OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurali Qobul. Kaptarlar qaytmagan tun (hikoya)

Kampir har kuni ertalab tong yorishmasdan uyg‘onadi. Shu kunga eson-omon yetkazgani uchun xudoga shukrona aytib, katta doka ro‘molini uzoq o‘raydi. Sirlangan chelakning qolgan-qutgan suvini hovliga sepib, yuz-qo‘lini yuvadi-da, bir necha burda non olib buloqqa tushadi. Yuz-qo‘lini yana qayta yuvgach, tushini suvga aytgancha nonni ushatib, buloqqa tashlay boshlaydi. Kampirning kelishiga o‘rgangan va uzoqdan qorasi ko‘rinishi bilan uymalashadigan baliqlar suvni shaloplatib yuzaga otilib chiqishardi. Kampir esa ular bilan xuddi odamdek gaplashib, uvoq ulasha boshlaydi.
— Sizlar ham kichik bo‘lgansizlar. Kichiklarga ham non beringlar, - dedi u katta baliqlarni tergab. — Uyalmaysizlarmi o‘z bolalaringning nonini tortib olib yeyishga. Odamlarga o‘xshab jonivorlar orasidan ham mehr-oqibat ko‘tarilyapti.
So‘ng, u katta baliqlarni aldab turib, nonni maydalab kichik baliqlarga tashlardi. Bunga o‘rgangan baliqchalar katta baliqlar non bo‘lagiga tashlanishganda non uvoqlarini kutib joylaridan jilmay turaverishardi. «Duo qilinglar, Xudo ham menga el qatori nevara bersin», derdi kampir suv to‘ldirilgan chelakni ko‘tarib iziga qaytayotganda. Baliqlar esa kampirning suv olishiga qo‘ymay, chelakka kirib chiqaverishadi. Kampir zo‘rg‘a ularni chelaqdan haydab chiqarardi.
Lekin bari bir bitta-yarimta baliq ilashib chiqar, kampir chelakning ostida qolgan suv bilan yana qaytarib kelib buloqqa quyardi.
Sahar namozini o‘qigach, joynomozni yig‘ishtirib qo‘yardi-da, hovli to‘rida mudrayotgan govmish bilan kattakon oq echkiga ko‘z qirini tashlab don-dun saqlanadigan pastakkina omborxona tomon yurardi. Kampirning omborxona tomonga borayotganidan xabar topgan echki umidvor bo‘lib sekin ma’rardi. Govmish biz ham bor, degandek erinibgina o‘qrayib qo‘yadi. Kampir o‘zicha ularga daf’i javob qaytarib, yo‘lida davom etadi. Uzoq paysallanib nimchasining cho‘ntagidan omborxona kalitini topadi. Shu bahonada cho‘ntagida yana nimalar borligini bilib qo‘yish uchun birma-bir yuziga yaqin keltirib, ko‘zdan kechiradi. Cho‘ntagida esa hamma narsa bo‘lardi. Bir yil burungi to‘ydan olgan parvardadan tortib, charxning dugigacha. U cho‘ntagidagi mevalarni bejizga asramaydi. Qaysi to‘y ma’rakaga bormasin, «Ilohim Xudoyim meni ham shunday kunlarga yetkazsin!» deya bir juft parvardami, yong‘okmi oladi. So‘ng, yana bir parvardani olib tishsiz milklarida aylantirib so‘ra boshlaydi. Atrofida bir-biriga gap bermay chuvillashayotgan xotin-xalajlar gapini mutlaqo eshitmayotgandek odamlarning boshi uzra tog‘orti ufqiga tikilarkan «Ilohim yetkazgan kuningga, bergan rizqingga shukur», deydi.
