OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurilla Chori. Lo‘litopmaslik chol (hikoya)

O’shanda nima bo‘lgan, buni yolg‘iz Egam biladi, yana Qulmat chol bilan iti biladi. Boshqalar ham bilishga biladi-ya, ammo ularning na ko‘zlari, na qulog‘i va na tili bor. Ha, aytgancha, ularning tuqqanidan tongan etagi yirtiq qizi, shalvarini ko‘tarib chopib yurgan o‘g‘li yo‘q. Podaning ortidan tayog‘ini sudrab bir chiqqanida oylab ketadigan qizg‘aldoqlik Qulmat podachi peshonasi tirishib, burishib, burni oqib mo‘yloviga tushib, soqolini ko‘z yoshlari yuvib, eshonlarning poyqadamiga shirboz-bo‘rdoqi, olabosh-qorabosh qo‘ylarni so‘yib, mullalarning etagini ko‘ziga surtib yurdi. Ayoli Zubayda folchi-yu qushnochlarga oq tovuq-qora tovuq, kulrang va chipor tovuq qilib, avliyo-yu shahidlarning mozorini bot-bot ziyorat etdi. Dugonalari aytgan «yor-yor»lar qulog‘iga elas-elas ham eshitilmay qolib, qirmizi olmayonoq yuzini so‘lg‘inlik mahv etganida taqimini o‘pgan sochiga oq oralab tirsagiga yetmay qoldi. Erining chayir qo‘llari bo‘shashib, yoshi oltmishning ostonasiga yetganida, «sho‘r» deya atalmish manglaylariga bir tirnoq bitdi. Bitishga-ku bitdi-ya, lekin u tirnoq, ha-ha-a, olti oy ichida, norasidaligida qazo qildi.
Avvaliga sherday na’ra tortdi, keyin och bo‘riday uvilladi, to‘poriligiga yarashadigan jizzakiligini yo‘qotib qo‘ydi.
Kech kuzdan erta bahorgacha choldevordan nari-beri bir ayvonning ikki qanotidagi hujrasida u bilan boyo‘g‘lilar istiqomat qilayotgandan beriyam, o‘h-ho‘, qancha mezon shamollari esib, anorlarning bag‘rini tildi. U indamas, odamovi va xayolparast bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Qulmat ismiga qapishib, shu bilan birga, tirik ekanidan nishona berib kelayotgan podachiligini qo‘ymadi. Elining podasini ayoli va o‘sha tirnoqni ko‘rgan it bilan boqib, dardlashib, oshalolini terib yurdi. 
Ko‘klamda qora quyunday bulut bostirib kelib, momoqaldiroq gumburlaganidan so‘nggi yomg‘iriga erkalik qilib borliqqa bo‘y ko‘rsatgan maysalar bo‘yi yetmay podaning madoriga aylanadi. Quyosh yerga bosh urgan pallada mollar jodrab*, qora yerni yutadiganday qirlarga o‘rlab ketadi. 
Qulmat podaning boshida, iti ortida, qo‘shni otarga qarab qirdan ena boshladi. Nonxaltasining tagi teshilganidanmi yo boyo‘g‘lixona bo‘lib qolgan choldevorga oshiqqanidanmi, kechadan beri qishloqqa ko‘zi uchadi. Tinchi yo‘qolgan. Halovatdan mosuvo, garangsib yurib, o‘zidan ancha olislab ketgan cho‘ponning yaqiniga borib to‘xtadi. It podani aylanib chopa boshlaganida yulduzlar ko‘llarga, daryolar va ariqlarga, irmoqlarga hatto buloqning ko‘ziga to‘kilib qolgan, oy bo‘lsa Qulmat podachi, podasi, iti va unga qavmdosh bo‘lmishlarga etagidan joy bergan tog‘ning boshida sochini tarardi. 
— Uv-v, Qulmatboy podachi, kelsinlar, kelsinlar! Biz tomonga qaysi shamol uchirdi? Yo‘qlardingiz-da, qishloqqa tushgandami, qishdami, a? — deya undan ikki-uch ko‘ylakni yirtishda ortda qolgan, kelbatiga qarabmi, odamlar ismiga «tuya» so‘zini qo‘shib ataydigan jinjaklilik cho‘pon qarshi oldi. 
