hayot ummoniga g‘arq bo‘lib ketayotgan na qayig‘i, na eshkagi bor omadsizni kema darg‘asiga, oyoqlar ostida toptalib ketishi mumkin bo‘lgan niholni zabardast daraxtga, duch kelgan yirtqich yutib yuborishi hech gap bo‘lmagan polaponni kuch-qudratli burgutga aylantirdi. Bilasizmi, agar men hayotim davomida kimdandir qarzdor bo‘lsam, mana shu so‘zlar oldida burchliman.
“Nomunosib erni xotinning fazilatlari ham asrab qololmaydi” degan naql bor. Yana bir gap: axloqsiz erkak qarg‘aga o‘xshaydi, duch kelgan joyga yong‘oq ko‘madi-da, unutadi. Bundaylarga jazo muqarrar. Ammo bir osiy banda gunohi uchun dorga osilayotganda uni tomosha qilib turganlarning umri uzayib qolmaydi-ku. Demoqchimanki, eringiz tavbasiga tayangan holda ham sizning chashmadek tiniq orzularingiz va kimningdir shodligi uchun shartta kesilgan atirguldek yoshligingizni kim qaytarib bera oladi. 
Bu gaplarni yozishdan boshqa qo‘limdan hech bir ish kelmaydi. Biroq yaxshi gapdan yaxshi xotira qoladi, deganlaridek ko‘nglingizga biroz taskin bermoqchiman va ehtimol siz sog‘ingan suhbatga munosib javob berishga uringandirman…”.
U xat shu yerga kelganida ortiq yozolmasligini bildi va maktubni qayta o‘qib ko‘rish ham ko‘ngliga og‘irlik qilib konvertga joyladi.