Ko‘rinib turgan shu tog‘ ortida, Panjakent degan tomonda kampirning yakkayu yolg‘iz qizi yashaydi. Farzand ko‘rmay turmushi buzilgandan so‘ng, o‘sha yoqqa, tog‘ ortidan kelib qishloqning molini boqib yuradigan Eshmurod ismli qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan, o‘zidan to‘rt yosh chamasi kichik yigitga tegib ketdi. Odamlar «qizing oshiq-ma’shuq bo‘lib, kochib ketdi», deya ta’na qilishdi. Kampir beg‘ubor va najottalab ko‘zlarini mo‘ltiratib, ularning gaplarini eshitar, lekin g‘ing demasdi. Xuddi hammasiga o‘zi aybdordek iyagini tizzasiga tiragancha jimgina o‘tirar, ichida sabrsizlik va alam bilan suhbatdoshining yoqimsiz gapini tugatishini kutardi. Ichida: «Xudo urganni payg‘ambar hassasi bilan turtgandek, men sho‘riqisgan yolg‘izga shu gaplarni yetkazishdan bu insonlar ne muddao topisharkin?» deya o‘ylar, o‘ylab o‘yiga yetolmasdi.
Yakinda kampirga xushxabar keltirishdi... U anchagacha tushimmi-o‘ngimmi degandek o‘tirgan joyida ag‘rayib qotib qoldi. Qizining bo‘yida bo‘lgan emish. Shundan keyin kampirning ichiga o‘t tushdi. Kechalari birdan uyqusi qochib, qizini o‘ylab ketadi. «O’g‘il bo‘lsa otini Xudoyberdi, qiz, bo‘lsa Biyfotma qo‘yaman», derdi o‘ziga-o‘zi quvonchi ichiga sig‘may. Ammo, tug‘ilajak nevarasining ota-onalari bolaga ism qo‘yishni undan so‘rashadimi, yo‘qmi, buni xayoliga ham keltirmasdi.
Qulfning kalit soladigan joyini uzoq qidirib, zo‘rg‘a ochganda ham u bir narsani — qizining tezroq bo‘shanishini o‘ylar, yuragining tub-tubidan buni Xudodan o‘tinib so‘rardi. Erta sahardan shomga qadar o‘zicha savob deb bilgan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardi.
U chit ko‘ylagining yengini to‘ldirib bug‘doy oldi-da, yana omborxona eshigini kulflab qo‘ydi. Bo‘lmasa bo‘shatib podaga haydaganda echki o‘zini omborxonaga uradi, Kampir esa halloslab unga yetolmaydi. Yetgunicha u bemalol biror kilo bug‘doyni paqqos tushirgan bo‘ladi. Qopning og‘zi bog‘loqlik bo‘lsa yirtib yeydi. Kampirning hovlida g‘imirlab yurganini ko‘rgan musichalar kukulashib atrofida girdikapalak bo‘lib aylanishadi.
Kampir peshayvon ustunining tag kursisiga o‘tirganicha musichalar bilan gaplashib, don ulasha boshlaydi.
— Sadag‘ang ketay Biyfotmaning beozor tovuqlari.
Qani endi hamma odamlar sizlarni jannatdan uchib chiqqanliklaringni bilganda edi. Odamlardan ham xafa bo‘lib bo‘lmaydi. Ularning ham tashvishi ko‘p. Dunyo shunaqa ekan. Inson qancha qorni to‘yib, biri ikki bo‘lsa shuncha sertashvish bo‘lib qolarkan. Zamonang tulki bo‘lsa tozi bo‘lib quv degandek, odamlar faqat kunining orqasidan quvadigan bo‘lib qolishdi. Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin. Odamlarga qanchalik aql kirgan sari jonivorlarning, dov-daraxtlarning tinchligi buzilyapti. Magazinlarda un ko‘payib, sizlar rizq-ro‘zilaringni terib yeydigan tegirmonni ham buzib tashlashdi. Uning hech kimga og‘irligi tushayotgani yo‘q edi-ku?
Musichalar talashib don yeyishardi. Ularga tevarak-atrofdan chumchuq, mayna va chug‘urchuqlar kelib qo‘shilishardi. Kampir hamma musichalarni tanirdi. Musichalar esa don talashib, kampirning kiyimlarini yulqilashadi. Kampir ularning xatti-harakatidan mast bo‘lib kular, bu yoqimli daqiqalarni cho‘zish uchun donni olisroqqa sochardi.