— Hech odam bo‘lmadingiz-da.
— Sen odamman deb yurib tur qani. Bizam odam bo‘lib qolarmiz, Qulmatboy!
— Sizdanam tuzuk gap chiqadimi o‘zi?
— Chiqadi-chiqadi. Egalik qilolmasang, men nima qilay?! Hi-hi-hi… Senga hayronman, podangni boqib yuravermaysanmi, tuppa-tuzuk podachisan. Akamning yoqasini ushlashni kim qo‘yuvdi. Rahmatli armonda o‘lib ketdi. Manovining ko‘zi bo‘lsa kecha ko‘rardim, tiling tanglayingga yopishgur bid-bidlab tinmaydi. Yana bir marta aytsa, o‘lib qoladimi yo osmon uzilib yerga tushadimi, a? Uni sen ham eshitsang, ah, bir boragina eshitsang, — deb o‘z maylida kuyib kuylayotgan, almisoqdan qolgan pachoq radiosini Tashman tuya tayog‘i bilan turtdi.
— Nimani aytsin? 
— G’armistonda katta kurash bo‘libdi. Ana shuni aytsin! Ha-a, ana shuni aytsin! Shunda-a-a rahmatlini sirqindisi Shamsiddin polvon bo‘libdi. Ana muni aytsin! Shamsiddin bizga tortgan. Tog‘alariga tortganida bormi, uyam it tirsak, satang akasiga o‘xshab go‘ram bo‘lmasdi. Uning yelkalariyam menikiday-da. U xuddi o‘zim! Quyib qo‘yganday o‘zim. Ha, o‘zim u. O’zim.
— Ro‘zimurod rahmatlini ulini aytayapsizmi? 
— Bo‘lmasa kimni aytayapman? 
Qulmat podachining dami ichiga tushib nimaningdir hisobini oldi va tilga kirdi:
— Ro‘zimurodni uli, Ro‘zimurodni uli… Polvon bo‘ldimi? Unday bo‘lsa haloli bo‘lsin. Sizning bu marsinishingizda* tongam otadi. Men qishloqqa tushib kelay degandim. Shu desangiz, sizdan…
— Dardi bo‘lmasa Qulmat podachi kelmaydi degandim o‘zimam, manovi ishtoni ho‘l bolaga, — bo‘yi bo‘yidan baland yigitga ishora qilgan Tashman tuya kulib va yana o‘z so‘zida davom etdi: — Oldin bir piyola choy ich, qishloqqa tushish qochmaydi. Podangga bo‘lsa o‘zim ko‘z-quloq… 
Oy Qulmat podachining yo‘lini sochlari bilan supurmay qo‘yganida yulduzlar yerdan yiroqlab ketdi. U eshakning biqiniga niqtab, «Bo‘ribosar» deya itini yo‘qlab-yo‘qlab Qizg‘aldoqqa enib kelganida mayin shabada qishloqni allalardi. Qishlog‘i Zubaydaning xamiriga o‘xshab ko‘pchib ketganiga Qulmat podachi shu tong e’tibor qildi. Uning ko‘ziga uzoqdan choldevori ko‘rinmas, guvala-yu paxsadan qad rostlayotgan imoratlar orasidan oldin ham o‘tib borganini esladi. Ammo shu ko‘klamda podani qaerga to‘plaganini eslolmadi. Ilgari uning kulbasi oldiga qishloqdoshlarining mol-holi to‘planar, u kuzatar, qaysi biri podaga ergasholmasa qo‘shmas edi. Bu odatlarini qachon unutganini qizg‘aldoqliklar tugul endi Qulmatning o‘zi ham bilmaydi. U zavjasi va peshonasiga sig‘magan zurriyoti qaytish qilganidan beri ko‘pchib borayotgan qishloq odamlarining xizmatini qilish uchun kun ko‘rayotgan va ulardan umidvorligini birovga, hatto o‘ziga ham aytolmagan bo‘lsa-da, ko‘nglining tub-tubida qip-qizil qizg‘aldoqday ochilgan dardini tunlari boshqalarga bildirmaydi, o‘zicha tentiraydi va bir mahalga borib behol yiqiladi. Shu yiqilishda oy nurlarini Zubaydaning sochiday urib, ol omonatingni, deya zorlanadi. Ko‘zini yumgancha yulduz sanaydi. Yaktagidan qo‘llarini chiqarib, belbog‘i bilan, tishi og‘rigan bemorday jag‘ini bog‘lab, yana bir belbog‘ bilan yuzini yopadi. Oyog‘ining bosh barmoqlarini bir-birga tekkizib shardozlab, tayoqday yotadi. U shunga odatlanib qoldi. 