Kechasi uyqusini tush bosdi. Ishxonaga onasi kelgan emish, qo‘lida bejirim, charm g‘ilofga solingan ko‘zoynak. “Bolam, hali ko‘zing o‘tkir, lekin olib qo‘y, kun kelib kerak bo‘lib qoladi”, dedi. U hayron holida matohni avvaliga obdon qo‘lida aylantirib ko‘rdi, gardishi kumushrang, oynalari ixcham-ixcham, gard qo‘nmagan, chizilmagan. Keyin avaylab qanshariga olib bordi. “Qalay, yarashdimi?” deya onasiga yuzlandi. Vo ajabki, onasi g‘oyib bo‘lgandi. Hayratlanib alangladi, oldiniga past ovozda, so‘ng esa baland, hadikli tovush bilan chaqirdi. Shunda mo‘‘jiza yuz bera boshladi. Xona birdan kengayib, shiplari ko‘z ilg‘amas yuqorilab ketdi. Endi u kabinetda emas, o‘xshatib dekoratsiya ishlangan mahobatli teatr sahnasida turgandek his qildi o‘zini. Lekin hammasi hali oldinda ekan… Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ish stoli naq uydek kattalashib ketgan, ustidagi qalam-ruchkalar devorga tirab qo‘yilgan belkurakdek tikkayib turibdi. Yo qudratingdan!!! 
Shu payti esiga bir qitmirlik kelib, nigohini kitob javoniga burdi. Kitoblar sandiqdek-sandiqdek, ayniqsa “Xamsa” xuddi ko‘rpadek eniga ham, bo‘yiga ham cho‘zilib ketgan. Shu tariqa hamma narsani kattalashtirib idrok qila boshladi — guldon tuzlama tayyorlaydigan bochkadek, gullar jo‘xoripoyadek, qog‘ozlar supradek, telefon apparatlari muzlatkichdek semirib-shishib ketgan. 
U biror narsaga urilib ketishdan qo‘rqib o‘zi o‘rgangan xonada ehtiyotkorona qadam bosgancha deraza yoniga bordi. Ana mo‘‘jiza! Quyosh ulkanlashganidan shu qadar yaqin kelib qolgandiki, go‘yo Yer sharining yuzasi quyoshga tegib aylanayotgandek tuyulardi. “Yulduzlar ham hech bo‘lmasa patirdek-patirdek ko‘rinar ekan-da” xayol qildi u. Onasining antiqa sovg‘asidan juda xursand bo‘lib ketdi. Qanday yaxshi! Endi hamma narsani — kulguni, quvonchni, hatto yaxshilikni ham kattalashtirsa bo‘ladi. Qoyil! 
Ammo shu payt naq qarshisida uni mo‘ljallab uchib kelayotgan qora maxluqqa ko‘zi tushib, shoshib orqaga tisarildi. Maxluq esa xuddi haybatli kema aysbergga urilgandek qarsillab o‘n qulochli deraza oynasiga urildi. Yaxshilab razm solsa, oddiy pashsha. “La’nati, yuragimni chiqarib yubording, — dedi u ko‘zoynagi hali burnining ustida turganini eslab. — Ilonvachchalar ajdahoga aylanar ekan-da endi. Ha, shunisi chakki ekan. Bir yoqda tovusdek keladigan chiroyli kapalakning raqsini zavq bilan kuzatib tursang, bu yoqda dinozavrdek kattalashib ketgan qurbaqa bir hamla bilan uni yamlab tursa”. 
U endi bu yangilikdan ortiq quvonmay qo‘ydi. Garchi ezgulik, odamiylik, havas, muhabbat, mehr, do‘stlik, haqiqat qanchalik yiriklashgan taqdirda yovuzlik, fitna, hasad, nafrat, qahr, g‘animlik va nohaqlik ham shuncha semirar ekan, bunday gigantlikning nima keragi bor? Xuddi bir do‘nglikda bo‘layotgan jang butun dunyoga qirg‘inbarot bo‘lib yoyilgandek gapda bu. Axir sichqon filga aylansa, bug‘doy donining qopdek kattalashganidan nima naf? 
Shularni xayoldan o‘tkaza turib kechagi eshik voqeasi esiga tushib qoldi. “Mana, sizga oppa-oson yechim, janob muovin, — dedi go‘yo yonida rostdan ham o‘rinbosari turgandek, — mana sizga avtobusdek keladigan eshik. Ammo, qo‘rqamanki, siz bunga ham sig‘maysiz. Chunki, bo‘yingizga qarang, xuddi qari emandek cho‘zilib ketibsiz”.
U muovini bilan xayolan suhbatlashar ekan, tuyqus bir haqiqatning tagiga yetdi. Axir bu ko‘zoynak onasi bergan oddiy saboq-ku. Axir xalqda ham “Ko‘zingni kattaroq och”, degan ibora bor. Mana, sizga katta ochilgan ko‘z… 
Ko‘zoynagini ohista yecharkan, boya yuk mashinasidek tarvaqaylab ketgan, endi yana bir burchakka qisilib olgan seyfiga kalit soldi. Xudo ko‘rsatmasin, birontasining qo‘liga tushib qolsa, kim biladi, pashshadan fil yasashi mumkin.
Tongda uyg‘onarkan, tushi xayrli ekaniga imoni komil edi. Kayfiyati chog‘ bo‘lib, mashinasi signalini kutib o‘tirib nonushta qildi.
Idora eshigidan kirayotib kotibasiga duch keldi, ayol ham boshlig‘ini xoli uchratganidan foydalanib, bir xodim ustidan arz qila ketdi. Oldinma-ketin liftga chiqisharkan, rahbar so‘radi:
— Yaxshi uxlab turdingizmi?
“Men bog‘dan kelsam, bu tog‘dan keladi-ya”, deya ichida norozilandi gapi e’tiborsiz qolayotgan kotiba. Ammo javob bermasa ham bo‘lmasdi.
— Rahmat, yaxshi.
— Menga biror nima demoqchi bo‘lsangiz, avval puxta o‘ylab oling. Judayam nuqta-vergulsiz gapirar ekansiz. Mana, o‘n minutdan beri nimalardir deyapsizu, sizni tuzukroq tushunolmadim. 
Yigit shunday dediyu xonasi tomon yo‘naldi. Eshik yoniga yetganda ortiga burilib, “Darvoqe, tun uzun bo‘lsa tush ko‘payar, degan maqolni eshitganmisiz?”, deya so‘radi kotibasidan tushini yana bir bor zavqlanib eslab. Keyin esa, javob ham kutmay, “Kundaligingizga yozib qo‘ying”, deganicha ichkariga kirib ketdi.