— Voy sadag‘ang ketay beozor qushlar-ey! Shu donning hammasini sizlarga beraman! Sizlarga bermay kimga beraman? — derdi kampir hovuchini to‘ldirib don socharkan.
So‘ngra u qushlar bilan astoydil xayr-xo‘shlashib, etagini qoqqancha boqqa qarab yuradi. Yong‘oqning shoxiga qistirilgan eski o‘rog‘ini olib, govmish bilan echkiga uvatlardan o‘t o‘radi, pechak yuladi. Bedadan ham o‘rib berishi mumkin, lekin u qishga mo‘ljallangan. Shuning uchun kampir uzzu-kun bedapoyani qo‘riqlab, urchuq yigirib o‘tiradi. Uning ham o‘g‘li yoki nevarasi bo‘lganda boshqalarnikidek qish uchun Taypoqsoy dalasidan to‘rt-besh qop somon keltirib berarmidi? Kampir doimo boriga kanoat va shukur qiladi. Hech qachon nolimaydi. U bari bir bir kun emas, bir kun nolalarim Xudoga yetib boradi deb o‘ylaydi. Shuning uchun ham shukur qiladi.
Yoqimli hid ankib turgan barra o‘tni govmish bilan echkiga bo‘lib solgandan so‘ng tandirxonaga qarab yurdi. Sut sog‘adigan, yog‘i sirtiga urib ketgan kadisini olib kelpi. Govmishni iydirish uchun og‘ildan buzog‘ini olib chiqib qo‘yib yubordi. Targ‘il buzoq onasini turtkilab ema ketdi. Kampir buzoqqa bir oz tikilib turdi-da, so‘ng ipini tortdi. Ichida uning ona suti emishdan mahrum etayotganiga achindi. Shunda birdan ko‘z oldiga o‘sha — tug‘ilajak nabirasi kelib ketdi. Nazarida uni ham birov onasi bag‘ridan tortib oladigandek tuyuldi. Shu o‘yda qo‘li bo‘shashib, xayoli qochdi. Ag‘rayganicha buzoqning emishiga tikilib o‘tiraverdi. Lekin shu alpozda qarab o‘tira olmasligini angladi. Hademay sut oluvchi keladi. Unga kamida bir kadi sut berish kerak. Bo‘lmasa u kampirga oz pul beradi. Hech kimga gap bermaydigan Safargul sutchi kampirning sutini hammadan arzonga oladi. Kampir buni biladi. Qo‘shnilar tushuntirishgan. Biladiyu, indamaydi. Biror nima degudek bo‘lsa Safargul og‘zidan chiqqan gapni yoqasiga tarmashtiradi. Safargul shartlashilgandek biror so‘m yoki bir necha tiyin kam bersa ham indamay olaveradi. «Bari bir, bir o‘zimga shuncha sut kerak emas. Pul bermasayam mayli. Odamlar ichib alqasa bas. Sut bergandan savob ish bormi dunyoda?» — o‘ylardi o‘zicha.
— Xudo xohlasa bu pullarni nevara to‘yiga ishlatasiz, — deydi Safargul kampirni og‘iz ochirmaslik uchun nozik joyini topib.
Aniqrog‘i kampir pul sanashni bilmaydi. Shuning uchun ham kim nima bersa olaveradi. Ikki marta Safargul bergan pulni qo‘shnisi Bahrom oqsoqolning o‘g‘liga sanatgan edi, qanchayam kam dedi. Kamini Xudo berar, shungayam tashvish chekib yuradimi? Odamlar seni kam degani, yerga urgani bilan kam bo‘lib qolmaysan, ishqilib egasi kam kilmasin, taqdiringni boshiyam oxiriyam bo‘lmas ekan. Uyasini yo‘qotgan to‘rg‘aydek havoda muallaq bo‘lib qolarkansan.
