OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosirjon Jo‘rayev. Quyosh qoraydi (hikoya)

Bir qarich bo‘lib turgan somonlar oyog‘ini tilib tashladi. Tovonini ayab-ayab bosib, qop sudraydi. Quyosh atrofni ayovsiz kuydirar, agar yana biroz qizdirsa, yangi o‘rilgan bug‘doyzor yonib ketadigandek ko‘rinadi. U nariroqda har qadamda yerga ilinj bilan boqib, boshoq qidirayotgan akasiga yalindi.
— Aka, akajon, ozgina dam olaylik.
O‘n ikki yoshlardagi ozg‘in, qarimsiq ko‘rinadigan bola ukasiga shunday bechorahol termildiki, bu ishlari shunchalik zarurligi tushunildi. Har boshoq topganda ko‘zlarning yiltirashi davom etdi.
Kir yoqaning issiqda qayishdek qotgani bolaga azob bo‘ldi. Har safar egilib-turganda bo‘ynini shirillatib sidiradi. Ammo tinim yo‘q. Uzoqlarda xuddi o‘zlaridek qoraygan odamlar yurishipti. Ularda ham qop bor. Bola boshoq izlarkan, yana picha terishsa, ketishlarini, uyda onalari, olma daraxtining tagida salqin joy borligini o‘ylardi.
Qoplari anchayin tikkayib qolganini ko‘rib, tag‘in akasiga yolvordi.
— Jon, aka, o‘tiraylik.
Akasi yig‘laguday qaradi. Ikkovining ham ko‘ziga achchiq ter tushar, yuziga, bilaklariga, bo‘yinlariga bug‘doy qiltanoqlari yopishgandi. Suv idishdagi oxirgi suvni ukasiga tutdi.
— Manavini ichgin-da, birpas o‘tir. Men teraman. Eslaysanmi, bu yil qish qanday og‘ir o‘tdi. Tag‘in onamga qiyin bo‘ladi.
Bu gapdan keyin u ham o‘tirolmadi. Idishni bir ko‘tardi, isib qolgan suv tomog‘ini kuydirib o‘tdi. Ichayotganda akasining yutinganini sezdi. Yana churq etmay qopni sudradi. Endi akasi chidolmadi, ukasiga rahmi keldi.
— Men suvga borib kelaman, ungacha damingni olib tur.
— Mayli.
Akasi ketgach, avval cho‘kkaladi, keyin osmonga qarab yotdi. Kaftini ko‘ziga yopmoqchi bo‘ldi-yu, oftob ko‘zini olmayotganini sezib qoldi. Tik boqib yotaverdi. So‘ng quyoshning kattalasha boshlaganiga hayron bo‘ldi. Qarab yotgani sayin quyosh ulkanlashar, ulkanlashgani sayin qorayib borardi. Oxiri butkul zimiston bo‘lib ketdi. Qorong‘ulikdan onasi bir qaragandek tuyuldi, keyin akasi, keyin jimir-jimir suv, keyin hech narsa.
Akasi qaytganda u sokin yuz bilan yotardi.
“Uka, suv opkeldim” dedi, indamadi. Suv sepdi, qimir etmadi. So‘ng qo‘rqa-pisa qaerdandir eshitganini qildi — ukasining ko‘kragiga quloq bosdi. Jim-jit. 
Akasining yuragiga bolalarcha vahm tushdi: “Shuncha boshoqni qanday ko‘tarib ketaman!”  

2002 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.