* * *
Uning bugun hamma yerga qo‘li yetadi. Hayotida tashvish, muammo deydigan nuqta qolmadi hisob. Bolaligidan yelkasini ayovsiz ezib kelgan qashshoqlik allaqachon barham topdi, suv desa sharbat, non desa holva tutishadi odamlar hozir. Bir mahallar qadr-qimmati ikki pulga olinmaydigan, bormisan-yo‘qmisan bo‘lib yurgan bola vaqtning hukmi bilan cheksiz qudratga ega bo‘ldi. Bu qudratni agar uning bugun egallab turgan lavozim-martabasi bilan bog‘lab tushunilsa, albatta xato bo‘ladi. Bu daraja uning rejasidagi bir bo‘limcha edi, xolos. Uning asl maqsadi — qachonlardir qo‘l yetmas bo‘lib ko‘ringan, erishilishi dargumon bo‘lgan orzu-xayollarini endi xuddi yulduzlar yer yuzidagi mitti jonzotlarni qanday kuzatsa, shunday tomosha qilib huzurlanish edi. Hozirgi odamlar yetti uxlab tushida ko‘rolmayotgan imkonlarni u endi o‘yinchoqdek xohlasa o‘ynaydi, xohlamasa bir chetga surib qo‘yadi. Ammo o‘zi ham tushunadiki, ayni vaqtda qo‘lida turganlardan ko‘ra atrofiga sochilib yotgan o‘yinchoqlari ko‘proq. Hamma narsaga erishgani sayin o‘sha hamma narsaning qadri tasodifan yo‘qolib bormoqda uning uchun. 
Odamlar yurtma-yurt izg‘ib, kimlarningdir qora mehnatini qilib, keyin esa shohona uy solishga urinyapti. Xuddi qasrda yashasang, boshqalar senga chandonroq hurmat-ehtirom ko‘rsatadigandek, poydevoringning balandligiga qarab martaba beriladigandek. U esa mana shu katalakdek hovlisidan narisini xohlash tugul, xayoliga ham keltirgani yo‘q, axir odamning puli ko‘payib ketsa yangi, kattaroq oshqozon qo‘ydirib, bir kosaning o‘rniga ikki kosa taom yeya olmaydi-ku. Yoki yana bir toifa kimsalar pulning sassig‘idan kekirgancha, mashinalarni kolleksiya qilishga ishqiboz. Uning uchun esa, rulga qapishib o‘tirgandan ko‘ra, haydovchiga “Ertaga falon vaqtda kel”, deyish ko‘proq zavq bag‘ishlaydi. Axir u hayot bilan murosasiz kurashda boy berilgan o‘n yildan ortiq umrini bekorga sarfladimi? Kimlarningdir hovlisida go‘ng tashishga, ekin sug‘orishga, haligi bir narsa uchun o‘ra qazishga ko‘nikib yashashga bo‘lgan sabrni, qanoatni qayerdan topgandi. Shuncha yil nega tishini tishiga qattiq bosib keldi. Bir kuni uning taqdirida ham mana shunday hukmfarmolik, hayotning hamma imkonlariga egalik qilishdek ajib gashtli damlar kelishiga chin dildan ishongani uchun emasmi? Bir zamonlar teng-to‘shlari bilan parkka aylanishga qurb topolmasdan ezilgan o‘spirinning oradan o‘n yil o‘tib yuzta istirohat bog‘i qurishga chog‘i keladi. Bir vaqtlar undan chaqa pulini qizg‘ongan xasislar ustidan u bugun tillo tangalar sochishi mumkin. Ammo uning maqsadi na pul sochish, na o‘zini ko‘z-ko‘zlash emasdi, bor-yo‘g‘i barcha narsalarga erishganidan so‘ng buning ortidan keladigan hissiyotning ta’mini bilmoqchi edi, qudratning shakli qanaqa bo‘lishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi edi, xolos. Shuning uchun ham unga bundan ortig‘ini keragi ham, qizig‘i ham yo‘q.
U nimada bo‘lmasin, sheriklikni yoqtirmay keldi. Sababi, o‘ylardiki, garchi odam bolasi yarimta nonga bemalol to‘ysa ham, biroq butun nonni ikki kishiga bo‘lib berilsa, ikkovi ham to‘ymay qoladi. Nima uchun, mundoq olib qaraganda mohiyat o‘zgarmadi-ku. Yarimta nonni bir kishi yedi nimayu, bitta non ikki kishiga berildi nima? Gap shundaki, inson ko‘nglidagi xohish xohlanayotgan narsaning hajmiga qarab paydo bo‘ladi. E’tibor bersangiz, yosh bolalar ko‘chadan qaytayotgan dadasining cho‘ntagidan chiqqan bitta qurutgami-konfetgami benihoya xursand bo‘lishadi. Lekin uyga mehmon kelganda, bitta-ikkitaga qanoat qiladigan bolani topish qiyin. Boyagi yarimta non masalasi ham shunday, qo‘lidagi nondan tashqari yana borligini bilgan odam, garchi u boshqa qo‘lda turgan bo‘lsa-da, o‘shandan ham umidvor bo‘ladi. 
Yoshligida bolalar uni ko‘p o‘rtaga olishgan. Kaltak ustiga kaltak, tepki ustiga tepki. Ammo shunaqa vaziyatlarda ham unga joni achigan biron bolani yoniga yaqinlashtirmasdi, u hamma narsaning mazasini yolg‘iz totib ko‘rishni istardi. Ayovsiz kaltaklangan kunlari, qoshu ko‘ziga muz bosib yotarkan, “Yer yuzida tulporlar bor ekan, qamchi ham bo‘ladi”, derdi o‘ziga o‘zi. Hayot keyinchalik ham uni ko‘p qamchiladi. Lekin bora-bora xuddi joni halqumiga kelgan qul o‘z xojasini o‘ldirib qo‘ygandek, u ham yelkasiga vizillab tushayotgan bu qamchini hayotning qo‘lidan qanday tortib olib qo‘yishni o‘rgandi. 
Yillar mobaynida titroqli qo‘llari changakka, madorsiz oyoqlari poydevorga, xokisor va ma’sum chehrasi takabbur qiyofaga, jur’atsiz ko‘zlari bemisl joduga aylandi. U hammollikka odatlangan yelkalarini yengil va olifta kostyum ilib yurishga, musht bo‘lib tugilishga hamisha tayyor barmoqlarini qog‘oz-qalam ushlashga, muloyim tilini keskin va achchiq so‘zlar ishlatishga o‘rgatdi. Qilichboz ustoz no‘noq shogirdini qanchalik qiynab jangga tayyorlasa, u ham joniga undan kam azob bergani yo‘q. Alal-oqibat esa, chinakam kibor qiyofasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qiyofa keyinchalik, xuddi plastik jarrohlik yaxshi natija bergan kabi, unga ham shu qadar tabiiylik bilan singib ketdi. Hozir birovga, bu yigit avvallari qanchalik ma’sum edi, desangiz sizni tentakka chiqarishi turgan gap.
Mana, o‘zi istagandek dunyodagi davlatmandlaru korchalonlarning kallasida nima xayollar bo‘lishi mumkinligini deyarli bilib bo‘ldi. Ularning tiyiqsiz va bemaza xohishlari, tor doiralarda o‘tadigan zerikarli umrlari, soyadan ham shubhalanib yashaydigan behalovat kunlari, ildizsiz gap-so‘zlari — hamma-hammasi haqida endi unda yetarlicha xulosalar bor. U endi hayotning ikki qutbini — qashshoqlikning eng chuqur jarligiyu badavlatlikning eng yuksak cho‘qqisini to‘la zabt etgan haqiqiy tadqiqotchi bo‘ldi. Mana shu qiziqarli yo‘l davomida bir narsaga amin bo‘ldiki, bu ikki chegara o‘rtasidagi masofa aslida u qadar uzoq emas ekan. Faqat odamlarning o‘zi bu masofani borsa kelmasga aylantirib yuborishgan. Dunyodagi jamiki boylar o‘zlarining yasama, soxta ko‘rinishlari bilan qolganlarni shu qadar sir bostirishar ekanki, natijada bechora kamxarjlar bu masofani bosib o‘tish uchun yo‘lga chiqishdan beixtiyor cho‘chib qolar ekanlar. Davlatmandlarning bu qilig‘i go‘yo bir qarich ilonning dahshatli vishillashiga o‘xshaydi — odamlar uni ko‘rmay turiboq orqaga tisariladilar.