Egri-bugri chatishib, chigali yozilmagan ilonizi, yolg‘izoyoq yo‘llar katta yo‘llarga tutashib podachini ahli qishloq tomonidan «Qulmatning boyo‘g‘lixonasi», deya atalmish kulbasiga olib keldi. 
Qiyiq ko‘ziga choldevor emas, kampirday bukchaygan hujrasining tambalab qo‘yilgan eshigi ochiq ko‘rindi. Ochiq eshik podachining xayollarini ayoli tomon yetakladi. Uning yo‘liga qachonlardir kanda qilmay peshvoz chiqqan Zubayda hozir yana bir bor Qulmatga, ha, o‘sha og‘iroyoq kunlaridagi tabassumidan hadya etadigandek va uning kelishini kutgan, kutganda ham uzo-o-o-q kutgan tuyuldi. Qulmat esa ayolining chiqishini ich-ichidan istab juda sekin, ohista odimlay-odimlay ko‘zini yumgancha yelkasidan sirg‘alib tushib ketgan xurjuni ustiga o‘tirib qoldi. U ko‘zini ochishni, ochganda ham boshpanasiga qarashni xohlamasdi: dimog‘iga ko‘klam nafasi, olcha guli ifori urildi, yuziga olcha gullari birin-ketin to‘kila boshlaganida… Og‘irlashib qolgan qulog‘iga bir laychaning akillashi-yu, Bo‘ribosarning mag‘rur irillashiga qorishgan va shu damgacha Qulmat eshitmagan nolishli uvillagan ovoz eshitilib, xayoli jamlandi. O’zining g‘arib dunyosida ko‘z ochdi. Osmon gardsiz, tog‘dan esayotgan shabada qishloqdoshlarini uyg‘otishni istardi. Podachi itiga ko‘z qirini tashlab katta-katta ochilgan nursiz ko‘zi baqrayib turdi va ko‘zini uqalab qaradi, soqolini siypab, yaktagini ko‘tardi va ko‘ksiga «tup-tup»ladi. Yana itiga tikildi va padaringga la’nat, deya urug‘-aymog‘ini ag‘dar-to‘ntar qilib, og‘zi ko‘pirib, tupugini sachrata boshladi. 
It tishlagan etni Qizg‘aldoqning issig‘ida idrab ketgan va terdan sarg‘ayib hidlangan yaktagiga o‘rab-chirmab olishga oldi-yu, endi nima qilishni bilmay mustar qotdi. El oqsoqoli Tirkashov muallimga xabar bersinmi? Yo‘q-yo‘q, uning o‘g‘li G’armistonday katta shaharda egarga o‘tirgandan beri Tirkashov muallim quturgan. Qulmatdan boshqalarni ham qopyapti. Uni ham quruq qo‘ymay bir-ikki davrada izza qilgani bor gap. Eshonnikiga borishga bordi-ya, lekin eshoni tushmagur o‘tgan kuzda barzangi, qorindor va kalbosh raisga Qulmat nazir qilgan uloqni so‘yib, anavi zormandadan quyib, «Biz eshon bobongiz bo‘lamiz, siz muridimsiz. Rahmatli otangiz xo‘b yaxshi odam edi. Sizning kamolingizni ko‘rmay o‘tdi-da, essiz, odam degani shunday o‘tib ketarkan. Bilmay qolarkansiz. U kishi bizni tez-tez yo‘qlab kelib, o‘g‘limning martabasi ulug‘ bo‘lsin, deb duo olgich edi», deya sovxoz cho‘chqasiga egalik qilishi Qulmatga qattiq botgan. U bunday paytda gina-kuduratlarni unutish kerakligi uchun unutmadi, balki ayni damda dovdirab qolgandi. Shu boismi, oqsoqolu eshonning izmiga ko‘pam kirmaydigan va ular yurgan yo‘llarda oqsab qolmaydigan Mulla maxsumni barchadan ma’qul bildimi, unikiga qarab bo‘ri yo‘rtish qilib borgunicha harsillab qoldi. 