Kampir shu o‘ylar bilan govmishni sog‘ishga o‘tirdi. Kadi ko‘pirgancha to‘lib borardi. Sut kunligidan kam chiqdi. Kampirning xayoliga «endi meni Safargul koyiydi» degan fikr keldi. U yana buzoqni emishga qo‘yib yubordi. Har yili echkini sog‘in qilib oladi. U govmish bilan basma-bas sut beradi. Buzog‘i ko‘proq emgan kunlari qariyb ikkisining suti baravar keladi. Kadidan ortgan sut kampirning o‘ziga koladi. U bu sutni pishiradi. Bir kosasini sap-sariq kattakon urg‘ochi mushuk ikkalasi ichishadi. Mushuk deyarli har yili bolalaydi. Kampirning tashvishiga tashvish qo‘shiladi. Shunda mushuklarning o‘ziga bir kosadan ortiq sut ketadi. Qolgan sutni qatiq qilib xaftada bir marta kuvi pishadi. Kampirning chayir va baquvvat qo‘llari kuvini tezda yoqqa keltiradi. Sut kadidan ortmagan kuni u sutsiz qoladi. Piyolaga kallaqandni solib, non to‘g‘rab yeydi. Mushukka esa qolgan-qutgan ovqatlardan beradi. Sut mo‘ljaldagidan ozroq bo‘lsa Safargul kampirga o‘shqiradi. «Va’dalashib qo‘ygan odamlarimga nima deyman?» deydi u ko‘zlari olayib. O’sha sut kelishini kutayotgan odamlar va bolalarni o‘ylab, kampir buzoqning rizqini qiyardi. Safargul o‘zidan olgan sutni uch barobar pullashini esa xayoliga ham keltirmaydi. «Shuncha sutni eshakka ortib, rayonga olib tushishning ham o‘zi bo‘ladimi? Safargul bechoraga ham qiyin, boshida eri yo‘q», deya o‘ylardi u sut oluvchi ko‘rinmay ketgunga qadar orqasidan tikilib.
Sutni ko‘tarib olgach, yuvindisiga qorni ichiga kirib ketgan, doimo to‘ymay yuradigan Olaparga itoshi qiladi. Tokchadan bir kosacha kepak oladi-da, sal mazaliroq bo‘lsin uchun bir hovuch qora bug‘doy unidan aralashtiradi. Olapari og‘zi kuyganiga qaramay itoshini yalay ketadi. Bu paytda mushuk miyovlab kampirning atrofida girdikapalak bo‘laveradi. Uning kosasiga ham bir cho‘mich sut solib, ikki-uch to‘g‘ram qotgan non tashlaydi.
Etakdan ma’rashib qishloq podasining tog‘ tomon o‘rlayotgani eshitiladi. Kampir qo‘lini soyabon kilib, quyoshning ko‘tarilayotganini kuzatadi-da, o‘zicha podahaydar mahali bo‘lganini fahmlaydi. Irg‘ay yog‘ochdan qilingan cho‘ponlarning tayog‘iga o‘xshash hassasini qo‘liga olib govmish bilan echkini ko‘chaga haydaydi. Echki echkiligini qilib, orqaga qochmoqchi bo‘ladi. Kampir unga zug‘um qiladi.
— Tog‘u toshda maza qilib o‘tlab, o‘ynab kelmaysanmi shaytondan tarqalgan? — deydi hassa o‘qtalib.
Echki kampirga o‘qraygancha podaga qarab yuradi. «Nega kampir bechorani qiynaysan» degandek ularni kuzatib turgan govmish echki oldiga tushgach, unga ergashadi. U echkiga ergashib, o‘rganib qolgan. Kechqurun podaqaytar mahali bo‘lgach, u ma’rab echkini topib oladi-da, ortidan qishloqka qaytadi. Echki qochib, uyga qaytib kirsa kampir yetolmasligini ham biladi. Biroq, bo‘yniga arqon tushgandan so‘ng, kampir uni jazolaydi, hassasining uchi bilan bir-ikki nuqib qo‘yadi.