O‘sha kuni mushtipar ona nogiron qiziga yordam puli olib ketgani kelganda bir ajoyib naqlni aytib ketdi. Kechirasiz, bu naql emas, onaxonning hojatbaror yigitga bildirgan minnatdorligi edi. “Bolam, — dedi u, onaxonning ko‘ziga qaramay o‘zi qo‘lbola yasalgan hisob-kitob qog‘oziga imzo chektirayotgan yigitga, — bilaman, hozir siz pulni ana shu seyfingizdan olasiz, hech qanaqa hisobchingiz yo yordamchingiz olib kirib bermaydi, buni yaxshi bilaman. Ammo baribir siz yaxshilikning hech kim yo‘qqa chiqara olmaydigan yo‘lini topdingiz. Ehtimol, qachonlardir boshingizga tushgan ko‘rguliklarning mevasidir bu, balki ota-onangizning tarbiyasidir. Nima bo‘lganda ham, sizga rahmat. Mana shu seyfingizning faqat bitta dona kaliti bor, agar uning kaliti ikkita bo‘lib qolsa, seyfning seyfligi qolmaydi. Ko‘ngil ham seyfga o‘xshaydi, uni yaxshi a’moldan boshqa kalit bilan ochib bo‘lmaydi. Ha, odamlar faqat yaxshilik degan tushuncha bilangina bir-birlarining qalblariga yo‘l topishadi”.
Onaxon keyin ham nimalardir dedi, u hozir eslolmaydi. Ammo ayolning shu gaplaridan keyin yigit yuzidagi har qancha kibor pardasini surib tashlab, onaga chinakam o‘g‘il nigohi bilan boqdi. Bu o‘ktam ayolning mehribon ko‘zlariga qarab, tiniq va samimiy ovoziga quloq solib turarkan, volidasini hajga olib ketayotgan yigitdek vujudida tuganmas kuch tuydi.