Maxsumning eshigiga borganida tong otgan edi. Mulla maxsum ayolining sochlari to‘zg‘ib, boshidan sirg‘algan ro‘molini nozik qo‘liga olib, «Huv, hozir-hozir! Hu-v, kim? Kim edi?» deb ovoz berib podachiga peshvoz chiqdi. 
— Kecha Turdixol momoning tili tortib ketib, bolalari «chabhachab» bo‘lib qoldi. Shunqor Mirzomning otasi ham o‘sha yerda edi. Kelganiga birpas bo‘ldi. Ozgina dam olay degandi. Nima? Ishingiz bormidi? Yo oshalolni biznikidan boshladingizmi, podachi buvasi? 
Ko‘zini yirtib ochgan xotinning tovuqday pat-patlashini Qulmat bo‘ldi:
— Mullaga ayting, bizning bo‘sag‘aga bir tirnoqni tashlab ketibdi. Uni it o‘ynabdi. 
— Ah? Nima! 
— Biznikiga borsin! 
Mulla maxsumning xotini soniga shapatilab, dodlab uyiga chopdi: «Hu, otasi, ko‘rgilik! Bu bir ko‘rgilik! Sizga aytgandim tunavgida. Yuzi qurg‘ur yangi oy yonboshla-a-gan chalqancha, deb. O’ziga tinch, elga notinch chiqdi. Anavi sho‘rnikiga, Qulmat sho‘rnikiga boring! Turing, tursangiz-chi, turing… Otasi… Bu yotishingizda ertaga Qizg‘oldoqni yer yutadi yo suv oladi. Shundayga ham Qulmat sho‘rni uyi kuyibdi. Kuyiblar ketibdi!». 
Buvatinning* dodini eshitgan borki, avval Maxsumnikiga, keyin podachinikiga chopdi. Ketmon yelkalab dalaga ketayotganlar to‘xtadi. Jomadon ko‘tarib shaharga otlangan oyoq ildi. Papka qo‘ltiqlab maktabga borayotgan muallim kirdi. Qulmat podachining tomorqasi odamga to‘ldi. Qari-qurri, yuziga ajin, sochiga oq oralagan, bir-ikki yosh-yalanglar ham qo‘shilib, binoyiday davra bo‘ldi-qoldi. Bolani mulla bilan podachi ko‘zdan kechirgan, el uning onasini, so‘ng otasini bilmoqchi. Qulmatga qolsa, uni indamay ko‘pga qo‘shib kelmoqchi. Mulla maxsum ham shu gapni ma’qullab turibdi. Tirkashov muallim bilan Eshon buva mullaning, qolaversa, Qulmat podachining gapiga kiradigan ahmoq emas. Ular o‘sha ishtoni yirtiq padarla’natini topish va Qizg‘aldoq qishlog‘idan benomuslarni quvib solmasa, o‘zini bu yerlik hisoblamaydi. Buni elning oldida aytib qo‘ygan.