Qirda eshagiga ikkita sut idishi solingan xurjun ortgan Safargul ko‘rindi. U yetib kelguncha kampir sadaqayrag‘och shoxidagi kadini olib chiqdi. Gap-so‘zsiz Safargulning idishiga quydi. Biror nima dermikin degandek ko‘zlari javdirab, uning og‘ziga tikildi.
Eshagiga o‘nglanib o‘tirish uchun oyog‘ini qayta uzangiga solarkan:
— Sutingiz kundan-kun suyulib boryapti, Oybuvi momo, — dedi Safargul.
— Sigir bilan echkini tuzukroq boqmayapsiz. Yoki sutga suv-puv qo‘shyapsizmi? Bunday bo‘lsa sutingizni olmay qo‘yaman.
Kampir nima deyishini bilmay ag‘rayib turardi. Sababi: Safargulning bunday deyishi yetti uxlab tushiga kirmagan edi.
«Umrida sut sog‘magandek gapiradi-ya, sutga ham suv aralashtiradimi? Qaysi Xudodan ko‘rqmaydigan shunday qiladi?» — boshi kotib o‘ylardi kampir. «Nega u uyalmay-netmay shunday deydi? Oyog‘im go‘rga yetib qolgan bir yoshda shunday qilamanmi? Men esimni taniganimdan beri do‘zaxi ish qilganim yo‘q! Bundan buyon ham qilmayman! Men cholginamning oldiga o‘z ajalim bilan halol pokiza borishim kerak!»
Sutchi xotin allaqachon ikki kir oshib ketib kolgan edi. Kampir hamon qo‘lida kadisi bilan qaqqayganicha qotib turardi. Undan ikki qadamcha narida yalpayib yotgan Olapar lab-lunjini yalab, egasining ma’yus holatini kuzatardi. Kampirning nimadir esiga tushgandek o‘ziga kelib, shosha-pisha uyga qarab yurdi. Mushuk yeganda sachragan uvoqlarni donalab terib, oxistagina chumolilar ini og‘ziga eltib ko‘ydi. So‘ngra sadaqayrag‘och soyasidagi eski so‘riga o‘tirib nonushta qilgan bo‘ldi. Sut ichayotganida yana xayoliga tug‘ilajak nabirasi keldi. «Bo‘lganda u ham sut ichardi», deya o‘yladi xomush bo‘lib. «Nega Xudo doimo baxtni kechikib beradi?» o‘ylardi kampir termilib. «Bolaning qadriga yetmaydiganlarga besh-o‘ntalab farzand beradi. Mening qizimga esa...»
Chug‘urlashib sadaqayrag‘ochga uchib qo‘nayotgan chumchuklar dasturxondaga nonga yopishganda kampirning xayoli bo‘lindi. Yengini silkitib qushlarni uchirgan bo‘ldi. Dasturxondagi qolgan-qutgan ushoqlarni koqib og‘ziga soldi-da, nonni o‘rab yostiqning ostiga bostirib qo‘ydi. So‘ngra sadaqayrag‘ochning shoxiga qistirig‘liq urchug‘ini qo‘lga oldi.
Soya qaytishi bilan yana chap yengini bug‘doyga to‘ldirdi-da, urchug‘ini qo‘ltiqlaganicha uyning kun chiqish tomonidagi qirga chiqdi. U deyarli har kuni kunning ikkinchi yarmini shu yerda o‘tkazadi. Kampir qirga chiqishi bilan bu yerga Kattajarning kaptarlari uchib kelishadi. Kaptarlar kir ustida bir-birini turtkilab, bir-ikki aylanishgach, qo‘nishadi. Ular qirga qo‘nishi bilan kampir galaga yangi qo‘shilgan kaptarlarini kuzata boshlaydi. Ularning kun sayin ko‘payib borayotganidan o‘zicha xursand bo‘ladi. Lekin, nega xursand bo‘layotganini aniq tasavvur eta olmaydi. Kaptarlar donga to‘ymay, kampirni turtkilashaversa, u yana omborxonaga borib keladi. Bug‘doy esa oxirlab borardi. Kuyovi kela qolganda edi, bozordan biror qop bug‘doy, yoki yorma olib kelib berarmidi? Yoki birorta qo‘ni-qo‘shnidan ot-ulov so‘rasamikan? Don tugab qolsa kaptarlar qaerga boradi?