INQIROZ

Xotima o‘rnida

Unga buncha pul, molu dunyo qayerdan kelishiga atrofidagilar hech ham tushunishmasdi, aniqrog‘i, bu jumboqning tagiga yetisholmasdi. Unga o‘xshagan rahbar zoti ko‘p, ammo ularning orasida biri ikki bo‘lmayotganlari qancha axir… Yoki maoshi ham hammaning ko‘z o‘ngida, oshib-toshgan joyi yo‘q. Lekin, taajjubli jihati, u hech qachon maoshini o‘ziga ishlatmasdi, kimningdir to‘yiga, kimningdir ma’rakasiga berdirib yuborardi. U bu idorada ishlagan yillarida qancha odamning o‘g‘li uylanib, qizi uzatildi, hatto qurilishga deb pul so‘raganlar ham ko‘p bo‘ldi. U hammaga bir xil javob berardi — hisobchini aytib chiqing. Bo‘ldi, shu bilan imzo chekilardi, mushkul oson bo‘lardi.
Biroq baribir qiziq edi. Hali o‘ttizga to‘lmagan, oila qurmagan yigit bunday to‘kinlikka, shohona hayotga qanday erishgan? Biron qo‘li uzun, bo‘yni yo‘g‘on, qo‘r-qutli odamning erkatoyi, arzandasi bo‘lganda ham boshqa gap edi. Ammo o‘qishni tamomlayotgan yili sodir bo‘lgan voqea uning hayotini xuddi Iskandarning sartaroshi qornim yorilib ketmasin deb sir aytgan quduqqa aylantirganini esa hech kim, hatto ota-onasi ham bilishmasdi. Nima bo‘lgandi? Sulaymonning xazinasini topganmidi? Be, qayoqda… Yer sharining ilma-teshik bo‘lmagan joyi qolmagan hozirgi zamonda xom tuproqning tagida xumcha qoptimi… Ammo odamlar uning favqulodda davlatmandligi haqida o‘ylashganida ko‘proq shunaqa aql ishonmaydigan taxmindan kelishardi. 