Qulmat davraga umri bino bo‘lib bir marotaba — mo‘yi sabza urib qoraya boshlagan, ovozi do‘rillab qolgan pallada chiqqan. O’shanda tiramoning tuni edi. Jinjaklida bir kurash bo‘ldi, bir kurash bo‘ldi! Ro‘zimurod polvon qizg‘aldoqlikning ko‘krak kerib yuradiganidan tortib, polvonman deganigacha barini yerdan osmonga olib, osmondan yerga urdi. Qizg‘aldoqlik erman degani borki, yer bilan bir bo‘ldi. Ana shunda adashibmi-netibmi Qulmat irg‘ib maydonga chiqqandi. Davra «gurra» kuldi. Qizg‘aldoqlik polvonlarning izi shu sag‘irga qolibdi-da, deganlar ham bo‘ldi. U qanotini qizdirayotganida Tirkashov muallim, ey, (kechirasiz), Tirkashov student: «Qulmat bu ishingni yig‘ishtir», desa-da. Bakovulning o‘ngida, Ro‘zimurod polvon so‘lida, Qulmat davra aylandi. Zotiga bir momo tugun*, ikki kigiz, bir uloq aytildi. 
Bakovulning ovozi davradagi kulgini, shovqin-suronni kesdi. «Xudoyim polvonlarning beliga kuch-quvvat, topganiga fayzu barakot bersin. Ey, bizdan nima ketdi. Ketsa ham shu polvonlarga ketdi. Suyganlari mayiz ham bersin», deb yana kulgiga burib qo‘ydi. Tomoshatalablar kulib, birdan jimib maydonga tikildi. Ro‘zimurod polvon ortidan Qulmat davrani kezib kurash tusha boshladi. Ro‘zimurod o‘ynadi. Qulmat qunishdi. Polvon Qulmatga bepisand bo‘lib ikki qafas yiqitmay ezg‘ilab qo‘yib yubordi-yu, uchinchi qafasda ang qoldi. Qulmat uni na yelkadan, na qo‘shshadan, na buramadan oldi. O’ngiga siltab tortib, so‘ldan qoqma berib, yer iskamagan kuraklarini namchil somonga bosdi-qo‘ydi. Jinchakliliklar: «Boshqatdan! Bu g‘irrom, g‘irrom!», deb tinmasa-da, Ro‘zimurod polvon maydonni tark etdi. Bakovulning: «Polvon, ismingiz kimidi? Nima deysiz? A? Qulmat. Qulmuhammad deng, polvon! Qulmuhammad deng!», deya «Bugungi kurashda qizg‘aldoqlik Qulmuhammad katta polvon bo‘ldi», deb elni duoga qo‘l ochtirib kurashga yakun yasadi. 
Bu olishuv qizg‘aldoqlik tugul, jinjaklilikning, ha, aytgancha, Tashman tuyaga o‘xshagan bir-ikki Ro‘zimurod polvonning jigarlarini demasa, boshqalarning xotirasidan o‘chib ketgan. Qulmat Ro‘zimurod polvondan boshqaning yoqasidan tutmadi. Qaytib maydonga dorimadiyam. Shunday bo‘lsa-da, uning polvonligi qorong‘i tunlarda, yorug‘ kunlarda og‘izdan-og‘izga o‘tib, shohuloq pishgan, qo‘noq tushgan davrani kezib, «Qulmat o‘shanda shalvarini ho‘llab qo‘ygan, davraga chiqish oldidan zarang tayog‘ini siqqan joyi qizning sochiday taram-taram bo‘lib qolgan»ligi haqidagi mish-mish va emishlar orasida Zubayda bilan bir muchal yashaguncha ismiga polvon so‘zi ergashgani rost. 
Falakning gardishini qarang-a, hozir u sharmandalik, sharmisorlik davrasiga chiqib turibdi. Ota-onasi notayin bir parcha etga katta aza, katta mojaro. Qulmat podachi o‘z eliga yuzlanib, zor qaqshab, yalinib Mulla maxsumdan nelarnidir umid qilib, Tirkashov muallim va Eshon buva boshchi el bilan kurashdi. «Ko‘pga qo‘shmoqdan boshqa da’vo yo‘q», deb muddaosini aytsa-da, Tirkashov muallim: «Ko‘pga qo‘shish qochmaydi. Sen oldin uni qanday topganingni ayt, el bilsin», deb qistovga oldi. Qulmat podachi gunohkor. Qulmat podachi aybdor. Aytar so‘zini topolmay, axiyri, it o‘ynab yurganini, bolaning er ekani va nihoyat, uning sunnat qilar joyini it yeb qo‘yganini aytishga majbur bo‘ldi. Olomon baribir uni va o‘sha joyini ko‘rmoqchi, Tirkashov muallim va Eshon buva bilan ko‘rsa, ota-onasi topiladigandek, o‘sha joyi bitadigandek, Qulmat podachi Qulmat yolg‘onchiga, Qulmat qasamxo‘rga aylanib qoladigandek bo‘ldi. 