Kishloq bolalari allaqachon bu kaptarlarni bezdirishardi. Xayriyatki, Olapar bor. Kaptarlar uchib kelganda u kirga hech kimni va hech qanday hayvonni yo‘latmaydi. Shu daqiqalarda kampir bu dunyodan mutlaqo ajralib qoladi. Shunda u hamma narsani unutadi. Nazarida o‘zini ham qushga o‘xshagan allaqanday jonivorga aylanib qolganday his qiladi. Harakatlari ham g‘ayritabiiy bo‘lib qoladi.
Kaptarlar uzala tushib yotgan Olaparning ustida o‘rmalashib yurishar, juni orasidan nimalarnidir terib yegandek cho‘qishardi. U esa mudraganicha yer bilan bitta bo‘lib yotar, qushlarning cho‘qishi unga shu qadar xush yoqardiki, birpasda ko‘zi ilinardi.
Kampir yana don olib kelish uchun o‘rnidan turganida, g‘ov og‘ziga yukini o‘zi tushiradigan mashina kelib to‘xtadi. Kampir qo‘lini soyabon qilib, kelganlarni kuzatdi. Kabinadan qo‘ng‘iz mo‘ylovli haydovchi bilan Safar soqovning o‘ziga o‘xshagan tili chuchuk o‘g‘li Tursunali tushdi.
— Hormang, Oybuvi momo! — dedi u shipshigan ovozda. — Kaptarlarni boqib yotibsizmi? Damlikkina yuribsizmi?
Shukur, bolam... Bir navi. O’zlaring omonmisilar? Ota-onalaring baquvvat yurishibdimi? Ancha bo‘ldi, enangni ko‘rmadim. Qizimni kutyapman, hech daragi bo‘lmayapti...
— Vaqt ziq, momo, siz bilan gaplashadigan gap bor, — o‘g‘ri qarash qildi Tursunali.
— Nima gap? Aytaqol tezroq, bolam, — uning og‘ziga tikilib ag‘raydi kampir.
— Sizga bug‘doy kerak emasmi?
— Kerak, bolam, qani endi uni olib kelib beradigan odam?
— Mana bu mashinaning kuzovi to‘la bug‘doy. Olsangiz, arzon garovga sotamiz. Ko‘p emas, sakson so‘m bersangiz bo‘ladi, — bidillab ketdi Tursunali.
— Voy! Bir mashina bug‘doyni nima kilaman, bo‘tam! — hayron bo‘ldi kampir.
— Xudo berganiga shukur kilib olavermaysizmi? Omborxonangizga o‘n mashina bug‘doy sig‘adi. Shu bilan bir necha yil bug‘doy olmaysiz. O’zimiz tashib beramiz.
Kampir ularni alqab-alqab rozi bo‘ldi. Bug‘doyni omborxonaga tashish uchun ikkita xalta olib chiqdi. Shofyor bilan Tursunali terlab-pishib, bir zumda bug‘doyni omborxonaga tashib kiritishdi. Kampir ro‘molchaga tugib, ko‘rpaning orasiga qistirib qo‘ygan pulini olib chiqdi. Tursunali pulning yarmidan ko‘prog‘ini olgach, ular shosha-pisha mashinaga o‘tirishdi.
— Biror kishiga bu haqda og‘iz ochib yurmang, tag‘in, — tayinladi duduqlanib Tursunali ketayotganida, — bilasiz-ku, hozir odamlar oyog‘i bilan emas, og‘zi bilan yuradi.
