OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurislom To‘xliyev. Duo (badia)

Mening bir ajoyib do‘stim bor. O‘zi olim kishi, fan doktori, professor. Kamtarning kamtari, halol-pokiza, birovning haqidan qo‘rqadigan, yangilikka va yaxshilikka intilib yashaydigan inson. Obro‘li lavozimlarda ishladi, hammasidan yaxshi nom, izzat-ikrom bilan ketdi. Hozir ham elning koriga yarab yuribdi. Yaxshi-yaxshi kitoblar nashr qilib, elning duosini oldi.
Farzandlarini yaxshi tarbiyaladi, o‘qimishli qildi. Ikkitasi tibbiyot fanlari nomzodi, qo‘li gul shifokorlar. Do‘stim to‘y qiladimi, iftorlikmi mo‘‘jazgina hovliga odam sig‘maydi. Dasturxonni oshirib-toshirib yubormasa ham did bilan chin ko‘ngildan yasatadi. Uning hech qachon birovning orqasidan gapirganini, yoxud birovdan noliganini eshitmaganman. Davrada hatto noloyiq odam yoki birovning noshud ishi haq, deb jilmayib qo‘yadi. Shu bilan mavzuga nuqta qo‘yiladi. Tez-tez takrorlaydigan kalimasi shoir Andrey Dementevning: «Do‘st nafaqat kulfatda, ko‘proq, muvaffaqiyatda bilinur!» degan satrlari.
To‘g‘ri-da, do‘stning boshiga ish tushganda hamma chopib kelishi mumkin, uning muvaffaqiyatini esa hamma ham baham ko‘rolmaydi. Inson inson-da. Do‘stimdagi bu noyob fazilatlar sirining tubiga yetolmay yurardim. Bir kuni do‘stona suhbatlarimiz chog‘i tasodifan sirning uchi ko‘ringanday bo‘ldi. «Volidamning ajoyib xislatlari bor edi. U kishi har doim dasturxon ustida «Allohim! Jumlai mo‘minlarga bergin, ularning qatorida mening farzandlarimga ham bergin» deb duo qilardi», deb qoldi. Qanday chiroyli va ibratli duo. Hammasi meniki bo‘lsin, narigi yoqda giyoh unmasa ham mayli, degan xudbin fikrlar tomir otayotgan pallada «Avvalo barcha mo‘minlarga, keyin, qolaversa mening farzandlarimga ham bergin», deb Allohdan so‘rash naqadar oliyjanoblik. Bulat Okudjavaning «Ibodat» qo‘shig‘idagi «Sen barchaga ozginadan bo‘lsa-da bergin-u, men haqimda ham unutma» misralari kuylanganda butun zal oyoqqa qalqib, odamlarning unsiz yig‘laganini ko‘p marta eshitganman. Ha, sabr-toqat, bag‘rikenglik, shukronalik ilohiy narsa, ular xolisdan keladi, odamdan odamga o‘tishi qiyin.

* * *

Yosh kelinchak erini frontga kuzatganda o‘g‘li qo‘lida chaqaloq edi. Yosh askar urushdan qaytmadi. Volga bo‘yida bo‘lgan qonli janglardan birida halok bo‘ldi. Undan qora xat oldi. Lekin juvon bunga ishonmadi. Urushda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Balki yanglish, anglashmovchilikdir. Erta-indin darvozadan kirib kelsa ajab emas. Mayli, nogiron holda qaytsa ham...
Kelinchak kutadi, kutaveradi. Eshik tiq etsa yuragi hapriqib, kalishni oyoqqa ilishni ham unutib yuguradi. Lekin askardan darak bo‘lmadi. Ko‘plar qatori urush balosi uni ham yutib yuborgani haqiqat edi... Lekin kelinchak bunga ishonishni xohlamadi. Butun mehrini yolg‘iz o‘g‘liga berdi. Oq yuvib, oq taradi. Boshqalardan kam bo‘lmasin, deb kunu tun mehnat qildi. Kunduzi fabrikada, uzun kechalari quroq qurab, ko‘rpa-yostiq tikib bozorga chiqardi. O‘zi yemadi, o‘g‘liga halol luqma yedirdi, o‘zi kiymadi, o‘g‘lini kiyintirdi. O‘g‘li institutni tamomlab, diplom olib kelganida sevinch yoshlarini yashirolmadi. Fan nomzodi, keyinchalik fan doktorlik -dissertatsiyalarini himoya qilganida terisiga sig‘may quvondi, birin-ketin kelinlar tushirib, nevara-chevaralari tug‘ilganida o‘zini qo‘yarga joy topmadi.
Lekin baribir ko‘zi to‘rt bo‘lib, eriga ilhaq yashadi. To‘qson yoshlardan oshib boshi yostiqqa yetganda, o‘g‘li va mahalla masjidi imomini chorlab, «O‘g‘illarim, shuncha yil jufti halolimni kutdim. Endi uni ko‘rishdan umidimni uzdim. Diydor chin dunyoga qolganga o‘xshaydi. Ko‘zim yumilgach, menga qo‘shib erimga ham janoza o‘qitinglar. Shariatda qanday bilmadim, lekin shunday bo‘lsa, noo‘rin bo‘lmas», dedi zo‘r-bazo‘r ayol. Sahar chog‘i u omonatini topshirdi. Janozaga tumonat odam yig‘ildi. Tobut qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Qabristondan xomush qaytayotgan bir to‘p mahalladoshlardan biri: «Xudo rahmat qilgur, mahallaning fayzi, jannati ayol edi-ya», dedi. Boshqalar bosh irg‘ashdi. Ha, inson o‘z hayoti chog‘ida va undan keyin ham turli maqtovu olqishlar oladi va e’tirofga sazovor bo‘ladi. Bunisi endi eng samimiysi va eng oliysi edi. Bunday e’tirofga sazovor bo‘lolmaganlar qanchadan qancha.

* * *

Ana shunday! Shu topda men: «Ko‘pga bergin, Xudoyim, ko‘p qatorida menga ham, mening bolalarimga ham bergin», deya olgan onadan to‘ragan o‘g‘ilning hayotdagi kishi bilmas halovat va xotirjamligi sirini anglaganday edim. Shunday onalar bor ekan dunyo turaveradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 50-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.