Ular ko‘rishdi. Undan o‘zini olib qochgan ko‘paydi. Eshon buva Bo‘ribosarga hukm aytdi. Olomon uning ijrosini talab qildi. It osildi. Ammo u osonlikcha jon bermagach, Tirkashov muallimning turtkisi bilan bir bo‘zbola itning bo‘g‘ziga dami o‘tkir pichoq tortdi. Bo‘zbolaning betiga qon sachradi. Qulmat podachining yuzini ko‘z yoshlari yuvdi. 
Olomon go‘yo shu tomoshaga yig‘ilgan va muddaosiga yetgandek tarqab ketdi. Ular orasida Eshon buvayam g‘oyib bo‘ldi. Tirkashovni oqsoqollik yuki ushlab qoldimi, uni Mulla maxsum ham, Qulmat podachi ham bilmaydi. Yana bir-ikki kishi bilan quyosh qiblaga oqqanida bolamozordan bir o‘ra kavlab, podachining boyo‘g‘lixonasidan chiqarishdi. 
Mullaning yurish-turishi otameros. Saharda azada, ertasiga fotihada, so‘ngiga xudoyida qiroat bilan tilovot qiladi. Azadorlarning yelkasiga bosh qo‘yib, «Ko‘p kuyunmang! U berganini oldi-da», deydi-qo‘yadi. Achinish, kuyunish unga begona. Negadir bugun uning rangi qorayib labi yorilibdi. Qulmatni-ku o‘z dardi, qizg‘aldoqning issig‘i yeb qo‘ygan. Tirkashov muallim asosiga suyangan. Ikki-uch kishiga «uy» kavlaganlar ham qo‘shilib, saf kengayib mozordan jim qaytishyapti. Podachi chuqur «uh» tortdi. Muallim jimlikni: «Qulmat, ichikma. El oldida aytganmiz, qachon bo‘lsayam Eshon buva bilan u benomuslarni topamiz. Qizg‘aldoqda qo‘ymaymiz», deb buzdi. Qulmatning kirtaygan ko‘zlari go‘ristonga qadaldi. Qip-qizil qizg‘aldoqlar ochilib yotgan qabrlar orasidan mitti mozorni topdi. «Eh, seni shu ko‘yga solganning nasli kuysin!» deganini bilmay qoldi. Bu negadir Tirkashov oqsoqolning qitig‘iga tegib ketdi. 
— Qulmat, elga bunday deyishga haqqing yo‘q!
— Elni demadim.
— Hozir u kimdan, bilmaymiz-ku?
— Bilmasak, indamang.
— Elga sening boyo‘g‘lixonang yetmaydimi-a?
Kesakdan olov chiqqaniday mo‘ndi cho‘qqa aylandi. Tishsiz og‘zidagi tupukni Tirkashovga tortiq qildi. Izidan yorilib yotgan barmoqlari yetmay bo‘yniga aso tegib to‘ntarildi. Yuz-ko‘zi demay boshiga, ko‘kragiga tepkilayotgan Tirkashovni Mulla maxsum tortdi. «Ey, Buxor aldarko‘sani bolasi, sen shu tirimurdaga ega chiqib qoldingmi hali! Buning-ku o‘lib qutulmasa qutulmaydi. Sen bilanam ko‘raman. Saharga qo‘ymay bu yaloqxo‘rni boyo‘g‘lixonasiga qo‘shib o‘t qo‘yaman. Sening boshinga itning kunini solaman. O’zi, kuni bilan ko‘zingni ola qilganing ortiqcha...», deya tinmadi. 