U kasalxonaning kraxmalli oppoq pardalar bilan zichlab to‘silgan, ichkarisi esa haddan tashqari yorug‘ bo‘lmasiga kirganida, bosh shifokor oxirgi marta so‘radi:
— Bu ishingning oqibatiga aqling yetib turganiga ishonaman. Mana, sen bilan uch kundan beri ko‘rishayotgan bo‘lsam, og‘zingdan chiqayotgan har bitta gaping meni lol qoldiryapti. Ammo umr sen o‘ylaganchalik arzimas narsa emas, bugungi qahramonlik ertaga ancha qimmatga tushadi.
Yigit bu gaplarni, to‘g‘rirog‘i, shifokorning hamdardlik bildirishini, o‘z burchini shunga o‘xshagan ogohlantirishlar bilan oqlashini bilardi.
— Muhabbat sevgan insoningning hamma-hamma narsasiga — azobu uqubatlariga, visolu hijroniga, yengilligu og‘irliklariga jimgina rozi bo‘lishdir, — dedi vrachning ko‘zlariga nigohini tik qadab. — Men bu ishim bilan ortiqcha narsa yo‘qotmayman, lekin u hayot degan, tiriklik degan mo‘‘jizani qaytadan kashf qiladi. 
Mana shu qisqa, ammo o‘ta nozik suhbatdan so‘ng jarrohlik stoli ustidagi chiroqlar yondi. Uning chap buyragini olishdi.
Sevgan qizi chindan ham omon qoldi. Ammo unga turmush qurishni qat’iyan man etishdi. Oradan yillar o‘tgan sari ehtimol bu voqea unutilishi mumkin edi. Biroq har oyda yigitning nomiga keladigan sirli qog‘oz qutichadagi pullar uning hayotini o‘zi bir mahallar ich-ichidan intilgan, kun kelib nimadir sabab bilan ro‘yobga oshishiga qattiq ishongan kiborlik dunyosiga aylantirdi.
U uzluksiz ravishda moddiy jihatdan bekamu ko‘stlikka erishar ekan, bir vaqtning o‘zida hayot deb atalmish imoratning har bir zinasini, qat-qat devorlariyu mog‘orlagan yo‘laklarini chuqur nigoh bilan o‘rganib bordi. Baxtiyorligu baxtsizlik, donishmandligu nodonlik, do‘stligu dushmanlikka o‘xshagan ming-minglab tushunchalar bir-biriga naqadar yaqin turishini, hatto birining isboti uchun biri albatta bo‘lishi shartligini anglab yetdi. Unga salom uchun uzatilgan kaftning barmoqlari orasida mitti ignalar bor-yo‘qligini darrov payqaydigan bo‘ldi. Va eng muhimi, u hammaga bir xil — ayovsiz va mag‘rur nigoh tashlash san’atini egalladi. Bularning bari bir bo‘lib yigitni yengilmas ruh va cheksiz qudrat sohibiga aylantirdi.

U sigaret qoldig‘ini kuldonga ezdi-da, g‘ir-g‘ir shabada kirayotgan deraza raxiga suyanib, pichirlay boshladi:
Qorayganda uzoq tog‘larning qori,
Bog‘larga cho‘kkanda oqshomgi tuman;
Sovuq kuz yelidan junjikib, nari —
Ochiq ayvon ostin etganda maskan;
Azizim, xayolan quchaman seni,
Xazon davrasida kutaman seni…* 

Hayotda barcha-barcha narsani — ojizligu qudratni, muhabbatu uning achchiq sharobini, turfa odamlar dunyosini idrok qilib bo‘lgan yigit bu uzoq davom etgan darsdan juda zerikdi, uning sabri shu kungacha yetdi, go‘yo yuzlab qari daraxtlarning zaxil-za’faron yaproqlari orasida uning durkun va yashil barglari qiynalib nafas olayotgandek, umri borgan sari xazonning achchiq hidiga moslashib ketayotgandek tuyuldi. Endi u na o‘zini, na shubhakor odamlarni ortiq qiynashni xohlar edi. 
Mana, o‘n yil ichida xuddi yer yuzasini qarichlab o‘lchab chiqqandek bir olam xulosalar yig‘di, ammo o‘zi ham obdon holdan toydi. Axir har kuni, har soat, har soniyada bir vujuddagi ikkita odam bo‘lib yashash naqadar og‘ir. U o‘zi uchun olamdagi eng yuksak cho‘qqida turib dunyoni balanddan tomosha qilayotgan odam bo‘lsa ham, biroq atrofdagilar uchun savlat-salobatli, sirli va kishini hayiqtiradigan qiyofa sifatida yashab keldi. Bugun esa bu sarguzashtga to‘la ikkinchi hayotiga tamoman nuqta qo‘yadi. U nimani xohlagandi, hamma narsaga erishishnimi? Mana, orzusiga yetdi. Endi inson ko‘nglini aldaydigan va tubanlashtiradigan bu taxlit hayot bilan bog‘lab turgan barcha rishtalarni uzib tashlaydi. Uning bir marta qilgan chinakam jasorati va kelajagi “qat’iyan ta’qiqlangan” muhabbati evaziga uzluksiz oqib keluvchi pullarning bugundan boshlab unga zarracha keragi yo‘q.
U o‘zining ikkinchi qiyofasi o‘ng biqinidagi bittayu bitta buyragiga og‘irlik qilayotganini sezgandi.    

2012 yil

__________

* Abdulla Oripov so'zi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.