Kampir indamay ag‘rayib turardi. Uning nega bunday deganini tushunmadi. So‘ng, ro‘molchasida qolgan pulga qaradi. «Yarmidan ko‘prog‘i sakson so‘m bo‘lsa, qolgani qancha ekan!» deya o‘ylardi u pulni qayta tugarkan. Biroq Tursunalining 150 so‘mga yaqin olganini xayoliga ham keltirmasdi. «Dunyoda qanday yaxshi odamlar bor-a? — derdi o‘ziga-o‘zi. — Xudoning o‘zi yetkazaman desa, hech gap emas ekan. Kizim bilan kuyovim bug‘doyni ko‘rib suyunishadi, - beixtiyor xayolidan o‘tkazdi kampir quvonchi ichiga sig‘may. — Kaptarlarim bilan musichalarim Xudo degan ekan». — Kampir endi musichalar va kaptarlarga ko‘proq don beradi. Ular qanchalik talashib don yeyishsa, kampir yayrab ketar, kuyib-pishib ular bilan o‘zicha so‘zlashardi.
U qirda kaptarlarga don sochib o‘tirgan edi. Urchug‘i yonida yumalab yotar, kaptarlarni qorni to‘yib, o‘zi bilan o‘ynashishni istayotgan Olapar ularning har bir xatti-harakatidan ko‘z-qo‘loq bo‘lib, cho‘nqayib o‘tirardi. Kun peshindan oqqan, mashriq tomondan salqin shabada esardi. Kampirning xayolini mashinaning bo‘g‘iq ovozi buzdi, G’ov oldiga usti yopiq kichkina mashina kelib to‘xtadi. Undan kishloq sovetida ishlaydigan Xo‘jato‘pi mahallalik Turdibek bilan shapkali odam tushdi. Kampir uni doimo shapka kiyib, qishlok bolalarini tergab yuradigan Xolbek tog‘bega deb o‘yladi. Diqqat bilan tikilgach, militsioner ekanligini payqadi. Ular o‘zaro nimalarnidir so‘zlashishdi. So‘ngra militspioner hovli tomon, Turdibek qirga qarab yurdi. Kampir yengida qolgan-qutgan bug‘doyni uymalashayotgan kaptarlarga to‘kib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Hormang, Oybuvi momo! — dedi Turdibek kampirga yaqinlasharkan. Negadir uning salom bermagani kampirning ko‘ngliga keldi. «Tursunali ham salom o‘rniga, hormang, deb kelgan edi. Bu ham he-be yo‘q shunday deb kelyapti. Odamlar salomni unutishyapti. Oxiri baxayr bo‘lsin», o‘ylardi kampir Turdibekka sinchkovlik bilan tikilarkan.
— Assalomu alaykum, bo‘tam!
— Salom, momo!
Kampir salomdan so‘ng nimadir demoqchi edi, unutib qo‘ydi. Tiliga kalima kelmay Turdibekning og‘ziga tikilib turaverdi.
— Kaptarlarga don beryapsizmi? — xijolatomuz jilmayib so‘radi Turdibek.
— Ha, bolam, shundoq ermak qilib...
Shu payt Olapar irillab o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Kampir o‘girilib qaragan edi, dumini qisib nariroq ketdi. Kaptarlar gurillagancha osmonga ko‘tarilishdi. Turdibek sochilib yotgan bug‘doyni kaftiga olib ko‘ra boshladi.
— Pastga tushaylik, momo! — dedi ovozi allaxil tovlanib, bug‘doyni siqimlagancha soylikka qarab yurarkan.
Kampir indamaygina uning orqasidan ergashdi. Militsioner hovlini aylanib yurardi. Kampir bilan sovuqqina so‘rashgach, omborxonaning eshigini ochishni buyurdi. Kampir uzoq paypaslanib, eshikni ochdi. Bug‘doyni ko‘rib ikkisi ham anchagacha jimib qolishdi.