Tirkashov muallimdan o‘tolmay mozorga borib kelayotganlar: «Domla, odam tengi bilan janjal qiladi-da endi. Siz u yaloqxo‘rni so‘kkaningiz hayf. Aldarko‘sani bolasiyam bir go‘r. Qulsan, qobilsan, asli naslingga tortasan, degan-ku. Shu aldarko‘saga tortibdi-da endi. Qo‘ying, …vich eshitsa xafa bo‘ladi-ya», deb ovutgan bo‘ldi. U bo‘lsa to uygacha mulla bilan podachining ta’rifini keltirib bordi. 
Podachining og‘zi-burnidan oqqan och qizg‘ish qon Mullaning yaktaginiyam bo‘yadi. Qulmatni qo‘ltiqlab «boyo‘g‘lixona»ga olib borib bir kaft suv topmay ariqqa yuvintirdi va Shunqor Mirzodan osh-ovqat berib yuborishini aytib, Mulla maxsum jo‘nab ketdi.
Tuni bilan Qulmat podachining uyqusi qochib uzoq xayollarga cho‘mib, shiftga tikilgancha yotdi. Sas-sado yo‘q. Hatto boyo‘g‘liyam jim. Yota-yota kulbasini sag‘anaga o‘xshatdi. O’zini unda yotgan hisobladi. «Nahot men o‘lgan, sag‘anada yotgan bo‘lsam-a? O’ligimga kim egalik qiladi-a?!» O’limdan ilk bora qo‘rqqanidan otilib tashqariga chiqdi-yu qo‘liga kesak olib kulbasiga do‘q qildi, otolmadi. Ich-ichidan kelgan alam qaytadan tislantirdi. Ostonada otasini ko‘rib boladay chopdi. Otasi bag‘riga o‘zini otdi. Quchdi. Sarob ekan. Peshonasini ostonaga urib o‘kirib yubordi. «Ey xudo! Menga nega rizq beruvding!? Sarson qilaman devmiding!? Ahmoq qilaman devmiding!? Yo, Tangri, ayt, mendan nima o‘tgan, ayt!? Sag‘ir qilding, ko‘ndim! Kuttirding, chidadim! Otam sig‘magan dunyoga, onam sig‘magan dunyoga, bolam sig‘sa bo‘lmasmidi, aytsang-chi, ayt!? Seningam tiling bor, ayt!? Birovning molini oldimmi yo jonini oldimmi, uyini buzdimmi, ayt qani, ayt!? Yo berganingni men notavon bilmadimmi, ayt!? Berganing sag‘irlikmidi yo bir gulni qo‘limda so‘ldirganingmidi!? O’zi sen to‘g‘ri bilan egrini farqlay olasanmi, ayt!? Haromni urchitsang, halolni to‘ssang, sening adolating shumi!? Menga yana nimani atab turibsan, ayt, aytsang-chi!? Esimni tanibmanki ezasan, ezg‘ilaysan, to‘ymaysan, ayt, o‘zi qachon qo‘yasan!?» Qulmat ta’na qilib, zorlanib toldi, hoviridan tushdi. Endi u horg‘in ovozda g‘udranardi: «Ey, Tangrim mendan o‘tgandir. Mendan bo‘lmasa ajdodimdan o‘tgandir. Mayli, nima bergan bo‘lsang bariga, qayg‘ungayam, quvonchingayam shukur! Ammo men sening luqmasi harom, hirsiga qul bandalaringdan nafratlanaman. Nafratlansam nima qilay, o‘zing ayt!?» Qulmat yana tomog‘iga zo‘r berib baqira ketdi: «Nafratlanaman, nafratlanaman! Nafratlanaman! …». O’z yoqasidan olib, yer mushtlab yotganini, yaktagini yirtib tashlaganini anglab, indamay osmonga tikilib qoldi. 
Yulduzlar o‘sha-o‘sha. Somon yo‘li burungidek. Eshak hangrashiyu xo‘rozning qichqirishida ham hech bir nuqson yo‘q. U tong otarni kutmay yelkasiga to‘nini tashlab Qizg‘aldoqni tark etdi. Qishloqdan chiqayotganida uzun vagonlarini sudragan, beliga Kimko‘rgan — G’armiston yozuvli poezd shitob bilan kelib «taqa-taq» qilib Qizg‘aldoqqa bir to‘xtab o‘tib ketdi. Uning xayolida yigitlik davri, xuddi shunday bir tun jonlandi. O’shanda xuddi shu poezddan bir bolani ergashtirgan ko‘kko‘z xotin tushib qolgan va Tirkashovning uyini so‘ragandi. Ha, u bola hozir G’armistonday katta shahardagi kimsan …vich, ahli Qizg‘aldoq u bilan faxrlanadi. Birovi to‘g‘ri yo‘ldan ozsa, uni yo‘qlab boradi. Birovi maqsadga yetaman, deb egri yo‘l izlab boradi. U shunday katta odam bo‘lgan. Qizg‘aldoqqa yurib kelib Qizg‘aldoqdan chiqqan va qizg‘aldoqlikman deganiga soya berayotgan …vich! 
Qulmat ko‘p yo‘l yurmay podachiligi esiga tushib tayog‘ini izladi. Tashman tuyaning oldiga boraman deb, bir qadam olsa ikkinchisini Tirkashov muallimdan qochib qo‘yadi, uchinchisini o‘z o‘tmishidan qutulaman deya tashlaydi. U shu ketgancha Jinjakliga, undan Chaman guzarga, undan Nayzabuloqqa va Nayzabuloqning suvi to‘kilib turgan daryoni yoqalab yana ko‘p yurib Polvonariqning boshiga kelib qolgan.
Polvonariq bo‘lsa, huv, anavi qishloqqa saharda bir to‘yga yetkazgan. U o‘sha tongdan beri to‘y-ma’rakalarda samovar yoqib choy qaynatadi. To‘ydan qaytishida bolalar «samovarchi chol», deb ortidan ergashib chopadi. Biri tosh otadi. Boshqasi tosh otganga do‘q qiladi. Yana biri qo‘shiq aytishini so‘raydi. Uning bisotida bor-yo‘g‘i takror-takror aytadigan bitta qo‘shig‘i bolalarni angraytirib qo‘yadi.

Echkim tug‘di, suti yo‘q.
Qumarasini* quti yo‘q.


Ovozi eshitilmay, o‘ziyam kichrayib-kichrayib, bora-bora bir nuqtaga aylanib, yolg‘iz oyoq yo‘lga singib ketadi.
Qaerda yotadi, kim bilan istiqomat qiladi, bunisi qorong‘u. Qaerliksiz, deb so‘raganlarga chol shunday degan: «Yer kurrasining qoq kindigidan kun chiqarga ters tarapdagi Lo‘litoppasdan». To‘ydan olgan qo‘nig‘ini qo‘ltig‘iga qisib, goh toshlar orasida qolib, goh qo‘shiq aytib yana-yana o‘z yo‘liga singaveradi. Kechalari uzoq-uzoqlardan bir sibizg‘aning tovushi kelsa hamma «bu o‘sha — samovarchi chol», deyishadi. Uning har zamonda sakrab, qo‘lini baland-baland cho‘zib raqsga tushish odati borliginiyam, qishloq etagidagi ko‘l balchig‘iga ag‘anab, shalvarini bayroq qilib chopib yurishiniyam ko‘rganlar bor. Uni birov Qulmat desa, boshqa birov Qulmuhammad deydi. U haqidagi gap-so‘zlar juda urchiganidan qay biri rost, qaysi yolg‘onligini ham bilmaysiz. 

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 1-sonidan olindi.


____________
* Jodrab — yayrab 
* Marsinish — maqtanish
* Buvatin — Mullaning xotiniga shunday nisbat beriladi. 
* Momo tugun — Yoshi ulug‘ momolar to‘ylarda kurash yoki ko‘pkariga sovrin uchun maxsus tugun tayyorlaydi. Uning ichiga joynamoz, belbog‘, mahsi yoki shirinlik solib yaxshi niyat bilan tugib qo‘yiladi.
* Qumarasi — bolasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.