— Bug‘doyni sizga kim olib kelib berdi? — dona-dona qilib so‘radi militsioner.
— Safar soqovning o‘g‘li bilan yana bir mo‘ylovli shopir, — dedi kampir allanima sezganday.
— Qachon olib kelishdi?
— O’tgan kuni.
— Ular bilan qachondan beri aloqa qilasiz?
— Qanaqa aloqa?
— O’zini go‘llikka solyapti, — Turdibekka qarab dedi militsioner,
Bu kishining ular bilan aloqasi yo‘q. Ular olib kelishgan, kampir sotib olgan, — dedi Turdibek to‘g‘risini aytib.
Siz ishni pachava qiladigan ko‘rinasiz, shekilli. Qaerdan bilasiz aloqasi bormi, yo‘q? — Turdibekka yovqarash qildi u.
Turdibekning dami ichiga tushib, jimib qoldi. Kampir zo‘rg‘a yutinib qo‘ydi. Yutinganda ko‘zlari yiltillab ketdi.
— Eng muhimi kalavaning uchini topdik, buyog‘i hech gap emas, — o‘zicha gapirinib, nimalarnidir yozardi militsioner. Yozuvi tugagach, kampirga ruchka berib qo‘l qo‘ydirdi.
— Ertaga ertalab rayonga, militsiyaxonaga borasiz. Bozorning shundoqqina ro‘parasida, — dedi militsioner kampirning qo‘liga to‘rt burchak shaklidagi qog‘oz tutarkan.
— Buni nima qilay, bo‘tam? — qog‘ozni ko‘rsatib so‘radi kampir.
— Bu chaqiriq qog‘ozi. Shuni olib borasiz. Agar bormay qolsangiz, o‘zingizga qiyin bo‘ladi, — ta’kidladi u.
Kampir nimadir deb, javob bermoqchi bo‘ldi. Biroq, tiliga hech qanday so‘z kelmadi. Mehmon kuzatganday ular bilan iliqqina xayrlashdi. So‘riga taklif qilgandi militsioner ko‘nmadi. Ular ketgandan so‘ng aql-hushini joyiga qo‘yib, voqeaning mag‘zini chaqa boshladi. Oxiri o‘zicha nimanidir tushundi-yu, ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi. Iztirobda butun vujudi yonardi.
Podaqaytar mahali bo‘lib qolgan edi. Kampir echki bilan sigirni ajratib kelish uchun podaning yo‘liga chiqmoqchi bo‘ldi. Lekin turolmadi. Bir amallab sudralib uyga kirdi.
...Shu kuni ilk bor govmish bilan echki boyloqsiz qoldi. Kampirning ko‘zini shamg‘alat qilib, o‘zini bedapoyaga uradigan echki ostonadan jilmadi. Yelini to‘lib ketganidan oyoqlari tarvaqaylab, bor ovozi bilan ma’radi. Shu kuni ilk bor buzoq ham onasini emolmadi. Mushuk uxlab yotgan kampir atrofida o‘rmalashardi. Govmish og‘il bilan ostona o‘rtasiga borib kelardi. Ular shu alpozda tong ottirishdi.
Ertalab baliqlar buloqda g‘ujg‘on o‘ynagancha qolaverdi. Musichalar ostonada to‘planib, nimanidir kutishardi. Echki erta-indin kampirning yettisiga so‘yilishini bilgandek, hovlini boshiga ko‘tarardi...
Sugni olib ketish uchun kelgan Safargul avval kampirni chaqirdi. Javob bo‘lmagach, eshagidan tushib, musichalar galasini uchirganicha uyga kirdi. Kirdi-yu, dodlagancha qaytib chiqdi.
Quyosh mashriqqa og‘ishi bilan beg‘ubor osmonni to‘ldirib uchib kelgan kaptarlar galasi qirga qo‘nmadi. Ular yarim tunda ham uyalariga qaytmay, qishloq ustida aylanib uchishardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.